Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TIBBIY-MEHNAT EKSPERTIZA XIZMATI BOShQARISh TUZILMASINI VA FAOLIYATINI TAShKIL ETIShNI TAKOMILLAShTIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-fevraldagi 62-sonli “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xizmati tashkiliy tuzilmasini va faoliyatini tashkil etishga oid normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi bandligini oshirish hamda mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish organlari faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2007-yil 6-apreldagi PQ-616-son qaroriga muvofiq hamda nogironlarni ijtimoiy muhofaza qilish tizimini yanada rivojlantirish, tibbiy-ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlari koʻrsatish samaradorligini oshirish, tibbiy-mehnat ekspertiza xizmati boshqarish tuzilmasini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Respublika Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi toʻgʻrisidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq;
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 714-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 997-modda)
Tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari toʻgʻrisidagi Nizom 2-ilovaga muvofiq;
Oldingi tahrirga qarang.
(1-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 1-iyuldagi 195-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2011-y., 27-son, 283-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(1-bandning beshinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 2-sentabrdagi 193-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan— OʻR QHT, 2010-y., 35-36-son, 305-modda)
Tibbiy tekshirishdan qayta oʻtkazish muddati koʻrsatilmasdan nogironlik guruhi belgilanadigan kasalliklar roʻyxati 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi:
bir oy muddatda tibbiy-mehnat ekspertiza xizmati tuzilmasini va uni boshqarish mexanizmini ushbu qaror talablariga muvofiqlashtirsin;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash va ularda nogironlar bilan ishlash uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlarini koʻrsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining Nogironlarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi vrachlariga malaka toifasi berish (ularni tasdiqlash) yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda attestatsiya oʻtkazilishini tashkil etsin.
(2-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 11-noyabrdagi 250-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 44-45-son, 387-modda)
3. Quyidagilar:
Vazirlar Mahkamasining “Tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari (TMEK) hamda mehnatda mayiblanganlik yoki kasb kasalligi tufayli tayinlangan pensiyalarni boshqa davlatlarga oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida” 1994-yil 23-iyundagi 317-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1994-y., 6-son, 32-modda) 1-bandining ikkinchi xatboshi hamda qarorga 1-ilovasi;
Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 30-yanvardagi 56-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1997-y., 1-son, 3-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlarning 5-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 8-avgust,
175-son
Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 8-avgustdagi 175-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi toʻgʻrisida
NIZOM
(1-ilovaning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 714-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 997-modda)
I. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda Inspeksiya deb ataladi) Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining respublikada tibbiy-mehnat ekspertizasi sohasida davlat boshqaruvini amalga oshiruvchi tarkibiy boʻlinmasi hisoblanadi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 714-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 997-modda)
2. Inspeksiya oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek Sogʻliqni saqlash vazirligining buyruqlari va farmoyishlariga amal qiladi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 714-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 997-modda)
3. Inspeksiyaning moddiy-texnika taʼminoti budjetdan ajratiladigan mablagʻlar doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
Davlat boshqaruvi organlari xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash shartlari Inspeksiya xodimlariga joriy etiladi;
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 26-apreldagi 122-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 17-son, 176-modda)
4. Inspeksiya yuridik shaxs hisoblanadi va mustaqil balansga, bankda hisob raqamlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasvirlangan va oʻz nomi yozilgan muhrga, boshqa muhrlar va shtamplarga ega.
II. Inspeksiyaning asosiy vazifalari va funksiyalari
5. Quyidagilar Inspeksiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
Tibbiy-mehnat ekspert komissiyalarining (keyingi oʻrinlarda TMEK deb ataladi) hayot faoliyati cheklanganligini ekspertiza qilish, nogironlikning guruhlarini, sabablarini, boshlangan vaqtini va muddatlarini aniqlash;
ekspertizalar natijalarini, davolash-profilaktika muassasalari tomonidan berilgan tibbiy hujjatlarni va fuqarolarni tibbiy tekshirish natijalarini doimiy ravishda oʻrganish asosida nogironlikning holatini, oʻzgarishini va nogironlikka olib kelgan omillarni tizimli tahlil qilish;
nogironlikning oldini olish sohasida kompleks dasturlarni ishlab chiqishda, nogironlarni tibbiy-ijtimoiy va kasb boʻyicha reabilitatsiya va ijtimoiy himoya qilish chora-tadbirlarini amalga oshirishda qatnashish;
TMEK vrach-ekspertlari lavozimiga tanlash va tavsiya etish boʻyicha malaka komissiyasi faoliyatini tashkil qilish, tasarrufidagi TMEKlarga TMEK mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish masalalarida uslubiy yordam koʻrsatish.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 11-noyabrdagi 250-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 44-45-son, 387-modda)
6. Inspeksiya oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
TMEK faoliyatini nazorat qiladi;
qonun hujjatlariga muvofiq nogiron deb hisoblash maqsadida fuqarolarni tibbiy tekshirish uchun barcha fuqarolarga teng imkoniyatlar berilishini taʼminlaydi;
hayot faoliyati cheklanganligini, mehnatga layoqatning yoʻqolgani darajasini, ijtimoiy himoya choralariga boʻlgan ehtiyojni aniqlashni tashkil etadi;
TMEKlarga tibbiy-mehnat ekspertizasi masalalari boʻyicha uslubiy yordam koʻrsatadi;
nogironlikning holati va sabablarini tizimli tahlil qiladi, nogironlikka olib kelgan omillarni oʻrganishda ishtirok etadi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligiga nogironlikning oldini olish boʻyicha takliflar kiritadi;
(6-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 714-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 997-modda)
nogironlik koʻrsatkichlari, fuqarolarni tibbiy tekshirish va qayta tekshirish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bankini shakllantiradi;
TMEK mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tadbirlarini amalga oshiradi;
TMEK vrachlariga malaka toifalarini berish (tasdiqlash) yuzasidan attestatsiya oʻtkazish tadbirlarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiradi;
TMEKlarni joylashtirish, ularni zarur asbob-uskunalar va anjomlar bilan jihozlashni tashkil etadi, shuningdek qatʼiy hisobda turadigan blankalar bilan taʼminlash chora-tadbirlarini koʻradi;
Sogʻliqni saqlash vazirligiga TMEKlar faoliyatini takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritadi.
(6-bandning oʻn birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 714-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 997-modda)
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 11-noyabrdagi 250-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 44-45-son, 387-modda)
III. Inspeksiyaning huquqlari va javobgarligi
7. Inspeksiya oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish doirasida quyidagi huquqlarga ega:
nogironlarning tibbiy-mehnat ekspertizasi, ularni tibbiy-ijtimoiy, malakali reabilitatsiya qilish sohasida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va Sogʻliqni saqlash vazirligiga kiritish;
(7-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 714-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 997-modda)
oʻz vakolatlari doirasida tarkibiy boʻlinmalari tibbiy-mehnat ekspertiza xizmatlari rahbarlariga nogironlikning oldini olish va nogironlarni reabilitatsiya qilish masalalari boʻyicha tavsiyanomalar berish, ularni amalga oshirish boʻyicha mahalliy davlat hokimiyati organlariga takliflar kiritish;
(7-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 11-noyabrdagi 250-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 44-45-son, 387-modda)
oʻz vakolatlari doirasida tegishli vazirliklar va idoralardan Inspeksiya faoliyati uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni soʻrash va olish;
TMEKda tekshiruvdan oʻtgan shaxslarni, shuningdek xulosasi barcha darajadagi TMEK qarorlarini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asos boʻladigan bosh TMEK qaroridan norozi boʻlgan shaxslarni qayta tekshiruvdan oʻtkazish uchun komissiyalar, zaruriyat boʻlganda esa maxsus komissiyalar tashkil etish;
nogironlarning tibbiy-mehnat ekspertizasi, ularni tibbiy-ijtimoiy va malakali reabilitatsiya qilish sohasidagi muammolarni ommaviy axborot vositalari orqali yoritib borish;
fuqarolarning nogironlarning tibbiy-mehnat ekspertizasi, ularni tibbiy-ijtimoiy va malakali reabilitatsiya qilish masalalari boʻyicha murojaatlarini koʻrib chiqish.
Inspeksiya qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
8. Inspeksiya oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishi yuzasidan javob beradi.
VI. Inspeksiya faoliyatini tashkil etish
9. Inspeksiyani Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirining qarori bilan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan boshliq boshqaradi.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 714-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 997-modda)
10. Inspeksiya boshligʻining bir nafar oʻrinbosari boʻladi. Boshliqning oʻrinbosari Inspeksiya boshligʻining taqdimnomasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirining qarori boʻyicha lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 714-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 997-modda)
11. Inspeksiya boshligʻi:
Inspeksiya faoliyatiga rahbarlik qiladi va unga yuklangan vazifalarni bajarish yuzasidan shaxsan javob beradi;
oʻz vakolatlari doirasida TMEK xodimlarining bajarishi majburiy boʻlgan buyruqlar chiqaradi va koʻrsatmalar beradi.
Inspeksiya xodimlarini, shuningdek, tegishli bosh TMEK raisining taqdimnomasi boʻyicha bosh TMEK vrach-ekspertlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod etadi;
(11-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 714-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 997-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri bilan kelishgan holda tegishli bosh TMEK raisining taqdimnomasi asosida ixtisoslashtirilgan, tumanlararo va tuman (shahar) TMEK raislarini lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod etadi;
(11-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 714-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 997-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(11-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 11-noyabrdagi 250-sonli qarori bilan chiqarilgan — OʻR QHT, 2010-y., 44-45-son, 387-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligiga TMEKlarni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish toʻgʻrisida takliflar kiritadi;
(11-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 714-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 997-modda)
qonun hujjatlarida belgilangan vakolatlar doirasida boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 8-avgustdagi 175-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari (keyingi oʻrinlarda TMEK deb ataladi) Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining tibbiy-mehnat ekspertiza xizmati tizimidagi mustaqil tarkibiy boʻlinmalar hisoblanadi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 714-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 997-modda)
2. Tibbiy-mehnat ekspertiza xizmatiga:
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Nogironlarni tibbiy-ijtimoiy ekspertiza va reabilitatsiya qilish Respublika inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda Inspeksiya deb ataladi);
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 714-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 997-modda)
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosh tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari;
tuman, tumanlararo, shahar va ixtisoslashtirilgan tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari kiradi.
3. Tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining buyruqlari va farmoyishlariga amal qiladi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 714-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 997-modda)
4. Shaxsni nogiron deb eʼtirof etish TMEK tomonidan amalga oshiriladi.
5. Tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari faoliyati hududiy prinsip boʻyicha amalga oshiriladi.
6. Tibbiy-mehnat ekspert komissiyalarining xulosalari kollegial, TMEK aʼzolarining mutlaq koʻpchilik ovoz berishi asosida qabul qilinadi hamda uning tavsiyalari ish beruvchilar, davolash-profilaktika, tibbiy-ijtimoiy, sport muassasalari va boshqa tashkilotlar uchun majburiy hisoblanadi.
7. TMEKlarning moddiy-texnika taʼminoti budjetdan ajratiladigan mablagʻlar doirasida Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
TMEK xodimlarining mehnatiga haq toʻlash:
bosh TMEK raislari va ularning oʻrinbosarlariga — sogʻliqni saqlash muassasalari III tipi rahbar xodimlarining mehnatiga haq toʻlash razryadlari va tarif koeffitsiyentlari boʻyicha;
vrachlar va boshqa tibbiyot xodimlariga — sogʻliqni saqlash muassasalari I guruhiga mansub xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash razryadlari va tarif koeffitsiyentlari boʻyicha;
qolgan xodimlarga — davlat boshqaruvi organlari tegishli xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash razryadlari va tarif koeffitsiyentlari boʻyicha amalga oshiriladi.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 26-apreldagi 122-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 17-son, 176-modda)
8. Bosh tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari yuridik shaxs hisoblanadi hamda mustaqil balansga, bank hisob raqamlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan muhrga va oʻz nomi yozilgan shtampga ega boʻladi.
9. Tuman, tumanlararo, shahar va ixtisoslashtirilgan tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari yuridik shaxs hisoblanmaydi, oʻz nomi yozilgan muhrga va shtampga ega boʻladi.
II. TMEKning asosiy vazifalari va funksiyalari
10. Quyidagilar TMEKning asosiy vazifalari hisoblanadi:
davolash-profilaktika muassasalari tomonidan taqdim etilgan tibbiy hujjatlar va fuqarolarni koʻrikdan oʻtkazish natijalari asosida hayot faoliyatining cheklanganligini ekspertiza qilish, nogironlik guruhini, sabablarini, uning boshlangan vaqtini va nogironlik muddatlarini, mehnatga layoqatning yoʻqolishi foizini belgilash;
(10-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 11-noyabrdagi 250-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 44-45-son, 387-modda)
nogironlar uchun ijtimoiy muhofaza chora-tadbirlarini belgilash;
nogironlarni reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturlarini ishlab chiqish va ularni bajarishga koʻmaklashish hamda nogironning hayot faoliyatini yoki organizmi funksiyalarini toʻliq yoki qisman tiklash, nogironlik guruhini pasaytirish yoki barqarorlashtirish asosida ushbu tadbirlarning samaradorligini baholash;
nogironlikning holatini, oʻzgarishini va unga sabab boʻlgan omillarni tizimli tahlil qilish, nogironlikning oldini olish, nogironlarni tibbiy-mehnat ekspertiza, reabilitatsiya, ijtimoiy muhofaza qilish sohasida kompleks dasturlarni ishlab chiqishda qatnashish.
(10-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 11-noyabrdagi 250-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 44-45-son, 387-modda)
11. Bosh TMEKlar oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradilar:
tuman, tumanlararo, shahar, ixtisoslashtirilgan TMEK ishlarini tashkil etish va nazorat qilish, ularga tashkiliy-metodik yordam koʻrsatish, TMEK faoliyatining yangi metodlari va shakllarini joriy etish;
tuman, tumanlararo, shahar, ixtisoslashtirilgan TMEKlarga va davolash-profilaktika muasssasalariga tibbiy-mehnat ekspertizasi, shu jumladan TMEK yoʻllanmasi boʻyicha nogironlar va bemorlarni maslahat tekshiruvidan oʻtkazish masalalari boʻyicha maslahat yordami koʻrsatish;
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmati vrachlari va xodimlarini tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish;
(11-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-maydagi 396-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.06.2018-y., 09/18/396/1287-son)
jinoyat sodir etganlikda shubhalanilayotgan, ayblanayotgan, sudlangan, jazoga hukm qilingan shaxslarni tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish;
kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyish, ularni malaka toifasiga loyiqligi yuzasidan attestatsiyadan oʻtkazishni va oʻz vaqtida malaka oshirini tashkil etish;
TMEKlarni joylashtirishni tashkil etish, zarur asbob-uskunalar va anjomlar bilan jihozlash, hujjatlar blankalari bilan oʻz vaqtida taʼminlash;
tumanlar, tumanlararo, shaharlar va ixtisoslashtirilgan TMEKlarning nogironlarning protez-ortopediya buyumlariga va harakatlanish vositalariga muhtojligi boʻyicha faoliyatini nazorat qilish;
(11-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 11-noyabrdagi 250-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 44-45-son, 387-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(11-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 11-noyabrdagi 250-sonli qarori bilan chiqarilgan — OʻR QHT, 2010-y., 44-45-son, 387-modda)
tumanlar, tumanlararo, shaharlar va ixtisoslashtirilgan TMEKlarning yuqori darajada reabilitatsiyaga muhtoj nogironlar kontingentini aniqlash va nogironlarni reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturlarini belgilangan tartibda toʻgʻri ishlab chiqish masalalari boʻyicha faoliyatini nazorat qilish;
TMEKning Nogironlarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi, mintaqaviy reabilitatsiya markazlari, davolash-profilaktika muassasalari, tumanlar (shaharlar) Bandlikka koʻmaklashish markazlari, shuningdek ish beruvchilar bilan birgalikdagi ishlarini tashkil etish va nazorat qilish, nogironlarni reabilitatsiya qilish yakka tartibdagi dasturlarining bajarilishi ahvolini belgilangan tartibda kuzatib borish;
(11-bandning oʻninchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 13-martdagi 130-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 15-son, 249-modda)
nogironlikning ahvoli va sabablarini tahlil qilish, davolash-profilaktika muassasalari bilan birgalikda nogironlikning oldini olish va nogironlikni reabilitatsiya qilish chora-tadbirlarini ishlab chiqishda va ularning bajarilishini nazorat qilishda qatnashish, mahalliy davlat hokimiyati organlariga va sogʻliqni saqlash organlariga nogironlikning dolzarb masalalari boʻyicha belgilangan tartibda axborotlar taqdim etish;
davolash-profilaktika muassasalari bilan birgalikda seminarlar, konferensiyalar va boshqa tadbirlar tashkil etish va oʻtkazish;
mintaqadagi TMEK faoliyati, nogironlikning ahvoli va sabablari toʻgʻrisida Inspeksiyaga oʻz vaqtida hisobotlar taqdim etish.
111. Bosh TMEK raisi tegishli TMEK raisining taqdimnomasi boʻyicha bosh TMEK xodimlarini, tuman, tumanlararo, shahar va ixtisoslashtirilgan TMEK vrachlari-ekspertlarini va xodimlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod etadi.
(111-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 714-sonli qaroriga asosan kiritilgan— OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 997-modda)
12. Tuman, tumanlararo, shahar va ixtisoslashtirilgan TMEKlar oʻzlariga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradilar:
fuqarolarning hayot faoliyati cheklanganligini, uning vaqtinchalik yoki barqaror yoʻqotilganligini, nogironlikning boshlangan vaqti va nogironlik muddatlarini ekspertiza qilish;
mehnat vazifalarini bajarish bilan bogʻliq holda mayib boʻlgan yoki sogʻligʻi boshqacha tarzda shikastlangan xodimlarning kasbi boʻyicha mehnatga layoqatini yoʻqotganlik darajasini va qoʻshimcha yordam turlariga muhtojligini aniqlash;
koʻchma majlislar oʻtkazish, ogʻir bemorlarni uyida yoki shifoxonada tekshirib koʻrish;
vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik muddatlarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda uzaytirish;
nogironlarning protez-ortopediya buyumlariga, reabilitatsiyaning texnik vositalariga muhtojligini aniqlash;
(12-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 11-noyabrdagi 250-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 44-45-son, 387-modda)
nogironlarni reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturlarini ishlab chiqish, reabilitatsiya tadbirlarining turlari, shakllari, muddatlari va hajmlarini belgilash, davolash-profilaktika muassasalari va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda dasturlarning bajarilishi holatini kuzatish, oʻtkazilgan reabilitatsiya tadbirlarining samaradorligini aniqlash;
nogironlarning sogʻligʻi holatiga hamda imkoniyatlariga muvofiq boʻlgan aniq mutaxassisliklar va kasblarni koʻrsatgan holda ularni kasbga yoʻnaltirish boʻyicha tavsiyanomalar berish;
xizmat koʻrsatiladigan hududda nogironlikning ahvoli va oʻsishini oʻrganish va bosh TMEKga tegishli maʼlumotlar taqdim etish;
nogironlikka sabab boʻlayotgan omillarni oʻrganishda va nogironlikning oldini olish kompleks dasturlarini ishlab chiqishda qatnashish;
aholi oʻrtasida tibbiy-mehnat ekspertizasi, nogironlikning oldini olish, nogironlarni tibbiy-ijtimoiy va kasb boʻyicha reabilitatsiya qilish masalalari boʻyicha tushuntirish ishlari olib borish.
III. TMEKning huquqlari va javobgarligi
13. Bosh TMEKlar oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish doirasida quyidagi huquqlarga ega:
tuman, tumanlararo, shahar va ixtisoslashtirilgan TMEKlar ishini, shu jumladan tekshirilganlarning barcha tibbiy-ekspert hujjatlarini, zarurat boʻlganda, nogiron deb eʼtirof etilgan shaxslarni shaxsan tekshirish uchun chaqirgan holda tekshirish yoʻli bilan ekspert xulosalari sifati va asoslanganligini nazorat qilish;
Oldingi tahrirga qarang.
(13-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 11-noyabrdagi 250-sonli qarori bilan chiqarilgan — OʻR QHT, 2010-y., 44-45-son, 387-modda)
tuman, tumanlararo, shahar va ixtisoslashtirilgan TMEKlarga nogironlikning oldini olish va nogironlarni reabilitatsiya qilish masalalari boʻyicha tavsiyalar berish, ularni amalga oshirish yuzasidan mahalliy davlat hokimiyati organlariga takliflar kiritish;
tuman, tumanlararo, shahar va ixtisoslashtirilgan TMEKlar majlislarida qatnashish;
zarurat boʻlganda, sogʻliqni saqlash organlari vakillari bilan birgalikda davlat profilaktika muassasalari tomonidan berilgan tibbiyot hujjatlarining asoslanganligini tekshirish, yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrish;
tekshirilgan shaxslar tuman, tumanlararo, shahar va ixtisoslashtirilgan TMEKlar qaroridan norozi boʻlgan hollarda takroriy tekshiruv oʻtkazish, ularning qarorlarini belgilangan tartibda oʻzgartirish va bekor qilish;
bosh TMEKning qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun xulosasi asos hisoblanadigan bosh TMEK qaroriga rozi boʻlishmagan hollarda shaxslarni maxsus tashkil etilgan komissiyalarda qayta tibbiy tekshirishdan oʻtkazish;
(13-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 11-noyabrdagi 250-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 44-45-son, 387-modda)
TMEK vrachlari manfaatlarini himoya qilish.
14. Tuman, tumanlararo, shahar va ixtisoslashtirilgan TMEKlar oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
davolash-profilaktika muassasalari tomonidan TMEKga yuborilgan shaxslarni tekshiruvdan oʻtkazish;
davolash-profilaktika muassasalaridan, mehnat organlaridan, ish beruvchilardan TMEK ishi uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni, shu jumladan tekshiruvdan oʻtayotgan shaxslarning mehnati xarakteri va shart-sharoitlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni olish;
(14-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 13-martdagi 130-son qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 15-son, 249-modda)
davolash-profilaktika muassasalaridan TMEKga taqdim etilgan tibbiy hujjatlarning sifatli rasmiylashtirilishini talab qilish, ularning xolisonaligini va haqqoniyligini tekshirish, yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan birgalikda chora-tadbirlar koʻrish;
klinikada ekspert tashxis qoʻyishga, birkitilgan davolash-profilaktika muassasalarida tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilishga muhtoj boʻlgan tekshiriluvchilarni Nogironlarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markaziga, mintaqaviy reabilitatsiya markazlariga yuborish;
(14-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 11-noyabrdagi 250-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 44-45-son, 387-modda)
ish beruvchilarga nogironlikning oldini olish va nogironlarni ishga oqilona joylashtirish masalalari boʻyicha tavsiyalar berish;
bosh TMEKga TMEKlar ishini yaxshilash, nogironlikning oldini olish va nogironlarni ishga oqilona joylashtirish boʻyicha takliflar kiritish.
15. TMEK raisi va vrachlari oʻzlariga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi, shu jumladan ekspert xulosalarining sifati va asoslanganligi uchun javob beradilar.
IV. Tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari faoliyatini tashkil etish
16. TMEKni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish toʻgʻrisidagi qaror Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan kelishilgan taqdimnomasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim qilinadi.
(16-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 714-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 997-modda)
17. Bosh tibbiy-mehnat ekspert komissiyasi raisi lavozimiga tibbiy-mehnat ekspertizasi boʻyicha kamida 5 yil ish stajiga ega boʻlgan vrach tayinlanadi.
18. Bosh TMEK raislari va oʻrinbosarlari Inspeksiya boshligʻining taqdimnomasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadilar va lavozimdan ozod etiladilar.
Inspeksiya xodimlari, bosh TMEK vrachlari-ekspertlari tegishli bosh TMEK raisining taqdimnomasi boʻyicha Inspeksiya boshligʻi tomonidan lavozimga tayinlanadilar va lavozimdan ozod etiladilar.
Ixtisoslashtirilgan, tumanlararo va tuman shahar TMEK raislari Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri bilan kelishgan holda tegishli bosh TMEK raisining taqdimnomasi asosida Inspeksiya boshligʻi tomonidan lavozimga tayinlanadilar va lavozimdan ozod etiladilar.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 714-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 997-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(19-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 11-noyabrdagi 250-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2010-y., 44-45-son, 387-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(20-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 11-noyabrdagi 250-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2010-y., 44-45-son, 387-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(21-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 11-noyabrdagi 250-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2010-y., 44-45-son, 387-modda)
22. Bosh tibbiy-mehnat ekspert komissiyasi tarkibi 4 nafar vrach-terapevt, xirurg va nevropatologdan iborat tarkibda tashkil etiladi, toʻrtinchi vrachning mutaxassisligi mintaqaviy xususiyatlarni, kasallanish va nogironlik tarkibini hisobga olgan holda belgilanadi. Zaruriyat boʻlganda toʻrtinchi vrach oʻrniga psixolog, sotsiolog va boshqa mutaxassislar kiritilishi mumkin. Bosh tibbiy-mehnat ekspert komissiyasi tarkibida ishlash uchun mehnatga soatbay haq toʻlagan holda tibbiy, texnik masalalar va boshqa masalalar boʻyicha maslahatchilar jalb etilishi mumkin. Vrachlardan biri bosh tibbiy-mehnat ekspert komissiyasi tarkibining raisi etib tayinlanadi.
Komissiya shtatiga katta tibbiy hamshira, tibbiy hamshira va avtomobil haydovchisi ham kiradi.
23. Tuman, tumanlararo, shahar va ixtisoslashtirilgan tibbiy-mehnat ekspert komissiyasi uch nafar vrachdan iborat tarkibda tashkil etiladi.
Tuman, tumanlararo, shahar va ixtisoslashtirilgan tibbiy-mehnat ekspert komissiyasi tarkibiga terapevt, xirurg, nevropatolog kiradi.
Ixtisoslashtirilgan tibbiy-mehnat ekspert komissiyasi tarkibiga ikki nafar vrach kiradi, ularning mutaxassisligi TMEK yoʻnalishiga muvofiq boʻlishi kerak, uchinchi aʼzo etib terapevt yoki nevropatolog tayinlanadi.
TMEK raisi etib uch vrachdan biri, ixtisoslashtirilgan TMEK raisi etib mutaxassisligi TMEK yoʻnalishiga muvofiq boʻlgan ikki vrachdan biri tayinlanadi.
Komissiya shtatiga katta tibbiy hamshira, tibbiy hamshira va sanitarka ham kiradi.
24. Barcha darajalardagi TMEKda ishlash uchun mutaxassisligi boʻyicha ish staji 3 yildan kam boʻlmagan vrachlar jalb qilinadi.
25. TMEK vrachlari mutaxassisligi va tibbiy-mehnat ekspertizasi boʻyicha kamida besh yilda bir marta malaka oshirishlari kerak.
26. TMEKlar majlislarida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining davolash-profilaktika muassasalari, hududiy boshqarmalari, Nogironlarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi, nogironlar uchun mintaqaviy reabilitatsiya markazlari, ish beruvchilar, kasaba uyushmalari, nogironlar jamiyatlari vakillari qatnashishi mumkin.
(26-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 11-noyabrdagi 250-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 44-45-son, 387-modda)
27. TMEK faoliyatini muvofiqlashtirish va tibbiy-mehnat ekspertizasi sifatini yaxshilash maqsadida bosh tibbiy-mehnat ekspert komissiyasida ekspert-metodik kengash tashkil etiladi.
Ekspert-metodik kengashga bosh tibbiy-mehnat ekspert komissiyasi raisi boshchilik qiladi, barcha vrachlar — TMEK ekspertlari kengash aʼzolari hisoblanadi. Ekspert-metodik kengash har oyda majlis oʻtkazadi, oʻtgan oyda amalga oshirilgan ishlar tahlili masalalarini muhokama qiladi, metodik tavsiyalar ishlab chiqadi, tibbiy-mehnat ekspertizasining dolzarb mavzulari boʻyicha seminarlar tashkil etadi.
28. Bosh tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari oʻz faoliyatini Inspeksiya boshligʻi tomonidan tasdiqlanadigan rejalar va jadvallar boʻyicha amalga oshiradi. Tuman, tumanlararo, shahar va ixtisoslashtirilgan tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari oʻz faoliyatini tegishli bosh tibbiy-mehnat ekspert komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlanadigan rejalar va jadvallar boʻyicha amalga oshiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 1-iyuldagi 195-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2011-y., 27-son, 283-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 2-sentabrdagi 193-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan— OʻR QHT, 2010-y., 35-36-son, 305-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(5-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 2-sentabrdagi 193-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan— OʻR QHT, 2010-y., 35-36-son, 305-modda)
Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 8-avgustdagi 175-son qaroriga
6-ILOVA
6-ILOVA
Tibbiy tekshirishdan qayta oʻtkazish muddati koʻrsatilmasdan nogironlik guruhi belgilanadigan kasalliklar roʻyxati
I. Ichki organlar kasalliklari
1. III bosqich gipertonik kasallik (markaziy asab tizimi, koʻz tubi, yurak, buyrak mushagi tomonidan organik oʻzgarishlar).
2. Mioakard infarktini boshdan kechirgan shaxslarda keskin ifodalangan, yurak mushagi ancha oʻzgargan va III bosqich qon aylanishi buzilgan yurak (koranar) yetishmovchiligi.
3. III bosqich qon aylanishi barqaror buzilganda yurak nuqsoni (soʻl atrioventrikulyar yoriq torayishi, aortal qopqoqchalar nuqsoni, kombinatsiyalashgan nuqsonlar).
4. Barqaror III bosqich nafas yetishmovchiligi va yurak yetishmovchiligi bilan birga kechadigan surunkali oʻpka kasalliklari.
5. Barqaror ifodalangan buyrak yetishmovchiligida surunkali nefrit (shish, izostenuriya, arterial bosim oshishi, koʻz tubining oʻzgarishi, qonning qoldiq azoti oshishi).
6. Portal qon aylanishi buzilgan holda jigar tsirrozi (assit).
7. Qandli diabet — atsetonuriya va komatoz holatga moyillikdagi ogʻir shakli. Itsenko-Kushengo kasalligi (AKTGga bogʻliqlik).
Izoh.
Yuqoridagi bandlarda sanab oʻtilgan kasalliklar holatida tibbiy tekshirishdan oʻtmasdan nogironlik guruhini belgilashga ikki yil mobaynida nogironni tibbiy-mehnat ekspert komissiyasi (keyingi oʻrinlarda TMEK deb ataladi) kuzatuvidan keyin yoʻl qoʻyiladi (yengil funksional oʻzgarishlar davri hisobga olinmaydi). Muddatning uzoqligi davri ushbu funksional yetishmovchilik aniqlangan paytdan boshlab hisoblanadi.
II. Asab-psixik kasalliklar
1. Xotira va psixikadagi buzilishlar aniq ifodalangan sharoitda III bosqich bosh miya tomirlari aterosklerozi.
2. Keng suyak nuqsoni yoki miya moddasidagi oʻzga tana holatida bosh miyaning jarohatli shikastlanishi oqibatlari.
3. Orqa miyaning progressiv va neoperabel oʻsmasi bilan aniq ifodalangan funksional buzilishlar bilan birga bosh miyaning neoperabel oʻsmalari.
4. Oligofreniya:
4.1. imbetsillik darajasi;
4.2. telbalik darajasi.
5. Demensiya.
6. Bolalar tserebral falaji, nasliy-degenerativ kasalliklarning ogʻir oqibatlari, yaqqol ifodalangan qoʻpol gemisindrom, total hamda harakatlanish, sensor va oliy poʻstloq funksiyalari buzilishi (apraksiya, agnoziya, demensiya) kabi barqaror turgʻun asoratlarga ega boʻlgan ikki yildan ortiq davom etgan bosh va orqa miya qon-tomir kasalliklari hamda ogʻir jarohatlarda.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 11-noyabrdagi 250-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 44-45-son, 387-modda)
7. Yaqqol ifodalangan harakatlanish, poʻstloq osti, miyacha va statodinamik buzilishlar bosqichidagi markaziy asab tizimining surunkali kuchayib boruvchi kasalliklari.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 11-noyabrdagi 250-sonli qarori bilan kiritilgan — OʻR QHT, 2010-y., 44-45-son, 387-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Izoh: 1, 3 va 4.2-bandlarda koʻrsatilgan kasalliklar holatida nogironlikning birinchi guruhi qayta tibbiy tekshirishdan oʻtkazilmasdan belgilanadi. 4.1-banddagi kasalliklar holatida nogironlikning ikkinchi guruhi qayta tibbiy tekshirishdan oʻtkazilmasdan belgilanadi. Muddatning uzoqligi ushbu funksional yetishmovchilik aniqlangan paytdan boshlab hisoblanadi.
(izoh Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 1-iyuldagi 195-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 27-son, 283-modda)
III. Jarrohlik kasalliklari hamda anatomik nuqsonlar va deformatsiyalar
1. Organning bir qismi yoki juftli organlarning biri olib tashlangandan keyingi holat: operatsiya yoʻli bilan olib tashlangandan keyin hiqildoq boʻlmasligi, qiziloʻngach operatsiya yoʻli bilan olib tashlangandan keyin pulmonektomiya, nefrektomiya, 1/2 rezeksiyadan keyin va ingichka ichak qismi total oshqozon rezeksiyasi, yoʻgʻon ichak gemikolektomiyasi, toʻgʻri ichakning total ekstirpatsiyasi (organlar va tizimlar funksiyasi buzilishi aniq ifodalanganda).
2. Qoʻl nuqsonlari va deformatsiyasi: yelka choʻltoqligi, bilak choʻltoqligi, panja yoʻqligi; yelkaning yoki bilakning har ikki suyagi soxta boʻgʻimi; 60 gradusdan kam yoki 150 gradusdan ortiq burchakli funksional noqulay holatda yoki bilakning soʻng darajadagi pronatsiya yoki soʻng darajadagi supinatsiyasi qayd etilganda tirsak tomirining keskin ifodalangan kontrakturasi yoki ankilozi; rezeksiyadan keyin shalvirab turgan yelka yoki tirsak tomiri; birinchi barmoqdan tashqari panjaning toʻrtta barmogʻi barcha suyaklari yoʻqligi; panjaning uch barmogʻi yoʻqligi, birinchisi bunga kirmaydi; funksional noqulay holatda ushbu barmoqlarning ankilozi yoki keskin ifodalangan kontrakturasi; birinchi va ikkinchi barmoqlarning yoki har ikki panja uch barmogʻining yoʻqligi.
3. Oyoq nuqsonlari va deformatsiyasi: turli darajalarda bel yoki boldir choʻltoqligi; suyak-plastik amputatsiyadan keyin oyoq panjasi choʻltoqligi (Pirogov tipi); Lisfrank tomiri darajasida nuqsonli choʻltoqlik; oyoq panjasining nuqsonli holati hamda yurish va turish funksiyalari ancha buzilgan holda boldir panjasi tomirining keskin ifodalangan kontrakturasi yoki ankelozi; belning yoki boldirning har ikki suyagining soxta boʻgʻimi; rezeksiyadan keyin shalviragan tizza yoki tos-bel tomiri; tos-bel tomirining keskin ifodalangan kontrakturasi yoki ankelozi; 180 gradusdan kam burchakli yoki tomir rezeksiyasidan keyin oyoqning 7 santimetrdan kamga qisqarishining funksional jihatdan noqulay holatda tizza tomirining ankelozi.
4. Yurak mushagi yoki yurak xaltasidagi oʻzga tana.
5. Davolashga qaramay bartaraf etib boʻlmaydigan oqma: najas, siydik natijasida vujudga keluvchi ifloslik.
6. Agar protezlash chaynashni taʼminlamasa, jagʻ yoki qattiq tanglay nuqsonlari.
7. Oʻtkazilgan operatsiya oqibatlari munosabati bilan koʻkrak qafasi deformatsiyasi — nafas olish yetishmovchiligi holatida beshta yoki undan ortiq qovurgʻa rezeksiyasi.
8. IV darajali xavfli oʻsma metastazlar va (yoki) retsidivlar mavjud boʻlganda xavfli inkurabel oʻsmalar.
9. Harakatni cheklaydigan va tos organlari funksiyalari buzilgan holatdagi umurtqa kasalligi.
Oldingi tahrirga qarang.
Izoh: 4, 6, 7 va 9-bandlarda koʻrsatilgan kasalliklar holatida nogiron ikki yil mobaynida TMEK tomonidan kuzatilgandan keyin nogironlikning faqat uchinchi guruhi qayta tibbiy tekshirishdan oʻtkazilmasdan belgilanadi. Shikastlanishning ogʻirroq shakllarida va kombinatsiyali (koʻp sonli) shikastlanishlarda nogironlik guruhi (birinchi, ikkinchi) umumiy asoslarda belgilanadi. 8-bandda koʻrsatilgan kasalliklar holatida birinchi va ikkinchi guruh nogironlik ikki yil mobaynida nogiron TMEK tomonidan kuzatilgandan keyin belgilanadi.
(izoh Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 1-iyuldagi 195-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 27-son, 283-modda)
IV. Quloq, tomoq va burun kasalliklari
1. Bolalikdan kar-soqovlik va karlik.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 11-noyabrdagi 250-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 44-45-son, 387-modda)
V. Koʻz shikastlanishi va kasalligi
1. Har ikki koʻzning toʻliq koʻrligi, har ikki koʻzning koʻrish oʻtkirligi pasayishi va eng yaxshi koʻradigan koʻzda 0,03 gacha korreksiya yoki barqaror va tiklab boʻlmaydigan oʻzgarishlar natijasida har ikki koʻzning koʻrish maydoni 10 gradusgacha konsentrik torayishi.
2. Bir koʻzning toʻliq koʻrmasligi, korregirlash mumkin boʻlmaganda bir koʻzning koʻrish oʻtkirligi 0,02 gacha pasayishi yoki koʻrish maydonining 5 gradusgacha torayishi.
Agar ushbu Roʻyxatga muvofiq belgilangan, qayta tibbiy tekshirishdan oʻtkazish muddati koʻrsatilmagan nogironlik guruhi qoʻshilgan boshqa kasalliklar munosabati bilan oshsa, qayta tibbiy tekshirishdan oʻtish Fuqarolarni TMEKda tibbiy tekshirishdan oʻtkazish va nogironlikni belgilash tartibi toʻgʻrisidagi Nizomda belgilangan muddatga tayinlanadi.
VI. Nogironlik guruhi muddatsiz belgilanadi
1. 60 yoshdan katta nogiron erkaklarga va 55 yoshdan katta nogiron ayollarga.
2. Keyingi 5 yil va undan ortiq yil mobaynida nogironlikning I yoki II guruhi belgilangan, 5 yil mobaynida DPMda toʻliq dispanser koʻrigidan oʻtgan, reabilitatsiya dasturlari bajarilgan, shuningdek reabilitatsiyaning barcha turlari istiqbolsiz boʻlgan, tiklab boʻlmaydigan anatomik-funksional buzilishlar yoki zoʻrayuvchi kasalliklarga duchor boʻlgan nogironlarga.
Koʻrsatib oʻtilgan talablardan hech boʻlmasa biri bajarilmaganda, shu jumladan bemor reabilitatsiya, davolash yoki operatsiyani, oʻqishni rad etgan taqdirda nogironlik guruhi muddatsiz belgilanmaydi.
3. Oxirgi 7 yil mobaynida nogironlik guruhi oʻzgarmagan va koʻrsatib oʻtilgan davr mobaynida davolash-profilaktika muassasalarida toʻlaqonli dispanserizatsiyadan oʻtgan, reabilitatsiya qilish individual dasturining barcha bandlari bajarilgan hamda keyingi reabilitatsiya tadbirlarining barcha turlarining oʻtkazilishi istiqbolsiz boʻlgan III guruh nogironlariga.
Koʻrsatib oʻtilgan talablardan hatto birortasi bajarilmagan taqdirda ham muddatsiz nogironlik belgilanmaydi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 11-noyabrdagi 250-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 44-45-son, 387-modda)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 33-son, 314-modda; 2010-y., 35-36-son, 305-modda., 44-45-son, 387-modda; 2011-y., 27-son, 283-modda; 2016-y., 17-son, 176-modda; 2017-y., 15-son, 249-modda, 37-son, 997-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.06.2018-y., 09/18/396/1287-son)