Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
SUGʻURTA XIZMATLARI BOZORINI YANADA ISLOH QILISH VA RIVOJLANTIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Sugʻurta xizmatlarining raqobat bozorini yanada shakllantirish, sugʻurta faoliyatining zamonaviy turlarini rivojlantirish va sifatini oshirish, sugʻurtalovchilarning kapitallashuv darajasini koʻpaytirish va moliyaviy barqarorligini taʼminlash, ularning mintaqaviy tarmoqlarini kengaytirish, shuningdek sugʻurtalashni tartibga solish usullarini takomillashtirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan sugʻurta tashkilotlari bilan birgalikda ishlab chiqilgan 2007 — 2010-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi sugʻurta bozorini isloh qilish va rivojlantirish dasturi 1-ilovaga muvofiq maʼqullansin, unda quyidagi chora-tadbirlar nazarda tutilgan:
sugʻurtalash, sugʻurta faoliyati va sugʻurta nazoratining qonunchilik va normativ-huquqiy bazasini xalqaro amaliyotga muvofiq yanada takomillashtirish;
koʻrsatilayotgan sugʻurta xizmatlari, ayniqsa tadbirkorlik faoliyatini, import-eksport operatsiyalarini sugʻurtalash, hayotni uzoq muddatga sugʻurtalash, shu jumladan sugʻurtaning jamgʻarma turlari sohasida sugʻurta xizmatlari hajmini, koʻlamini kengaytirish va sifatini oshirish;
respublika sugʻurta bozorini xalqaro sugʻurta bozorlariga integratsiyalash;
sugʻurtalash sohasi xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi vazirliklar, idoralar va bajaruvchilar — sugʻurta tashkilotlari bilan birgalikda Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning belgilangan muddatlarda soʻzsiz va sifatli bajarilishini taʼminlasin.
2. Sugʻurta bozorining professional qatnashchilari toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Faoliyat koʻrsatayotgan sugʻurta kompaniyalari (sugʻurtalovchilar) 2008-yil 1-yanvargacha boʻlgan muddatda ustav kapitali miqdorining mazkur qaror bilan tasdiqlangan Sugʻurta bozorining professional qatnashchilari toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan talablarga muvofiqlashtirilishini taʼminlasin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Moliya vazirligi Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda tasdiqlangan Sugʻurta bozorining professional qatnashchilari toʻgʻrisidagi nizom talablariga javob bermaydigan sugʻurta tashkilotlari faoliyatini 2008-yil 1-yanvargacha belgilangan tartibda toʻxtatish va litsenziyalarini bekor qilish chora-tadbirlarini koʻrsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi mamlakat iqtisodiyot oliy taʼlim muassasalarida ixtisoslashtirilgan guruhlar tashkil etish, sugʻurta bozori professional qatnashchilarining yuqori malakali mutaxassislari tayyorlash kontingentini kengaytirish va sifatini oshirish, ularning malakasini muntazam ravishda oshirish boʻyicha bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va respublika sugʻurta kompaniyalarining quyidagilar faoliyatining asosiy yoʻnalishlari boʻlgan Oʻzbekiston sugʻurta bozori professional qatnashchilari uyushmasini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin:
sugʻurta bozori konyunkturasini oʻrganish, uning yuqori darajada ochiq-oydinligini taʼminlash, raqobatni rivojlantirish, sugʻurta xizmatlari hajmlarini koʻpaytirish, koʻlamini kengaytirish va sifatini oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
potensial xorijiy investorlarga mablagʻlarni Oʻzbekiston Respublikasi sugʻurta sohasiga investitsiyalashda koʻmaklashish;
respublika aholisi oʻrtasida sugʻurtalash masalalari boʻyicha faol tushuntirish ishlarini olib borish;
sugʻurtalash uchun kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish, sugʻurta bozori professional qatnashchilari uchun professional etika normalarini ishlab chiqish.
6. Sugʻurta bozorini rivojlantirish hamda yuridik va jismoniy shaxslarning sugʻurtalashda keng qatnashishini ragʻbatlantirish uchun belgilab qoʻyilsinki, mol-mulkni va hayotni uzoq muddatga sugʻurtalash boʻyicha sugʻurta mukofotlari soliqqa tortilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi yuqorida koʻrsatilgan soliq imtiyozlarini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni bir oy muddatda ishlab chiqsin va Adliya vazirligi bilan kelishgan holda tasdiqlasin.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Moliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
8. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 10-aprel,
PQ-618-son
2007—2010-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi sugʻurta bozorini isloh qilish va rivojlantirish dasturi
| T/r | Tadbirlar | Amalga oshirish shakli | Bajarish muddatlari | Masʼul bajaruvchilar |
| I. Sugʻurtalash, sugʻurta faoliyati va sugʻurta nazoratining qonunchilik va normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish | ||||
| 1. | “Transport vositalari egalarining javobgarligini majburiy sugʻurtalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqish. | Qonun loyihasi | 2007-yil II chorak | Moliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Oʻzbekiston transport va transport kommunikatsiyalari uyushmasi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar, sugʻurta kompaniyalari |
| 2. | “Ish beruvchining javobgarligini majburiy sugʻurtalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqish. | Qonun loyihasi | 2007-yil IV chorak | Moliya vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar, sugʻurta kompaniyalari |
| 3. | “Tibbiy sugʻurta toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqish. | Qonun loyihasi | 2007-yil IV chorak | Sogʻliqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar, sugʻurta kompaniyalari |
| 1.2. Amaldagi qonunlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish | ||||
| 4. | “Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqish, unda sugʻurta bozorining professional qatnashchilari tarkibini aniqlashtirish va kengaytirish, ularning huquq va majburiyatlarini, faoliyatni amalga oshirish tartibini belgilash. | Qonun loyihasi | 2007-yil II chorak | Moliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar, sugʻurta kompaniyalari |
| 5. | “Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqish, unda sugʻurta qilinmagan transport vositalarini boshqarayotgan haydovchilar javobgarligini belgilash. | Qonun loyihasi | 2007-yil II chorak | Moliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Oʻzbekiston transport va transport kommunikatsiyalari uyushmasi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar, sugʻurta kompaniyalari |
| 1.3. Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish | ||||
| 6. | Sugʻurtalovchilar moliyaviy-xoʻjalik faoliyati buxgalteriya hisobining hisob raqamlari rejasini va uni qoʻllash boʻyicha yoʻriqnomani ishlab chiqish va tasdiqlash. | Hisob raqamlari rejasi va uni qoʻllash boʻyicha yoʻriqnoma | 2007-yil III chorak | Moliya vazirligi |
| 7. | Sugʻurtalovchilar moliyaviy hisoboti shakllari va ularni toʻldirish qoidalarini ishlab chiqish va tasdiqlash. | Moliyaviy hisobot shakllari va ularni toʻldirish qoidalari | 2007-yil III chorak | Moliya vazirligi |
| 8. | Umumiy sugʻurta va hayotni sugʻurtalash sohasida sugʻurta tariflarini hisoblab chiqarish boʻyicha metodik koʻrsatmalarni ishlab chiqish va tasdiqlash. | Metodik koʻrsatmalar | 2007-yil III chorak | Moliya vazirligi, sugʻurta tashkilotlari |
| 9. | Sugʻurta kompaniyalarini reyting jihatdan baholash boʻyicha metodik tavsiyalarni tayyorlash. | Metodik tavsiyalar | 2007-yil III chorak | Moliya vazirligi, sugʻurta kompaniyalari |
| 10. | Aktuar malaka sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqish va tasdiqlash. | Nizom | 2007-yil III chorak | Moliya vazirligi |
| 11. | Adjaster, aktuar, syurveyer va assistans xizmatlari koʻrsatish faoliyatini tashkil etish boʻyicha metodik tavsiyalar ishlab chiqish. | Metodik tavsiyalar | 2007-yil III chorak | Moliya vazirligi, sugʻurta tashkilotlari |
| 12. | Sugʻurtalovchilar va qayta sugʻurtalovchilarning toʻlovga qodirligi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqish va tasdiqlash. | Nizom | 2007-yil IV chorak | Moliya vazirligi |
| 13. | Sugʻurta kompaniyalarini auditorlar tomonidan tekshirish boʻyicha metodik tavsiyalar ishlab chiqish. | Metodik tavsiyalar | 2007-yil IV chorak | Moliya vazirligi |
| 14. | Sugʻurta faoliyati va sugʻurta nazoratini tartibga soluvchi xalqaro standartlar ayrim normalarini qayta koʻrib chiqish va normativ-huquqiy bazaga joriy etish. | Normativ-huquqiy bazaga oʻzgartirish va qoʻshimchalar | 2007-2008-yillar | Moliya vazirligi |
| 15. | Tadbirkorlik tavakkalchiliklarini (foydani boy berishdan, loyihalashdagi xatoliklardan, bankrotlikdan sugʻurtalash va h. k.) sugʻurtalashning namunaviy qoidalarini ishlab chiqish va tasdiqlash. | Namunaviy qoidalar | 2008-yil I chorak | Moliya vazirligi, sugʻurta kompaniyalari |
| 16. | Biznes sohasi uchun sugʻurta xizmatlari koʻrsatishning yagona talablari va standartlarini belgilash. | Nizom | 2008-yil I chorak | Moliya vazirligi, sugʻurta kompaniyalari |
| 17. | Sugʻurtalovchilarning sugʻurta vositachilari bilan oʻzaro munosabatlarini tartibga soluvchi namunaviy qoidalarni ishlab chiqish va tasdiqlash. | Namunaviy qoidalar | 2008-yil I chorak | Moliya vazirligi, sugʻurta kompaniyalari |
| 18. | Qayta sugʻurtalash xizmatlari koʻrsatishning yagona talablari va standartlarini belgilash. | Nizom | 2008-yil I chorak | Moliya vazirligi, sugʻurta kompaniyalari |
| 19. | Daʼvo ishlarining yagona texnologiyasini joriy etish. | Metodik tavsiyalar | 2008-yil III chorak | Moliya vazirligi, sugʻurta kompaniyalari |
| 20. | Sugʻurtalovchi va qayta sugʻurtalovchining investitsiya faoliyati toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqish va tasdiqlash. | Nizom | 2009-yil I chorak | Moliya vazirligi |
| II. Koʻrsatilayotgan sugʻurta xizmatlari hajmini, koʻlamini kengaytirish va sifatini oshirish | ||||
| 21. | 2007—2010-yillarda sugʻurta xizmatlari hajmini 3 baravar, sugʻurtalovchilar sugʻurta zaxirasini 2,5 baravardan ortiq, sugʻurta kompaniyalari yalpi kapitalini 2 baravardan ortiq koʻpaytirish. | Chora-tadbirlar kompleksi | Ishlab chiqish — 2007-yil II chorak Amalga oshirish — 2007—2010-yillar | Moliya vazirligi, sugʻurta tashkilotlari |
| 22. | Aholi va yuridik shaxslarni, ayniqsa biznesni sugʻurtalash sohasida, shuningdek qishloq joylarda sugʻurtalovchi alohida boʻlinmalar va sugʻurta agentlari sonini koʻpaytirish hisobiga sugʻurta xizmatlari bilan qamrab olish darajasini oshirish. | 2006—2010-yillarda xizmat koʻrsatish sohasi va servisni rivojlantirish dasturiga muvofiq chora-tadbirlar kompleksi | 2007—2010-yillar | Moliya vazirligi, sugʻurta tashkilotlari |
| 23. | Eksport kreditlar va eksport-import operatsiyalarining samarali sugʻurta himoyasini taʼminlovchi eksportni sugʻurtalash boʻyicha yangi kompleks sugʻurta xizmatlari turlarini, shu jumladan siyosiy va tijorat tavakkalchiliklaridan sugʻurtalash, toʻlov muddatini kechiktirish shartlarini sugʻurtalash, “yetkazib beruvchi krediti” tipi boʻyicha sugʻurtalash, “xaridorga kredit” tipi boʻyicha sugʻurtalash, eksport-import kontraktlarini bajarish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish bilan bogʻliq tavakkalchiliklarni sugʻurtalash, eksport-import yuklarini tashishni sugʻurtalash, xorijiy sherikning iqtisodiy nochorligidan (bankrotligidan) sugʻurtalash va boshqa sugʻurta xizmatlari turlarini ishlab chiqish va joriy etish. | Chora-tadbirlar kompleksi | Ishlab chiqish —2007-yil II chorak amalga oshirish — 2007—2010-yillar | Moliya vazirligi, sugʻurta tashkilotlari |
| 24. | Hayotni uzoq muddatli sugʻurtalashni, shu jumladan sugʻurtaning jamgʻarma turlarini (hayotni aralash sugʻurtalash, nikohdan oʻtishni sugʻurtalash, annuitetlarni sugʻurtalash, qoʻshimcha pensiyani sugʻurtalash, taʼlim olish xarajatlarini sugʻurtalash, davolanishni, shu jumladan chet elda davolanishni sugʻurtalash, balogʻat yoshiga yetganlikni sugʻurtalash va boshqalar) kengaytirish. | Chora-tadbirlar kompleksi | Ishlab chiqish — 2007-yil IV chorak Amalga oshirish — 2008—2010-yillar | Moliya vazirligi, sugʻurta tashkilotlari |
| 25. | Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini sugʻurtalashni jadal rivojlantirish, biznesni sugʻurtalash sohasida (bankrotlikdan, foydani boy berishdan, koʻzda tutilmagan xarajatlardan, sud xarajatlaridan, professional javobgarlikdan va shu kabilardan sugʻurtalash) sugʻurtaning yangi turlarini joriy etish, ularning aniq manzilliligi, tabaqalashtirilganligi, sifati va samaradorligini oshirish. | Chora-tadbirlar kompleksi | Ishlab chiqish — 2008-yil I chorak Amalga oshirish — 2008—2010-yillar | Moliya vazirligi, sugʻurta tashkilotlari |
| 26. | Sugʻurta xizmatlariga talabni baholash boʻyicha marketing tadqiqotlarini, sugʻurta bozorini rivojlantirish boʻyicha tahliliy ishlanmalarni tashkil etish. | Marketing va boshqa tahliliy tadqiqotlar | 2007-yil III chorakdan boshlab doimo | Sugʻurta bozorining professional qatnashchilari uyushmasi |
| 27. | Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sugʻurta nazorati davlat inspeksiyasida maʼlumotlarni yigʻish va qayta ishlashning avtomatlashtirilgan tizimini ishlab chiqish va joriy etish. | Avtomatlashtirilgan tizim | 2008-yil II chorak | Moliya vazirligi |
| 28. | Tavakkalchiliklarning barvaqt oldini olish boʻyicha test oʻtkazishning tavakkalchiliklarni baholash tizimiga asoslangan mexanizmini ishlab chiqish va joriy etish. | Chora-tadbirlar kompleksi | 2008-yil IV chorakdan boshlab | Moliya vazirligi |
| 29. | Oʻzbekistonning Sugʻurta nazorati organlari xalqaro uyushmasiga kirishi boʻyicha chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish. | Chora-tadbirlar kompleksi | 2008-yil mobaynida | Moliya vazirligi |
| 30. | Sugʻurta bozorining professional qatnashchilari va ularning birlashmalari bilan birgalikda aholi oʻrtasida sugʻurta madaniyatini oshirish boʻyicha maʼrifiy va tushuntirish ishlarini amalga oshirish. | Seminarlar, radio va televideniyeda eshittirishlar, koʻrsatuvlar va reklama kompaniyalari, ommaviy axborot vositalarida materiallar eʼlon qilish | doimo | Moliya vazirligi, sugʻurta kompaniyalari |
| 31. | Aholini sugʻurta bozoridagi, shu jumladan sugʻurta agentlarining noqonuniy yoxud qonunga xilof faoliyati toʻgʻrisida xabardor qilish. | Ommaviy axborot vositalarida axborotlar berish | doimo | Moliya vazirligi, sugʻurta kompaniyalari |
| III. Mamlakat sugʻurta bozorining ochiq-oydinligini va ishonchliligini taʼminlash, sugʻurtalovchilarning kapitallashuv darajasini oshirish, ularning moliyaviy barqarorligini va toʻlovga qodirligini mustahkamlash | ||||
| 32. | Faoliyat koʻrsatayotgan sugʻurta kompaniyalarining ustav kapitallarini sugʻurta faoliyatining amalga oshirilayotgan turlaridan kelib chiqqan holda belgilangan eng kam miqdorlargacha koʻpaytirish. | Chora-tadbirlar kompleksi | 2008-yil 1-yanvargacha | Moliya vazirligi, sugʻurta kompaniyalari |
| 33. | Ustav kapitalining eng kam miqdorini belgilangan muddatlarda shakllantirishni taʼminlash imkoniyatiga ega boʻlmagan sugʻurtalovchilarni aniqlash chora-tadbirlari kompleksini amalga oshirish, ularga sugʻurta faoliyati sohasini oʻzgartirishda va qayta tashkil etishda (qoʻshilish, birlashishda) koʻmaklashish. | Chora-tadbirlar kompleksi | 2007-yil II chorak | Moliya vazirligi |
| 34. | “Oʻzagrosugʻurta”, “Kafolat” davlat-aksiyadorlik sugʻurta kompaniyalari va aksiyadorlik kompaniyasiga aylantirilayotgan “Oʻzbekinvest” kompaniyasi ustav fondlaridagi davlat ulushlarini sotish. | Tadbirlar | Hukumatning tegishli qarorlarida belgilangan muddatlarda | Davlat mulki qoʻmitasi, Moliya vazirligi, “Oʻzagrosugʻurta”, “Kafolat” davlat-aksiyadorlik sugʻurta kompaniyalari, “Oʻzbekinvest” kompaniyasi |
| 35. | Xorijiy kapital ishtirokida sugʻurta kompaniyalari tashkil etishni ragʻbatlantirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish. | Chora-tadbirlar kompleksi | 2007-yil II chorak | Moliya vazirligi, sugʻurta kompaniyalari |
| IV. Sugʻurta sohasi xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish | ||||
| 36. | Bank-moliya akademiyasi huzurida sugʻurta bozorining professional qatnashchilari xodimlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash boʻyicha doimiy faoliyat koʻrsatadigan ixtisoslashtirilgan kurslar tashkil etish. | Ixtisoslashtirilgan oʻquv kurslari | 2007-yil III chorak | Sugʻurta bozorining professional qatnashchilari uyushmasi, Bank-moliya akademiyasi |
| 37. | Sugʻurta bozorining professional qatnashchilari xodimlari uchun sugʻurtalash va sugʻurta faoliyatining dolzarb masalalari boʻyicha oʻquv-amaliy konferensiyalar va seminarlar tashkil etish. | Konferensiyalar va seminarlar | muntazam ravishda | Sugʻurta bozorining professional qatnashchilari uyushmasi, sugʻurta kompaniyalari, sugʻurta bozorining boshqa professional qatnashchilari |
| 38. | Koʻrsatib oʻtilgan tuzilmalarning qoʻshadigan ulushi hisobiga sugʻurta bozorining professional qatnashchilari xodimlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash oʻquv markazini tashkil etish. | Chora-tadbirlar kompleksi | 2008-yil I chorak | Sugʻurta bozorining professional qatnashchilari uyushmasi, sugʻurta kompaniyalari, sugʻurta bozorining boshqa professional qatnashchilari |
| 39. | Sugʻurta bozorining professional qatnashchilari uchun professional etika normalarini ishlab chiqish. | Professional etika normalari | 2008-yil II chorak | Sugʻurta bozorining professional qatnashchilari uyushmasi, sugʻurta kompaniyalari, sugʻurta bozorining boshqa professional qatnashchilari |
Sugʻurta bozorining professional qatnashchilari toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom “Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga, boshqa qonun hujjatlariga muvofiq ishlab chiqilgan va sugʻurta bozorining professional qatnashchilari faoliyati xususiyatlarini belgilaydi.
Mazkur Nizomning amal qilishi davlat ijtimoiy sugʻurtasiga tatbiq etilmaydi.
2. Sugʻurtalovchilar, sugʻurta vositachilari (sugʻurta brokeri, qayta sugʻurtalovchi broker, sugʻurta agenti), aktuar, adjaster, syurveyer xizmatlari, shuningdek assistans xizmatlari koʻrsatadigan yuridik va jismoniy shaxslar sugʻurta bozorining professional qatnashchilari hisoblanadi.
3. Sugʻurtalovchilar va sugʻurta brokerlarini davlat roʻyxatiga olish Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan, sugʻurta bozorining boshqa professional qatnashchilarini davlat roʻyxatiga olish esa — qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tumanlar va shaharlar hokimliklari huzuridagi tadbirkorlik subyektlarini roʻyxatga olish inspeksiyalari tomonidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Sugʻurtalovchilar va sugʻurta brokerlarining faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan beriladigan maxsus ruxsatnomalar (litsenziyalar) asosida amalga oshiriladi.
Sugʻurtalovchilar va sugʻurta brokerlari faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun litsenziyalar berish, ularning amal qilishini toʻxtatish va bekor qilish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
5. Aktuar, adjaster, syurveyer xizmatlari hamda assistans xizmatlari koʻrsatadigan yuridik va jismoniy shaxslar:
sugʻurtalovchi sifatida sugʻurtalash va qayta sugʻurtalash operatsiyalarini oʻtkazish;
sugʻurtalash boʻyicha vositachilik faoliyatini amalga oshirish;
sugʻurtalovchilarning ustav fondlarida qatnashish huquqiga ega emas.
6. Sugʻurta bozorining professional qatnashchilari oʻz faoliyatini muvofiqlashtirish, umumiy manfaatlarni himoya qilish va ifodalash hamda umumiy vazifalarni hal etish uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda notijorat tashkilotlar hisoblangan oʻz uyushmalari va ittifoqlarini tuzishga haqlidir.
Sugʻurta bozorining professional qatnashchilari uyushmalari va ittifoqlaridan sugʻurta bozorini monopoliya qilishga yoʻnaltirilgan bitimlarga erishish uchun foydalanilishi mumkin emas.
II. Sugʻurtalovchilar
7. Sugʻurtalovchi — bu tijorat tashkiloti hisoblanadigan, tegishli turdagi sugʻurtalashni amalga oshirish uchun litsenziyaga ega boʻlgan va sugʻurta shartnomasiga muvofiq sugʻurta toʻlovi (sugʻurta puli) toʻlash majburiyatini oʻz zimmasiga oladigan yuridik shaxs.
8. Sugʻurtalovchilar qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tashkiliy-huquqiy shakllarda tashkil etiladi.
Davlat sugʻurta tashkilotlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari asosida tashkil etiladi.
9. Sugʻurtalovchi ustav kapitalining kamida toʻqson foizi muassislar (qatnashchilar)ning pul mablagʻlaridan shakllantiriladi.
Sugʻurtalovchining ustav kapitalini shakllantirish uchun kreditga olingan, garovga qoʻyilgan mablagʻlardan va jalb etilgan boshqa mablagʻlardan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Sugʻurtalovchining boshlangʻich ustav kapitali litsenziya olinishi paytida qatnashchilar tomonidan shakllantirilishi va mazkur Nizomda belgilangan ustav kapitalining eng kam miqdoridan kam boʻlishi mumkin emas.
10. Ustav kapitalining eng kam miqdorlari:
umumiy sugʻurtalash tarmogʻida faoliyatni amalga oshiradigan sugʻurtalovchilar uchun — 500 ming AQSh dollariga teng boʻlgan summani;
hayotni sugʻurtalash tarmogʻida faoliyatni amalga oshiradigan sugʻurtalovchilar uchun — 750 ming AQSh dollariga teng boʻlgan summani;
majburiy sugʻurtalash boʻyicha faoliyatni amalga oshiradigan sugʻurtalovchilar uchun — 1000 ming AQSh dollariga teng boʻlgan summani;
faqat qayta sugʻurtalash boʻyicha faoliyatni amalga oshiradigan sugʻurtalovchilar uchun — 3000 ming AQSh dollariga teng boʻlgan summani tashkil etadi.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Hayotni sugʻurtalash tarmogʻida sugʻurta faoliyatini amalga oshirayotgan sugʻurtalovchi umumiy sugʻurtalash tarmogʻida sugʻurta faoliyatini amalga oshirishga haqli emas, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan umumiy sugʻurtalash tarmogʻining ayrim turlari (darajalari) bundan mustasno. Umumiy sugʻurtalash tarmogʻida sugʻurta faoliyatini amalga oshirayotgan sugʻurtalovchi hayotni sugʻurtalash tarmogʻida sugʻurta faoliyatini amalga oshirishga haqli emas.
Litsenziyada sugʻurtalovchi amalga oshirishni moʻljallayotgan sugʻurta turlari (darajalari) koʻrsatiladi.
12. Sugʻurtalovchi quyidagi huquqlarga ega:
qonun hujjatlarida belgilanadigan tartibda va shartlarda sugʻurtalash (qayta sugʻurtalash) shartnomalarini tuzish va bajarish;
oʻz majburiyatlarini belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida qayta sugʻurtalash;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilanadigan tartibda va shartlarda investitsiya faoliyatini amalga oshirish;
sugʻurtalash (qayta sugʻurtalash) sohasida mutaxassislarning malakasini oshirish, shuningdek sugʻurta agenti sifatida sugʻurta vositachiligi bilan bogʻliq boʻlgan faoliyatni amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilanadigan tartibda va shartlarda sugʻurta hodisalari yuz berishining oldini olish va ogohlantirish chora-tadbirlarini moliyalashtirish;
qonun hujjatlariga muvofiq sugʻurtalovchi tomonidan amalga oshirilayotgan sugʻurta turlari boʻyicha qoidalar (shartlar)ni belgilash;
huquqni muhofaza qilish organlari, sudlar, tibbiyot, seysmologiya, veterinariya, gidrometeorologiya tashkilotlaridan va boshqa tashkilotlardan sugʻurta tovoni miqdorini belgilash uchun zarur boʻlgan tegishli axborot va hujjatlarni belgilangan tartibda soʻrash va olish;
sugʻurta agentlari, sugʻurtalash va qayta sugʻurtalash brokerlari, sugʻurta bozorining boshqa professional qatnashchilari bilan tegishli shartnomalar tuzish;
qonun hujjatlarida va yoki sugʻurtalash (qayta sugʻurtalash) shartnomasida belgilangan hollarda va tartibda sugʻurta tovonini tiklashni rad etish, sugʻurta shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish;
sugʻurtalash (qayta sugʻurtalash) shartnomasida nazarda tutilgan tartibda sugʻurtalanuvchi tomonidan maʼlum qilingan axborotni tekshirish, sugʻurtalanuvchi tomonidan sugʻurta shartnomasi talablari va shartlari bajarilishini nazorat qilish;
xorijiy sugʻurtalovchilarga syurveyer va adjaster xizmatlari koʻrsatish;
ilgari sugʻurtalovchi tomonidan oʻz ehtiyojlari uchun olingan yoki sugʻurta shartnomasini amalga oshirish natijasida uning ixtiyoriga berilgan mol-mulkni sotish yoki ijaraga berish;
Oʻzbekiston Respublikasining reyting tashkilotlari va xorijiy reyting tashkilotlari reytingini olish;
oʻzining alohida boʻlinmalarini tashkil etish.
Sugʻurtalovchi qonun hujjatlariga va oʻzi tuzgan shartnomalarga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
13. Sugʻurtalovchi quyidagilarga majbur:
sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya qilish;
qonun hujjatlari talablariga muvofiq sugʻurta faoliyatini amalga oshirishda olingan axborotning maxfiyligini taʼminlash;
oʻzi vakolat bergan sugʻurta agentlari reyestrini yuritish;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining talabi boʻyicha qonun hujjatlarida belgilangan axborotni taqdim etish;
sugʻurta hodisasi yuz berganda qonun hujjatlarida yoki sugʻurtalash (qayta sugʻurtalash) shartnomasida nazarda tutilgan muddatlarda barcha zarur hisob-kitoblarni amalga oshirish va sugʻurta tovoni toʻlash;
firmaning nomi, tashkiliy-huquqiy shakli yoki joylashgan joyi oʻzgargan taqdirda bu haqdagi axborotni ommaviy axborot vositalari orqali sugʻurtalanuvchilar eʼtiboriga yetkazish, oʻzi bajarayotgan bir yildan ortiq muddatli sugʻurtalash (qayta sugʻurtalash) shartnomasi boʻyicha esa — yozma shaklda yetkazish;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilanadigan tartibda va shartlarda sugʻurta zaxiralarini shakllantirish va joylashtirish;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda har yili majburiy auditorlik tekshiruvidan oʻtish;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilangan tartibda bir yilda kamida bir marta aktuar tekshiruvdan oʻtish;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilangan shakllar boʻyicha, tartibda va muddatlarda yillik moliyaviy hisobotni eʼlon qilish;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda buxgalteriya hisobini yuritish, moliyaviy, statistik, soliq axborotini va boshqa axborotni tuzish.
Sugʻurtalovchi qonun hujjatlariga va oʻzi tuzgan shartnomalarga muvofiq boshqa majburiyatlar ham olishi mumkin.
14. Sugʻurtalovchilar sugʻurtani amalga oshirish bilan bevosita bogʻliq boʻlmagan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishlari mumkin emas, qonun hujjatlarida va mazkur Nizomda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
III. Sugʻurtalash va qayta sugʻurtalash brokerlari
15. Sugʻurtalash brokeri — sugʻurtalanuvchining nomidan va uning topshirigʻi boʻyicha sugʻurta shartnomasi tuzish va uni bajarishni tashkil etish faoliyatini amalga oshiradigan yuridik shaxs. Sugʻurtalash brokeri faoliyati sugʻurta sohasidagi faoliyatning boshqa turlari bilan qoʻshib olib borilishi mumkin emas, qayta sugʻurtalash brokerining faoliyati bundan mustasno.
Qayta sugʻurtalash brokeri — oʻz nomidan va sugʻurtalovchining topshirigʻi boʻyicha qayta sugʻurtalash shartnomasini tuzish va bajarishni tashkil etish faoliyatini amalga oshiradigan, qayta sugʻurtalash shartnomasi boʻyicha sugʻurtalanuvchi sifatida ish koʻradigan yuridik shaxs.
Sugʻurtalash va qayta sugʻurtalash brokerlari sugʻurtalovchilarning ustav kapitallarida qatnashishga haqli emas.
16. Sugʻurtalash va qayta sugʻurtalash brokerlari quyidagi huquqlarga ega:
oʻz vakolatlari doirasida sugʻurtalash (qayta sugʻurtalash)ning har qanday turi boʻyicha vositachilik faoliyatini amalga oshirish;
sugʻurtalovchidan litsenziya mavjudligi, ustav fondi miqdorlari, sugʻurta zaxiralari va qabul qilingan majburiyatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, shuningdek uning toʻlovga qodirligi va moliyaviy barqarorligining boshqa koʻrsatkichlarini olish;
ekspert va maslahat xizmatlari koʻrsatish;
qonun hujjatlarida va shartnomada belgilangan boshqa huquqlar.
17. Sugʻurtalash va qayta sugʻurtalash brokerlari quyidagilarga majbur:
sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya qilish;
mijozlarning soʻrovlari boʻyicha sugʻurta shartnomasi tuzish va bajarish boʻyicha toʻliq, ishonchli va xolisona axborotni taqdim etish;
mijozning tijorat siri va boshqa sirini tashkil etadigan maʼlumotlarni oshkor qilmaslik;
sugʻurta bitimlari va operatsiyalarini tuzishda mustaqillik va betaraflikka rioya qilish;
qonun hujjatlarida va shartnomada belgilangan boshqa majburiyatlarni bajarish.
18. Sugʻurtalash (qayta sugʻurtalash) brokeri oʻzi bilan sugʻurtalanuvchi oʻrtasida tuzilgan shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatadi.
Sugʻurtalash (qayta sugʻurtalash) brokerlari xizmatlariga haq toʻlash vositachilik taqdirlash puli shaklida amalga oshiriladi, uning miqdori shartnomada belgilanadi.
19. Sugʻurtalash va qayta sugʻurtalash brokerlari sugʻurta turlari boʻyicha tushuntirish ishlari olib boradilar, sugʻurtalovchilar tomonidan taklif etilgan dasturlar va sugʻurtalash (qayta sugʻurtalash) shartlarini ularning samaradorligi yuzasidan tekshiradilar va ulardan eng maqbul variantni tanlab oladilar.
IV. Sugʻurta agentlari
20. Sugʻurta agenti — sugʻurtalovchining nomidan va uning topshirigʻi boʻyicha sugʻurta shartnomasi tuzish va uni bajarishni tashkil etish faoliyatini amalga oshiradigan yuridik yoki jismoniy shaxs.
Sugʻurtalovchining boshqaruv organlari rahbarlari sugʻurta agenti boʻlishi mumkin emas.
21. Sugʻurta agenti quyidagi huquqlarga ega:
sugʻurtalovchi tomonidan berilgan vakolatlar doirasida, shu jumladan sugʻurtaning majburiy turlari boʻyicha sugʻurtaning har qanday turi boʻyicha vositachilik faoliyatini amalga oshirish;
sugʻurtaga qabul qilinayotgan sugʻurta tavakkalchiligini baholashda, sugʻurta hodisasi yuz berganda sugʻurta toʻlovini toʻlashda va shuningdek sugʻurtalanuvchi tomonidan sugʻurta mukofoti toʻliq hajmda va sugʻurta shartnomasida belgilangan muddatlarda toʻlanishida zarur yordam berish;
sugʻurtalovchidan litsenziya mavjudligi, ustav fondi miqdorlari, sugʻurta zaxiralari va qabul qilingan majburiyatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, shuningdek uning toʻlovga qodirligi va moliyaviy barqarorligining boshqa koʻrsatkichlarini olish;
sugʻurta shartnomasini tuzish uchun zarur hujjatlarni (sugʻurta polisini) tayyorlash va rasmiylashtirish;
sugʻurtalanuvchidan qabul qilib olinayotgan tavakkalchiliklar toʻgʻrisida sugʻurtalovchiga toʻliqroq axborot berish maqsadida sugʻurtalanuvchining shaxsiy hayotiga xalaqit qilmasdan umumiy maʼlum boʻlgan manbalardan tavakkalchilik va sugʻurtalanuvchi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻplash;
qonun hujjatlarida va shartnomada belgilangan boshqa huquqlar.
22. Sugʻurta agenti quyidagilarga majbur:
sugʻurta shartnomasi tuzishda va sugʻurta tovonini toʻlashda hujjatlarni, shuningdek sugʻurtaga oid boshqa hujjatlarni toʻgʻri va oʻz vaqtida rasmiylashtirishga koʻmaklashishga;
sugʻurta tariflari, sugʻurtalovchilar tomonidan taklif etilayotgan sugʻurtalash shartlari, litsenziya mavjudligi, ustav fondi miqdorlari, sugʻurta zaxiralari va qabul qilingan majburiyatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, shuningdek uning toʻlovga qodirligi va moliyaviy barqarorligining boshqa koʻrsatkichlari toʻgʻrisidagi axborotga ega boʻlish;
sugʻurta shartnomasini rasmiylashtirishda sugʻurtalanuvchi toʻgʻrisidagi imkoni boʻlgan axborotlarga ega boʻlish, unga sugʻurta tavakkalchiligini pasaytirishga va sugʻurta hodisasi yuz berishi ehtimolini kamaytirishga yoʻnaltirilgan aniq chora-tadbirlarni amalga oshirishni taklif etish;
ishda qonun hujjatlari, shu jumladan mazkur Nizom talablariga qatʼiy amal qilish;
sugʻurtalanuvchilarga ularning soʻrovlari boʻyicha sugʻurtalashning amaldagi shartlari toʻgʻrisida batafsil va toʻgʻri axborot berish;
sugʻurta hujjatlarida nazarda tutilgan rekvizitlarni oʻchirib yozishga, tozalashga va tuzatishlarga yoʻl qoʻymasdan tartibli va aniq toʻldirgan holda sugʻurta shartnomalarini yangi muddatga toʻgʻri tuzish va oʻz vaqtida qayta rasmiylashtirish;
belgilangan shakllar boʻyicha tuzilgan sugʻurta shartnomalari va olingan sugʻurta mukofoti summalari hisobini yuritish;
sugʻurta hujjatlarining saqlanishini taʼminlash;
mijozning tijorat sirini yoki boshqa sirini tashkil etgan holatlarga nisbatan maxfiylikni saqlash;
sugʻurtalovchi tomonidan sugʻurta shartnomasi mobaynida tavakkalchilik shart-sharoitlari jiddiy ravishda oʻzgarishiga tegishli har qanday axborot oʻz vaqtida olinishini, shuningdek sugʻurta eʼtirozlari paydo boʻlganda va ularni tartibga solish jarayonida sugʻurtalovchi va sugʻurtalanuvchi oʻrtasida axborotlarning oʻz vaqtida va sifatli ayirboshlanishini taʼminlash;
tegishli bitim mavjud boʻlgan taqdirda sugʻurtalovchining topshirigʻi boʻyicha va uning hisobidan sugʻurta toʻlovlari toʻlanishini tashkil etish;
qonun hujjatlarida va shartnomada belgilangan boshqa majburiyatlarni bajarish.
23. Sugʻurta agentlari oʻz faoliyatini sugʻurtalovchilar bilan tuzilgan topshiriq shartnomalari (agent bitimlari) asosida amalga oshiradilar.
Sugʻurta agenti oʻz faoliyatini faqat oʻzi shartnoma (agent bitimi) tuzgan sugʻurtalovchining reyestriga kiritilgandan keyin amalga oshirishi mumkin.
Sugʻurta agentlari xizmatlariga haq toʻlash sugʻurta agenti bilan tuzilgan sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurta mukofotlari (toʻlovlar)dan vositachilik taqdirlash puli shaklida amalga oshiriladi.
24. Quyidagilarga:
sugʻurta agentlari tomonidan tegishli litsenziyalarni olmagan sugʻurtalovchilar nomidan sugʻurta shartnomalari tuzilishiga;
agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida boshqacha qoidalar nazarda tutilmagan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi hududida belgilangan tartibda roʻyxatga olinmagan xorijiy sugʻurta tashkilotlari nomidan sugʻurta shartnomalari tuzish bilan bogʻliq boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi hududida sugʻurta boʻyicha sugʻurta agentlarining vositachilik faoliyatiga yoʻl qoʻyilmaydi.
25. Sugʻurta agentlari — jismoniy shaxslar sugʻurta shartnomalari boʻyicha oʻz nomlariga, toʻlovlar amalga oshirilganda esa yaqin qarindoshlari (otasi, onasi, xotini, eri, oʻgʻli, qizi, opa-singillari va aka-ukalari) nomiga hujjatlarni yozishga, shuningdek oʻz foydasiga sugʻurta shartnomasi tuzishga va bunda ushbu sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurta agenti sifatida ish koʻrishga haqli emas.
V. Adjaster xizmatlari koʻrsatadigan yuridik va jismoniy shaxslar (adjasterlar va adjaster tashkilotlari)
26. Adjaster yoki adjaster tashkiloti — bu sugʻurtalovchining topshirigʻi boʻyicha quyidagi xizmatlarni koʻrsatadigan tegishli ravishda jismoniy yoki yuridik shaxs:
sugʻurta hodisasi yuz bergandan keyin sugʻurta obyektini koʻzdan kechirish va tekshirish;
sugʻurta hodisasining holatlari va tavakkalchilik majburiyatlarini tahlil qilish;
sugʻurta obyekti shikastlanishi sabablarini va sugʻurta hodisasi mavjudligini aniqlash;
sugʻurta hodisasi mavjud boʻlgan taqdirda sugʻurta hodisasi oqibatida paydo boʻlgan shikastlanish darajasi va zarar miqdorini aniqlash;
sugʻurtalovchining majburiyatlaridan kelib chiqib toʻlanishi kerak boʻlgan sugʻurta tovoni summasini aniqlash;
sugʻurtalovchi uchun sugʻurta hodisasi boʻyicha ekspert xulosa tuzish.
Adjaster (adjaster tashkiloti) oʻz faoliyatini sugʻurtalovchi (sugʻurtalanuvchi) bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq amalga oshiradi.
27. Adjaster (adjaster tashkiloti) quyidagi huquqlarga ega:
oʻzi adjaster xizmatlari koʻrsatadigan sugʻurtalovchi (sugʻurtalanuvchi)ni erkin tanlash;
sugʻurta voqeasi (sugʻurta hodisasi)ni oʻrganish uchun sugʻurtalovchi (sugʻurtalanuvchi)dan zarur axborotni soʻrash va olish;
sugʻurta hodisasi yuz bergandan soʻng sugʻurta obyektini koʻzdan kechirish va tekshirish;
oʻzi obyektni sirtdan koʻzdan kechirganligi toʻgʻrisidagi dalolatnomani rasmiylashtirish (zaruriyat boʻlganda texnik vositalarni qoʻllagan holda);
faoliyati sugʻurta obyektlariga daxldor boʻlgan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlaridan yuridik ahamiyatga ega boʻlgan zarur maʼlumotlarni belgilangan tartibda soʻrash va olish;
qonun hujjatlarida va shartnomada belgilangan boshqa huquqlar.
28. Adjaster (adjaster tashkiloti) quyidagilarga majbur:
tegishli bilimlarga ega boʻlish yoki oʻz shtatida tegishli professional bilim va koʻnikmalarga ega boʻlgan mutaxassislarga ega boʻlish;
sugʻurta hujjatlari saqlanishini taʼminlash;
mijozning tijorat siri yoki boshqa sirini tashkil etadigan holatlarga nisbatan maxfiylikni saqlash;
maxsus oʻrganishni talab etadigan maʼlumotlarni toʻgʻri va oʻz vaqtida tahlil qilish uchun mumkin boʻlgan chora-tadbirlarni koʻrish;
qonun hujjatlarida va shartnomada belgilangan boshqa majburiyatlarni bajarish.
29. Adjaster xizmati koʻrsatilishi natijalari ekspert hisobot shaklida rasmiylashtiriladi, undan sugʻurtalovchi tomonidan zararlarni toʻlashda va sud nizolarini hal etishda foydalanilishi mumkin.
Adjaster (adjaster tashkiloti)ning ekspert hisobotidagi xulosalar mustaqil sugʻurta ekspertizasi davomida qayta koʻrib chiqilishi mumkin.
VI. Aktuar xizmatlari koʻrsatuvchi yuridik va jismoniy shaxslar (aktuarlar va aktuar tashkilotlar)
30. Aktuariy yoki aktuar tashkilot — bu tegishli ravishda quyidagilarni oʻz ichiga oladigan aktuar xizmatlar koʻrsatuvchi jismoniy yoki yuridik shaxs:
sugʻurta hodisasi yuz berishining matematik jihatdan muqarrarligi hisobini amalga oshirish, ham alohida tavakkalchilik guruhlarida, ham umuman jami sugʻurta boʻyicha zarar yetkazish oqibatlari ogʻirligi chastotalari va darajasini aniqlash;
sugʻurtalovchining (qayta sugʻurtalovchining) zarur sugʻurta zaxiralari va fondlarini matematik asoslash va hisoblash, ularni shakllantirish metodlarini ishlab chiqish;
sugʻurtalovchi tomonidan investitsiyalar sifatida yigʻilgan badallardan foydalanishda kapital qoʻyish normasi va netto-stavka miqdori oʻrtasidagi bogʻliqlikni belgilash, bu tarif stavkalarini investitsiya daromadi summasiga kamaytirishga koʻmaklashadi;
sugʻurtalash jarayonini tashkil etish uchun zarur xarajatlarni asoslash va sugʻurta xizmatlari tannarxini hisoblash;
sugʻurtalashning (qayta sugʻurtalashning) har bir turi boʻyicha tarif stavkalarini sugʻurtalovchilar uchun ularni oʻtkazishning uzoq muddatli va qisqa muddatli xarakterini hisobga olgan holda belgilash;
sugʻurtalovchining (qayta sugʻurtalovchining) investitsiya faoliyati natijalarini aktuar hisoblashdan foydalangan holda baholash;
sugʻurtalovchining (qayta sugʻurtalovchining) daromadlarini sugʻurtalash (qayta sugʻurtalash)ning har xil turlari boʻyicha rejalashtirish.
Aktuariy (aktuar tashkilot) faqat aktuar faoliyatni amalga oshirishga haqlidir.
Aktuariy (aktuar tashkilot) oʻz faoliyatini sugʻurtalovchi bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq amalga oshiradi.
31. Aktuariy (aktuar tashkilot) quyidagi huquqlarga ega:
sugʻurtalovchilar bilan aktuar xizmatlari koʻrsatish boʻyicha mustaqil ravishda shartnoma tuzish;
ishonchli aktuar xulosa tuzish uchun zarur boʻlgan barcha axborotlar sugʻurtalovchi tomonidan taqdim etilmagan taqdirda aktuar tekshirish oʻtkazishni rad etish;
aktuar tekshirish oʻtkazishda qatnashishga boshqa aktuariylar va boshqa mutaxassislarni belgilangan tartibda jalb etish;
qonun hujjatlariga va shartnomaga muvofiq boshqa huquqlar.
32. Aktuariy (aktuar tashkilot) quyidagilarga majbur:
qonun hujjatlari talablariga rioya qilish;
aktuar tekshirishni amalga oshirishda olingan axborotning maxfiyligiga rioya qilish;
aktuar xulosada aktuar hisoblashlarning kamchiliklarini va ularni bartaraf etish boʻyicha takliflarni aks ettirish;
qonun hujjatlariga va shartnomaga muvofiq boshqa majburiyatlarni bajarish.
33. Aktuariy, agar u aktuar tashkilot shtatida turgan boʻlsa yoki uning bilan aktuar tashkilot oʻrtasida fuqarolik — huquqiy tusdagi shartnoma tuzilgan boʻlsa aktuar tekshirishni oʻtkazishga jalb etilishi mumkin.
Aktuariy aktuar tashkilot oldida sifatsiz aktuar tekshiruvni oʻtkazish, tijorat sirini oshkora qilish va aktuar tashkilot uchun zarar yetkazgan boshqa xatti-harakatlar natijasida yetkazilgan zarar yuzasidan javob beradi.
34. Aktuarlar aktuar xizmatlari koʻrsatish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilangan tartibda aktuariy malaka sertifikatini olishi shart.
Aktuar tashkilotlar oʻz shtatida aktuariy malaka sertifikatiga ega boʻlgan kamida 1 aktuarga ega boʻlishi kerak.
35. Aktuar tashkilot (aktuariy) faoliyati natijalari hisobot tarzida rasmiylashtiriladi. Aktuar tashkilot (aktuariy) hisobotidagi xulosalar mustaqil ekspertiza davomida qayta koʻrib chiqilishi mumkin.
VII. Assistans xizmatlari koʻrsatuvchi yuridik va jismoniy shaxslar
36. Assistans xizmatlari koʻrsatuvchi yuridik va jismoniy shaxslar sugʻurtalash shartnomasi doirasida sugʻurtalanuvchilarga (sugʻurtalangan shaxslarga, foyda koʻruvchilarga) hamda sugʻurtalovchilarga texnik, tibbiy va boshqa xizmatlar koʻrsatadilar, shuningdek ularga moliyaviy yordam koʻrsatadilar.
Assistans xizmatlari koʻrsatuvchi yuridik va jismoniy shaxslar oʻz faoliyatini sugʻurtalovchi bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq amalga oshiradilar.
Assistans xizmatlariga faqat sugʻurtalovchilar tomonidan, sugʻurtalanuvchilar (sugʻurtalangan shaxslar)ning ishtirokisiz haq toʻlanadi.
37. Assistans xizmatlari koʻrsatuvchi yuridik va jismoniy shaxslar quyidagi huquqlarga ega:
sugʻurtalovchilar bilan assistans xizmatlari koʻrsatish boʻyicha mustaqil ravishda shartnoma tuzish;
sugʻurtalovchi tomonidan assistans xizmatlari koʻrsatish uchun zarur boʻlgan barcha axborotlar taqdim etilmagan taqdirda assitans xizmatlari koʻrsatishni rad etish;
assistans xizmatlari koʻrsatishga zarur mutaxassislarni belgilangan tartibda jalb etish;
assistans xizmatlari koʻrsatish yuzasidan shartnomaga muvofiq majburiyatlarning bajarilishini talab qilish;
qonun hujjatlari va shartnomada nazarda tutilgan boshqa huquqlar.
38. Assistans xizmatlari koʻrsatuvchi yuridik va jismoniy shaxslar quyidagilarga majbur:
sugʻurtalanuvchilardan (sugʻurtalangan shaxslardan) sugʻurta hodisalari (holatlari) toʻgʻrisidagi xabarlarning kecha-kunduz qabul qilinishini tashkil etish va sugʻurtalanuvchilarga (sugʻurtalangan shaxslarga) sugʻurta shartnomasi doirasida, taqdim etilgan sugʻurta polisi asosida zarur yordam koʻrsatish;
sugʻurtalash hollarini koʻrib chiqish va tartibga solish chora-tadbirlarini koʻrish;
sugʻurtalanuvchilarga (sugʻurtalangan shaxslarga) chaqiruv qabul qilingan vaqtdan boshlab imkoni boricha eng qisqa muddatlarda zudlik bilan zarur yordam va xizmatlar koʻrsatishning tashkil etilishini taʼminlash;
qonun hujjatlariga va shartnomaga muvofiq boshqa majburiyatni bajarish.
VIII. Syurveyer sugʻurta xizmatlari koʻrsatuvchi yuridik va jismoniy shaxslar (sugʻurta syurveyeri)
39. Sugʻurta syurveyeri — quyidagilar boʻyicha xizmatlar koʻrsatuvchi yuridik yoki jismoniy shaxs:
sugʻurta shartnomasi tuzilgungacha sugʻurta obyektini koʻzdan kechirish va tekshirish;
barcha faktlarni va tavakkalchilik holatlarini tahlil qilish, sugʻurta shartnomasi tuzilgungacha tavakkalchilik darajasini aniqlash;
sugʻurtalashning tekshirilayotgan obyekti boʻyicha ekspert xulosasi tuzish.
Sugʻurta ekspertizasi oʻtkazishga vakolatli sugʻurta syurveyeri mutaxassislari (ekspertlari)ning ish tartibi sugʻurta syurveyerining ichki hujjatlarida belgilanadi.
Sugʻurta syurveyeri oʻz faoliyatini sugʻurtalovchi (sugʻurtalanuvchi) bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq amalga oshiradi.
40. Sugʻurta syurveyeri quyidagi huquqlarga ega:
xizmatlar koʻrsatiladigan sugʻurtalovchini (sugʻurtalanuvchini) erkin tanlash;
sugʻurta obyektini oʻrganish uchun sugʻurtalanuvchidan (sugʻurtalovchidan) zarur axborotlarni soʻrash va olish;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlaridan, faoliyati sugʻurta obyektlariga taalluqli boʻlgan boshqa tashkilotlardan zarur maʼlumotlarni soʻrash va olish;
qonun hujjatlari va shartnomada nazarda tutilgan boshqa huquqlar.
41. Sugʻurta syurveyeri quyidagilarga majbur:
tegishli bilimlarga ega boʻlish yoki oʻz shtatida tegishli professional bilimlar va koʻnikmalarga ega boʻlgan mutaxassislarga ega boʻlish;
syurveyer tomonidan oʻtkaziladigan ekspertizaga daxldor boʻlgan barcha shaxslarning huquqlariga rioya qilinishini taʼminlash;
ekspertiza oʻtkazish uchun tomonlar taqdim etgan hujjatlarning saqlanishini taʼminlash;
mijozning tijorat yoki boshqa siri boʻlgan faktlarning maxfiyligini saqlash;
qonun hujjatlariga va shartnomagan muvofiq boshqa majburiyatlarni bajarish.
42. Sugʻurta syurveyeri faoliyati natijalari ekspert hisoboti tarzida rasmiylashtiriladi, undan sugʻurtalovchi (sugʻurtalanuvchi) tomonidan sugʻurtalash (qayta sugʻurtalash) shartnomasini tuzishda foydalanilishi mumkin.
Sugʻurta syurveyerining ekspert hisobotidagi xulosalar mustaqil sugʻurta ekspertizasi davomida qayta koʻrib chiqilishi mumkin.
IX. Yakuniy qoidalar
43. Sugʻurta bozorining professional qatnashchilari oʻz zimmasiga olingan majburiyatlarning bajarilmaganligi yoki zarur darajada bajarilmaganligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
44. Sugʻurta faoliyatini amalga oshirishning umumiy shartlari, tavsiya etilayotgan sugʻurta bitishuvlari va operatsiyalari roʻyxati, sugʻurta tariflari, sugʻurtalash turlari va muddatlari ochiq axborot hisoblanadi hamda sugʻurtalash siri va tijorat siri predmeti boʻlishi mumkin emas.
45. Sugʻurtalovchilarni qayta tashkil etish va tugatish Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ruxsati bilan hamda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
Sugʻurta bozorining boshqa professional qatnashchilarini qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 15-son, 158-modda; 2012-y., 40-son, 466-modda; 2014-y., 50-son, 590-modda; 2017-y., 22-son, 411-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.03.2024-y., 07/24/108/0171-son)