Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirining
BUYRUGʻI
SHAXSIY YORDAMCHI, DEHQON VA FERMER XOʻJALIKLARIGA NASLLI MOLLARNI AUKSION (KIMOSHDI SAVDOSI) ORQALI SOTISHNI AMALGA OSHIRISH TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2006-yil 5-iyulda 1591-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vazirining 2025-yil 15-yanvardagi 26-sonli ““Shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xoʻjaliklariga naslli mollarni auksion (kimoshdi savdosi) orqali sotishni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruq, shuningdek unga oʻzgartirishlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 1591-3, 27.01.2025-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 23-martdagi “Shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xoʻjaliklarida chorva mollarni koʻpaytirishni ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-308-sonli qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xoʻjaliklariga naslli mollarni auksion (kimoshdi savdosi) orqali sotishni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab 10 kun oʻtganidan keyin kuchga kiradi.
3. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilish vazir oʻrinbosari O. Ollaberganov zimmasiga yuklansin.
Qishloq va suv xoʻjaligi vaziri S. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2006-yil 16-iyun,
128-son
Shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xoʻjaliklariga naslli
mollarni auksion (kimoshdi savdosi) orqali sotishni amalga
oshirish tartibi toʻgʻrisida
mollarni auksion (kimoshdi savdosi) orqali sotishni amalga
oshirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 23-martdagi “Shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xoʻjaliklarida chorva mollarini koʻpaytirishni ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–308-sonli qaroriga muvofiq, naslli mollarni auksion (kimoshdi savdosi) orqali sotishni amalga oshirish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi tushunchalar qoʻllaniladi:
shaxsiy yordamchi xoʻjalik — qishloq, ovul va qoʻrgʻonlarda yashovchi fuqarolarga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish uchun uy-joy qurish uchun berilgan uchastkalarining bir qismi — tomorqada oila aʼzolarining shaxsiy mehnati asosida oila ehtiyojlari uchun dehqonchilik va chorvachilik mahsulotlari yetishtirish hamda oila ehtiyojidan ortiqchasini dehqon bozorlarida sotish bilan shugʻullanadigan oilaviy xoʻjalik;
dehqon xoʻjaligi — oila aʼzolarining shaxsiy mehnati asosida, meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish uchun oila boshligʻiga berilgan tomorqa yer uchastkasida qishloq xoʻjaligi mahsuloti yetishtiradigan va realizatsiya qiladigan, yuridik shaxsni tashkil etgan va tashkil etmagan holda faoliyat yuritadigan oilaviy mayda tovar xoʻjaligi;
fermer xoʻjaligi — fermer xoʻjaligi ijaraga berilgan yer uchastkalaridan foydalangan holda qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqarishi bilan shugʻullanuvchi, mustaqil xoʻjalik yurituvchi subyektdir;
auksion (kimoshdi savdosi) — naslli mollarni sotishni amalga oshirish uchun tashkil etiladigan ochiq turdagi auksion savdosi;
arizachi — auksionda ishtirok etish istagini bildirgan, Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xoʻjaliklari;
ishtirokchi — auksionda qatnashish huquqi berilgan shaxs;
sotuvga qoʻyilgan mahsulot — naslli chorva mollari;
auksion tashkilotchisi — naslli chorva mollar egasi bilan tuzilgan shartnomaga asosan, xizmat koʻrsatuvchi va auksionni oʻtkazuvchi ixtisoslashgan tashkilot;
sotuvchi — naslli mol egasi yoki uning ishonchli vakili.
2. Naslli chorva mollarning auksion savdolari naslchilik xoʻjaliklarida chorvachilikni jadal rivojlantirish, naslchilik boʻyicha seleksiya sohasida erishilgan yutuqlarni amalda joriy etish, hamda naslli mollarni sotishda naslchilik xoʻjaliklarining raqobatbardoshliligi va iqtisodiy manfaatdorligini oshirish maqsadida oʻtkaziladi.
3. Naslli chorva mollarni sotish ochiq turdagi auksion savdolari orqali amalga oshiriladi.
Auksion savdosi mustaqil tadbir boʻlib, auksion dasturiga naslli chorva mollar koʻrgazmasi hamda savdo yarmarkasi ham kirishi mumkin.
4. Auksion savdosida shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xoʻjaliklari naslli chorva mollarni sotib olish uchun ishtirok etish istagi bilan murojaat qilishlari mumkin.
5. Auksion savdosi oʻtkaziladigan joy va oʻtkazish tartibi sotuvchi tomonidan belgilanadi.
6. Faqat bitta ishtirokchi qatnashgan auksion savdosi oʻtkazilmagan hisoblanadi.
7. Auksion savdosida sotish uchun mollarni tanlash, tayyorlash va olib kelish mulkdor tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
II. Auksion savdosida ishtirok etish shartlari
8. Auksion savdosida shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xoʻjaliklari qonunchilik va mazkur Nizomda oʻrnatilgan tartibda ishtirok etishlari mumkin.
9. Arizachi auksion savdosida ishtirok etish uchun auksion tashkilotchisiga quyidagi hujjatlarni taqdim etishi lozim:
auksion savdosida ishtirok etish uchun ariza (ikki nusxada);
zakalat haqidagi kelishuv;
auksion savdosi oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi xabarnomada koʻrsatilgan auksion tashkilotchisining bank hisob raqamiga zakalat oʻtkazilganligini tasdiqlovchi toʻlov topshiriqnomasining nusxasi. Agar qonunda boshqa talablar nazarda tutilmagan boʻlsa, toʻlov miqdori, savdoga qoʻyilgan mahsulot boshlangʻich narxining 10 foizidan kam boʻlmagan miqdorda belgilanadi. Sotuvchi tomonidan har bir sotilayotgan mahsulot boʻyicha toʻlovning aniq miqdori auksion savdosi tashkilotchisi bilan kelishilgan holda belgilanadi;
yuridik shaxslar uchun — davlat roʻyxatiga olinganlik toʻgʻrisidagi guvohnomaning nusxasi, uning ishonchli vakili qatnashayotgan boʻlsa, shuningdek, belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnoma;
Keyingi tahrirga qarang.
jismoniy shaxslar uchun — pasport nusxasi, uning ishonchli vakili qatnashayotgan boʻlsa, shuningdek, belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnoma.
Keyingi tahrirga qarang.
Auksion savdosi tashkilotchisi tomonidan, arizaning ikkinchi nusxasiga qabul qilingan hujjatlar nomi qayd qilingan holda belgi qoʻyiladi va arizachiga qaytariladi.
10. Auksion savdosida ishtirok etish haqidagi arizalar, belgilangan tartibda qayd qilish kitobida roʻyxatga olinadi.
11. Auksion tashkilotchisi, auksion savdosida ishtirok etuvchilarni taqdim etiladigan hujjatlar namunalari bilan taʼminlashi, shuningdek ularni toʻldirish va rasmiylashtirishga koʻmaklashishi shart.
12. Auksion tashkilotchisi ishtirokchilar tomonidan taqdim etilgan ariza va unga ilova qilingan hujjatlarning saqlanishi, shuningdek taqdim etilgan hujjatlar hamda ishtirokchilar haqidagi maʼlumotlar va ularning mazmuni sir tutilishini taʼminlash choralarini koʻrishi shart.
13. Auksion savdosi boshlangunga qadar ishtirokchi auksion tashkilotchisiga yozma ravishda murojaat etib, oʻz arizasini qaytarib olishga haqli. Bu holda arizachidan tushgan zakalat summasi auksion savdosi tashkilotchisiga arizani qaytarib olish haqida berilgan ariza kelib tushgan vaqtdan boshlab uch bank kunidan kechiktirmay qaytarib berilishi lozim.
14. Arizalarni qabul qilish auksion savdosi boshlanishiga bir soat qolganda toʻxtatiladi.
15. Auksion ishtirokchilarini aniqlash uchun taqdim etilgan arizalar va hujjatlar, auksion savdosi boshlangunga qadar shu kunning oʻzida komissiya tomonidan koʻrib chiqiladi.
16. Auksion savdosining ishtirokchisiga, ishtirokchining raqami va auksion savdosiga qoʻyilgan chorva mollarning zoti va aniq bosh soni qayd qilingan bilet beriladi. Shuningdek, ishtirokchiga savdo vaqtida foydalanish uchun maxsus raqamli belgi beriladi va u savdo tugagach qaytariladi.
17. Auksion savdosiga kiritilmagan arizachilar, savdo boshlanishidan oldin ogohlantiriladilar.
III. Auksion savdosini tashkil etish
18. Auksion tashkilotchisi sotuvchi bilan tuzilgan shartnoma asosida oʻz faoliyatini amalga oshiradi. Shartnomada quyidagilar koʻrsatiladi:
shaxsiy raqamlari va laqablari qayd qilingan chorva mollar zoti va bosh soni;
chorva mollar joylashgan joy (manzili);
har bir bosh naslli chorva molning boshlangʻich narxi;
ragʻbatlantirish miqdori (komission yigʻim va boshqalar);
auksion savdosi oʻtkaziladigan joy, vaqt va uni oʻtkazish tartibi;
ishtirokchilar tomonidan toʻlanadigan zakalat miqdori;
oʻzaro hisob-kitoblar hamda tomonlarning javobgarligi;
qonunchilikka zid boʻlmagan boshqa shartlar.
Shartnoma tuzishdan tashqari sotuvchi auksion savdosini oʻtkazuvchi tashkilotga shuningdek, sotuvga qoʻyilgan mahsulot haqidagi maʼlumotlarni, mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni va lozim boʻlgan taqdirda boshqa hujjatlarni taqdim etadi.
19. Auksion tashkilotchisi belgilangan tartibda quyidagilarni taʼminlaydi:
savdoga qoʻyilgan chorva mollar zoti va bosh sonlari haqidagi xabarnomani eʼlon qilish va ishtirokchilarga yetkazish;
auksion savdosini belgilangan muddatlarda oʻtkazish;
auksion ishtirokchilari bilan hisob-kitob ishlarini amalga oshirish;
auksion savdosining natijalarini eʼlon qilish;
shartnomaga muvofiq boshqa tadbirlarni amalga oshirish.
20. Auksion savdosi oʻtkazilishi haqidagi xabar ommaviy axborot vositalarida auksion oʻtkazilishidan kamida 30 kun oldin eʼlon qilinishi va oʻz ichiga auksion savdosi oʻtkaziladigan kun, vaqti, joyi, chorva mollar boshlangʻich narxi, shu jumladan savdoda qatnashishni roʻyxatga olish haqidagi maʼlumotnomalarni olishi lozim. Eʼlonda shuningdek, zakalat miqdori, toʻlash muddati hamda tartibi va auksion savdosi haqidagi boshqa maʼlumotlar koʻrsatiladi.
21. Auksion savdosini tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar sotuvchi va sotib oluvchi tomonidan teng miqdorda toʻlanadigan komission yigʻimlar hisobidan qoplanadi.
22. Komission yigʻim miqdori tashkilotchi tomonidan sotuvchi bilan kelishilgan holda belgilanadi va u savdoni tashkil etish, oʻtkazish va joriy xarajatlardan oshib ketmasligi lozim.
IV. Auksion savdosi komissiyasi
23. Auksion savdosini oʻtkazishga tayyorlash va amaldagi tartib va qoidalarga rioya qilinishini nazorat qilish uchun auksion savdosi tashkilotchisi, tarkibi kamida 5 kishidan iborat boʻlgan doimiy yoki muvaqqat faoliyat yurituvchi auksion savdosi komissiyasini tuzadi.
Auksion savdosi komissiyasi tarkibiga mulkdor vakilidan tashqari quyidagilar kiradi:
tuman hokimiyati vakili;
tuman bosh veterinariya vrachi;
tuman qishloq va suv xoʻjaligi boʻlimi bosh zootexnigi;
viloyat naslchilik xizmati vakili.
Keyingi tahrirga qarang.
24. Auksion savdosi komissiyasi, oʻz reglamentini mustaqil ravishda ishlab chiqadi va tasdiqlaydi
25. Auksion savdosi komissiyasi qarori, koʻpchilik ovoz berish yoʻli bilan qabul qilinadi va barcha komissiya aʼzolari tomonidan imzolanadigan bayonnoma tuziladi.
Oldingi tahrirga qarang.
26. Auksion savdosi komissiyasi bevosita auksion savdosini oʻtkazish jarayoniga aralashishga, mazkur Nizom, boshqa qonunchilik hujjatlari talablari buzilgan hollarda ishtirokchilarning ishtirok etish huquqini bekor qilishga, oʻzaro kelishuv holati va boshqa savdoni buzuvchi koʻzda tutilmagan holatlar aniqlanganda savdoni toʻxtatib qoʻyish huquqiga ega.
(26-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
27. Auksion savdo komissiyasi:
arizalarni unga ilova qilingan hujjatlar bilan birga koʻrib chiqadi;
arizachilarni auksion savdosiga kiritish yoki arizalarni rad etish haqida qaror qabul qiladi;
auksion savdosining oʻtkazilishini nazorat qiladi;
nizolarni oʻz vakolati doirasida koʻrib chiqadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Komissiya qonunchilik hujjatlari va ushbu Nizomga muvofiq auksion savdosini oʻtkazish bilan bogʻliq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
(27-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
V. Auksion savdosini oʻtkazish
28. Auksion savdosi maxsus malakaga ega boʻlgan auksion oʻtkazuvchi (auksionchi) tomonidan oʻtkaziladi. Auksion savdosi naslli chorva mollarning qisqa taʼrifi, boshlangʻich narxi, shuningdek baho ortishi qadamini eʼlon qilish bilan boshlanadi. Baho qadami (oʻsishini) auksion oʻtkazuvchi tomonidan sotuvchi bilan kelishilgan holda belgilanadi va u naslli chorva mol narxining 5 foizidan oshmasligi kerak. Alohida hollarda komissiyaning yozma qaroriga koʻra baho qadami oʻzgartirilishi mumkin.
Uch qadamdan soʻng, chorva molning bahosi oshish tomoniga oʻzgarishi mumkin. Auksion savdosini oʻtkazish jarayonida, auksionchi bahoni eʼlon qiladi, ishtirokchilar esa ushbu bahoda sotib olishga tayyor ekanliklarini raqamli biletni koʻtarish yoʻli bilan oʻz munosabatlarini bildiradilar.
29. Auksion savdosini oʻtkazish jarayoni boshlangʻich narxni eʼlon qilish bilan boshlanadi. Navbatdagi baho eʼlon qilinishi bilan auksionchi birinchi boʻlib, oʻz raqamli biletini birinchi boʻlib koʻtargan ishtirokchini koʻrsatadi. Agarda boshqa ishtirokchilar tomonidan sotib olish istagi shu yoʻsinda bildirilgan taqdirda, auksionchi auksion savdosi baho qadamiga muvofiq keyingi bahoni eʼlon qiladi.
Auksion savdosi naslli molga eng yuqori bahoni taklif etgan ishtirokchi aniqlangunga qadar davom etadi.
Baho uch marta eʼlon qilingandan soʻng, bu bahoga boshqa ishtirokchilar oʻz raqamlari koʻrsatilgan biletini koʻtarmasalar, auksion savdosi tugatiladi. Raqamli biletini eng oxirida koʻtargan ishtirokchi eʼlon qilinadi va auksion savdosi gʻolibi deb eʼtirof etiladi.
30. Auksion savdosi tugagach, auksionchi naslli mollarning sotilganligini, bahosini va gʻolib raqamini eʼlon qiladi.
31. Auksion savdosi gʻolibi va tashkilotchisi auksion oʻtkazilgan kuni shartnoma kuchiga ega boʻlgan auksion natijalari toʻgʻrisida bayonnoma imzolaydi. Savdoda gʻolib chiqqan shaxs bayonnomani imzolashdan bosh tortgan taqdirda kiritgan zakalat summasi qaytarilmaydi. Auksion natijalari toʻgʻrisidagi bayonnomani imzolashdan bosh tortgan auksion tashkilotchisi zakalatni ikki barobar miqdorda qaytarishi lozim.
32. Auksion savdosi yakuni boʻyicha tuziladigan bayonnomada quyidagilar qayd qilinadi:
nasli koʻrsatilgan tartibda sotilgan mollar roʻyxati, shaxsiy tartib raqami va uning “laqabi”;
sotilgan bahosi, toʻlash tartibi va toʻlov shakli;
sotuvchi va xaridor toʻgʻrisidagi maʼlumotlar va ularning manzili;
sotilgan chorva molni yetkazib berish tartibi, tomonlarning oʻzaro huquq va majburiyatlari;
qonunchilikka zid boʻlmagan boshqa shartlar.
33. Auksion savdosi natijalari haqidagi axborot, auksion savdosi oʻtkazilgan kundan boshlab 30 kun ichida matbuotda yoki maxsus axborotnomada chop etiladi.
VI. Nizolarni hal etish
34. Xaridor sotib olingan chorva mol yoki guruhda nuqson (jinsiy ojizlik) va kasalliklar aniqlangan holatlarda belgilangan tartibda auksion savdosi komissiyasi yoki bevosita sudga murojaat qilishi mumkin.
35. Sotib olingan chorva mol yoki guruhda aniqlangan nuqson (jinsiy ojizlik) va kasalliklar hududiy veterinariya yoki naslchilik xizmati tomonidan tasdiqlanadi.
VII. Yakuniy qoidalar
36. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash Davlat qoʻmitasi bilan kelishilgan.
Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash Davlat qoʻmitasi raisi v.b. B. ULASHOV
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 27-son, 255-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son, 17.11.2021-y., 10/21/1591-1/1162-son; 19.08.2023-y., 10/23/1591-2/0628-son)