O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
TEZ TIBBIY YORDAM KO‘RSATISh TIZIMI FAOLIYATINI TAKOMILLAShTIRISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Qayd etib o‘tilsinki, Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga g‘oyat katta mablag‘lar yo‘naltirilayotganiga qaramasdan, zamonaviy asbob-uskunalardan foydalanishda jiddiy kamchiliklar mavjud, ixtisoslashtirilgan tibbiyot avtotransporti parki yetarlicha tashkil etilmagan.
Ayrim viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmalari va Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi filiallari tomonidan ixtisoslashtirilgan avtotransportdan nooqilona va maqsadga nomuvofiq tarzda foydalanish holatlariga yo‘l qo‘yilmoqda, garaj xo‘jaligi va transportga texnik xizmat ko‘rsatish tizimlari sust tashkil etilgan, sog‘liqni saqlash boshqarmasi hududiy organlari tomonidan nazorat-taftish ishlari past darajada olib borilmoqda, ayrim hollarda esa batamom xo‘jasizlikka yo‘l qo‘yilmoqdaki, bunga mutlaqo toqat qilib bo‘lmaydi.
Navoiy, Namangan, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlarida ayniqsa noxush holat yuzaga kelgan bo‘lib, mazkur viloyatlardagi tez tibbiy yordam ko‘rsatish avtomobil parki deyarli to‘liq eskirib ketgan va o‘z resursini tugatib bo‘lgan.
Yuqorida qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etish, mavjud ixtisoslashtirilgan avtotransport parkidan maqsadli va samarali foydalanishni ta’minlash yuzasidan joylardagi sog‘liqni saqlash tizimi hamda davlat hokimiyati organlari rahbarlarining javobgarligini tubdan oshirish, shuningdek tez tibbiy yordam xizmatining moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash va rivojlantirish maqsadida:
1. Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbariyatiga sog‘liqni saqlash hududiy boshqarmalari va Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi hamda uning joylardagi filiallari faoliyati vazirlik tomonidan yetarlicha nazorat qilinmayotganligi ko‘rsatib o‘tilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi, birinchi navbatda uning hududiy filiallari kadrlar tarkibini mustahkamlash borasida qo‘shimcha chora-tadbirlarni qabul qilsin.
Qabul qilingan chora-tadbirlar to‘g‘risida bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga ma’lumot berilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 25-yanvardagi PQ-3494-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 26.01.2018-y., 07/18/3494/0624-son)
3. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Moliya vazirligi:
sog‘liqni saqlash muassasalarining mansabdor shaxslari va haydovchilari tomonidan avtomobillarning chiqish-kirishini hisobga olish tizimiga rioya etilishi, shuningdek ularning ixtisoslashtirilgan avtotransportdan maqsadli foydalanishni ta’minlashlari ustidan doimiy ravishda qattiq nazoratni amalga oshirsin;
ixtisoslashtirilgan tibbiyot avtotransportidan maqsadga nomuvofiq foydalanilishining har bir aniqlangan faktini Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazining hududiy filiallari rahbarlari tomonidan xizmat mavqeyini suiiste’mol qilish deb hisoblasin. Bundan kelib chiqadigan barcha oqibatlarni qonun hujjatlariga muvofiq holda ko‘rib chiqsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Moliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:
bir oy muddatda tez tibbiy yordam tizimi avtogaraj xo‘jaligiga va uning moddiy-texnika vositalari bilan ta’minlanganligiga nisbatan talablarni, shuningdek ixtisoslashtirilgan avtotransportning uzluksiz ishlashi uchun yoqilg‘i-moylash materiallari hamda ehtiyot qismlar sarfi normalarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
ikki oy muddatda avtoxo‘jaliklarni yiriklashtirishni, ularning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish, ta’mirlash ustaxonalari bilan ta’minlashni va ixtisoslashtirilgan avtotransport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish uchun shart-sharoitlar yaratilishini nazarda tutgan holda garaj xo‘jaligini boshqarish va undan foydalanishni to‘liq qayta tashkil etsin;
ixtisoslashtirilgan avtotransportga xizmat ko‘rsatuvchi muhandis-texnik va ta’mirlovchi xodimlar malakasini oshirish chora-tadbirlari muntazam asosda amalga oshirilishini ta’minlasin.
Hududiy moliya organlari va sog‘liqni saqlash organlari rahbarlari zimmasiga ixtisoslashtirilgan avtotransportning uzluksiz ishlashini ta’minlash uchun sarf normalariga muvofiq, zarur ehtiyot qismlar hamda yoqilg‘i-moylash materiallarining o‘z vaqtida xarid qilinishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining:
Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi va uning viloyat filiallariga Koreya Respublikasi hukumatining grant mablag‘lari hisobiga keltirilgan 110 ta tez yordam avtomobillarini 2-ilovaga* muvofiq foydalanishga topshirish;
* 2-ilova rus tilidagi matnda berilgan
Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi avtoparkida mavjud bo‘lgan sanitariya avtotransportini 3-ilovaga* muvofiq tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarining shoshilinch tibbiy yordam xizmatlariga topshirish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
* 3-ilova rus tilidagi matnda berilgan
6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tez hamda shoshilinch tibbiy yordam xizmatlarini sanitar avtotransporti bilan jihozlash uchun Koreya Respublikasi hukumatining grantidan samarali foydalanishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2007-yil 5-noyabrdagi PQ–724-son qarorining ilovasi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2009-yil 21-may,
PQ-1114-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2009-y., 21-son, 250-modda; 2017-y., 11-son, 152-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 26.01.2018-y., 07/18/3494/0624-son)