Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining
Qarori
Fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini buzadigan xatti-harakatlar va qarorlar ustidan keltirilgan shikoyatlarni sudlarda koʻrish amaliyoti toʻgʻrisida
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1998-yil 11-sentabrdagi 24-sonli, 2002-yil 14-iyundagi 11-sonli va 2006-yil 3-fevraldagi 5-sonli qarorlariga asosan kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar bilan)
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan 1995-yil 30-avgustda qabul qilingan “Fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini buzadigan xatti-harakatlar va qarorlar ustidan sudga shikoyat qilish toʻgʻrisida”gi Qonun fuqarolarning davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari yoki mansabdor shaxslarni fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini buzuvchi gʻayriqonuniy xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan sudga murojaat qilish imkoniyatini ancha kengaytirdi.
Fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini buzadigan gʻayriqonuniy harakatlar ustidan qilingan shikoyatlarni sudlarda koʻrish amaliyotida kelib chiqayotgan muammolarni bartaraf qilish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Sudlarning eʼtibori Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 44-moddasiga va “Fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini buzadigan xatti-harakatlar va qarorlar ustidan sudga shikoyat qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 1, 3-moddalariga muvofiq, fuqarolar tekshirilishi qonun hujjatlarida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining mutlaq vakolatlari doirasiga kiritilgan yoxud sudga shikoyat qilishning oʻzgacha tartibi belgilangan xatti-harakatlar (qarorlar)dan boshqa davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari yoki mansabdor shaxslarning har qanday xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan sudga shikoyat qilishlari mumkinligiga qaratilsin.
2. Organlar, shuningdek mansabdor shaxslarning harakatlari (harakatsizligi) va qarorlari ustidan sudga shikoyat qilishning oʻzgacha tartibi deyilganda tegishli qonun bilan oʻrnatilgan maxsus tartibni tushunmoq lozim.
Sud, sudya, prokuror, tergovchi, surishtiruvchi, maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishga vakolatli boʻlgan organlar uchun Jinoyat-protsessual va Fuqarolik protsessual qonunda, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi qonunda sudga shikoyat qilishning oʻzgacha tartibi belgilangan.
3. Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini buzadigan xatti-harakatlar va qarorlar ustidan sudga shikoyat qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 4-moddasiga muvofiq harbiy xizmatchilar ularning huquqlari va erkinliklarini buzayotgan harbiy boshqaruv organlari va harbiy mansabdor shaxslarning xatti-harakatlar va qarorlari ustidan harbiy sudga shikoyat qilishga haqli.
Ushbu modda mazmuniga koʻra, harbiy xizmatchi boʻlmasada, harbiy boshqaruv organlarida egallab turgan lavozimi boʻyicha harbiy xizmatchilarning huquqlari va erkinliklariga taalluqli masalalarni hal etish vakolatiga ega boʻlgan shaxslarning harakatlari va qarorlari ustidan ham harbiy sudga shikoyat qilinishi mumkin.
4. “Fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini buzadigan xatti-harakatlar va qarorlar ustidan sudga shikoyat qilish toʻgʻrisida”gi Qonunda nazarda tutilgan tartibda harakatlari va qarorlari ustidan shikoyat qilinishi mumkin boʻlgan davlat organlariga Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq oʻz faoliyatini amalga oshirish uchun tashkil qilingan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari kiradi.
Harakatlari va qarorlari ustidan sudga shikoyat qilish mumkin boʻlgan oʻzini oʻzi boshqarish organlariga Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi Qonun va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq tegishli hududlarda oʻz vakolatlariga kiradigan masalalarni mustaqil hal etishni taʼminlash uchun tuziladigan har qanday organlar kiradi.
5. Yuqorida koʻrsatilgan qonunga muvofiq, davlat organlarida, oʻzini oʻzi boshqarish organlarida, mulkchilikning shaklidan qatʼi nazar korxonalarda, muassasalarda va tashkilotlarda, kooperativlarda, jamoat tashkilotlari hamda birlashmalarida tashkiliy boshqaruv va maʼmuriy-xoʻjalik majburiyatlarini bajarish bilan bogʻliq lavozimlarni doimiy yoki vaqtincha egallab turgan yoxud shunday majburiyatlarni maxsus vakolat boʻyicha bajarayotgan har qanday shaxsning harakati ustidan sudga shikoyat qilish mumkin.
6. “Fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini buzadigan xatti-harakatlar va qarorlar ustidan sudga shikoyat qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 2-moddasiga muvofiq, davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va mansabdor shaxslarning quyidagi:
fuqaroning huquqlari va erkinliklari buzilishiga sababchi boʻlgan;
fuqaroning oʻz huquqlari va erkinliklarini roʻyobga chiqarishga monelik tugʻdirgan;
Keyingi tahrirga qarang.
fuqaro zimmasiga qonunga xilof ravishda qandaydir majburiyat yuklatilishiga sababchi boʻlgan kollegial yoki yakka tartibdagi xatti-harakatlar (qarorlar) ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Shuni hisobga olgan holda, ham yakka tartibdagi ham umumiy xususiyatga ega boʻlgan har qanday qarorlar ustidan yuqorida koʻrsatilgan qonunda belgilangan tartibda sudga shikoyat qilish mumkin.
Jumladan, tegishli organlarning pasportdagi millat haqidagi yozuvni oʻzgartirishni, chet elga chiqishga ruxsat berishni rad etganligi, davlat organlarining va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining maʼmuriy hudud tashqarisiga tovarlar va mahsulotlarni olib chiqishni cheklash toʻgʻrisidagi, qoʻshimcha boj va yigʻimlar belgilash toʻgʻrisidagi qarorlari, maʼmuriy jazoga tortish vakolatiga ega boʻlmagan shaxsning jarima solish va boshqa maʼmuriy jazolarga tortish haqidagi qarori va hokazolar sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Shuningdek, jamoat tashkilotlari va birlashmalari, uy-joy qurilish kooperativlari, hissadorlik jamiyatlari, kasaba uyushmasi tashkilotlari va shu kabilarning umumiy majlislari hamda ularning boshqaruv organlari va mansabdor shaxslarning qarorlari ham sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Fuqaro oʻzining Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan huquqlari va erkinliklari buzilgan deb hisoblasa, hamda qonunlarda boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, shikoyat bilan oʻz xohishiga koʻra bevosita sudga yoxud tobelik tartibida yuqori turuvchi organga yoki mansabdor shaxsga shikoyat bilan murojaat qilishi mumkin. Fuqaroning oʻz buzilgan huquq va erkinliklarini tiklash haqida dastlab yuqori turuvchi organ yoki mansabdor shaxsga murojaat qilmaganligi, shikoyatni sud tomonidan qabul qilmaslik uchun asos boʻlmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Shikoyat huquq va erkinliklari buzildi deb hisoblangan fuqaroning oʻzi yoki uning vakili tomonidan ham, shuningdek, fuqaroning iltimosiga koʻra, jamoat tashkiloti, mehnat jamoasining vakolat berilgan vakili tomonidan ham berilishi mumkin. FPKning 46-moddasiga muvofiq fuqarolarning huquqlarini va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini qoʻriqlash talab qilinganda prokuror ham tegishli ariza bilan sudga murojaat qilishga haqli.
Keyingi tahrirga qarang.
Vakilning fuqaro nomidan shikoyat berishga boʻlgan vakolati FPKning 54-moddasiga muvofiq rasmiylashtirilgan boʻlishi lozim. Jamoat tashkiloti, mehnat jamoasi vakilining vakolati, bundan tashqari, jamoat tashkiloti yoki mehnat jamoasi umumiy majlisining yoxud saylab qoʻyiladigan organning qaroridan koʻchirma bilan ham ogohlantirilgan boʻlishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Fuqaroning ilgari tobelik tartibida yuqori turuvchi organga yoki mansabdor shaxsga shikoyat bilan murojaat qilganligi va tobelik tartibida yuqori turuvchi organ yoki mansabdor shaxs tomonidan shikoyat qisman yoki toʻliq rad qilinganligi yoki fuqaroning shikoyat berilgan kundan boshlab bir oy mobaynida yuqori turuvchi organdan yoki mansabdor shaxsdan javob olmaganligi, uni xuddi shunday shikoyat bilan sudga murojaat qilish huquqidan mahrum etmaydi (Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini buzadigan xatti-harakatlar va qarorlari ustidan sudga shikoyat qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 4-moddasi 2-qismi).
9. Chiqarilgan.
10. Shikoyat fuqaroning xohishiga koʻra u yashayotgan joydagi yoki organ, muassasa, korxona, tashkilot va ularning birlashmalari, jamoat tashkilotlari joylashgan erdagi yoxud xatti-harakatlari (qarorlar) ustidan shikoyat qilinayotgan mansabdor shaxsning ish joyidagi sudga beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Fuqaro oʻzining huquqlari va erkinliklarini buzadigan xatti-harakatlar (qarorlar) ustidan bevosita sudga yoki boʻysinuv tartibida yuqori organga, mansabdor shaxsga Oʻzbekiston Respublikasi FPKning 269-270-moddalarida belgilangan tartib va muddatda shikoyat bilan murojaat qilishga haqli.
12. Davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari, mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari (qarorlar) ustidan beriladigan shikoyatlar FPKning 149, 150-moddalarida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq rasmiylashtiriladi va Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat boji haqida”gi Qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining “Davlat boji stavkalari haqida”gi qarorida belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji undiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Beriladigan arizaning formasi va mazmuni boʻyicha FPKning 149-moddasida qoʻyilgan talablardan kelib chiqqan holda, shikoyatda, jumladan, qanday xatti-harakatlar shikoyat qilinayotganligi, bu xatti-harakatlar (qarorlar) oqibatida fuqaroning qanday muayyan huquq va erkinliklari buzilganligi, xuddi shunday shikoyat tobelik tartibida yuqori turuvchi organga yoki mansabdor shaxsga berilgan-berilmaganligi va berilgan boʻlsa, qanday javob olinganligi koʻrsatilgan boʻlishi shart.
FPKning 154-moddasida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlgan taqdirda sudya shikoyatni harakatsiz qoldirishga haqli.
Shikoyatni koʻrishga qabul qilgan sud fuqaroning iltimosiga koʻra yoki oʻz tashabbusi bilan shikoyat qilinayotgan xatti-harakat (qaror)ning ijrosini u hal qilingunga qadar toʻxtatib qoʻyishga haqlidir.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
13. Shikoyat Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining umumiy qoidalariga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini buzadigan xatti-harakatlar va qarorlar ustidan sudga shikoyat qilish toʻgʻrisida”gi Qonunida va FPKning 27-bobida belgilangan istisno va qoʻshimchalarni hisobga olgan holda, sud tomonidan u berilgan paytdan boshlab oʻn kunlik muddat ichida koʻrib chiqilishi lozim.
14. Davlat organi, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi, korxona, muassasa, tashkilot yoki jamoat birlashmasi qayta tashkil etilgani yoki tugatilgani aniqlangan holda, sud ishga fuqarolarning buzilgan huquqlari va erkinliklarini tiklash masalasini hal etish vakolatiga ega boʻlgan ularning huquqini qabul qiluvchini jalb etish choralarini koʻrishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
Shikoyatni koʻrish paytida harakati ustidan shikoyat qilinayotgan mansabdor shaxs ilgarigi lavozimida ishlamayotgan boʻlsa, sud fuqarolarning buzilgan huquq va erkinliklarini tiklash vakolatiga ega boʻlgan tegishli organ (tashkilot)ni ishga jalb etish toʻgʻrisidagi masalani hal etadi. Shikoyat qanoatlantirilgan taqdirda sud shu organ (tashkilot) rahbariga fuqaroning buzilgan huquq va erkinliklarini tiklash majburiyatini yuklaydi.
15. Shikoyat vajlari asosli ekanligi aniqlangan taqdirda, sud shikoyat qilingan xatti-harakat (qaror)ni qonunga xilof deb topadi va tegishli organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari yoki mansabdor shaxsga fuqaroning talabini qanoatlantirish majburiyatini yuklaydi, unga nisbatan qoʻllanilgan javobgarlik chorasini bekor qiladi yoxud uning buzilgan huquqini oʻzgacha yoʻl bilan tiklaydi.
Shikoyatni qanoatlantirish haqidagi qarorda shikoyat qilingan harakat (qaror) natijasida buzilgan huquq normalari va yoʻl qoʻyilgan huquqbuzarlikni bartaraf etish uchun amalga oshirilishi lozim boʻlgan muayyan harakatlar koʻrsatilishi zarur. Jumladan:
a) surunkali kasalliklarning ogʻir formasiga uchragan fuqaroga qoʻshimcha uy-joyga boʻlgan huquqini tasdiqlash uchun zarur boʻlgan bunday kasalligi borligi toʻgʻrisida xulosa berish rad etilgan taqdirda, sud bu harakatni qonunga xilof deb topadi va meditsina muassasasining tegishli mansabdor shaxsi zimmasiga fuqaro uchun zarur boʻlgan hujjatni berish majburiyatini yuklaydi;
Keyingi tahrirga qarang.
b) avtotransport vositasini roʻyxatga olish asossiz rad etilgan taqdirda sud davlat avtomobil nazoratining mansabdor shaxsi zimmasiga avtotransport vositasini shikoyat bilan murojaat qilgan shaxs nomiga roʻyxatdan oʻtkazish majburiyatini yuklaydi;
v) pasportdagi millat haqidagi yozuvni oʻzgartirish asossiz rad etilgan taqdirda sud tegishli mansabdor shaxs zimmasiga talab qilinayotgan oʻzgartishni kiritish majburiyatini yuklaydi;
Keyingi tahrirga qarang.
g) vakolati boʻlmagan shaxs tomonidan fuqaroga asossiz ravishda jarima solingan yoki u boshqa jazoga tortilgan taqdirda sud bunday harakatlarni qonunga xilof deb topadi va tegishli mansabdor shaxs zimmasiga yoʻl qoʻyilgan qonun buzilishlarini bartaraf etish majburiyatini yuklaydi;
d) fuqaro qurgan yoki sotib olgan uyni uning nomiga roʻyxatdan oʻtkazish asossiz rad etilgan taqdirda sud tegishli organning mansabdor shaxsi zimmasiga oʻtishi shikoyat bilan murojaat qilgan shaxs nomiga roʻyxatdan oʻtkazish majburiyatini yuklaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
16. Sud xatti-harakatlar (qarorlar) ustidan shikoyat berilgan organ, korxona, muassasa, tashkilot, jamoat birlashmasi yoki mansabdor shaxsga, shuningdek, fuqaroga qarorni u qonuniy kuchga kirgach, kechi bilan oʻn kun ichida yuborilishini, qaror bajarilganligi haqida sudga va fuqaroga sud qarori olingan kundan boshlab kechi bilan bir oy ichida xabar berilishini nazorat qilib borishi, qaror bajarilmagan taqdirda qonunda belgilangan chora-tadbirlarni koʻrishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
17. Ishlarni koʻrish chogʻida davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari yoki mansabdor shaxslar faoliyatida jiddiy kamchiliklar aniqlansa, bu kamchiliklarni bartaraf etish uchun xususiy ajrimlar chiqarib, joylarga yuborish, mansabdor shaxslarning harakatlarida jinoyat alomatlari aniqlangan taqdirda, bu haqda prokurorga xabar yuborishi shart ekanligiga sudlarning alohida eʼtibori qaratilsin (FPKning 19-moddasi).
18. Mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan SSSR Oliy sudi Plenumining 1990-yil 27-iyuldagi “Davlat boshqaruv organlari va mansabdor shaxslarning fuqarolarni huquqini buzuvchi gʻayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan qilingan shikoyatlarni sudlarda koʻrish haqida”gi 7-sonli qarori Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Keyingi tahrirga qarang.
1996-yil 19-iyul,
18-son