Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI KENGASHINING “SIRDARYO VILOYATINING MAʼMURIY-HUDUDIY TUZILISHIGA BAʼZI OʻZGARTIRISHLAR KIRITISH TOʻGʻRISIDA”GI QARORINI BAJARISH CHORA-TADBIRLARI HAQIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Kengashining “Sirdaryo viloyatining maʼmuriy-hududiy tuzilishiga baʼzi oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida” 2004-yil 11-fevraldagi 597–II-son qarorini qatʼiy amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Sirdaryo viloyatining Mehnatobod tumanini tugatish, Oqoltin, Boyovut, Mirzaobod, Xovos, Sh.Rashidov tumanlari va Yangiyer shahri hududlarini oʻzgartirish hamda Sh.Rashidov tumanini Sirdaryo viloyatining Sardoba tumani etib qayta nomlash bilan bogʻliq tashkiliy tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha ilovaga muvofiq Respublika komissiyasi tashkil etilsin.
2. Respublika komissiyasi (Sh.M.Mirziyoyev) bir oy muddatda:
Sirdaryo viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Sirdaryo viloyatining Mehnatobod tumanini tugatish, Oqoltin, Boyovut, Mirzaobod, Xovos, Sh.Rashidov tumanlari va Yangiyer shahri hududlarini oʻzgartirish hamda Xovos tumani maʼmuriy markazini Farhod shaharchasidan Xovos shaharchasiga koʻchirish, Sh.Rashidov tumanini Sardoba tumani etib qayta nomlash bilan bogʻliq tashkiliy masalalarni hal qilsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda 2004-yil uchun Mirzaobod, Xovos, Oqoltin, Boyovut, Sardoba tumanlari va Yangiyer shahrining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish prognoz parametrlariga va budjetlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, mahalliy hokimiyat organlari bilan birgalikda yuqorida koʻrsatilgan tumanlarning davlat va xoʻjalik boshqaruv organlarini qoʻshib yuborish natijasida boʻshab qoladigan xodimlarni ishga joylashtirish chora-tadbirlarini koʻrsin, ularni qayta tayyorlash va malakasini oʻzgartirish chora-tadbirlarini amalga oshirsin;
Sirdaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda tashkiliy davrda iqtisodiyot tarmoqlari, kommunal sohaning uzluksiz va bir maromda ishlashini, aholining ijtimoiy masalalari oʻz vaqtida hal etilishini taʼminlasin.
3. Mirzaobod va Xovos tumanlari hokimliklarining boshqaruv apparati tuzilmasi va boshqaruv xodimlarining cheklangan soni Vazirlar Mahkamasining “Davlat boshqaruvi hududiy organlari tuzilmasini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2004-yil 5-yanvardagi 2-son qaroriga muvofiq hokimliklarning tasdiqlangan tuzilmasi va boshqaruv xodimlarining cheklangan soni hisobga olingan holda oʻzgarishsiz qolishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
4. Belgilansinki, Mehnatobod tumanining adliya, ichki ishlar, prokuratura va sud organlari xodimlari soni Mirzaobod va Xovos tumanlarining tegishli tuman boʻlinmalariga qisqartirishsiz qayta taqsimlanadi, tegishli mol-mulk va binolar ularning balansida saqlanib qoladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi Sirdaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda ikki oy muddatda, keyinchalik statistik baza qiyoslanishini taʼminlash uchun, Xovos, Boyovut, Oqoltin, Mirzaobod, Sardoba tumanlari va Yangiyer shahrining tegishli koʻrsatkichlarini belgilasin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev va Sirdaryo viloyati hokimi R.H. Haydarov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 11-may,
224-son
Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 11-maydagi 224-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Sirdaryo viloyatining Mehnatobod tumanini tugatish, Oqoltin, Boyovut, Mirzaobod, Xovos, Sh.Rashidov tumanlari va Yangiyer shahri hududlarini oʻzgartirish hamda Xovos tumani maʼmuriy markazini Farhod shaharchasidan Xovos shaharchasiga koʻchirish, Sh.Rashidov tumanini Sardoba tumani etib qayta nomlash bilan bogʻliq tashkiliy tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha Respublika komissiyasi
TARKIBI
| Mirziyoyev Sh.M. | — | Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, komissiya raisi |
| Ismoilov U.S. | — | Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi oʻrinbosari (kelishuv boʻyicha) |
| Haydarov R.H. | — | Sirdaryo viloyati hokimi |
| Joʻrayev T.I. | — | Xalq taʼlimi vaziri |
| Obidov O.O. | — | Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri |
| Begaliyev S. | — | Qishloq va suv xoʻjaligi vaziri |
| Xojiboyev A.M. | — | Sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari |
| Ernazarov E.M. | — | Madaniyat ishlari vazirining birinchi oʻrinbosari |
| Hasanov S.S. | — | Iqtisodiyot vazirining oʻrinbosari |
| Samatov P.A. | — | Adliya vazirining oʻrinbosari |
| Abdurahmonov M.S. | — | Moliya vazirining oʻrinbosari |
| Zokirov X.A. | — | Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari |
| Ahmedov M.A. | — | Mudofaa vazirining oʻrinbosari |
| Bobojonov P.R. | — | Bosh prokuror oʻrinbosari |
| Gadoyev E.F. | — | Davlat soliq qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari |
| Rogoznikova T.A. | — | Davlat statistika qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari |
| Bakirxonov F.F. | — | “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari |
| Xolmuhamedov Oʻ.O. | — | “Oʻzkommunxizmat” agentligining bosh direktori |
| Mahmudov M.M. | — | Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi bosh direktorining birinchi oʻrinbosari |
| lavozimiga koʻra | — | Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasining raisi |
| Nizomiddinov Z.Sh. | — | Vazirlar Mahkamasi Axborot-tahlil boshqarmasining shuʼba mudiri, komissiyaning masʼul kotibi |