O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
2008 YIL BOShOQLI DON EKINLARI HOSILINI YIG‘IShTIRIB OLISh BO‘YIChA TAShKILIY ChORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Boshoqli don ekinlari hosilini o‘z vaqtida va sifatli yig‘ishtirib olishni ta’minlash hamda davlat resurslariga g‘alla sotish bo‘yicha kontraktatsiya shartnomalarini bajarish maqsadida:
1. Don hosili o‘rim-yig‘imini o‘z vaqtida va sifatli tashkil etish hamda o‘tkazish uchun shaxsiy javobgarlik Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi, viloyatlar hokimlari, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, “O‘zagromashservis” uyushmasi va uning mashina-traktor parklari hududiy birlashmalari rahbarlari zimmasiga yuklansin.
2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, “O‘zagromashservis” uyushmasi va uning mashina-traktor parklari hududiy birlashmalari, “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi:
g‘alla o‘rish kombaynlarini, don tashish uchun jalb etiladigan barcha turdagi transport vositalarini, shuningdek don yig‘iladigan xirmon va maydonlarni, don tozalash mashinalari hamda g‘allani dastlabki qayta ishlash uchun zarur bo‘lgan boshqa moddiy-texnika bazasini tayyorlab qo‘yish bo‘yicha tashkiliy-iqtisodiy kompleks chora-tadbirlarni joriy yilning 20-mayigacha tugallashni amalga oshirilishini;
tayyorlov korxonalari va punktlarida xo‘jaliklardan g‘allani faqat dastlabki tozalangandan keyin, iflosligi va namligi bo‘yicha amaldagi standart va normativlarga qat’iy rioya etgan holda qabul qilinishini;
idoraviy mansubligidan qat’i nazar, korxonalar va tashkilotlarning don qabul qilish punktlariga g‘alla tashish uchun yaroqli bo‘lgan transport vositalari shartnoma asosida jalb etilishini;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining hisob-kitob jamg‘armasi bilan birgalikda xo‘jaliklar bilan — davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinayotgan g‘alla uchun, mashina-traktor parklari bilan – ko‘rsatilgan mexanizatsiya xizmatlari, shuningdek, g‘alla o‘rish kombaynlari operatorlariga ish haqi to‘lash uchun o‘z vaqtida hisob-kitob qilinishini ta’minlasin.
Belgilansinki, g‘allani don qabul qilish korxonalariga yetkazish bo‘yicha transport xarajatlari avtokorxonalar, qishloq xo‘jalik korxonalari va non mahsulotlari korxonalari o‘rtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan to‘lanadi.
3. G‘alla yetishtiruvchi qishloq xo‘jalik ishlab chiqaruvchilar (fermyerlar) birinchi navbatda davlat ehtiyojlari uchun yetkazib beriladigan g‘allani xarid qilishga tuzilgan kontraktatsiya bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishlari va shundan keyin g‘allaning yangi hosilini boshqa maqsadlarga yo‘naltirilishini amalga oshirishlari to‘g‘risida qat’iy tartib o‘rnatilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi joriy yilning 1-iyunidan boshlab Ichki ishlar vazirligi ta’lim muassasalarining tinglovchilari va kursantlari kontingentini ilovaga* muvofiq ularni taqsimlagan holda viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari ixtiyoriga yuborsin.
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, “Toshshahartransxizmat” uyushmasi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi buyurtmanomalari bo‘yicha, tinglovchilar va kursantlarni vaqtinchalik o‘rnashish joyiga tashish va don yig‘ishtirish tugallangandan so‘ng ularni qaytarib olib kelish uchun transport vositalari zarur miqdorda ajratilishini ta’minlasinlar.
Jizzax, Qashqadaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlari hokimliklari:
fermer xo‘jaliklari tomonidan “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, “Toshshahartransxizmat” uyushmasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tinglovchilari va kursantlarini vaqtinchalik o‘rnashish joyiga tashish va don yig‘ishtirish tugallangandan so‘ng ularni qaytarib olib kelish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risida tegishli shartnomalar tuzilishini;
tinglovchilar hamda kursantlarni vaqtinchalik yashash joylari, shuningdek oziq-ovqatlar, ularni tashish uchun transport va yonilg‘i-moylash materiallari bilan — fermer xo‘jaliklari mablag‘lari hisobiga ta’minlasinlar.
5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash, yong‘inlar kelib chiqishining oldini olish, shuningdek 2008-yilgi boshoqli don ekinlari hosilining talon-toroj qilinishiga va nobud bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan zarur chora-tadbirlarni ko‘rsinlar.
Yerlarni shudgorlashdan oldin tozalash maqsadida dalalardagi ekin poyalari va qoldiqlari yoqib yuborilishi taqiqlansin.
6. “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi va “O‘zneftmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi yonilg‘i-moylash materiallarining zarur zaxirasini yaratsin hamda hosilni yig‘ishtirib olish, tashish va tayyorlash bilan band bo‘lgan qishloq xo‘jaligi korxonalari, mashina-traktor parklari va boshqa tashkilotlarga belgilangan tartibda uzluksiz yetkazib berilishini tashkil etsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, “O‘zstandart” agentligi va “O‘zdavdoninspeksiya” davlat ehtiyojlari uchun yetkazib beriladigan g‘alla va urug‘lik materiali sifati ustidan tegishli nazorat o‘rnatsinlar.
Urug‘lik g‘allani davlat resurslari uchun xarid qilinadigan tovar g‘allaning umumiy hajmi hisobiga topshirish, shuningdek oziq-ovqat g‘allasini urug‘lik maqsadida foydalanish taqiqlansin.
Belgilab qo‘yilsinki, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi, viloyatlar va tumanlar hokimlari, “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi va uning joylardagi bo‘linmalari rahbarlari 2009-yil hosili uchun boshoqli don ekinlari urug‘ligining o‘z vaqtida va sifatli g‘amlanishi, bunda alohida e’tiborni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 13-sentabrdagi PQ–693-sonli Qaroriga muvofiq urug‘chilik fermer xo‘jaliklarida ishlab chiqarilgan superelita va elita urug‘ini to‘liq hajmda xarid qilishi uchun shaxsan javobgardirlar.
8. O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi xo‘jaliklar tomonidan don sotish to‘g‘risidagi statistika hisobotlarining ishonchliligini don qabul qilib olish korxonalari bo‘yicha muntazam ravishda tekshirib borilishini ta’minlasin va tezkorlik bilan Vazirlar Mahkamasiga axborot bersin.
9. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.
2008-yil 7-may,
PQ-862-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2008-y., 5-son, 264-modda)