Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
SOLIQ MASLAHATI SOHASINI RIVOJLANTIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-dekabrdagi 717-sonli “Yaratilgan yangi ish oʻrinlarini hisobga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Soliq maslahati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq va soliq maslahati sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, soliq maslahati sohasini rivojlantirish uchun zarur normativ-huquqiy bazani shakllantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi soliq maslahati sohasidagi vakolatli davlat organi etib belgilansin, unga:
soliq maslahati boʻyicha faoliyatni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va tasdiqlash;
soliq maslahatchisi malaka sertifikatini berish, uning amal qilishini tugatish va uni bekor qilish;
soliq maslahatchilari reyestrini yuritish;
Keyingi tahrirga qarang.
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshirish yuklansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Soliq siyosati boshqarmasi tarkibida, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi markaziy apparati boshqaruv xodimlarining cheklangan sonini ikki nafarga koʻpaytirgan holda, soliq maslahati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishni taʼminlash boʻlimi tashkil etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat soliq qoʻmitasi, Savdo-sanoat palatasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda soliq maslahati sohasini rivojlantirish boʻyicha, shu jumladan respublikaning barcha mintaqalarida tegishli malakaga ega boʻlgan mutaxassislar uchun ularga soliq maslahati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablarini tushuntirish yuzasidan muntazam ravishda amaliy seminarlar oʻtkazishni nazarda tutuvchi tadbirlar kompleksini bir oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin, shuningdek 2007-yil mobaynida ularning amalga oshirilishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat soliq qoʻmitasi, boshqa manfaatdor vazirliklar, idoralar, tashkilotlar bilan birgalikda bir oy muddatda:
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzurida davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar vakillaridan, soliq maslahati sohasidagi mutaxassislardan oʻz faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiruvchi Soliq maslahati boʻyicha kengashni tashkil etsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Soliq maslahati boʻyicha kengash toʻgʻrisidagi nizomni, Soliq maslahatchisi malaka sertifikatini olish uchun malaka imtihonlarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni, Soliq maslahatchisi malaka sertifikatini berish, uning amal qilishini tugatish va uni bekor qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni, soliq maslahatchilarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha oʻqitish dasturini, shuningdek soliq maslahati boʻyicha faoliyatni tartibga soluvchi boshqa idoraviy normativ hujjatlarni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 20-mart,
55-son
Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 23-noyabrdagi 553-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi haqidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 8-bandning oʻninchi va oʻn birinchi xatboshidagi “tashqi iqtisodiy faoliyatni” soʻzlaridan keyin “shuningdek soliq maslahati boʻyicha faoliyatni” soʻzlari qoʻshilsin.
2. 9-bandda:
yigirmanchi va yigirma birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“soliq maslahatchisi malaka sertifikatini olish uchun oʻqitish dasturini, malaka imtihonini tashkil etish va oʻtkazish tartibini, shuningdek respublika auditorlar birlashmasi bilan kelishgan holda — auditor malaka sertifikatini olish uchun oʻqitish dasturini va malaka imtihonlarini topshirish tartibini tasdiqlaydi;
soliq maslahatchisi malaka sertifikatini olish huquqi uchun malaka imtihonini, shuningdek respublika auditorlar birlashmasi ishtirokida — auditor malaka sertifikatini olish huquqi uchun malaka imtihonini oʻtkazadi”;
yigirma uchinchi xatboshidagi “auditor malaka sertifikati” soʻzlari “auditor va soliq maslahatchisi malaka sertifikatlari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
yigirma toʻrtinchi xatboshidagi “malaka sertifikatiga ega boʻlgan auditorlar reyestri” soʻzlari “tegishli malaka sertifikatlariga ega boʻlgan auditorlar va soliq maslahatchilari reyestrlari” soʻzlari bilan almashtirilsin.
3. 16-bandning birinchi xatboshidagi “nazorat-taftish ishlari” soʻzlaridan keyin “soliq maslahati” soʻzlari qoʻshilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 12-son, 111-modda; 2017-y., 13-son, 201-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2020-y., 07/20/4938/1680-son)