Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
“SIQISH KOMPRESSOR STANSIYASI QURISH BILAN DENGIZKOʻL GAZNI DASTLABKI TAYYORLASH QURILMASI (GDTQ)NI REKONSTRUKSIYA QILISH” INVESTITSIYA LOYIHASINI AMALGA OSHIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Dengizkoʻl konidan gaz kondensati qazib olish samaradorligini oshirish, gaz va kondensatning qoldiq zaxiralarini yanada toʻliq chiqarib olish, tovarbop gazning sifati xalqaro standart talablariga mos boʻlishini taʼminlash maqsadida:
1. Quyidagilar maʼlumot uchun qabul qilinsin:
“Siqish kompressor stansiyasi qurish bilan Dengizkoʻl GDTQni rekonstruksiya qilish” investitsiya loyihasining dastlabki texnik-iqtisodiy asoslari belgilangan tartibda tasdiqlangan;
“Oʻzbekneftgaz” Milliy xolding kompaniyasi tomonidan tanlov savdolari oʻtkazilgan va asosiy texnologik uskunalarni olib kelish uchun jami 24,26 mln. yevroga teng miqdorda kontrakt tuzilgan;
ushbu loyihani amalga oshirish uchun “Oʻzbekneftgaz” MXKga 17,1 mln. dollar miqdorida kredit berish shartlari Koreya taraqqiyot banki bilan kelishib olingan.
2. Belgilansinki, loyihani moliyalashtirish:
“Oʻzbekneftgaz” MXKning ekvivalenti 22,99 mln. dollarga teng shaxsiy mablagʻlari hisobidan;
Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining 1 yil imtiyozli davrni hisobga olgan holda, muddati 6 yil boʻlgan, qayta moliyalashtiruvchi bankning 0,5%li marjasini qoʻshganda yillik 2,5 %li stavka bilan AT “Oʻzsanoatqurilishbank” orqali qayta moliyalashtiriladigan 22,8 mln. dollar miqdoridagi krediti hisobidan;
Koreya taraqqiyot bankining 1,5 yil imtiyozli davrni hisobga olgan holda, muddati 5 yil boʻlgan, yillik 6,5 %li stavka bilan “OʻzKDB Bank” YAJ orqali beriladigan 17,1 mln. dollar miqdoridagi krediti hisobidan amalga oshiriladi.
“Oʻzbekneftgaz” MXK qarz mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanishga hamda loyihani amalga oshirishga masʼul boʻlgan qarz oluvchi va ijro etuvchi organ hisoblanadi. Kreditlarni uzish va ularga foizlarni toʻlash bilan bogʻliq sarf-xarajatlar “Oʻzbekneftgaz” MXKning oʻz valyuta mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
3. Quyidagilar:
“Siqish kompressor stansiyasi qurish bilan Dengizkoʻl GDTQni rekonstruksiya qilish” loyihasining TIAsi asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari bilan 1-ilovaga* muvofiq;
* 1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
“OʻzKDB Bank” yopiq aksiyadorlik jamiyati, “Oʻzbekneftgaz” MXK orqali beriladigan, Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining AT “Oʻzsanoatqurilishbank” hamda Koreya taraqqiyot banki orqali qayta moliyalashtiriladigan kreditlari boʻyicha asosiy qarzni uzish va foizlar toʻlashning prognoz jadvallari 2 va 3-ilovalarga* muvofiq tasdiqlansin.
* 2 va 3-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
4. Koreya taraqqiyot banki mazkur loyihani amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston Respublikasi hududida toʻlov manbaidan undiriladigan foyda soligʻi toʻlashdan ozod etilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi AT “Oʻzsanoatqurilishbank” bilan birgalikda berilayotgan qarz mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishi ustidan qatʼiy nazoratni taʼminlasin
6. Oʻzbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi ushbu loyiha boʻyicha loyiha hujjatlarini belgilangan tartibda davlat ekspertizasidan oʻtkazishni taʼminlasin va qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi ustidan nazorat oʻrnatsin.
7. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari E.R. Shoismatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 1-avgust,
PQ-935-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2008-y., 8-son, 460-modda)