O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QIShLOQ VA SUV XO‘JALIGI VAZIRINING
buyrug‘i
Naslchilik sohasida seleksiya, biotexnologiya va irsiyat-muhandislik usullarini qo‘llanish shartlarini belgilash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2014-yil 15-iyulda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2602]
O‘zbekiston Respublikasining “Naslchilik to‘g‘risida”gi Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 15-iyuldagi PQ-2003-sonli “Qonunlarning havolaki normalarini amalga oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarni ishlab chiqish rejalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Naslchilik sohasida seleksiya, biotexnologiya va irsiyat-muhandislik usullarini qo‘llanish shartlarini belgilash tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Vazir Sh. TEShAYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 16-iyun,
155-son
O‘zbekiston Respublikasi qishloq va suv xo‘jaligi vazirining 2014-yil 16-iyundagi 155-sonli buyrug‘iga
ILOVA
ILOVA
Naslchilik sohasida seleksiya, biotexnologiya va irsiyat-muhandislik usullarini qo‘llanish shartlarini belgilash tartibi to‘g‘risidagi
NIZOM
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasining “Naslchilik to‘g‘risida”gi Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 15-iyuldagi PQ-2003-sonli “Qonunlarning havolaki normalarini amalga oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarni ishlab chiqish rejalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, naslchilik sohasida seleksiya, biotexnologiya va irsiyat-muhandislik usullarini qo‘llanish shartlarini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
naslchilik — seleksiya maqsadida nasldor hayvonlarni urchitish, naslli mahsulot (material) yetishtirish va undan foydalanish;
nasldor hayvon — kelib chiqishi hujjatlar bilan tasdiqlangan, muayyan zotni takror ko‘paytirish uchun foydalaniladigan va belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan hayvon;
naslli mahsulot (material) — nasldor hayvon, uning urug‘i va embrionlari, nasldor tuxum, ipak qurti urug‘i;
dezoksiribonuklein kislota (DNK) — tirik organizmlarda irsiy belgilarni saqlash vazifasini bajaradigan hamda asosan hujayra yadrosi, mitoxondriya va xloroplastlarda bo‘ladigan nuklein kislotaning bir turi;
seleksiya usuli — nasldor hayvonlarni urchitish orqali yangi nasldor hayvon zotlarini yaratish;
biotexnologiya usuli — biologik jarayonlar va biologik omillardan foydalangan holda yangi nasldor hayvon zotlarini yaratish;
irsiyat-muhandislik usuli — rekombinant DNKlar texnologiyasi hamda genetik, biokimyoviy usullar yordamida organizm yoki hujayraning biologik axborotini o‘zgartirish orqali tabiatda uchramaydigan, yangi xususiyatlarga ega bo‘lgan genlar to‘plami asosida yangi nasldor hayvon zotlarini yaratish;
vektor — tashqaridan kiritilgan genni hujayraga ko‘chirishda va uni hujayra genomiga biriktirishda foydalaniladigan doira shakldagi (plazma) genetik tizim;
ribonuklein kislota (RNK) — asosan hujayra tsitoplazmasida joylashgan va DNKdagi genetik axborotlarning nusxasi bo‘lib, bitta polenukleotid zanjirdan tashkil topgan hamda fermentativ faollik xususiyatlariga ega bo‘lgan riboza asosli nukleotidlardan tashkil topgan nuklein kislota;
gen — irsiy omil bo‘lib, DNK (viruslarda RNK) molekulasining bir qismi, irsiy axborotning tizimli va funksional birligi;
donor — urug‘langan tuxum hujayra olishda foydalaniladigan yuqori mahsuldorlik xususiyatiga ega bo‘lgan ona hayvon;
retsipiyent — 6, 7 va 8 kunlik embrionni ko‘chirib o‘tkazishga mo‘ljallangan hayvon;
transplantatsiya — hayvonlarda biror to‘qima yoki organni ko‘chirib o‘tkazish;
yadro — eukariod organizmlar hujayrasidagi organoid bo‘lib, hujayradagi barcha hayotiy jarayonlarda, ularning bo‘linishida ishtirok etadi va bu jarayonlarni nazorat qiladi.
2. Seleksiya, biotexnologiya va irsiyat-muhandislik usullari mazkur Nizomning ilovasida nazarda tutilgan nasldor hayvonlarga nisbatan qo‘llaniladi.
3. Naslchilik sohasida seleksiya, biotexnologiya va irsiyat-muhandislik usullarini qo‘llashdan asosiy maqsad tabiiy iqlim sharoitiga mos, yuqori mahsuldorlik xususiyatiga ega bo‘lgan hayvonlarni ko‘paytirish, kasalliklarning oldini olish va yangi naslli mahsulotlardan (materiallardan) zotlar yaratish hisoblanadi.
4. “Naslchilik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 20-moddasiga asosan, nasldor hayvonlarning urug‘i va embrionlaridan, agar ular:
qishloq xo‘jalik hayvonlarini sun’iy urug‘lantirish va embrionlarini ko‘chirib o‘tkazish bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarda olingan bo‘lsa;
belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan nasldor hayvonlardan olingan bo‘lsa;
identifikatsiya qilish maqsadida aniq belgi qo‘yilgan bo‘lsa;
sertifikatga ega bo‘lsa, foydalaniladi.
5. Nasldor hayvonlarning urug‘i va embrionlari qishloq xo‘jalik hayvonlarini sun’iy urug‘lantirish va embrionlarini ko‘chirib o‘tkazish bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar tomonidan boshqa shaxslarga realizatsiya qilinishi yoki o‘tkazilishi mumkin.
2-bob. Seleksiya va biotexnologiya usullarini qo‘llash
6. Seleksiya usullari bir turga mansub zotlarni, bir turga mansub ikki va undan ko‘p zotlarni, ikki turga mansub hayvonlarni urchitish orqali, biotexnologiya usullari esa, urug‘ olish va embrion tayyorlashda qo‘llaniladi.
7. Erkak nasldor hayvonlardan quyidagi davriylikda urug‘ olinadi:
nasldor buqalardan haftada 2 — 8-marta, bunda har bir eyakulyat orasida 10 — 15 daqiqa dam berilishi lozim;
qo‘chqorlardan kuniga 3-marta, bunda tushlikgacha 2-marta va kunning ikkinchi yarmida 1-marta;
ayg‘irlardan har kuni 1-marta;
erkak cho‘chqalardan haftada 2-marta;
quyondan kuniga 2-marta;
xo‘rozlardan ikki kunda 1-marta;
kurka va g‘ozlardan haftada 2-marta;
baliqlardan haftada 1-marta.
8. Erkak hayvonlardan olingan urug‘lar makroskopik (vizual) va mikroskopik usullarda tekshiriladi. Bunda har bir urug‘ tarkibiy qismining harakati, tirik-o‘likligi va patologik shakllari bo‘yicha baholanadi.
9. Urug‘ va uning tarkibiy qismlarini baholashda quyidagi nuqsonlar mavjud yoki mavjud emasligi tekshiriladi:
gigant;
kar;
boshchasi deformatsiyaga uchragan;
bo‘yni siniq;
faqat boshchalar yoki dumsiz;
dumi buralgan yoki qiyshaygan;
tsitoplazmasida tomchilar mavjud bo‘lgan yoki qalinlashgan hamda bir, ikki, uch va to‘rt dumli.
10. Nasldor erkak hayvonlarning nuqsonli spermatozoidlari quyidagi me’yorlardan oshganda, ulardan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi:
buqada — 18%;
qo‘chqorda — 14%;
erkak cho‘chqada — 20%;
ayg‘irda — 25%;
quyonda — 16%;
xo‘roz, kurka, g‘ozlar va baliqlarda — 15%.
11. Nasldor erkak hayvonlarning 1 ml urug‘ida spermatozoidlarning soni quyidagi me’yorlardan kam bo‘lganda, ulardan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi:
buqada — 0,8 — 1,0 mlrd;
qo‘chqorda — 2 — 3 mlrd;
ayg‘irda — 0,1 — 0,25 mlrd;
erkak cho‘chqada — 0,1 — 0,2 mlrd;
quyonda — 0,1 mlrd;
xo‘roz va kurkada — 2 — 4 mlrd;
g‘ozda — 0,3 — 1,0 mlrd;
baliqda — 0,1–0,3 mlrd.
12. Nasldor erkak hayvonlarning yangi olingan urug‘i baholangandan so‘ng, mazkur urug‘ yig‘gichda 1:1 yoki 1:2 nisbatda suyultiriladi.
13. Nasldor erkak hayvonlarning urug‘i kuyidagi tartibda ko‘p marotaba suyultiriladi:
buqalar urug‘i 10-marta 1:9 nisbatda, 15-marta 1:14 nisbatda;
qo‘chqor, erkak cho‘chqa, quyon, xo‘roz, kurka, g‘oz va baliqlar urug‘i 2-marta 1:1 nisbatda, 3-marta 1:2 nisbatda, 4-marta 1:3 nisbatda.
14. Urug‘ni saqlashda chuqur muzlatish texnologiyasidan foydalaniladi. Bunda urug‘ suyuq azot solingan D’yuar idishda —1960S haroratda 25 yildan 100 yilgacha saqlanishi mumkin.
15. Nasldor buqa urug‘ini muzlatish va uzoq muddat saqlash uchun maxsus apparatlar va statsionar saqlagichlardan foydalaniladi. Bunda nasldor buqalar urug‘i ftoroplast taxtachasida granulalar, qobiqli granulalar va polipropilenli somonchalar (payettalar) shaklida muzlatiladi.
16. Donorlardan embrionlar olish va transplantatsiya qilish quyidagicha amalga oshiriladi:
nasldor hayvonlardan embrion tayyorlashda yuqori mahsuldorlik ko‘rsatkichiga ega bo‘lgan donorlarni tanlash;
donorlardan ko‘p ovulatsiya chiqarish uchun garmonlardan foydalanish;
donorlar va retsipiyentlarning kuyikka kelishini nazorat qilib borish;
donorlarni nasldor erkak hayvonlar bilan juftlashtirish;
donorlarga mahsuldorligi past ona hayvonlarni retsipiyent qilib belgilash;
donorlar va retsipiyentlarning jinsiy siklini sinxronlashtirish (moslashtirish);
donordan 6, 7 va 8 kunlik embrionlarni yuvib olish;
yuvib olingan embrionlarni belgilangan usulda baholash, ko‘chirib o‘tkazish va saqlash;
donordan yuvib olingan embrionni retsipiyentga ko‘chirib o‘tkazish;
retsipiyentlarni bug‘ozlik davrida alohida parvarishlash.
17. Embrionlar nasldor hayvonlardan yuvib olinganda ularning tashqi ko‘rinishi, yoshiga muvofiqligi va ko‘chirib o‘tkazilgandan so‘ng yashab ketishi o‘rganiladi.
3-bob. Irsiyat-muhandislik usulini qo‘llash
18. Nasldor hayvonning geni maxsus laboratoriya sharoitida ajratib olinadi va uning DNKsi ketma-ketligi o‘rganiladi.
19. Ajratib olingan gen DNKni ko‘chiruvchi vektorga ulanadi. Ulangan vektor hujayraga yoki organizmga o‘tkaziladi va transformatsiyalangan hujayra sun’iy muhitda o‘stiriladi.
20. Dastlabki hujayra mitoz usulida (hujayralarning asosiy bo‘linish usuli bo‘lib, bunda bitta ona hujayradan shu hujayraga o‘xshash ikkita bir xil qiz hujayra hosil bo‘ladi) bo‘linadi va genetik jihatdan bir xil hujayralar olinadi (klonlashtiriladi).
21. Sun’iy muhitda o‘stirilgan hujayralar somatik embriogenez bosqichigacha o‘stiriladi va ularning embrion to‘qimalari olinadi hamda embrion bachadonga implantatsiya qilinadi.
22. Jinssiz yo‘l bilan ko‘payadigan nasldor hayvonlar klonlashtirilganda, tuxum hujayrasidan yadrosi olib tashlanib, unga boshqa hujayradan olingan yadro kiritiladi va gibrid tuxum hujayralar paydo bo‘ladi.
Naslchilik sohasida seleksiya, biotexnologiya va irsiyat-muhandislik usullarini qo‘llanish shartlarini belgilash tartibi to‘g‘risidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
Nasldor hayvonlarning
RO‘YXATI
1. Nasldor qoramollar:
sut-go‘sht yo‘nalishidagi zotlar;
qora-ola zotlar;
qizil zotlar;
bushuyev zoti;
boshqa zotlar;
go‘sht-sut yo‘nalishidagi zotlar;
shvits zotlari;
simmental (flekfi) zotlari;
boshqa zotlar;
go‘sht yo‘nalishidagi zotlar;
santa-gertruda zoti;
aberdin-angus zoti;
qozoqi oqbosh zoti;
boshqa zotlar.
2. Nasldor qo‘ylar:
go‘sht-yog‘ beruvchi dumbali zotlar;
hisori zoti;
jaydari zotlar;
boshqa zotlar;
qorako‘l teri beruvchi zot;
qora rangli;
ko‘k rangli;
kulrang;
zarmalla rangli;
kumush rangli;
bronza rangli;
nasldor qo‘chqorning urug‘lari;
boshqa ranglar.
3. Nasldor echkilar:
sut yo‘nalishidagi echkilar;
dag‘al jun beruvchi echkilar;
jaydari echkilar;
tivit beruvchi echki zotlari;
mahalliy tivit beruvchi zot.
4. Otlar:
qorabayir zoti;
axalteka zoti;
budyonniy zoti;
gannover;
poni otlar;
mahalliy otlar;
boshqa zotlar.
5. Tuyalar:
bir o‘rkachli;
ikki o‘rkachli;
6. Cho‘chqalar.
7. Quyonlar.
8. Parrandalar:
tovuq;
kurka;
g‘oz;
o‘rdak;
bedana;
tsesarka;
tuyaqush.
9. Asalarilar:
mahalliy zot;
karpat zoti;
boshqa asalari zotlari.
10. Baliqlar:
sazan zoti;
karp zoti;
do‘ngpeshona;
oq amur;
ilonbaliq;
boshqa baliqlar.
11. Tut ipak qurti tuxumlari.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2014-y., 29-son, 363-modda)