Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining
Qarori
“ChET EL INVESTITSIYaLARI VA ChET ELLIK INVESTORLAR FAOLIYATINING KAFOLATLARI TOʻGʻRISIDA”GI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNINI AMALGA KIRITISh HAQIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1998-yil 30-apreldagi 610-I-sonli “Chet el investitsiyalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida”gi qarorining 3-bandiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasining 1994-yil 5-maydagi 1052-XII-son “Chet el investitsiyalari va chet ellik investorlar faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni oʻz kuchini yoʻqotganligi munosabati bilan ushbu qaror ham amalda oʻz ahamiyatini yoʻqotdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qaror qiladi:
1. “Chet el investitsiyalari va chet ellik investorlar faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni matbuotda eʼlon qilingan kundan eʼtiboran amalga kiritilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
qonunlarni “Chet el investitsiyalari va chet ellik investorlar faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiqlashtirish haqidagi takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashiga kiritsin;
Hukumatning qarorlarini “Chet el investitsiyalari va chet ellik investorlar faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiqlashtirsin, respublika vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralari oʻzlarining mazkur Qonunga zid boʻlgan normativ hujjatlarini qayta qarab chiqishlarini va bekor qilishlarini taʼminlasin.
3. 1991-yil 14-iyunda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasida chet el investitsiyalari toʻgʻrisida”gi hamda 1992-yil 2-iyulda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasida chet el investitsiyalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Raisi vazifasini bajaruvchi E. XALILOV
Toshkent sh.,
1994-yil 5-may,
1053-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1994-y., 5-son, 129-modda)