Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI KENGASHINING “QORAQALPOGʻISTON RESPUBLIKASI JOʻQORGʻI KENGESINING QORAQALPOGʻISTON RESPUBLIKASINING BOʻZATOV TUMAN MAʼMURIY-HUDUDIY TUZILMASINI TUGATISH TOʻGʻRISIDAGI TAKLIFI HAQIDA”GI QARORINI BAJARISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Kengashining “Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining Qoraqalpogʻiston Respublikasining Boʻzatov tuman maʼmuriy-hududiy tuzilmasini tugatish toʻgʻrisidagi taklifi haqida” 2004-yil 11-fevraldagi 598–II-son qarorini qatʼiy amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasining Boʻzatov tumani tugatilishi bilan bogʻliq tashkiliy-texnik tadbirlarni hal qilish boʻyicha ilovaga muvofiq tarkibda Respublika komissiyasi tashkil etilsin.
2. Respublika komissiyasi (R.S.Azimov) bir oy muddatda:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan birgalikda Boʻzatov tumanini tugatish va uning funksiyalarini Kegeyli va Chimboy tumanlari hokimliklariga, shuningdek hududiy mansublikni hisobga olgan holda tegishli funksional va tarmoq boshqaruv organlariga berish bilan bogʻliq barcha zarur tashkiliy tadbirlar amalga oshirilishini taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda 2004-yil uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasining Chimboy va Kegeyli tumanlarining budjeti va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish prognoz parametrlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan birgalikda tumanning davlat va xoʻjalik boshqaruv organlarini tugatish natijasida boʻshab qoladigan xodimlarni ishga joylashtirish chora-tadbirlarini koʻrsin, ularni qayta tayyorlash va malakasini oʻzgartirish chora-tadbirlarini amalga oshirsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Respublika komissiyasi bilan birgalikda tashkiliy davrda iqtisodiyot tarmoqlari, kommunal sohaning uzluksiz va bir maromda ishlashini, aholining ijtimoiy masalalari oʻz vaqtida hal etilishini taʼminlasin.
4. Kegeyli va Chimboy tumanlari hokimliklari boshqaruv apparati tuzilmasi va boshqaruv xodimlarining cheklangan soni Vazirlar Mahkamasining “Davlat boshqaruvi hududiy organlari tuzilmasini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2004-yil 5-yanvardagi 2-son qaroriga muvofiq hokimliklarning tasdiqlangan tuzilmasi va boshqaruv xodimlarining cheklangan soni hisobga olingan holda oʻzgarishsiz qolishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
5. Belgilansinki, Boʻzatov tumani adliya, ichki ishlar, prokuratura va sud organlari xodimlarining soni Chimboy va Kegeyli tumanlarining tegishli tuman boʻlinmalariga qisqartirishsiz qayta taqsimlanadi, tegishli mol-mulk va binolar ularning balansida saqlanib qoladi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan birgalikda ikki oy muddatda, keyinchalik statistik baza qiyoslanishini taʼminlash uchun, Chimboy va Kegeyli tumanlarining statistika koʻrsatkichlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoyev va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi T.T.Tanibergenov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 11-may,
225-son
Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 11-maydagi 225-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasining Boʻzatov tumani tugatilishi bilan bogʻliq tashkiliy-texnik tadbirlarni hal qilish boʻyicha Respublika komissiyasi
TARKIBI
| Azimov R.S. | — | Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, komissiya raisi |
| Ismoilov U.S. | — | Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi oʻrinbosari (kelishuv boʻyicha) |
| Tanirbergenov T.T. | — | Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi |
| Axliddinov R.Sh. | — | Xalq taʼlimi vazirining birinchi oʻrinbosari |
| Akbarov A.A. | — | Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining oʻrinbosari |
| Jalolov A.A. | — | Qishloq va suv xoʻjaligi vazirining birinchi oʻrinbosari |
| Hasanov S.S. | — | Iqtisodiyot vazirining oʻrinbosari |
| Xojibekov M. | — | Sogʻliqni saqlash vazirining oʻrinbosari |
| Zokirov F.K. | — | Madaniyat ishlari vazirining oʻrinbosari |
| Sodiqov X.M. | — | Adliya vazirining oʻrinbosari |
| Abdurahmonov M.S. | — | Moliya vazirining oʻrinbosari |
| Zokirov X.A. | — | Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari |
| Niyozov R.S. | — | Mudofaa vazirining oʻrinbosari |
| Xolmaxmadov A. | — | Bosh prokuror oʻrinbosari |
| Soliyev N.L. | — | Davlat soliq qoʻmitasi raisining oʻrinbosari |
| Mahmudova R.S. | — | Davlat statistika qoʻmitasi raisining oʻrinbosari |
| Bakirxonov F.F. | — | “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari |
| Nigʻmatov H.J. | — | “Oʻzkommunxizmat” agentligi bosh direktorining birinchi oʻrinbosari |
| Izbosarov A.F. | — | Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi bosh direktorining oʻrinbosari |
| lavozimiga koʻra | — | Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasining raisi |
| Gʻaniyev V.S. | — | Vazirlar Mahkamasi Axborot-tahlil boshqarmasining yetakchi mutaxassisi, komissiyaning masʼul kotibi |