Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
NASLCHILIK TOʻGʻRISIDA
1-modda. Naslchilikning asosiy vazifalari
Quyidagilar naslchilikning asosiy vazifalari hisoblanadi:
hayvonlarning nasldorlik va mahsuldorlik sifatlarini yaxshilash maqsadida naslchilik resurslarini yaratish, saqlash, takror koʻpaytirish va ulardan oqilona foydalanish;
seleksiya jarayonida foydalaniladigan naslchilik resurslarining kelib chiqishi aniq hisobga olinishini, mahsuldorligini, tipi va boshqa sifatlari boʻyicha baholanishini taʼminlash;
nasldor erkak hayvonlarni avlodining sifatiga koʻra sinovdan oʻtkazish;
yangi foydali genetik belgilarga ega boʻlgan hayvonlar olish;
seleksiya ishida jahondagi eng qimmatli genofonddan samarali foydalanish;
muayyan joyga xos va mamlakatimizdagi yoʻq boʻlib borayotgan zotlar genofondini saqlab qolish;
mahsulot yetishtiriladigan podalarda hayvonlarning nasldorlik va mahsuldorlik sifatlarini oshirish hamda sermahsul hayvonlarni jadal koʻpaytirish;
butun chorvachilik tarmogʻining iqtisodiy samaradorligi va raqobatbardoshligini oshirish.
2-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllanilmoqda:
naslchilik — seleksiya maqsadida nasldor hayvonlarni urchitish, naslli mahsulot (material) yetishtirish va undan foydalanish;
nasldor hayvon — kelib chiqishi hujjatlar bilan tasdiqlangan, muayyan zotni takror koʻpaytirish uchun foydalaniladigan va belgilangan tartibda roʻyxatga olingan hayvon;
naslli mahsulot (material) — nasldor hayvon, uning urugʻi va embrionlari, nasldor tuxum, ipak qurti urugʻi;
bonitirovka — hayvonlarning nasldorlik va mahsuldorlik sifatlarini baholash;
genofond (kam sonli) zot — muayyan zotga mansub va yoʻq boʻlib ketish xavfi ostidagi kam uchraydigan hayvonlar guruhi;
nasldor hayvonlar va nasldor podalarni davlat roʻyxatiga olish — kelib chiqishini aniqlash va mahsuldorligini belgilash maqsadida nasldor hayvonlar hamda nasldor podalar haqidagi maʼlumotlarni hisobga olish;
sertifikat — nasldor hayvonning kelib chiqishi, mahsuldorligi va boshqa sifatlarini, shuningdek urugʻ yoki embrionning sifatini tasdiqlovchi hujjat.
3-modda. Naslchilik obyektlari
Nasldor hayvonlar — qoramollar, qoʻylar, echkilar, otlar, tuyalar, choʻchqalar, shuningdek parrandalar, baliqlar, asalarilar, ipak qurti, yovvoyi hayvonlar (bundan buyon matnda hayvonlar deb yuritiladi) va ularning naslli mahsuloti naslchilik obyektlari hisoblanadi.
4-modda. Naslchilik subyektlari
Naslchilik ishi bilan shugʻullanuvchi ilmiy-tadqiqot muassasalari, korxonalar va xoʻjaliklar, seleksiya markazlari, ippodromlar, immunogenetik nazorat laboratoriyalari, nazorat-sinov stansiyalari, embrionlarni koʻchirib oʻtkazish (transplantatsiya) markazlari hamda boshqa yuridik va jismoniy shaxslar — naslli mahsulot egalari naslchilik subyektlari hisoblanadi.
5-modda. Naslchilik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Keyingi tahrirga qarang.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida naslchilik sohasidagi munosabatlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan ham tartibga solinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
6-modda. Naslchilik boʻyicha davlat xizmatiga rahbarlik qilish
Oldingi tahrirga qarang.
Naslchilik boʻyicha davlat xizmatiga rahbarlik qilishni Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining Chorvachilikda naslchilik ishlari bosh davlat inspeksiyasi amalga oshiradi.
Chorvachilikda naslchilik ishlari bosh davlat inspeksiyasining boshligʻi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan tayinlanadi.
(6-moddaning birinchi va ikkinchi qismlari Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 25-apreldagi 421-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 4-5-son, 126-modda)
Viloyatlarda va Toshkent shahrida naslchilik boʻyicha davlat xizmatiga rahbarlik qilishni viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi chorvachilikda naslchilik ishlari davlat inspeksiyalari amalga oshiradilar.
Oldingi tahrirga qarang.
Viloyatlar va Toshkent shahar chorvachilikda naslchilik ishlari davlat inspeksiyalarining boshliqlarini Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi tegishli viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan kelishilgan holda tayinlaydi.
Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining Chorvachilikda naslchilik ishlari bosh davlat inspeksiyasi toʻgʻrisidagi Nizom Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
(6-moddaning toʻrtinchi va beshinchi qismlari Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 25-apreldagi 421-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 4-5-son, 126-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
7-modda. Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining Chorvachilikda naslchilik ishlari bosh davlat inspeksiyasining vakolatlari
(7-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 25-apreldagi 421-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 4-5-son, 126-modda)
Chorvachilikda naslchilik ishlari bosh davlat inspeksiyasi:
tarmoqda yagona ilmiy-texnika siyosatini amalga oshiradi;
naslchilikni rivojlantirishning davlat va mintaqaviy dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirishni tashkil etadi;
naslli mahsulot (material) ekspertiza qilinishini taʼminlaydi;
naslchilikdagi normativlar va qoidalarni tasdiqlaydi;
nasldor hayvonlarni, naslchilik xoʻjaliklari va podalarini tegishincha davlat kitobida va davlat registrida roʻyxatga oladi;
sertifikatlar beradi;
naslchilik sohasida seleksiya, biotexnologiya va irsiyat-muhandislik usullarini qoʻllanish shartlarini belgilaydi;
individuumlari nasldor hayvon sifatida foydalaniladigan hayvonlar turlarining roʻyxatini belgilab qoʻyadi;
naslchilikni davlat yoʻli bilan ragʻbatlantirish, seleksiya maqsadlari uchun foydali qishloq xoʻjalik hayvonlarining kam sonli va yoʻq boʻlib borayotgan zotlari genofondini saqlab qolish chora-tadbirlari toʻgʻrisida takliflar kiritadi;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
8-modda. Viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi chorvachilikda naslchilik ishlari davlat inspeksiyalarining vakolatlari
Viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi chorvachilikda naslchilik ishlari davlat inspeksiyalari:
naslchilikni rivojlantirishning hududiy dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishni tashkil etadi;
naslli mahsulotning (materialning) ekspertiza qilinishini taʼminlaydi;
nasldor hayvonlarning, naslchilik xoʻjaliklari va podalarining hisobini yuritadi;
seleksiya maqsadlari uchun foydali chorva mollarning kam sonli va yoʻq boʻlib borayotgan zotlari genofondini saqlab qolish yuzasidan takliflar kiritadi;
barcha toifadagi xoʻjaliklarda naslchilik ishining yuritilishini nazorat qiladi;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
9-modda. Chorvachilikda naslchilik ishlari davlat inspektorlari
Oldingi tahrirga qarang.
Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining Chorvachilikda naslchilik ishlari bosh davlat inspeksiyasining boshligʻi Oʻzbekiston Respublikasining chorvachilikda naslchilik ishlari bosh davlat inspektori hisoblanadi.
(9-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 25-apreldagi 421-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 4-5-son, 126-modda)
Viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi chorvachilikda naslchilik ishlari davlat inspeksiyalarining boshliqlari ayni vaqtda viloyatlar va Toshkent shahar chorvachilikda naslchilik ishlari davlat inspektorlari hisoblanadilar.
Oʻzbekiston Respublikasining chorvachilikda naslchilik ishlari bosh davlat inspektori, chorvachilikda naslchilik ishlari davlat inspektorlari oʻz vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:
idoraviy mansubligidan qatʼi nazar, naslchilik tashkilotlariga moneliksiz kirish va ulardan zarur axborotlarni olish;
naslchilik tashkilotlariga qoida va normalarni buzish hollarini bartaraf etish toʻgʻrisida koʻrsatmalar berish va ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
qoida va normalarni buzish hollari aniqlangan taqdirda naslli mahsulotni (materialni) realizatsiya qilishni toʻxtatib qoʻyish;
hayvonlar seleksiyasi, naslli mahsulotni (materialni) takror koʻpaytirish sohasida yangi texnologiyalarning va biotexnologiya usullarining qoʻllanilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
naslli mahsulotning (materialning) sertifikatsiz realizatsiya qilinishi va boshqa tarzda foydalanilishiga yoʻl qoʻymaslik;
naslchilik subyektlari oʻrtasida yuzaga keladigan nizolar boʻyicha xulosalar berish.
Keyingi tahrirga qarang.
10-modda. Naslchilik subyektlarining huquqlari
Naslchilik subyektlari quyidagi huquqlarga ega:
naslchilikni rivojlantirishga qaratilgan kuch-gʻayratlarni birlashtirish maqsadida hayvonlarni urchitish boʻyicha uyushmalarga, jamiyatlarga kirish, naslchilik sohasidagi davlat dasturlarini amalga oshirishda ishtirok etish;
seleksiya yutuqlaridan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda foydalanish;
Keyingi tahrirga qarang.
naslli mahsulot (material) savdo-koʻrgazmalarida (kimoshdi savdolarida), koʻrgazmalari va koʻriklarida ishtirok etish;
naslli mahsulotni (materialni) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sotish va sotib olish;
Keyingi tahrirga qarang.
qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa harakatlarni amalga oshirish.
Keyingi tahrirga qarang.
11-modda. Naslchilik subyektlarining burchlari
Naslchilik subyektlari:
naslchilik hisob-kitobini va hujjatlarini yuritishlari;
naslchilik resurslari yaxshilanishini, saqlanishini, takror koʻpaytirilishini va ulardan oqilona foydalanilishini taʼminlashlari;
hayvonlar mahsuldorligi hisob-kitobini yuritish, tipi boʻyicha tasniflash, kelib chiqishini genetik ekspertiza qilish va ularni oʻz mahsuldorligi hamda avlodining sifati boʻyicha baholash talablarini bajarishlari;
xoʻjalikni attestatsiyadan oʻtkazish, nasldor erkak hayvonlarni aprobatsiya qilish uchun va takror koʻpaytirish maqsadida ulardan foydalanishga ruxsatnoma olish uchun hujjatlarni chorvachilikda naslchilik ishlari davlat inspeksiyasiga taqdim etishlari;
Keyingi tahrirga qarang.
urugʻ olish uchun faqat takror koʻpaytirishga ruxsat etilgan nasldor erkak hayvonlardan foydalanishlari, urugʻ va embrionlarni texnologik va veterinariya-sanitariya talabnomalarida belgilangan shart-sharoitda tayyorlashlari, identifikatsiyalashlari va saqlashlari;
naslli mahsulotning (materialning) sifatini kafolatlashlari shart.
12-modda. Naslli mahsulotga (materialga) egalik huquqi
Naslli mahsulot (material) davlatning, nasldor hayvonlarni urchitish va ulardan foydalanish bilan shugʻullanayotgan yuridik hamda jismoniy shaxslarning mulki boʻlishi mumkin.
13-modda. Naslchilikda intellektual mulk
Nasldor hayvonlar seleksiyasida erishilgan yutuqlarning natijalari intellektual mulk obyekti hisoblanadi, ularga mualliflik va ulardan foydalanish qonun hujjatlari bilan belgilab qoʻyiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
14-modda. Naslli mahsulotni (materialni) eksport va import qilish
Naslli mahsulotni (materialni) eksport va import qilish Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan tartibda amalga oshiriladi.
15-modda. Nasldor hayvonlarni, naslchilik xoʻjaliklari va podalarini davlat roʻyxatiga olish
Nasldor hayvonlarni, naslchilik xoʻjaliklari va podalarini davlat roʻyxatiga olish tegishincha davlat nasldor hayvonlar kitobida va davlat naslchilik registrida qayd etish orqali amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat nasldor hayvonlar kitobi toʻgʻrisidagi nizom va davlat naslchilik registri toʻgʻrisidagi nizom Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
(15-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 25-apreldagi 421-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 4-5-son, 126-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
16-modda. Naslli mahsulotni (materialni) sertifikatlashtirish
Naslli mahsulot (material) naslchilikning belgilangan standartlari, normalari va qoidalariga muvofiqligi toʻgʻrisida majburiy sertifikatlashtirilishi lozim.
Naslli mahsulotni (materialni) sertifikatlashtirish nasldor hayvonlarning kelib chiqishini, mahsuldorligini, ularda genetik nuqsonlar yoʻqligini, shuningdek urugʻ yoki embrionlarning kelib chiqishi va sifatini aniqlash hamda hujjatlar bilan tasdiqlash maqsadida oʻtkaziladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Naslli mahsulotni (materialni) sertifikatlashtirish davlat naslchilik xizmatining tegishli organlari tomonidan “Oʻzstandart” agentligida akkreditatsiya qilingan seleksiya markazlari, chorvachilik nazorat-sinov stansiyalari, ippodromlar, sut, jun sifatining seleksiya nazorati laboratoriyalari va immunogenetik ekspertiza laboratoriyalari ishtirokida amalga oshiriladi.
(16-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 25-apreldagi 482-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 5-son, 67-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Naslli mahsulotni (materialni) sertifikatlashtirishdan oʻtkazish tartibini Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining Chorvachilikda naslchilik ishlari bosh davlat inspeksiyasi belgilaydi.
(16-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 25-apreldagi 421-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 4-5-son, 126-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
17-modda. Naslchilik boʻyicha davlat tarmoq dasturlarini ishlab chiqish va ularni mablagʻ bilan taʼminlash
Naslchilik xoʻjaliklarining hammasi oʻz faoliyatini toʻla xoʻjalik hisobida amalga oshiradi qonun hujjatlarida va belgilanadigan imtiyozlardan foydalanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Naslchilik boʻyicha davlat tarmoq dasturlarini ishlab chiqish va ularni mablagʻ bilan taʼminlash Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan tartibda amalga oshiriladi.
18-modda. Naslchilik sohasidagi ilmiy tadqiqotlar
Naslchilikni ilmiy jihatdan taʼminlashni Fanlar akademiyasi, Qishloq xoʻjalik fanlari akademiyasi hamda ilmiy-tadqiqot institutlari, oliy oʻquv yurtlari, ilmiy-tadqiqot muassasalarining seleksiya markazlari amalga oshiradilar, ular davlat naslchilik xizmati va idoralar bilan birgalikda quyidagilarni ishlab chiqadilar:
Keyingi tahrirga qarang.
naslchilikka oid davlat ilmiy-texnika dasturlarini;
hayvonlar va parrandalarning mavjud zotlari, tiplari, liniyalari hamda krosslarini takomillashtirish va yangilarini yaratish, naslchilik resurslari genofondini saqlash va ulardan oqilona foydalanishga doir seleksiya-genetik dasturlarini;
seleksiya jarayoni samaradorligini oshirish, hayvonlarni takror koʻpaytirish, ularning mahsuldorligini oshirish usullari va yoʻllarini;
naslli mahsulotni (materialni) baholash va genetik nazorat qilish uchun uslubiyotlar, texnika vositalari va nazorat-oʻlchov asbob-uskunalarini;
naslchilikka oid axborot bilan taʼminlash tizimlarini.
19-modda. Nasldor hayvondan foydalanish shartlari
Nasldor hayvondan, agar u:
tamgʻalangan yoki hayvonning kelib chiqishini aniq identifikatsiya qilish imkonini beradigan biron-bir boshqa yoʻsinda unga belgi qoʻyilgan boʻlsa;
roʻyxatdan oʻtkazilgan va unga sertifikat olingan boʻlsa, zotni takror koʻpaytirish maqsadida foydalaniladi.
20-modda. Nasldor hayvonlarning urugʻi va embrionlaridan foydalanish shartlari
Nasldor hayvonlarning urugʻi va embrionlaridan, agar ular:
qishloq xoʻjalik hayvonlarini sunʼiy urugʻlantirish va embrionlarini koʻchirib oʻtkazish bilan shugʻullanuvchi tashkilotlarda olingan boʻlsa;
belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan nasldor hayvonlardan olingan boʻlsa;
identifikatsiya qilish maqsadida aniq belgi qoʻyilgan boʻlsa;
sertifikatga ega boʻlsa, foydalaniladi.
Nasldor hayvonlarning urugʻi va embrionlari qishloq xoʻjalik hayvonlarini sunʼiy urugʻlantirish va embrionlarini koʻchirib oʻtkazish bilan shugʻullanuvchi tashkilotlar tomonidan boshqa shaxslarga realizatsiya qilinishi yoki oʻtkazilishi mumkin.
21-modda. Naslli mahsulot (material) bonitirovkasi
Naslli mahsulot (material) bonitirovkasi naslchilik bilan shugʻullanuvchi barcha tashkilotlarda har yili oʻtkaziladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Naslli mahsulot (material) bonitirovkasini oʻtkazish tartibi va shartlarini Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining Chorvachilikda naslchilik ishlari bosh davlat inspeksiyasi belgilaydi.
(21-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 25-apreldagi 421-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 4-5-son, 126-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
22-modda. Nasldor erkak hayvonlarni baholash
Zotni takror koʻpaytirish uchun tanlab olingan nasldor erkak hayvonlar avlodining sifati va oʻz mahsuldorligi boʻyicha tekshirilishi hamda baholanishi lozim.
Nasldor erkak hayvonlarni tekshirish va baholashni naslchilik tashkilotlari nasldor hayvonlarning belgilangan mahsuldorlik darajasiga qarab oʻtkazadilar.
Oldingi tahrirga qarang.
Nasldor erkak hayvonlarni tekshirish va baholash Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining Chorvachilikda naslchilik ishlari bosh davlat inspeksiyasi tasdiqlaydigan uslubiyotga muvofiq oʻtkaziladi.
(22-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 25-apreldagi 421-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 4-5-son, 126-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
23-modda. Naslchilik sohasidagi nizolarni hal etish
Naslchilik sohasida kelib chiquvchi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
24-modda. Naslchilik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Naslchilik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
25-modda. Xalqaro shartnomalar va bitimlar
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari yoki bitimlarida ushbu Qonunda nazarda tutilganidan oʻzgacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma yoki bitim qoidalari qoʻllaniladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 21-dekabr,
165-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 12-son, 255-modda; 1997-y., 4-5-son, 126-modda; 2003-y., 5-son, 67-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.07.2018-y., 03/18/486/1559-son, 09.01.2019-y., 03/19/512/2435-son, 13.11.2019-y., 03/19/583/4016-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 18.01.2024-y., 03/24/898/0046-son; 09.09.2024-y., 03/24/957/0689-son)