Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“QOʻQONXOFTOʻQIMAChI” OʻZBEKISTON-GERMANIYA QOʻShMA KORXONASI FAOLIYATINI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Paxta tolasini chuqur qayta ishlashni va tayyor isteʼmol tovarlari ishlab chiqarishni taʼminlash, Fargʻona viloyatining aholi zich joylashgan tumanlarida ishlab chiqarishlar tashkil etish, respublikaning eksport salohiyatini koʻpaytirish va isteʼmol bozorini toʻldirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, “Oʻzbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, “Tekstilgrup Xof AG” xolding (Germaniya)ning Fargʻona viloyatining Qoʻqon shahridagi qurilishi tugallanmagan obyekt negizida bir yilda 12,0 ming tonna kalava ip, 3,5 ming tonna trikotaj polotno va 10 mln. dona tikuv va trikotaj buyumlari ishlab chiqaradigan “QoʻqonXofToʻqimachi” qoʻshma korxonasini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. “Oʻzbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi va “Tekstilgrup Xof AG” xolding (Germaniya)ning qoʻshma korxonada ulushli qatnashishi ilovaga muvofiq sxema boʻyicha taqsimlanishiga rozilik berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi bir oy muddatda Qoʻqon toʻqimachilik kombinatining qurilishi tugallanmagan mavjud aktivlarini baholasin va “QoʻqonXofToʻqimachi” qoʻshma korxonasining ustav fondiga qoʻshish uchun “Oʻzbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasiga bersin.
3. “Oʻzbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, “Oʻzengsanloyiha” instituti “Tekstilgrup Xof AG” xolding (Germaniya) bilan birgalikda uch oy muddatda “QoʻqonXofToʻqimachi” qoʻshma korxonasida kalava ip, trikotaj polotno va tikuv buyumlari ishlab chiqarish boʻyicha loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqsinlar va belgilangan tartibda tasdiqlasinlar.
4. Quyidagilar:
“Tekstilgrup Xof AG” xolding “Oʻzbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi bilan birgalikda qoʻshma korxona ustav fondini loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun zarur miqdorda shakllantirish majburiyatini oʻz zimmasiga olishi;
respublikada ishlab chiqarilmaydigan, dastlabki qiymati 46,8 mln. yevro boʻlgan mashinalar, asbob-uskunalar va maxsus qurilish materiallari yetkazib berishga tuzilgan kontraktni moliyalashtirish xorijiy banklarning dastlabki miqdori 39,8 mln. yevro boʻlgan kreditlari hamda “Tekstilgrup Xof AG” xoldingning korxona ustav fondiga qoʻshadigan ulushi hisobiga amalga oshirilishi;
“Tekstilgrup Xof AG” xolding (Germaniya) tomonidan tayyor mahsulotning 80 foizini jahon narxlari boʻyicha eksport qilishni taʼminlash majburiyati qabul qilinganligi, buning hisobiga jalb etilgan kreditlar va ular boʻyicha foizlar qoplanishi;
loyiha va kontraktning uzil-kesil qiymati texnik-iqtisodiy asoslar va zarur asbob-uskunalar yetkazib berishga import kontrakt vakolatli organlar tomonidan ekspertizadan oʻtkazilishi natijalari boʻyicha belgilanishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
5. “Asaka” davlat-aksiyadorlik tijorat banki loyihaning tasdiqlangan texnik-iqtisodiy asoslari parametrlari asosida qarz mablagʻlarni “QoʻqonXofToʻqimachi” qoʻshma korxonasiga qayta moliyalashtirish uchun xorijiy bank bilan belgilangan tartibda kredit bitimi va subqarz bitimi tuzsin, ushbu loyihani moliyalashtirishning muddatlari va qiymati boʻyicha eng maqbul variantlarni nazarda tutsin.
6. “QoʻqonXofToʻqimachi” qoʻshma korxonasi respublikada ishlab chiqarilmaydigan va obyekt qurilishi uchun foydalaniladigan olib kelinadigan qurilish materiallari uchun, obyekt foydalanishga topshirilgungacha boʻlgan davrda, bojxona toʻlovlari toʻlashdan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari), istisno tariqasida, ozod etilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vaziri “Asaka” bankining Yaponiya xalqaro hamkorlik banki oldidagi toʻlov majburiyatlari va “Asaka” bankiga “QoʻqonXofToʻqimachi” qoʻshma korxonasining majburiyatlari yuzasidan belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan kafolat berishga vakil qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi kafolati boʻyicha yuridik xulosani kredit bitimida belgilangan shakl boʻyicha belgilangan tartibda rasmiylashtirsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “Oʻzbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining buyurtmanomalari boʻyicha loyihani amalga oshirishda ishtirok etadigan xorijiy mutaxassislarga koʻp martalik vizalar belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “Oʻzbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining buyurtmanomalari boʻyicha qoʻshma korxonada ishlash uchun kelayotgan xorijiy mutaxassislarga koʻp martalik yillik vizalar davlat bojlari toʻlashdan ozod qilgan xolda berilishi va muddati uzaytirilishini, shuningdek ularni yashash joyida vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazishni va roʻyxatdan oʻtkazish muddati uzaytirilishini taʼminlasin.
10. “QoʻqonXofToʻqimachi” qoʻshma korxonasida ishlash uchun kelayotgan xorijiy mutaxassislarga mehmonxonada yashaganlik va respublika hududida transportning barcha turlarida yurganlik uchun Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun nazarda tutilgan tariflar boʻyicha haq toʻlash huquqi berilsin.
11. Vazirlar Mahkamasining “Iqtisodiy nochor korxonalarni tugatish va ularning tarkibini oʻzgartirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2002-yil 8-oktabrdagi 347-son qaroriga 2-ilovadan 27-satr chiqarib tashlansin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari R.S.Azimov va M.Z.Usmonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I.KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 19-may,
238-son
Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 19-maydagi 238-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Qoʻqon shahridagi qurilishi tugallanmagan obyekt negizida “Tekstilgrup Xof AG” xolding (Germaniya) bilan tashkil etilayotgan “QoʻqonXofToʻqimachi” qoʻshma korxonasini tashkil etish va uning faoliyat koʻrsatishi
SXEMASI
SXEMASI