OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI KENGAShINING
Qarori
SIRDARYo VILOYATINING MAʼMURIY-HUDUDIY TUZILIShIGA BAʼZI OʻZGARTIRIShLAR KIRITISh TOʻGʻRISIDA
Maʼmuriy-hududiy tuzilmalarni maqbullashtirish va takomillashtirish hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tuzilmasini yanada oqilona shakllantirish maqsadida va “Oʻzbekiston Respublikasida maʼmuriy-hududiy tuzilish, toponimik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish masalalarini hal etish tartibi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 2-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining quyidagi takliflari qabul qilinsin:
a) Sirdaryo viloyatining Mehnatobod tumanini alohida maʼmuriy-hududiy birlik sifatida tugatib, mazkur tuman egallab kelgan hududlarni Mirzaobod tumani tarkibiga (Bahoriston, Yoʻldoshobod qishloqlari va “Yangiyer” baliqchilik xoʻjaligi hududi hamda “Turkiston” oʻrmon xoʻjaligi hududining bir qismi) va Xovos tumani tarkibiga (Binokor, Zafarobod, Turkiston, Chamanzor, Qahramon, Husniobod qishloqlari hududi va “Turkiston” oʻrmon xoʻjaligi hududining bir qismi) qoʻshib yuborish toʻgʻrisidagi;
b) Oqoltin tumani hududining bir qismini (Barlos, Chinobod qishloqlari hududi va “Sirdaryotelekom” yordamchi xoʻjaligi) Mirzaobod tumani tarkibiga;
Xovos tumani hududining bir qismini (Doʻstlik qishlogʻi, “Shirin” shirkat xoʻjaligi, “2-Farhod” shaharchasi, Guliston davlat universitetining oʻquv xoʻjaligi va Ichki ishlar vazirligi harbiy qismining yordamchi xoʻjaligi) Boyovut tumani tarkibiga;
Sharof Rashidov tumani hududining bir qismini, Uchtom qishlogʻi bilan birgalikda, Oqoltin tumani tarkibiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi;
Yangiyer shahrining Xovos shaharchasini Xovos tumani tarkibiga oʻtkazib, uni tumanning maʼmuriy markazi etib belgilash toʻgʻrisidagi;
v) Sharof Rashidov tumanining nomini Sardoba tumani deb oʻzgartirish toʻgʻrisidagi.
2. Sirdaryo viloyatining Boyovut, Mirzaobod, Oqoltin, Sardoba, Xovos tumanlari va Yangiyer shahrining chegaralari grafik chizmaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Quyidagilar:
tugatilgan xalq deputatlari Mehnatobod tuman Kengashi hududida joylashgan saylov okruglari va boshqa oʻtkazilayotgan hududlardagi saylov okruglaridan saylangan deputatlar tegishincha xalq deputatlari Boyovut, Mirzaobod, Oqoltin va Xovos tumanlari Kengashlari deputatlari ekanliklari;
nomi oʻzgartirilgan Sharof Rashidov tuman xalq deputatlari Kengashi deputatlari xalq deputatlari Sardoba tuman Kengashi deputatlari ekanliklari belgilab qoʻyilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Sirdaryo viloyatining maʼmuriy-hududiy tuzilishiga oʻzgartirishlar kiritilayotgan davrda tuman xoʻjaligi tegishli mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan tashkiliy tartibda va bir maromda boshqarilishini taʼminlash yuzasidan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
5. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi muhokamasiga kiritilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Raisi E. XALILOV
Toshkent sh.,
2004-yil 11-fevral,
597-II-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2004-y., 1-2-son, 54-modda)