Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
PIVONI ChAKANA SOTIShNI TARTIBGA SOLIShGA DOIR QOʻShIMChA CHORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 29-maydagi 148-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 9-moddasiga muvofiq hamda respublika aholisi, ayniqsa oʻsib kelayotgan avlod sogʻligʻini saqlashni taʼminlash, shuningdek pivoni chakana sotishni tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2009-yil 1-noyabrdan boshlab taʼlim muassasalari va diniy tashkilotlardan kamida 500 metr radiusda joylashgan savdo obyektlari orqali pivoni chakana sotish taqiqlansin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, ushbu qarorning 1-bandi talablariga rioya qilmaslik chakana savdo qoidalarini buzish hisoblanadi va qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka olib keladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi Alkogolli va kuchsiz alkogolli ichimliklarni, shu jumladan pivoni chakana sotish qoidalariga rioya qilinishi ustidan nazoratni qatʼiylashtirsin hamda qoidalarni buzishga yoʻl qoʻygan shaxslarni javobgarlikka tortish yuzasidan taʼsirchan choralar koʻrsin.
4. Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-fevraldagi 75-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2003-y., 2-son, 15-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalarida:
a) 67-bandning birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Pivo kuchsiz alkogolli ichimlik hisoblanadi hamda ushbu Qoidalarning V boʻlimi talablari pivo bilan chakana savdo qilishga tatbiq etilmaydi, 60-bandning oʻninchi xatboshi bundan mustasno. Pivo sotishga yoʻl qoʻyiladi”;
b) 189-bandning oʻn beshinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“alkogolli ichimliklarni, shu jumladan kuchsiz alkogolli ichimliklarni va tamaki mahsulotlarini sotish qoidalariga rioya qilmaslik”.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 26-oktabr,
282-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 44-son, 466-modda; 2012-y., 22-son, 244-modda)