Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING FAN VA TEXNIKA, ADABIYOT, SANʼAT VA MEʼMORCHILIK SOHASIDAGI DAVLAT MUKOFOTLARINI TAʼSIS ETISH TOʻGʻRISIDA” 2006-YIL 25-IYULDAGI PF-3781-SON FARMONINI AMALGA OSHIRISH CHORA-TADBIRLARI HAQIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining fan va texnika, adabiyot, sanʼat va meʼmorchilik sohasidagi Davlat mukofotlarini taʼsis etish toʻgʻrisida” 2006-yil 25-iyuldagi PF-3781-son Farmonini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Adabiyot, sanʼat va meʼmorchilik sohasidagi davlat mukofotlariga talabgorlar boʻyicha tavsiyanomalarni koʻrib chiqish va adabiyot, sanʼat va meʼmorchilik sohasidagi davlat mukofotlarini berish boʻyicha takliflar tayyorlash reglamenti 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-noyabrdagi 953-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.11.2019-y., 09/19/953/4083-son)
Oldingi tahrirga qarang.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston Respublikasining adabiyot, sanʼat va meʼmorchilik sohasidagi Davlat mukofotlari boʻyicha kengashning ishchi organi vazifasini bajarish yuklansin.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-noyabrdagi 953-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.11.2019-y., 09/19/953/4083-son)
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat mukofotlari qoʻmitasi tugatilsin.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston Respublikasining fan va texnika, adabiyot, sanʼat va meʼmorchilik sohasidagi Davlat mukofotlari boʻyicha kengashi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat mukofotlari qoʻmitasi tugatilishini hamda mazkur qoʻmitaning asosiy vositalari va boshqa mulkining Madaniyat va sport ishlari vazirligi balansiga oʻtkazilishini belgilangan tartibda tashkil qilsin.
4. Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi uch kun muddatda Davlat mukofoti laureatlari diplomi, guvohnomasi va koʻkrak nishonining eng yaxshi namunasi uchun ochiq tanlov eʼlon qilsin va ikki oy muddat ichida tanlov yakunlari boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga tegishli taklif taqdim etsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2007-yildan boshlab “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti laureati” diplomi, faxriy nishoni va uning guvohnomasini tayyorlash, mukofotga tavsiya etilgan ishlarni mustaqil ekspertizadan oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash, Davlat mukofotlari laureatlariga pul mukofotini toʻlash uchun respublika budjetidan mablagʻ ajratilishini nazarda tutsin.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasining adabiyot, sanʼat va meʼmorchilik sohasidagi Davlat mukofotlarini toʻlashga pul mablagʻlarini ajratish tartibi toʻgʻrisida nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-noyabrdagi 953-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.11.2019-y., 09/19/953/4083-son)
7. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R. Qosimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2006-yil 8-avgust,
168-son
Vazirlar Mahkamasining
2006-yil 8-avgustdagi 168-son qaroriga
1-ILOVA
2006-yil 8-avgustdagi 168-son qaroriga
1-ILOVA
Oldingi tahrirga qarang.
Adabiyot, sanʼat va meʼmorchilik sohasidagi davlat mukofotlariga talabgorlar boʻyicha tavsiyanomalarni koʻrib chiqish va Davlat mukofotlarini berish boʻyicha takliflar tayyorlash
Reglamenti
(ilova nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-noyabrdagi 953-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.11.2019-y., 09/19/953/4083-son)
I. Umumiy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
1. Ushbu Reglament Oʻzbekiston Respublikasining adabiyot, sanʼat va meʼmorchilik sohasidagi Davlat mukofotlariga (keyingi oʻrinlarda Davlat mukofotlari deb ataladi) talabgorlar boʻyicha tavsiyanomalarni qabul qilish, ularning Davlat mukofotlariga taqdim etilayotgan ishlarini keng muhokama va ekspertizadan oʻtkazish, muhokama natijalari va ekspertiza xulosalari asosida Davlat mukofotlari berish boʻyicha takliflar tayyorlash tartibini belgilaydi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-noyabrdagi 953-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.11.2019-y., 09/19/953/4083-son)
Oldingi tahrirga qarang.
2. Davlat mukofotlariga talabgorlar boʻyicha tavsiyanomalar va talabgorlarning tegishli ishlarini Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston Respublikasining adabiyot, sanʼat va meʼmorchilik sohasidagi Davlat mukofotlari boʻyicha kengash (keyingi oʻrinlarda Kengash) koʻrib chiqadi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-noyabrdagi 953-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.11.2019-y., 09/19/953/4083-son)
II. Kengash faoliyatini tashkil qilish
3. Kengash:
Davlat mukofotlariga talabgorlar boʻyicha tavsiyanomalar qabul qilish boshlanganligini, hujjatlarni qabul qilish muddatlari va tartibini respublika markaziy nashrlarida mukofot beriladigan yildan avvalgi yilning 25-oktabrigacha eʼlon qiladi;
Davlat mukofotlariga talabgorlarning hujjatlari eʼlon chiqqan kundan boshlab uch oy davomida (kechi bilan mukofotlar beriladigan yilning 25-yanvarigacha) ishchi organlar tomonidan qabul qilinishini tashkil etadi;
Oldingi tahrirga qarang.
qabul qilingan hujjatlarning Oʻzbekiston Respublikasining adabiyot, sanʼat va meʼmorchilik sohasidagi Davlat mukofotlari toʻgʻrisidagi nizom (keyingi oʻrinlarda Davlat mukofotlari toʻgʻrisidagi nizom deb ataladi) talablariga muvofiqligini koʻrib chiqadi, Davlat mukofotlariga nomzodlar roʻyxatini shakllantiradi va bu roʻyxatni tegishli ishlarning qisqacha tavsifi bilan respublika markaziy nashrlarida (kechi bilan mukofot beriladigan yilning 25-fevraliga qadar) eʼlon qiladi;
(3-bandning toʻrtinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-noyabrdagi 953-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.11.2019-y., 09/19/953/4083-son)
Davlat mukofotlariga nomzodlar roʻyxati eʼlon qilingan kundan boshlab uch oy davomida tegishli ishlarning mutasaddi tashkilotlar va mutaxassislar tomonidan ekspertizadan oʻtkazilishini hamda ommaviy axborot vositalari orqali keng muhokamasini tashkil qiladi;
ekspertiza xulosalari va muhokama natijalariga koʻra Davlat mukofotlarini berishga oid tegishli taklif tayyorlaydi va uni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga (kechi bilan mukofot beriladigan yilning 25-iyuliga qadar) taqdim etadi;
Kengashning shuʼbalari va ishchi organlariga tegishli vazifalarni yuklaydi;
Davlat mukofotlariga tavsiyanomalarni qabul qilish va saqlash, mukofotlarga nomzodlar ishlarini mutasaddi tashkilotlar va mutaxassislar ekspertizasidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomalarni tasdiqlaydi.
4. Kengash va uning shuʼbalari qarorlari bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
5. Kengash aʼzolari uning ishida jamoatchilik asosida ishtirok etadi.
III. Davlat mukofotiga tavsiyanomalarni qabul qilish
6. Davlat mukofotlariga talabgorlar boʻyicha tavsiyanomalar Kengashning ishchi organlari:
Oldingi tahrirga qarang.
(6-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-noyabrdagi 953-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.11.2019-y., 09/19/953/4083-son)
Oldingi tahrirga qarang.
adabiyot, sanʼat va meʼmorchilik sohalarida — Madaniyat vazirligi tomonidan qabul qilinadi.
(6-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-maydagi 270-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 19-son, 345-modda)
7. Davlat mukofotiga talabgor boʻyicha tavsiyanomada muallif (mualliflar jamoasi uchun — har bir muallif)ning familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan yili va joyi, yashash manzili, fuqaroligi, ishlash joyi yoki faoliyat turi, ilmiy darajasi, ilmiy unvoni, faxriy unvoni, ilmiy, ijodiy ishlari, adabiy, badiiy asarlarining eʼtirofi sifatida unga berilgan boshqa mukofot va sovrinlar, Davlat mukofotlari toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan mezonlar asosida respublika fani va madaniyatiga qoʻshgan hissasini asoslovchi maʼlumotlar keltiriladi.
Tavsiyanomaga talabgorlarning Davlat mukofotiga taqdim etilayotgan ilmiy, adabiy, badiiy, sanʼat asarlarining yozma, ovozli yoki video yozuv, tasvir, hajmli-fazoviy va boshqa shakllarda chop etilgan nusxalari va boshqa materiallar ilova qilinadi.
8. Davlat mukofotlariga tavsiyanomalar va ularning ilovalarini ijrochi organ tomonidan rasmiylashtirish va saqlash, zarur hollarda muallifga qaytarish tartibi Kengash tomonidan tasdiqlanadigan yoʻriqnomaga muvofiq belgilanadi.
IV. Davlat mukofotlariga tavsiya qilinayotgan talabgorlar ishlarini koʻrib chiqish tartibi
9. Shuʼba Davlat mukofotiga talabgorlar ishlarining Davlat mukofotlari toʻgʻrisidagi Nizom talablariga muvofiqligi boʻyicha xulosa chiqaradi, saralaydi, shu asosda Davlat mukofotlariga tanlovga qoʻyiladigan nomzodlar roʻyxatini shakllantiradi va Kengashga taqdim etadi.
Kengash shuʼba tomonidan taqdim qilingan roʻyxatni koʻrib chiqadi, tasdiqlaydi hamda uni ishlarning nomi va qisqa tavsifi bilan matbuotda eʼlon qiladi. Bu eʼlon bilan Davlat mukofotiga qoʻyilgan ishlarning rasmiy tanlovi jarayoni boshlanadi.
Davlat mukofoti uchun tanlovga qoʻyilgan ishlar ommaviy axborot vositalari orqali keng muhokama qilinadi va ayni paytda Kengashning tegishli shuʼbasi tomonidan ekspertizadan oʻtkaziladi.
10. Ekspertizaning maqsadi — talabgorning ilmiy, ijodiy ishi yoki adabiy, badiiy, sanʼat asarining ahamiyatini, uning Davlat mukofotlari toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan mezonlarga muvofiqligini baholashdan iborat.
Ekspertizaga tegishli sohadagi yetakchi mutasaddi tashkilotlar, taniqli olimlar, madaniyat, adabiyot va sanʼat arboblari jalb qilinadi.
Ekspertiza natijasi asoslangan boʻlishi va unda ishning Davlat mukofotiga loyiqligi toʻgʻrisida aniq xulosa keltirilishi lozim. Xulosa ekspertizani oʻtkazgan shaxs, agar ekspertiza tashkilotda oʻtkazilgan boʻlsa, uning rahbari tomonidan imzolanadi va imzo tegishli tartibda tasdiqlanadi.
Har bir Davlat mukofotiga nomzodning ishi boʻyicha bir-biridan mustaqil ravishda ikkita ekspert xulosasi olinadi. Mazkur ikki ekspert xulosasi bir-biriga zid boʻlsa yoki ular asosida yakuniy xulosa chiqarish mumkin boʻlmasa, uchinchi ekspert xulosasi olinadi.
11. Davlat mukofotiga nomzodlar ishlarining ommaviy axborot vositalari orqali muhokamasi bilan bogʻliq materiallar (gazeta va jurnal maqolalari, radiokoʻrsatuv va telekoʻrsatuv materiallari) Kengashning tegishli ishchi organi tomonidan jamlab boriladi va muhokama yakunlangach, 3 kun ichida Kengashning tegishli shuʼbasiga taqdim etiladi.
12. Kengash shuʼbasi Davlat mukofotiga nomzodlar ishlari, olingan xulosalar va ommaviy axborot vositalari orqali oʻtkazilgan keng muhokama natijalari umumlashtirilgan batafsil maʼlumotnoma tayyorlaydi va uni shuʼba bayonnomasi bilan birga Kengashga taqdim etadi.
13. Davlat mukofotlarini berishga oid tegishli taklif tayyorlash boʻyicha yakuniy muhokama Kengashning umumiy majlisida oʻtkaziladi.
Nomzodlarning ishlari va ularga ilova qilingan materiallar mazmuni erkin fikr almashish yoʻli bilan oshkora muhokama qilinadi. Bunda Kengashning har bir aʼzosi fikr bildirish huquqiga ega. Muhokama shuʼba qarori va umumlashtirilgan maʼlumotnoma asosida amalga oshiriladi.
Kengash majlisiga qadar Kengash aʼzolari Davlat mukofotlariga nomzodlar va ularning tegishli ishlari boʻyicha barcha taqdimnomalar, ularning ilovalari, ekspertiza xulosalari va muhokama natijalari boʻyicha maʼlumotnoma bilan tanishib chiqishi taʼminlanadi.
14. Muhokama yakunlariga koʻra Kengash Davlat mukofotlari toʻgʻrisidagi nizom talablari asosida har bir soha boʻyicha birinchi va ikkinchi darajali Davlat mukofoti berish toʻgʻrisida taklif yuzasidan qaror qabul qiladi.
15. Davlat mukofotlari tanlovi gʻoliblari Kengash majlisida ochiq va nomma-nom ovoz berish yoʻli bilan aniqlanadi.
16. Majlisda qatnashayotgan Kengash aʼzolarining uchdan ikki qismining ovozini olgan nomzodgina Davlat mukofoti bilan taqdirlanishga tavsiya etilishi mumkin.
17. Kengash qarori Kengash raisi tasdiqlaydigan bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga taqdim etiladi.
V. Yakuniy qoidalar
18. Ekspertiza natijalari tegishli mutasaddi tashkilotlar va mutaxassislar tomonidan ham, Kengash aʼzolari tomonidan ham oshkor qilinmaydi. Kengashning yakuniy majlisi qarori oshkor qilinmaydi.
19. Kengashning majlisi Kengash aʼzolarining uchdan ikki qismi qatnashganda vakolatga ega boʻladi. Kengash qarori aʼzolar umumiy sonining yarmidan koʻpi ovoz berganda qabul qilingan hisoblanadi.
20. Agar Davlat mukofotiga nomzodlikka Kengash aʼzosining ishi tavsiya qilingan boʻlsa, uning muallifi Kengash ishida ishtirok etmaydi hamda Kengashning shu masala yuzasidan qarori va boshqa materiallar bilan tanishish huquqiga ega emas.
21. Davlat mukofotlari berishga taalluqli Kengashga kiritilgan barcha materiallar, Kengash majlisi materiallari belgilangan tartibda hisobga olinadi va saqlanadi.
Vazirlar Mahkamasining
2006-yil 8-avgustdagi 168-son qaroriga
2-ILOVA
2006-yil 8-avgustdagi 168-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining fan va texnika, adabiyot, sanʼat va meʼmorchilik sohasidagi
Davlat mukofotlarini toʻlashga pul mablagʻlarini ajratish tartibi toʻgʻrisida
Davlat mukofotlarini toʻlashga pul mablagʻlarini ajratish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasining fan va texnika, adabiyot, sanʼat va meʼmorchilik sohasidagi Davlat mukofotlarini toʻlashga pul mablagʻlarini budjetdan ajratish va toʻlash tartibini belgilaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Birinchi darajali Davlat mukofoti bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravari miqdorida, ikkinchi darajali Davlat mukofoti bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari miqdorida toʻlanadi va jismoniy shaxslarning daromadiga solinadigan soliqqa tortilmaydi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
Oldingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofotlari miqdori ushbu mukofotlarni taqdirlash boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni imzolangan paytda belgilangan bazaviy hisoblash miqdoridan kelib chiqib hisoblab yoziladi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
4. Insonni uning vafotidan keyin mukofotlash paytida mukofotlash haqidagi hujjat va pul mukofoti mukofotlangan shaxsning vorisiga topshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat mukofoti laureati” diplomi, koʻkrak nishoni va uning guvohnomasini tayyorlash, mukofotga tavsiya etilgan ishlarni mustaqil ekspertizadan oʻtkazish va Davlat mukofotlari laureatlariga pul mukofotini toʻlash bilan bogʻlik xarajatlarni respublika budjeti mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan budjetni tasdiqlash paytida Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligida rejalashtiriladi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-maydagi 270-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 19-son, 345-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining eʼlon qilingan Oʻzbekiston Respublikasining fan va texnika, adabiyot, sanʼat va meʼmorchilik sohasidagi Davlat mukofoti bilan mukofotlangan shaxslar toʻgʻrisidagi Farmon nusxasini olgandan soʻng, 5 bank kuni davomida zarur mablagʻlarni oluvchining nomi yozilgan hisob-kitob cheklarini Xalq bankining yozib berish yuklangan tegishli boʻlimiga hisoblab oʻtkazadi.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-maydagi 270-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 19-son, 345-modda)
7. Xalq bankining tegishli boʻlimi mukofotlash haqidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni nusxasini olgandan soʻng oluvchining nomi yozilgan hisob-kitob cheklarini yozib berishni amalga oshiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Mukofotlarni toʻlash oluvchining nomi yozilgan hisob-kitob cheklari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Xalq bankining barcha muassasalari tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
9. Hisob-kitob cheklari tovarlar va xizmatlarga haq toʻlash uchun taqdim etilishi mumkin.
10. Toʻlangan hisob-kitob cheklariga doir xarajatlarni qoplash toʻlangan hisob-kitob cheklari talablari va reyestrlari asosida hisob-kitob cheklarini yozib bergan Xalq banki boʻlinmasi tomonidan amalga oshiriladi.
11. Koʻrsatib oʻtilgan xarajatlar moliya organlari tomonidan budjetlar daromadlari va xarajatlari tasnifi 201-boʻlimining 69-paragrafi 1.9.00-moddasida aks ettiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan qarorlari roʻyxati
1. Vazirlar Mahkamasining “Fan va texnika sohasida Beruniy (Abu Rayhon Beruniy) nomidagi Oʻzbekiston SSJ Davlat mukofoti toʻgʻrisida” 1991-yil 5-martdagi 57-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1991-y., 3-son, 6-modda).
2. Vazirlar Mahkamasining “Adabiyot, sanʼat va meʼmorchilik sohasida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofotlari berish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida” 1996-yil 13-fevraldagi 58-son qarori.
3. Vazirlar Mahkamasining “Vazirlar Mahkamasining “Fan va texnika sohasida Beruniy (Abu Rayhon Beruniy) nomidagi Oʻzbekiston SSJ Davlat mukofoti toʻgʻrisida” 1991-yil 5-martdagi 57-son qaroriga oʻzgartirishlar kiritish haqida” 1996-yil 13-fevraldagi 59-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1996-y., 2-son, 7-modda).
4. Vazirlar Mahkamasining “Vazirlar Mahkamasining “Adabiyot, sanʼat va meʼmorchilik sohasida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofotlari berish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida” 1996-yil 13-fevraldagi 58-son qaroriga qoʻshimchalar kiritish haqida” 1997-yil 26-martdagi 158-son qarori.
5. Vazirlar Mahkamasining “Respublika davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari boshqaruv xodimlari sonini maqbullashtirish va qisqartirish toʻgʻrisida” 2004-yil 5-yanvardagi 1-son qarori 2-ilovasining 24-pozitsiyasi.
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 31-32-son, 322-modda; 2017-y., 19-son, 345-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.11.2019-y., 09/19/953/4083-son; 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)