Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining
Qarori
SUDLAR TOMONIDAN JINOYAT IShLARINI BIRINChI BOSQICh SUDIDA MUHOKAMA ETISh JARAYoNIDA PROTSESSUAL QONUNChILIKKA RIOYA QILINIShI TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekistonda demokratik huquqiy davlat barpo etilayotgan bir sharoitda qonuniylikka va fuqarolar huquqlariga qatʼiy rioya qilish, barcha protsessual qonunchilik normalariga amal qilgan holda adolatli va asoslantirilgan hukmlar chiqarish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Respublika sudlarida koʻplab ishlar protsessual qonunga qatʼiy asoslangan holda koʻrilmoqda. Shu bilan birga ishlarni hal etish sifatiga salbiy taʼsir qiluvchi jiddiy kamchiliklar hali bartaraf etilgan emas.
Ayrim hollarda ish jarayoni qatnashchilarining qonun tomonidan kafolatlangan huquqlari, tortishuv prinsipi buzilish hollari uchrab turibdi. Sud jarayonining tayyorlash bosqichida sudlanuvchining shaxsiga oid maʼlumotlar, ish yuzasidan ish yuritishni mustasno qiluvchi holatlar hamma vaqt ham lozim darajada tekshirilmaydi.
Ish jarayoni qatnashchilarining iltimoslarini qanoatlantirishni asoslantirilmagan holda rad qilish hollari uchramoqda. Iltimoslarni koʻrib chiqish tartibining oʻzi ham buzilmoqda. Ayrim hollarda sud majlisi bayonnomalari qoʻyilgan talablarga mos kelmaydi.
Qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etish, jinoyat ishlarini sud muhokamasi jarayonida protsessual qonunchilikka rioya qilish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Sudlarning eʼtibori jinoyat ishlarini sud muhokamasi jarayonida protsessual qonunchilikka qatʼiy amal qilishning zarurligiga qaratilsin, faqat unga aniq va ogʻishmay amal qilish ishning holatini har tomonlama toʻliq va xolisona tekshirishni, jinoyatlarning sodir etilishiga imkon yaratuvchi sharoit va sabablarni aniqlashni va sud jarayonining tarbiyaviy taʼsirini taʼminlashini eʼtiborga olinsin.
Jinoyat ishlarini sud muhokamasiga tayinlash chogʻida jiddiy kamchiliklarga yoʻl qoʻyilayotganligi sudlarga uqtirilsin va ular zimmasiga Oʻzbekiston Respublikasi JPKning 396-moddasi talabidan kelib chiqib, har bir jinoyat ishi boʻyicha ayblanuvchiga nisbatan ehtiyot chorasining toʻgʻri tanlanganligini aniqlash majburiyatlari yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi JPKning 249-moddasida belgilangan garov, yaʼni pul-mablagʻ yoki qimmatbaho buyumlarni tergov organi yoki sudning depozit hisob raqamiga topshirilishi asosida ehtiyot chorasini tanlash ayblanuvchi (sudlanuvchi)ni jamiyatdan ajratmagan holda unga yuklatilgan majburiyatlarga rioya qilishini taʼminlovchi samarali usul ekanligi dastlabki tergov organlari va sudlarga tushuntirilsin. Shunga koʻra, ishlarning tergov qilinishi va sudda koʻrilishi chogʻida tergov organi va sud ayblanuvchi (sudlanuvchi), ularning qarindoshlari, boshqa fuqarolar yoki huquqiy shaxslarga ularning garovga qoʻyish huquqlarini tushuntirishga majburdir.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Jinoyat ishlari boʻyicha sudlanuvchining shaxsini ifodalovchi va nafaqat jazo chorasi, balki tegishli tartibli koloniya turini aniqlashda, fuqaroviy daʼvo masalasini va boshqa masalalarni hal qilishda ahamiyati boʻlgan holatlar sud majlisi bayonnomasida oʻz aksini topgan boʻlishi zarurligi tushuntirilsin. Sudlanuvchining shaxsini ifodalovchi maʼlumotlar qatoriga davlat mukofotlari, faxriy unvonlari borligi, salomatligi haqida, Jinoyat kodeksining 77-moddasiga muvofiq muddati oʻtib ketmagan yoki olib tashlanmagan sudlanganligi, jazoni ozodlikdan mahrum etish joylarida oʻtaganligi toʻgʻrisida va boshqa maʼlumotlar kiritilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Sud majlisida raislik etuvchi sudlanuvchiga sud majlisidagi uning huquqlarini, taraflarga, ekspertlar va mutaxassislarga ularning huquqlari va majburiyatlarini toʻligʻicha tushuntirishi shart va bu sud majlisi bayonnomasida oʻz aksini topishi lozim (JPKning 435—437-moddalari).
Keyingi tahrirga qarang.
4. Sudlarning eʼtibori har bir ishni koʻrishda dalillarni bevosita sud majlisida tekshirishga, yaʼni sudlanuvchilarni, jabrlanuvchilarni, guvohlarni soʻroq qilish, ekspert xulosasini tinglash, daliliy ashyolarni koʻzdan kechirish, bayonnomalarni va boshqa hujjatlarni eʼlon qilishga qaratilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
Sudlanuvchining ilgarigi soʻroqda bergan koʻrsatuvlari faqat Jinoyat-protsessual kodeksining 104-moddasida koʻrsatilgan va roʻyxati cheklangan holatlar mavjud boʻlgan taqdirdagina eʼlon qilinishi mumkin.
Jabrlanuvchining yoki guvohning dastlabki tergovda bergan koʻrgazmalari faqat ularning ushbu koʻrsatuvlari bilan suddagi koʻrsatuvlari oʻrtasida jiddiy qarama-qarshiliklar boʻlganda, shuningdek, jabrlanuvchi yoki guvohning sudga kelish imkoniyatini cheklovchi sabablar tufayli sud majlisida qatnashmagan taqdirda eʼlon qilinishi mumkin.
Sudga kelishni istisno qiluvchi holatlarga, shaxsning vafotidan tashqari ogʻir xastalik, yiroqda va koʻp choʻziladigan xizmat safarida boʻlishi, yashash joyidan roʻyxatdan chiqib ketganda uning turar joyini aniqlashning imkoniyati boʻlmagan holatlar kiritilishi mumkin. Har bir holatda shaxsning sudga kelishini istisno qiluvchi holat deb topish toʻgʻrisida qaror sud tomonidan ushbu masalalarni muhokama qilingandan keyin qabul qilinishi kerak.
Sudlanuvchining (jabrlanuvchining, guvohning) eʼlon qilingan koʻrsatuvlari sud tomonidan sud tergovi jarayonida tekshirilishi lozim.
5. Jinoyat-protsessual kodeksining 438-moddasi mazmunidan kelib chiqib, sud majlisi qatnashchilarining yangi guvohlarni, ekspertlarni, mutaxassislarni chaqirish, daliliy ashyolarni va hujjatlarni talab qilib olish toʻgʻrisidagi iltimoslari ular arz qilingan va muhokama etilgandan keyin bevosita hal qilinishi lozim boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Sud muhokamasi qatnashchilari doirasini aniqlash va ishning harakati (jamoat ayblovchisini, jamoat himoyachisini ishga kiritish jabrlanuvchi, fuqaroviy daʼvogar deb tan olish, ishni toʻxtatib qoʻyish yoki uni keyinga qoldirish, ishni qoʻshimcha tergovga yuborish, ishni tugatish va boshqalar) bilan bogʻliq xoh sud muhokamasining tayyorlov qismida va xoh sud muhokamasi jarayonida arz qilingan barcha boshqa iltimoslar ushbu tartiblar asosida hal qilinadi. Agar taraf muhokama qilinib hal etilgan iltimos yuzasidan yana shu asoslar boʻyicha arz qilgan taqdirda raislik etuvchi bu iltimosni muhokamaga kiritmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Sudlarning eʼtibori daliliy ashyolarni, hujjatlarni tekshirish, joyni va binoni koʻzdan kechirish ish boʻyicha haqiqatni aniqlash uchun ahamiyatli ekanligiga qaratilsin.
Daliliy ashyolar va hujjatlar sud majlisida ish boʻyicha boshqa dalillar qatorida chuqur tekshirilishi (shuningdek, koʻzdan kechirilishi, eʼlon qilinishi) lozim. Shu oʻrinda ularni tanib olish uchun koʻrsatilgan shaxslar sudlarning eʼtiborini ularni tekshirish bilan bogʻliq boʻlgan u yoki boshqa holatlarga qaratishlari mumkin. Daliliy ashyolarni koʻzdan kechirish va hujjatlarni eʼlon qilish bilan bogʻliq sudning barcha harakatlari sud majlisi bayonnomasida aks ettirilgan boʻlishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Sud majlisiga kelgan guvohlar, ekspert yoki mutaxassis, jabrlanuvchi, fuqaroviy daʼvogar, fuqaroviy javobgar yoki ularning vakillari soʻroq qilingandan soʻng ishning muhokamasi keyinga qoldirilib soʻngra ish oʻsha tarkibda koʻrilayotgan boʻlsa va ularni chaqirishning hojati boʻlmasa, ushbu shaxslar ikkinchi marotaba sud majlisiga chaqirilmasligi mumkin.
Shu sababli bu shaxslarning ish muhokamasini keyinga qoldirgandan keyin sud majlislarida qatnashmasligi ixtiyoriy ravishda boʻlib, ularning xohish-istaklariga bogʻliq boʻladi. Ushbu sharoitlarni taʼminlash maqsadida raislik etuvchi ish muhokamasi keyinga qoldirgan taqdirda qayd etilgan shaxslarga ularning kelgusi sud majlislarida qatnashish huquqlarini tushuntirishi shart va bu haqda sud majlisi bayonnomasida qayd etilgan boʻlishi lozim va keyinchalik ularni kelgusi sud majlislarining vaqti va joyi haqida xabardor qilishi kerak.
8. Sudlarning eʼtibori Jinoyat-protsessual kodeksining 122—124-moddalariga binoan yuzlashtirish ilgari soʻroq qilingan ikki shaxs koʻrsatuvlari oʻrtasida jiddiy qarama-qarshiliklarning sababini aniqlash uchun oʻtkazilishiga qaratilsin. Yuzlashtirish oʻtkazish chogʻida soʻroq qilishning umumiy qoidalariga rioya qilinadi, yuzlashtirish chogʻida soʻroq bayonnomasi yoki soʻroq qilinayotgan shaxslar avvalgi soʻroqlarda bergan koʻrsatmalarning fonogrammalari shu shaxslar yuzlashtirilib, ularning koʻrsatuvlari bayonnomaga kiritilganidan keyingina oʻqib berilishiga yoki eshittirilishiga yoʻl qoʻyiladi.
9. Sudda ishlarni muhokama qilayotganda ish boʻyicha sudlanuvchilar, jabrlanuvchilar yoki guvohlar qatorida voyaga yetmaganlar qatnashayotganda sudlar Jinoyat-protsessual kodeksining 84, 121-moddalari, 442-moddasining 3-qismi talablariga rioya etishga alohida eʼtibor qilishlari zarur.
Ishning ayrim holatlarini aniqlash bu shaxslarga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkinligini eʼtiborga olib, sudlar bunday holatlarni tekshirish vaqtida voyaga yetmaganlarning sud zalida qatnashishi masalasini har bir holatda muhokama qilishlari lozim.
10. Sudlar, ekspert va mutaxassisning huquqlari va protsessual oʻrnini belgilovchi qonun normalariga qatʼiy amal qilishlari kerak.
Sud muhokamasida qatnashish uchun mutaxassis dalillarni tekshirish paytida maxsus bilim va tajribalar (masalan, texnologik yoki ishlab chiqarish jarayonining mohiyati, u yoki bu mutaxassislikning oʻziga xos xususiyatlari va b.) zarur boʻlgan hollarda chaqiriladi. Mutaxassis fikri sud majlisi bayonnomasida albatta qayd etiladi.
Ekspertning xulosasi qonunga asosan dalil turlaridan biri hisoblanadi va oʻtkazilgan tekshirishlar asosida beriladi. Ekspert oldiga mutaxassisning huquq doirasiga kiruvchi savollarni qoʻyish mumkin, mutaxassis oldiga ekspertning huquq doirasiga taalluqli savollarni qoʻyishga yoʻl qoʻyilmaydi. Uning fikrini ekspertning xulosasiga tenglashtirib boʻlmaydi.
Sudlar, ekspertiza oʻtkazishni ekspertni soʻrash bilan almashtirishga yoʻl qoʻymasliklari kerak chunki Jinoyat-protsessual kodeksining 446-moddasiga binoan ekspert faqat sudda ekspertiza oʻtkazgandan soʻng va oʻz xulosasini eʼlon qilganidan keyin sud majlisida soʻroq qilinishi mumkin.
11. Sudlar, sud muhokamasi qatnashchilari tomonidan bildirilgan iltimoslarni bayonnomada toʻgʻri bayon qilishga va bularni muhokama qilish tartibiga; maslahat uyiga kirmasdan sud majlisida qabul qilinadigan sud ajrimlariga; sudlanuvchining unga eʼlon qilingan ayblov boʻyicha, guvohlar va jabrlanuvchilarning ish holatlari boʻyicha koʻrsatuvlariga; dalillarni tekshirish jarayoniga alohida eʼtiborlarini qaratishlari kerak.
12. Jinoyat-protsessual kodeksi 423-moddasining 2-qismida qayd etilgan masalalar boʻyicha ajrimlar sud tomonidan alohida xonada (maslahatxonada), alohida hujjatlar tarzida rasmiylashtirilgan va sud tomonidan imzolangan holatda chiqarilishini sudlar eʼtiborga olishlari lozim.
Sud tomonidan alohida xonaga kirmasdan oʻz joyida chiqarilgan ajrimlar Jinoyat-protsessual kodeksi 423-moddasining 3-bandiga asosan sud majlisi bayonnomasiga kiritiladi va keltirilgan iltimosnomani qanoatlantirish rad etilganda qabul qilingan qarorining sabablari koʻrsatilishi zarur.
Keyingi tahrirga qarang.
13. Taraflarning muzokara soʻzlari JPKning 449-moddasi tartibida eshitilib, sud bayonnomasida toʻliq aks ettirilgan boʻlishi lozim. Agarda taraflar oʻz nutqlarini yozma ravishda taqdim etsalar, nutqlar ilova qilinib, bu haqda bayonnomada qayd etilishi kerak.
Sudlarga tushuntirilsinki, sud tergovi tamomlanganidan soʻng taraflar muzokara soʻzlaridan keyin soʻnggi eʼtiroz bildirish huquqi hamisha himoyachi va sudlanuvchiga beriladi, ularning har biri boshqa tarafning nutqlarida aytilgan masalalar yuzasidan eʼtirozlari boʻlsa yana bir martadan soʻzga chiqishlari mumkin (JPKning 449-moddasi).
Sudlarga, muzokara tamom boʻlganidan keyin taraflar Jinoyat-protsessual kodeksi 457-moddasining birinchi qismidagi 1-6-bandlarda nazarda tutilgan masalalar yuzasidan chiqariladigan qarorning oʻzlari taklif etiladigan mazmunini sudga yozma ravishda taqdim etishlari mumkinligi, davlat ayblovchisi va himoyachi uchun qarorning bunday mazmunini sudga taqdim etish majburiyligi tushuntirilsin (JPKning 450-moddasi).
14. Sudlarning eʼtibori Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2003-yil 19-dekabrdagi “Gumon qilinuvchi va ayblanuvchini himoya huquqi bilan taʼminlashga oid qonunlarni qoʻllash boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida”gi 17-son qarorining 23, 24-bandlariga binoan, raislik qiluvchi hukm eʼlon qilingandan soʻng sudlanuvchiga va boshqa taraflarga hukmning mazmunini, uning ustidan apellatsiya yoki kassatsiya shikoyati berish tartibi va muddatlarini, shuningdek, sud majlisi bayonnomasi bilan tanishish va unga nisbatan eʼtirozlar bildirish huquqini tushuntirishga qaratilsin. Tegishli hollarda hukm sudlanuvchi bilmaydigan yoki yetarli darajada bilmaydigan tilda bayon qilingan boʻlsa, eʼlon qilinganidan soʻng, hukm tarjimon tomonidan sudlanuvchining ona tilida yoki sudlanuvchi uchun tushunarli boʻlgan boshqa tilda oʻqib eshittiriladi. Agar sudlanuvchi oʻlim jazosiga hukm qilingan boʻlsa, unga afv soʻrab iltimos qilish huquqi va tartibi ham tushuntiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Shuningdek, sudlarning eʼtibori Jinoyat-protsessual kodeksi 449-moddasining advokat qatnashishidan qatʼiy nazar sudlanuvchiga muzokara uchun soʻz berilishi toʻgʻrisidagi talablariga rioya etilishi lozimligiga qaratilsin.
15. Agarda sudlanuvchi oxirgi soʻzida ish uchun muhim ahamiyatli yangi holatlar toʻgʻrisida yoki muqaddam tekshrilmagan, lekin ishga aloqador dalillarni keltirsa, sud Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi 452-moddasi talablariga binoan sud tergovini yangidan boshlab sudlanuvchini ushbu holatlar toʻgʻrisida batafsil soʻroq qilishi va dalillarni sud tergoviga oid protsessual qonun talablariga rioya qilgan holda tekshirishi kerak.
Sudlarning eʼtibori sudlanuvchining oxirgi soʻzini muayyan muddat bilan cheklab qoʻyishi mumkin emasligiga, lekin raislik qiluvchi sudlanuvchining soʻzini, u ishga mutlaqo aloqasi yoʻq holatlarni bayon qila boshlagan hollarda toʻxtatishga haqli ekanligiga qaratilsin (JPKning 451-moddasi).
Jinoyat-protsessual kodeksining 453-moddasiga binoan sudlanuvchining oxirgi soʻzini eshitib boʻlganidan soʻng sud hukm chiqarish yoki ajrim chiqarish uchun darhol alohida xonaga (maslahatxonaga) kirishi, bu haqda raislik etuvchi sud majlisi zalida eʼlon qilishi shartligi, shuningdek, sud majlisi bayonnomasida maslahatxonadan qaysi kuni chiqib hukm yoki ajrim eʼlon qilinganligi koʻrsatilishi kerakligi tushuntirilsin.
16. Jinoyat-protsessual kodeksining 415-moddasi talabiga binoan sud muhokamasida ayblovning ogʻirrogʻi bilan yoki dastlabki ayblovga nisbatan haqiqiy holatlari jiddiy farq qiladigan ayblov bilan oʻzgartirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Ayblovni ogʻirrogʻi bilan oʻzgartirilishi deganda:
a) ogʻirroq jazoni taqozo qiluvchi jinoyat qonunining boshqa normasi (moddasi, moddasining qismi yoki bandi) qoʻllanilayotganligi;
b) ogʻirroq jazoni taqozo etuvchi qonunga jinoyat tavsifini oʻzgartirishga olib keladigan yoki sodir etilgan jinoyatning yuridik bahosini oʻzgartirmasada haqiqiy ayblov miqdorini koʻpaytiruvchi ayblanuvchiga qoʻyilmagan qoʻshimcha faktlar (epizodlar) ayblovga qoʻshilayotganligi tushuntirilsin.
17. Sudlar, Jinoyat-protsessual kodeksi 82-moddasining 4-bandiga binoan jinoyatning sodir etilishiga imkon bergan sabablar va shart- sharoitlar sud muhokamasining muhim qismini tashkil etishini eʼtiborga olgan holda, har bir jinoyat ishini koʻrayotganda qonunning bu talabini bajarishi uchun zarur choralarni koʻrishi lozim va yetarli asoslar boʻlganida asoslantirilgan xususiy ajrim chiqarishi kerak.
Ish boʻyicha aniqlangan qonun buzilishi toʻgʻrisidagi dallillar, qonunbuzarlikning sodir etilishiga imkon bergan sabab va shart-sharoitlar, ayrim fuqarolarning ishlab chiqarishda, turmushdagi notoʻgʻri axloqi yoki ular tomonidan jamoatchilik burchining buzilishi hollari xususiy ajrim chiqarishga sababchi boʻlishi mumkin.
Ishni muhokama etayotganda, shuningdek, dastlabki tergov organi tomonidan jinoyatni sodir etilishiga imkon bergan sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf qilish boʻyicha chiqarilgan taqdimnomalar (qarorlar) yuzasidan qanday choralar koʻrilganligini aniqlash zarur, agarda ular uzrsiz sabablarga koʻra chiqarilmagan boʻlsa, bu haqda xususiy ajrimda koʻrsatilib oʻtish kerak hamda asoslar boʻlganda tegishli mansabdor shaxslarning javobgarlik masalasini qoʻyish lozim.
18. Jinoyat-protsessual kodeksining 272-moddasiga binoan sud majlisi tartibini buzgan, raislik qiluvchining farmoyishlariga boʻysunmagan yoki sudni behurmat qilganligi uchun sud majlisi zalidan chiqarib yuborilgan shaxs (sudlanuvchi, ayblovchi va himoyachi bundan mustasno) raislik qiluvchi tomonidan uning joyning oʻzida chiqargan ajrimiga asosan maʼmuriy javobgarlikka tortilishi mumkin. Zaldan chiqarib yuborilgan ayblovchi yoki himoyachining nomunosib xulq-atvori toʻgʻrisida sud xususiy ajrim chiqarib, uni tegishligiga qarab yuqori turuvchi prokurorga yoki advokatlar hayʼati rayosatiga yuboradi. Ajrimlar sud majlisi bayonnomasida qayd etilishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
19. Sud majlisi bayonnomasi ish boʻyicha muhim protsessual hujjatlardan biri ekanligini eʼtiborga olib, sudlar Jinoyat-protsessual kodeksining 426-moddasi talablaridan kelib chiqib, uni yuritish sifatini yaxshilash choralarini koʻrishlari kerak.
Bayonnomaning oʻz vaqtida va sifatli yuritilishi uchun raislik etuvchi qatorida sud majlisi kotibi ham masʼuldir. Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi 426-moddasining 5-qismiga binoan bayonnomaning mazmuni boʻyicha raislik qiluvchi bilan oʻrtalarida kelishmovchilik boʻlgan taqdirda kotib oʻz mulohazalarini bayonnomaga ilova qilishi shart, bu mulohazalar sud tarkibi tomonidan koʻriladi. Mazkur masala yuzasidan ajrim chiqarilib bayonnomaga ilova qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Sud muhokamasi vaqtida sud majlisining kotibi Jinoyat-protsessual kodeksining 90—92-moddalarida nazarda tutilgan qoidalar asosida bayonnoma yuritadi (JPKning 426-moddasi). Agarda sud majlisi jarayonida bir nechta kotib qatnashgan boʻlsa, har qaysi kotib oʻzi yuritgan yozuv uchun bayonnomani imzolashi shart. Raislik etuvchi oʻzgarmagan boʻlsa, sud majlisi tamom boʻlgandan keyin imzo qilishi yetarlidir.
Sud majlisi bayonnomasi aniq, tushunarli tarzda yozilishi, oʻchirishlar yoki kiritilgan soʻzlar yoxud boshqa tuzatishlar xususida bayonnoma oxirida imzolash oldidan izoh berilishi zarur (JPKning 92-moddasi).
20. Ishlar boʻyicha raislik etuvchi sudyalarning eʼtibori kasbiy mahoratlarini doimiy oshirishlari zarurligiga qaratilsin chunki ish holatlarini toʻliq va xolislik bilan tekshirish, haqiqatni aniqlash va sud jarayonining tarbiyaviy ahamiyati ular tomonidan protsessual qonunchilikning barcha talablarini ogʻishmay va aniq bajarilishi, mohirona, chuqur oʻylab, odob bilan rahbarlik qilishiga asosan bogʻliqdir.
21. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi jinoyat ishlari boʻyicha Oliy sudiga, jinoyat ishlari boʻyicha viloyat, Toshkent shahar sudlariga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudiga ishlarni apellatsiya, kassatsiya va nazorat tartibida koʻrayotganda birinchi bosqich sudlari tomonidan jinoyat-protsessual qonunchiligiga rioya qilinishiga alohida eʼtibor qaratish, jinoyat ishlarining sud muhokamasida jinoyat-protsessual qonunchiligini qoʻllashda yoʻl qoʻyilgan xatolarni, birorta qonun buzilish holatini eʼtibordan chetda qoldirmasdan, muntazam tahlil qilib borish tavsiya etilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
1997-yil 22-avgust,
12-son