O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI BOShQARUVINING
Qarori
TIJORAT BANKLARI TOMONIDAN QIMMATLI QOG‘OZLAR BILAN O‘TKAZILADIGAN OPERATSIYALARGA VA ULARNING BOShQA KORXONALAR USTAV KAPITALIDA QATNAShIShIGA QO‘YILADIGAN TALABLAR TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 2-fevralda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 1894]
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2023-yil 5-maydagi 10/5-sonli “Tijorat banklari tomonidan ko‘chmas mulkni va boshqa mol-mulkni sotib olishga hamda unga egalik qilishga, shuningdek yuridik shaxslarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarini yoki aksiyalarini sotib olishga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga (ro‘yxat raqami 3441, 08.06.2023-y.) asosan 2023-yil 9-sentabrdan o‘z kuchini yo‘qotadi.
O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida” va “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”gi qonunlariga muvofiq Markaziy bank Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Tijorat banklari tomonidan qimmatli qog‘ozlar bilan o‘tkaziladigan operatsiyalarga va ularning boshqa korxonalar ustav kapitalida qatnashishiga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Quyidagilar o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin:
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi tomonidan 1998-yil 9-noyabrda 19/7-son bilan tasdiqlangan “Tijorat banklari tomonidan qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirishga doir talablar to‘g‘risida”gi nizom (1998-yil 19-dekabr, ro‘yxat raqami 571);
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2003-yil 1-martdagi 4/10-sonli “Tijorat banklari tomonidan qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirishga doir talablar to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qarori (2003-yil 27-mart, ro‘yxat raqami 571-1 — Me’yoriy hujjatlar axborotnomasi, 2003-yil, 5-6-son);
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2003-yil 24-noyabrdagi 28/5-sonli “Tijorat banklari tomonidan qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirishga doir talablar to‘g‘risidagi nizomga 2-sonli o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qarori (2003-yil 10-dekabr, ro‘yxat raqami 571-2 — Me’yoriy hujjatlar axborotnomasi, 2003-yil, 23-son);
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2004-yil 21-avgustdagi 18/4-sonli “Tijorat banklari tomonidan qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirishga doir talablar to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qarori (2004-yil 16-sentabr, ro‘yxat raqami 571-3 — O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-yil, 37-son, 418-modda);
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2005-yil 12-maydagi 10/2-sonli “Tijorat banklari tomonidan qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirishga doir talablar haqida”gi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qarori (2005-yil 13-iyun, ro‘yxati raqami 571-4 — O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2005-yil, 23-24-son, 174-modda).
3. Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab o‘n kun o‘tgach kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2008-yil 27-dekabr,
30/2-son
Markaziy bank Boshqaruvining 2008-yil 27-dekabrdagi 30/2-sonli qarori bilan
TASDIQLANGAN
TASDIQLANGAN
Tijorat banklari tomonidan qimmatli qog‘ozlar bilan o‘tkaziladigan operatsiyalarga va ularning boshqa korxonalar ustav kapitalida qatnashishiga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risida
NIZOM
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi, “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi va “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”gi qonunlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki (bundan buyon matnda Markaziy bank deb yuritiladi) tomonidan tijorat banklarining qimmatli qog‘ozlar bilan o‘tkaziladigan operatsiyalariga va ularning boshqa korxonalar ustav kapitalida qatnashishiga qo‘yiladigan talab va me’yorlarni belgilaydi.
(muqaddima O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2015-yil 22-iyuldagi 19/5-sonli qarori (ro‘yxat raqami 1894-1, 29.07.2015-y.) tahririda — O‘R QHT, 2015-y., 30-son, 401-modda)
I. Umumiy qoidalar
1. Tijorat banklari qimmatli qog‘ozlar bozoridagi faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi va “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”gi qonunlari, mazkur Nizom hamda boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiradilar.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
2. Tijorat banklari, Markaziy bank tomonidan beriladigan bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya asosida qonunchilik hujjatlariga muvofiq qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirishlari mumkin.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
II. Tijorat banklari tomonidan qimmatli qog‘ozlar xarid qilish va yuridik shaxslarning ustav kapitalida ulushli ishtirok etishiga doir cheklovlar
3. Tijorat banklari qimmatli qog‘ozlarni xarid qilish (davlat qimmatli qog‘ozlari bundan mustasno) va yuridik shaxslarning ustav kapitalida ulushli ishtirok etishda quyidagilarga rioya etishlari shart:
a) bankning muayyan yuridik shaxs ustav kapitaliga, shuningdek, ushbu yuridik shaxsning boshqa qimmatli qog‘ozlariga kiritgan investitsiyalari miqdori birinchi darajali bank regulyativ kapitalining 15 foizidan oshmasligi kerak;
b) bankning yuridik shaxslar ustav kapitaliga va boshqa qimmatli qog‘ozlarga kiritgan investitsiyalari miqdori birinchi darajali bank regulyativ kapitalining 50 foizidan oshmasligi kerak;
v) oldi-sotdi uchun qimmatli qog‘ozlarga kiritilgan bank investitsiyalari miqdori birinchi darajali bank regulyativ kapitalining 25 foizidan oshmasligi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2018-yil 18-avgustdagi 27/12-sonli qaroriga (ro‘yxat raqami 1894-3, 06.09.2018-y.) asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.09.2018-y., 10/18/1894-3/1846-son)
4. Tijorat bankining boshqa banklarning ustav kapitalida ishtirok etishi (chet el kapitali ishtirokidagi banklar va shu’ba banklarini tashkil etish hollari bundan mustasno), shuningdek tijorat bankining o‘z ustav kapitalining o‘n yoki undan ortiq foiz ulushiga ega bo‘lgan yuridik shaxsning ustav kapitalida ishtirok etishi taqiqlanadi.
Tijorat banki bevosita yoki bilvosita (shu’ba korxonalar orqali) boshqa yuridik shaxs ustav kapitalining 26 foizidan ortiq qismiga egalik qila olmaydi, biroq quyidagi holatlar bundan mustasno:
a) banklarning sug‘urta va lizing tashkilotlari ustav kapitalidagi ishtiroki;
b) banklarning nobank kredit tashkilotlari ustav kapitalida, shuningdek, moliyaviy bozor infratuzilmasining bir qismi bo‘lgan yoki banklarga axborot va maslahat xizmatlari ko‘rsatadigan yuridik shaxslar ustav kapitalidagi ishtiroki;
v) banklarning qimmatli qog‘ozlar bozorida professional faoliyat yuritadigan yuridik shaxslar (tijorat banklarining ustav kapitalidagi ishtiroki bundan mustasno) ustav kapitalidagi ishtiroki;
g) xususiylashtirilayotgan korxonalar aksiyalarining 50 foizgacha miqdorini o‘rnatilgan tartibda birlamchi bozordan xarid qilishdagi ishtiroki;
Oldingi tahrirga qarang.
(4-bandning “d” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2018-yil 18-avgustdagi 27/12-sonli qaroriga (ro‘yxat raqami 1894-3, 06.09.2018-y.) asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.09.2018-y., 10/18/1894-3/1846-son)
5. Tijorat banklari mazkur Nizomning 4-bandidagi istisnolarni qo‘llagan holda muayyan yuridik shaxs ustav kapitalining 26 foizidan ortiq ulushini sotib olishda yoki bankning bevosita yoki bilvosita mazkur yuridik shaxs faoliyatiga katta ta’sir ko‘rsatish imkonini beruvchi shartnoma tuzishda, Markaziy bankka yozma xabar berishlari shart.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2017-yil 24-iyundagi 14/18-sonli qarori (ro‘yxat raqami 1894-2, 24.07.2017-y.) tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 30-son, 746-modda)
6. Tijorat banklariga, emitent — aksiyadorlik jamiyatlari bilan ushbu jamiyat aksiyalari bo‘yicha “repo” bitimlarini amalga oshirish taqiqlanadi.
7. Agar tijorat bankining investitsiya qilingan yoki investitsiya qilinishi rejalashtirilayotgan mablag‘lari miqdori yoki emitent faoliyati tijorat banki omonatchilari, kreditorlari va aksiyadorlari manfaatlariga zarar yetkazishi mumkinligi yoki investitsiyalarni boshqarishda tijorat bankining tajribasi yetarli emasligi aniqlansa, Markaziy bank har qanday yuridik shaxsning ustav kapitali yoki qimmatli qog‘ozlariga tijorat banki tomonidan kiritiladigan investitsiyalar miqdoriga qo‘shimcha cheklovlar belgilash huquqiga ega.
8. Mazkur Nizomning 3 va 4-bandlarida belgilangan cheklovlar tijorat bankiga kreditlarni ta’minlash uchun berilgan qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha garov huquqini amalga oshirish natijasida olingan qimmatli qog‘ozlarga nisbatan qo‘llanilmaydi.
9. Garov huquqini amalga oshirish natijasida olingan qimmatli qog‘ozlar bank tomonidan 2 oy muddat ichida sotilishi shart. Agar, qimmatli qog‘ozlar ko‘rsatilgan muddatda sotilmasa, ular “sotishga mo‘ljallangan qimmatli qog‘ozlarga qilingan investitsiyalar” yoki “qaram xo‘jalik jamiyatlariga, qo‘shma korxonalarga va shu’ba xo‘jalik jamiyatlariga qilingan investitsiyalar” yoxud “so‘ndirish muddatigacha saqlanadigan qarz qimmatli qog‘ozlariga qilingan investitsiyalar”ning tegishli hisobvaraqlariga o‘tkaziladi va ularga nisbatan mazkur Nizomning 3 va 4-bandlarida belgilangan cheklovlar qo‘llaniladi.
III. Tijorat banklari tomonidan qimmatli qog‘ozlar bilan o‘tkaziladigan operatsiyalarga va ularning yuridik shaxslarning ustav kapitalida ulushli ishtirok etishiga doir qo‘shimcha talablar
10. Tijorat banklari investitsiya siyosatida qimmatli qog‘ozlar emitenti bo‘lgan yoki bank ustav kapitalida ishtirokchi bo‘lgan yuridik shaxslarning moliyaviy ahvolini, boshqaruv tajribasini hamda qimmatli qog‘ozlarning sifatini baholash mezonlari va uslublari aks ettirilishi shart. Investitsiya siyosatida, shuningdek bank aktivlarini qimmatli qog‘ozlarga yo‘naltirish shartlari belgilanishi lozim.
11. Banklar qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalar bo‘yicha nazoratni amalga oshirish uchun emitent to‘g‘risida yetarli ma’lumotga ega bo‘lishi lozim.
12. Qimmatli qog‘ozlar portfeli to‘g‘risidagi ichki hisobotlar qimmatli qog‘ozlar turlari va tiplari bo‘yicha bo‘linishi, sifat reytingi, nominal va bozor qiymatini, xarid qilish va sotish sanasini, foiz stavkalarini, chegirmalarni, olingan dividendlarni (foizlarni), oldi-sotdi bitimlari bo‘yicha olingan foyda to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olishi lozim.
13. Bankning turli bo‘linmalari o‘rtasida majburiyatlarning mutanosib taqsimlanishi, shuningdek suiiste’molchilikning oldini olish uchun banklar tegishli ichki nazoratni amalga oshirishi zarur. Mazkur ichki nazorat quyidagilarni o‘z ichiga olishi lozim:
a) qimmatli qog‘ozlarni xarid qilish yoki sotishni rasmiylashtirish bo‘yicha hujjatlarni qabul qiluvchi, qayta ishlovchi xodimlar buxgalteriya operatsiyalarini amalga oshirmasligi, pul mablag‘larini qabul qilmasligi, buxgalteriya o‘tkazmalarini taqqoslash yoki tasdiqlash imkoniyatiga ega bo‘lmasligi;
b) buxgalteriya operatsiyalarini tayyorlash va amalga oshirishga mas’ul bo‘lgan shaxslar qimmatli qog‘ozlarni xarid qilish yoki sotishni rasmiylashtirish bo‘yicha hujjatlarni qabul qilmasliklari yoki tasdiqlash maqsadida bitim natijalarini taqqoslash imkoniyatiga ega bo‘lmasligi;
v) barcha operatsiyalar hujjatlar bilan tasdiqlanishi hamda buxgalteriya yozuvlari va birlamchi hujjatlar bilan taqqoslanishi;
g) agar, bank brokerlik faoliyatini bajarsa, u holda bank har bir mijoz uchun hisobvaraqlar ochishi va mijozning qimmatli qog‘ozlari bilan amalga oshiriladigan barcha operatsiyalar bo‘yicha qimmatli qog‘ozlarning turlari, operatsiyalar sanasi, xarid qilingan/sotilgan qimmatli qog‘ozlar narxi va miqdori ko‘rsatilgan holda yozuvlar olib borishi lozim.
14. Qimmatli qog‘ozlar bilan ishlashni tashkil etishda qimmatli qog‘ozlar emitenti anketasining ushbu Nizomga ilova etilgan namunaviy shaklidan foydalanish tavsiya etiladi.
IV. Yakuniy qoidalar
15. Mazkur Nizomda belgilangan talab va me’yorlarga tijorat banklari tomonidan rioya etilmagan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tijorat banklariga nisbatan “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq chora va sanksiyalar qo‘llash huquqiga ega.
Tijorat banklari tomonidan qimmatli qog‘ozlar bilan o‘tkaziladigan operatsiyalarga va ularning boshqa korxonalar ustav kapitalida qatnashishiga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
Qimmatli qog‘ozlar emitenti anketasi
| 1. Emitentning nomi 2. Qimmatli qog‘ozlarning turi 3. Qimmatli qog‘ozlarning nominal qiymati 4. Qimmatli qog‘ozlarning bozor qiymati 5. Qimmatli qog‘ozlar soni miqdori 6. Bitim summasi 7. Qimmatli qog‘ozlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish sanasi 8. Avvalgi dividend to‘lovlari to‘g‘risida ma’lumotlar 9. Foizli to‘lovlar stavkasi, summasi va muddati 10. Qimmatli qog‘ozlarni chiqarish sanasi 11. Qimmatli qog‘ozlarni so‘ndirish sanasi | |||
|
| |||
| | | |
ming so‘mda |
| T/r | Ko‘rsatkichlar nomi | Yil boshida | Hisobot sanasida |
|
1. |
Qoplash/kapital yetarliligi koeffitsiyenti | | |
|
2. |
Likvidlik koeffitsiyenti | | |
|
3. |
Muxtorlik koeffitsiyenti/ moliyaviy leveraj | | |
|
4. |
Kreditga layoqatlilik sinfi/ reyting bahosi | | |
|
5. |
O‘z oborot mablag‘lari mavjudligi/ jami kapital | | |
|
6. |
Foyda (zarar) | | |
|
7. |
Bank kreditlariga doir qarzlar/ kreditorlar oldidagi qarzlar | | |
|
8. |
Debitorlik qarzlari, jami | | |
|
9. |
Kreditorlik qarzlari, jami | | |
|
10. |
Pul mablag‘lari | | |
|
11. |
Jami oson sotiladigan talablar | | |
|
12. |
Jami oson sotiladigan zaxiralar/ Oson sotiladigan aktivlar | | |
|
13. |
O‘z manbalari, jami/ Bank kapitali tarkibi — jami, jumladan: | | |
| ustav kapitali | | | |
| zaxira fondi/ umumiy maqsadlarga mo‘ljallangan zaxira fondi | | | |
| maqsadli moliyalash va tushumlar/ kapital zaxiralar | | | |
| taqsimlanmagan foyda | | | |
|
14. |
Balans | | |
Boshqa ma’lumotlar |
| | |
| 1. ________________________________________ 2. ________________________________________ 3. ________________________________________ |
| | |
| Vakolatli shaxs imzosi _______________ | Sana ______________ | ||
(ilova O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2015-yil 22-iyuldagi 19/5-sonli qarori (ro‘yxat raqami 1894-1, 29.07.2015-y.) tahririda — O‘R QHT, 2015-y., 30-son, 401-modda)
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2009-y., 6-son, 57-modda; 2015-y., 30-son, 401-modda; 2017-y., 30-son, 746-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.09.2018-y., 10/18/1894-3/1846-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)