OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QISHLOQ VA SUV XOʻJALIGI VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGI
Qarori
DON YETISHTIRUVCHI XOʻJALIKLARNI SIFATLI BOSHOQLI DON URUGʻLIGI BILAN TAʼMINLASH TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2010-yil 6-avgustda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2130]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2019-yil 5-avgustdagi 319-mh-sonli “Idoraviy normativ-huquqiy hujjatni davlat reyestridan chiqarish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2130-2, 05.08.2019-y.) asosan davlat reyestridan chiqarilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 7-sentabrdagi PQ-1183-son “2010-yil hosili uchun kuzgi boshoqli don ekinlarini ekish, navlarni joylashtirish va xarid qilishning tashkiliy chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2009-y., 9-son, 370-modda) 6-bandi ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi va Moliya vazirligi qaror qiladi:
1. Don yetishtiruvchi xoʻjaliklarni sifatli boshoqli don urugʻligi bilan taʼminlash toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Qishloq va suv xoʻjaligi vaziri Z. ROʻZIYEV
Toshkent sh.,
2010-yil 11-may,
7-son
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2010-yil 11-may,
42-son
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi va Moliya vazirligining 2010-yil 11-maydagi 7 va 42-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Don yetishtiruvchi xoʻjaliklarni sifatli boshoqli don urugʻligi bilan taʼminlash toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Urugʻchilik toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 9-son, 130-modda) va “Seleksiya yutuqlari toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-y., 9-son, 156-modda) qonunlariga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 7-sentabrdagi PQ-1183-son “2010-yil hosili uchun kuzgi boshoqli don ekinlarini ekish, navlarni joylashtirish va xarid qilishning tashkiliy chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2009-y., 9-son, 370-modda) muvofiq don yetishtiruvchi xoʻjaliklarni sifatli boshoqli don urugʻligi bilan taʼminlash tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom talablari don yetishtiruvchi xoʻjaliklarni boshoqli don urugʻligining yangi, istiqbolli, yuqori sifatli va serhosil navlari bilan taʼminlashga tatbiq etiladi.
2. Don yetishtiruvchi xoʻjaliklarni boshoqli donning yangi, istiqbolli, yuqori sifatli va serhosil navlari bilan taʼminlash uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda kamida ikkita don yetishtiruvchi xoʻjaliklarni sugʻoriladigan yerlarida 1 gektardan hamda bitta don yetishtiruvchi xoʻjalikning sugʻorilmaydigan (lalmikor) yerlarida 5 gektardan kam boʻlmagan oʻlchamdagi maydonda ushbu xoʻjaliklar bilan kelishilgan holda koʻrgazmali maydonchalar (keyingi oʻrinlarda koʻrgazmali maydonchalar deb yuritiladi) tashkil etiladi.
Koʻrgazmali maydonchalarni tashkil etishga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, viloyatlar qishloq va suv xoʻjaligi boshqarmalari, Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi tizimidagi gʻallachilikka ixtisoslashgan ilmiy-tadqiqot institutlari va ularning hududiy filiallari hamda Qishloq xoʻjaligi ekinlari navlarini sinash davlat komissiyasi va uning hududiy boʻlinmalari javobgar hisoblanadilar.
3. Koʻrgazmali maydonchalar tashkil etiladigan don yetishtiruvchi xoʻjaliklar, ularning joylashgan hududi va ularda ekiladigan boshoqli don ekinlari navlarining roʻyxati Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi hamda viloyatlar qishloq va suv xoʻjaligi boshqarmalari tomonidan belgilanadi.
4. Koʻrgazmali maydonchalarda mahalliy va xorijiy ilmiy muassasalar tomonidan yaratilgan, Oʻzbekiston Respublikasi hududida ekishga tavsiya etilgan qishloq xoʻjalik ekinlari Davlat reyestriga (keyingi oʻrinlarda Davlat reyestri deb yuritiladi) kiritilgan, istiqbolli deb hisoblangan hamda Qishloq xoʻjaligi ekinlari navlarini sinash davlat komissiyasida kamida bir yil davomida sinovdan oʻtgan bugʻdoyning yumshoq va qattiq hamda arpaning yangi va serhosil navlari sinov maqsadida ekiladi.
II. Don yetishtiruvchi xoʻjaliklarni boshoqli don urugʻligi bilan taʼminlash
5. Koʻrgazmali maydonchalarga ekiladigan boshoqli don ekinlari navlarining urugʻligi “Oʻzdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi tarkibiga kiruvchi don mahsulotlari korxonalari, Qishloq xoʻjaligi ekinlari navlarini sinash davlat komissiyasining hududiy boʻlinmalari, Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi tizimidagi gʻallachilikka ixtisoslashgan ilmiy-tadqiqot institutlari va ularning hududiy filiallari tomonidan bepul yetkazib beriladi.
6. Koʻrgazmali maydonchalarda yetishtirilgan hosil yigʻib olingach, boshoqli don ekinlari navlarining barcha qimmatli xoʻjalik koʻrsatkichlari aks ettirilgan maʼlumotlar 15-iyulgacha tuman qishloq va suv xoʻjaligi boʻlimlari tomonidan hududdagi barcha don yetishtiruvchi xoʻjaliklarga yetkaziladi.
7. Koʻrgazmali maydonchalarda yetishtirilgan hosil natijalaridan kelib chiqib, don yetishtiruvchi xoʻjaliklarning rahbarlari boshoqli don ekinlari navlari urugʻligini xarid qilish uchun:
urugʻlik zaxirasi shakllanmagan yangi boshoqli don ekinlari navlari urugʻligi uchun — 2 yil oldin;
ekib kelinayotgan, lekin urugʻlik zaxirasi yetishmaydigan boshoqli don ekinlari navlari urugʻligi uchun — 1 yil oldin;
urugʻlik zaxirasi yetarli boshoqli don ekinlari navlari urugʻligi uchun — joriy yilda tuman qishloq va suv xoʻjaligi boʻlimlariga yilning 20-iyuligacha buyurtma beradi.
8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi hamda viloyatlar qishloq va suv xoʻjaligi boshqarmalari Qishloq xoʻjaligi ekinlari navlarini sinash davlat komissiyasi bilan birgalikda koʻrgazmali maydonchalardagi boshoqli don ekinlari hosili yigʻishtirib olingach, har bir boshoqli don ekinlari navi urugʻligidan 6 kg dan namunalar olib, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat don inspeksiyasining markaziy laboratoriyasiga texnologik sifat koʻrsatgichlarini tahlil qilish uchun yuboradi. Bunda, boshoqli don ekinlari donining sifatini aniqlashda haqqoniylikni taʼminlash maqsadida boshoqli don ekinlari navlarining nomlari Qishloq xoʻjaligi ekinlari navlarini sinash davlat komissiyasi tomonidan kodlashtiriladi.
9. Koʻrgazmali maydonchalarda yetishtirilgan boshoqli don ekinlari navlarining sifat koʻrsatkichlari boʻyicha aniqlangan maʼlumotlar Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi hamda Qishloq xoʻjaligi ekinlari navlarini sinash davlat komissiyasi tomonidan umumlashtiriladi va har yili 1-avgustga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligiga taqdim qilinadi.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi taqdim qilingan boshoqli don ekinlari navlarining sifat koʻrsatkichlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga asoslanib Qishloq xoʻjaligi ekinlari navlarini sinash davlat komissiyasi, “Oʻzdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat don inspeksiyasi bilan kelishgan holda boshoqli donning yangi, istiqbolli va serhosil navlarini xarid qilish borasida don yetishtiruvchi xoʻjaliklarni ragʻbatlantirish uchun har yili yumshoq va qattiq bugʻdoyning yangi, istiqbolli, qimmatbaho va kuchli navlari hamda arpaning istiqbolli va pivobop navlarining roʻyxatini tasdiqlaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
11. Don yetishtiruvchi xoʻjaliklarni ragʻbatlantirish Don va dukkakli don ekinlari ilmiy-tadqiqot instituti va uning filiallariga urugʻchilik hamda boshqa xoʻjaliklardan davlat resursiga xarid qilinadigan urugʻlik don uchun nav ustamalaridan 3 foizgacha ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 2382, 2012-yil 25-iyul) muvofiq amalga oshiriladi.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi va Moliya vazirligining 2015-yil 30-apreldagi 12,35-sonli qarori (roʻyxat raqami 2130-1, 13.05.2015-y.) tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 19-son, 240-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi va Moliya vazirligining 2015-yil 30-apreldagi 12, 35-sonli qaroriga (roʻyxat raqami 2130-1, 13.05.2015-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2015-y., 19-son, 240-modda)
III. Yakuniy qoidalar
13. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
14. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, “Oʻzdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi, Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat don inspeksiyasi bilan kelishilgan.
Iqtisodiyot vaziri S. BEKENOV
2010-yil 10-may
“Oʻzdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi raisi E. QUDRATOV
2010-yil 10-may
Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi ilmiy ishlab chiqarish markazi bosh direktori Sh. NURMATOV
2010-yil 10-may
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat don inspeksiyasi boshligʻi Z.ABIDOV
2010-yil 4-iyun
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 32-son, 274-modda; 2015-y., 19-son, 240-modda)