OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA OʻRTA MAXSUS TAʼLIM VAZIRINING
BUYRUGʻI
MAGISTRATURA TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2008-yil 4-fevralda 1765-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining 2012-yil 29-oktabrdagi 418-sonli “Magistratura toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2405, 18.12.2012-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim tizimida magistratura faoliyatini yanada takomillashtirish, uning samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2007-yil 10-sentabrdagi 190-son qarori ijrosini taʼminlash hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Vazirliklar davlat qoʻmitalari va idoralar meʼyoriy hujjatlarining qonuniyligini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1997-yil 9-oktabrdagi 469-son qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Magistratura toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgandan oʻn kundan soʻng kuchga kiradi.
3. Oliy taʼlim muassasalari bosh boshqarmasi Oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimini rivojlantirish markazi bilan birgalikda Nizom Adliya vazirligi tomonidan davlat roʻyxatiga olingandan soʻng bir oy muddatda mazkur normativ-huquqiy hujjatni amalga oshirish boʻyicha oliy taʼlim muassasalarida seminar oʻtkazsin.
4. Mazkur buyruq kuchga kirgan kundan boshlab Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining 1998-yil 30-oktabrdagi 305-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan “Magistratura toʻgʻrisida”gi nizom bekor qilinadi.
5. Ushbu buyruqning bajarilishi nazoratini oʻz zimmamda qoldiraman.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A. PARPIYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 29-dekabr,
269-son
Magistratura toʻgʻrisida
NIZOM
Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 29-avgustdagi Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Kadrlar tayyorlash milliy dasturi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 10-sentabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimida magistratura faoliyatini yanada takomillashtirish, uning samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 190-son qaroriga muvofiq magistratura faoliyatini tubdan takomillashtirish va uning samaradorligini oshirish hamda kadrlar tayyorlash sifati va raqobatbardoshliligini kuchaytirish, xalqaro taʼlim standartlari darajasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashni taʼminlash, qonun hujjatlari va davlat taʼlim standartlariga muvofiq oliy taʼlim muassasalarida magistrlar tayyorlash tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Magistratura aniq mutaxassislik boʻyicha fundamental va amaliy bilim beradigan, bakalavriat negizida kamida ikki yil davom etadigan oliy taʼlimdir.
Magistratura taʼlim dasturini tugatgan bitiruvchilarga yakuniy davlat attestatsiyasi natijalariga koʻra taʼlim yoʻnalishining aniq mutaxassisligi boʻyicha “magistr” akademik darajasi toʻgʻrisidagi davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi diplom beriladi.
2. Tegishli mutaxassisliklar boʻyicha magistrlarni tayyorlash kadrlar buyurtmachilarining takliflari asosida, davlat akkreditatsiyasidan oʻtgan oliy taʼlim muassasalarida amalga oshiriladi.
3. Oliy taʼlim muassasasiga yangi mutaxassisliklar boʻyicha magistrlar tayyorlash huquqi belgilangan tartibda oliy taʼlim muassasasining soʻrovnomasi, tasarrufida oliy taʼlim muassasalari mavjud boʻlgan vazirlik va idoralarning takliflari, Oliy taʼlimning Davlat taʼlim standartiga (bundan keyin matnda Davlat taʼlim standarti deb yuritiladi) muvofiq ishlab chiqilgan va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi (bundan keyin matnda Davlat test markazi deb yuritiladi) tomonidan ekspertizadan oʻtgan oʻquv rejalari va dasturlari asosida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Davlat test markazi tavsiyasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan kvotalar asosida beriladi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining 2010-yil 22-sentabrdagi 363-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 1765-1, 30.09.2010-y.) tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 40-41-son, 347-modda)
4. Magistr:
tanlangan mutaxassislik boʻyicha mustaqil ilmiy-tadqiqot, ilmiy-pedagogik va kasbga doir faoliyatini yuritish;
tayyorgarligiga muvofiq mutaxassislik boʻyicha oliy taʼlimdan keyin aspiranturada tahsil olish;
kadrlarni qayta tayyorlash va ular malakasini oshirish tizimida qoʻshimcha kasb taʼlimi olish uchun tayyorlanadi.
5. Oliy taʼlim muassasalari barcha boʻlinmalarining magistrlar tayyorlash boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish magistratura boʻlimi tomonidan kafedralar va dekanatlar bilan birga amalga oshiriladi.
6. Magistrlarning ilmiy faoliyati bilan bogʻliq izlanish natijalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan tan olingan nashrlarda va oliy taʼlim muassasalari nashrlarida chop etilishi mumkin.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining 2010-yil 22-sentabrdagi 363-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 1765-1, 30.09.2010-y.) tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 40-41-son, 347-modda)
II. Magistraturaga qabul qilish
7. Magistraturaga qabul qilish Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 18-iyundagi 118-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 24-25-son, 195-modda) bilan tasdiqlangan Oliy taʼlim muassasalarining magistraturasiga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining 2010-yil 22-sentabrdagi 363-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 1765-1, 30.09.2010-y.) tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 40-41-son, 347-modda)
8. Magistraturaga kirish imtihonlari har bir oliy taʼlim muassasasi boʻyicha magistrlik mutaxassisligi, oʻqitish tili va shakliga koʻra alohida oʻtkaziladi.
9. Tayanch oliy taʼlim muassasalari qoshida magistratura mutaxassisliklari boʻyicha oliy taʼlim muassasalari takliflari asosida maqsadli magistrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi.
10. Magistraturaga qabul qilish davlat grantlari va toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
11. Magistraturada mutaxassisliklar boʻyicha ikkinchi va undan keyingi oliy maʼlumot toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
12. Magistraturaga xorijiy fuqarolarni qabul qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 4-avgustdagi 169-son “Xorijiy fuqarolarni Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish va oʻqitish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 31-32-son, 304-modda) hamda Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari asosida amalga oshiriladi.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining 2010-yil 22-sentabrdagi 363-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 1765-1, 30.09.2010-y.) tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 40-41-son, 347-modda)
III. Magistrning tayyorgarligiga qoʻyiladigan umumiy talablar
13. Magistr oʻz mutaxassisligi boʻyicha ilmiy-tadqiqotlarni bajara olishi, ilmiy ijod uslubiyotini bilishi, zamonaviy axborot texnologiyasi asosida ilmiy maʼlumotlar yigʻa olishi, ulardan foydalanish va saqlash usullarini bilishi hamda ilmiy-faoliyat va mustaqil amaliy faoliyatga tayyor boʻlishi lozim.
14. Mutaxassislik doirasida magistr:
bilimlarni umumlashtirish, xulosalar chiqarish va uni boshqalarga oʻrgatish;
jarayon va texnologiyalarni tahlil qilish va xulosalar chiqarish;
zamonaviy, raqobatbardosh tadqiqot uslubiyotlarini ishlab chiqish va ularni amalga oshirish;
bozor munosabatlari sharoitida, iqtisodiyotning rivojlanish tendensiyalaridan kelib chiqqan holda ilmiy muassasa, konstruktorlik byurosi, ishlab chiqarish korxonalari boʻlimlari va boshqa tashkilot, muassasalar ishini tashkil etish, muammosini hal etish, ilmiy tadqiqot, izlanish natijalarini amaliyotga tatbiq etish, zamonaviy laboratoriya va texnik jihozlardan foydalanish va boshqarish qobiliyatiga ega boʻlishi kerak.
15. Magistr oʻzining mutaxassisligi, ilmiy-faoliyat va ilmiy-pedagogik tayyorgarligiga muvofiq kasbiy faoliyatining:
loyiha-konstruktorlik;
loyiha-texnologik;
ilmiy tadqiqot va tajriba;
ishlab chiqarish boshqaruvi;
ilmiy-pedagogik;
ilmiy-ijodiy turlari, shuningdek, bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga mos boshqa mutaxassisliklari boʻyicha ham shugʻullanishi mumkin.
16. Magistr kasb faoliyatining asosiy sohalariga quyidagilar kiradi:
Ilmiy-tadqiqot muassasalari, loyihalash tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot va ishlab chiqarish korxonalari;
davlat va nodavlat oliy, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim muassasalari;
magistr akademik darajasini talab qiladigan boshqa turdagi faoliyatlar.
17. Bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari negizida mutaxassisliklar boʻyicha magistrlarning tayyorgarlik darajasi va zaruriy bilimlar mazmuniga qoʻyiladigan umumiy talablar Davlat taʼlim standartlariga muvofiq belgilanadi.
IV. Magistratura taʼlim dasturi bloklari mazmuniga qoʻyiladigan talablar
18. Magistraturada oʻquv jarayoni tegishli taʼlim yoʻnalishi (mutaxassisligi) boʻyicha tayanch oliy taʼlim muassasasi tomonidan ishlab chiqilgan, Davlat test markazi tomonidan belgilangan tartibda ekspertizadan oʻtkazilgan hamda Oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi ilmiy-metodik birlashmalari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kengashda muhokama qilinib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan tasdiqlangan mutaxassisliklar boʻyicha Davlat taʼlim standartlari va oʻquv rejalari asosida tashkil etiladi.
19. Magistraturaning taʼlim dasturlari Davlat taʼlim standartida koʻzda tutilgan quyidagi fanlar bloklarini oʻz ichiga oladi:
a) umummetodologik fanlar;
b) mutaxassislik fanlari;
v) ilmiy faoliyat (ilmiy tadqiqot, ilmiy-pedagogik, ilmiy-texnik va ilmiy-ijodiy ishlar).
20. Umummetodologik fanlar blokida:
milliy istiqlol gʻoyasi va gumanitar, texnik va tabiiy fanlarning falsafiy masalalari boʻyicha bilimlar berilishi;
insoniyatning global muammolari, maʼnaviy hayot, shaxs va jamiyat ehtiyojlari, taʼlimning insonparvarlik ruhi, zamonaviy tsivilizatsiya va uning taraqqiyot yoʻnalishlari, axborot tizimlari va bilimlarni taqdim qilish usullari toʻgʻrisidagi tasavvurlar shakllantirilishi;
ilmiy va ilmiy-texnik axborot bilan ishlash koʻnikma va malakalarini shakllantirishi;
ilmiy ijodiyot metodologiyasi, bilishning umumiy usullari, empirik va nazariy tadqiqot usullari, qonunlar va qoidalar mantigʻi, asoslash va inkor qilish yoʻllariga doir bilimlar, shuningdek, taʼlimda pedagogik texnologiyalar, menejment va iqtisodiyot asoslari haqidagi bilimlar berilishi taʼminlanishi zarur.
21. Mutaxassislik fanlari blokida:
muayyan mutaxassislik boʻyicha nazariy va amaliy bilimlar, oʻquv va koʻnikmalar, oʻqitiladigan fanlar tarkibi, ularning mazmun-mohiyatiga qoʻyiladigan talablarni kadrlar buyurtmachilari bilan kelishgan holda shakllantirilishi;
mutaxassislik boʻyicha bilimlar bazasini yaratish, jamlash, mustahkamlash va ulardan foydalanish koʻnikmalari rivojlantirilishi;
magistratura mutaxassisligi boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish, kasb faoliyatining koʻzlangan natijalariga erishishda jarayonlarni modellashtirish va tizimli yondashish borasidagi ilmiy bilimlar, amaliy mahorat va koʻnikmalar taʼminlanishi kerak.
22. Ilmiy faoliyat blokida ilmiy tadqiqotlar metodologiyasini oʻzlashtirish, talabalar tomonidan ixtisoslashgan ilmiy va taʼlim muassasalarida muayyan ilmiy-tadqiqot, ilmiy-pedagogik ishlarni bajarish va magistrlik dissertatsiyalarini tayyorlash nazarda tutiladi.
23. Ilmiy-tadqiqot ishlari:
mustaqil tadqiqotchilik faoliyatining amaliy koʻnikmalarini hosil qilish;
axborot texnologiyalarining zamonaviy vositalaridan foydalanib ilmiy-tadqiqotlar oʻtkazish, tadqiqotlar natijalarini tahlil qilish va aks ettirish, ilmiy maqolalar tayyorlashga doir bilimlar va koʻnikmalarni shakllantirish;
fan, texnika, ijodiyot va texnologiyalarning eng yangi yutuqlariga asoslangan axborot bazalarini qoʻllay bilish, ulardan magistrlik dissertatsiyasini bajarishda foydalanish koʻnikmasini singdirishga yoʻnaltiriladi.
24. Ilmiy-pedagogik ishlar:
zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalari hamda oʻquv-tarbiya ishlarining interaktiv usullaridan foydalangan holda pedagogik mahorat va koʻnikmalarini shakllantirish;
oʻquv jarayonini ilmiy-uslubiy jihatdan taʼminlashni tashkil etish malakasi va koʻnikmalarini hosil qilishga yoʻnaltiriladi.
V. Oʻquv jarayonini tashkil etish
25. Magistratura mutaxassisliklari boʻyicha oʻquv jarayonini tashkil etishga quyidagi talablar qoʻyiladi:
ilmiy-tadqiqot mavzularining mutaxassisliklarga mos boʻlishi;
davlat taʼlim standartlari talablari darajasida nazariy taʼlim, laboratoriya mashgʻulotlari, ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish hamda magistrlik dissertatsiyalarini tayyorlash uchun zaruriy oʻquv-uslubiy va moddiy-texnik bazasining mavjudligi;
oliy taʼlim muassasasi, buyurtmachi tashkilotlar, akademik va ilmiy tekshirish institutlari hamda ilmiy markazlarda davlat taʼlim standartlari va oʻquv rejalariga muvofiq malaka amaliyotlarini oʻtkazish uchun oliy taʼlim muassasasi, fakultet va kafedralar bilan korxonalar oʻrtasida tasdiqlangan shartnomalarning mavjudligi;
magistrlar tayyorlash jarayoniga eng yuqori malakali oʻqituvchilar, fan nomzodi va dotsentlar, fan doktori va professorlar shuningdek, davlat va jamiyatni modernizatsiya qilish, bozor iqtisodiyotini rivojlantirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, rivojlantirish va axborotlashtirish sharoitlarida ish tajribasiga ega boʻlgan yuqori malakali amaliyotchilarning jalb etilishi.
26. Magistraturada talabaning shaxsiy ish rejasi asosida taʼlim olishiga ilmiy rahbar masʼul hisoblanadi.
27. Magistratura talabasi semestr davomida ikki marta kafedra yigʻilishida rasmiy hisobot beradi. Talabalar hisobotini eshitish jadvali kafedra mudiri tomonidan ishlab chiqiladi va fakultet dekani (magistratura boʻlimi boshligʻi) tomonidan tasdiqlanadi.
Kafedra mudiri talabalarning fanlarni oʻzlashtirishi, ilmiy ishlari holati boʻyicha har semestrda bir marta fakultet ilmiy kengashi (magistratura boʻlimi)ga hisobot beradi.
Talaba ilmiy rahbar ishtirokida semestrlar yakunida fakultet ilmiy kengashi (magistratura boʻlimi)ga magistrlik dissertatsiyasining bajarilish holati, ilmiy, uslubiy maqolalar tayyorlanishi, oʻtkazilgan ijodiy ishlar koʻrigi haqida yozma hisobot taqdim etadi.
28. Magistraturada barcha turdagi auditoriya va auditoriyadan tashqari oʻquv ishlarini oʻz ichiga olgan oʻquv yuklamasining eng yuqori hajmi haftasiga 54 soatga teng boʻlishi lozim. Kunduzgi oʻquv shakli uchun auditoriya mashgʻulotlari va ilmiy faoliyatning eng yuqori hajmi haftasiga 36 soat qilib belgilanadi. Oʻqishning normativ muddati ikki yil boʻlgan taqdirda oʻquv jarayoni 100 hafta davom etishi zarur.
Ayrim sohalar uchun kadrlar tayyorlash va oʻqitish jarayonining oʻziga xos xususiyatlari, magistraturada tahsil olish muddatlarini (3 yil) inobatga olib, oʻquv davrining umumiy hajmini nazariy taʼlim, attestatsiya, amaliyot, taʼtil va ilmiy faoliyat taqsimotiga Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishilgan holda oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
29. Talabaning umumiy haftalik yuklamasi 54 soat boʻlgan holda auditoriya oʻquv yuklama soatlari hajmi 18—20 soatdan oshmasligi lozim. Qolgan vaqt talabalarning mustaqil ishlari, ilmiy-tadqiqot, ilmiy-pedagogik va magistrlik dissertatsiyalarini tayyorlashga ajratiladi.
Qayd etilgan ishlar kafedraning doimiy nazorati ostida tashkil etiladi, kalendar-tematik rejalar va qayd etish jurnallari yuritiladi.
30. Oʻquv davri umumiy hajmining nazariy taʼlim, amaliy mashgʻulot, ilmiy faoliyat, malakaviy amaliyot, yakuniy davlat attestatsiyasi va taʼtillar boʻyicha taqsimoti mazkur Nizomning ilovasida keltirilgan jadval boʻyicha amalga oshiriladi.
31. Talabalar oʻzlashtirishi reyting tizimiga asosan baholanadi.
32. Oʻqish davrida talaba magistratura mutaxassisliklarining oʻquv rejalarida belgilangan yakuniy davlat attestatsiya sinovlarini topshiradi hamda magistrlik dissertatsiyasini tayyorlaydi.
Yakuniy davlat attestatsiyasi tegishli fanlar boʻyicha oʻquv jarayoni tugagan semestrda yoki taʼlim dasturi yakunida topshiriladi.
(32-band Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining 2010-yil 22-sentabrdagi 363-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 1765-1, 30.09.2010-y.) tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 40-41-son, 347-modda)
33. Talabalarning mustaqil ishi oʻquv rejasidagi muayyan fanni oʻzlashtirish uchun belgilangan oʻquv ishlarining ajralmas qismi boʻlib, bilimlarni mustaqil oʻzlashtirish koʻnikmalarini shakllashtirish, zamonaviy axborot manbalaridan samarali foydalanishga yoʻnaltiriladi.
34. Talabaning mustaqil ishi ham barcha oʻquv faoliyati turlaridek, reyting tizimi asosida baholanadi.
VI. Talabalarning huquq va majburiyatlari
35. Magistratura talabalari quyidagi huquqlarga ega:
fan, texnika va madaniyatning zamonaviy taraqqiyoti darajasiga mos keluvchi bilimlarni olish;
oliy taʼlim muassasasining muhim masalalarini muhokama etish va hal qilishda bevosita ishtirok etish;
kutubxonadan, axborot resurslari, oʻquv, ilmiy, tibbiy va boshqa turdagi xizmatlardan oliy taʼlim muassasasining ustavida belgilangan tartibda bepul foydalanish;
ilmiy-tadqiqot ishlarida, konferensiya va simpoziumlarda ishtirok etish;
oʻz ishlarini nashrga taqdim qilish;
oliy taʼlim muassasasi maʼmuriyatining qarorlari ustidan shikoyat qilish;
talabalar uchun belgilangan tartib va miqdordagi stipendiya, shuningdek Davlat stipediyalari hamda oʻqishga yoʻllagan yuridik va jismoniy shaxslar tayinlagan stipendiyalarni olish.
36. Talabalarning majburiyatlari:
oliy taʼlimning taʼlim dasturlari va oʻquv rejasida nazarda tutilgan bilimlarni egallash;
oʻquv rejasida nazarda tutilgan topshiriqlarning barcha turlarini belgilangan muddatda bajarish;
oliy taʼlim muassasasining Ustavi, ichki tartib qoidalari va talabalar turar joylari qoidalariga rioya etish.
VII. Amaliyotlar
37. Ilmiy pedagogik va kasbiy amaliyotlar oliy taʼlim muassasasi, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi, buyurtmachi tashkilot va muassasalar ilmiy-tadqiqot institutlari, ilmiy markazlari, laboratoriyalari va boʻlinmalarida nazariy bilimlarni mustahkamlash maqsadida oʻtkaziladi.
Amaliyotlar ikki tomonlama yoki boshqa kelishuvlar asosida oʻtkazilishi ham mumkin.
38. Ilmiy-tadqiqot amaliyoti:
magistratura mutaxassisligi boʻyicha namunaviy modellar, obyekt va jarayonlarni tadqiq qilish usullarini oʻrganish;
tajriba tadqiqotlarining ilmiy-texnik taʼminotini oʻrganish;
tajriba tadqiqotlarini oʻtkazish;
tajriba tadqiqotlari natijalarini qayta ishlash, tahlil qilish, xulosa va tavsiyalar tuzish koʻnikmalarini shakllantirishga yoʻnaltirilgan boʻladi.
39. Ilmiy-texnika va ilmiy-ijodiy amaliyoti:
ixtisoslik mavzusi boʻyicha masalalar holatini koʻrish, tahlil qilish va jamlashga doir tadqiqotlarni oʻtkazish;
echilayotgan mavzu boʻyicha ilmiy-ijodiy, ilmiy-texnik, texnik-iqtisodiy va boshqa talablarni shakllantirish;
mavzu boʻyicha muqobil texnik yechimlarni koʻrib chiqish va eng samaraligini tanlash;
samarali texnik va ijodiy yechimning patent (mualliflik)ga loyiqligi va patent (mualliflik) sofligini tadqiq qilish;
eng samarali muqobil hisob, konstruktorlik, texnologik va texnik-iqtisodiy, ijodiy yechimlarni hal etish koʻnikmalarini shakllantirishni nazarda tutadi.
40. Ilmiy-pedagogik amaliyot:
ixtisoslik fanlari boʻyicha turli mashgʻulotlar (maʼruza, seminar, amaliy ish, laboratoriya ishi va boshqa ilmiy izlanishlar)ni oʻtkazish boʻyicha tajriba orttirish;
mashgʻulotlar oʻtkazish va maʼruzalar matnlarini tayyorlash;
yangi pedagogik va axborot texnologiyalarini oʻrganish va qoʻllash;
talabalar bilimlarini reyting baholash tizimini oʻrganish va amalda qoʻllash;
talabalar mustaqil bilim olishining tashkiliy va oʻquv-uslubiy taʼminotini oʻrganish va amalda qoʻllash;
uslubiy koʻrsatmalar ishlab chiqish;
tarbiyaviy ishlarni olib borish koʻnikmalarini shakllantirishga yoʻnaltirilgan boʻladi.
41. Kasbiy amaliyot:
tegishli soha ilmiy-amaliy muammolarini va istiqbol rivojlanishini tushunish, ilmiy-texnik rivojlanish zamonida oʻz sohasining oʻrni va ahamiyati, mutaxassisligini boshqa sohalar bilan hamkorligini nazarda tutish;
mutaxassisligi boʻyicha tegishli meʼyorlar va rasmiy hujjatlarni bilish va ularga asosan oʻz faoliyatini tashkil etish;
nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlash;
soha boʻyicha ilm-fan yutuqlarini bilish, ilmiy-tadqiqot natijalarini amaliyotga tatbiq etish va qoʻllash koʻnikmalarini shakllantirishga yoʻnaltirilgan boʻladi.
42. Talabalar amaliyotini oʻtkazilishini nazorat etish uchun oliy taʼlim muassasasida amaliyot rahbari tayinlanadi. Amaliyot rahbari kafedra yigʻilishida har hafta amaliyotning oʻtishi haqida hisobot berib boradi. Amaliyot tugagandan soʻng har bir talaba amaliyot kundaligi va amaliyot boʻyicha hisobotni belgilangan tartibda kafedraga topshiradi.
VIII. Magistrlik dissertatsiyasi
43. Magistrlik dissertatsiyasi (bundan keyin matnda dissertatsiya ishi deb yuritiladi) magistraturada taʼlim olayotgan talabaning yakunlovchi ishi hisoblanadi. Dissertatsiya ishi talabaning oʻqish davrida egallagan nazariy va amaliy bilimlari asosida bajargan ilmiy tadqiqot ishlarining natijasidir.
44. Dissertatsiya ishi mavzulari talabalarga birinchi oʻquv yilining ikkinchi semestri (ikkinchi yarmi) boshlangandan keyin ikki hafta davomida taqdim etiladi.
45. Dissertatsiya ishi mavzusi ishlab chiqarish, taʼlim, iqtisodiyot, fan-texnika, ijtimoiy sohalardagi ilgʻor va dolzarb masalalarga bagʻishlanib, muayyan bir vazifaning ilmiy asoslangan yechimini topishga, tavsiyalar ishlab chiqishga, statistik maʼlumotlar tahliliga qaratilgan boʻlishi shart.
46. Kafedra taqdimnomasiga muvofiq dissertatsiya ishi mavzulari va ilmiy rahbarlar oliy oʻquv yurti magistratura boʻlimi tavsiyasi asosida rektorning buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
47. Magistrlik dissertatsiyasini tayyorlash jarayonida talaba:
ilmiy (yoki ilmiy-texnik, ilmiy-ijodiy) izlanishlar olib borishi, kasbiy muammolarni koʻra olishi va ularni echishning umumiy usullari va yoʻllarini oʻrganishi;
oʻquv-tadqiqot davomida olingan axborotlarni matn yoki tasvirlar (chizma, rasm) shaklida mujassamlantira olishi;
tanlangan mavzuning dolzarbligini asoslashi;
soha boʻyicha echilayotgan ilmiy (ijodiy) — texnik masala holatini tahlil qilishi;
ilmiy-texnik, texnik-iqtisodiy va boshqa talablarni shakllantirishi, qoʻyilgan masalani echish uslublarini koʻrib chiqishi va eng samaraligini aniqlashi;
eng samarali muqobil yechimni ilmiy, konstruktorlik, texnologik va texnik-iqtisodiy jihatdan asoslab berishi;
eng samarali muqobil yechimning patentga loyiqligi va patent sofligini tadqiq qilishi;
ilmiy-texnik masala yechimining natijalari boʻyicha xulosalar va takliflarni shakllantirishi hamda iqtisodiyotning tegishli tarmoqlarida qoʻllash imkoniyatlarini aniqlashi lozim.
48. Dissertatsiya ishiga rahbarlik yuqori malakali, fan doktori yoki fan nomzodi ilmiy darajaga ega boʻlgan kafedralarning professor va dotsentlari, shuningdek, davlat va jamiyatni modernizatsiya qilish, bozor iqtisodiyotini rivojlantirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, rivojlantirish va axborotlashtirish sharoitlarida ish tajribasiga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi va tarmoq ilmiy-tadqiqot institutlari ilmiy markazlari olimlari, konstruktorlik byurolari hamda ishlab chiqarishning yuqori malakali amaliyotchi mutaxassislari tomonidan amalga oshiriladi.
49. Bir oʻquv yilida fan doktorlari, professorlarga 5 tagacha, fan nomzodlari, dotsentlar va amaliyotchi mutaxassislarga 3 tagacha magistrlik dissertatsiyalariga rahbarlik qilishga ruxsat etiladi.
50. Dissertatsiya ishi talabaning oʻqigan tilida (kafedra yoki magistratura boʻlimi tavsiyasiga muvofiq xorijiy tillarda ham) yozilishi mumkin. Xorijiy tilda bajarilgan ilmiy ishga davlat tilida annotatsiya ilova etiladi hamda dissertatsiya himoyasi tarjima bilan oʻtkaziladi.
51. Dissertatsiya ishining asl nusxasi himoyadan keyin oliy taʼlim muassasasida saqlanadi.
IX. Magistr tayyorlash sifatini nazorat qilish
52. Magistratura mutaxassisliklari boʻyicha kadrlar tayyorlash sifatini nazorat qilish quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
ichki nazorat — oliy taʼlim muassasasi tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi;
yakuniy davlat nazorati — oliy taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari boʻyicha davlat taʼlim standartlariga muvofiq ravishda oʻquv fanlari boʻyicha davlat attestatsiyasi va dissertatsiya ishi himoyasini oʻz ichiga oladi;
davlat-jamoatchilik nazorati — oliy taʼlimni boshqarish boʻyicha vakolatli davlat organi, jamoat tashkilotlari va kadrlar buyurtmachilari tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi;
tashqi nazorat — Davlat test markazi tomonidan amalga oshiriladi.
X. Yakuniy qoidalar
53. Mazkur Nizomda belgilangan masalalar boʻyicha nizolar qonun hujjatlari asosida hal qilinadi.
54. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Badiiy akademiya, Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” DAK, Davlat soliq qoʻmitasi va Davlat test markazi bilan kelishilgan.
Xalq taʼlimi vaziri T. JOʻRAYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 26-dekabr
Sogʻliqni saqlash vaziri F. NAZIROV
Toshkent sh.,
2007-yil 26-dekabr
Qishloq va suv xoʻjaligi vaziri S. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2007-yil 26-dekabr
Madaniyat va sport ishlari vaziri R. QURBONOV
Toshkent sh.,
2007-yil 26-dekabr
Tashqi ishlar vaziri V. NOROV
Toshkent sh.,
2007-yil 26-dekabr
Oʻzbekiston Badiiy akademiya raisi T. QOʻZIYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 26-dekabr
Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi bosh direktori A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2007-yil 26-dekabr
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” DAK raisi A. RAMATOV
Toshkent sh.,
2007-yil 26-dekabr
Davlat Soliq qoʻmitasi raisi B. PARPIYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 26-dekabr
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi direktori B. ISMAILOV
Toshkent sh.,
2007-yil 26-dekabr
Magistratura toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
Magistrlik dasturining namunaviy tuzilmasi
| Nazariy taʼlim va amaliy mashgʻulot, jumladan joriy, oraliq va yakuniy attestatsiyalar | 38 hafta |
| Ilmiy faoliyat, jumladan: | 35 hafta |
| • ilmiy tadqiqot ishi | 17 hafta |
| • ilmiy-pedagogik ish | 8 hafta |
| • magistrlik dissertatsiyasi ishini tayyorlash | 10 hafta |
| Malakaviy amaliyot | 8 hafta |
| Yakuniy davlat attestatsiyasi | 3 hafta |
| Taʼtillar | 16 hafta |
|
Jami |
100 hafta |
Fanlar bloklari boʻyicha taʼlim dasturining tuzilmasi
| № | Bloklar va faoliyat turlarining nomlari | Umumiy yuklama hajmi, soatda |
| 1. | Umummetodologik fanlar | 756 |
| 2. | Mutaxassislik fanlari | 1296 |
| 3. | Ilmiy faoliyat, jumladan: | 1890 |
| | ilmiy tadqiqot ishi | 918 |
| | ilmiy-pedagogik ish | 432 |
| | magistrlik dissertatsiyasi ishini tayyorlash | 540 |
| 4. | Malakaviy amaliyot | 432 |
| 5. | Yakuniy davlat attestatsiyasi | 162 |
| |
Jami |
4536 |
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 6-7-son, 28-modda; 2010-y., 40-41-son, 347-modda)