Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulk qoʻmitasi huzuridagi qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlaShtirish va nazorat qilish markazi bosh direktorining
buyrugʻi
Qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchilari birlashmalari (uyushmalari) faoliyati toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 17-aprelda 1942-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasining “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 29-30-son, 278-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 27-sentabrdagi PQ–475-sonli “Qimmatli qogʻozlar bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori (Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari toʻplami, 2006-yil 39-son, 387-modda) bilan tasdiqlangan 2006-2007-yillarda qimmatli qogʻozlar bozorini rivojlantirish Dasturining 2.9-bandiga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 30-martdagi 126-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Markazi toʻgʻrisidagi nizomga (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 1996-y., 3-son, 11-modda) muvofiq buyuraman:
Keyingi tahrirga qarang.
1. Qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchilari birlashmalari (uyushmalari) faoliyati toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiritilsin.
Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi Bosh direktori K.TOLIPOV
Toshkent sh.,
2009-yil 18-mart,
2009-20-son
Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi Bosh direktorining 2009-yil 18-martdagi 2009-20-son buyrugʻi bilan
TASDIQLANGAN
TASDIQLANGAN
Qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchilari birlashmalari (uyushmalari) faoliyati toʻgʻrisida
NIZOM
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasining “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 29-30-son, 278-modda), boshqa qonun hujjatlariga muvofiq qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchilari birlashmalari (uyushmalari) faoliyatini amalga oshirish tartibini oʻrnatadi.
Keyingi tahrirga qarang.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchisi (keyingi oʻrinlarda — professional ishtirokchi) — qimmatli qogʻozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxs;
qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchilari birlashmasi (uyushmasi) (keyingi oʻrinlarda — Birlashma) — qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchilari tomonidan qimmatli qogʻozlar bozorida ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida tashkil etilgan yuridik shaxs (notijorat tashkilot);
qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi (keyingi oʻrinlarda — vakolatli organ) — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Birlashmaning nomi uning aʼzolari asosiy faoliyat sohasini koʻrsatishi, unga “birlashma” yoki “uyushma” yoxud Birlashma turini koʻrsatuvchi soʻzlari kiritilgan boʻlishi kerak.
II. Birlashma faoliyatini amalga oshirishga doir talablar
3. Birlashmani tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish tartibini, shuningdek, taʼsis hujjatlarining mazmuniga doir talablar qonun hujjatlarida belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Birlashma professional ishtirokchilarning ixtiyoriy aʼzoligi asosida tashkil etiladi va oʻz faoliyatini nodavlat notijorat tashkiloti sifatida amalga oshiradi.
5. Birlashmaning barcha daromadlari faqatgina uning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun qoʻllaniladi va uning ishtirokchilari (aʼzolari) orasida taqsimlanmaydi.
6. Birlashma qimmatli qogʻozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshirishga va ushbu faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxsning ishtirokchisi boʻlishga haqli emas.
III. Birlashmaning huquq va majburiyatlari
7. Birlashma:
Birlashma aʼzolari faoliyatiga tegishli masalalar koʻrilayotganda vakolatli organ komissiya yigʻilishlarida ekspert sifatida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qatnashishga;
Keyingi tahrirga qarang.
vakolatli organdan Birlashma aʼzoligiga kirish istagini bildirgan professional ishtirokchi tomonidan qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining buzilishi mavjudligi toʻgʻrisidagi axborotlarni soʻrashga haqli.
Keyingi tahrirga qarang.
Birlashma qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Birlashma:
oʻz aʼzolarini ularning faoliyatiga daxldor boʻlgan Birlashmaning taʼsis va ichki hujjatlari bilan tanishtirishi;
oʻzining taʼsis va ichki hujjatlarida mavjud talablarni bajarishi shart;
vakolatli organ tomonidan taqdim etilgan birlashma aʼzolari faoliyati masalalari boʻyicha axborotlarni oʻz aʼzolariga yetkazishi.
Birlashma qonun hujjatlariga muvofiq, boshqa majburiyatlarga ham ega boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
IV. Yakuniy qoidalar
9. Mazkur Nizom talablarini buzishda aybdor shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Mazkur Nizom talablarining bajarilishi ustidan nazorat vakolatli organ tomonidan amalga oshiriladi.
11. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Markaziy banki hamda Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash Davlat qoʻmitasi bilan kelishilgan.
Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi raisi D. MUSAYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 18-mart
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2009-yil 18-mart
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2009-yil 18-mart
Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi raisi v.b. B. ULASHOV
Toshkent sh.,
2009-yil 18-mart
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 16-son, 207-modda; 2014-y., 9-son, 94-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.03.2019-y., 10/19/1942-2/2745-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son; 26.07.2023-y., 10/23/3448/0539-son; 28.12.2024-y., 10/24/3595/1086-son)