LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2011-yil 20-iyuldagi 05-sonli “Sudlar tomonidan meros huquqiga oid qonunchilikning qo‘llanilishi to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
LexUZ sharhi
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2003-yil 19-dekabrdagi 20-sonli va 2006-yil 3-fevraldagi 5-sonli qarorlariga asosan kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar bilan)
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bozor munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan mamlakatimiz iqtisodiyotining negizini tashkil qilgan turli mulk shakllarining teng huquqligini va huquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza etilishini kafolatlab berdi. Mulk va mulk huquqini vujudga keltiruvchi obyektlardan biri — meros huquqi davlat himoyasida ekanligi e’tirof etilib, mulkdorlarning huquq va erkinliklari kengaytirildi.
Shuningdek, yangi qabul qilingan Fuqarolik kodeksida meros qonunchiligiga jiddiy o‘zgarishlar kiritilganligi hamda ushbu qonunlarni qo‘llashda sud amaliyotida ayrim tushunmovchilik va muammolar kelib chiqayotganligi mazkur qonun mohiyatini atroflicha yoritib berishni taqozo qilmoqda.
Shuning uchun sudlarga tegishli tushuntirish va ko‘rsatmalar berish maqsadida “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunning 17-moddasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Sudlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan, meros huquqi qonun bilan kafolatlanishi, mulkdorning mulkiga o‘z xohishicha egalik qilishi, undan foydalanishi va uni tasarruf etishi to‘g‘risidagi huquqlarining buzilishi yuzasidan kelib chiqqan nizolarni har taraflama, to‘liq, xolisona va sinchkovlik bilan ko‘rib, qonunchilikka qat’iy amal qilgan holda adolatli qarorlar chiqarishlari lozim.
2. Meros ochilgan paytda meros qoldiruvchiga tegishli bo‘lgan, uning o‘limidan keyin ham bekor bo‘lmaydigan barcha huquq va majburiyatlar, ya’ni meros qoldiruvchiga tegishli bo‘lgan xususiy mulk huquqi, kredit muassasalarida saqlanayotgan omonatlarga bo‘lgan huquq, mulk bilan bog‘liq bo‘lgan ayrim nomulkiy huquqlar va majburiyatlaridan kelib chiqadigan talab qilish huquqi, dehqon xo‘jaligi yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi meros tarkibiga kiradi.
“Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining 1998-yil 30-apreldagi Qonuni 9-moddasiga muvofiq, tomorqa yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi, “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi Qonunning 12-moddasiga muvofiq yer uchastkasini ijaraga olish huquqi, dehqon va fermer xo‘jaligining boshlig‘i (rahbari) vafot etgan taqdirda — shu xo‘jalik a’zolarining o‘zaro kelishuvi asosida dehqon, fermer xo‘jaligi faoliyatini davom ettirish istagini bildirgan xo‘jalik a’zolaridan biriga meros bo‘lib o‘tadi. Dehqon, fermer xo‘jaliklariga berilgan tomorqa yer uchastkalari bo‘linishi mumkin emas.
Meros qoldiruvchining oldi-sotdi, ayirboshlash, hadya va boshqa shartnomalar orqali tasarruf etilgan mulklari keyinchalik bunday shartnomalar (FKning 113—128-moddalari) sud tomonidan haqiqiy emas, deb topilgan taqdirdagina meros tarkibiga kiradi.
Meros qoldiruvchiga tegishli bo‘lgan shaxsiy nomulkiy huquqlar va boshqa nomoddiy boyliklar merosxo‘rlar tomonidan amalga oshirilishi va himoya qilinishi mumkin.
Nomoddiy ne’matlar, deganda, intellektual faoliyat natijalariga bo‘lgan huquqlar, xizmat va tijorat siriga bo‘lgan huquq, hamda shaxsiy nomulkiy huquqlarga bo‘lgan huquqlar tushuniladi. Ijodiy faoliyatning aniq bir shaklda, ko‘rinishida ifoda etiladigan natijalari intellektual mulk hisoblanadi.
Bu natijalarga tenglashtirilgan jismoniy yoki yuridik shaxs mahsulotlari, vositalari (firma nomi, tovar belgisi, xizmat belgisi va h.k.) ham intellektual faoliyat natijalari sifatida tan olinadi. Ushbu natijalarga nisbatan fuqaroning yoki yuridik shaxsning mutloq huquqlari e’tirof etiladi va uchinchi shaxsning foydalanishiga intellektual mulk egasining ruxsati bilangina yo‘l qo‘yiladi.
Tijorat qimmatiga ega bo‘lgan va qonun yo‘li bilan undan erkin bahramand bo‘lish uchun yo‘l qo‘yilmaydigan ma’lumotlar xizmat va tijorat siri hisoblanadi. Xizmat siri ahamiyatiga ega bo‘lgan axborotlarni tarkibi va hajmi, shuningdek, ularni himoya qilish tartibi davlat boshqaruv organi tomonidan belgilanadi.
(2-bandning beshinchi, oltinchi va yettinchi xatboshlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2008-yil 15-maydagi 14-sonli qarori tahririda)
Tijorat siri ahamiyatiga ega bo‘lgan axborotlarning tarkibi va hajmi, ularni himoya qilish tartibi tadbirkorlikni amalga oshiruvchi fuqarolar va yuridik shaxslar tomonidan belgilanadi.
Shaxsiy nomulkiy huquqlar va boshqa nomoddiy ne’matlar — shaxsning hayoti va sog‘lig‘i, sha’ni va qadr-qimmati, shaxsiy daxlsizligi, ishchanlik obro‘si, shaxsiy hayotining daxlsizligi, xususiy va oilaviy siri, nomga bo‘lgan huquqi, tasvirga bo‘lgan huquqi, mualliflik huquqi va boshqa shaxsiy nomulkiy huquqlar hamda tug‘ilganidan boshlab yoki qonunga muvofiq tegishli bo‘lgan boshqa nomoddiy ne’matlardan iborat.
Yuridik shaxs hisoblangan har qanday kooperativ, tijorat tashkilotlariga a’zolik huquqi, ularning faoliyatida ishtirok etish huquqi (agar, qonun yoki shartnoma va ustavlarda boshqa hol belgilangan bo‘lmasa) meros tarkibiga kirmaydi, ammo meros qoldiruvchining ulushi (pay badallari) meros tarkibiga kiradi.
Omonatni bank muassasalariga qo‘ygan omonatchi o‘zining vafotidan keyin omonatlarini boshqa shaxslarga berish yoki davlatga o‘tkazish haqida vasiyat qoldirgan bo‘lsa va bu omonat FKning 18-bobida yoki Oila kodeksining 23-moddasida belgilangan umumiy mulkni tashkil etsa, omonatchining vasiyati faqatgina o‘zining ulushiga nisbatan tatbiq qilinadi.
3. Fuqarolik kodeksining 1118-moddasi talabiga muvofiq meros ochilgan paytda hayot bo‘lgan fuqarolar, shuningdek, meros qoldiruvchining hayotlik paytida homila holida bo‘lgan va meros ochilgandan keyin tirik tug‘ilgan bolalari vasiyat bo‘yicha merosxo‘rlar bo‘lishi mumkin.
Meros ochilgan paytda hayot bo‘lgan meros qoldiruvchi bilan qarindoshlik munosabatlarida bo‘lgan shaxslar qonun bo‘yicha merosxo‘rlar doirasiga kiradi, hamda qarindoshlik darajasiga qarab, Fuqarolik kodeksining 1135—1138-moddalari talabiga muvofiq vorislikka chaqiriladilar. Oldingi navbatdagi merosxo‘rlarning bo‘lmasligi, noloyiq merosxo‘rlarning merosdan chetlashtirilgan bo‘lishi yoki merosni qabul qilmagan yoxud undan voz kechganligi tasdiqlangan taqdirda, meros olish huquqi keyingi navbatdagi merosxo‘rlarga o‘tishi sudlarga tushuntirilsin.
4. Fuqarolik kodeksining 1139, 1141-moddalarida ko‘rsatilgan meros qoldiruvchining mehnatga qobiliyatsiz boqimlarini uch toifasini bir-biridan ajratish lozim.
Fuqarolik kodeksining 1141-moddasi 1-qismida ko‘rsatilgan boqimlar (1-toifa) bo‘lishi uchun, birinchidan, ular meros qoldiruvchining vafotiga qadar kamida bir yil uning qaramog‘ida bo‘lishi, ikkinchidan, u bilan birga yashagan bo‘lishi, uchinchidan, mehnatga qobiliyatsiz bo‘lishi kerak.
Fuqarolik kodeksining 1141-moddasi 2-qismida ko‘rsatilgan boqimlar (2-toifa) bo‘lishi uchun, birinchidan, Fuqarolik kodeksining 1136—1138-moddalarida ko‘rsatilgan merosxo‘rlar jumlasiga mansub bo‘lgan meros qoldiruvchining ikkinchi, uchinchi, to‘rtinchi navbatdagi merosxo‘rlari bo‘lishi, ikkinchidan meros qoldiruvchining vafotiga qadar kamida bir yil uning qaramog‘ida bo‘lishi, uchinchidan, mehnatga qobiliyatsiz bo‘lishi lozim.
Fuqarolik kodeksining 1139-moddasida ko‘rsatilgan boqimlar (3-toifa) bo‘lishi uchun, birinchidan, meros qoldiruvchining qarindoshlari jumlasiga kirmaydigan, ikkinchidan, merosxo‘r bilan birga yashamagan yoki bir yil muddatdan kam yashagan, uchinchidan hayot kechirishi uchun birdan bir manba sifatida meros qoldiruvchining qaramog‘ida bo‘lib, undan moddiy yordam olib turgan mehnatga qobiliyatsiz shaxs bo‘lishi kerak.
Birinchi va ikkinchi toifadagi boqimlar vorislikka chaqiriladigan navbatdagi merosxo‘rlar bilan birgalikda vorislikka chaqiriladilar va merosxo‘rlar bilan birgalikda meros oladilar, ammo, ularning meros mulkidan oladigan ulushlari meros mulkining to‘rtdan bir qismidan oshmasligi kerak. Merosxo‘rlar bo‘lmaganda, bu toifadagi boqimlar mustaqil ravishda qonun bo‘yicha merosxo‘rlar hisoblanib meros mulkini to‘la oladilar.
Uchinchi toifadagi boqimlar beshinchi navbatdagi merosxo‘rlar bo‘lganligi sababli oldingi navbatdagi vorislar bo‘lmaganda vorislikka chaqiriladilar va meros mulkidan shu navbatdagi merosxo‘rlar bilan teng ulushda meros oladilar.
5. Mehnatga qobiliyatsiz yoki layoqatsiz deb — 55 yoshga kirgan ayollar, 60 yoshga kirgan erkaklar, birinchi, ikkinchi, uchinchi guruh nogironlari, shuningdek, 16 yoshga to‘lmagan o‘smirlar, 18 yoshga to‘lmagan o‘quvchi bolalar tushuniladi. Umumiy pensiya yoshiga yetmasdan imtiyozli ravishda pensiyaga chiqqan shaxslarni mehnatga qobiliyatsiz deb hisoblash uchun, albatta tegishli tibbiy muassasalarning xulosalari bo‘lishi shart. Shuning uchun, bunday shaxslarni, faqat pensiyaga chiqqanligi sababli mehnatga qobiliyatsiz deb hisoblash mumkin emasligiga sudlarning e’tibori qaratilsin.
Meros qoldiruvchining qaramog‘ida bo‘lishlik deganda, uning tomonidan berib turilgan moddiy yordam shaxsning hayot kechirishi uchun birdan-bir asosiy va doimiy manba bo‘lishini nazarda tutmoq lozim. Davriy, vaqti-vaqti bilan berib turilgan moddiy yordam meros qoldiruvchining qaramog‘ida bo‘lish faktini belgilash uchun asos bo‘lmaydi. Moddiy yordam meros qoldiruvchi vafotigacha uzluksiz berilgan bo‘lishi shart. Meros qoldiruvchining qaramog‘ida bo‘lganlik fakti fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlarining, mahalla qo‘mitalarining, uy-joy boshqarmalarining, xizmat qilib turgan joy ma’muriyatining, ijtimoiy ta’minot bo‘limlarining bergan hujjatlari, guvohlarning inkor qilib bo‘lmaydigan ko‘rsatuvlari asosida sudda o‘z isbotini topganda haqiqiy hisoblanadi.
6. Taqdim qilish huquqi bo‘yicha vorislik qonun bo‘yicha merosxo‘r meros ochilgunga qadar vafot etgan taqdirda, unga tegishli ulush, uning avlodlariga o‘tishini nazarda tutadi. Bunda ulush, taqdim qilish huquqi bo‘yicha bir xil darajada qarindosh bo‘lgan avlodlar o‘rtasida teng taqsimlanadi. Shu qoidadan kelib chiqib, agar o‘g‘il (qiz) ota yoki onadan oldin vafot etgan bo‘lsa, undan keyin vafot etgan ota yoki onaning mulkiga o‘lgan farzandning bolalari taqdim qilish huquqi bo‘yicha voris bo‘ladi. Vafot etgan shaxsning turmush o‘rtog‘i taqdim qilish huquqi bo‘yicha merosxo‘r bo‘la olmaydi (FK 1140-moddasi).
7. FKning 1119-moddasi 4-qismiga muvofiq, meros qoldiruvchi yoki ehtimol tutilgan merosxo‘rlardan birortasini qasddan o‘ldirgan yoki ularning hayotiga suiqasd qilgan meros olish huquqiga ega bo‘lgan shaxsga nisbatan chiqarilgan sudning hukmi yoxud shaxslarning ota-onalik huquqidan mahrum etilgani haqidagi sudning hal qiluv qarori mavjudligi vasiyat bo‘yicha ham, qonun bo‘yicha ham vorislikka da’vo qilishda da’vo arizani qabul qilishni rad etish uchun asos bo‘la olmaydi va sud majlisida da’voni mazmunan ko‘rishga to‘sqinlik qilolmaydi. Qaysiki, noloyiq merosxo‘rlarni vorislikdan chetlatish uchun asos bo‘ladigan holatlar, faqat, sud tomonidan belgilanadi.
Voris tomonidan taqdim qilingan vasiyatnoma haqiqiy emas, deb topilganda, u vasiyatnoma bo‘yicha merosxo‘r bo‘la olmaydi, biroq, FKning 1130-moddasi 4-qismiga muvofiq. meros qoldiruvchining oxirgi xohish-irodasidan kelib chiqqan holda, bu shaxs, umumiy asoslarda qonun bo‘yicha meros olish huquqlaridan mahrum etilmaydi.
8. Meros qoldiruvchi o‘ziga tegishli mol-mulkning hammasini yoki bir qismini xohlagan bir yoki bir necha shaxsga, shuningdek, yuridik shaxslarga, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organiga va davlatga vasiyat qilib qoldirishi mumkin. Vasiyatnomaning mazmunidan qat’i nazar, meros qoldiruvchining voyaga yetmagan bolalari yoki mehnatga qobiliyatsiz bolalari, shu jumladan, farzandlikka olgan voyaga yetmagan bolalari, mehnatga qobiliyatsiz eri (xotini) va mehnatga qobiliyatsiz ota-onasi, shu jumladan uni farzandlikka olgan mehnatga qobiliyatsiz shaxslar merosdan majburiy ulush olish huquqiga egadirlar. Majburiy ulush oluvchilarning hissasi, ular qonun bo‘yicha voris bo‘lganda olishi lozim bo‘lgan hissaning yarmidan kam bo‘lmasligi lozim (FKning 1142-moddasi).
Majburiy ulush olish huquqiga ega bo‘lgan merosxo‘rlarning huquqi buzilgan taqdirda, sud vasiyatnomaning faqat majburiy ulush olish qismini haqiqiy emas deb topishi mumkin.
Meros qoldiruvchining nevara-chevaralari taqdim qilish huquqi bo‘yicha voris hisoblanadi, biroq, ular mehnatga layoqatsiz bo‘lsalar ham majburiy ulush olish huquqiga ega emaslar, xuddi shuningdek, qonun bo‘yicha ikkinchi va keyingi navbatdagi merosxo‘rlar ham merosdan majburiy ulush olish huquqiga ega emaslar, chunki, majburiy ulush olish huquqi, faqat birinchi navbatdagi merosxo‘rlarga taalluqlidir.
9. Vasiyatnoma bir tomonlama bitim bo‘lganligi sababli, vasiyatnomalarni haqiqiy emas deb, topish haqidagi nizolar Fuqarolik kodeksining bitimlarni haqiqiy emasligi to‘g‘risidagi qoidalariga rioya qilib hal etiladi (FKning 113—128-moddalari). Ushbu turdagi nizolarni hal etishda, sudlar, ish holatlaridan kelib chiqib yetarli asoslar bo‘lgan taqdirda, tegishli ekspertizalar tayinlash masalalarini muhokama etishlari lozim.
10. Merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnoma meros ochilgan kundan e’tiboran olti oy o‘tgandan keyin merosni qabul qilib olgan merosxo‘rlarga beriladi. Ayrim hollarda FKning 1146-moddasi uchinchi qismi talabiga muvofiq, guvohnoma olti oylik muddat tugamasdan ham berilishi mumkin. Merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnomani olish vorisning huquqi bo‘lib, majburiyat hisoblanmaydi va shuning uchun guvohnoma olinmaganligi vorislik huquqini yo‘qotgan degan, tushunchani bermaydi. Merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnomalar bo‘yicha kelib chiqadigan barcha nizolar sud tomonidan ko‘rilib, umumiy tartibda hal qilinadi.
11. Meros qoldiruvchining o‘ziga qonuniy asoslarda tegishli bo‘lgan mulklarigina meros tarkibiga kirishini inobatga olib, o‘zboshimchalik bilan qurilgan yoki tegishli tartibda rasmiylashtirilmagan turar-joy va xonalarga nisbatan vorislarga egalik huquqini belgilashga yo‘l qo‘yilmasligi, sudlarga tushuntirilsin.
O‘zboshimchalik bilan qurilgan (uy, dala hovli, garaj va boshqalar) va meros qoldiruvchining vafot etishiga qadar tegishli tartibda rasmiylashtirilmagan bino va imoratlarga nisbatan tuzilgan vasiyatnoma qonuniy kuchga ega bo‘lmaydi. Ushbu bino, imoratlarga nisbatan meros qoldiruvchining vafotidan so‘ng, tegishli hokimiyat yoki sud tomonidan meros qoldiruvchi nomiga egalik huquqi belgilanishi bilan meros ochilgan hisoblanadi.
12. Fuqarolik kodeksining 1132-moddasiga muvofiq, vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchilarning turar joydan umrbod foydalanish huquqi, bu turar joyga mulk huquqi keyinchalik boshqa shaxsga o‘tganida ham o‘z kuchida saqlanib qoladi. Shu sababli, bu holat taraflar o‘rtasida tuziladigan shartnomada qayd etilmog‘i lozim bo‘ladi.
Agar, turar joydan foydalanish tartibi vasiyatnoma shartlariga mos kelmasa yoki vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchilar yoxud turar joy egasining huquqini buzilishiga olib kelsa, bunday holda taraflar o‘rtasidagi nizo sud tomonidan hal etiladi.
Vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchining huquq va majburiyatlari uning vafot etishi bilan tugatiladi. Vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchiga berilgan turar joydan umrbod foydalanish huquqi, agar vasiyatnomada boshqacha tartib ko‘rsatilmagan bo‘lsa, uning merosxo‘rlari va boshqa oila a’zolarining mazkur turar joyda yashashlari uchun asos bo‘lmaydi.
13. Meros qoldiruvchiga taalluqli nomoddiy ne’matlarga bo‘lgan huquqlar, uning vorislari tomonidan amalga oshirilishi va himoya qilinishi mumkin. (FKning 99-moddasi).
Fuqarolik kodeksining 100-moddasi 2-qismiga binoan, vorislar meros qoldiruvchining vafotidan keyin uning sha’ni va qadr-qimmatini himoya etishni talab qilishga haqlidirlar. Bunday holda, vafot etgan shaxsga yetkazilgan ma’naviy zarar qoplanmaydi va bu huquq vorislarga o‘tmaydi. Ammo, sud, meros qoldiruvchining sha’n va qadr-qimmati orqali bevosita uning vorislariga yetkazilgan ma’naviy zararni qoplash to‘g‘risidagi da’vo talablarini ko‘rib chiqishi mumkin.
14. Agar, merosxo‘r merosni qabul qilmagan va meros mulki fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organiga, davlatga yoxud biror-bir shaxsning egaligiga o‘tkazilmagan bo‘lsa, merosxo‘r istagan vaqtida merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnoma olish uchun notariusga murojaat qilishi mumkin. Bunday guvohnomani berish rad etilgan taqdirda, merosxo‘r notariusning harakati yuzasidan FPKning 273-moddasiga muvofiq sudga shikoyat qilishga haqli va shikoyat alohida ish yurituv tartibida ko‘rilishi lozim. Meros mulki fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organiga, davlatga yoki biror-bir shaxsning egaligiga o‘tkazilganligi uchun merosxo‘rlarga notarius tomonidan merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnoma berish rad etilsa, merosxo‘r sudga shikoyat qilishga haqli va bunday shikoyat da’vo yuritish tartibida ko‘rib hal etilishi, sudlarga tushuntirilsin.
15. Ishni sud majlisida ko‘rishga tayyorlashda, sudya FPKning 158-159-moddalari talablarini to‘liq bajarishi kerak, ya’ni, taraflarning huquqiy munosabatlarini, ishni ko‘rishda amal qilishi lozim bo‘lgan qonunni, taraflarning talab va e’tirozlarini asoslovchi faktlarni aniqlashi, ishga qo‘shimcha javobgar va uchinchi shaxslarni jalb qilishi, dalillar to‘plash doirasini aniqlashi zarur.
Jumladan, meros mulkka bo‘lgan huquq va uni bo‘lish haqidagi da’volar qo‘zg‘atilgan bo‘lsa, sudya meros qoldiruvchining vafot etganligi to‘g‘risida guvohnoma yoki uning nusxasi, merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnoma, taraflarning merosxo‘r ekanligini tasdiqlovchi hujjatlar (nikoh, tug‘ilish, farzandlikka olganlik guvohnomalari, otalikni belgilangani haqidagi hujjatlar, vafot etganning qaramog‘ida bo‘lganligi to‘g‘risida turar joy organining ma’lumoti va boshqalar), meros mulkining ro‘yxatga olinganligi va qiymati ko‘rsatilgan dalolatnoma, meros mulkining vafot etgan shaxsga tegishliligi (inventarizatsiya byurosi ma’lumoti, oldi-sotdi, hadya, ayirboshlash, almashtirish shartnomalari, omonat daftarchalari, hisobvarag‘idan ko‘chirmalar va boshqa) haqidagi hujjatlarni taqdim etishni taklif qiladi. Zarur topilganda, bu hujjatlar, sudyaning o‘zi tomonidan ham talab qilib olinishi mumkin.
16. Sudlar, meros mulkidan merosxo‘rlarning ulushini belgilashda foiz (25 %, 33 %, 50 %, 66 % va h.k.) hisobida emas, balki qism, ulushlar (1/4, 1/3, 1/2, va h.k.)da hisoblashlari lozim.
17. Fuqarolik kodeksining 1151-moddasi talabidan kelib chiqqan holda, sudlarga uqtirilsinki, meros qabul qilish uchun muddat tatbiq qilinmaydi.
18. Fuqarolik kodeksining 1147-moddasiga muvofiq, qonun yoki vasiyat bo‘yicha merosxo‘r o‘zining vorislikka chaqirilganini bilgan yoki bilishi lozim bo‘lgan kundan boshlab olti oy ichida merosxo‘rlar jumlasiga kiradigan navbatdagi boshqa shaxslar foydasiga merosdan voz kechishga haqli. Merosdan voz kechish, bir necha merosxo‘rlar foydasiga bo‘lganda, merosxo‘r, ularning har biriga tegadigan ulushni belgilab berishi shart. Aks holda, merosdan voz kechgan vorisning meros mulkidagi ulushi barcha merosxo‘rlar foydasiga kechilgan hisoblanib, ularga teng taqsimlanadi. Merosdan voz kechishga qonunda belgilangan muddat o‘tganidan so‘ng yo‘l qo‘yilmaydi.
b) meros qoldiruvchi tomonidan vasiyatnomada maxsus ko‘rsatilgan farmoyish bilan merosdan mahrum qilinganlar foydasiga;
v) meros olish huquqiga ega bo‘lmagan fuqarolar foydasiga (qonun bo‘yicha meros olish huquqidan chetlashtirilganlarga);
19. FKning 1153-moddasiga muvofiq, meros ochilgunga qadar uch yil va undan ortiq yillar mobaynida meros qoldiruvchi bilan birgalikda yashagan merosxo‘rlar, meros taqsimlanishida, meros tarkibidan uy-joy, kvartira yoki boshqa turar joyni, shuningdek, uy-joy ashyolari va ro‘zg‘or buyumlarini natura holida olishga imtiyozli huquqqa ega bo‘ladilar.
Imtiyozli huquqni amalga oshiruvchi merosxo‘rning boshqa merosxo‘rlarga tegishli ulushlarini pul yoki boshqa mol-mulk bilan qoplashi mumkinligi haqidagi taklifi sud tomonidan muhokama qilinishi zarurligi tushuntirilsin.
Meros tarkibiga kirgan uy-joy ashyolari va ro‘zg‘or buyumlariga nisbatan imtiyozli huquqni amalga oshirishda qolgan merosxo‘rlarning roziligini olish talab etilmasligi nazarda tugilsin.
20. Mol-mulkni egasiz qolgan deb topish haqidagi ariza, meros ochilgan kundan e’tiboran, bir yil o‘tgandan keyin FPKning 298—300-moddalari asosida alohida ish yuritish tartibida ko‘riladi (FKning 1157-moddasi). Qonun bo‘yicha merosxo‘rlar hozir bo‘lgan taqdirda, ular FKning 1144-moddasi talabiga ko‘ra, notariusdan meros boshqaruvchisini chaqirib olinishini talab qilishlari, shu bilan birga, merosni boshqaruvchidan hisobot berish va meros mulkini qaytarishni talab qilishlari, mulk egasiz qolgan deb topilgan hollarda, bu qarorni bekor qilishni so‘rab, sudga ariza bilan murojaat qilishlari mumkin.
21. Meros amaldagi Fuqarolik kodeksi harakatga kiritilgunga qadar ochilgan bo‘lib, 1997-yilning 1-mart kuniga qadar merosxo‘rlarning hech biri tomonidan qabul qilib olinmagan va meros huquqi bo‘yicha fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organi va davlat mulkiga o‘tkazilmagan bo‘lsa, meros yuzasidan kelib chiqadigan nizolarga nisbatan amaldagi kodeks tatbiq qilinadi. Agar, meros vorislarning birortasi tomonidan qabul qilingan bo‘lsa yoki fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organi, davlat mulkiga o‘tkazilgan bo‘lsa, u holda 1963-yil tahriridagi Fuqarolik kodeksi qoidalari tatbiq qilinadi.
22. Da’vo arizalar bo‘yicha davlat boji, meros mulki yoki da’vogarning ulushi qiymatidan kelib chiqib belgilanadi. Da’vo ariza bo‘yicha to‘lanmagan yoki kam to‘langan davlat boji hal qiluv qarori chiqarishda meros mulkini qiymatidan kelib chiqqan holda, har bir vorisdan ularning ulushlariga teng miqdorda undiriladi.