Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING BAʼZI HUJJATLARIGA OʻZGARTISH VA QOʻSHIMCHALAR KIRITISH, SHUNINGDEK AYRIMLARINI OʻZ KUCHINI YOʻQOTGAN DEB HISOBLASH TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasining “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida” 2008-yil 22-iyuldagi OʻRQ-163-son Qonuniga muvofiq:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining baʼzi hujjatlariga ilovaga muvofiq oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xususiy tadbirkorlikda tashabbus koʻrsatish va uni ragʻbatlantirish toʻgʻrisida” 1995-yil 5-yanvardagi PF-1030-son Farmonining 13-bandi;
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qimmatli qogʻozlar bozorini rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 1995-yil 7-sentabrdagi PF-1270-son Farmoni.
3. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 24-oktabr,
PF-4045-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 24-oktabrdagi PF-4045-son Farmoniga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining baʼzi hujjatlariga kiritiladigan oʻzgartish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat mulki boʻlgan korxonalarni aksiyalashtirishni jadallashtirish va qimmatli qogʻozlar bozorini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1995-yil 12-iyundagi PF-1164-son Farmonining 2-bandida:
toʻrtinchi — oltinchi xatboshilari chiqarib tashlansin;
yettinchi xatboshisi toʻrtinchi xatboshi deb hisoblansin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzurida qimmatli qogʻozlar bozori ishlashini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Markazini tashkil etish toʻgʻrisida” 1996-yil 26-martdagi PF-1414-son Farmonida:
a) 1-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi qimmatli qogʻozlar bozori ishlashini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Markazi qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi etib belgilansin”;
b) 2-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi qimmatli qogʻozlar bozori ishlashini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Markazi:
qimmatli qogʻozlar bozorini shakllantirish, rivojlantirish, nazorat qilish va tartibga solish sohasida davlat siyosatini amalga oshiradi;
qimmatli qogʻozlar bozorida kasbga doir faoliyatni litsenziyalaydi;
investorlarning hamda qimmatli qogʻozlar egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlaydi;
qimmatli qogʻozlar bozorini va uning ishtirokchilari faoliyatini shakllantirish hamda tartibga solish sohasida normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqadi;
qimmatli qogʻozlar bozorida kasb faoliyatini amalga oshirishga boʻlgan talablarni, qimmatli qogʻozlar bozori professional ishtirokchilari mutaxassislariga nisbatan malakaviy talablarni belgilaydi, ularni attestatsiyadan oʻtkazadi va malaka attestatlarini beradi;
emission qimmatli qogʻozlarni (davlatnikidan tashqari) muomalaga chiqarish qoidalarini, qimmatli qogʻozlar bilan boʻladigan bitishuvlarni roʻyxatga olish qoidalarini, qimmatli qogʻozlar bilan oʻtkaziladigan operatsiyalarni hisobga olish va hisobot standartlarini, qimmatli qogʻozlar egalarining reyestrlarini va qimmatli qogʻozlar bilan boʻladigan bitishuvlarning hisob registrini yuritish tartibini tasdiqlaydi;
davlat boshqaruvi organlari, qimmatli qogʻozlar bozori qatnashchilari tomonidan qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi va qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzish hollari aniqlanganda ular yuzasidan xulosalar chiqaradi hamda bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar beradi, qoidabuzarlarga nisbatan qonun hujjatlariga muvofiq sanksiyalar qoʻllaydi;
qimmatli qogʻozlar bilan oʻtkaziladigan operatsiyalar xatarini cheklovchi shaxsiy mablagʻlar yetarliligi va boshqa koʻrsatkichlarning majburiy normativlarini, shuningdek davlatnikidan tashqari qimmatli qogʻozlar operatsiyalari boʻyicha hujjatlarni saqlash muddatlarini belgilaydi”;
v) 3-bandida:
ikkinchi xatboshidagi “Oʻzbekiston Respublikasi hududida operatsiyalarni amalga oshiruvchi” soʻzlari chiqarib tashlansin;
uchinchi xatboshidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi” soʻzlari “qonun hujjatlarida belgilangan tartibda” soʻzlari bilan almashtirilsin, shuningdek “birinchi” soʻzi chiqarib tashlansin;
toʻrtinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
g) 6-bandi chiqarib tashlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun ruxsatnoma turlarini qisqartirish va ularni berish tartib-qoidalarini soddalashtirish toʻgʻrisida” 2005-yil 21-sentabrdagi PQ-186-sonli qarori bilan tasdiqlangan Amal qilish muddati cheklanmasdan litsenziyalar beriladigan litsenziyalanadigan faoliyat turlari roʻyxatining 7-bandidagi “(qimmatli qogʻozlar bozoridagi investitsiyaviy institutlar faoliyati)” soʻzlari chiqarib tashlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi faoliyatini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2006-yil 26-apreldagi PQ-335-son qarorining 6-ilovasidagi “Apellyatsiyalarni koʻrib chiqish boʻyicha kengash” soʻzlari chiqarib tashlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Bank tizimini yanada rivojlantirish va boʻsh pul mablagʻlarini bank oborotiga jalb etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2007-yil 7-noyabrdagi PQ-726-son qarorining 3-bandidagi “investitsiya aktivlarini boshqaruvchi”, “mazkur faoliyat turlarini” soʻzlari tegishli ravishda “investitsiya aktivlarini ishonchli boshqaruvchi”, “qimmatli qogʻozlar bozorida kasb faoliyatini” soʻzlari bilan almashtirilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sugʻurta xizmatlari bozorini yanada isloh qilish va rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2008-yil 21-maydagi PQ-872-son qarori 3-bandining ikkinchi xatboshidagi “mazkur faoliyat turlarini” soʻzlari “qimmatli qogʻozlar bozorida kasb faoliyatini” soʻzlari bilan almashtirilsin.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 44-45-son, 440-modda; 2013-y., 36-son, 477-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.03.2020-y., 06/20/5968/0331-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son; 16.08.2024-y., 06/24/111/0623-son; 26.11.2025-y., 06/25/231/1091-son)