OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MEHNAT VA AHOLINI IJTIMOIY MUHOFAZA QILISH VAZIRINING
buyrugʻi
DARYO TRANSPORTI XODIMLARI UCHUN MEHNATNI MUHOFAZA QILISH QOIDALARINI TASDIQLASH HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2010-yil 14-yanvarda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2067]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi “Mehnatni muhofaza qilishga doir meʼyoriy hujjatlarni qayta koʻrib chiqish va ishlab chiqish toʻgʻrisida”gi 267-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 2000-y., 7-son, 39-modda) ijrosini taʼminlash maqsadida buyuraman:
1. Daryo transporti xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Vazir v.b. A. XAITOV
Toshkent sh.,
2009-yil 10-dekabr,
76/1-B-son
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2009-yil 10-dekabrdagi 76/1-sonli buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Daryo transporti xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 5-son, 223-modda) muvofiq daryo transporti xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish tartibini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi ichki suv yoʻllarida daryo transportidan foydalanayotgan yoki foydalanishni taʼminlayotgan tashkilotlar (bundan keyingi oʻrinlarda tashkilotlar deb yuritiladi) xodimlari uchun daryo transportida tashishlarni tashkil etish va amalga oshirish, daryo transportidan foydalanish va ularga texnik xizmat koʻrsatish ishlari uchun taalluqlidir.
2. Mazkur Qoidalar tashkilotlarda binolarini va inshootlarini loyihalash, qurish va qayta qurishda, sexlarni texnik jihozlash va qayta jihozlashda, texnologik jarayonlar hamda uskunalardan foydalanishda hisobga olinishi lozim.
3. Mazkur Qoidalar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablari bajarilishi shart ekanligini istisno etmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilishga oid normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etilishi ustidan davlat nazorati bunga maxsus vakolat berilgan davlat organlari tomonidan, jamoatchilik nazorati esa mehnat jamoalari va kasaba uyushmasi tashkilotlari tomonidan saylanadigan mehnatni muhofaza qilish boʻyicha vakillar tomonidan amalga oshiriladi.
II. Xavfsizlik boʻyicha umumiy talablar
1-§. Mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish
5. Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish borasidagi ishlarni tashkil qilish Mehnat muhofazasi boʻyicha ishlarni tashkil qilish haqidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 273, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Mehnat muhofazasi boʻyicha ishlarni tashkil qilish haqidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 273, 1996-yil 14-avgust) muvofiq tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish boʻyicha ichki nazoratning asosiy turlari quyidagilar hisoblanadi:
ishlarga rahbarlik qiluvchi va boshqa mansabdor shaxslarning tezkor nazorati;
maʼmuriy-jamoatchilik nazorati (uch bosqichli nazorat);
bosh mutaxassislar xizmati tomonidan amalga oshiriladigan nazorat.
Quyidagilar nazorat qilinishi lozim:
ish joylarining ahvoli;
mehnat qonunchiligiga rioya qilinishi;
mehnatni muhofaza qilishni boshqarish vazifalarini amalga oshirishga doir ishlarni bajarish;
ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni oʻz vaqtida, toʻgʻri oʻrganib chiqilishi;
mehnatni muhofaza qilish chora-tadbirlarining bajarilishi;
mehnatni muhofaza qilishga ajratilgan mablagʻlarning toʻgʻri sarflanishi.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Tashkilotlarda quyidagi asosiy hujjatlar ishlab chiqiladi (tasdiqlanadi) va yuritiladi:
mehnat sharoitlari va mehnatni muhofaza qilish ishlarini yaxshilash, sanitariya-sogʻlomlashtirish chora-tadbirlari boʻyicha boʻlimni oʻz ichiga olgan jamoaviy shartnoma;
tasdiqlangan mehnat sharoitlarini baholash va ish oʻrinlarini attestatsiya qilish uslubiga muvofiq ish oʻrinlarini attestatsiya qilish kartalari;
mehnatni muhofaza qilish xizmatining choraklik ish rejalari;
ishchilar va muhandis-texnik xodimlarni oʻqitish, yoʻl-yoʻriq berish va bilimlarini sinovdan oʻtkazish dasturlari;
mehnatni muhofaza qilish boʻyicha maʼmuriy-jamoatchilik nazoratini yuritish jurnali (uch bosqichli nazorat);
ishchi va xizmatchilar bilan yongʻinga qarshi yoʻl-yoʻriq berish va yongʻin-texnikaviy minimum mashgʻulotlarini oʻtkazish dasturi;
har bir kasb va ish turlari boʻyicha mehnatni muhofaza qilish yoʻriqnomalari.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Oʻzbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-yil, 5-son, 223-modda) 14-moddasiga muvofiq xodimlar soni 50 nafar va undan oshadigan tashkilotlarda maxsus tayyorgarlikka ega shaxslar orasidan mehnatni muhofaza qilish xizmatlari tuziladi (lavozim joriy etiladi), 50 va undan ortiq transport vositalariga ega boʻlgan tashkilotlarda esa bundan tashqari yoʻl harakati xavfsizligi xizmatlari tuziladi (lavozimlar joriy etiladi). Xodimlar soni va transport vositalari miqdori kamroq tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish xizmatining vazifalarini bajarish rahbarlardan birining zimmasiga yuklatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Mehnatni muhofaza qilish xizmati oʻz maqomiga koʻra tashkilotning asosiy xizmatlariga tenglashtiriladi va uning rahbari yoki bosh muhandisiga boʻysunadi hamda tashkilotning faoliyati tugatilgan taqdirda bekor qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Mehnatni muhofaza qilish xizmatining mutaxassislari lavozim yoʻriqnomasiga binoan ularning majburiyatlari jumlasiga kiritilmagan boshqa ishlarni bajarishga jalb qilinishi mumkin emas.
11. Tashkilotlarda mehnat faoliyati bilan bogʻliq ravishda sodir boʻlgan baxtsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni tekshirish va hisobini yuritish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-sonli qarori bilan tasdiqlangan Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
2-§. Xodimlarga yoʻl-yoʻriq berish, oʻqitish va ularning bilimlarini sinovdan oʻtkazish ishlarini tashkil etish
12. Tashkilotlarning barcha xodimlari, shu jumladan rahbarlari oʻz kasblari va ish turlari boʻyicha belgilangan tartibda oʻqishlari, yoʻl-yoʻriqlar olishlari hamda bilimlari sinovdan oʻtkazilishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
13. Xodimlarning mehnatni muhofaza qilish boʻyicha bilimlarini sinovdan oʻtkazish Mehnat muhofazasi boʻyicha oʻqishlarni tashkil qilish va bilimlarni sinash haqidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 272, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Ishlarni texnologik reglament boʻyicha xavfsiz yuritish yoʻriqnomalari Mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻriqnomalarni ishlab chiqish toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 870, 2000-yil 7-yanvar) (Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi 2000-y., 1-son) muvofiq ishlab chiqiladi va ishlovchilar hamda ish joylarini shu yoʻriqnomalar bilan taʼminlash tashkilot rahbariyati zimmasiga yuklatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3-§. Xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari
15. Tashkilot xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari, ularning tavsifi, yuzaga kelish manbalari, ishchilarga taʼsir qilish xususiyatlari va salomatlik uchun xavflilik darajasi va kelgusidagi oqibatlari toʻgʻrisida toʻliq va xolisona maʼlumotga ega boʻlishi lozim.
16. Ish joylaridagi ishlab chiqarish muhiti va mehnat jarayonining xavfli hamda zararli omillari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ishlab chiqarish muhitining fizik, kimyoviy, radiologik, mikrobiologik va mikroiqlim oʻlchovi natijalari, shuningdek mehnatning ogʻirligi ish joylarini mehnat sharoitlari boʻyicha attestatsiya qilish orqali tasdiqlanishi lozim.
17. Har bitta tashkilot yoki alohida ishlab chiqarish xavfli va zararli mehnat sharoitlariga ega boʻlgan kasblar, ish oʻrinlari va hududlarining Sanitariya qoidalari va meʼyorlariga muvofiq zararlilik va xavflilik sinfi koʻrsatilgan roʻyxatiga, ishlab chiqarish omillarining zararlilik va xavflilik koʻrsatkichlari, mehnat jarayonining ogʻirlik koʻrsatkichlari boʻyicha mehnat sharoitlarining amaldagi gigiyenik tasnifiga ega boʻlishi lozim.
18. Ish hududiga yoki atrof muhitga zararli moddalarni bugʻ, gaz, chang koʻrinishida ajratishi mumkin boʻlgan texnologiyalardan foydalanishda ularning kimyoviy va mikrobiologik tarkibi va ruxsat etilgan eng koʻp miqdori koʻrsatilgan toʻliq roʻyxati tuzilishi lozim.
19. Yangi zararli moddalar paydo boʻlishiga yoki xavfli va zararli omillar yoʻqolishiga olib keladigan texnologik jarayonlar oʻzgarishlarida yoxud yangi ishlab chiqarish uskunalarni joriy qilishda roʻyxatlarga tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi lozim.
20. Tashkilot xodimlari ish joylaridagi mehnat sharoitlarining ahvoli va muhofaza qilinishi, bunda lozim boʻlgan shaxsiy himoya vositalari, imtiyozlar va tovon pullari toʻgʻrisida axborot talab qilish huquqiga egadirlar, rahbariyat esa ularga bunday axborotni berishi shart.
21. Daryo transportidan foydalanish, xizmat koʻrsatish va taʼmirlash davrida tashkilot ishchilari ishlab chiqarishning har xil taʼsir etuvchi fizik va kimyoviy xavfli va zararli omillariga duch kelishlari mumkin.
22. Ishlab chiqarishning asosiy xavfli va zararli omillari:
a) ish hududi havosining gazlanganligi va changlanganligi;
b) ish hududi havosining yuqori yoki past harorati;
v) ish joyidagi yuqori darajadagi shovqin;
d) yuqori yoki kam havo namligi;
g) havoning yuqori yoki kam harakati;
j) ish hududining yetarlicha yoritilmaganligi;
e) toʻgʻridan-toʻgʻri yoki aks etgan yaltirash;
yo) ish joyining juda balandlikka joylashganligi;
k) harakatlanayotgan mashina va mexanizmlar, kran uskunalarining harakatlanayotgan qismi, koʻtarilayotgan va koʻchirilayotgan yuk, arqonlar, zanjirlar, stroplar, ilgaklar, traverslar, qisqichlar, muvozanatlantiruvchilar, yuk ushlagichlar va h.k., tashilayotgan yuklarning oʻtkir burchaklari, chiqib turgan boltlar, mixlar, harakatlanayotgan kranlar, daryo, avtomobil va temir yoʻl transportlari va boshqalar;
l) elektr uzatkichli kranlarda qisqa tutashuv natijasida inson tanasi orqali oʻtuvchi elektr zanjiridagi yuqori kuchlanishlar;
m) avtomobil kranlarda, avtotransport texnikalarida va avto yuklagichlarda etil benzinining zaharli taʼsiri va boshqalar.
23. Harakatlanuvchi mashina va mexanizmlar, ishlab chiqarish uskunalarining harakatlanuvchi qismlari davlat standartlari talablariga muvofiq boʻlishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
24. Sanitariya-gigiyena talablari mikroklimat koʻrsatkichlariga, shovqin va tebranish darajasi, yorugʻlik, Sanitariya qoidalari va meʼyorlari hamda davlat standartlariga muvofiq boʻlishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
25. Ish hududidagi havoning zararli moddalar miqdori gigiyena meʼyorlariga mos kelishi shart.
26. Ortish-tushirish ishlari bajarilayotgan joylarda zararli moddalar (aerozol, bugʻ) va ish hududining changlanishi ruxsat etilgan chegaralangan konsentratsiyadan oshmasligi kerak.
4-§. Jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalarini qoʻllash
27. Ishlovchilarni zararli va xavfli ishlab chiqarish muhiti omillaridan himoya qilish tegishli standartlar va meʼyorlar talablariga mos jamoaviy va shaxsiy himoya vositalaridan foydalanish orqali taʼminlanishi lozim.
28. Jamoaviy himoya qilish vositalari jumlasiga quyidagilar kiradi:
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining havo muhitini normallashtirish vositalari (shamollatish va havo tozalash, isitish, havo haroratini, namligini bir xil meʼyorda saqlash va boshqalar);
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining yorugʻligini normallashtirish vositalari (yoritish asboblari, yorugʻlik oʻrinlari, yorugʻlikdan himoya qilish moslamalari va boshqalar);
shovqin, tebranma, elektr toki urishi, statik tok va uskunalar yuzasining yuqori darajadagi haroratdan himoya qilish vositalari;
mexanik va kimyoviy omillarning taʼsiridan himoya qilish vositalari.
29. Jamoaviy himoya vositalari (ventilyatsiya, aspiratsiya, yerga ulash, mahalliy soʻrgʻichlar va boshqalar) zararli va xavfli ishlab chiqarish muhiti omillari xonadagi barcha ishlovchilarga taʼsir qilganda qoʻllanishi shart va tashkilotni qurish yoki rekonstruksiya qilish loyihalariga kiritilishi lozim.
30. Jamoaviy himoya vositalari zararli va xavfli omillarni ruxsat etilgan miqdorgacha kamaytirish imkonini bermagan hollarda shaxsiy himoya vositalari qoʻllanishi lozim. Bunday hollarda shaxsiy himoya vositalarisiz kishilarning ishtiroki va ishlar amalga oshirilishi taqiqlanadi.
31. Yakka tartibdagi himoya vositalari Avtomobil va daryo transporti xodimlari uchun maxsus kiyim, maxsus poyabzal va boshqa yakka tartibda himoyalanish vositalarini bepul berishning namunaviy meʼyorlarini tasdiqlash haqida (roʻyxat raqami 1511, 2005-yil 8-sentabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 34 — 36-son, 269-modda) muvofiq taʼminlashi shart.
5-§. Kasbiy tanlov
32. Har bitta tashkilot oʻta xavfli sharoitda bajariladigan ishlar roʻyxatiga ega boʻlishi lozim. Roʻyxatda aniq texnologik jarayon, ishlab chiqarish uskunasi, ishlatiladigan xom ashyo va ishlarni amalga oshirish xususiyatlari bilan bogʻliq xavflar hisobga olinishi lozim. Roʻyxatga xavfli moddalar bilan bajariladigan ishlar, balandlikda, ifloslangan havo va suv muhitida, yuqori harorat va namlik sharoitida bajariladigan ishlar, bugʻ va suv isitish qozonlari, yuk koʻtarish mexanizmlari, bosim ostida ishlaydigan sigʻimlar, elektr uskunalarga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq ishlar va amaldagi tarmoq roʻyxatlariga muvofiq boshqa ishlar kiritilishi shart.
33. Oʻta xavfli ishlarga xizmat koʻrsatish ishlari bilan shugʻullanish faqat belgilangan tartibda tasdiqlangan, maxsus oʻqitilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomalarga ega boʻlgan shaxslarga ruxsat etilishi lozim.
34. Kasbiy tanlovdan soʻng ishga qabul qilingan xodimlarni kasbiy mahorati yuqori ekanligiga ishonch hosil qilish maqsadida nazorat oʻrnatish, zarur boʻlganda qayta yoʻl-yoʻriqdan oʻtkazish lozim.
35. Tashkilot rahbariyati yoki ish beruvchi xavflilik darajasi yuqori boʻlgan ishlarni rejalashtirish, tashkillashtirish va ularga nisbatan belgilangan talablarga muvofiq holda amalga oshirish uchun toʻliq javobgar hisoblanadi.
6-§. Xodimlarning ishlab chiqarish jarayonida ishtirok etishiga ruxsat berish
36. Tashkilot xodimlari ishni bajarishning xavfsiz usullariga oʻqitilib, olingan bilimlari Mehnat muhofazasi boʻyicha oʻqishlarni tashkil qilish va bilimlarni sinash haqidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 272, 1996-yil 14-avgust) muvofiq sinovdan oʻtkazilgandan soʻng ishlab chiqarish jarayonida ishtirok etishga ruxsat etilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
37. “Oʻn sakkiz yoshdan kichik shaxslarning mehnati qoʻllanishi taqiqlanadigan noqulay mehnat sharoitlari ishlari roʻyxati”ga (roʻyxat raqami 1990, 2009-yil 29-iyul) muvofiq 18 yoshga toʻlmagan shaxslar zararli va noqulay mehnat sharoitiga ega ishlarga qabul qilinmasligi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
38. “Ayollar mehnatidan foydalanish qisman yoki toʻliq taqiqlangan noqulay mehnat sharoitiga ega ishlar roʻyxati”ga (roʻyxat raqami 865, 2000-yil 5-yanvar) muvofiq ayollar zararli va noqulay mehnat sharoitiga ega ishlarga qabul qilinmasligi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
7-§. Xodimlarning salomatligini nazorat qilish
39. Tashkilotlarda xodimlarning sogʻligʻini nazorat qilish “Xodimlarni ishga qabul qilishda dastlabki va davriy tibbiy koʻriklardan oʻtkazish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi buyruq (roʻyxat raqami 937, 2000-yil 23-iyun) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 10-11-son, 116-modda) asosida amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
40. Tashkilot rahbariyati (yoki ish beruvchi) kasaba uyushmasi qoʻmitasi va vakolatli sogʻliqni saqlash organlari bilan birgalikda har yili davriy tibbiy koʻrikdan oʻtishi lozim boʻlgan xodimlarning roʻyxatini tuzishi hamda xodimlarning koʻrikka kelishini taʼminlashi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
41. Tibbiy koʻriklar tashkilotning tibbiy-sanitariya qismlari va poliklinikalari, ular mavjud boʻlmagan holda davolash-profilaktika muassasasi tomonidan oʻtkazilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
42. Tashkilot rahbariyati tibbiy koʻrik dalolatnomasi bilan tanishib chiqishi, hamda dalolatnomada koʻzda tutilgan barcha tadbirlar va koʻrsatmalarni bajarishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
43. Davriy tibbiy koʻriklar oʻz vaqtida, sifatli oʻtkazilishi va ularning natijalariga koʻra tavsiyalar bajarilishi uchun javobgarlik tashkilotning rahbariyati zimmasiga yuklanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
44. Xodim tibbiy koʻrikdan oʻtishdan boʻyin tovlagan yoki tibbiy komissiyalar tomonidan oʻtkazilgan tekshirishlar natijalariga koʻra berilgan tavsiyalarni bajarmagan taqdirda rahbariyat ushbu xodimni ishga qoʻyishga haqli emas.
Keyingi tahrirga qarang.
8-§. Mehnat va dam olish yuzasidan talablar
45. Tashkilotlarda xodimlarning ish vaqti, dam olish vaqti, shuningdek qisqartirilgan ish vaqti Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 11-martdagi 133-son qarori bilan tasdiqlangan Mehnat sharoiti oʻta zararli va oʻta ogʻir ishlarda band boʻlgan xodimlar uchun ish vaqtining cheklangan muddati talablariga muvofiq tashkilotlarning ichki mehnat qoidalarida belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
9-§. Tashkilot maydonlariga boʻlgan umumiy xavfsizlik talablari
Keyingi tahrirga qarang.
46. Tashkilot maydonlari va binolarni joylashuvi SanMvaQ II-89-80 “Sanoat tashkilotlarini bosh plani”ga mos boʻlishi kerak.
47. Tashkilotda transport vositalarini va piyodalarni tashkilot hududida harakatlanish chizmasi ishlab chiqilgan va tasdiqlangan boʻlishi kerak.
48. Transport vositalari va tashkilot hududida piyodalarning harakati chizmasi tashkilotga kirish va chiqish, hamda ish uchastkalari va sexlarning koʻrinarli joylariga osib qoʻyilishi kerak.
49. Tashkilotda avtoyoʻllar yoki piyoda yoʻlkalari bilan tutashgan ichki tashkilot temir yoʻllari uchrashgan joylarda avtoyoʻllar va piyodalar uchun oʻtish yoʻllari boʻlishi lozim.
50. Tashkilot maydonlari koʻkalamzorlashtirilgan va suv quyish quvurlari tarmoqlari bilan taʼminlangan boʻlishi kerak. Qurilish maydonida ishchilar uchun dam olish joylari boʻlishi lozim.
51. Sutkaning qorongʻi vaqtlarida hududlarning yoritilishi “Tabiiy va sunʼiy yoritish” QMQ 2.01.05-98 talabiga javob berishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
52. Tashkilot maydonidagi oʻtish joylari mustahkam yopqichlar, suvlar oqib ketadigan inshootlar bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
53. Yilning yoz vaqtida yoʻlkalar va oʻtish joylariga suv sepilgan, qishda qordan tozalanib, qum sepilgan boʻlishi kerak.
10-§. Bino va inshootlarga boʻlgan xavfsizlik talablari
54. Ishlab chiqarish va yordamchi xonalarni (harorati, nisbiy namligi, havoni harakatlanish tezligi va boshqalar) mikroiqlimi GOST 12.1.005-88 talabiga muvofiq boʻlishi kerak.
55. Ishlab chiqarish va yordamchi binolarda hojatxona, yuvinish xonasi, dush, ayollar shaxsiy gigiyenasi xonasi, yechinish xonasi, maxsus kiyimlarni quritish va changdan tozalash xonasi, ishchilar uchun isinish xonasi, dam olish va ovqatlanish xonasi, yigʻishtirish inventari bilan birga navbatchi xodim xonasi, dam olish xonasi, soqolni olish, boshni quritish, maxsus kiyimlarni yuvish xonasi, sogʻliqni saqlash punkti va boshqalar QMQ 2.09.04-98 “Tashkilotlarning maʼmuriy va maishiy binolari” talabiga mos kelishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
56. Hoʻl jarayonlardagi xonalarda hamda issiq oʻtkazuvchi pollarda (betonli, gʻishtli, plitali va boshqalar) muntazam ishlovchi ishchi joylarida yogʻoch toʻshamalar va panjaralar yotqizilgan boʻlishi kerak.
57. Pol toʻshamalari zararli moddalar, ishlab chiqarishdagi kirlar va changlardan yengil tozalanishni taʼminlashi kerak.
58. Ishlab chiqarish binolari va inshootlari SanMvaQ 2.09.02-85 “Ishlab chiqarish binolari” talabiga mos kelishi kerak.
59. Binoga transport vositalarini kirish joylari darvozalar va signal asbob-uskunalari bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
11-§. Yongʻin va portlash xavfsizligi talablari
60. Ishlab chiqarish jarayonlarining yongʻin va portlash xavfsizligi, ularni rejalashtirish, tashkillashtirish va olib borish GOST 12.1.004-91 “Yongʻin xavfsizligi. Umumiy talablari”ga, GOST 12.1.010-90 “Portlash xavfi. Umumiy talablari”ga va ushbu Qoidalarga muvofiq taʼminlanishi lozim.
61. Tashkilotlarda mavjud meʼyorlar asosida mahalliy yongʻin xavfsizligi xizmati bilan kelishilgan yongʻin xavfsizligi boʻyicha yoʻriqnoma hamda yongʻin sodir boʻlgan vaqtda xodimlarni evakuatsiya qilish chizmasi ishlab chiqilishi va koʻrinadigan joyga osib qoʻyilishi lozim.
62. Yongʻin xavfsizligi yoʻriqnomasi talablarini oʻrganish ishlab chiqarishdagi oʻqitish tizimiga kiritilgan boʻlishi lozim.
63. Har bir tashkilotda rahbariyat buyrugʻi bilan barcha ishlab chiqarish, yordamchi va maishiy xonalarda yongʻin xavfsizligiga masʼul xodim tayinlanishi lozim. Yongʻin xavfsizligiga masʼul shaxs familiyasi, yongʻin xavfsizligi qutqaruv xizmati telefonlari yozilgan peshtaxtalar koʻrinadigan joyga osib qoʻyilishi lozim.
64. Yongʻin xavfsizligiga masʼul shaxs majburiyatlari yongʻin xavfsizligi boʻyicha yoʻriqnomada belgilangan boʻlishi lozim.
65. Har bir tashkilotda yongʻinga qarshi asboblar toʻplami, yongʻin oʻchirish vositalari, soni va joylashtirilishi hududiy yongʻin xavfsizligi xizmati bilan kelishilgan boʻlishi lozim.
66. Barcha xodimlar ishlab chiqarishning oʻqitish tizimida yongʻin xavfsizligi qoidalarini oʻrganish maqsadida, tashkilot uchun yongʻin xavfsizligi boʻyicha maxsus tayyorgarlikdan oʻtadilar. Xodimlarni yongʻinga qarshi tayyorgarligi yongʻinga qarshi yoʻriqnomadan oʻtkazish va yongʻin-texnik minimumi boʻyicha mashgʻulotlar tashkil etishdan iborat.
67. Yongʻin-texnik minimumi mashgʻulotlari natijasi boʻyicha xodimlarning olgan bilimlari sinovdan oʻtkazilishi lozim. Yongʻin-texnik minimumi boʻyicha oʻtkazilgan sinov natijalari hujjatlashtirilib, unda oʻtilgan mavzular boʻyicha baholar koʻrsatilishi lozim.
68. Yongʻinga qarshi tayyorgarlikdan oʻtmagan shaxslar ishga qoʻyilmaydi.
69. Ishlab chiqarish uchastkasida, laboratoriyada, omborda va maʼmuriy binolarda (egallagan lavozimidan qatʼi nazar) ishlayotgan har bir xodim yongʻin xavfsizligi qoidalarini aniq va qatʼiyan bajarishi, yongʻinga olib kelishi mumkin boʻlgan harakatlarga yoʻl qoʻymasligi lozim.
70. 15 kishidan ortiq ishlovchi boʻlgan ish uchastkalarida koʻngilli yongʻin oʻchiruvchi drujina (KYOOʻD) va texnik-muhandis xodimlar boʻlganida esa, qoʻshimcha ravishda yongʻin-texnik komissiyasi (YOTK) tuziladi.
71. Koʻngilli yongʻin oʻchirish drujina aʼzosi, shuningdek jangovor hisobga kiritilgan shaxslar yongʻin xavfsizligi qoidalarini aniq bilishi, ularga rioya qilishi va buni boshqalardan talab qilishi, avtomatik yongʻin oʻchirish qurilmalari va birlamchi yongʻin vositalarining sozligini nazorat qilishi, yongʻin chiqqanda esa, uni oʻchirish boʻyicha oʻz majburiyatlarini faol bajarishi lozim.
72. Tashkilotning barcha bino va inshootlariga kirish joylarining boʻsh boʻlishi taʼminlanishi lozim. Bino va yongʻinga qarshi suv manbai yoʻlaklariga olib boruvchi, hamda yongʻin oʻchirish vosita va uskunalariga boradigan yoʻlaklar doimo boʻsh boʻlishi kerak. Binolar oraligʻidagi yongʻinga qarshi oraliqlar materiallar, uskunalar, boʻsh idishlarni taxlash va avtomobil toʻxtov joyi tashkil etishga ruxsat etilmaydi.
III. Daryo transporti vositalaridan foydalanish, ularga xizmat koʻrsatish va taʼmirlashda xavfsizlik talablari
1-§. Umumiy qoidalar
73. Daryo transporti vositalaridan foydalanish, ularga xizmat koʻrsatish va taʼmirlash Daryo transportini texnik ishlatish qoidalari (roʻyxat raqami 990, 2000-yil 6-dekabr), Oʻzbekiston Respublikasi ichki kema yoʻllarida suzish qoidalari (roʻyxat raqami 769, 1999-yil 9-iyul) va mazkur Qoidalarga muvofiq bajarilishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
74. Daryo transportida yuklarni tashish, ularga ishlov berishda Yuk ortish va tushirish ishlaridagi yukchilar uchun ishlarning xavfsizligi qoidalari (roʻyxat raqami 1582, 2006-yil 13-iyun) talablariga rioya etilgan holda bajarilishi shart.
2-§. Suzuvchi vositalardan foydalanish, xizmat koʻrsatish va taʼmirlashda xavfsizlik talablari
75. Suzuvchi vositalarni kemachilikdagi xavfsizlik talablariga muvofiq suzishga tayyorlash tashkilotning vazifasiga kiradi.
76. Quyidagi hollarda kemalarga suzishga ruxsat beriladi, agar:
a) qonun hujjatlarida belgilangan kemachilik xavfsizligi, shuningdek ekologiya va yongʻin xavfsizligi, sanitariya-epidemiologiya qoidalari va meʼyorlari talablariga muvofiq boʻlsa;
Keyingi tahrirga qarang.
b) kemani suzishga chiqqan kunidagi ekipaj tarkibi soni kemaning ekipaj tarkibini minimal belgilangan talablariga muvofiq boʻlsa.
77. Tashkilot rahbariyati quyidagi talablarni bajarishi shart:
a) kemalardan xavfsiz foydalanishni taʼminlashni;
b) kemalardan xavfsiz foydalanish uchun javobgar shaxsni tayinlashni;
v) kemachilikdagi xavfsizlik talablariga muvofiq kemalardagi ekipaj aʼzolarining va boshqa xodimlarning mahoratini doimiy ravishda takomillashtirib borishni;
d) mazkur Qoidalar bilan belgilangan kemachilikdagi xavfsizlik talablariga muvofiq kemalarni ekipaj bilan butlash va kemani texnik soz holatda saqlashni.
78. Kemachilikda xavfsizlikni nazorat qilishni qonun hujjatlariga muvofiq Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi tomonidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
79. Kemachilikdagi xavfsizlikni taʼminlash uchun tashkilot ichki suv yoʻllarini soz kemachilik holatida saqlanishini taʼminlashi shart.
80. Ichki suv yoʻllarida joylashgan gidrotexnika va boshqa inshootlarning egalari kemachilik xavfsizligiga tahdid soluvchi vaziyatlar paydo boʻlganda bu toʻgʻrisida oʻz vaqtida tegishli choralar koʻrilishi shart.
81. Kemalarda barcha ishlar belgilangan tartib talablari, kemalarda yongʻin xavfsizligi talablari, kemalarda oʻrnatilgan mexanizmlar, jihozlar, uskunalarga xizmat koʻrsatish boʻyicha tayyorlovchi zavodlar yoʻriqnomalari va ushbu Qoidalarning talablariga muvofiq bajarilishi shart.
82. Har bir ekipaj aʼzosi oʻzining ish faoliyati turiga qarab mexanizmlar, qurilmalar, asboblar va tizimlardan foydalanish boʻyicha yoʻl-yoʻriqlarni oʻrganishi, bilishi va bajarishi, ish joyida yoʻl-yoʻriq berishdan oʻtishi va shaxsiy yoʻl-yoʻriq varaqasiga ishga ruxsat etilganligi toʻgʻrisida belgiga ega boʻlishi shart.
83. Insonlar hayoti va sogʻligʻiga xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan jihozlar, tizimlar, qurilmalar va mexanizmlarning nosozligini aniqlagan ekipajning har bir aʼzosi bu toʻgʻrisida bevosita tegishli shaxslarni xabardor qilishi shart.
84. Ish joylari va ularga oʻtish joylari yuk va begona buyumlar bilan toʻsilmagan boʻlishi, toʻkilgan neft mahsulotlari, qor va muzlardan uzluksiz tozalanib turilishi shart. Kema palubasidagi taramli va sirpanishga qarshi qoplamalar yeyilishiga qarab yangilanib turilishi shart. Mashina — qozonxona boʻlimining plita toʻshamalari oʻz joyida va mahkamlangan, undagi barcha tirqishlar yopiq boʻlishi shart.
85. Toʻshamaning vaqtincha ochilgan joyi toʻsilgan, qorongʻi vaqtda yoritilgan boʻlishi shart. Toʻshamaning yechilgan metall boʻlaklarining oʻz-oʻzidan siljishini oldini olish uchun ularni taxlab va bogʻlab qoʻyish shart.
86. Har bir ekipaj aʼzosi faqat egallab turgan lavozimida nazarda tutilgan mexanizmlar va qurilmalarga xizmat koʻrsatishi shart.
87. Kemadagi har qanday ishlar, kema harakatlanayotgan vaqtda bir ish joyidan boshqasiga koʻchib oʻtish faqat vaxta boshligʻining ruxsati bilan bajariladi. Barcha hollarda uning ruxsatisiz rumpel boʻlimiga, val quvuri tunneliga kirish, kofferdam va sisternalarga tushish taʼqiqlanadi.
88. Reydda turgan va bir-biriga bogʻlangan kemalarning biridan ikkinchisiga odamlarni oʻtkazishga faqat kapitanning ruxsati bilan yoʻl qoʻyiladi. Vaxta boshligʻi odamlarning xavfsizligini taʼminlashi, ushbu ishga bevosita rahbarlik qilishi shart. Oʻzboshimchalik bilan bortdan bortga oʻtishga yoʻl qoʻyilmaydi.
89. Kemadagi ish joyida faqat shu ishlarga qatnashadigan ekipaj aʼzolari boʻlishi shart.
90. Toʻlqin vaqtida palubaga suv quyilayotganda kemadagi barcha harakatlanishlar va ishlar faqat vaxta boshligʻi yoki kapitanning farmoyishi boʻyicha bajarilishi shart. Bunda ishlovchilarga ishchi himoya nimchalari va belbogʻlar boʻlishi shart.
91. Dvigatellar, yordamchi mexanizmlar, elektr jihozlari, qurilmalar va uskunalarni taʼmirlash davrida ularga kelayotgan tok (yoki uzatmalar tizimi) oʻchirilgan boʻlishi shart, bu mexanizmlarni va ishga tushirish mumkin boʻlgan joylardagi qurilmalariga (boshqaruv pulti, boshqaruv posti, rubkalarga) “Ishga tushirilmasin — odamlar ishlayapti” degan xavfsizlik belgisi osib qoʻyilgan boʻlishi shart.
92. Bugʻ yoki issiq suv chiqadigan klapan va jumraklarni ochayotgan vaqtda issiq oqimi tegmasligi uchun yon tomonidan turish shart.
93. Yuqori xavf bilan bogʻliq ishlar (qozonlar, gaz quvurlari, sisterna va qobiq oraligʻi boʻshliqlari va hokazolarni tekshirish) kapitan (mexanik) rahbarligi ostida bajarilishi shart.
94. Tryumlarni, lok-boʻyoq materiallari va yonuvchan gaz ballonlari saqlanadigan xonalarni tekshirishda va tozalashda, dvigatel, kompressor, tishli uzatma va yonilgʻi, moy va gaz bugʻi, portlashga xavfli konsentratlar yigʻilib qoladigan boshqa obyektlarni yechish va tekshirish, yoqilgʻi-moylash materiallari sisternalaridagi yonilgʻi sathini oʻlchash davrida portlashga xavfsiz ishlangan koʻchma akkumulyator fonarlar va shaxsiy himoya vositalaridan foydalanish shart.
95. Nazorat oʻlchov asboblarining shkalalariga oʻlchanadigan kattaliklarning yuqori ruxsat etilgan chegarasini bildiruvchi (qizil chiziq) aniq belgilar chizilgan boʻlishi shart. Texnik vositalarga oʻrnatilgan hamda zaxirada turgan nazorat oʻlchov asboblari doimo soz, tamgʻalangan va tekshirilgan sanasi koʻrsatilgan belgi boʻlishi shart. Nosoz, tamgʻasi boʻlmagan hamda tekshirish muddati oʻtgan nazorat oʻlchov asboblaridan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
96. Texnika vositalarining barcha himoya klapanlari va avtomatik tartibga keltiruvchilari ishonchli ishlashi, qoidalar va yoʻriqnomalarda belgilangan muddatlarda tekshirilishi shart.
3-§. Kemani bogʻlashda xavfsizlik talablari
97. Palubaning bogʻlash va yakor qurilmalari joylashgan uchastkalari yakor va bogʻlash jarayonlariga aloqasi boʻlmagan biror-bir narsa bilan toʻsilmagan boʻlishi shart. Palubada bogʻlash chigʻirlari, knextlari yonida ishlash uchun ulardan arqonning tortilish chizigʻi boʻyicha 1,5 m dan kam boʻlmagan masofada boʻsh joy boʻlishi shart.
98. Brashpillar, bogʻlash chigʻirlari, knextlar va yakor zanjirlari harakatlanayotgan hududda 0,5 m dan kam boʻlmagan masofada boʻrtib turgan qurilma va buyumlar boʻlmasligi shart.
99. Bogʻlash klyuzlari va knextlaridagi uyumlovchi plankalarining oʻzaro joylashishi bogʻlovchining uchini knextlarga xavfsiz oʻtkazilishini taʼminlashi (stoporlarni qoʻyish bilan) va oʻramlarni oʻz-oʻzidan yechilib ketishiga yoʻl qoʻymaslik uchun ularni mustahkam bogʻlanishi yoki knext boshiga ularni qisib turishini taʼminlashi lozim.
100. Bogʻlash qurilmalari kemani qirgʻoqqa yoki boshqa kemaning bortiga ishonchli mahkam turishini taʼminlashi shart. Qirgʻoqqa yoki boshqa kemaning bortiga, ayniqsa yaxshi havo vaqtida turish davrida yumshoq kranslar qoʻllanilishi shart.
101. Bogʻlash qurilmasining qismlari (knext, uyuvchi plankalar, bogʻlash lebedkalari, shpillar) kemani bogʻlovda toʻxtab turishini ishonchli taʼminlashlari shart.
102. Bogʻlov ishlari uchun poʻlat, oʻsimlik va sintetik arqonlarni qoʻllash mumkin. Nosoz bogʻlov qurilmasidan foydalanish, shikastlangan yoki tegishli sertifikatlarga ega boʻlmagan bogʻlash arqonlarini qoʻllash taqiqlanadi.
103. Barcha bogʻlash ishlari vaxta boshligʻi rahbarligi ostida oʻtkazilishi shart. Bogʻlash ishlarida band boʻlgan ekipaj aʼzolari qoʻlqop va ishchi himoya nimchalarida ishlashlari shart. Kechasi va sutkaning qorongʻi vaqtlarida bogʻlash joylari yoritilgan boʻlishi shart.
104. Bogʻlash arqonlarini qirgʻoqqa yoki boshqa kemaga uzatish “Saqlan” ogohlantiruvchi chaqiriq ovozidan keyin amalga oshirilishi shart. Uzatiladigan uchlar uchun yuk sifatida faqat maxsus tayyorlangan qattiq boʻlmagan qoplamali qumli qopchalar yoki rezinali grushlarni qoʻllashga ruxsat etiladi.
105. Bogʻlash ishlarini bajarish vaqtida quyidagilar taqiqlanadi:
a) tortilayotgan va boʻshatilayotgan arqonning taranglashish chizigʻida yoki koʻchish ehtimoli boʻlgan tomoniga turish;
b) brashpilning (shpilning) aylanayotgan chigʻirigʻidan arqonni boʻshatish va tortish;
v) falshbort va leyer toʻsigʻining orqasida turish;
d) arqonning harakatlanayotgan uchini ushlash vaqtida qoʻlni knextga (bogʻlash qurilmasi) 1 m dan yaqin tutish;
g) arqonni boʻshatish vaqtida uni qoʻlda sirpanishiga yoʻl qoʻyish;
e) arqonni oyoqlar bilan bosib turish va bogʻlash arqonining uyumi yoki oʻrami ichida turish;
j) kema inersiyasi toʻliq soʻnmasidan arqonning harakatdagi uchini knextga mahkamlash.
106. Kemani jihozlanmagan qirgʻoqqa ekipaj kuchi bilan bogʻlash davrida vaxta boshligʻi ehtiyotlik bilan kemaning old qismini qirgʻoqqa yaqinlashtirib, bogʻlash arqonini uzatish va mahkamlash uchun uni mashina va chambarak yordamida qoʻzgʻatmasdan ushlab turishi shart. Bunday hollarda bogʻlash ishlarini kamida ikki kishi vaxta boshligʻining rahbarligi ostida harakat qilib bajarishi va bir kishi kemadan trapni uzatishi va ushlab turishi yoki vaqtincha bogʻlashi, boshqasi qirgʻoqqa oʻtishi va arqonni bogʻlashi shart.
107. Agar arqon uchi ekipaj kuchi yordamida qirgʻoqqa yoki boshqa kemaga bogʻlansa vaxta boshligʻi kemani bogʻlanadigan obyekt yonida toʻxtatishi va shu obyektga tirab ushlab turishi shart. Kema bogʻlash obyektiga batamom kelmagunga qadar bortdan sakrash qatʼiyan taqiqlanadi.
108. Harakat davrida bir kemani boshqasiga bogʻlash faqat toʻgʻri harakatlanish uchastkalarida va eng kichik harakatlanishda bajariladi.
109. Bogʻlash uchun uzatilgan arqon paluba osti xonalariga kirish yoʻllarini kesib oʻtmasligi va qurilma va jihozlarga ishqalanmasligi va faqat bitta yoʻnaltiruvchi qurilma orqali oʻtishi shart.
110. Kemani qirgʻoq boʻylab tortishda knextga shuncha oʻramlar qoldirish lozim.
111. Bogʻlash arqoni knextga avval knextning ikki tumbasi atrofiga oʻralib, keyin esa sakkiz shaklida yotqizilishi shart.
112. Taxmondagi bogʻlash arqonini faqat u paluba boʻylab yetarli miqdorda yoyilgandan keyin uzatish mumkin. Chigallangan bogʻlash arqonlari yoki tugunlari boʻlgan arqonlarni uzatish, hamda bogʻlash arqonlarini uzatish davrida taxmon yoki oʻramlar ichida turish taqiqlanadi.
113. Kapron arqonlarni qoʻllash davrida ular haddan tashqari choʻziluvchan, siljinuvchan, issiqlik (quyosh nuri, issiqlik manbai oldida turishi) taʼsiri ostida eskirish va yeyilish qobiliyatiga ega boʻlishini bilish zarur.
114. Kapron arqonlar har oyda tekshirish va yaroqsizlikka jalb qilinishi shart. Tolalari uzilgan, yemirilish alomatlari boʻlgan va boshqa nuqsonlarga ega boʻlgan kapron arqonlardan foydalanish taqiqlanadi.
115. Arqonni brashpil yoki shpil chigʻirigʻi bilan tortib olayotganda uni imkon qadar koʻproq oʻrash va arqonni chigʻiriqdan 1 m dan kam boʻlmagan yaqinlikda qoʻl bilan ushlash lozim.
116. Faqat oʻsimlik arqonidan tayyorlangan stoporlardan foydalanishga ruxsat beriladi. Sintetik arqon yoki zanjirlardan tayyorlangan stoporlardan foydalanish taqiqlanadi.
117. Brashpil yoki shpilni boshqarayotgan shaxs, arqonni tortib olish davrida oʻramlarni boʻshab qolishi va chigʻiriqdan chiqib ketishiga yoʻl qoʻymasdan, ularning ravon ishlashini kuzatib turishi shart.
118. Chigʻiriqdan tigʻiz toʻldirilgan arqonni boʻshatish taqiqlanadi. Arqonni boʻshatish brashpil, shpilni yuritib bajarilishi shart.
119. Bogʻlash mexanizmi chigʻirigʻiga u aylanayotgan vaqtda qoʻshimcha oʻramlarni yotqizish taqiqlanadi.
120. Stoporni qoʻyib yuborish davrida arqonning tarang tortilgan tomonida turish taqiqlanadi.
121. Leyer toʻsiqlari bilan toʻsilmagan paluba va palubadan tashqaridagi maydonlarda osma bort kranslari bilan ishlaganda bort orti ishlarida nazarda tutilgan xavfsizlik choralariga rioya etilishi shart.
4-§. Suzuvchi vositalarni shatakka olishda xavfsizlik talablari
122. Poʻlat arqonlarning tolalarida dastlabki diametridan 10 foizdan ortiq yemirilish va zanglash mavjud boʻlsa, uzilgan tolalarning miqdori esa oʻz diametrining olti karrasi uzunligida umumiy miqdordan 10 foiz ortiq boʻlsa shatakka olish sifatida qoʻllash taqiqlanadi. Bu talablar bogʻlash qurilmalari toʻplamiga kiruvchi arqonlarga ham tatbiq etiladi.
123. Shatakka oluvchi ilmoq va detallarda (shtirlar, halqalar, yopuvchi halqalar va h. k.) darzlar mavjud, hamda shatakka olish yoylari siniq boʻlsa shatakka olish taqiqlanadi.
124. Shatakka olish bilan bogʻliq barcha ishlar vaxta boshligʻining rahbarligi ostida bajariladi.
125. Barcha shataklash peshtoqlarining ikki tomonida, koʻrinadigan joyga “Shatakdan saqlan” xavfsizlik belgisi yozilgan boʻlishi shart.
126. Shataklovchi lebedka chigʻirigʻida boʻlgan shatak arqonining asosiy uchini shunday joylashtirish kerakki, zarurat boʻlganda uni erkin boʻshatish bilan tez uzatish mumkin boʻlsin.
127. Kemalar, plotlar va hokazolarni shataklayotgan vaqtda shataklovchi ilmoqning yaqinida, shatak arqonining harakatlanish hududida, hamda shataklovchining lebedkasi va ilmogʻining old tomonida turish taqiqlanadi.
128. Shatakka oluvchining ekipaji bilan komandasi boʻlmagan barjalarga xizmat koʻrsatish davrida shataklovchidan barjalarga oʻtish davrida leyer toʻsiqli oʻtish traplari oʻrnatilishi shart. Komandasi boʻlmagan barjalarda bogʻlash va yakorni tushirish va koʻtarish ishlarini bajarayotgan ekipaj aʼzolari ishchi himoya nimchalarida ishlashlari shart. Shataklovchining vaxta boshligʻi bu ishlarni xavfsiz bajarilishini taʼminlashi va nazorat qilishi shart.
129. Shatakka oladigan arqonni qoʻl bilan uzatishda va tortishda arqon uzatilayotgan yoki tortilayotgan bort bilan arqon orasida turish taqiqlanadi. Shatakka oladigan ogʻir arqonlarni oʻtkazgich yordamida uzatish lozim.
130. Shatakka oluvchi arqonni ilmoqqa shunday kiydirish kerakki, qaysikim arqon tigʻiz toʻldirilganda uni tez va xavfsiz boʻshatilishi taʼminlangan boʻlsin. Shatakka oladigan arqonni ilmoqqa ildirishda uning yon tomonida turish shart.
131. Tarkib harakatni faqat barcha shatakka olinuvchi kemalar qirgʻoqdan boʻshatilgan, ularning yakorlari va bogʻlash arqonlari tortib olingan va mahkamlangan, shataklanuvchi kemalarni birlashtiruvchi arqonlar tortilgan va kemalardan tasdiqlovchi signal berilgandan soʻng boshlashi shart.
132. Shataklovchi arqonni ilmoqdan olishdan oldin shataklovchi arqonni peshtoqdan tegishli kema bortiga tushirilishi toʻgʻrisida ishchilarni ogohlantirish shart. Shatakka oluvchi arqonni uzatish vaqtida shataklash peshtoqining tagida turish taqiqlanadi.
133. Shatakka oladigan arqonni qoʻl bilan tortib olishda (qoʻyib yuborishda) vaxta boshligʻi kema tezligini arqonni tortib olish yoki qoʻyib yuborish tezligidan oshmagan eng sekin harakatini taʼminlashi shart. Bunda, u doim ishchi va arqonning holatini kuzatib borishi shart.
5-§. Suzuvchi vositalarning ichki yonish dvigatellaridan foydalanish va texnik xizmat koʻrsatishda xavfsizlik qoidalari
134. Ichki yonish dvigatellaridan foydalanish va texnik xizmat koʻrsatish davrida quyidagi mehnat xavfsizligi talablarini bajarish shart:
a) bosh dvigatellari, bugʻ qozonlari, yordamchi mexanizmlari va qurilmalaridan foydalanish davrida mehnat xavfsizligi boʻyicha yoʻriqnomalarga qatʼiy rioya etish;
b) avtomatik himoyasi va avariya-ogohlantiruvchi signal qurilmalari faqat soz mashina va mexanizmlarda ishlash;
v) avtomatlashtirilmagan kemalarning mashina boʻlimi ish joylarida mehnat xavfsizligi boʻyicha yoʻriqnomalar, boshqarish postida esa ventillari raqamlangan quritish, yoqilgʻi tizimi chizmalari osilgan boʻlishi shart.
135. Mashina boʻlimining panjaralari, traplari va plita toʻshamalari doimo toza va quruq boʻlishi shart.
136. Foydalanish vaqtida yoqilgʻi sisternalarining barcha teshiklari (shu jumladan ogʻzi), hamda sisternalarni toʻldiruvchi quvurlar yopiq boʻlishi va oqish boʻlmasligi shart.
137. Barcha boʻlaklarga ajratilayotgan yoqilgʻi va moy quvurlari qismlarining (flanetsli bogʻlanish, mufta va h.k.) tagiga koʻchma poddonlar yoki chelaklar oʻrnatilishi va ish tugagandan soʻng darhol tozalab olinishi shart.
138. Barcha ventillar, klapanlar, zadvijkalarning sozligi va ularni ishonchli ochilishi va yopilishi, neft mahsulotlari sisternalarining gaz chiqaruvchi quvurlaridagi yongʻindan himoya qiluvchi klapanlari va uchqun soʻndiruvchi va chiqaruvchi quvurlari, yoqilgʻi bunkerlarining oʻlchash quvurlaridagi oʻzi yopiladigan moslamalarning holati bir yilda kamida ikki marta tekshirilishi shart.
139. Ishga tushiruvchi ballonlarning, bugʻ va havo magistralidagi stopor va yopish klapanlarini tez ochish taqiqlanadi.
140. Ishlayotgan dvigatelda, hamda quvurlarda va bosim ostida boʻlgan idishlarda biror-bir taʼmirlash ishlarini bajarish taqiqlanadi.
141. Dvigatelni ishga tushirishdan oldin quyidagi talablar bajarilishi shart:
a) harakatlanuvchi qismlarning yaqinida odamlarning yoʻqligiga ishonch hosil qilish;
b) havo oʻtkazuvchi quvurlar va ishga tushiruvchi ballonlarning ventilini asta-sekin (siltamasdan) ochish.
142. Bosh va yordamchi dvigatellarga texnik xizmat koʻrsatish va ularni taʼmirlash boʻyicha ishlarga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish bu ishlarga masʼul shaxs rahbarligi ostida bajarilishi shart.
143. Dvigatel ishlayotgan vaqtida yonilgʻi quvurlarining rezbali birikmalarini qotirish taqiqlanadi. Forsunka quvurlaridagi uzilgan joylarini qidirishda ularni qoʻl bilan paypaslash taqiqlanadi.
144. Bosh va yordamchi dvigatellarning havo quvurlarida portlashga xavfli moy bugʻlari konsentratsiyasining toʻplanib qolishining oldini olish uchun ularni siqilgan havo bosimi bilan tozalash shart.
6-§. Kema jihozlaridan foydalanishda xavfsizlik talablari
145. Jihozlarning harakatlanuvchi va aylanuvchi qismlari, ochiq oʻtish joylari, jihozlardagi teshiklarning atroflari toʻsilgan boʻlishi shart.
146. Paluba, bort, devorlar, falshbort va boshqa joylardagi ochiq oʻtish joylari va tirqishlar odamlarni tushib ketishi va jarohat olishini oldini oladigan toʻsiqlarga ega boʻlishi shart.
147. Jihoz va quvurlarning barcha qizuvchi qismlari izolyatsiya qilingan va ularning moy va yonuvchan modda tushishi mumkin boʻlgan joylari esa metall kojuxlar bilan yopilgan boʻlishi shart.
Paluba perimetri boʻyicha, 0,5 m dan ortiq balandlikda joylashgan koʻprikchalar, ustki qurilmalar, ochiq oʻtish joylari va maydonchalar atroflarida balandligi 1,1 m dan kam boʻlmagan toʻsiqlar oʻrnatilgan boʻlishi shart.
148. Balandligi 1,1 m boʻlgan leyer toʻsiqlar 4 ta leyerga (chiviqqa), balandligi 1,0 m — 3 leyer, balandligi 0,75 m — 2 leyerga ega boʻlishi shart. Pastki leyer qoplamadan 0,23 m balandlikda joylashgan boʻlishi, toʻsiqlarning orasidagi masofa esa 1,5 m dan oshmasligi shart. Leyer toʻsiqlari orasidagi, hamda toʻsiqlar va kemaning boshqa konstruksiyalari orasidagi uzilgan joylar 0,15 m dan oshmasligi shart.
149. Traplarni uzatish joylarida yopiq holatda ishonchli fiksatsiya qiladigan eshikchalar yoki yechiladigan (qaytarib qoʻyiladigan) toʻsiqlar koʻzda tutilishi shart.
150. Dengiz, koʻl, suv omborlarida suzishga moʻljallangan kemalarda palubadan balandligi 1,1 — 0,9 m boʻlgan toʻlqin davrida tutqichlar, tashqi palubada esa toʻlqin davrida leyerlarni mahkamlab qoʻyish uchun qurilma (rama, skoba va h.k.) koʻzda tutilishi shart.
Yuk lyuklari komings yoki balandligi 1,0 m dan kam boʻlmagan leyer toʻsiqlarga ega boʻlishi shart.
151. Qirgʻoq va boshqa kemalar bilan bogʻlovchi yogʻoch zinalar barcha kemalarda boʻlishi shart. Yogʻoch zinalar bir biridan 0,3 — 0,4 m masofada joylashgan, kesimi 0,002 x 0,04 m boʻlgan koʻndalang plankalarga ega boʻlishi shart. Koʻndalang kesimli plankalar toʻrt burchakli boʻlishi shart. Ikki tomonlama harakat vaqtida yogʻoch zinalarning eni 1,5 m dan kam boʻlmasligi shart.
152. Koʻchma vertikal traplar (narvonlar) mustahkam va yengil materialdan tayyorlangan boʻlishi shart. Bu traplarning ogʻirligi 16 kg dan oshmasligi, uzunligi 3 m dan ortiq boʻlmasligi, tetivalarning orasidagi eni 0,3 m dan kam boʻlmasligi, zinalar orasidagi masofa 0,3 m boʻlishi shart.
7-§. Elektr xavfsizligi
153. Elektr jihozlari, elektr instrumentlari, yoritish asboblari (keyinchalik — elektr qurilmalari) meʼyoriy hujjatlar talablariga javob berishi shart.
154. Elektr qurilmalaridan meʼyoriy hujjatlar talablariga muvofiq foydalanishni tashkil etish boʻyicha vazifalarni bevosita bajarish uchun tashkilot boʻyicha buyruq bilan elektr xoʻjalik uchun masʼul mutaxassis va shuningdek uni almashtiruvchi ishchi tayinlanishi shart.
155. Elektr qurilmalariga xizmat koʻrsatuvchi tarkib meʼyoriy, texnik hujjatlar (foydalanish boʻyicha qoidalar va yoʻriqnomalar, yongʻin xavfsizligi, himoya vositalaridan foydalanish, elektr qurilmalari tuzilishi) boʻyicha tegishli lavozim va kasbiga qoʻyiladigan talablar doirasida bilimlarini tekshirishdan oʻtkazishlari va elektr xavfsizligi boʻyicha tegishli gruppaga ega boʻlishlari shart.
156. Portlashga xavfli boʻlgan hududlardagi barcha elektr mashinalari, apparatlari hamda boshqa elektr jihozlari va elektr simlari vaqti-vaqti bilan mahalliy sharoitlar bilan belgilangan , biroq 3 oyda kamida 1-marta tashqi koʻrikdan oʻtkazishga jalb etilishi shart.
157. Uchqun, qisqa tutashuv, simlarning qizib ketishi va h.k. paydo boʻlishiga olib keladigan nosozliklar, shuningdek elektr simlarning osilib qolishi, ularning oʻzaro yoki bino elementlari va har xil buyumlarga tegib qolishi zudlik bilan bartaraf etilishi shart.
158. Akkumulyator batareyalarini, atsetilen generatorlarini zaryadka qilish xonalarida, boʻyoq tayyorlash va boʻyoq ishlarini bajarish uchun kuchlanish va yoritish jihozlari va elektr simlari portlashdan himoyalangan usulda tayyorlangan boʻlishi shart.
159. Chang chiqish ehtimoli boʻlgan sexlarda yonmaydigan materialdan tayyorlangan zich yopiladigan kojuxli oʻchirgichlar, rubilniklar, saqlagichlar va h.k. qoʻllanilishi shart.
160. Quyidagilarga yoʻl qoʻyilmaydi:
a) ochiq tipdagi rubilniklardan yoki dastak qobigʻi darz ketgan rubilniklarni qoʻllash;
b) tez alanga oluvchi, yonuvchi va portlovchi moddalar joylashgan xonalarda uchqun berishi mumkin boʻlgan oʻchirgich, rubilnik, saqlagich, tarqatish qalqonlari va boshqa jihozlarni oʻrnatish;
v) qoʻlbola saqlagichlarni qoʻllash;
d) elektr qurilmalari qismlarining yerga tutashtiruvchi yoki nol himoya oʻtkazgichini ketma-ket ulash. Yerga tutashtirish faqat parallel boʻlishi shart.
8-§. Kema elektr jihozlariga boʻlgan xavfsizlik talablari
161. Elektr jihozlariga xizmat koʻrsatuvchi ekipajning barcha aʼzolari ularning malakasini tasdiqlovchi va elektr jihozga xizmat koʻrsatish huquqini beruvchi tegishli hujjatlarga (diplomlar, guvohnomalar) ega boʻlishlari shart.
162. Kuchlanish ostida boʻlgan uchastkalarda ishlashda arra, egov, metall ruletka va boshqa izolyatsiya qilinmagan instrumentlarni qoʻllash taqiqlanadi.
163. Brashpil, shpil, bogʻlovchi, yuk va shatakka oluvchi lebedkalarning ishlashini tekshirishni elektr texnik tarkib (hamda vaxta mexanigi) bajarishi shart.
Chambarak qurilmasini, bosh dvigatelning distansion boshqaruv tizimini ish davrida tekshirishni elektr texnik tarkib ikkinchi mexanik bilan birgalikda bajarishi shart.
164. Odamlar, texnik vositalarning shikastlanishi bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar aniqlanganda vaxta elektr mexanigi vaxta mexanigi ruxsati bilan elektr jihozlarni oʻchirishi mumkin.
IV. Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik
165. Mazkur Qoidalarga rioya qilmagan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
166. Ishlarni bajarish bilan bogʻliq holda xodimlarning salomatligiga yetkazilgan zararlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qoplanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
V. Yakuniy qoida
167. Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, Ichki ishlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi va “Oʻzdavenergonazorat” davlat inspeksiyasi bilan kelishilgan.
Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshligʻi A. ABDUVALIYEV
2009-yil 25-noyabr
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi D. JAHONGIROVA
2009-yil 25-noyabr
Ichki ishlar vaziri B. MATLYUBOV
2009-yil 25-noyabr
Sogʻliqni saqlash vaziri A. IKRAMOV
2009-yil 25-noyabr
Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisi B. XODJAYEV
2009-yil 25-noyabr
“Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi boshligʻi I. XOLMATOV
2009-yil 25-noyabr
“Oʻzdavenergonazorat” davlat inspeksiyasi boshligʻi A. NIMATULLAYEV
2009-yil 25-noyabr
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 1-2-son, 17-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 12.12.2022-y., 10/22/2067-1/1078-son; 17.06.2023-y., 10/23/2067-2/0395-son; 20.12.2023-y., 10/23/3484/0951-son; 29.05.2025-y., 10/25/3626/0480-son; 30.03.2026-y., 10/26/3798/0288-son)