Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
DAVLAT VA XOʻJALIK BOSHQARUVI ORGANLARI HAMDA BOSHQA TASHKILOTLARNING, SHUNINGDEK INVESTITSIYA LOYIHALARI YUZASIDAN TASHABBUS KOʻRSATISH VA AMALGA OSHIRISH UCHUN MASʼUL YIRIK KORXONALARNING TARKIBIY BOʻLINMALARINI MUSTAHKAMLASH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2011 — 2015-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi sanoatini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari toʻgʻrisida” 2010-yil 15-dekabrdagi PQ-1442-son, “2011 — 2015-yillarda infratuzilmani, transport va kommunikatsiya qurilishini rivojlantirishni jadallashtirish toʻgʻrisida” 2010-yil 21-dekabrdagi PQ-1446-son, “Oʻzbekiston Respublikasining 2011-yilgi Investitsiya dasturi toʻgʻrisida” 2010-yil 29-dekabrdagi PQ-1455-son qarorlarining va har yil qabul qilinadigan investitsiya hamda mahalliylashtirish dasturlarining oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini taʼminlash, ilgʻor texnologiyalarga asoslangan modernizatsiyalash, mahalliylashtirish va mahsulotlarning yangi turlarini ishlab chiqarish loyihalari boʻyicha tashabbus koʻrsatish va ularni amalga oshirish, investitsiyalarni, shu jumladan xorijiy investitsiyalarni jalb etish tizimini yanada takomillashtirish, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda boshqa tashkilotlar, shuningdek investitsiya loyihalari yuzasidan tashabbus koʻrsatish va amalga oshirish uchun masʼul yirik korxonalarning tarkibiy boʻlinmalarining kadrlar salohiyatini mustahkamlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlariga hamda boshqa tashkilotlarga, shuningdek investitsiya loyihalari yuzasidan tashabbus koʻrsatish va amalga oshirish uchun masʼul yirik korxonalarga quyidagilarni oʻz ichiga oluvchi, ilgʻor texnologiyalarga asoslangan modernizatsiyalash, mahalliylashtirish va mahsulotlarning yangi turlarini ishlab chiqarish loyihalari boʻyicha tashabbus koʻrsatish va ularni amalga oshirishning tizimli jarayonini taʼminlash topshirilsin:
ishlab chiqarishlarning zamonaviy texnologiyalarini joriy etishning zarurligi yuzasidan texnik auditini oʻtkazish, uning natijalariga koʻra asbob-uskunalarni va texnologiya jarayonlarini modernizatsiyalash loyihalari boʻyicha tashabbus koʻrsatish;
ishlab chiqarilayotgan hamda ishlab chiqarish oʻzlashtirilishi mumkin boʻlgan mahsulotlar nomenklaturasi boʻyicha doimiy marketing tadqiqotlarini tashkil etish, ularning natijalariga koʻra mahsulotlarning yangi turlarini mahalliylashtirish va ishlab chiqarish loyihalari boʻyicha tashabbus koʻrsatish;
zamonaviy texnologiyalarni ishlab chiquvchi va ularga egalik qiluvchi xorijiy tashkilotlarni aniqlash, ularni modernizatsiyalash, mahalliylashtirish va mahsulotlarning yangi turlarini ishlab chiqarish loyihalari boʻyicha strategik sherik sifatida jalb qilishning maqsadga muvofiqligini oʻrganish;
modernizatsiyalash va tarmoqlarni, tashkilotlarni va yirik korxonalarni rivojlantirish dasturlarini, shu jumladan loyihalar roʻyxatini va moliyalashtirish manbalarini koʻrsatgan holda mahsulotlarni chuqur mahalliylashtirishga yoʻnaltirilgan dasturlarni har yili yangilash yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
xorijiy tashkilotlarni rivojlantirish va modernizatsiyalashning davlat va tarmoq dasturlariga kiritilgan loyihalarni amalga oshirishga strategik sherik sifatida jalb qilishning maqsadga muvofiqligini oʻrganish maqsadida ular bilan tizimli ish olib borish;
rivojlantirish va modernizatsiyalashning davlat va tarmoq dasturlariga kiritilgan loyihalarning loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va ekspertizadan oʻtkazish ishlarini tashkil etish;
loyihalarni amalga oshirish bilan bogʻliq tanlov (tender) savdolarini tashkil etish va kontraktlar tuzish ishlarini muvofiqlashtirish;
loyihalarning amalga oshirilishi monitoringini olib borish;
investitsiya muhitini yaxshilash va tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash va kiritish.
2. 1-ilovaga muvofiq roʻyxat boʻyicha davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda boshqa tashkilotlarning, shuningdek yirik korxonalarning rahbarlari ikki hafta muddatda:
ushbu qarorning 1-bandiga muvofiq modernizatsiyalash, mahalliylashtirish va mahsulotlarning yangi turlarini ishlab chiqarish loyihalari boʻyicha tashabbus koʻrsatish va ularni amalga oshirishga oid vazifalarni bajarishga qodir tarkibiy boʻlinmalar mavjud boʻlmagan taqdirda ularni xodimlarning umumiy soni doirasida tashkil etsinlar;
investitsiya boʻlinmalari mavjud boʻlgan taqdirda ularning tuzilmasini ushbu qaror talablariga muvofiq qayta koʻrib chiqsinlar;
mavjud va tashkil etilayotgan investitsiya loyihalarini kompleks boshqarish boʻlinmalarini tegishli sohada ish tajribasiga ega boʻlgan yuqori malakali kadrlar bilan butlasinlar.
3. Quyidagilar:
Investitsiya loyihalarini kompleks boshqarish boʻyicha tarkibiy boʻlinma toʻgʻrisidagi namunaviy nizom 2-ilovaga muvofiq;
Investitsiya loyihalarini kompleks boshqarish boʻyicha boʻlinmaning namunaviy tuzilmasi 3 va 4-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 23-mart,
84-son
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 23-martdagi 84-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Boshqaruv apparatlari tuzilmasida investitsiya loyihalarini kompleks boshqarish boʻlinmasi faoliyat koʻrsatishi lozim boʻlgan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda boshqa tashkilotlar, shuningdek yirik korxonalar
ROʻYXATI
Oldingi tahrirga qarang.
| 1. | Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi |
| 2. | “Oʻzkommunxizmat” agentligi |
| 3. | “Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi |
| 4. | “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi |
| 5. | “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi |
| 6. | Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi |
| 7. | “Oʻzagromashservis” uyushmasi |
| 8. | “Oʻzbekcharmpoyabzali” uyushmasi |
| 9. | “Oʻzpaxtasanoat” AJ |
| 10. | Oʻzbekiston radioelektronika, elektrotexnika va asbobsozlik sanoati korxonalari uyushmasi |
| 11. | Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasi |
| 12. | “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi |
| 13. | Oʻzbekiston farmatsevtika sanoati davlat-aksiyadorlik konserni |
| 14. | “Oʻzkimyosanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi |
| 15. | “Oʻzdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi |
| 16. | “Oʻzavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi |
| 17. | “Oʻzbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi |
| 18. | “Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik kompaniyasi |
| 19. | “Oʻzvinosanoat-xolding” xolding kompaniyasi |
| 20. | “Oʻzbekiston metallurgiya kombinati” ochiq aksiyadorlik jamiyati |
| 21. | Olmaliq kon-metallurgiya kombinati |
| 22. | Navoiy kon-metallurgiya kombinati |
| 23. | “Oʻzbekkoʻmir” ochiq aksiyadorlik jamiyati |
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 25-dekabrdagi 372-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 52-son, 647-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 23-martdagi 84-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Investitsiya loyihalarini kompleks boshqarish boʻyicha tarkibiy boʻlinma toʻgʻrisida
NAMUNAVIY NIZOM
I.Umumiy qoidalar
1. Mazkur Namunaviy nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Chet el investitsiyalari toʻgʻrisida” va “Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari toʻgʻrisida”gi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xorijiy investitsiyalar va kreditlarni jalb etish hamda oʻzlashtirish jarayonini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2008-yil 24-iyuldagi PQ-927-son qaroriga, Vazirlar Mahkamasining “Investitsiya loyihalarini tasdiqlash va amalga oshirish monitoringi mexanizmlarini takomillashtirish, muruvvat yordami yuklarini va texnik koʻmaklashish mablagʻlarini hisobga olish va nazorat qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2005-yil 15-noyabrdagi 251-son va “Investitsiya loyihalari hujjatlarini ishlab chiqish, ekspertizadan oʻtkazish va tasdiqlash tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida” 2007-yil 7-iyundagi 110-son qarorlariga hamda boshqa qonun hujjatlariga muvofiq ishlab chiqilgan.
2. Namunaviy nizom davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda boshqa tashkilotlar, shuningdek investitsiya loyihalari yuzasidan tashabbus koʻrsatish va amalga oshirish uchun masʼul yirik korxonalarning (keyingi oʻrinlarda ijro etuvchi agentliklar deb ataladi) investitsiya loyihalarini kompleks boshqarish boʻyicha tarkibiy boʻlinmasi (keyingi oʻrinlarda investitsiyalar departamenti (boʻlimi) deb ataladi) maqomini belgilaydi va ishini tartibga soladi.
3. Ijro etuvchi agentlikning birinchi rahbarlari departament (boʻlim)ning faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi.
4. Investitsiyalar departamenti (boʻlimi) oʻz ishini ijro etuvchi agentlikning boshqa boʻlinmalari bilan oʻzaro yaqin hamkorlikda amalga oshiradi, shuningdek investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligiga hamda Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligiga hisob beradi.
5. Ijro etuvchi agentlik oʻz faoliyati xususiyatlaridan va loyihalarni moliyalashtirish manbalaridan kelib chiqib Iqtisodiyot vazirligi hamda Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi bilan kelishgan holda ushbu Namunaviy nizomga muvofiq ijro etuvchi agentlikning birinchi rahbari tomonidan tasdiqlanadigan investitsiyalar departamenti (boʻlimi) toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqadi.
II. Investitsiyalar departamenti (boʻlimi)ning tuzilmasi va asosiy vazifalari
6. Ijro etuvchi agentlik markaziy apparati boshqaruv xodimlarining tasdiqlangan shtatdagi umumiy soni 50 nafar va undan ortiq boʻlganda investitsiya loyihalarini kompleks boshqarish boʻyicha boʻlinma departament, ijro etuvchi agentlik markaziy apparati boshqaruv xodimlarining tasdiqlangan shtatdagi umumiy soni 50 nafardan kam boʻlganda — boʻlim shaklida tashkil etiladi.
7. Quyidagilar Investitsiyalar departamenti (boʻlimi)ning asosiy vazifalari hisoblanadi:
ishlab chiqarishlarning zamonaviy texnologiyalarga muvofiqligi yuzasidan ularning texnik auditini oʻtkazish, uning natijalariga koʻra faoliyat koʻrsatib turgan ishlab chiqarishlarning asbob-uskunalarini va texnologiya jarayonlarini modernizatsiyalash boʻyicha tashabbus koʻrsatish va loyihalarni ishlab chiqish;
ishlab chiqarilayotgan hamda ishlab chiqarish oʻzlashtirilishi mumkin boʻlgan mahsulotlar nomenklaturasi boʻyicha doimiy marketing tadqiqotlarini oʻtkazish, mahsulotlarning yangi turlarini mahalliylashtirish va ishlab chiqarish loyihalari yuzasidan tashabbus koʻrsatish boʻyicha takliflar kiritish;
zamonaviy texnologiyalarni ishlab chiquvchi va ularga egalik qiluvchi xorijiy tashkilotlar aniqlanishini va ularni modernizatsiyalash, mahalliylashtirish va mahsulotlarning yangi turlarini ishlab chiqarish loyihalari boʻyicha strategik sherik sifatida jalb qilish uchun oʻzaro hamkorlikni taʼminlash;
modernizatsiyalash va tarmoqlarni, tashkilotlarni va yirik korxonalarni rivojlantirish dasturlarini, shu jumladan loyihalar roʻyxatini va moliyalashtirish manbalarini koʻrsatgan holda mahsulotlarni chuqur mahalliylashtirishga yoʻnaltirilgan dasturlarni har yili yangilash yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
xorijiy tashkilotlarni rivojlantirish va modernizatsiyalashning davlat va tarmoq dasturlariga, har yilgi Investitsiya dasturlariga kiritilgan loyihalarni amalga oshirishga strategik sheriklar sifatida jalb qilishning maqsadga muvofiqligini oʻrganish maqsadida ular bilan tizimli ish olib borish;
rivojlantirish va modernizatsiyalashning davlat va tarmoq dasturlariga, har yilgi Investitsiya dasturlariga kiritilgan loyihalarning loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va ekspertizadan oʻtkazish ishlarini tashkil etish uchun zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish;
loyihalarni amalga oshirish bilan bogʻliq tanlov (tender) savdolarini tashkil etish va loyihalarni amalga oshirish bilan bogʻliq kontraktlarni tuzishga tayyorlash;
loyihalarning amalga oshirilishi monitoringini olib borish;
xorijiy investorlar va kreditorlar bilan kelishilgan, belgilangan tartibda tasdiqlangan loyihalarni amalga oshirish jadvallariga qatʼiy rioya qilgan holda, loyihalarning oʻz vaqtida va samarali roʻyobga chiqarilishini taʼminlash uchun tadbirlar dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
loyihalarni amalga oshirish guruhlari ishini muvofiqlashtirish;
investitsiya muhitini yaxshilash va tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash va kiritish.
8. Investitsiyalar departamenti (boʻlimi) texnik, iqtisodiy, moliyaviy, yuridik maʼlumotga va tegishli ish tajribasiga ega boʻlgan yuqori malakali mutaxassislar bilan butlanadi.
III. Investitsiyalar departamenti (boʻlimi)ning funksiyalari
9. Investitsiyalar departamenti (boʻlimi) unga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
a) ishlab chiqarish jarayonlari zamonaviy texnologiyalarga muvofiqligi yuzasidan ularning texnik auditini oʻtkazish, bozor ehtiyojlarining, ilm-fan, texnika va yangi texnologiyalar yutuqlarining marketing tahlillari asosida modernizatsiyalash va texnik qayta jihozlash loyihalarini, mahalliylashtirish dasturini ishlab chiqish, loyiha hujjatlarini tayyorlash, shuningdek investitsiyalarni, kreditlar va grantlarni jalb etish sohasida:
marketing boʻlinmalari bilan birgalikda ishlab chiqariladigan va oʻzlashtirish potensial mumkin boʻlgan mahsulotlar nomenklaturasi boʻyicha ichki va tashqi sotish bozorlari konyunkturasini oʻrganish boʻyicha tadqiqotlarni tizimli asosda tayyorlaydi, uning oʻrtacha va uzoq muddatli istiqbolda bozor rivojlanishini prognozlashtirishni oʻz ichiga oladigan tarkibi va dinamikasini belgilab beradigan asosiy omillarni aniqlaydi;
respublika tarmoqlarining import qilinadigan mahsulotlari (xizmatlari) hajmi, tarkibi va nomenklaturasini chuqur tahlil qiladi;
har yili tarmoqni/tashkilotni modernizatsiyalash va rivojlantirish, loyihalar roʻyxatini va ularni moliyalashtirish manbalarini oʻz ichiga oladigan shu jumladan mahsulotni mahalliylashtirishni chuqurlashtirishga qaratilgan dasturlarini ishlab chiqadi va yangilaydi va shu asosda — Oʻzbekiston Respublikasining Investitsiya dasturini shakllantirishda qatnashadi;
sanoat tarmoqlarini, qishloq xoʻjaligi, xizmatlar va iqtisodiyotning ijtimoiy sohasini rivojlantirish va modernizatsiyalash davlat va tarmoq dasturlariga kiritish uchun loyiha takliflari roʻyxatini shakllantiradi va doimiy ravishda yangilaydi;
investitsiya taklifini va pasport, biznes-rejani, dastlabki texnik-iqtisodiy asoslash/texnik-iqtisodiy asoslash, dastlabki texnik-iqtisodiy hisoblash/texnik-iqtisodiy hisoblash hamda loyihaning oʻziga xosligini hisobga olgan holda boshqa zarur hujjatlarni oʻz ichiga oladigan loyiha hujjatlari ishlab chiqilishi, kelishilishi va belgilangan tartibda tasdiqlanishini muvofiqlashtiradi;
birinchi navbatda modernizatsiyalash, sanoatni rivojlantirish, mahalliylashtirish dasturlariga va har yilgi Investitsiya dasturiga kiritilgan loyihalar boʻyicha investitsiya takliflarining loyiha hujjatlarini investitsiya loyihalarining yagona bazasiga kiritish uchun belgilangan tartibda Iqtisodiyot vazirligiga hamda Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligiga tizimli asosda kiritadi;
investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun xorijiy investitsiyalar va kreditlar jalb etilishiga toʻsqinlik qiluvchi omillarni aniqlaydi hamda ularni bartaraf etish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish sohasida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, investitsiya muhitini yanada yaxshilash va ushbu yoʻnalishda ish samaradorligini oshirish boʻyicha takliflar kiritadi;
xorijiy mamlakatlar va transmilliy korporatsiyalarning investitsiya qoʻyish va sanoat ixtisoslashuvi imkoniyatlarini tahlil qiladi, potensial investorlarning texnik va moliyaviy imkoniyatlarini oʻrganadi va shu asosda ularning investitsiyalarini aniq tarmoq va loyihaga jalb etish boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
ishlab chiqaruvchilar boʻyicha jahon darajasidagi yangi ilgʻor texnologiyalarni, texnik parametrlarni va asbob-uskunalar, texnologiyalar va xizmatlarning qiymatlarini tahlil qiladi, ularning maʼlumotlar bazasini shakllantiradi va doimiy ravishda yangilaydi;
loyihalarni amalga oshirish uchun memorandumlar, taʼsis hujjatlari, investitsion va moliyaviy bitimlar va boshqa hujjatlar loyihalarini tayyorlaydi va belgilangan tartibda kelishadi;
investitsiya loyihalarini tayyorlash tarmoq jadvallarini ishlab chiqadi, kelishadi va belgilangan tartibda tasdiqlaydi hamda ularning oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlaydi;
investitsiya loyihalarining tayyorlanishi toʻgʻrisidagi axborotni tayyorlaydi hamda uning muntazamlilik asosida Iqtisodiyot vazirligi hamda Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligiga taqdim etilishini taʼminlaydi;
delegatsiyalar, missiyalar, xorijiy investorlar, xalqaro moliyaviy va iqtisodiy institutlar, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari vakillarining muvaffaqiyatli va samarali ishlashi uchun zarur tashkiliy, axborot va maslahat yordami koʻrsatadi, shuningdek loyihalarni tayyorlash, baholash va sharhlash uchun zarur tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazishda ularga koʻmaklashadi;
investitsiya loyihalarini amalga oshirish toʻgʻrisida Hukumat qarorlari loyihalari tayyorlanishi, kelishilishi va tasdiqlash uchun kiritilishini taʼminlashga oid zarur chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
b) investitsiya loyihalarini amalga oshirish (tenderlar oʻtkazish, kontraktlar tuzish va ularni roʻyxatga olish, tarmoq jadvallarining, investitsiya majburiyatlarining bajarilishi), mahalliylashtirish dasturlari monitoringi sohasida:
sanoatni texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash dasturlariga, tarmoq dasturlariga va Investitsiya dasturiga kiritilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirishning tarmoq jadvallarini ishlab chiqadi, kelishadi va belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
ijro etuvchi agentlik tuzilmasida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari, shu jumladan xorijiy investitsiyalar va kreditlar ishtirokidagi investitsiya loyihalari loyihani amalga oshirish tarmoq jadvaliga muvofiq ularni foydalanishga topshirishga qadar oʻz vaqtida va samarali amalga oshirilishini taʼminlaydi;
tender hujjatlari oʻz vaqtida ishlab chiqilishini va belgilangan tartibda kelishilishini taʼminlaydi, tender (tanlov) savdolari oʻtkazilgunga qadar xarid qilinadigan tovarlar va xizmatlar bozori konyunkturasini marketing yoʻli bilan, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilingan konsalting kompaniyalarini jalb etgan holda oʻrganadi;
tender (tanlov) savdolari oʻz vaqtida oʻtkazilishini, kontraktlar tuzilishini belgilangan tartibda taʼminlaydi, ularni ekspertizadan va roʻyxatdan oʻtkazadi;
Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga, xalqaro qoidalarga hamda tegishli xalqaro moliyaviy iqtisodiy institutlar va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining tartib-qoidalariga muvofiq tuzilgan kontraktlar boʻyicha asbob-uskunalar, materiallar yetkazib berish hamda ishlar va xizmatlarni bajarish monitoringini amalga oshiradi;
imzolangan kontraktlar boʻyicha investitsiya bitimlarining xorijiy sheriklari, yetkazib beruvchilar va pudratchilar, investitsiya loyihalarini tuzilgan kontraktlarga qatʼiy muvofiq ravishda oʻz vaqtida moliyalashtirish boʻyicha vakolatli banklar tomonidan majburiyatlar bajarilishi ustidan monitoring olib boradi;
Davlat investitsiya dasturi va boshqa dasturlar, shu jumladan tarmoq dasturlarini shakllantirish yuzasidan takliflar kiritadi;
investitsiya loyihalari amalga oshirilishi toʻgʻrisidagi axborotni kelishilgan shakl boʻyicha muntazamlilik asosida Iqtisodiyot vazirligiga hamda Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligiga taqdim etadi;
investitsiyalar va kreditlar jalb etilishiga toʻsqinlik qilayotgan omillarni aniqlash va tahlil qilish asosida ularni tezkor bartaraf etish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish, investitsiyalarni jalb etish sohasida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, investitsiya muhitini yanada yaxshilash va ushbu yoʻnalishda ish samaradorligini oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
investitsiya loyihalarini amalga oshirish sohasida boshqa funksiyalarni bajaradi.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Investitsiyalar departamenti (boʻlimi) ijro etuvchi agentlik rahbari bilan kelishgan holda ishlarning holati va loyihalar amalga oshirilishiga toʻsqinlik qilayotgan muammoli masalalar, shuningdek ularni hal etishga doir takliflar mufassal bayon qilingan axborotni Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat statistika qoʻmitasiga hamda Vazirlar Mahkamasining tegishli axborot-tahlil departamentiga har choraklik asosda taqdim etadi.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-noyabrdagi 313-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 44-son, 507-modda)
IV. Investitsiyalar departamenti (boʻlimi)ning huquqlari va majburiyatlari
11. Investitsiyalar departamenti (boʻlimi) unga yuklangan asosiy vazifalarga muvofiq quyidagi huquqlarga ega:
a) investitsiyalar va kreditlarni jalb etish hamda investitsiya loyihalarini amalga oshirish sohasida ijro etuvchi agentlik va barcha idoraviy mansub tashkilotlarning manfaatlarini himoya qilish;
b) vazirliklar, idoralar, tashkilotlar, xoʻjalik subyektlaridan, shuningdek ijro etuvchi agentlikning tegishli boʻlinmalaridan investitsiyalar va kreditlarni jalb etish hamda investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari boʻyicha axborotlar, materiallar, takliflar va xulosalarni belgilangan tartibda olish;
v) vazirliklar, idoralar, xalqaro moliyaviy va iqtisodiy institutlar, loyihalarni amalga oshirish guruhlari vakillari bilan birgalikda muammoli masalalarni aniqlash va ularni hal etish yuzasidan samarali chora-tadbirlar ishlab chiqish, shuningdek loyihalarni amalga oshirish jadvallaridan orqada qolish sabablarini bartaraf etish uchun uchrashuvlar tashkil etish va oʻtkazish;
g) xalqaro moliyaviy va iqtisodiy institutlar, xorijiy hukumat moliyaviy tashkilotlari missiyalarining ishini oʻz vaqtida va samarali tashkil etish uchun ularga zarur tashkiliy, axborot va maslahat yordami koʻrsatish, shuningdek loyihani tayyorlash va baholash uchun zarur tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazishda koʻmaklashish;
d) boʻsh lavozimlarni toʻldirish uchun loyihalarni amalga oshirish guruhlari rahbarlari va xodimlari nomzodlari yuzasidan takliflar kiritish;
e) investorlar va kreditorlar bilan tuziladigan protokollar, memorandumlar va boshqa hujjatlarni tegishli vazirliklar va idoralar bilan kelishish;
j) investorlar va kreditorlar bilan erishilgan ahdlashuvlarning oʻz vaqtida va samarali amalga oshirilishi yuzasidan monitoring olib borilishini taʼminlash.
12. Investitsiyalar departamenti (boʻlimi) xodimlari taqsimotga koʻra oʻzlari mutasaddilik qiladigan investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi barbod qilinganligi uchun shaxsan javob beradilar, shuningdek yuklangan funksional vazifalarning oʻz vaqtida bajarilmaganligi va sifatsiz bajarilganligi uchun intizomiy javobgarlikka tortilishlari mumkin.
13. Investitsiyalar departamenti (boʻlimi) rahbari hisobotlarda, shu jumladan loyihalarni amalga oshirish guruhlari hisobotlarida loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishning holati toʻgʻrisida taqdim etiladigan maʼlumotlarning va boshqa maʼlumotlarning ishonchliligi uchun javob beradi.
14. Investitsiyalar departamenti (boʻlimi) xodimlari malaka oshirish, loyiha hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazish, davlat monitoringi jarayonlari bilan tanishish, investitsion va moliyaviy hamkorlik masalalari boʻyicha xorijiy delegatsiyalar bilan muzokaralar oʻtkazish tajribasini takomillashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligida, Iqtisodiyot vazirligida, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligida, Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasida, Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasida va xizmat koʻrsatuvchi tijorat bankida belgilangan tartibda stajirovkadan oʻtadilar.
Keyingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 23-martdagi 84-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
Investitsiyalar departamentining
NAMUNAVIY TUZILMASI
Izoh:
Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda boshqa tashkilotlar, shuningdek yirik korxonalar markaziy apparati boshqaruv xodimlarining tasdiqlangan shtatdagi umumiy soni 50 nafar va undan ortiq boʻlganda investitsiya loyihalarini kompleks boshqarish boʻyicha tarkibiy boʻlinma departament shaklida tashkil etiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 23-martdagi 84-son qaroriga
4-ILOVA
4-ILOVA
Investitsiyalar boʻlimining
NAMUNAVIY TUZILMASI
Izoh:
Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda boshqa tashkilotlar, shuningdek yirik korxonalar markaziy apparati boshqaruv xodimlarining tasdiqlangan shtatdagi umumiy soni 50 nafardan kam boʻlganda investitsiya loyihalarini kompleks boshqarish boʻyicha tarkibiy boʻlinma boʻlim shaklida tashkil etiladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 12-13-son, 118-modda, 50-son, 515-modda; 2012-y., 44-son, 507-modda; 2015-y., 52-son, 647-modda; 2016-y., 14-son, 132-modda, 52-son, 602-modda; 2017-y., 26-son, 593-modda, Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2017-y., 09/17/1019/0463-son, 05.03.2018-y., 09/18/164/0849-son, 16.07.2018-y., 09/18/539/1519-son, 19.07.2018-y., 09/18/555/1540-son, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son, 20.06.2019 g., № 09/19/498/3310; 31.10.2020-y., 09/20/666/1433-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.12.2021-y., 09/21/766/1182-son)