Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
PAXTA TOLASINI RESPUBLIKANING IChKI ISTEʼMOLChILARIGA SOTIShNI TAKOMILLAShTIRISh VA TOʻQIMAChILIK SANOATINI RIVOJLANTIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Paxta tolasining yuqori likvidli resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, shuningdek sifatli, eksportga yoʻnaltirilgan, xalqaro standartlarga javob beradigan toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni taʼminlash maqsadida:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Respublikaning paxta tolasini qayta ishlaydigan barcha korxonalari uchun paxta tolasini milliy valyutada toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalar boʻyicha “Oʻzpaxtaeksport” AJ va Oʻzbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasi orqali qonun hujjatlarida nazarda tutilgan shartlarga muvofiq xarid qilishning yagona tartibi oʻrnatilsin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-sentabrdagi PF-5197-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.09.2017-y., 06/17/5197/0045-son)
Keyingi tahrirga qarang.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 25-martdagi 141-sonli qarori 5-bandida nazarda tutilgan, “Oʻzbekyengilsanoat” DAK korxonalariga ichki bozorda yarim tayyor toʻqimachilik mahsulotlarini (kalava, gazmol, trikotaj polotno va paxtani yigirish chiqindilarini) shartnoma tuzish paytida tarkib topgan jahon narxlaridan past boʻlmagan narxlarda erkin muomaladagi valyutaga (qoʻshilgan qiymat soligʻi nulinchi stavka boʻyicha qoʻshib hisoblangan holda) sotib olishga ruxsat berish boʻyicha imtiyozlar muddati 2011-yilning 1-yanvarigacha uzaytirilsin, bunda ushbu yarim tayyor mahsulotlardan ishlab chiqariladigan mahsulotlarning kamida 80 foizi eksportga yoʻnaltirilishi nazarda tutilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Belgilansinki, respublikaning:
umumiy realizatsiya hajmida 80 foiz va undan ortiq foiz tayyor toʻqimachilik mahsulotini;
umumiy realizatsiya hajmida 60 foiz va undan ortiq foiz toʻqimachilik yarim tayyor mahsulotlarini (kalava ip, gazlama, trikotaj polotno) erkin muomaladagi valyutaga sotuvchi toʻqimachilik sanoati korxonalari mol-mulk soligʻi toʻlashdan 2016-yilning 1-yanvarigacha boʻlgan davrga ozod qilinadi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 25-dekabrdagi PQ-2099-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 52-son, 690-modda)
4. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilikka ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartishlar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 21-noyabr,
PQ-733-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 46-47-son, 467-modda; 2013-y., 52-son, 690-modda; 2016-y., 46-son, 527-modda, 47-son, 537-modda, 51-son, 584-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.09.2017-y., 06/17/5197/0045-son, 20.02.2018-y., 06/18/5348/0789-son, 25.05.2018-y., 06/18/5447/1269-son)