Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasining
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasining
qarori
BIRJA KOTIROVKALARI (KIMOSHDI SAVDOLARI) OʻRTACHA NARXLARINI BELGILASH TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 14-oktabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2017]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2025-yil 8-maydagi 256-sonli va Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasining 2025-yil 2-maydagi 03/15-05/01-sonli ““Birja kotirovkalari (kimoshdi savdolari) oʻrtacha narxlarini belgilash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 2017-1, 15.05.2025-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 5-fevraldagi 57-son “Mahsulotlar, xom ashyo va materiallarning yuqori likvidli turlarini sotishning bozor mexanizmlarini joriy etishni davom ettirish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-yil, 5-son, 57-modda) va 2008-yil 4-martdagi 36-son “Mahsulotlarning monopol turlarini mavsumiy talabni hisobga olgan holda birja savdolariga qoʻyish mexanizmini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-yil, 10-11-son, 60-modda) qarorlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi qaror qiladilar.
1. Birja kotirovkalari (kimoshdi savdolari) oʻrtacha narxlarini belgilash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2009-yil 15-sentabr,
91-son
Iqtisodiyot vaziri S. BEKENOV
Toshkent sh.,
2009-yil 15-sentabr,
82-son
Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi raisi v.b. B. ULASHOV
Toshkent sh.,
2009-yil 15-sentabr,
13-son
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasining 2009-yil 15-sentabrdagi 91, 82, 13-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Birja kotirovkalari (kimoshdi savdolari) oʻrtacha narxlarini belgilash tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 5-fevraldagi 57-son “Mahsulotlar, xom ashyo va materiallarning yuqori likvidli turlarini sotishning bozor mexanizmlarini joriy etishni davom ettirish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-yil, 5-son, 57-modda) va 2008-yil 4-martdagi 36-son “Mahsulotlarning monopol turlarini mavsumiy talabni hisobga olgan holda birja savdolariga qoʻyish mexanizmini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-yil, 10-11-son, 60-modda) qarorlariga muvofiq Hukumatning ushbu qarorlari bilan nazarda tutilgan ayrim turdagi yuqori likvidli mahsulotlar va tovar bozorlarida ustun mavqeni egallab turgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning Davlat reyestriga kiritilgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar turlarini sotishda birja kotirovkalarining (kimoshdi savdolari) oʻrtacha narxlarini shakllantirish mexanizmini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom yuqori likvidli mahsulotlar va tovar bozorlarida ustun mavqeni egallab turgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning Davlat reyestriga kiritilgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlar (keyingi oʻrinlarda — tovarlar) boʻyicha birjalarda oʻtkazilgan birja savdolari natijasida shakllangan birja kotirovkalarining (kimoshdi savdolari) oʻrtacha narxlariga (keyingi oʻrinlarda — oʻrtacha narxlar) nisbatan tatbiq etiladi.
2. Oʻrtacha narxlar har bir sotilgan tovarning navi, sinfi, markasi, turi va boshqa tavsiflari boʻyicha birjalar tomonidan hisob davrida (haftada) oʻtkazilgan birja (kimoshdi) savdolari natijalari boʻyicha hisoblanadi.
II. Birja (kimoshdi) savdolarida sotiladigan tovarlarning oʻrtacha narxlarini aniqlash
3. Hisobot haftasida sotilgan har bir tovarning oʻrtacha narxlari hisobi birjalar tomonidan quyidagi formula asosida amalga oshiriladi:
Soʻ = (X1xY1 + X2xY2 +…+ XnxYn) / (X1+X2+….+Xn), bunda:
Soʻ — oʻrtacha narx;
X1,2,...n — hisob davrida (haftada) tuzilgan har bir bitim boʻyicha sotilgan tovarning hajmi;
Y1,2,...n — hisob davrida (haftada) tuzilgan har bir bitim boʻyicha sotilgan tovarning narxi.
Har bir tovar turi boʻyicha oʻrtacha narxlarning hisobi hisobot haftasida tuzilgan barcha bitimlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga asosan amalga oshiriladi.
III. Oʻrtacha narxlarni hisoblash va chop etish muddatlari
4. Bir hafta ichida (dushanba-juma) birja (kimoshdi) savdolarida tuzilgan bitimlar boʻyicha oʻrtacha narxlar hisobi hisob haftasidan keyingi dushanba kuni soat 17-00 gacha birjalar tomonidan amalga oshiriladi.
5. Hisob haftasidan keyingi dushanba kuni soat 17-00 dan boshlab birjalar oʻrtacha narxlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Internet tarmogʻidagi oʻz sahifalariga joylashtiradilar hamda ommaviy axborot vositalari va oʻzlarining maʼlumot byulletenlari obunachilariga taqdim qiladilar.
IV. Tovarlarni toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar boʻyicha sotishda oʻrtacha narxlarni qoʻllash
6. Birjalar tomonidan hisoblangan oʻrtacha narxlar korxonalar tomonidan tovarlarni toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida ichki bozorlarda sotishda hisob haftasidan keyingi seshanba kunidan boshlab, keyingi haftaning seshanba kunigacha foydalaniladi.
7. Agar tovarlar hafta davomida oʻtkazilgan birja (kimoshdi) savdolarida savdoga qoʻyilmasa yoki sotilmasa, u holda eng oxirgi chop etilgan oʻrtacha narxlardan foydalaniladi.
V. Yakuniy qoida
Oldingi tahrirga qarang.
8. Mazkur Nizom talablarini buzishda aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 42-son, 454-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)