Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining
Qarori
“OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING AYRIM QONUN HUJJATLARIGA OʻZGARTIShLAR KIRITISh TOʻGʻRISIDA”GI QONUN LOYIHASINI OLIY MAJLISGA KOʻRIB ChIQISh UChUN TAQDIM ETISh HAQIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi Rais B. Eshonov, sudyalar B. Mirboboyev, Gʻ. Abdumajidov, G. Pirjonov va S. Hakimovalardan iborat tarkibda, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 82-moddasi va “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Qonunning 10-moddasiga amal qilgan holda, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasini Oliy Majlisga koʻrib chiqish uchun taqdim etish haqidagi ishni ochiq sud majlisida koʻrdi.
Ishni koʻrishga Konstitutsiyaviy sud sudyalari B. Mirboboyev, Gʻ. Abdumajidov va G. Pirjonovlarning Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 240-, Fuqarolik protsessual kodeksining 86- va Xoʻjalik protsessual kodeksining 47-moddalaridagi ekspertning xulosa berishdan boʻyin tovlashi uchun javobgarligiga oid qismiga oʻzgartishlar kiritish zarur deb hisoblab “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Qonunning 19-moddasiga muvofiq koʻrsatgan tashabbusi asos boʻldi.
Maʼruzachi sudya Gʻ. Abdumajidovning axborotini, mutaxassislar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Qonunchilik va sud hokimiyati organlari bilan aloqalar boʻyicha ekspertlar guruhining rahbari Y. Nazarov, Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining birinchi oʻrinbosari Gʻ. Rahimov, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudining oʻrinbosari M. Azimov, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Raisining oʻrinbosari, Harbiy hayʼat raisi X. Usmonov, Oʻzbekiston Respublikasi prokuraturasi sudlarda jinoyat ishlarini koʻrishda prokuror vakolatini taʼminlash boshqarmasining boshligʻi A. Solihov, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti direktorining oʻrinbosari M. Gasanov va Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi H. Sulaymonova nomidagi Respublika ilmiy-tadqiqot kriminalistika markazi direktori S. Otaxoʻjayevning fikrlarini eshitib, ish materiallarini tekshirib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi aniqladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29-moddasida har kim fikrlash, soʻz va eʼtiqod erkinligi huquqiga ega ekanligi mustahkamlab qoʻyilgan. Bu qoidaga binoan har qanday shaxs oʻz fikrini bildirishda erkindir. Uni oʻz fikrini bildirishga majburlash mumkin emas.
2. Protsessual qonun hujjatlari sudlov ishlari boʻyicha ekspert ishtirokini nazarda tutadi. Jumladan, ekspert jinoyat, fuqarolik, xoʻjalik hamda maʼmuriy huquqbuzarliklari boʻyicha surishtiruv, dastlabki tergov va sudda koʻrib chiqish jarayonida taklif qilinishi mumkin. Ekspert zimmasiga maxsus bilimlarni talab etadigan masalalar boʻyicha xulosa berish majburiyati yuklatiladi. Sud amaliyotida ekspertning xulosa berishni rad etganligi yoki bu ishdan boʻyin tovlaganligi hollari kam. Bu uchun javobgarlik Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 240-moddasida nazarda tutiladi, shuningdek bu holat Fuqarolik protsessual kodeksining 86-, Xoʻjalik protsessual kodeksining 47- va Jinoyat-protsessual kodeksining 68-moddalarida koʻrsatib oʻtilgan.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 240-moddasiga binoan ekspertning xulosa berishni rad etishi yoki bu ishdan boʻyin tovlashi, buning sabablari qanday boʻlishidan qatʼiy nazar, eng kam oylik ish haqining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki uch oygacha boʻlgan muddatga qamoq bilan jazolashga sabab boʻladi. Ekspert vazifasini bajarishni rad etish turli sabablar oqibatida yuzaga kelishi mumkin: qarindoshlik, doʻstlik-dushmanlik, xizmatga oid va boshqa munosabatlar, ekspertning tekshirishlarni muvaffaqiyatli oʻtkazishga ishonchsizligi, bandligi, mehnat haqining ozligi, kimningdir gʻayri-qonuniy taʼsiri, kasbiy obroʻyiga putur etish xavfi va boshqalar. Shaxs bunday rad etishning haqiqiy sabablarini tushuntirishga majbur emas.
4. Qonun hujjatlariga muvofiq ekspert sifatida surishtiruvchi, tergovchi yoki sud tomonidan ekspertiza muassasalarining, boshqa davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarning mutaxassislari yoki har qanday boshqa bilimdon shaxslar tayinlanishi mumkin. Hatto ekspert sifatida fikr bildirish xizmat vazifasi hisoblangan shaxs ham ekspertizani bajarishni rad etishi mumkin. Bunday rad etishning oqibatlari Mehnat kodeksining 100-moddasida nazarda tutilgan choralarni qoʻllashdangina iborat boʻlishi mumkin, yaʼni xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishdan jiddiyroq chora qoʻllanilmasligi lozim.
Yuqorida bayon qilinganlarga asoslanib va “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Qonunning 25- va 26-moddalariga amal qilgan holda, Konstitutsiyaviy sud qaror qildi:
Qonunchilik tashabbusi tartibida quyidagi qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritilsin:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 240-moddasining sarlavhasi va birinchi qismining birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“240-modda. Guvoh yoki jabrlanuvchining koʻrsatuv berishdan boʻyin tovlashi
Surishtiruv olib borish, dastlabki tergov vaqtida yoki sudda guvoh yoki jabrlanuvchining koʻrsatuv berishdan boʻyin tovlashi —”.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksi 86-moddasining uchinchi qismi, Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 47-moddasining toʻrtinchi qismi va Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi 68-moddasining toʻrtinchi qismi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Ekspert bila turib yolgʻon xulosa berganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortiladi”.
Oʻzbekiston Respublikasi
Konstitutsiyaviy sudi
Konstitutsiyaviy sudi
Toshkent sh.,
2000-yil 12-aprel
(“Xalq soʻzi” gazetasi, 2000-yil 14-aprel, 72 (2369)-son)