Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining
Qarori
TIJORAT BANKLARI TOMONIDAN ISh BILAN TAʼMINLAShGA KOʻMAKLAShISh DAVLAT JAMGʻARMASI MABLAGʻLARI HISOBIDAN ShAXSIY YoRDAMChI VA DEHQON XOʻJALIKLARIGA ChORVAChILIKNI RIVOJLANTIRISh UChUN IMTIYOZLI MAQSADLI MIKROKREDITLAR BERISh TARTIBI TOʻGʻRISIDA NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2006-yil 2-mayda 1567-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi, Moliya vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining 2015-yil 17-martdagi 334-V, 24, 8-q/q-sonli “Tijorat banklari tomonidan ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan shaxsiy yordamchi va dehqon xoʻjaliklariga chorvachilikni rivojlantirish uchun imtiyozli maqsadli mikrokreditlar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror, shuningdek unga oʻzgartirishlar va qoʻshimchani oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 1567-2, 20.03.2015-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 23-martdagi “Shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xoʻjaliklarida chorva mollarini koʻpaytirishni ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-308-sonli qarori 3-bandining ijrosini taʼminlash maqsadida qaror qilamiz:
1. Ilova qilinayotgan “Tijorat banklari tomonidan Ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan shaxsiy yordamchi va dehqon xoʻjaliklariga chorvachilikni rivojlantirish uchun imtiyozli maqsadli mikrokreditlar berish tartibi toʻgʻrisida nizom” tasdiqlansin.
2. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiritilsin.
Markaziy bank Boshqaruvi raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2006-yil 14-aprel,
275-V-son
Moliya vaziri R.S. AZIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 14-aprel,
41-son
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri O. OBIDOV
Toshkent sh.,
2006-yil 14-aprel,
113-son
Markaziy banki Boshqaruvi,
Moliya vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy
muhofaza qilish vazirligining
2006-yil 14-apreldagi 275-V, 41,
113-sonli qarori bilan
TASDIQLANGAN
Tijorat banklari tomonidan Ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan shaxsiy yordamchi va dehqon xoʻjaliklariga chorvachilikni rivojlantirish uchun imtiyozli maqsadli mikrokreditlar berish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 23-martdagi “Shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xoʻjaliklarida chorva mollarini koʻpaytirishni ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-308-sonli qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 12-13-son, 104-modda) muvofiq tijorat banklari tomonidan Ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan kam taʼminlangan oilalarning shaxsiy yordamchi va dehqon xoʻjaliklariga chorvachilikni rivojlantirish uchun imtiyozli maqsadli mikrokreditlar berish tartibini belgilaydi.
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi, Moliya vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining 2012-yil 28-apreldagi 13/3, 41, 20-K-sonli qarori (roʻyxat raqami 1567-1, 21.05.2012-y.) tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 21-son, 235-modda)
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
(1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi, Moliya vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining 2012-yil 28-apreldagi 13/3, 41, 20-K-sonli qarori (roʻyxat raqami 1567-1, 21.05.2012-y.) tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 21-son, 235-modda)
shaxsiy yordamchi xoʻjalik — shaharcha, qishloq, ovullarda yashovchi fuqarolarga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida uy-joy qurish uchun berilgan uchastkalarning bir qismi — tomorqada oila aʼzolarining shaxsiy mehnati asosida oila ehtiyojlari uchun dehqonchilik va chorvachilik mahsulotlarini yetishtirish hamda oila ehtiyojidan ortiqchasini dehqon bozorlarida sotish bilan shugʻullanadigan oilaviy xoʻjalik;
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi, Moliya vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining 2012-yil 28-apreldagi 13/3, 41, 20-K-sonli qarori (roʻyxat raqami 1567-1, 21.05.2012-y.) tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 21-son, 235-modda)
dehqon xoʻjaligi — oila aʼzolarining shaxsiy mehnati asosida, meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish uchun oila boshligʻiga berilgan tomorqa yer uchastkasida qishloq xoʻjaligi mahsuloti yetishtiradigan va realizatsiya qiladigan, yuridik shaxsni tashkil etgan va tashkil etmagan holda faoliyat yuritadigan oilaviy mayda tovar xoʻjaligi.
2. Mazkur Nizom asosida tijorat banklari tomonidan Ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Bandlik jamgʻarmasi) mablagʻlari hisobidan kam taʼminlangan oilalarning shaxsiy yordamchi va dehqon xoʻjaliklariga chorvachilikni rivojlantirish uchun mikrokreditlar ajratish qaytarishlik, toʻlovlilik, taʼminlanganlik, muddatlilik va maqsadli foydalanish shartlari asosida amalga oshiriladi.
3. Shaxsiy yordamchi va dehqon xoʻjaliklariga Bandlik jamgʻarmasi kredit liniyasi hisobidan chorvachilikni rivojlantirish uchun beriladigan imtiyozli maqsadli mikrokreditlar (keyingi oʻrinlarda — mikrokreditlar) miqdori eng kam oylik ish haqining 80 baravarigachani tashkil etadi.
4. Mazkur Nizom asosida mikrokreditlar faqat kam taʼminlangan oilalarga beriladi. Shaxsiy yordamchi va dehqon xoʻjaliklarini kam taʼminlangan oilalar sifatida eʼtirof etish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Chorvachilikni rivojlantirish uchun kam taʼminlangan oilalarga mikrokreditlar ajratishga mahalla, qishloq, ovul fuqarolar yigʻini Kengashlari tavsiyanomalari asos boʻlib xizmat qiladi.
5. Ushbu mikrokreditlar shartnoma asosida 3 yilgacha boʻlgan muddatga, qaytarish muddatini uzaytirish huquqisiz beriladi.
6. Ushbu mikrokreditlar chorvachilikni rivojlantirish uchun qarz oluvchining xohishiga koʻra pul oʻtkazib berish yoʻli bilan yoki naqd pul shaklida beriladi.
7. Mikrokreditlardan foydalanganlik uchun foiz stavkasi miqdori bank marjasini qoʻshib hisoblaganda Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasining 1/4 qismi darajasida belgilanadi. Bunda belgilangan foiz stavkasining 50 foizini bank marjasi tashkil etadi
II. Bandlik jamgʻarmasi tomonidan tijorat banklarida kredit liniyalarini ochish tartibi
8. Kredit liniyasini ochish uchun Bandlik jamgʻarmasi va Bosh bank oʻrtasida Bosh kelishuv tuziladi. Bosh kelishuvda Bandlik jamgʻarmasi va Bosh bank oʻrtasida ochiladigan kredit liniyasiga xizmat koʻrsatish boʻyicha tomonlarning oʻzaro huquq va majburiyatlari, kreditlash muddatlari, imtiyozli foiz stavkasi, bank marjasi, banklarning viloyat va tuman boʻlimlari tomonidan kreditlar berish borasida oʻrnatiladigan limit (chegara) lar va boshqa shartlar belgilab olinadi.
9. Bandlik jamgʻarmasi va Bosh bank oʻrtasida Bosh kelishuv imzolanganidan keyin, ular oʻrtasida kredit liniyasi ochish toʻgʻrisida kredit shartnomasi tuziladi. Shuningdek, kredit liniyalari ochish uchun kredit shartnomalari tijorat banklarining viloyat boʻlimlari, agar ularga Bosh bank tomonidan ushbu vakolat berilgan boʻlsa, va Bandlik jamgʻarmasining viloyat boʻlinmalari oʻrtasida ham tuzilishi mumkin.
10. Bosh bank bilan tuziladigan kredit liniyasi ochish toʻgʻrisidagi kredit shartnomasiga quyidagi shartlar kiritilgan boʻlishi lozim:
bir yillik kredit liniyasining choraklar va viloyatlar boʻyicha taqsimlangan holdagi miqdori;
bank marjasi chegirilgan imtiyozli foiz stavkasi;
kredit liniyasi mablagʻlari yoʻnaltiriladigan maqsad;
berilgan kreditlarning maqsadli ishlatilishi ustidan nazoratni amalga oshirish tartibi.
11. Bandlik jamgʻarmasi va Bosh bank oʻrtasida tuziladigan kredit liniyasi ochish toʻgʻrisidagi kredit shartnomasida ushbu mablagʻlar bank tomonidan faqat kam taʼminlangan oilalarning shaxsiy yordamchi va dehqon xoʻjaliklariga chorvachilikni rivojlantirish maqsadlariga mikrokredit berishda kredit resurslari sifatida ishlatilishi alohida qayd etiladi.
12. Kredit shartnomasi imzolanganidan keyin Bandlik jamgʻarmasi har oyning 15-sanasidan kechiktirmay kredit liniyasi summasini tijorat bankining vakillik hisobvaragʻiga oʻtkazadi.
13. Bandlik jamgʻarmasi kredit liniyalari hisobidan shaxsiy yordamchi va dehqon xoʻjaliklariga chorvachilikni rivojlantirish uchun berilgan mablagʻlar 22005 “Budjetdan tashqari jamgʻarmalardan olingan uzoq muddatli kreditlar” balans hisobvaragʻida hisobga olinadi.
14. Banklar ochilgan kredit liniyasi summasiga Bosh kelishuvda belgilab qoʻyilgan bank marjasi chegirilgan holdagi imtiyozli foiz stavkasi miqdorida foizlar hisoblaydi. Mazkur hisoblangan foizlar alohida hisobvaraqda jamlanadi va kredit shartnomasida kelishib olingan muddatlarda Bandlik jamgʻarmasining bank hisobvaragʻiga oʻtkazib beriladi.
15. Navbatdagi kredit liniyalarini ochish uchun Bandlik jamgʻarmasi va Bosh bank oʻrtasida kredit shartnomasiga yangi kredit liniyalari summasi koʻrsatilgan qoʻshimcha kelishuv imzolanadi.
16. Berilgan mikrokreditning kredit shartnomasida belgilangan qaytarish muddati tugaganidan keyin qarz oluvchi tomonidan mikrokredit bankka qaytarilganidan qatʼi nazar, Bosh bank Bandlik jamgʻarmasining mablagʻlarini, ularga tegishli davr uchun hisoblangan va bank marjasi chegirib qoldirilgan foizlarni qoʻshgan holda budjetdan tashqari jamgʻarmaning bank hisobvaragʻiga qaytarishi shart.
III. Mikrokreditlarni rasmiylashtirish tartibi
17. Kam taʼminlangan oilalarning shaxsiy yordamchi xoʻjalik yurituvchi jismoniy shaxslar va dehqon xoʻjaliklari boshliqlari chorvachilikni rivojlantirish maqsadida Bandlik jamgʻarmasi kredit liniyasi hisobidan mikrokredit olish uchun, qoida taraqasida, oʻzlari yashab turgan tumanda joylashgan tijorat banklari filiallaridan biriga mikrokredit berishni soʻrab ariza bilan murojaat etishlari lozim.
18. Mikrokreditlar olish uchun shaxsiy yordamchi xoʻjaligi yurituvchi jismoniy shaxs yoki dehqon xoʻjaligi boshligʻi tomonidan bankka quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
1) Bandlik jamgʻarmasi kredit liniyasi hisobidan chorvachilikni rivojlantirish uchun maqsadli mikrokredit berishni soʻrab yozilgan ariza;
2) mahalla, qishloq, ovul fuqarolar yigʻini Kengashlarining ushbu mikrokredit oluvchi jismoniy shaxsga chorvachilikni rivojlantirish uchun bank tomonidan mikrokredit berilishiga tavsiyanomasi;
3) mikrokreditning qaytarilish taʼminoti haqidagi qonun hujjatlarida oʻrnatilgan tartibda rasmiylashtirilgan hujjat.
Bundan tashqari, jismoniy shaxs yoki dehqon xoʻjaligi boshligʻi oʻz pasportini shaxsan koʻrsatadi va pasport nusxasi kredit yigʻmajildiga tikib qoʻyiladi. Dehqon xoʻjaligini davlat roʻyxatiga olinganligi toʻgʻrisidagi roʻyxatga oluvchi organ tomonidan berilgan guvohnomaning nusxasi ham kredit yigʻmajildiga tikib qoʻyilishi talab etiladi.
19. Mahalla, qishloq, ovul fuqarolar yigʻinining Kengashlari tomonidan chorvachilikni rivojlantirish uchun bank tomonidan kredit berilishi toʻgʻrisidagi tavsiyanomada shaxsiy yordamchi xoʻjaligi yoki dehqon xoʻjaligida qoramol boqish uchun sharoit mavjudligi, ushbu oila kam taʼminlangan oila ekanligi, uning tarkibida doimiy ish joyiga ega boʻlmagan oila aʼzolari mavjudligi alohida taʼkidlanishi lozim. Tavsiyanoma mahalla, qishloq, ovul fuqarolar yigʻini Kengashining raisi tomonidan imzolanib, gerbli muhr qoʻyilgan boʻlishi lozim.
20. Qarz oluvchilar mikrokreditlarni qaytarilishini taʼminoti sifatida bankka quyidagi taʼminot turlaridan birini taqdim etishlari mumkin:
mol-mulk garovi;
bank yoki sugʻurta kompaniyasi kafolati;
uchinchi shaxs kafilligi;
qarz oluvchi tomonidan olingan kreditni qaytarilmaslik xatarining bank-benefitsiar foydasiga sugʻurta qilinganligi toʻgʻrisidagi sugʻurta polisi.
Mikrokredit hisobiga sotib olingan qoramol mazkur kredit boʻyicha garov predmeti boʻlib xizmat qilishi mumkin.
Sotib olingan qoramol kreditni qaytarish taʼminoti sifatida garovga olinganda, ushbu qoramolning oʻlib qolishi, oʻgʻirlanishi, tabiiy ofatlar natijasida nobud boʻlish hollaridan bank (benefitsiar) foydasiga sugʻurta qilinadi.
21. Kafillik bank foydasiga kafil va qarz oluvchi oʻrtasida tuziladigan yozma shakldagi 3 (uch) nusxada kafillik shartnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Ushbu shartnomaning oxirgi betida kafil va qarzdor imzolaridan keyin, bank tomonidan mazkur kafillik qabul qilinganligi toʻgʻrisida bank filiali boshqaruvchisi tomonidan imzolangan va dumaloq muhr qoʻyilgan yozuv kiritiladi.
22. Mikrokredit soʻrab, mazkur Nizomning 18 bandida koʻrsatilgan barcha zarur hujjatlarni ilova qilingan holda, berilgan arizaning bankka kelib tushgan kundan boshlab, ushbu ariza boʻyicha bank filiali kredit qoʻmitasi tomonidan xulosa berish muddati 3 bank kunidan oshmasligi lozim.
(22-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi, Moliya vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining 2012-yil 28-apreldagi 13/3, 41, 20-K-sonli qarori (roʻyxat raqami 1567-1, 21.05.2012-y.) tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 21-son, 235-modda)
Mikrokredit berish asoslantirilgan holda rad etilgan taqdirda, bank arizachiga bu haqda yozma shaklda maʼlum qilishi shart.
23. Tijorat banki filiali kredit qoʻmitasining qarori Bandlik jamgʻarmasi kredit liniyasi hisobidan mikrokreditlar berish yoki bermaslik uchun asos hisoblanadi.
(23-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi, Moliya vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining 2012-yil 28-apreldagi 13/3, 41, 20-K-sonli qarori (roʻyxat raqami 1567-1, 21.05.2012-y.) tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 21-son, 235-modda)
24. Bandlik jamgʻarmasi tomonidan shaxsiy yordamchi va dehqon xoʻjaliklarini ularga murojaat qilishini talab qilishi, shuningdek, tijorat banklaridan mazkur kreditlarni ajratishga doir qarorlar va shu masala bilan bogʻliq boshqa hujjatlarni talab qilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
25. Tijorat banki filiali kredit qoʻmitasi tomonidan qarz oluvchining arizasi boʻyicha ijobiy xulosa berilganidan keyin Bandlik jamgʻarmasining kredit liniyasida mablagʻ mavjud boʻlmasa, bank filiali shu kunning oʻzida Bosh bankka yoki ushbu bankning viloyat boʻlimiga mazkur kredit liniyasi boʻyicha qoʻshimcha mablagʻlar ajratish haqidagi buyurtmani yoʻllaydi.
Bank boʻlimining buyurtmasi asosida Bosh bank yoki uning viloyat boʻlimi buyurtma olingan kunning ertasidan kechiktirmay Bandlik jamgʻarmasi kredit liniyasi hisobidan talab qilinayotgan summani ajratadi.
Agar Bandlik jamgʻarmasining Bosh tijorat bankida ochilgan kredit liniyasida mablagʻlar mavjud boʻlmasa, Bosh bank shu kunning oʻzidayoq bu haqda bank filialiga xabar beradi va bir vaqtning oʻzida, Bandlik jamgʻarmasiga qoʻshimcha mablagʻlar ajratish haqidagi talabnomani joʻnatadi.
26. Tijorat banki filiali Bandlik jamgʻarmasining kredit liniyasida mablagʻlar vaqtinchalik mavjud emasligi haqidagi xabarni olganidan keyin, ushbu xabar olingan kunning ertasidan kechiktirmay, qarz oluvchini bu haqda xabardor qiladi. Ayni vaqtda, bank filialining kredit qoʻmitasi tomonidan arizalari maʼqullangan barcha qarz oluvchilarning ismi va sharifi (agar ular dehqon xoʻjaligi boʻlsalar — ularning nomi), ularning kredit arizalari bank filiali kredit qoʻmitasi tomonidan maʼqullangan sanadan kelib chiqqan holda, kalendar navbat asosida roʻyxat tuzadi.
Bank filiali tomonidan kredit olish uchun navbatda turganlar roʻyxati operatsiyalar zali (front ofis)ning koʻrinadigan joyiga barchaning tanishishi uchun osib qoʻyiladi. Ushbu roʻyxatning bank filiali boshqaruvchisi tomonidan imzolangan nusxalari tijorat bankining viloyat boʻlimiga va Markaziy bankning hududiy Bosh boshqarmasiga nazorat olib borish uchun taqdim etiladi.
Bandlik jamgʻarmasining kredit liniyasiga mablagʻ kelib tushganidan keyin mikrokreditlar berish qatʼiy ravishda tuzilgan roʻyxat asosida kalendar navbati bilan amalga oshiriladi.
27. Mikrokredit shartnomasi tuzilgan kunning ertasidan kechiktirmagan holda bank tomonidan qarz oluvchiga ssuda hisobvaragʻi ochiladi.
IV. Kreditlash va kreditni qaytarish tartibi
28. Mikrokreditlarni berish ssuda hisobvaragʻidan qarz oluvchining toʻlov topshiriqnomasiga koʻra chorvachilikni rivojlantirish uchun pul oʻtkazib berish yoki naqd pul berish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
29. Shaxsiy yordamchi xoʻjaligi yurituvchi jismoniy shaxs tomonidan mikrokreditlar va ularga hisoblangan foizlar bank kassasiga naqd pul topshirish yoki qarz oluvchining omonat hisobvaragʻidan pul oʻtkazib berish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
30. Dehqon xoʻjaligi mikrokreditning naqd pulda olingan qismi va unga hisoblangan foizlar toʻlovini bank kassasiga naqd pul topshirish yoʻli bilan amalga oshiradi.
31. Jismoniy shaxslarga berilgan mikrokreditlar hisobi 14900-sonli “Jismoniy shaxslarga berilgan uzoq muddatli kreditlar” balans hisobvaraqlarida va dehqon xoʻjaliklariga berilgan mikrokreditlarning hisobi 15000-sonli “Yakka tartibdagi tadbirkorlarga berilgan uzoq muddatli kreditlar” balans hisobvaraqlarida yuritiladi.
(31-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi, Moliya vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining 2012-yil 28-apreldagi 13/3, 41, 20-K-sonli qarori (roʻyxat raqami 1567-1, 21.05.2012-y.) tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 21-son, 235-modda)
32. Tijorat banklari tomonidan kreditdan foydalanishning butun muddati davomida fuqarolar yigʻinining mahalla, qishloq, ovul Kengashi masʼul xodimi ishtirokida mikrokreditdan samarali hamda maqsadli foydalanilanayotganligini aniqlash boʻyicha bevosita joyiga chiqib doimiy monitoring amalga oshiriladi.
33. Olingan mikrokreditdan boshqa maqsadda foydalanganlik holati aniqlanganda, bank kredit shartnomasida belgilangan tartibda, kreditning maqsadga nomuvofiq ishlatilgan qismini qarz oluvchidan muddatidan oldin undirib olish huquqiga ega.
34. Mikrokredit boʻyicha qarzdorlikni undirishda birinchi navbatda mikrokreditdan foydalanganlik uchun foizlar undiriladi.
Mikrokreditni qaytarish taʼminoti sifatida uchinchi shaxs kafilligi qabul qilingan boʻlib, qarz oluvchi mikrokreditni va unga hisoblangan foizlarni kredit shartnomasida belgilangan muddatda qaytarmagan taqdirda, bank, kafildan mikrokredit va unga hisoblangan foizlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda undirib oladi.
35. Mikrokredit belgilangan muddatlarda qaytarilmagan taqdirda bank undiruvni garov predmetiga yoki mikrokreditning qaytarilish taʼminoti sifatida taqdim etilgan taʼminotning boshqa shakllariga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qaratadi.
V. Yakuniy qoida
36. Ushbu Nizom talablarini buzganlikda aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
(V-boʻlim Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi, Moliya vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining 2012-yil 28-apreldagi 13/3, 41, 20-K-sonli qaroriga (roʻyxat raqami 1567-1, 21.05.2012-y.) asosan kiritilgan — OʻR QHT, 2012-y., 21-son, 235-modda)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 18-son, 156-modda; 2012-y., 21-son, 235-modda)