Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Quvayt Davlati Hukumati oʻrtasida
Bitim
SAVDO, IQTISODIY, ILMIY VA TEXNIKAVIY HAMKORLIK TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Quvayt Davlati Hukumati, bundan keyin “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida tenglik asosida xilma-xil va oʻzaro foydali iqtisodiy munosabatlarni qoʻllab-quvvatlash hamda oʻrnatish istagida,
savdo, ilmiy va texnikaviy hamkorlik ikki davlat va ularning xalqlari oʻrtasida mustahkam, uzoq muddatli hamda oʻzaro ishonchli ikki tomonlama munosabatlar rivojlanishining muhim va zarur tarkibiy qismi ekanligini anglab,
tenglik, oʻzaro hurmat va umumiy foyda tamoyillari asosida oʻrnatilgan munosabatlarni yanada rivojlanishini istab,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz davlatlari oʻrtasida ikki tomonlama savdo, iqtisodiy, ilmiy va texnikaviy hamkorlikni qoʻllab-quvvatlash va mustahkamlash maqsadida barcha tegishli va lozim boʻlgan choralarni koʻradilar.
2-modda
Ushbu Bitimda koʻrsatib oʻtilgan ular uchun manfaatli boʻlgan hamkorlik sohalari, shu jumladan quyidagilarni, ammo cheklanib qolmasdan, qamrab oladi:
1. Ikkala mamlakat oʻrtasida iqtisodiy, moliyaviy, tijorat, bank, sanoat, turizm, xizmatlar koʻrsatish, transport va texnikaviy rivojlanish loyihalarining tuzilishini ragʻbatlantirish;
2. Ikkala Ahdlashuvchi Tomon oʻrtasida ikki tomonlama savdoni qoʻllab-quvvatlash;
3. Maxsus hamkorlik dasturlari maqsadlarida mutaxassislar almashuvi va ularni tayyorlashni ragʻbatlantirish;
4. Atrof-muhitni himoya qilish va yaxshilash;
5. Oʻzaro investitsiyalarni ragʻbatlantirish, yengillashtirish va qoʻllab-quvvatlash.
3-modda
Zarur hollarda ikkala Ahdlashuvchi Tomon va ularning tegishli muassasalari, tashkilotlari hamda yuridik shaxslari ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish va chuqurlashtirish maqsadlarida ular oʻrtasida kelishib olinishi mumkin boʻlgan, yuqorida taʼkidlab oʻtilgan hamkorlikning turli sohalari va boshqa maxsus loyihalariga taalluqli ushbu Bitim qoidalari asosida alohida bitim yoki shartnomalarni tuzishlari mumkin.
4-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzlarining milliy qonunchiligiga muvofiq ushbu Bitim doirasida tuzilgan shartnomalarni ijro etish uchun lozim boʻlgan eksport va import litsenziyalari berilishini yengillashtiradilar.
5-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzlarining milliy qonunchiligiga muvofiq quyidagi tovarlarning import va eksportini bojxona bojlari va soliqlardan ozod qiladilar:
a) buyurtmalarni roʻyxatdan oʻtkazish va reklama maqsadlarida mahsulot namunalari va axborot materiallari;
b) keyinchalik sotilmasligi sharti bilan doimiy va vaqtinchalik koʻrgazmalar hamda yarmarkalar uchun moʻljallangan tovarlar.
6-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar 15-moddaga muvofiq tuzilgan Hukumatlararo Komissiya belgilaydigan hamda kelishilgan sohalarda savdo, iqtisodiy, ilmiy va texnikaviy hamkorlikni ragʻbatlantiradilar.
7-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzlarining xoʻjalik yurituvchi subyektlari, shu jumladan yuridik va jismoniy shaxslari oʻrtasida savdo, iqtisodiy, ilmiy va texnikaviy hamkorlikni kengaytiradilar.
8-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar ikki tomonlama savdo-iqtisodiy munosabatlarning rivojlanishi uchun qulay sharoitlar yaratilishini eʼtiborga olib, oʻzlarining tijorat banklari oʻrtasidagi hamkorlikni qoʻllab-quvvatlashga kelishib oldilar.
9-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik, mulkchilik va tadbirkorlikning hamkorlik shakllaridan qatʼi nazar, ularning xoʻjalik yurituvchi subyektlari oʻrtasida asosan shartnomalar tuzish orqali ikkala Ahdlashuvchi Tomon davlatlarining milliy qonunchiligiga hamda xalqaro savdo amaliyoti meʼyorlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Ahdlashuvchi Tomonlar ularning xoʻjalik yurituvchi subyektlari tomonidan imzolangan shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlar boʻyicha javobgar boʻlmaydilar.
10-modda
Har bir Ahdlashuvchi Tomon amaldagi milliy qonunchiligi hamda oʻz davlatlarining xalqaro bitimlariga muvofiq oʻz davlati hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomon xoʻjalik yurituvchi subyektlarining huquq va qonuniy manfaatlarining teng huquqiy, shu jumladan sud himoyasini taʼminlaydi.
11-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzlarining amaldagi tegishli qonunlariga muvofiq oʻz davlatlari oʻrtasidagi investitsiya hamda kapital, tovar va xizmatlar oqimini ragʻbatlantiradilar.
12-modda
Tovarlarni yetkazib berish va xizmat koʻrsatish boʻyicha barcha toʻlovlar erkin muomaladagi valyutada yoki Ahdlashuvchi Tomon davlatlarida xorijiy valyutani almashtirish qoidalariga muvofiq shartnoma tomonlarining oʻzaro kelishuviga koʻra har qanday boshqa valyutada amalga oshiriladi.
13-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz davlatlari hududida savdo yarmarkalari, koʻrgazmalar, texnikaviy, ilmiy va iqtisodiy seminarlarni tashkillashtirish, axborot almashinuvi, delegatsiyalar tashriflarini qoʻllab-quvvatlaydilar.
14-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzlarining milliy qonunchiligiga muvofiq ikki tomonlama tovar va xizmatlar almashinuvini yengillashtirish maqsadida bir-birlarining tadqiqot ishlari natijalari hamda sertifikatlarni tan olinishi uchun tegishli choralarni koʻradilar.
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzlarining tegishli milliy qonunchiligiga muvofiq standartlashtirish, oʻlchov va sifat (mahsulot sifatini tahlil qilish va tasdiqlash) muassasalari oʻrtasidagi hamkorlikni ragʻbatlantiradilar.
15-modda
1. Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Bitimni bajarish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi bilan Quvayt Davlati oʻrtasida savdo, iqtisodiy, ilmiy va texnikaviy hamkorlik boʻyicha Hukumatlararo Komissiyani taʼsis etadilar.
2. Hukumatlararo Komissiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
— Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlari oʻrtasida savdo, iqtisodiy, ilmiy va texnikaviy hamkorlikni ragʻbatlantirish va muvofiqlashtirish;
— ikki davlat oʻrtasida iqtisodiy hamkorlik va savdo sohasida tuzilgan bitimlarning amalga oshirilishini baholash;
— savdo va iqtisodiy hamkorlikni kelgusida rivojlantirishga yoʻnaltirilgan taklif va tavsiyalarni tayyorlash hamda koʻrib chiqish;
— ushbu Bitimni talqin qilish va qoʻllashda yuzaga keladigan bahsli masalalarni hal qilish.
3. Hukumatlararo Komissiya Ahdlashuvchi Tomonlarning vakillaridan tashkil topadi va navbatma-navbat Oʻzbekiston Respublikasi hamda Quvayt Davlatida oʻz majlislarini oʻtkazadi.
4. Hukumatlararo Komissiya ushbu Bitim maqsadlariga muvofiq oʻz qoidalari va faoliyat dasturini belgilaydi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi bilan Quvayt Davlati Moliya vazirligi Hukumatlararo Komissiyada raislik qiladilar.
6. Ikkala Ahdlashuvchi Tomonning xoʻjalik yurituvchi subyektlari vakillari zarur hollarda Hukumatlararo Komissiya faoliyatida ishtirok etadilar.
16-modda
Ushbu Bitim doirasida Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi hamkorlik Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlarining amaldagi qonun va qoidalariga muvofiq tartibga solinadi.
17-modda
Ushbu Bitimni talqin qilish va qoʻllash bilan bogʻliq boʻlgan Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi har qanday bahs sababsiz kechiktirishlarsiz doʻstona maslahatlashuvlar va muzokaralar orqali hal etiladi.
18-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Bitimga oʻzaro kelishuvga koʻra oʻzgartish va toʻldirishlar kiritishlari mumkin. Mazkur oʻzgartish va toʻldirishlar ushbu Bitimning 19-moddasiga muvofiq kuchga kiradi.
19-modda
Har bir Ahdlashuvchi Tomon diplomatik kanallar orqali boshqa Ahdlashuvchi Tomonni uning hududida ushbu Bitimning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan konstitutsiyaviy rasmiyatchiliklar bajarilganligi toʻgʻrisida yozma ravishda xabardor etadi. Ushbu Bitim ikkala xabarnomaning soʻnggisi olingan kuni kuchga kiradi.
Ushbu Bitim 5 yil davomida amal qiladi va bu muddat tutagach, Ahdlashuvchi Tomonlardan biri ushbu Bitimning amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisidagi niyati haqida har qanday bunday muddat tugagunga qadar kamida 6 oy ilgari diplomatik kanallar orqali boshqa Ahdlashuvchi Tomonni yozma xabardor etmagan boʻlsa, u oʻz-oʻzidan navbatdagi 5 yillik muddatga uzayaveradi.
Ushbu Bitim qoidalari uning bekor qilinguniga qadar tuzilgan va amalda boʻlgan shartnomalarga nisbatan qoʻllanishda davom etadi.
Ushbuni tasdiqlagan holda, quyida imzo chekuvchilar, tegishli tarzda oʻz hukumatlari tomonidan vakolatlanganlar, mazkur Bitimni imzoladilar.
Al-Quvayt shahrida 2004-yil 19-yanvarda, xijriy 1424 yil 27 zulqidada, ikki nusxada, oʻzbek, arab va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Kelishmovchiliklar yuzaga kelgan hollarda ingliz tilidagi matn asosiy hisoblanadi.
(imzolar)
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2004-y., 3-4-son)