Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi BOShLIGʻINING
buyrugʻi
YOʻNALIShSIZ TAKSILAR UChUN HISOBLAGIChLAR (TAKSOMETRLAR) VA TANISh BELGILARINI YETKAZIB BERISh BOʻYIChA YuRIDIK ShAXSLARNI TANLOV ASOSIDA TANLAB OLISh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2011-yil 19-avgustda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2256]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshligʻining 2018-yil 5-fevraldagi 67-sonli ““Yoʻnalishsiz taksilar uchun hisoblagichlar (taksometrlar) va tanish belgilarini yetkazib berish boʻyicha yuridik shaxslarni tanlov asosida tanlab olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruqni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2256-1, 12.02.2018-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 18-maydagi 139-sonli “Yoʻnalishsiz taksilar faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-yil, 20-21-son, 201-modda) ijrosini taʼminlash maqsadida, buyuraman:
1. Yoʻnalishsiz taksilar uchun hisoblagichlar (taksometrlar) va tanish belgilarini yetkazib berish boʻyicha yuridik shaxslarni tanlov asosida tanlab olish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Boshliq A. ABDUVALIYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 8-iyul,
112-son
Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshligʻining 2011-yil 8-iyuldagi 112-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Yoʻnalishsiz taksilar uchun hisoblagichlar (taksometrlar) va tanish belgilarini yetkazib berish boʻyicha yuridik shaxslarni tanlov asosida tanlab olish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 18-maydagi 139-son “Yoʻnalishsiz taksilar faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-yil, 20-21-son, 201-modda) muvofiq yoʻnalishsiz taksilar uchun hisoblagichlar (taksometrlar) va tanish belgilarini yetkazib berish boʻyicha yuridik shaxslarni tanlov asosida tanlab olish (keyingi oʻrinlarda konkurs tanlovi deb yuritiladi) tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Tanlovning barcha ishtirokchilari uchun teng raqobat sharoitlari yaratish, oshkoralik, baholashning xolisligi va talablarning yagonaligi konkurs tanlovini tashkil etish va oʻtkazishdagi asosiy prinsiplar hisoblanadi.
2. Konkurs tanlovi ochiq boʻlib, unda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtgan har qanday yuridik shaxs ishtirok etishi mumkin.
3. Bankrot deb eʼlon qilingan yoki tugatish bosqichida boʻlgan yoki mol-mulki xatlangan talabgorlar konkurs tanlovida ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
4. Ushbu Nizomda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
vakolatli vakil — konkurs tanlovida ishtirok etish uchun talabgor tomonidan ishonchnoma asosida vakil qilingan jismoniy shaxs;
konkurs tanlovi ishtirokchisi — konkurs tanlovida ishtirok etishga qoʻyilgan talabgor;
konkurs tanlovi shartlari — konkurs tanlovi jarayoniga qoʻyiladigan jami talablar, shu jumladan uni oʻtkazish sanasi, tanlov mezonlari, tanlov hujjatlarini olish joyi, yuridik shaxslar tomonidan tanlov takliflarini berish muddati, tanlov takliflarini ochish joyi, sanasi va vaqti;
konkurs tanlovi gʻolibi — takliflari konkurs tanlovining boshqa ishtirokchilariga nisbatan belgilangan talablarga eng toʻliq javob beradigan konkurs tanlovi ishtirokchisi;
talabgor — taklif etilgan shartlarda konkurs tanlovida ishtirok etish niyatini maʼlum qilgan yuridik shaxs;
tanlov komissiyasi — qonun hujjatlari talablariga eng toʻliq rioya etilishini taʼminlashga qodir boʻlgan yuridik shaxslarni aniqlash uchun Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi tomonidan tashkil etiladigan doimiy organ;
tanlov takliflari — konkurs tanlovi ishtirokchisining hisoblagichlar (taksometrlar) va tanish belgilarini yetkazib berish faoliyatini amalga oshirishda qonun hujjatlari talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlari;
tanlov hujjatlari — tanlov savdolarining texnik, moliyaviy, tijorat, tashkiliy tavsiflari va boshqa tavsiflari toʻgʻrisidagi hamda tanlov savdolarini tashkil etish va oʻtkazish shartlari, tartib-qoidalari toʻgʻrisidagi dastlabki axborot mavjud boʻlgan hujjatlar turkumi.
II. Tanlov komissiyasi ishini tashkil etish
5. Konkurs tanlov asosida ishlaydigan tanlov komissiyasi (keyingi oʻrinlarda Komissiya deb yuritiladi) tomonidan oʻtkaziladi.
6. Komissiya tarkibi Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshligʻining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
Komissiya tarkibiga Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi, Ichki ishlar vazirligi, “Oʻzstandart” agentligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi vakillari (kelishuvga asosan) kiritiladi.
Komissiya aʼzolari soni toq, qoida tariqasida, 7 kishidan iborat boʻlishi kerak.
Komissiyaga Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshligʻi oʻrinbosari boshchilik qiladi.
Komissiya, zaruriyatga koʻra, Komissiya raisi, shuningdek uning aʼzolari taqdimiga binoan, yarim yilda bir marta chaqiriladi.
7. Komissiya:
konkurs hujjatlari tarkibini (shaklini) hamda yuridik shaxslarning tanlov takliflarini, konkurs tanlovi ishtirokchilariga qoʻyiladigan malaka talablarini va boshqa talablarni tasdiqlaydi;
tanlov hujjatlari turkumi qiymati miqdorini uni tayyorlashning haqiqiy tannarxi boʻyicha, eʼlonlarni chop etishga xarajatlarni hisobga olgan holda tasdiqlaydi;
konkurs tanlovini oʻtkazish, uni oʻtkazish sanasi toʻgʻrisida qaror qabul qiladi, tanlov hujjatlari olish joyini, yuridik shaxslar tomonidan tanlov takliflarini berish muddatini, tanlov takliflarini ochish joyi, sanasi va vaqtini belgilaydi;
yuridik shaxslarning tanlov takliflari qayd etilgan konvertlarni ochishni belgilangan tartibda amalga oshiradi, ularning tanlov hujjatlarida nazarda tutilgan talablarga (hujjatlarni taqdim etishning toʻliqligi, rasmiylashtirish va shu kabilarga) muvofiqligini tekshiradi, tanlov takliflarini belgilangan mezonlarga muvofiq baholaydi va konkurs tanlovi natijalari boʻyicha bayonnomani tasdiqlaydi;
zaruriyat boʻlganda, tanlov takliflarini baholash uchun mustaqil ekspertlarni (maslahatchilarni) jalb etadi;
Komissiya zimmasiga yuklangan vazifalarni hal etish uchun zarur boʻlgan boshqa funksiyalarni amalga oshiradi.
8. Komissiya qarorlari, agar majlisda uning aʼzolarining kamida toʻrtdan uch qismi ishtirok etsa qonuniy hisoblanadi. Qarorlar Komissiyaning majlisda ishtirok etadigan aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlgan taqdirda Komissiya raisining ovozi hal qiluvchi ovoz hisoblanadi.
Komissiya qarorlari yozma ravishda, bayonnomalar shaklida rasmiylashtiriladi va komissiya majlisidan keyin besh ish kuni mobaynida konkurs tanlovi gʻolibiga yetkaziladi.
9. Komissiya faoliyatini tashkil etish uning ishchi organi — Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi tizimiga kiruvchi Avtomobil va daryo transporti rivojlanishini maʼmuriy-texnik taʼminlash respublika markaziga yuklanadi.
10. Komissiyaning ishchi organi:
tanlov hujjatlarini tayyorlaydi, tanlov oʻtkazilishidan kamida oʻttiz kun oldin konkurs tanlovi predmetini, uning asosiy shartlarini, uni oʻtkazish tartibi, vaqti va joyini, shu jumladan tanlov ishtirokchilari tomonidan hujjatlarni rasmiylashtirish tartibini ommaviy axborot vositalari orqali eʼlon qiladi;
Komissiya aʼzolarini chaqirishni, ularga ish xonalari, tashkiliy-texnika va majlislarni oʻtkazish uchun sarflanadigan materiallarni ajratishni tashkil qiladi, shuningdek tanlovni zarur darajada oʻtkazishga doir boshqa chora-tadbirlarni koʻradi;
ishtirokchilarning tanlov takliflarini qabul qiladi hamda takliflarning hisobga olinishini, saqlanishini, ularning Komissiya tomonidan belgilangan tartibda ochilgungacha boʻlgan davrda maxfiyligini taʼminlaydi;
Komissiya tomonidan jalb etiladigan ekspertlar va maslahatchilarning faoliyatini muvofiqlashtiradi, shuningdek ularning xizmatlariga haq toʻlash boʻyicha xarajatlarni amalga oshiradi.
III. Tanlov hujjatlari
11. Konkurs tanlovida ishtirok etishni xohlovchi talabgorlar tanlov hujjatlari turkumini olish uchun Komissiyaga yozma buyurtmanoma berishlari kerak. Buyurtmanomalar berish va tanlov hujjatlarini olish uchun belgilangan muddat konkurs tanlovi oʻtkaziladigan sanadan besh kun oldin tugaydi. Barcha buyurtmanomalar Komissiyaning tartib raqami qoʻyilgan va ip oʻtkazib tikilgan jurnalida roʻyxatdan oʻtkaziladi.
12. Tanlov hujjatlari turkumi quyidagilardan iborat boʻladi:
ishtirokchi haqidagi maʼlumotlar shakli;
konkurs tanlovi ishtirokchisi uchun yoʻriqnoma;
yoʻnalishsiz taksi uchun hisoblagichlar (taksometrlar) va tanish belgilarini yetkazib berish boʻyicha faoliyatni tashkil etishga qoʻyiladigan talablar;
ishtirokchining tanlov takliflari shakli;
Komissiyaga tanlov takliflari va ishtirokchi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etish uchun konvert.
13. Talabgor tanlov hujjatlari turkumi qiymatini uni tayyorlashning haqiqiy tannarxi boʻyicha, eʼlonlarni chop etishga xarajatlarni hisobga olgan holda toʻlashi kerak. Kelib tushgan mablagʻlar Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining maxsus hisobraqamiga oʻtkaziladi va faqat konkurs tanlovini tashkil etish maqsadida foydalaniladi.
14. Konkurs tanlovida ishtirok etish uchun talabgor Komissiya tomonidan belgilangan shaklda tanlov takliflarini taqdim etadi.
15. Tanlov takliflari shaxsan, kuryer orqali yoki yelimlangan konvertda pochta joʻnatmasi orqali yoʻllanadi va ular faqat Komissiya yigʻilishida ochiladi.
16. Tanlov takliflarining qabul qilinishi konkurs tanlovi oʻtkazilishidan bir kun oldin yakunlanadi.
17. Tanlov takliflari topshirilganidan soʻng ishtirokchilar ularga biron-bir tuzatish kiritishga haqli emas.
IV. Tanlov takliflarining mazmuni
18. Tanlov takliflarida quyidagi koʻrsatkichlar koʻzda tutilishi lozim:
a) yoʻnalishsiz taksilar uchun hisoblagichlar (taksometrlar) yetkazib beruvchilar uchun:
hisoblagichlar (taksometrlar) qiymati — soʻmda;
dasturlanadigan tariflar soni (kamida 4 ta — yarim kilometrlik, soatbay (toʻxtab turishga oid), bronlashtirish uchun (oʻtirganlik uchun), qoʻshimcha xizmatlar uchun — soni;
hisoblagichlarning (taksometrlarning) xizmat qilish muddati — ish soatlarda;
fiskal xotirasida saqlanadigan maʼlumotlar hajmi — qaydlar soni;
taxograf, GPS funksiyalari va plastik kartochkalar bilan hisob-kitob qiluvchi terminal — mavjudligi yoki mavjud emasligi;
b) yoʻnalishsiz taksi uchun yagona tanish belgilarini yetkazib beruvchilari uchun:
tanish belgilarining qiymati — soʻmda;
tanish belgilari xizmat qiladigan muddat —oylarda;
plafonning toʻliq svetodiod yoritilishi — mavjudligi yoki mavjud emasligi;
plafon tayyorlanadigan material — material turi.
19. Tanlov takliflarining barcha bandlari boʻyicha ishtirokchi Komissiya oʻrnatgan tartibda toʻliq va yakuniy maʼlumot berishi kerak.
20. Talabgor tomonidan tanlov taklifi toʻliq boʻlmagan hajmda yoki belgilangan talablar buzilgan holda taqdim etilganda tanlov taklifi konkurs tanlovida ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilmaydi va talabgorga qaytariladi.
V. Konvertlarni ochish, tanlov takliflarini baholash va gʻolibni aniqlash
21.Tanlov takliflari solingan konvertlarni ochish Komissiya tomonidan belgilangan sanada va soatda amalga oshiriladi.
Tanlov oʻtkazish paytida bitta ishtirokchi talabgor boʻlsa, Komissiya ushbu ishtirokchini gʻolib deb eʼlon qilish huquqiga ega, bunda ushbu ishtirokchining tanlov takliflari qoʻyilgan talablarga mos boʻlishi kerak.
Ishtirokchilar yoki vakolatli vakillar tanlov takliflari solingan konvertlarning ochilishida ishtirok etishi mumkin.
Komissiya tomonidan tanlov takliflari solingan konvertlar ochilgan paytda Komissiya belgilangan shartlar va tartibga rioya qilinishini, tanlov hujjatlarida koʻrsatilgan hujjatlarning mavjudligi tekshiriladi.
22. Tanlov takliflarini baholash va gʻolibni aniqlash quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
a) yoʻnalishsiz taksilar uchun hisoblagichlar(taksometrlar) yetkazib beruvchilar uchun:
Komissiya tomonidan belgilangan qiymat uchun 10 ball. Qiymat pasayganda (oshganda) 10 ballga oshirish (kamaytirish) koeffitsiyenti qoʻllaniladi, u oshirish (kamaytirish) qiymatiga toʻgʻri proporsional tarzda hisob-kitob qilinadi;
dasturlanadigan tariflar soni uchun — 4 tarif mavjudligi uchun 5 ball.
koʻproq tariflar taklif etilgan hollarda 5 ballga oshirish koeffitsiyenti qoʻllaniladi, u tariflar soni koʻpayishiga toʻgʻri proporsional tarzda hisob-kitob qilinadi. 4 tadan kam dasturlanadigan tarif taklif qilingan hollarda tanlov taklifi rad etiladi;
hisoblagich (taksometr) xizmat qilish muddati 20000 ish soati boʻlgan taqdirda — 10 ball. Xizmat koʻrsatish muddati kamayganda (oshganda) 10 ballga nisbatan kamaytirish (oshirish) koeffitsiyenti qoʻllaniladi, u oshirish (kamaytirish) qiymatiga toʻgʻri proporsional tarzda hisob-kitob qilinadi;
fiskal xotirasida saqlanadigan maʼlumotlar hajmi uchun — 1500 qayd saqlanishi taʼminlaganligi uchun 5 ball. Fiskal xotirada bundan koʻproq qaydlarni saqlash mumkin boʻlsa, 5 ballga har bir qoʻshimcha 1000 qayd uchun 0,5 balldan qoʻshiladi. 1500 dan kam qaydni saqlamaydigan hisoblagichlar (taksometrlar) konkurs tanloviga qoʻyilmaydi;
taxograf funksiyalari mavjudligi uchun — 3 ball, GPS funksiyalari mavjudligi uchun — 5 ball, plastik kartochkalar bilan hisob-kitob qiluvchi terminali mavjudligi uchun — 10 ball;
b) yoʻnalishsiz taksi uchun yagona tanish belgilari taʼminotchilari uchun:
tanish belgilari qiymati uchun — Komissiya tomonidan belgilangan qiymat uchun 10 ball. Qiymat pasayganda (oshganda) 10 ballga oshirish (kamaytirish) koeffitsiyenti qoʻllaniladi, u kamaytirish (oshirish) qiymatiga toʻgʻri proporsional tarzda hisob-kitob qilinadi;
tanish belgilari xizmat qiladigan muddat uchun — 120 oy (10 yil) boʻlgan hollarda — 10 ball. Xizmat koʻrsatish muddati kamayganda (oshganda) 10 ballga kamaytirish (oshirish) koeffitsiyenti qoʻllaniladi, u oshirish (kamaytirish) qiymatiga toʻgʻri proporsional tarzda hisob-kitob qilinadi;
plafon toʻliq svetodiod yoritqichga ega boʻlsa — 5 ball, svetodiod yoritqich boʻlmasa, ball berilmaydi;
plafon yasalgan material — konkurs talablarida koʻrsatilgan materiallardan foydalanilganda — 6 ball, boshqa materiallar qoʻllanilganda — 5 ball.
Ishtirokchi konkurs takliflarining yakuniy bahosi yuqoridagi koʻrsatkichlar boʻyicha ballarni qoʻshish orqali aniqlanadi. Agar talabgor bevosita hisoblagichlar (taksometrlar) va tanish belgilarini ishlab chiqaruvchi boʻlsa, yakuniy bahosiga 1,5 koeffitsiyent qoʻllaniladi. Takliflari eng koʻp ball toʻplagan ishtirokchi konkurs tanlovi gʻolibi deb tan olinadi.
23. Tanlov natijalariga koʻra bir necha ishtirokchi teng baholarga sazovor boʻlsa, gʻolib Komissiya aʼzolari tomonidan yashirin ovoz berish yoʻli bilan aniqlanadi.
24. Konkurs tanlovini oʻtkazish uchun zarur boʻlgan shakllar va yoʻriqnomaviy-uslubiy hujjatlar, tanlov takliflarining bahosi Komissiya ishchi organi tomonidan ishlab chiqiladi va Komissiya tomonidan tasdiqlanadi.
25. Komissiya konkurs tanlovi natijalarini bayonnoma shaklida tanlov takliflari solingan konvert ochilgan sanadan soʻng 5 kungacha boʻlgan muddat ichida rasmiylashtiradi.
26. Bayonnomada quyidagilar koʻrsatiladi:
Komissiya tarkibi;
konkurs tanlovi ishtirokchilari va ularning takliflari haqidagi maʼlumotlar;
barcha ishtirokchilarning tanlov takliflari natijalari;
konkurs tanlovi gʻolibi.
Bayonnoma Komissiyaning barcha aʼzolari tomonidan imzolanadi va Komissiya raisi tomonidan tasdiqlanadi.
Bayonnoma Komissiya raisi tomonidan tasdiqlangach, konkurs tanlovi ishtirokchilari ushbu hujjat bilan tanishish huquqiga ega.
27. Bayonnoma imzolanishidan avval Komissiya gʻolibning konkurs takliflarining haqqoniyligini tekshirib koʻrishga haqli.
Gʻolibning konkurs takliflarining haqqoniyligi tasdiqlanmasa, gʻolibdan soʻng eng koʻp ball yiqqan, konkurs takliflari ishonchliligi Komissiya tomonidan aniqlangan navbatdagi ishtirokchi gʻolib, deb topiladi.
28. Konkurs tanlovini oʻtkazish paytida yuzaga kelgan bahslar va munozaralar qonunchilikda belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
29. Konkurs tanlovi quyidagi hollarda boʻlib oʻtmagan, deb hisoblanadi:
belgilangan muddatda tanlovda ishtirok etish uchun talabgorlardan buyurtmanomalar kelib tushmagan boʻlsa;
tanlov gʻolibi yoʻnalishsiz taksi uchun hisoblagichlar (taksometrlar) va tanish belgilarini yetkazib berishdan bosh tortsa.
Konkurs tanlovlari takroran oʻtkazilganda dastlabki konkurs shartlari qayta koʻrib chiqilmaydi.
30. Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi gʻolib haqidagi maʼlumotlarni ommaviy axborot vositalarida va agentlikning veb-saytida joylashtirish orqali tashuvchilarga yoʻnalishsiz taksi uchun hisoblagichlarni (taksometrlarni) va tanish belgilarini yetkazib berish boʻyicha shartnomalarni konkurs tanlovining gʻolibi bilan tuzishni tavsiya etadi.
31. Axborotda quyidagi maʼlumotlar keltirilgan boʻlishi kerak:
konkurs tanlovida ishtirok etgan ishtirokchilarning roʻyxati;
har bir ishtirokchi uchun tanlov takliflari;
ishtirokchilarning tanlov takliflari bahosi (har bir ishtirokchi tomonidan toʻplangan ballar soni);
konkurs tanlovi gʻolibi, gʻolib toʻplagan ballar soni.
VI. Javobgarlik
32. Komissiya quyidagilar uchun masʼul hisoblanadi:
konkurs tanlovining oʻtkazilishida va natijalarini aniqlashda ochiqlik va oshkorlikni taʼminlash;
kelib tushgan konkurs takliflarini baholashda xolislik.
33. Komissiyaning ishchi organi kelib tushgan barcha buyurtmanomalarning toʻliq hisobga olinishi, ularning saqlanishi, shuningdek maxfiy axborotlarning oshkor boʻlmasligi uchun masʼul hisoblanadi.
VII. Yakuniy qoida
34. Mazkur Nizom Ichki ishlar vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, “Oʻzstandart” agentligi va Oʻzbekiston Respublikasi savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
Ichki ishlar vaziri B. MATLYUBOV
2011-yil 8-iyul
Davlat soliq qoʻmitasi raisi B. PARPIYEV
2011-yil 8-iyul
Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi v.b. U. TURDIYEV
2011-yil 8-iyul
“Oʻzstandart” agentligi bosh direktori A. ABDUVALIYEV
2011-yil 8-iyul
Savdo-sanoat palatasi raisi A. ShAYXOV
2011-yil 8-iyul
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 34-35-son, 353-modda)