OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QIShLOQ VA SUV XOʻJALIGI VAZIRINING
Buyrugʻi
BOGʻ VA UZUMZORLARDAN MAQSADSIZ FOYDALANILGAN HOLATLARDA YER IJARA ShARTNOMASINI BEKOR QILISh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2007-yil 14-martda 1663-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 19-iyundagi 11-mh-sonli “Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestridan chiqarish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3520, 19.06.2024 y.) asosan davlat reyestridan chiqarilgan.
1. Bogʻ va uzumzorlardan maqsadsiz foydalanilgan holatlarda yer ijara shartnomasini bekor qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab 10 kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
3. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilish Qishloqda iqtisodiy islohotlar masalalari boʻyicha majmua rahbari oʻrinbosari M. Olimov zimmasiga yuklatilsin.
Qishloq va suv xoʻjaligi vaziri S. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2007-yil 20-fevral,
40-son
Bogʻ va uzumzorlardan maqsadsiz foydalanilgan holatlarda yer ijara shartnomasini bekor qilish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksi, “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonuni, Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xoʻjaligi korxonalarini fermer xoʻjaliklariga aylantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2002-yil 5-yanvardagi 8-son qarori, 2003-yil 30-oktabrdagi 476-son qarori bilan tasdiqlangan “Yer uchastkalarini fermer xoʻjaliklariga uzoq muddatli ijaraga berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom”ga muvofiq, bogʻ va uzumzorlardan maqsadsiz foydalanilgan holatlarda yer ijara shartnomasini bekor qilish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Bogʻ va uzumzorlardan qatʼiy belgilangan maqsadda foydalaniladi.
2. Bogʻ va uzumzorlardan maqsadsiz foydalanilganlik uchun yer uchastkasini ijaraga berish shartnomasini bekor qilish asoslari quyidagilardan iborat:
erdan boshqa maqsadlarda foydalanish uchun bogʻ va uzumzorlar buzib tashlanganda;
eskirgan maydonlarda yangi bogʻ va uzumzorlar tashkil etilmaganda;
qulay tabiiy — iqlim sharoiti mavjud boʻlishiga qaramasdan, ijaraga oluvchining aybi bilan bogʻ va uzumzorlarning hosildorlik darajasi keyingi uch yil mobaynida belgilangan normativdan (kadastr bahosiga koʻra) pasaytirib yuborilganda;
bogʻ va uzumzorlar olingan paytdan boshlab bir yil ichida ulardan foydalanishga kirishilmaganda.
3. Yer uchastkasini ijaraga berish shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish shartnoma taraflarining kelishuviga asosan, bunday kelishuvga erishilmagan taqdirda esa, tuman hokimining yer ijara shartnomasini bekor qilish boʻyicha daʼvo arizasiga muvofiq, sudning hal qiluv qarori bilan amalga oshiriladi.
4. Yerni ijaraga oluvchi va tuman qishloq va suv xoʻjaligi boʻlimi, shuningdek boshqa tegishli tashkilotlar vakillari ishtirokida tuzilgan dalolatnoma yer ijara shartnomasini bekor qilish boʻyicha daʼvo arizasi kiritish uchun asos boʻlib hisoblanadi.
5. Yer ijara shartnomasini bekor qilish boʻyicha daʼvo arizasini sudga kiritish masalasi yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) masalalarini koʻrib chiquvchi tuman komissiyasi (keyingi oʻrinlarda “Komissiya” deb yuritiladi) tomonidan koʻrib chiqiladi.
II. Yer uchastkasini ijaraga berish shartnomasini bekor qilish, bogʻ va uzumzorlarni qayta kimoshdi savdosiga qoʻyish
6. Sudning yer ijara shartnomasini bekor qilish boʻyicha kiritilgan daʼvo arizani qanoatlantirish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarori, tuman hokimi tomonidan fermer xoʻjaligi bilan tuzilgan yer uchastkasini uzoq muddatli ijaraga berish shartnomasining bogʻ va uzumzorlarga tegishli qismini, agar fermer xoʻjaligi faqat bogʻ va uzumchilikka ixtisoslashgan boʻlsa, butun shartnomani bekor qilishga asos boʻladi.
7. Yer ijara shartnomasi bekor qilingan bogʻ va uzumzorlarni qayta kimoshdi savdosiga qoʻyish tuman hokimining qaroriga asosan amalga oshiriladi.
8. Bogʻ va uzumzorlarni kimoshdi savdosiga qoʻyish va sotish Komissiya tomonidan “Qayta tashkil etilayotgan qishloq xoʻjaligi kooperativlari (shirkatlari)ning bogʻ va uzumzorlarini sotish tartibi toʻgʻrisidagi nizom”ga (2006-yil 21-yanvar, roʻyxat raqami 1542) muvofiq amalga oshiriladi.
9. Komissiya kimoshdi savdosiga qoʻyilayotgan bogʻ va uzumzorlarning narxini ularning haqiqiy holatidan kelib chiqib, tashkil etilgan yili, navi, keyingi uch yillikdagi hosildorligi, yetishtiriladigan mahsulotlarning xaridorgirligi va boshqa koʻrsatkichlariga qarab qayta baholaydi.
Qayta baholangan narx kimoshdi savdosini oʻtkazish uchun boshlangʻich narx sifatida belgilanadi.
10. Komissiya bogʻ va uzumzorlarni baholash va kimoshdi savdolarini tashkil etish uchun tegishli tashkilotlarni jalb etishi mumkin.
11. Bogʻ va uzumzorlarni kimoshdi savdosida sotishdan tushgan mablagʻlar yer ijara shartnomasini bekor qilish boʻyicha daʼvo arizasini sudga kiritgan idoralarning xarajatlarini, bogʻ va uzumzorlarni baholovchi va kimoshdi savdolarini oʻtkazuvchi shaxslarning xizmat haqi toʻlovlarini, ijara shartnomasi bekor qilingan fermer xoʻjaligining kreditor qarzlarini qoplashga sarflanadi. Mablagʻlarning qolgan qismi sobiq bogʻ va uzumzorlar egasi ixtiyoriga beriladi.
III. Yakuniy qoidalar
12. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi bilan kelishildi.
Iqtisodiyot vazirining oʻrinbosari A. SALIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 16-fevral
Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi raisi v.b. B. ULAShEV
Toshkent sh.,
2007-yil 19-fevral
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 11-son, 104-modda)