Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirining
BUYRUGʻI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI AUDITORLIK FAOLIYATINING MILLIY STANDARTI (4-SON AFMS) AUDITORLIK TAShKILOTLARINING IChKI STANDARTLARIGA QOʻYILADIGAN TALABLARNI TASDIQLASh TOʻGʻRISIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2006-yil 25-sentabrda 1624-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2021-yil 2-iyuldagi 43-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan qabul qilingan ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3316, 30.07.2021-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 21-moddasiga asosan va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 22-sentabrdagi 365-sonli “Auditorlik faoliyatini takomillashtirish va auditorlik tekshirishlarining ahamiyatini oshirish toʻgʻrisida”gi qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 23-noyabrdagi 553-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi auditorlik faoliyatining milliy standarti (4-son AFMS) “Auditorlik tashkilotlarining ichki standartlariga qoʻyiladigan talablar” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab 10 kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 21-avgust,
76-son
Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2006-yil 21-avgustdagi 76-son buyrugʻi bilan
“TASDIQLANGAN”
“TASDIQLANGAN”
Oʻzbekiston Respublikasi Auditorlik faoliyatining milliy standarti 4-sonli AFMS “Auditorlik tashkilotlarining ichki standartlariga qoʻyiladigan talablar”
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Mazkur Auditorlik faoliyatining milliy standarti (bundan keyin matnda Standart deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasining “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq auditorlik tashkilotlarining ichki standartlariga qoʻyiladigan talablarni belgilaydi.
2. Mazkur Standartning maqsadi, auditorlik tashkilotlarining ichki standartlarni ishlab chiqishdagi yondashuv va prinsiplarni, shuningdek ularning qoʻllanilishi ustidan ichki nazoratni tashkil etish va tartibiga qoʻyiladigan talablarni unifikatsiyalashdir.
3. Standartning vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
a) auditorlik tashkilotlarining ichki standartlarini ishlab chiqishdagi umumiy prinsiplarni belgilash;
b) ichki standartlarni ishlab chiqishda auditorlik tashkilotlariga qoʻyiladigan majburiy talablarni belgilash;
v) auditorlik tashkilotlari auditorlari (xodimlari) tomonidan ichki standartlarning talablariga rioya qilinishi ustidan ichki nazoratni amalga oshirish tartibining tavsifi.
4. Ichki standartlarni ishlab chiqish va amaliyotda qoʻllash barcha auditorlik tashkilotlari uchun majburiy hisoblanadi.
5. Mazkur Standart auditorlik faoliyatini amalga oshirishda professional jihatlar doirasidan tashqaridagi masalalar boʻyicha auditorlik tashkilotlarining ichki tartibga soluvchi hujjatlarini tayyorlash tartibi, shakli va mazmunini muvofiqlashtirishni maqsad qilib qoʻymaydi.
II. AUDITORLIK TAShKILOTINING IChKI STANDARTLARINI TAYYORLAShNING MAQSADI VA PRINSIPLARI
6. Auditorlik tashkilotining ichki standartlari deganda, auditorlik tashkiloti tomonidan auditorlik tekshiruvining samaradorligini oshirish hamda uning Oʻzbekiston Respublikasi Auditorlik faoliyatining milliy standartlari talablariga muvofiqligini taʼminlash maqsadida qabul qilinadigan va tasdiqlanadigan, auditni amalga oshirish va rasmiylashtirishga qoʻyiladigan yagona talablarni belgilaydigan hujjatlar tushuniladi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Auditorlik faoliyati milliy standartlarining auditorlik tekshiruvini tashkil etish va oʻtkazishga qoʻyadigan talablarini eʼtiborga olgan holda, auditorlik tashkiloti, oʻtkaziladigan auditorlik tekshiruvlari hamda tuziladigan auditorlik hisoboti va xulosasiga nisbatan oʻz qarashlarini aks ettiradigan ichki standartlar paketini shakllantirishi kerak.
8. Auditorlik tashkilotlarining ichki standartlari, Oʻzbekiston Respublikasi Auditorlik faoliyati milliy standartlarining auditorlik tekshiruvlari sifatini oshirish boʻyicha talablarini bajarish boʻyicha auditorlarga amaliyotda oʻz harakatlarining aniq tartibini belgilash imkonini beradigan aniq tavsiyalarni oʻz ichiga olishi kerak.
9. Ichki standartlar auditorlarning faoliyatini mazkur auditorlik tashkiloti doirasida tartibga soladi hamda auditorlik tashkilotining rahbariyati va xodimlari oʻrtasida boʻlishi mumkin boʻlgan nizolarni bartaraf qilishga asos boʻladi.
10. Ichki standartlarni qoʻllash auditorlik tashkilotlariga:
a) alohida boʻlimlarni tekshirish boʻyicha ish hajmini kamaytirishga (ishchi jadvallar va savolnomalar, boshqa texnik xarakterdagi hujjatlar yordamida), auditor yordamchilarining ishi ustidan qoʻshimcha nazoratni taʼminlashga;
b) auditorlik ishi sifatini oshirishga hamda auditorlik riskini pasaytirishga yordam beradi.
11. Auditorlik tashkilotlari ichki standartlarining talablari auditorlik faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Auditorlik faoliyati milliy standartlarining asosiy prinsiplariga muvofiq amalga oshirilishini tartibga solishi lozim.
12. Ichki standartlar auditorlik tekshiruvini oʻtkazish tartibiga, sifatiga va auditorlik tekshiruvining ishonchliligiga qoʻyiladigan yagona talablarni shakllantiradi.
13. Ichki standartlar auditorlik tekshiruvini oʻtkazish sharoitidan qatʼi nazar, auditorlik tashkilotining auditni oʻtkazishga boʻlgan umumiy yondashuvini belgilab berishi kerak.
14. Auditorlik tashkilotining ichki standartlariga auditorlik faoliyatini amalga oshirishga boʻlgan ichki yondashuvlarini yoritib beradigan, auditorlik tashkilotida qoʻllanilishi majburiy boʻlgan qabul qilingan va tasdiqlangan standartlar, metodik ishlanmalar, qoʻllanmalar va boshqa hujjatlar kiradi.
15. Ichki standartlar auditorlik tashkilotining ichki nazorat tizimi va tashkiliy-boshqaruv hujjatlarining tarkibiy qismi boʻlib hisoblanadi.
16. Auditorlik tashkilotlarining ichki standartlari amaliy nafga ega boʻlishi kerak:
har bir navbatdagi ichki standart qolgan ichki standartlarga mos kelishi va oʻzaro bogʻlangan boʻlishi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Auditorlik faoliyatining milliy standartlariga zid boʻlmasligi kerak;
taʼriflarning aniqligini, ifodalarning tushunarliligi va yaxlitligini taʼminlashi lozim;
mazkur Ctandartning masalalarini toʻliq qamrab olishi, ifodalanayotgan prinsiplar va nizomlarni mantiqan rivojlantirishi kerak;
barcha ichki standartlardagi atamalarga bir xil talqin berilishi kerak.
17. Ichki standartlar majmui auditorlik tashkilotining auditorlik tekshiruvini tashkil qilish va oʻtkazish texnologiyasiga boʻlgan kompleks yondashuvining tavsifini ifodalashi kerak.
18. Auditorlik tekshiruvini oʻtkazishga moʻljallangan ichki standartlarni ishlab chiqishda auditorlik tashkilotlari, Oʻzbekiston Respublikasi Auditorlik faoliyatining milliy standartlari hamda auditorlik faoliyatini tartibga soluvchi Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlariga tayanishi kerak.
19. Auditning xalqaro standartlariga muvofiq auditorlik tekshiruvlarini oʻtkazishga moʻljallangan ichki standartlarni ishlab chiqishda, auditorlik tashkilotlari auditning xalqaro standartlarida nazarda tutilgan prinsip va normalarga tayanishi kerak.
20. Auditorlik tekshiruvining maʼlum bir sohasida auditorlik faoliyatining standartlari, batafsil metodikalari va auditni oʻtkazish yondashuvlari mavjud boʻlmaganda, auditorlik tashkilotlari ichki standartlarni ishlab chiqishda, qonun hujjatlarida belgilangan oʻziga xos xususiyatlarni eʼtiborga olgan holda auditning xalqaro standartlariga tayanishi lozim.
21. Auditorlik tashkiloti ichki standartlarni ishlab chiqish tartibi va roʻyxatini mustaqil belgilaydi.
22. Auditorlik faoliyatining milliy standartlarida baʼzi holatlar ichki standartlar koʻrinishida qoʻshimcha tasdiqlanishi talab qilinishi toʻgʻridan toʻgʻri koʻrsatilgan hollarda, auditorlik tashkiloti ushbu koʻrsatmani birinchi navbatda bajarilishini taʼminlashi shart.
III. AUDITORLIK TAShKILOTI IChKI STANDARTLARINING ShAKLI VA MAZMUNI
23. Auditorlik tashkilotlarining ichki standartlari oʻz maqsadlariga koʻra quyidagi guruhlarga boʻlinishi mumkin:
a) auditorlik tekshiruvi boʻyicha umumiy qoidalarni oʻz ichiga oladigan standartlar;
b) auditorlik tekshiruvini oʻtkazish tartibini belgilaydigan standartlar;
v) auditorlar fikrlari va xulosalarini shakllantirish tartibini belgilaydigan standartlar;
g) maxsus ixtisoslashgan standartlar;
d) professional xizmatlarni koʻrsatish tartibini belgilaydigan standartlar;
e) taʼlim va kadrlarni tayyorlash boʻyicha standartlar va boshqalar.
24. Auditorlik tekshiruvi boʻyicha umumiy qoidalarni oʻz ichiga oladigan ichki standartlar, auditorlik tekshiruvlarini oʻtkazishning asosiy prinsiplariga muvofiq auditorlar oʻrtasidagi, shuningdek auditorlik tashkilotining rahbariyati bilan xodimlar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarni tartibga solishga moʻljallangan.
25. Auditorlik tekshiruvi boʻyicha umumiy qoidalarni oʻz ichiga oladigan ichki standartlar roʻyxatiga quyidagilar kiritilishi mumkin:
a) ichki standartlarni ishlab chiqishning konsepsiyasi va yondashuvlarini tavsiflaydigan standartlar, shu jumladan, ularning tarkibini belgilaydigan standart;
b) auditorning xulq-atvori etikasini tartibga soluvchi standartlar;
v) auditorlik tekshiruvi oʻtkazilishi ustidan ichki sifat nazoratini amalga oshirish tartibini, shuningdek, auditorlarning javobgarligini va boshqalarni tartibga soluvchi standartlar.
26. Auditorlik tekshiruvini oʻtkazish tartibini belgilaydigan ichki standartlar, aniq qoidalarni, auditorlik tekshiruvini oʻtkazishning uslubini shakllantiradi.
27. Auditorlik tashkilotining auditorlik tekshiruvini oʻtkazish tartibini belgilaydigan ichki standartlar roʻyxatiga quyidagilar kiritilishi mumkin:
a) auditorning javobgarligini tartibga soluvchi standartlar;
b) auditorlik tekshiruvini rejalashtirish tartibini tartibga soluvchi standartlar;
v) tekshirilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektdagi ichki nazoratni oʻrganish va baholash tartibini tartibga soluvchi standartlar;
g) auditorlik dalillarini olish tartibini tartibga soluvchi standartlar;
d) uchinchi shaxslar ishlaridan foydalanish tartibini tartibga soluvchi standartlar va boshqalar.
28. Auditorlar fikrlari va xulosalarini shakllantirish tartibini belgilaydigan ichki standartlar auditorlik tashkilotining oʻtkazilgan auditorlik tekshiruvi natijalari boʻyicha fikrining shakllanishiga va mazmuniga hamda xulosalarni tuzilishiga qoʻyadigan ichki talablardan tarkib topadi.
29. Mazkur standartlar roʻyxatiga quyidagilar kirishi mumkin:
a) auditorlik hisobotlari va xulosalarini tuzish tartibining konsepsiyasi va yondashuvini tavsiflaydigan standartlar;
b) auditorlik tekshiruvini oʻtkazish natijalari boʻyicha xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbariyatiga auditorning yozma maʼlumotini tayyorlashni tartibga soluvchi standartlar;
v) boshqa auditorlik hisobotlarini, shu jumladan, moliyaviy hisobot bilan bogʻliq hujjatlardagi qoʻshimcha maʼlumotlarni tayyorlash tartibini tartibga soluvchi standartlar;
g) oʻtkazilgan auditorlik tekshiruvi natijalari boʻyicha auditorlik xulosalarini tayyorlash tartibini tartibga soluvchi standartlar.
30. Maxsus ixtisoslashgan ichki standartlar, xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatining turli yoʻnalishlari boʻyicha auditorlik tekshiruvlarini oʻtkazish uslubiyotiga oid standartlarni oʻz ichiga oladi.
31. Mazkur standartlar roʻyxatiga quyidagilar kiritilishi mumkin:
a) kredit tashkilotlarida auditorlik tekshiruvlarini oʻtkazishning oʻziga xos jihatlarini aks ettiradigan standartlar;
b) sugʻurta tashkilotlarida auditorlik tekshiruvlarini oʻtkazishning oʻziga xos jihatlarini aks ettiradigan standartlar;
v) birjalar, fondlar va investitsiya institutlarida auditorlik tekshiruvlarini oʻtkazishning oʻziga xos jihatlarini aks ettiradigan standartlar;
g) boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlarda auditorlik tekshiruvlarini oʻtkazishning tarmoq xususiyatlarini aks ettiradigan standartlar;
d) maxsus savollar boʻyicha auditorlik hisobotini tayyorlashni tartibga soluvchi standartlar.
32. Professional xizmatlarni koʻrsatish tartibini belgilaydigan ichki standartlar konsalting va boshqa turdagi professional xizmatlarni koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi qoidalarni oʻz ichiga oladi.
33. Mazkur ichki standartlar roʻyxatiga quyidagilar kiritilishi mumkin:
a) buxgalteriya hisobini yoʻlga qoʻyish, qayta tiklash va yuritish boʻyicha xizmatlarni tartibga soladigan standartlar;
b) xoʻjalik yurituvchi subyektning moliyaviy hisobotlarini tuzish tartibini tavsiflaydigan standartlar;
v) buxgalteriya hisobi, soliq solish, rejalashtirish, menejment va moliya-xoʻjalik faoliyatining boshqa masalalari boʻyicha konsalting xizmatini koʻrsatish tartibini tavsiflaydigan standartlar;
g) soliqlar va boshqa majburiy ajratmalar boʻyicha hisob-kitoblar va deklaratsiyalarni tuzish tartibini aks ettiradigan standartlar va boshqalar.
34. Taʼlim va kadrlarni tayyorlash boʻyicha ichki standartlar auditorlar va mutaxassislarning maʼlumotiga, malaka darajasiga qoʻyiladigan talablarni belgilaydi, auditorlik tashkiloti xodimlarini tayyorlash va malakasini oshirish tartibini tartibga soladi.
35. Auditorlik tashkilotining ichki standartlari quyidagi tuzilishga ega boʻlishi mumkin:
a) tartibga soluvchi parametrlar — mazkur ichki standartlarni ishlab chiqishda qoʻllanilgan Oʻzbekiston Respublikasi Auditorlik faoliyatining milliy standartlariga, shuningdek, auditning xalqaro standartlariga havolalar;
b) umumiy qoidalar — ichki standartning zaruriyati, uning asosiy tushuncha va atamalarini aniqlash, qoʻllanish doirasi;
v) standartning maqsadi va vazifalari — standartning maqsadi va uni qoʻllash orqali hal qilinadigan aniq muammolar;
g) boshqa standartlar bilan oʻzaro aloqadorligi — boshqa standartlardagi tegishli qoidalarga havolalar;
d) asosiy prinsiplar va uslublarning mazmuni — standartda koʻrib chiqiladigan muammolarni yechishda qabul qilingan uslublar va texnik usullar, auditorlik tashkiloti yondashuvlarining tavsifi;
e) rasmiylashtirish — standart talablariga muvofiq auditor tuzishi lozim boʻlgan hujjatlar roʻyxati.
36. Ichki standartlarning rekvizitlari quyidagilardan tashkil topishi mumkin:
a) raqami — mazkur standartning tartibli yoki seriyali kodi;
b) kuchga kirish sanasi;
v) nomi — standart tartibga soladigan masalaning qisqa va aniq ifodalanishi;
g) standarnni tasdiqlagan shaxsni koʻrsatish va sanasi;
d) vorisiylik — mazkur Ctandart bilan bogʻliq boʻlgan, ilgarigi normativ-huquqiy hujjatlarda qabul qilingan, eʼlon qilingan yoki belgilab berilgan qoidalarga havolalar;
e) qoʻllanish doirasi — mazkur Ctandart amal qiladigan (yoki amal qilmaydigan) obyektlar roʻyxati.
37. Ichki standartlarga qoʻshimcha ravishda, ichki standartlardagi alohida qoidalarni qoʻshimcha ravishda tushuntirishlarni taʼminlaydigan ilovalar (uslublar, tartib-taomillar roʻyxati, savolnomalar, kompyuter dasturlari, ishchi jadvallar va h.k.z.) ishlab chiqilishi mumkin.
38. Ichki standartlarga ilovalar quyidagi boʻlimlardan tarkib topishi mumkin:
a) ichki standartni qoʻllash tartibi;
b) auditorlik tekshiruvining har bir bosqichini bajarish texnologiyasining tavsifi;
v) savolnomalar va auditorlik tartib-taomillar roʻyxati;
g) auditorlik tartib-taomillarni oʻtkazish uslubi va tartibini tasvirlaydigan jadvallar, sxemalar, raqamli misollar bilan koʻrsatilgan ishchi hujjatlar;
d) auditorlik tekshiruvida qoʻllaniladigan normativ-huquqiy hujjatlarning tizimlashgan roʻyxati.
39. Auditorlik tashkilotining ichki standartlarini tayyorlashning tartibi va shakli mazkur Standartning 1 va 2-ilovalarida keltirilgan.
IV. AUDITORLIK TAShKILOTI IChKI STANDARTLARI TALABLARINING BAJARILIShI USTIDAN IChKI NAZORATNI TAShKIL ETISh TARTIBI
40. Ichki standartlar auditorlik tashkiloti rahbarining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi, agarda auditorlik tashkilotining taʼsis hujjatlarida koʻzda tutilgan hollarda — taʼsischilarning yigʻilishi yoki boshqa vakolatli organ tomonidan tasdiqlanadi.
41. Auditorlar ishining sifatini nazorat qilishni tartibga soluvchi ichki standartlar, ichki standartlar talablarini bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish boʻyicha qoidalarni oʻz ichiga olishi kerak.
42. Ichki standartlar, ichki standartlarning talablariga rioya etilishi uchun javobgar tegishli mansabdor shaxslarni tayinlashni nazarda tutishi mumkin.
43. Ichki standartlarga rioya etilishi ustidan tegishli nazoratni taʼminlash uchun ularning qoʻllanilishi, auditorlik tashkiloti va auditorlar oʻrtasidagi mehnat munosabatlarida nazarda tutgan holda auditorning funksional majburiyatlariga kirishi lozim.
44. Auditorlik tashkilotlari tomonidan auditni oʻtkazishda bajarilishi majburiy boʻlgan ichki standartlar qoidalari belgilanishi mumkin. Bunda bajarilishi majburiy boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Auditorlik faoliyatining milliy standartlari talablari hisobga olinishi kerak.
45. Ichki standartlar talablarining bajarilishi ustidan nazorat auditorlik tekshiruvlarini boshqarishning barcha darajalarida, guruh rahbarlari va tekshiruv rahbarlaridan boshlab auditorlik xulosasini imzolashga vakolat berilgan auditorlik tashkiloti rahbarlarigacha tashkil etilishi kerak.
46. Auditorlik tekshiruvlarini amalga oshirish davomida nazorat funksiyalarini bajarish uchun auditorlik tashkiloti tomonidan auditorlik tekshiruvlari oʻtkazishning sifat nazorati xizmati tashkil etilishi mumkin. Auditorlik tekshiruvlari oʻtkazishning sifat nazorati xizmati tarkibiga nazorat funksiyalarini bajaradigan mutaxassislarning professional tayyorgarligi darajasiga qoʻyiladigan ichki talablar, auditorlik tashkilotining taʼlim va kadrlarni tayyorlash boʻyicha ichki standartlari bilan belgilanadi.
47. Auditorlik tashkilotlarining xodimlariga ichki standartlar mazmunini oshkor qilmaslik hamda qonun hujjatlarida koʻzda tutilgan hollardan tashqari, mazkur auditorlik tashkilotining faoliyatidan tashqarida ularni qoʻllamaslik majburiyati yuklatiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Auditorlik faoliyatining milliy standarti (4-sonli AFMS) “Auditorlik tashkilotlarining ichki standartlariga qoʻyiladigan talablar”ga
1-ILOVA
1-ILOVA
Auditorlik tashkilotining ichki standartlarini tayyorlashning
NAMUNAVIY TARTIBI
1. Auditorlik tashkilotining ichki standartlari tizimini yaratish boʻyicha samarali ishlarni taʼminlash uchun auditorlik tashkiloti ichida uslubiy kengash yoki auditorlik tashkilotining ixtiyoriga koʻra boshqa maxsus kollegial organni tashkil etish maqsadga muvofiqdir.
2. Uslubiy kengash auditorlik tashkilotining boshqaruv xodimlaridan va koʻproq professional tayyorgarlikka ega mutaxassislaridan shakllantiriladi hamda auditorlik tashkiloti tomonidan tasdiqlangan uslubiy kengash toʻgʻrisidagi nizom asosida faoliyat koʻrsatadi.
3. Uslubiy kengash ishida, agarda uslubiy kengash toʻgʻrisidagi nizomda nazarda tutilgan boʻlsa, chetdan jalb qilingan mutaxassislar (buxgaltyerlar va auditorlarning jamoat tashkilotlari aʼzolari, soliq maslahatchilari, ilmiy xodimlar, oʻqituvchilar, boshqa auditorlik tashkilotlarining mutaxassislari) ishtirok etishlari mumkin.
4. Auditorlik tashkiloti uslubiy kengashining vazifalari boʻlib quyidagilar hisoblanadi:
a) ichki auditorlik standartlarini ishlab chiqish;
b) auditning amaliy tajribalarini umumlashtirish va tizimlashtirish;
v) auditorlik tashkilotining auditorlari va boshqa mutaxassislarini oʻqitishni tashkil etish;
g) audit sohasidagi amalda boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlarni toʻplash, tizimlashtirish va tahlil qilish.
5. Ichki standartlarni ishlab chiqish auditorlik tashkilotining nafaqat uslubiy xizmat mutaxassislari tomonidan, balki auditorlik tashkilotining boshqa xizmat mutaxassislari tomonidan ham amalga oshirilishi va u keyinchalik uslubiy kengashda koʻrib chiqilishi va maʼqullanishi (yoki maʼqullanmasligi) mumkin. Bu ishga auditorlik tashkilotining xodimi sifatida shtatida boʻlmagan mutaxassislarni jalb qilish mumkin.
6. Zaruriy hollarda, ichki standartlarni ishlab chiqish auditorlik tashkilotining rahbariyati tomonidan tasdiqlangan ishlanmalar dasturiga muvofiq, shartnoma boʻyicha boshqa tashkilotlar tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
7. Auditorlik tashkiloti ichki standartlarining tarkibiy elementi sifatida buxgaltyerlar va auditorlarning jamoat tashkilotlari, shuningdek, davlat organlari tomonidan tasdiqlangan uslubiy ishlar va ishlanmalar qabul qilinishi mumkin.
8. Ishlab chiqilgan standartlar (uslublar, yoʻriqnomalar, nizomlar) uslubiy kengash tomonidan koʻrib chiqiladi va qabul qilinadi, soʻngra auditorlik tashkiloti rahbariyatiga tasdiqlash uchun taqdim etiladi. Qaror kengash aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozlari bilan qabul qilinadi. Qarshi ovoz bergan uslubiy kengash aʼzolarining asosli fikrlari auditorlik tashkilotining rahbariyatiga ular tomonidan mustaqil ravishda taqdim etilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Auditorlik faoliyatining milliy standarti (4-sonli AFMS) “Auditorlik tashkilotlarining ichki standartlariga qoʻyiladigan talablar”ga
2-ILOVA
2-ILOVA
Auditorlik tashkiloti ichki standartining namunaviy shakli
Auditorlik tashkilotining blankasi va burchak shtampi
Logotipi, firma nomlanishi
Rahbarning tasdiqlaydigan yozuvi, sanasi, imzosi
Ichki standartning toʻliq nomi
Raqami (indeksi, kodi)
Ishlab chiquvchi: (departament, boʻlim, xodim)
Ishlab chiqilgan sana
Hujjatning tarkibi
1. Umumiy qoidalar
1.1. Standartni ishlab chiqish asoslari va maqsadlari.
1.2. Standartni qoʻllash zaruriyati.
1.3. Standartni qoʻllash doirasi.
1.4. Boshqa standartlar (shu jumladan, xalqaro standartlar) bilan oʻzaro bogʻliqligi.
1.5. Ilgari qabul qilingan ichki standartlar bilan vorisiyligi.
1..6. Amal qilish muddati.
2. Asosiy tushunchalar va taʼriflar
3. Ichki standartning mohiyati
3.1. Asosiy talablar.
3.2. Koʻrsatilgan muammolarni yechish uslubiyoti.
4. Auditda qoʻllaniladigan normativ hujjatlar
5. Ilovalar
5.1. Auditorning ishchi hujjatlari maketlari
5.2. Savollar va testlar
5.3. Auditorlik tartib-taomillari
Ishlanma rahbarining imzosi
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 39-son, 392-modda)