Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
TEZ HAMDA SHOSHILINCH TIBBIY YORDAM XIZMATLARINI SANITAR AVTOTRANSPORTI BILAN JIHOZLASH UCHUN KOREYA RESPUBLIKASI HUKUMATINING GRANTIDAN SAMARALI FOYDALANISHNI TAʼMINLASH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining tez hamda shoshilinch tibbiy yordam xizmatlarini sanitar avtotransporti bilan jihozlash uchun berilayotgan Koreya Respublikasi Hukumatining grantidan samarali foydalanishni taʼminlash maqsadida:
1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Koreya Respublikasi Hukumati tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga 2007-2008-yillar davrida umumiy summasi 2,5 mln. AQSH dollariga teng boʻlgan 100 dona sanitar avtotransporti yetkazib berish boʻyicha grant ajratish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
2. Belgilansinki, Koreya Respublikasi Hukumati granti doirasida beriladigan 100 dona sanitar avtotransporti ilovaga* muvofiq taqsimlangan holda Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahri tez va shoshilinch tibbiy yordam xizmatlarini jihozlashga yoʻnaltiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi sanitar avtotransporti ilovaga muvofiq maqsadli taqsimlanishi hamda tez va shoshilinch tibbiy yordam xizmatlarida tegishli ravishda foydalanilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin.
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Qosimovga Koreya Respublikasi Hukumatni mazkur grantini olish toʻgʻrisidagi hukumatlararo Bitimni Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan imzolash vakolati berilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi zimmasiga grantni olish uchun zarur boʻlgan barcha tartib-qoidalarni Koreya tomoni bilan kelishilgan muddatlarda rasmiylashtirish vazifasi yuklansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi mazkur loyihani amalga oshirish davrida Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi uchun tasdiqlangan budjet mablagʻlari doirasida grant mablagʻlari hisobidan olib kelinadigan sanitar avtotransportini hududlarga yetkazib berish, shuningdek unga keyingi texnik xizmatlar koʻrsatish boʻyicha sarf-xarajatlarni moliyalashtirishni nazarda tutsin.
6. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi grant doirasida yetkazib beriladigan sanitar avtotransportini temir yoʻl stansiyalarida yigʻimlar olmagan holda tushirish va saqlash ishlari amalga oshirilishini taʼminlasin.
7. Grant doirasida olib kelinadigan sanitar avtotransporti bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi organlarida roʻyxatga olishda yigʻimlar va boj haqi toʻlashdan ozod etilsin.
Qonun hujjatlariga muvofiq, grant mablagʻlari hisobidan olib kelinadigan tovarlar qoʻshilgan qiymat soligʻidan, aksiz soligʻi va import uchun boj haqi toʻlashdan ozod etilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining talabnomalariga koʻra, mazkur loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotgan xorijiy mutaxassislarning kirish vizalari konsullik yigʻimi va boshqa yigʻimlar undirib olinmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining talabnomalariga koʻra, loyihaning xorijiy ishtirokchilariga koʻp martalik vizalar berish va ularning muddatini uzaytirish, shuningdek yashash joyida vaqtincha roʻyxatda turish va uning muddatini uzaytirishni taʼminlasin hamda ular davlat boji toʻlashdan ozod qilinsin.
11. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Qosimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 5-noyabr,
PQ-724-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-y., 11-son, 575-modda; 2009-y., 21-son, 250-modda)