Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
SUGʻURTA XIZMATLARI BOZORINI YANADA ISLOH QILISH VA RIVOJLANTIRISHGA OID QOʻSHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Sugʻurta faoliyatini yanada takomillashtirish, sugʻurtalovchilarning kapitallashuvi va moliyaviy barqarorligini oshirish, ularning hududiy tarmoqlarini kengaytirish va sugʻurta kompaniyalarining investitsion jarayonlardagi ishtirokini ragʻbatlantirish, shuningdek, sugʻurta xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlarini samarali himoya qilishni taʼminlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligining 2010-yilning 1-yanvaridan boshlab quyidagi sohalarda faoliyatni amalga oshiradigan sugʻurtalovchilar uchun ustav kapitalining eng kam miqdorlarini belgilash toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin:
umumiy sugʻurta sohasida — 750 ming yevroga ekvivalent summada;
hayotni sugʻurta qilish sohasida — 1000 ming yevroga ekvivalent summada;
majburiy sugʻurta boʻyicha — 1500 ming yevroga ekvivalent summada;
faqat qayta sugʻurta qilish boʻyicha — 4000 ming yevroga ekvivalent summada.
Faoliyat koʻrsatayotgan sugʻurta kompaniyalari (sugʻurtalovchilar) 2010-yilning 1-yanvarigacha boʻlgan muddatda ustav kapitali miqdorlarini yuqorida koʻrsatilgan talablarga muvofiqlashtirilishini taʼminlasin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Adliya vazirligi Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda 2010-yilning 1-yanvaridan boshlab mazkur qarorning 1-bandi talablariga javob bermaydigan sugʻurtalovchilarning litsenziyalari amal qilishini belgilangan tartibda toʻxtatib turish va tugatish boʻyicha choralar koʻrsin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Shunday tartib belgilansinki, unga koʻra:
Oldingi tahrirga qarang.
sugʻurtalovchilar qimmatli qogʻozlar bozorida investitsion vositachi sifatida professional faoliyatni amalga oshirish huquqiga ega. Bunda sugʻurtalovchilar tomonidan qimmatli qogʻozlar bozorida kasb faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya olishi talab qilinmaydi;
(3-bandning ikkinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 24-oktabrdagi PF-4045-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2008-y., 44-45-son, 440-modda)
sugʻurtalovchilar va sugʻurta brokerlarining rahbarlari va bosh buxgalterlari lavozimlariga tavsiya etilayotgan nomzodlar, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlangan Sugʻurtalovchining ijro etuvchi organi rahbari va bosh buxgalteriga qoʻyiladigan malaka talablari toʻgʻrisidagi Nizomda belgilangan malaka talablariga mos kelgan taqdirda tayinlanadi (saylanadi);
Keyingi tahrirga qarang.
sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini, oʻrnatilgan iqtisodiy normativlarni, shu jumladan, toʻlov qobiliyati normativlarini sugʻurtalovchilar tomonidan buzilganligi uchun sugʻurta faoliyatini tartibga solish va nazorat qilishni amalga oshiruvchi maxsus vakolatli davlat organining qarori asosida ularga sugʻurtalovchi uchun belgilangan eng kam ustav kapitalining 0,1 foizi miqdorigacha jarima belgilangan tartibda solinadi va jarima summasi respublika budjetiga oʻtkaziladi.
4. 2008-yilning 1-iyunidan boshlab uch yil muddatga:
yuridik va jismoniy shaxslarning sugʻurtalovchilar aksiyalari boʻyicha dividendlar koʻrinishida olingan daromadlari yuridik shaxslarning foyda soligʻi va jismoniy shaxslarning daromad soligʻini toʻlashdan ozod qilinsin;
sugʻurtalovchilarning dividendlar va foizlar koʻrinishida olingan daromadlari yuridik shaxslarning foyda soligʻini toʻlashdan ozod qilinsin va soliqdan boʻshagan mablagʻlar respublika hududlarida, birinchi navbatda, qishloq joylarida hududiy boʻlinmalarni, keng tarmoqli agentlik tizimini tashkil qilish, shuningdek, ularning moddiy-texnik bazasini rivojlantirishga maqsadli yoʻnaltirilsin.
5.Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi bir oy muddatda quyidagilarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin:
mazkur qaror bilan berilgan soliq imtiyozlarini qoʻllash tartibi toʻgʻrisida nizom;
Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi bilan birgalikda sugʻurtalovchilarga sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganligi uchun qoʻllaniladigan jarima sanksiyalari toʻgʻrisida nizom.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
Vazirlar Mahkamasiga qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin;
vazirlik va idoralarning meʼyoriy hujjatlarini mazkur qarorga muvofiqlashtirilishini taʼminlasin.
7. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 21-may,
PQ-872-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 20-21-son, 172-modda, 44-45-son, 440-modda; 2011-y., 22-23-son, 230-modda; 2011-y., 22-23-son, 230-modda; 04.03.2024-y., 07/24/108/0171-son)