Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“UMUMTAʼLIM MAKTABLARI UCHUN DARSLIKLAR VA OʻQUV ADABIYOTLARINI NASHR QILISH TIZIMINI TAKOMILLASHTIRISH” LOYIHASINI AMALGA OSHIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Kadrlar tayyorlash milliy dasturini roʻyobga chiqarish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Taʼlim-tarbiya va kadrlar tayyorlash tizimini tubdan isloh qilish, barkamol avlodni voyaga yetkazish toʻgʻrisida”gi Farmonini bajarish yuzasidan, Osiyo rivojlanish banki (ORB) bilan hamkorlikni mustahkamlashning muhimligini eʼtiborga olib Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. ORB direktorlari kengashi “Umumtaʼlim maktablari uchun darsliklar va oʻquv adabiyotlarini nashr qilish tizimini takomillashtirish” loyihasini amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasiga umumiy summasi 40 mln AQSH dollari boʻlgan kredit resurslari, shu jumladan:
Osiyo rivojlanish banki resurslaridan yangi darsliklar, oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar va kutubxona kitoblari tayyorlash va nashr etish uchun majburiyatlar uchun vositachilik haqi yiliga 1 foiz hamda oʻn yildan iborat imtiyozli davrni qoʻshgan holda toʻlov muddati 35 yil boʻlgan 14,455 mln SDR (20 mln AQSH dollariga teng shartli pul birligida) miqdorida kredit;
ORB oddiy kapital resurslari mablagʻlaridan matbaa asbob-uskunalari va qogʻoz xarid qilish uchun oʻzgaruvchan foiz stavkasi boʻyicha va besh yildan iborat imtiyozli davrni qoʻshgan holda toʻlov muddati 25 yil boʻlgan revolver asosda 20 mln AQSH dollari miqdorida qarz berilishini maʼqullagani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
ORB kredit mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi va ORB oʻrtasidagi Qarz va Kredit bitimlari asosida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga beriladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va ORB oʻrtasidagi qayta kreditlash toʻgʻrisidagi Bitimga muvofiq va loyiha bitimi asosida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga ORB oddiy kapital resurslaridan olinadigan qarzni qayta kreditlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki qarzga olingan mablagʻlarni maktab oʻquv adabiyotlarini nashr qilishga ixtisoslashtirilgan Oʻzbekiston Respublikasi nashriyotlariga va matbaa korxonalariga matbaa asbob-uskunalarini xarid qilish uchun 7 yilgacha davrga va qogʻoz xarid qilish uchun 18 oygacha davrga revolver asosda beradi;
qarz mablagʻlari, ular boʻyicha foizlar va vositachilik haqi nashriyotlar va matbaa korxonalari hisobiga hamda yetmagan qismi — davlat budjeti mablagʻlari hisobiga toʻlanadi;
kreditni va majburiyat uchun vositachilik haqini Kredit bitimida belgilangan muddatda toʻlash Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi uchun respublika budjetida nazarda tutiladigan mablagʻlar hisobiga amalga oshiriladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki ORBning oddiy kapital resurslari mablagʻidan beriladigan qarz boʻyicha ijro etuvchi agentlik hisoblanadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi ORBning resurslaridan beriladigan kredit boʻyicha ijro etuvchi agentlik hisoblanadi.
3. Qarz va kreditni toʻlash jadvallari 1 va 2-ilovalarga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1 va 2-ilovalar rus tilidagi matnida berilgan.
4. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Qarz va Kredit bitimini, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki oʻrtasidagi Qayta kreditlash toʻgʻrisidagi Bitimni imzolashga Moliya vaziri;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va ORB oʻrtasidagi 20 mln AQSH dollari miqdoridagi Loyiha bitimini imzolashga Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki raisi vakil qilinsin.
5. Qarz mablagʻlarini oluvchi nashriyotlar va matbaa korxonalari Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga zarur hujjatlar va qoʻshimcha loyihalar texnik-iqtisodiy asoslashlari ekspertiza qilish uchun oʻz vaqtida taqdim etilishini taʼminlasinlar.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi beriladigan kredit mablagʻlaridan foydalanish yuzasidan zarur hujjatlar va texnik-iqtisodiy asoslashlar Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga oʻz vaqtida taqdim etilishini taʼminlasin.
7. Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va ORB oʻrtasidagi Qarz va Kredit bitimlari boʻyicha yuridik xulosalarni bir oy muddatda ishlab chiqsin va ORBga taqdim etsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Xalq taʼlimi vazirligi, Tashqi Iqtisodiy faoliyat milliy banki va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda kredit va qarzni berish, ulardan foydalanish hamda kredit va qarzni, vositachilik haqi va ular boʻyicha foizlarni qaytarish tartibini ikki oy muddatda ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
9. Nashriyotlar va matbaa korxonalari ORB qarz mablagʻlari hisobiga import qilinadigan asbob-uskunalarni bojxonada rasmiylashtirishda undiriladigan soliqlar va boj toʻlovlaridan ozod etilsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ijro etuvchi agentliklar buyurtmanomalariga koʻra loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy tashkilotlar vakillariga toʻlov undirmasdan vizalar, zarur hollarda, koʻp martalik vizalar berilishini taʼminlasin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi loyihani ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarni Oʻzbekiston Respublikasidagi yashash joyida roʻyxatdan oʻtkazish uchun yigʻimlar toʻlashdan ozod qilsin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari A.A. Azizxoʻjayev va B.S. Hamidov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 4-may,
187-son