Oʻzbekiston Respublikasi Sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi “Sanoatkontexnazorat” boshligʻining
buyrugʻi
QORA VA RANGLI METALLARNING ChIQINDI VA QOLDIQLARINI QAYTA ERITIShGA TAYYoRLAShDA XAVFSIZLIK QOIDALARINI TASDIQLASh TOʻGʻRISIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda texnik hujjat deb topilgan. 2010-yil 23-mart, 6-24/12-2218/6-son]
Oʻzbekiston Respublikasining “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 39-son, 386-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 10-iyuldagi 323-son “Sanoatda konchilikda, va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 2004-y., 7-son, 64-modda) qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Qora va rangli metallarning chiqindi va qoldiqlarini qayta eritishga tayyorlashda xavfsizlik Qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilib, normativ texnik hujjat sifatida eʼtirof etilgan kundan boshlab kuchga kiritilsin va koʻpaytirilsin.
Inspeksiya boshligʻi I. XOLMATOV
Toshkent sh.,
2010-yil 26-fevral,
86-son
“SANOATKONTEXNAZORAT” davlat inspeksiyasi boshligʻining 2010-yil 26-fevraldagi 86-sonli buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
QORA VA RANGLI METALLARNING ChIQINDI VA QOLDIQLARINI QAYTA ERITIShGA TAYYoRLAShDA XAVFSIZLIK
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-yil, 39-son, 386-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 10-iyuldagi 323-son “Sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 2004-yil, 7-son, 64-modda) qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan boʻlib, qora va rangli metallarning chiqindi va qoldiqlarini qayta ishlashga oid texnologik jarayonlarni olib borish va texnik qurilmalardan foydalanishda sanoat xavfsizligi talablarini belgilaydi.
І-BOB. UMUMIY QOIDALAR
1. Mazkur Qora va rangli metallarning chiqindi va qoldiqlarini qayta eritishga tayyorlashda xavfsizlik qoidalari (keyingi oʻrinlarda — Qoidalar deb yuritiladi) tashkiliy-huquqiy hamda mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, qora va rangli metallar, temirboʻlaklari, chiqindilarini yigʻish, tayyorlash va qayta ishlash bilan shugʻullanuvchi barcha ishlab chiqarish hamda tashkilotlarning obyektlariga taalluqlidir.
2. Qora va rangli metallar, temirboʻlaklari va chiqindilarini yigʻish, tayyorlash va qayta ishlash korxonalarini loyihalash, qurish, rekonstruksiya qilish va ulardan foydalanish mazkur Qoidalar, “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi tomonidan tasdiqlangan “Metallurgiya ishlab chiqarishlari uchun umumiy xavfsizlik qoidalari” (“Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi boshligʻining 2009-yil 1-maydagi 85-sonli buyrugʻi bilan tasdiqlangan), sanoat xavfsizligiga doir boshqa meʼyoriy-texnik hujjatlar, shuningdek amaldagi qurilish meʼyorlari va qoidalari (QMQ) va oʻrnatilgan tartibda tasdiqlangan texnologik loyihalash normalari talablariga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
3. Texnik qurilmalardan foydalanish, texnologik jarayon va ishlarni olib borish belgilangan tartibda ishlab chiqilgan va tasdiqlangan tegishli yoʻriqnomalarga binoan amalga oshirilishi kerak.
II-BOB. QORA VA RANGLI METALLARNING TEMIR-TERSAK VA ChIQINDILARINI QAYTA IShLASh
1-§. Texnik qurilmalarga qoʻyiladigan umumiy talablar
4. Qora va rangli metallarning temir-tersak va chiqindilarini qayta ishlash texnik qurilmalari (texnologik uskuna, agregatlar, mashina va mexanizmlar, texnik tizim va komplekslar, asbob va apparatlar hamda boshqalar) “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi tomonidan tasdiqlangan “Metallurgiya ishlab chiqarishlari uchun umumiy xavfsizlik qoidalari”, tegishli uskunalarni tuzilishi va bexatar ishlatish qoidalari hamda GOST SSBT 12.2.003-91 “Ishlab chiqarish uskunasi. Umumiy xavfsizlik talablari”, GOST SSBT 12.2.049-80 “Ishlab chiqarish uskunasi. Umumiy ergonomik talablar”, GOST SSBT 12.2.055-81 “Qora va rangli metallarning temir-tersak va chiqindilarini qayta ishlash uchun uskunalar. Xavfsizlik talablari” va boshqa davlat standartlari hamda ushbu Qoidalar talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
5. Metallarni erituvchi texnik qurilmalar (vagranka-pechlari, elektr-yoyli, induksion pechlar va boshqalar)dan foydalanish poʻlat eritish va quymachilik ishlab chiqarishlariga doir sanoat xavfsizligi talablarini hisobga olib, belgilangan tartibda ishlab chiqilgan va tasdiqlangan texnologik yoʻriqnomaga asosan amalga oshirilishi kerak.
2-§. Saralash, joylash va taxlashga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
6. Tayyorlanishga keltirilgan ikkilamchi metall (qora va rangli temir-tersak va chiqindilari) maxsus ajratilgan maydonchalarga taxlanishi kerak.
7. Uyum, taxlamlardagi temir-tersaklarni boʻlaklarga ajratish uyumning eng yuqori qismidan boshlanishi zarur. Temir-tersaklarning ayrim boʻlaklarini uyumning ostki qismidan sugʻurib olishga yoʻl qoʻyilmaydi.
8. Boʻlaklanadigan metall qoliplarni shtabelga ustma-ust bogʻlanish tarzida taxlash zarur. Metall qoliplarni ustma-ust uch qatordan balandroq qilib taxlashga ruxsat etilmaydi.
9. Taxlanayotgan metall temir-tersaklarining eng yuqori balandligi yuk koʻtarish kranidagi yuk tutish organining yuqorigi holatidan 2,0 metr past boʻlishi kerak.
10. Temir-tersaklarni ortish-tushirish ishlari doimiy ravishda bajariladigan joylarda sathi vagon yoki avtomashinalarning ish maydonchasi bilan bir xil darajada boʻlgan maxsus estakada (yuk tushirish rampasi, maydoncha)lar qurilgan boʻlishi lozim.
11. Metall temir-tersaklarining har bir partiyasi qora va rangli metall temir-tersaklarining umumiy texnik shartlari talablariga javob berishini tasdiqlovchi hujjatlarga ega boʻlishi kerak.
12. Temir-tersaklarni paketlash (briketlash) jarayonida ularga nometall buyumlar, shuningdek ichida yogʻ, suv yoki muz boʻlgan yopiq buyum (idish, quvur va boshqa)lar qoʻshilib ketmasligi zarur.
3-§. Portlash xavfsizligini nazorat qilish
13. Har bir korxonada qora va rangli metall temir-tersaklarining portlash xavfsizligi nazorat qilinishi lozim.
14. Qayta ishlash (tekshirish, saralash, parchalarga boʻlish, temir-tersakni qayta ishlovchi qurilmalarga, mulda va pechlarga yuklash va hokazo) yoki joʻnatish (qayta yuklash) uchun korxonaga kelgan har bir temir-tersak partiyasi GOST 2787-75 “Ikkilamchi qora metallar” talablariga muvofiq portlash xavfsizligi tekshiruvidan oʻtkazilishi va ushbu temir-tersak partiyasining portlash xavfsizligini tasdiqlovchi hujjatga ega boʻlishi lozim.
15. Konverter pechlari (yoki boshqa maxsus eritish agregatlari) uchun tayyorlangan qora metall temir-tersaklari partiyasining portlash xavfsizligi hujjatlarida yetkazib beruvchi “Konverterda foydalanish uchun” deb qayd etishi kerak.
16. Temir-tersak, shu jumladan, zararsizlantirilgan buyumlar, quyidagi talablarga javob berishi zarur:
a) artilleriya va oʻq otuv qurollari gilzalari otilmagan kapsula va portlovchi modda qoldiqlaridan tozalangan boʻlishi;
b) harbiy, samolyot va raketa temir-tersaklari portlovchi modda, moy va suyuqlikdan tozalangan boʻlishi;
v) artilleriya va oʻq otuv qurollari stvollari ularni qaytadan harbiy maqsadda ishlatmaslik uchun yaroqsiz holatga (deformatsiyalangan yoki koʻndalangiga oʻyiq teshiklar boʻlishi) keltirilishi;
g) barcha turdagi sigʻimlar va yopiq buyumlar ularning ichki yuzasini (ballonlarning boʻgʻzi ochiq boʻlishi) bemalol tekshiriladigan holatga keltirilishi va moy, suyuqlik, sochiluvchan moddalar (qish paytida qor va muzlar)dan holi boʻlishi;
d) kislota va boshqa xavfli moddalar saqlangan idishlar zararsizlantirilgan boʻlishi;
e) portlatilib maydalangan metall parchalari va qoldiqlari portlash xavfsizligi nazoratidan oʻtkazilishi kerak.
17. Keltirilgan temir-tersak partiyasida portlash xavfi boʻlgan buyumlar topilgan taqdirda belgilangan tartibga asosan ishlab chiqilgan va tasdiqlangan yoʻriqnomada koʻzda tutilgan chora-tadbirlar koʻrilishi zarur.
18. Harbiy, samolyot va raketa texnikasining temir-tersaklarini boʻlaklarga ajratish, shuningdek portlash xavfi boʻlgan buyumlarni zararsizlantirish xavfi yuqori boʻlgan ishlar sirasiga kiradi va maxsus ajratilgan, boshqa temir-tersak turlaridan alohida joyda bajariladi.
Bunday temir-tersak paketlari partiya-partiya qilinib alohida saqlanishi va tashilishi lozim.
4-§. Tarkibida xavfli moddalar boʻlgan metall temir-tersaklarini qayta ishlashda xavfsizlik nazorati
19. Ikkilamchi metallarning har bir partiyasini qabul qilish paytida uni radioaktiv tekshiruvdan oʻtkazish lozim.
Ishlab chiqarish jarayonida radioaktiv moddalar qoʻllaniladigan korxonalardan keltirilayotgan ikkilamchi metallarning partiyasi dezaktivatsiya qilinganligi haqidagi hujjatga ega boʻlishi kerak.
20. Tarkibida simob boʻlgan chiqindilarda brizantlik yoki radioaktiv xossalarga ega moddalar boʻlmasligi zarur.
21. Magniy, titan va ularning qotishmalaridan chiqqan qirindilar saqlanadigan joylarda payvandlash hamda boshqa olovli ishlarni bajarish man etiladi.
22. Xavfli moddalarni qayta ishlash, zararsizlantirish va yoʻq qilish oʻrnatilgan tartibda ishlab chiqilgan va tasdiqlangan texnologik yoʻriqnomaga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
5-§. Metall temir-tersaklarni gaz bilan kesish
23. Temir-tersaklarni gaz bilan kesish ishlari oʻrnatilgan tartibda ishlab chiqilgan va tasdiqlangan texnologik yoʻriqnomaga muvofiq bajarilishi kerak.
24. Temir-tersaklarni gaz bilan kesish ishlari olib boriladigan maydonchalar yuk koʻtarish vositalari bilan jihozlangan boʻlishi zarur.
25. Balandligi 1,5 metrdan ortiq boʻlgan yirik buyum va konstruksiyalarni kesish paytida qirqilgan boʻlaklarning qulab tushmasligi uchun chora-tadbirlar koʻrilgan boʻlishi lozim.
26. Shtabelda turgan temir-tersaklarni kesish man etiladi. Ularni ish maydonchasida tekis yerda kesish kerak.
27. Ichi boʻsh sigʻim va buyumlarni kesish paytida ularning tuynuk va qopqoqlari ochilgan, tiqinlari olingan, yopiq boʻshliqlari esa ochilgan boʻlishi zarur.
6-§. Yirik gabaritli temir-tersakni gaz bilan kesib parchalarga boʻlish
28. Kema, kater va boshqa suzish vositalarini qismlarga boʻlish xavfi yuqori boʻlgan ishlar toifasiga kiradi va ularni bajarish uchun ishlarni tashkil etish loyihasi (ITEL) ishlab chiqilib, naryad-ruxsatnoma asosida amalga oshirilishi lozim.
29. Parchalarga boʻlinishi lozim boʻlgan kemaning portlash xavfsizligi va radioaktiv xavfsizligini tasdiqlovchi hujjatlar temir-tersakni topshiruvchi tomonidan taqdim etilishi kerak.
30. Kemadagi tank (sigʻim)lar, tryum va quvurlar yonilgʻi va surkov moylardan tozalangan hamda bugʻ bilan yuvilgan boʻlishi zarur.
31. Gaz bilan kesish turi, gaz taʼminotining usuli, gaz ballonlari joylashtirilgan post va konteyner (shkaf)larni oʻrnatish joylari ITELda koʻrsatiladi.
32. Gaz ballonli konteynerlar qirgʻoqqa yoki kemaning yuqori palubasiga, uchqun sachrab tushmaydigan hududga joylashtiriladi va puxtalik bilan mahkamlanadi.
33. Gaz ballonli konteynerlar oʻrnatilgan joylarni ballon va reduktorlar bilan muomala qilishga oʻqitilgan navbatchi xodimlar nazorat qilishi kerak.
34. Gaz tarqatib berish tarmogʻining uzunligi 40 m dan koʻp boʻlmagan yeng (shlang)lardan foydalanishni koʻzda tutishi lozim.
35. Gazalangali ishlarni boshlashdan avval kema xonalarida uchqun sachrab tekkanda alangalanadigan yonuvchan gaz, modda va materiallar mavjud emasligiga ishonch hosil qilish va ish davomida havo muhitining holatini tekshirib turish darkor.
7-§. Temir-tersaklarni qaychilarda kesish
36. Gidravlik qaychilar GOST SSBT 12.2.118-06 “Qaychilar. Xavfsizlik talablari”ga javob berishi va ularning konstruksiyasi gidroyuritma tizimida bosim pasayib ketgan vaqtda kesish mexanizmining oʻz ogʻirligi taʼsirida bexosdan tushib ketish imkonini istisno qilishi kerak.
37. Qaychilar operatorining ish oʻrni (qaychilarning boshqaruv pulti)da metallning kesishga ruxsat etilgan eng katta kesim oʻlchamlari koʻrsatilgan jadval boʻlishi lozim.
38. Kesish paytida qirqilayotgan metall boʻlaklari tirgakka mahkam qilib qisilgan boʻlishi kerak. Qirqilayotgan metallning oxirgi boʻlagi kamida 500 mm uzunlikda boʻlishi zarur.
39. Alligator qaychilarining tayanchdan yuqorida joylashgan jagʻlari qirqilayotgan metall parchalari uchib chiqishiga yoʻl qoʻymaydigan toʻsiq bilan muhofazalanishi kerak.
40. Alligator qaychilarida ishlaydigan qirquvchi-operatorning ish oʻrnidagi pol qattiq qoplamali, dielektrik toʻshamaga ega boʻlishi va toza tutilishi zarur.
41. Qirqilgan metallarni yigʻishtirib olish qaychilar ishi toʻxtagan vaqtda bajarilishi lozim.
42. Havol buyum (quvur, silindr va hokazo)larning ichida begona narsa va moddalar boʻlmasligi kerak.
Gidravlik qaychilarda miltiq, pulemyot va zambaraklarning stvollarini, alligator qaychilarda esa — temir-tersaklarning boltga mahkamlangan va parchalangan birikmalari boʻylab kesishga yoʻl qoʻyilmaydi.
43. Alligator qaychilarini ishga tushirish tugmalari bevosita qirquvchi-operatorning ish oʻrnida joylashgan boʻlishi lozim. Qaychilarning muftasini qoʻshish pedali qaychilarni tasodifan yurgizib yuborish imkoniga yoʻl qoʻymaydigan toʻsiqqa ega boʻlishi kerak.
44. Metallni qirqish uchun uni tirakka qarama-qarshi tomondan yoki qaychining yon tomonidan uzatish mumkin emas.
8- §. Paketlash
45. Parcha-parchalarga boʻlingan temir-tersak paketlovchi-press yordamida paketlanishi lozim.
46. Presslar joylashgan bino devorlarining yuk koʻtarish kranlari yaqinlashadigan tomoni poʻlat listlar bilan himoyalangan boʻlishi kerak.
47. Pressning ish maydonchasi va yuklash havzasi (korobi) hamda press-kamera atrofidagi toʻshama taram-taram poʻlat listlar bilan qoplangan boʻlishi kerak.
9- §. Briketlash
48. Metall qirindilarni briketlash briketlovchi-presslarda amalga oshirilishi lozim.
49. Briketlovchi-presslar tiqilib qolgan briketlarni chiqarib olish va qirindilarni yot buyumlardan tozalash uchun mexanizatsiyalashtirilgan moslamalar bilan jihozlangan boʻlishi darkor.
50. Briketlovchi-presslarning konstruksiyasi pressning salt ishlashida press-shtempelning oʻz-oʻzidan ishga tushishini istisno qilishi kerak.
10-§. Kopyor uskunasida maydalash
51. Metallni kopyor uskunasida maydalash oʻrnatilgan tartibda ishlab chiqilgan va tasdiqlangan texnologik yoʻriqnomaga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
52. Kopyor toʻsigʻidagi oraliqlar darvoza yoki tushiriladigan (suriladigan) shtorlar bilan yopilishi, ulardagi blokirovka qurilmalari darvoza va shtorlar ochiq boʻlgan paytda kopyor babasining yuqoriga koʻtarilish imkonini istisno qilishi darkor. Minora tipidagi kopyorlarga labirint turdagi toʻsiqlarni oʻrnatishga ruxsat etiladi.
53. Estakada kopyorining shaboti balandligi kamida 2 m ga teng toʻsiqqa ega boʻlishi, unda kopyor ishchilarining shabotga oʻtishi uchun eni kamida 0,6 m boʻlgan oraliqlar koʻzda tutilishi zarur.
54. Zarbalash zalida joylashgan kopyorlar va koʻchma kopyorlar tovush va yorugʻlik signalizatsiyasi bilan jihozlanishi lozim. Kopyor babasi koʻtarila boshlagani va tashlab yuborilayotgani haqida, shuningdek (koʻchma kopyorning) harakati boshlangani hamda harakatda ekanligidan ogoh etish uchun signallar berilishi kerak.
55. Kopyor babasi harakatlanayotgan (koʻtarilishi va tashlab yuborilishi) vaqtda xizmat koʻrsatuvchi xodimlar pana joyda turishi lozim.
56. Xizmat koʻrsatuvchi xodimlarning pana joydan zarbalash zaliga kirishiga faqat kopyor babasi tashlab yuborilgandan soʻng 10 — 15 sekund vaqt oʻtgach ruxsat etiladi.
57. Kopyor babasini boshqarish pulti koʻprikli kranning boshqaruv kabinasida yoki maxsus jihozlangan, uchib chiqayotgan temir-tersak parchalaridan ishonchli tarzda himoyalangan joyga oʻrnatilgan boʻlishi zarur.
58. Kopyor babasining mexanik yoki elektromagnit tutish-tashlash qurilmasi uning oʻz-oʻzidan tushib ketishiga yoʻl qoʻymaydigan ishonchli mahkamlash moslamasiga ega boʻlishi darkor.
59. Transport vositalarini zarbalash zaliga kirishiga ishlarni bexatar bajarilishiga javobgar shaxsning ruxsati bilan, kopyorning ishi tugagandan soʻng yoʻl qoʻyiladi.
60. Koʻprikli kranlar yordamida xizmat koʻrsatiladigan minora tipidagi kopyorlar kopyor babasini markazlash va siljitish qurilmasi bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
61. Kopyor tayanchlarini yuk koʻtarish mexanizmlari, elektr kabellari va kopyor ishiga aloqador boʻlmagan boshqa qurilmalarni tortib qoʻyish va mahkamlash uchun ishlatish man etiladi.
62. Kopyor qurilmalarining texnik holatini tekshirish bir yilda kamida ikki marta oʻtkazilishi lozim. Tekshiruv natijalari qurilmaning pasporti yoki formulyariga kiritilishi kerak.
11-§. Choʻyan parchalarini maydalash
63. Choʻyan temir-tersaklarini maydalash maxsus texnik qurilmalarda bajarilishi lozim.
64. Choʻyan parchalari va qoliplarini manipulyator yoki qurilmaning aylanma stoliga uzatish mexanizatsiyalashtirilgan boʻlishi kerak.
12-§. Metall qirindilarini saralash, maydalash va yogʻsizlantirish
65. Qirindilarni saralash, maydalash va yogʻsizlantirish maxsus texnik qurilmalarda amalga oshirilishi lozim.
Bunday qurilmalarning yuk solinadigan bunkerlari oldida qirindilarni bunkerga yuklashdan oldin koʻzdan kechirish uchun maydoncha boʻlishi kerak.
66. Maydalash agregatlari va saralash barabanlarining yuklash bunkerlariga qirindini yetkazib berish, maydalangan qirindini chiqarib olish va boshqa jarayonlar mexanizatsiyalashgan boʻlishi lozim.
67. Bolgʻali qirindi-maydalash agregatlarining konstruksiyasida metall boʻlaklar va maydalanmaydigan jismlarni ushlab qoluvchi moslamalar koʻzda tutilishi zarur.
68. Saralash barabanlari, konveyer va qirindi-maydalash agregatlari ishlayotgan vaqtda ulardagi temir-tersak boʻlaklari va boshqa narsalarni qoʻlda chiqarib olish, shuningdek yuklash bunkerining darchasiga tiqilib qolgan qirindilarni tushirib yuborish taqiqlanadi.
69. Qirindilarni yogʻsizlantirish uskunalariga yetkazib berish, ularni yuklash va yogʻsizlantirilgandan soʻng olish jarayonlari mexanizatsiyalashtirilgan boʻlishi darkor.
70. Turi va gabaritlaridan qatʼi nazar, tsentrifugalar gʻilof ichiga oʻrnatilishi va qopqoq va gʻiloflari ochiq paytda ularning ishlashini istisno qiluvchi blokirovka qurilmalari bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
71. Sentrifugalar qirindilarni yuklash uchun tayyorlangandan soʻng — “Ortishga ruxsat” va avtomatik rejimda ishlash vaqtida - “Avtomat” degan yorugʻlik signallarini beradigan signal beruvchi qurilma bilan jihozlanishi lozim.
72. Yuvib-qurituvchi uskunalar germetik boʻlishi va tortish ventilatsiyasi bilan jihozlanishi kerak.
73. Suvli yuvuvchi (ishqorli) eritmalarni tortib-haydash jarayoni xizmat koʻrsatuvchi xodimlarning xavfsizligini taʼminlaydigan va eritmalarning kanalizatsiyaga tushish imkoniga yoʻl qoʻymaydigan yopiq quvurli kommunikatsiyalar orqali amalga oshirilishi lozim.
74. Ishlatilgan yuvish eritmalari maxsus uskunalarda neytrallanishi lozim.
13-§. Temir-tersaklarni portlatib maydalash
75. Portlatish ishlarini olib borish, korxonalarda portlovchi materiallarni saqlash va tashish hamda bronlangan oʻralardan foydalanish ushbu Qoidalar, “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi tomonidan tasdiqlangan amaldagi “Portlatish ishlari paytida yagona xavfsizlik qoidalari” talablarini inobatga olib, belgilangan tartibda ishlab chiqilgan va tasdiqlangan texnologik yoʻriqnomaga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
76. Metallni portlatib maydalash jarayoni “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi vakili ishtirok etgan komissiya tomonidan foydalanishga qabul qilingan bronli oʻralarga ega boʻlgan maxsus bino va maydonchalarda bajarilishi kerak.
14-§. Qora metallarning temir-tersaklaridan rangli metall parchalarini ajratib olish
77. Qora metall temir-tersaklaridan rangli metallarni ajratib olish, yigʻish va saralash ishlari belgilangan tartibda ishlab chiqilgan va tasdiqlangan texnologik yoʻriqnomaga binoan bajarilishi kerak.
78. Qora metallardan rangli metallarni ajratib olish maqsadida temir-tersaklar (mashina va apparatlarning uzel hamda mexanizmlari)ni maydalash faqat kopyorlarda bajarilishi lozim.
79. Rangli metallarni bevosita transport vositasi ustida ajratish va chiqarib olish qatʼiyan man etiladi.
15-§. Shlak uyilmasini qayta ishlash
80. Shlak uyilmasini qayta ishlash ushbu Qoidalar, “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi tomonidan tasdiqlangan “Metallurgiya ishlab chiqarishlari uchun umumiy xavfsizlik qoidalari” hamda amaldagi poʻlat eritish ishlab chiqarishlarida va foydali qazilmalar konlarini ochiq usulda ishlash paytida xavfsizlik talablari, shuningdek amaldagi boshqa normativ-texnik hujjatlarga asoslanib, belgilangan tartibda ishlab chiqilgan va tasdiqlangan texnologik yoʻriqnomaga muvofiq olib borilishi lozim.
81. Koʻchki hodisalari mavjud boʻlgan shlak uyilmasini qayta ishlash belgilangan tartibda ishlab chiqilgan va tasdiqlangan ITELga muvofiq amalga oshirilishi zarur.
82. Ekskavatorlar bilan bir vaqtda qazilayotgan, balandlik boʻyicha har xil pogʻonalarda joylashgan qazilmalar bir-biriga nisbatan kamida bir yarim kovlab olish radiusiga teng masofa surilgan boʻlishi lozim.
83. Shlak uyilmasini lahim kovlash usulida qazish man etiladi. Soyabon (kozirek) shakldagi oʻyiqlar hosil boʻlsa yoki qiyaliklarda yirik gabaritsiz parchalarning oʻrnida chuqurchalar mavjud boʻlsa, ishchilar xavfli joydan olib chiqilishi kerak.
Soyabonlar master yoki uchastka boshligʻi rahbarligida mexanizatsiyalashgan vositalar bilan bartaraf qilinishi darkor.
84. Ichiga odamlar tushib ketish xavfi boʻlgan ochiq chuqurcha va qazilgan joylar kechasi yoritiladigan toʻsuvchi qurilma hamda ogohlantiruvchi belgilar bilan muhofazalanishi kerak.
85. Oʻzi yurar mashinalarning shlak uyilmasi qiyaligida harakatlanishi va ishlashi ularning pasport maʼlumotlariga muvofiq ruxsat etiladi.
Ishdan tashqari vaqtda barcha mashina va mexanizmlar ularni ishga tushirishga yoʻl qoʻymaydigan holatga keltirib qoʻyilishi lozim.
86. Ekskavator harakatlanayotgan paytda uning kovshi tashish uchun moʻljallangan holatda mahkamlanishi zarur.
Kovshni osma holatida tozalash va kovshiga yuk ortilgan ekskavatorning harakatlanishi man etiladi. Ishda tanaffuslar boʻlgan paytda ekskavatorning xartumi (strelasi) qazish joyidan boshqa tarafga surib qoʻyilishi, kovsh esa yerga tushirib qoʻyilishi lozim.
16-§. Separatsiya uskunalarida sanoat chiqindilaridan temir-tersaklarni ajratib olish
87. Sanoat chiqindilaridan temir-tersaklarni separatsiya uskunalari yordamida ajratib olish belgilangan tartibda ishlab chiqilgan va tasdiqlangan hamda texnik qurilmalarni ishlab chiqaruvchi-zavodning texnik hujjatlari va amaldagi “Metallurgiya ishlab chiqarishlari uchun umumiy xavfsizlik qoidalari” talablari inobatga olingan texnologik yoʻriqnomaga muvofiq bajarilishi lozim.
88. Separatsiya uskunalari metall parchalari va skraplarning uchib chiqishi va tushib ketishiga yoʻl qoʻymaydigan toʻsiqlarga ega boʻlishi, shuningdek xodimlarni xavfli hududga kirishining oldini olish uchun qurilma va moslama (blokirovka)lar bilan jihozlanishi darkor.
89. Tayyor mahsulotni terib olish mexanizatsiyalashgan boʻlishi va uskuna oʻchirilib, kuchlanish uzilgan paytda bajarilishi kerak.
90. Texnik qurilmaning ichki boʻshligʻini tekshirish, uni tozalash, bunker, gʻalvir, konveyer va boshqa qurilmalarda osilib qolgan buyumlarni olib tashlash ushbu ishlarning xavfsiz bajarilishini taʼminlaydigan birka tizimi talablariga rioya etilgan holda amalga oshirilishi lozim.
YAKUNIY QOIDA
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, “Oʻzmetkombinat” aksionerlik ishlab chiqarish birlashmasi va “Toshkent rangli metall parchalari va rezgi-chiqitlarini tayyorlash va qayta ishlash zavodi” xorijiy investitsiya ishtirokidagi ochiq aksionerlik jamiyati bilan kelishilgan.
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi D. JAHONGIROVA
“Oʻzmetkombinat” AIB bosh direktori A. NURUTDINOV
“Toshkent rangli metall parchalari va rezgi-chiqitlarini tayyorlash va qayta ishlash zavodi” XI OAJ bosh direktori Y. POLVONOV