Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi bosh direktorining
buyrugʻi
QIMMATLI QOGʻOZLAR EMISSIYASI VA EMISSIYAVIY QIMMATLI QOGʻOZLAR ChIQARILIShLARINI DAVLAT ROʻYXATIDAN OʻTKAZISh QOIDALARIGA OʻZGARTIRIShLAR KIRITISh TOʻGʻRISIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2010-yil 27-fevralda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2000-1]
Oʻzbekiston Respublikasining “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 29-30-son, 278-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 30-martdagi 126-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi toʻgʻrisidagi nizomga (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 1996-y., 3-son, 11-modda) muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi bosh direktorining 2009-yil 16-iyuldagi 2009-40-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan Qimmatli qogʻozlar emissiyasi va emissiyaviy qimmatli qogʻozlar chiqarilishlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish qoidalariga (roʻyxat raqami 2000, 2009-yil 30-avgust) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 36-son, 394-modda) ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Bosh direktor K. TOLIPOV
Toshkent sh.,
2010-yil 29-yanvar,
2010-02-son
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi bosh direktorining 2010-yil 29-yanvardagi 2010-02-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Qimmatli qogʻozlar emissiyasi va emissiyaviy qimmatli qogʻozlar chiqarilishlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish qoidalariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 1-bandning oltinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“korporativ obligatsiya (keyingi oʻrinlarda obligatsiya deb yuritiladi) — ochiq aksiyadorlik jamiyatlari va boshqa tashkiliy-huquqiy shakllarda tashkil etilgan tijorat banklari tomonidan chiqarilgan, obligatsiyani saqlovchining obligatsiyaning nominal qiymatini yoki boshqa mulkiy ekvivalentini obligatsiyani chiqargan shaxsdan obligatsiyada nazarda tutilgan muddatda olishga, obligatsiyaning nominal qiymatidan qayd etilgan foizni olishga boʻlgan huquqini yoxud boshqa mulkiy huquqlarini tasdiqlovchi emissiyaviy qimmatli qogʻoz;”.
2. 21-bandning birinchi jumlasi chiqarib tashlansin.
3. 22-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Obligatsiyalarni faqat tijorat banklari, shuningdek, quyidagi shartlarga rioya etgan holda ochiq aksiyadorlik jamiyatlari:”.
4. 23-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“23. Obligatsiyalar ularning egalariga ochiq aksiyadorlik jamiyatini va boshqa tashkiliy-huquqiy shaklda tashkil etilgan tijorat bankini boshqarishda ishtirok etish huquqini bermaydi.”.
5. 26-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“26. Ustav fondining shakllanganiga qadar (tijorat banklari ustav fondining shakllanish hollari bundan mustasno), shuningdek, uni toʻldirish yoki emitentning moliyaviy-xoʻjalik faoliyati bilan bogʻliq zararlarni qoplash uchun obligatsiyalar chiqarishga yoʻl qoʻyilmaydi.”.
6. 43-bandning “g” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“g) yuridik shaxs sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning notarial tasdiqlangan nusxasi, banklar boʻlgan taqdirda esa — bank operatsiyalarini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaning notarial tasdiqlangan nusxasi;”.
7. 45-bandda:
a) “e” kichik bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin;
b) “o” kichik bandidan “(egasining nomi yozilgan obligatsiyalar uchun)” degan soʻzlar chiqarib tashlansin.
8. 73-bandning “a” va “b” kichik bandlari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“a) aksiyadorlik jamiyatlarining aksiyadorlariga qimmatli qogʻozlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ularga tegishli aksiyalar soniga mutanosib ravishda imtiyozli olish huquqi taqdim etilganida;
b) qonun hujjatlarida Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan qimmatli qogʻozlarni olishga cheklovlar qoʻyilganida;”.
9. 95-bandda:
“g” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“g) roʻyxatdan oʻtkazuvchi organning hisobotlarni taqdim etish va axborotni oshkor etish toʻgʻrisidagi koʻrsatmalari bajarilmaganda (faqat joylashtirish muddati davomida);”;
“e” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“e) qimmatli qogʻozlarni chiqarish toʻgʻrisidagi qaror va risola bilan tanishib chiqish joyi va tartibi boʻyicha maʼlumotlar nashr qilinmaganda (faqat joylashtirish muddati davomida);”.
10. Mazkur oʻzgartirishlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan kelishilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari A. ABDUXAKIMOV
2010-yil 26-yanvar
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F. MULLAJONOV
2010-yil 26-yanvar
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 9-son, 69-modda)