|
Hujjat yangi tahrirda qabul qilingan
|
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
OʻRMON TOʻGʻRISIDA
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 16-apreldagi OʻRQ-475-sonli “Oʻrmon toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonuniga asosan yangi tahrirda qabul qilingan.
1-modda. Oʻrmon toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Oʻrmon toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun hamda boshqa qonun hujjatlaridan iborat.
Yer, suv, yer osti boyliklari va hayvonot dunyosidan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish bilan bogʻliq oʻrmonlardan foydalanish sohasidagi munosabatlar tegishli qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida oʻrmonga oid munosabatlar Qoraqalpogʻiston Respublikasining qonun hujjatlari bilan ham tartibga solinadi.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining oʻrmon toʻgʻrisidagi qonun hujjatlaridagidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
2-modda. Oʻrmon toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining vazifalari
Oʻrmon toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining vazifalari oʻrmonlarni muhofaza qilish, qoʻriqlash, ulardan oqilona foydalanish, takroriy koʻpaytirishni taʼminlash hamda oʻrmonlar mahsuldorligini oshirish maqsadida oʻrmonga oid munosabatlarni tartibga solishdan, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslarning huquqlarini muhofaza qilishdan iborat.
3-modda. Oʻrmonlarning vazifalari
Oʻrmonlar asosan ekologik (suvni muhofaza qilish, qoʻriqlash, sanitariya-gigiyena, sogʻlomlashtirish, rekreatsion), estetik va boshqa vazifalarni bajaradi, cheklangan darajadagi foydalanish ahamiyatiga ega.
4-modda. Oʻrmonlarga boʻlgan mulkchilik
Oʻrmonlar davlat mulki — umummilliy boylik boʻlib, ulardan oqilona foydalanish lozim hamda ular davlat tomonidan qoʻriqlanadi.
5-modda. Davlat oʻrmon fondi
Hamma oʻrmonlar davlat oʻrmon fondini tashkil etadi.
Davlat oʻrmon fondi:
davlat ahamiyatiga ega boʻlgan oʻrmonlardan, yaʼni davlat oʻrmon xoʻjaligi organlari qaramogʻidagi oʻrmonlardan;
boshqa idoralar va yuridik shaxslar foydalanishidagi oʻrmonlardan iborat.
6-modda. Davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtzorlar va butazorlar
Quyidagilar davlat oʻrmon fondiga kirmaydi:
qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlardagi daraxtlar va toʻp-toʻp daraxtlar, ekinzorlarning ihota daraxtzorlari, shuningdek boshqa daraxtzorlar va butazorlar;
temir yoʻl, avtomobil yoʻllari, kanallar va boshqa suv obyektlarining ajratilgan mintaqalaridagi ihota daraxtzorlari;
shaharlar va boshqa aholi punktlaridagi daraxtlar va tup-tup daraxtlar, shuningdek koʻkalamzorlashtirish uchun ekilgan oʻsimliklar;
tomorqalardagi va bogʻ uchastkalaridagi daraxtlar hamda toʻp-toʻp daraxtlar.
Davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtzorlar va butazorlarni barpo etish, parvarish qilish, qoʻriqlash hamda ulardan foydalanish oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
7-modda. Oʻrmon fondi yerlari
Oʻrmon bilan qoplangan yerlar, shuningdek oʻrmon bilan qoplanmagan, ammo oʻrmon xoʻjaligi ehtiyojlari uchun berilgan yerlar oʻrmon fondi yerlari hisoblanadi. Oʻrmon fondi yerlarining chegaralari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda aniqlanadi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 32-moddasi.
Oʻrmon fondi yerlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda egalik qilish, foydalanish uchun, shu jumladan ijaraga berilishi mumkin.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 4-bobi.
8-modda. Davlat oʻrmon fondi uchastkalari
Davlat oʻrmon fondi uchastkalari davlat oʻrmon fondining bir qismi boʻlib, ularning muayyan chegarasi, maydoni, joylashgan manzili, huquqiy rejimi qayd etilgan hamda chizma-kartografik materiallarda koʻrsatilgan boʻladi.
9-modda. Oʻrmonlarni muhofaza qilish, qoʻriqlash, ulardan foydalanish va ularni takroriy koʻpaytirish sohasidagi davlat boshqaruvi
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻrmonlarni muhofaza qilish, qoʻriqlash, ulardan foydalanish va ularni takroriy koʻpaytirish sohasidagi davlat boshqaruvi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi oʻrmon xoʻjaligi bosh boshqarmasi va Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan amalga oshiriladi.
(9-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 14-sentabrdagi OʻRQ-446-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 978-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi oʻrmon xoʻjaligi bosh boshqarmasi va uning joylardagi organlari davlat oʻrmon xoʻjaligi organlari hisoblanadi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 30-martdagi 160-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻrmon xoʻjaligi bosh boshqarmasi toʻgʻrisidagi Nizom.
(9-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 26-maydagi 82-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 153-modda)
10-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining oʻrmonga oid munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vakolatlari
Oʻrmonga oid munosabatlarni tartibga solish sohasida quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining vakolatlariga kiradi:
oʻrmonlarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish boʻyicha yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
davlat oʻrmon fondini tasarruf etish;
oʻrmonlarning qoʻriqlanish toifalarini aniqlash tartibini belgilash;
oʻrmondan foydalanganlik uchun haq undirish tartibi va miqdorlarini belgilash;
oʻrmonlarni muhofaza qilish, qoʻriqlash, ulardan foydalanish va ularni takroriy koʻpaytirish ustidan davlat nazoratini tashkil etish va amalga oshirish;
oʻrmonlarning davlat hisobini va davlat oʻrmon kadastrini yuritish tartibini belgilash;
oʻz vakolat doirasiga kiruvchi boshqa masalalarni hal qilish.
11-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining oʻrmonga oid munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vakolatlari
Oʻrmonga oid munosabatlarni tartibga solish sohasida mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlariga quyidagilar kiradi:
Oldingi tahrirga qarang.
davlat oʻrmon xoʻjaligi organlari bilan kelishilgan holda yuridik va jismoniy shaxslarga davlat oʻrmon fondi uchastkalarini berish, bundan oʻrmonlarning daryolar, koʻllar, suv omborlari va boshqa suv obyektlari sohillari boʻylab oʻtgan taqiqlangan mintaqalari, oʻrmonlarning ovlanadigan qimmatli baliqlar uvildiriq sochadigan joylarni muhofaza qiluvchi taqiqlangan mintaqalari, suv taʼminoti manbalarini sanitariya jihatidan muhofaza qilish zonalaridagi oʻrmonlar, davlat qoʻriqxonalarining, majmua (landshaft) buyurtma qoʻriqxonalarining, tabiat bogʻlarining, umumdavlat ahamiyatiga molik buyurtma qoʻriqxonalarning, umumdavlat ahamiyatiga molik kurort tabiiy hududlarning, davlat biosfera rezervatlarining, davlatlararo muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning oʻrmonlari mustasno;
(11-moddaning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2011-yil 4-yanvardagi OʻRQ-278-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 1-2-son, 1-modda)
oʻrmonlarning davlat hisobi va davlat oʻrmon kadastri yuritilishini taʼminlash;
oʻrmonlarni muhofaza qilish, qoʻriqlash, ulardan foydalanish va ularni takroriy koʻpaytirish ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
Oldingi tahrirga qarang.
oʻrmonlar holatiga zarar yetkazgan hollarda korxonalar, muassasalar va tashkilotlar faoliyatini cheklash, toʻxtatib qoʻyish va tugatish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish. Tadbirkorlik subyekti faoliyatini cheklash, toʻxtatib qoʻyish (favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va salomatligi uchun boshqa real xavf yuzaga kelishining oldini olish bilan bogʻliq holda oʻn ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatga cheklash, toʻxtatib qoʻyish hollari bundan mustasno) yoki tugatish sud tartibida amalga oshiriladi;
(11-moddasining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yil 10-oktabrdagi OʻRQ-59-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2006-y., 41-son, 405-modda)
oʻrmonlarda mol boqish hamda yogʻochga taalluqli boʻlmagan resurslardan foydalanishning boshqa turlari normalarini davlat oʻrmon xoʻjaligi organlari bilan birgalikda belgilash va tartibga solish;
oʻrmonlarni muhofaza qilish, qoʻriqlash, ulardan foydalanish va ularni takroriy koʻpaytirish borasida aholining maʼrifatli boʻlishini tashkil etish;
oʻz vakolat doirasiga kiruvchi boshqa masalalarni hal qilish.
12-modda. Oʻrmonlarni muhofaza qilish, qoʻriqlash, ulardan foydalanish va ularni takroriy koʻpaytirish ustidan nazorat
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻrmonlarni muhofaza qilish, qoʻriqlash, ulardan foydalanish va ularni takroriy koʻpaytirish ustidan davlat nazorati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi va “Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish toʻgʻrisida”gi Qonunlari.
(12-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 14-sentabrdagi OʻRQ-446-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 978-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻrmonlarni muhofaza qilish, qoʻriqlash, ulardan foydalanish va ularni takroriy koʻpaytirish ustidan idoraviy nazorat Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi oʻrmon xoʻjaligi bosh boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi.
(12-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 26-maydagi 82-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 153-modda)
13-modda. Oʻrmon qoʻriqchiligi
Oʻrmon qoʻriqchiligi oʻrmon xoʻjaligi korxonalarida oʻrmonlarni qoʻriqlash va muhofaza qilishni taʼminlash maqsadida tuziladi.
Oʻrmon qoʻriqchiligining mansabdor shaxslari ayni bir vaqtda davlat oʻrmon xoʻjaligi organlarining inspektorlaridir.
Oʻrmon qoʻriqchiligi mansabdor shaxslarining asosiy vakolatlari quyidagilardan iborat:
yuridik va jismoniy shaxslarning oʻrmondan foydalanishga haqli ekanligini tasdiqlovchi hujjatlarini tekshirish;
oʻrmonlarni muhofaza qilish, qoʻriqlash, ulardan foydalanish va ularni takroriy koʻpaytirish sohasidagi maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisida bayonnomalar tuzish, huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarni tegishli organlarga olib borish;
qonunga xilof ravishda qoʻlga kiritilgan oʻrmon mahsulotini hamda uni qoʻlga kiritish vositalarini olib qoʻyish;
huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarni intizomiy, maʼmuriy va jinoiy javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi materiallarni tegishli organlarga yuborish;
oʻrmon toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining talablarini buzish oqibatida yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash haqida sudga daʼvo taqdim etish;
yuridik va jismoniy shaxslarga oʻrmon toʻgʻrisidagi qonunbuzarliklarni bartaraf etish haqida koʻrsatma berish.
Oʻrmon qoʻriqchiligining faoliyat koʻrsatish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 9-sentabrdagi 203-son qarori bilan tasdiqlangan “Oʻrmon qoʻriqchiligi toʻgʻrisida”gi nizom.
14-modda. Oʻrmon xoʻjaligini tashkil etishning asosiy qoidalari
Oʻrmon xoʻjaligini tashkil etish quyidagilarni taʼminlashi shart:
oʻrmonlarning himoya etish, sogʻlomlashtirish va boshqa foydali tabiiy xususiyatlarini saqlash va kuchaytirish;
oʻrmonlardan oqilona foydalanish;
oʻrmonlarni takroriy koʻpaytirish, ularning mahsuldorligini oshirish, nav tarkibi va sifatini yaxshilash;
oʻrmonlarni yongʻindan qoʻriqlash, zararkunandalar va kasalliklardan himoya qilish;
oʻrmonlarning qoʻriqlanish toifalarini aniqlash;
oʻrmonning etilish yoshini, daraxt kesish usullari va oʻrmondan foydalanish normalarini belgilash;
oʻrmon fondi yerlaridan oqilona foydalanish;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa tashkiliy-texnik tadbirlar.
15-modda. Oʻrmonlarning qoʻriqlanish toifalari
Oldingi tahrirga qarang.
Belgilangan maqsadi va bajaradigan vazifalariga muvofiq oʻrmonlar quyidagi qoʻriqlanish toifalariga kiritiladi:
oʻrmonlarning daryolar, koʻllar, suv omborlari va boshqa suv obyektlari sohillari boʻylab oʻtgan taqiqlangan mintaqalari;
oʻrmonlarning ovlanadigan qimmatli baliqlar uvildiriq sochadigan joylarni muhofaza qiluvchi taqiqlangan mintaqalari;
eroziyadan saqlaydigan oʻrmonlar;
oʻrmonlarning temir yoʻllar va avtomobil yoʻllari yoqalab oʻtgan ihota mintaqalari;
choʻl va chala choʻl zonalarining oʻrmonlari;
shahar oʻrmonlari va oʻrmon-bogʻlari;
shaharlar, boshqa aholi punktlari va sanoat markazlarining koʻkalamzorlashtirilgan zonalari atrofidagi oʻrmonlar;
suv taʼminoti manbalarini sanitariya jihatidan muhofaza qilish zonalaridagi oʻrmonlar;
alohida qimmatga ega boʻlgan oʻrmonlar;
yongʻoqchilik zonalaridagi oʻrmonlar;
oʻrmonlarning mevali daraxtzorlari;
davlat qoʻriqxonalarining oʻrmonlari;
majmua (landshaft) buyurtma qoʻriqxonalarining oʻrmonlari;
tabiat bogʻlarining oʻrmonlari;
buyurtma qoʻriqxonalarning oʻrmonlari;
kurort tabiiy hududlarning oʻrmonlari;
davlat biosfera rezervatlarining oʻrmonlari;
davlatlararo muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning oʻrmonlari;
ilmiy yoki tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan oʻrmonlar.
(15-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2011-yil 4-yanvardagi OʻRQ-278-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 1-2-son, 1-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻrmonlarni qoʻriqlanish toifalariga kiritish Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi oʻrmon xoʻjaligi bosh boshqarmasi taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshiriladi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 9-apreldagi 163-son qarori bilan tasdiqlangan, Oʻzbekiston Respublikasida oʻrmonlarning qoʻriqlanish toifalari boʻyicha boʻlinishi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 5-iyundagi 215-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻrmonlarning qoʻriqlanish toifalarini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi Nizom.
(15-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 26-maydagi 82-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 153-modda)
16-modda. Oʻrmon tuzish
Oʻrmon tuzish oʻrmonlarni muhofaza qilish, qoʻriqlashga, oʻrmon xoʻjaligi va oʻrmondan foydalanish oqilona yuritilishini taʼminlashga qaratilgan tadbirlar tizimi boʻlib, quyidagilarni qamrab oladi:
davlat oʻrmon fondi uchastkalarining chegaralarini belgilash va davlat oʻrmon fondining oʻrmondan doimiy foydalanuvchilar foydalanishidagi hududining ichki xoʻjaligini tashkil etish;
topografiya-geodeziya ishlarini bajarish va oʻrmonlarni maxsus xaritaga kiritish;
davlat oʻrmon fondini hisobga olish;
oʻrmonlarning etilish yoshini belgilash, oʻrmon xoʻjaligini yuritish bilan bogʻliq oʻrmon daraxtlarini kesish rejasini, daraxtlarni kesish hajmini hamda oʻrmondan foydalanishning boshqa turlari miqdorlarini aniqlash;
oʻrmonlarni muhofaza qilish, qoʻriqlash, qayta tiklash va barpo etish borasidagi ishlar hajmini, shuningdek boshqa oʻrmon xoʻjaligi ishlari hajmini aniqlash;
oʻrmon tuzish loyihalarini ishlab chiqish va ularning amalga oshirilishi ustidan nazorat qilish.
Oʻrmon tuzish loyihalari davlat ekspertizasidan oʻtkaziladi hamda davlat oʻrmon xoʻjaligi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan tasdiqlanadi. Oʻrmon tuzish loyihalari oʻrmon, qoʻriqxona va ovchilik xoʻjaliklari yuritish, oʻrmondan foydalanishni amalga oshirish, joriy va istiqbolga moʻljallangan rejalashtirish ishlarini olib borish uchun asosiy normativ-texnik hujjatdir.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻrmon tuzish hamma oʻrmonlarda yagona tizim boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi oʻrmon xoʻjaligi bosh boshqarmasi tomonidan belgilangan tartibda oʻtkaziladi.
(16-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 26-maydagi 82-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 153-modda)
17-modda. Oʻrmonlarning davlat hisobi
Oʻrmonlarning davlat hisobi oʻrmon tuzish loyihalari asosida davlat oʻrmon xoʻjaligi organlari tomonidan, oʻrmon tuzish oʻtkazilmagan joylarda esa davlat oʻrmon fondini hisobga olish va tekshirish materiallari asosida olib boriladi.
Oʻrmonlarning davlat hisobi davlat budjeti mablagʻlari hisobidan yagona tizim boʻyicha, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda olib boriladi.
18-modda. Davlat oʻrmon kadastri
Davlat oʻrmon kadastri Oʻrmonlarning tabiiy, xoʻjalik va huquqiy rejimi, ularning toifalari, davlat oʻrmon fondi uchastkalarining sifat tavsiflari hamda ularning oʻrmondan foydalanuvchilar oʻrtasidagi taqsimoti toʻgʻrisidagi maʼlumotlar va hujjatlar tizimidan iborat.
Davlat oʻrmon kadastri manfaatdor yuridik va jismoniy shaxslarni oʻrmonga oid munosabatlarni tartibga solish, oʻrmonlarni muhofaza qilish, qoʻriqlash, ulardan oqilona foydalanish va ularni takroriy koʻpaytirish maqsadida oʻrmon toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bilan taʼminlash uchun moʻljallangan.
Davlat oʻrmon kadastri davlat oʻrmon xoʻjaligi organlari tomonidan davlat budjeti mablagʻlari hisobidan yagona tizim boʻyicha, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda olib boriladi.
19-modda. Oʻrmondan foydalanish
Davlat oʻrmon fondi uchastkalari yuridik va jismoniy shaxslarga foydalanishga berilishi mumkin.
Oʻrmondan foydalanish uchun haq toʻlanadi, ushbu Qonunning 30-moddasida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Toʻlovlar miqdori va ularni undirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 30-sentabrdagi 278-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oʻrmondan foydalanganlik uchun toʻlovlar miqdorini va ularni undirishni tartibga solish toʻgʻrisida”gi nizom.
Oʻrmondan foydalanish doimiy va vaqtinchalik boʻlishi mumkin.
Oʻrmon fondi yerlari doimiy egalik qilishga berib qoʻyilgan oʻrmon xoʻjaligi korxonalari, muassasalari va tashkilotlari oʻrmondan doimiy foydalanuvchilardir.
Oʻrmondan vaqtinchalik foydalanish qisqa muddatli — uch yilgacha va uzoq muddatli — oʻn yilgacha boʻlishi mumkin.
20-modda. Oʻrmondan foydalanish huquqini berish
Oʻrmondan foydalanish huquqi yuridik va jismoniy shaxslarga, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida belgilangan boʻlmasa, davlat oʻrmon xoʻjaligi organlari tomonidan yoki ular vakolat bergan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan beriladi.
Oʻrmondan foydalanishga maxsus ruxsatnoma — daraxt kesish yoki oʻrmon chiptasi asosida yoʻl qoʻyiladi, ushbu Qonunning 30-moddasida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Oʻrmondan foydalanuvchilar davlat oʻrmon fondi uchastkalaridan oʻrmondan foydalanishning maxsus ruxsatnomalarda nazarda tutilgan turlaridangina foydalanishga haqlidir.
21-modda. Oʻrmondan doimiy foydalanuvchilarning huquq va majburiyatlari
Oʻrmondan doimiy foydalanuvchilar quyidagi huquqlarga ega:
davlat oʻrmon fondining oʻzlariga berib qoʻyilgan uchastkalarida oʻrmon xoʻjaligini mustaqil yuritish, oʻrmondan foydalanish;
oʻrmon fondi yerlaridan, suv resurslaridan, keng tarqalgan foydali qazilmalardan oʻrmon xoʻjaligi ehtiyojlari uchun belgilangan tartibda foydalanish;
belgilangan tartibda yoʻl ochish, oʻrmon mahsulotini joylashtirish uchun maydonchalar jihozlash, ishlab chiqarish va uy-joy binolari hamda inshootlari qurish;
tayyorlangan mahsulotga va uni sotishdan olingan daromadga mulkdor boʻlish.
Oʻrmondan doimiy foydalanuvchilar quyidagi majburiyatlarga ega:
oʻrmonlarni muhofaza qilish, qoʻriqlash, ulardan oqilona foydalanish va ularni takroriy koʻpaytirishni taʼminlash;
oʻrmonlarning davlat hisobini olib borish;
oʻrmonlarning holatiga va ularni takroriy koʻpaytirishga, tuproq va hayvonot dunyosiga, shuningdek suv obyektlarining va boshqa tabiiy obyektlarning holatiga salbiy taʼsir koʻrsatishga yoʻl qoʻymaydigan usullar bilan ish olib borish;
oʻrmondan foydalanganlik uchun oʻz vaqtida va belgilangan tartibda haq toʻlash;
Oldingi tahrirga qarang.
muhofaza etiladigan tabiiy hududlar rejimini taʼminlash;
(21-modda ikkinchi qismining oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2011-yil 4-yanvardagi OʻRQ-278-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 1-2-son, 1-modda)
oʻrmondan foydalanuvchi boshqa shaxslarning huquqlarini buzmaslik.
Oʻrmondan doimiy foydalanuvchilar qonun hujjatlarida belgilangan boshqa huquqlarga ega boʻlishlari va oʻzga majburiyatlarni bajarishlari mumkin.
22-modda. Oʻrmondan vaqtinchalik foydalanuvchilarning huquq va majburiyatlari
Oʻrmondan vaqtinchalik foydalanuvchilar quyidagi huquqlarga ega:
oʻrmondan foydalanish huquqini beruvchi hujjatlarda koʻrsatilgan davlat oʻrmon fondi uchastkalari doirasida, muddatlarida hamda undan foydalanish turlarida oʻrmondan foydalanishni amalga oshirish;
belgilangan tartibda yoʻl ochish, oʻrmon mahsulotini joylashtirish uchun maydonchalar jihozlash, ishlab chiqarish binolari va inshootlari qurish.
Oʻrmondan vaqtinchalik foydalanuvchilar quyidagi majburiyatlarga ega:
oʻzlariga berib qoʻyilgan yaylovlar, pichanzorlar va boshqa oʻrmonzorlardan oqilona foydalanish;
oʻrmonlarning holatiga va ularni takroriy koʻpaytirishga, tuproq va hayvonot dunyosiga, shuningdek suv obyektlarining va boshqa tabiiy obyektlarning holatiga salbiy taʼsir koʻrsatishga yoʻl qoʻymaydigan usullar bilan ish olib borish;
oʻrmondan foydalanganlik uchun oʻz vaqtida belgilangan tartibda haq toʻlash;
oʻrmondan foydalanuvchi boshqa shaxslarning huquqlarini buzmaslik.
Oʻrmondan vaqtinchalik foydalanuvchilar qonun hujjatlarida belgilangan boshqa huquqlarga ega boʻlishlari va oʻzga majburiyatlarni bajarishlari mumkin.
23-modda. Oʻrmondan foydalanuvchilar huquqlarining kafolatlari
Davlat, xoʻjalik va boshqa organlar hamda tashkilotlar tomonidan oʻrmondan foydalanuvchilarning faoliyatiga aralashishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Oʻrmondan foydalanuvchilarning buzilgan huquqlari qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda tiklanishi lozim.
Oʻrmondan foydalanuvchilarning huquqlarini buzish oqibatida yetkazilgan zararlar (shu jumladan boy berilgan foyda) toʻla hajmda qoplanishi lozim.
24-modda. Oʻrmondan foydalanish huquqining tugatilishi
Oʻrmondan foydalanish huquqi quyidagi hollarda tugatiladi:
oʻrmondan foydalanish huquqidan ixtiyoriy voz kechilganda;
oʻrmondan foydalanish muddati tugaganda;
foydalanishida davlat oʻrmon fondi uchastkasi boʻlgan yuridik shaxs tugatilganda;
oʻrmonlardan va oʻrmon fondi yerlaridan belgilangan maqsadda foydalanilmaganda;
oʻrmondan foydalanish oʻrmonlar va boshqa tabiiy obyektlarning holatiga hamda ularni takroriy koʻpaytirishga salbiy taʼsir koʻrsatadigan usullar bilan amalga oshirilganda;
oʻrmonlarda yongʻin xavfsizligi qoidalarini buzganda;
oʻrmondan foydalanganlik uchun haq belgilangan muddatlarda toʻlanmaganda;
oʻrmon fondi yerlari davlat yoki jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilganda.
Oʻrmondan foydalanish huquqini tugatish tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
25-modda. Oʻrmondan foydalanish turlari
Oʻrmondan foydalanish turlari quyidagilardan iborat:
daraxtzorlar va butazorlarni kesish;
oʻrmondan qoʻshimcha foydalanish (pichan oʻrish, mol boqish, asalari uyalari va qutilarini joylashtirish, yovvoyi oʻsimliklar dorivor xomashyosini tayyorlash (yigʻish) va oziq-ovqat maqsadlari uchun yovvoyi oʻsimliklarni tayyorlash (yigʻish);
davlat oʻrmon fondi uchastkalaridan ovchilik xoʻjaligi ehtiyojlari uchun foydalanish;
davlat oʻrmon fondi uchastkalaridan ilmiy-tadqiqot maqsadlarida foydalanish;
davlat oʻrmon fondi uchastkalaridan madaniy-maʼrifiy, tarbiyaviy, sogʻlomlashtirish, rekreatsion va estetik maqsadlarda foydalanish.
Qonun hujjatlarida oʻrmondan foydalanishning boshqa turlari ham nazarda tutilishi mumkin.
26-modda. Daraxtzorlar va butazorlarni kesish
Ishlab chiqarish-texnik zaruratdan kelib chiqmagan binolarni, inshootlarni va kommunikatsiyalarni qurish paytida daraxtzorlar va butazorlarni kesish man etiladi.
Daraxtzorlar va butazorlarni kesish faqat qonun hujjatlarida belgilangan tartibda oʻrmonlarni albatta qayta tiklash tarzida yoʻl qoʻyiladi.
Daraxtzorlar va butazorlarni kesish oʻrmonlarning qoʻriqlanish toifalariga qarab, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan oʻrmonlarni kesish qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 22-noyabrdagi 506-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida oʻrmonni parvarish qilish uchun kesish Qoidalari.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻrmonlarning temir yoʻllar va avtomobil yoʻllari yoqalab oʻtgan ihota mintaqalarida, choʻl va chala choʻl zonalarining oʻrmonlarida asosiy foydalanishdagi daraxtlarni oʻrmon holatini yaxshilash maqsadida kesishga yoʻl qoʻyiladi.
(26-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2011-yil 4-yanvardagi OʻRQ-278-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 1-2-son, 1-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻrmonlarning daryolar, koʻllar, suv omborlari va boshqa suv obyektlari sohillari boʻylab oʻtgan taqiqlangan mintaqalarida, oʻrmonlarning ovlanadigan qimmatli baliqlar uvildiriq sochadigan joylarni muhofaza qiluvchi taqiqlangan mintaqalarida, eroziyadan saqlaydigan oʻrmonlarda, shahar oʻrmonlari va oʻrmon-bogʻlarida, shaharlar, boshqa aholi punktlari va sanoat markazlarining koʻkalamzorlashtirilgan zonalari atrofidagi oʻrmonlarda, suv taʼminoti manbalarini sanitariya jihatidan muhofaza qilish zonalaridagi oʻrmonlarda, alohida qimmatga ega boʻlgan oʻrmonlarda, yongʻoqchilik zonalaridagi oʻrmonlarda, oʻrmonlarning mevali daraxtzorlarida, tabiat bogʻlarining oʻrmonlarida (ularning qoʻriqxonaga aylantirilgan zonalari bundan mustasno), kurort tabiiy hududlarning oʻrmonlarida, davlat biosfera rezervatlarining oʻrmonlarida (ularning qoʻriqxonaga aylantirilgan zonalari bundan mustasno), ilmiy yoki tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan oʻrmonlarda faqat oraliq foydalanishdagi kesishga (oʻrmon parvarishi va sanitariya maqsadida kesishga) yoʻl qoʻyiladi.
(26-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2011-yil 4-yanvardagi OʻRQ-278-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 1-2-son, 1-modda)
Hamma qoʻriqlanish toifalaridagi oʻrmonlarda yongʻinga qarshi oraliq joy hosil qilish bilan bogʻliq boshqa kesishlarga yoʻl qoʻyilishi mumkin, davlat qoʻriqxonalarining oʻrmonlari bundan mustasno.
Oldingi tahrirga qarang.
Asosiy foydalanish boʻyicha kesish miqdorlari oʻrmon kesish uchastkalari rejasi doirasida, oraliq foydalanishdagi kesish esa oʻrmon xoʻjaligi talablariga muvofiq amalga oshiriladi. Oʻrmon kesish rejasi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi oʻrmon xoʻjaligi bosh boshqarmasi tomonidan tasdiqlanadi.
(26-moddaning yettinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 26-maydagi 82-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 153-modda)
27-modda. Oʻrmondan qoʻshimcha tarzda foydalanish
Davlat oʻrmon fondi uchastkalari yuridik va jismoniy shaxslarga oʻrmondan qoʻshimcha tarzda foydalanishga berib qoʻyilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat oʻrmon fondi uchastkalarida pichan oʻrish va mol boqish yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan shu maqsadlar uchun maxsus moʻljallangan maydonlarda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Oʻrmonlarning daryolar, koʻllar, suv omborlari va boshqa suv obyektlari sohillari boʻylab oʻtgan taqiqlangan mintaqalarida, eroziyadan saqlaydigan oʻrmonlarda, suv taʼminoti manbalarini sanitariya jihatidan muhofaza qilish zonalaridagi oʻrmonlarda, alohida qimmatga ega boʻlgan oʻrmonlarda, yongʻoqchilik zonalaridagi oʻrmonlarda, davlat qoʻriqxonalarining oʻrmonlarida, shuningdek belgilangan rejimga muvofiq tabiat bogʻlarining, buyurtma qoʻriqxonalarning, kurort tabiiy hududlarning, davlat biosfera rezervatlarining oʻrmonlarida mol boqishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 22-noyabrdagi 506-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi oʻrmonlarida pichan oʻrish va mol boqish Qoidalari.
(27-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2011-yil 4-yanvardagi OʻRQ-278-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 1-2-son, 1-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Yuridik va jismoniy shaxslarga asalari uyalari va qutilarini joylashtirish uchun davlat oʻrmon fondi uchastkalari Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi oʻrmon xoʻjaligi bosh boshqarmasining ruxsatnomasi asosida belgilangan tartibda beriladi.
(27-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 26-maydagi 82-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 153-modda)
Yovvoyi oʻsimliklar dorivor xomashyosini tayyorlash (yigʻish) va oziq-ovqat maqsadlari uchun yovvoyi oʻsimliklarni tayyorlash (yigʻish) mavjud resurslarning tamom boʻlib qolishiga va oʻrmon xoʻjaligiga zarar yetkazilishiga yoʻl qoʻyilmaydigan vositalar va usullar bilan amalga oshiriladi.
28-modda. Davlat oʻrmon fondi uchastkalaridan ovchilik xoʻjaligi ehtiyojlari uchun foydalanish
Davlat oʻrmon fondi uchastkalaridan ovchilik xoʻjaligi ehtiyojlari uchun foydalanish huquqi yuridik va jismoniy shaxslarga beriladi. Davlat oʻrmon fondi uchastkalaridan ovchilik xoʻjaligi ehtiyojlari uchun foydalanish tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 28-oktabrdagi 508-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Hayvonot dunyosi obyektlaridan foydalanish, ularni Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish va uning tashqarisiga olib chiqish hamda ovchilik-baliq ovlash xoʻjaligini yuritish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom.
29-modda. Davlat oʻrmon fondi uchastkalaridan ilmiy-tadqiqot, madaniy-maʼrifiy, tarbiyaviy, sogʻlomlashtirish, rekreatsion va estetik maqsadlarda foydalanish
Davlat oʻrmon fondi uchastkalaridan ilmiy-tadqiqot maqsadlarida foydalanish qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
Yuridik va jismoniy shaxslarga davlat oʻrmon fondi uchastkalaridan madaniy-maʼrifiy, tarbiyaviy, sogʻlomlashtirish, rekreatsion va estetik maqsadlarda foydalanish oʻrmondan doimiy foydalanuvchilar bilan kelishilgan holda tegishli mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan beriladi.
Davlat oʻrmon fondining madaniy-maʼrifiy, tarbiyaviy, sogʻlomlashtirish, rekreatsion va estetik maqsadlarda foydalanish uchun berilgan uchastkalarida oʻrmondan foydalanuvchilar oʻrmonlarni va tabiiy landshaftlarni saqlash, oʻrmonlarda yongʻin xavfsizligi va sanitariya qoidalariga rioya qilish sharti bilan bu uchastkalarni obodonlashtirish tadbirlarini oʻtkazadilar.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat oʻrmon fondi uchastkalaridan madaniy-maʼrifiy, tarbiyaviy, sogʻlomlashtirish, rekreatsion va estetik maqsadlarda foydalanish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi oʻrmon xoʻjaligi bosh boshqarmasi tomonidan tasdiqlanadi.
(29-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 26-maydagi 82-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 153-modda)
30-modda. Fuqarolarning oʻrmonlarda boʻlishi
Fuqarolar oʻsimlik dunyosi obyektlaridan umumiy foydalanishni koʻzlab oʻrmonlarda boʻlish, yovvoyi dorivor hamda oziq-ovqatbop oʻsimliklar, mevalar va qoʻziqorinlarni oʻz ehtiyojlari uchun qonun hujjatlarida belgilangan shartlarda yigʻish huquqiga ega.
Fuqarolar oʻrmonlarda yongʻin xavfsizligiga rioya etishlari, daraxtlar va butalarni sindirishga, kesishga, oʻrmon ekinlariga shikast yetkazilishiga, oʻrmonlarning ifloslanishiga, chumoli inlari, qush uyalarining yoʻq qilinishi va buzilishiga yoʻl qoʻymasliklari, shuningdek qonun hujjatlari bilan belgilangan boshqa talablarni bajarishlari shart.
31-modda. Chegara mintaqalarida oʻrmondan foydalanish xususiyatlari
Oldingi tahrirga qarang.
Chegara mintaqalarida oʻrmondan foydalanish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati bilan kelishilgan holda davlat oʻrmon xoʻjaligi organlari tomonidan belgilanadi.
(31-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2009-yil 22-dekabrdagi OʻRQ-238-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2009-yil, 52-son, 553-modda)
32-modda. Oʻrmonlarni qoʻriqlash
Oldingi tahrirga qarang.
Mahalliy davlat xokimiyati organlari, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish va oʻrmon xoʻjaligi davlat organlari oʻrmonlardan foydalanish tartibi buzilishidan, shu jumladan noqonuniy kesish (yaganalash)dan hamda oʻrmonlarga boshqacha tarzda zararli taʼsir koʻrsatishdan oʻrmonlar qoʻriqlanishini taʼminlaydilar.
(32-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 14-sentabrdagi OʻRQ-446-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 978-modda)
Mahalliy davlat xokimiyati organlari va davlat oʻrmon xoʻjaligi organlari oʻrmonlarni yongʻindan qoʻriqlash va yongʻinga qarshi kurashishga oid chora-tadbirlarning amalga oshirilishini taʼminlaydilar, zarur hollarda yongʻinlarni oʻchirish uchun aholini, korxona, muassasa va tashkilotlarning oʻt oʻchirish, yer qazish texnikasi va transport vositalarini jalb etadilar, yongʻin xavfi yuqori boʻlgan davrda aholining oʻrmonda boʻlishini va oʻrmonlarga transport vositalarining kirishini cheklaydilar yoki taqiqlaydilar.
Oʻrmondan foydalanuvchilar oʻrmonlarda yongʻin xavfsizligiga rioya etishlari, ish joylarida yongʻinga qarshi tadbirlar oʻtkazishlari, oʻrmonda yongʻin chiqqan taqdirda uni oʻchirishni taʼminlashlari shart.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 22-noyabrdagi 506-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi oʻrmonlarida yongʻin xavfsizligi Qoidalari.
33-modda. Oʻrmonlarni zararkunandalar, kasalliklar va boshqa salbiy omillardan muhofaza qilish
Oʻrmonlarni zararkunandalar, kasalliklar va boshqa salbiy omillardan muhofaza qilish oʻrmondan doimiy foydalanuvchilar tomonidan quyidagi yoʻllar bilan amalga oshiriladi:
oʻrmon zararkunandalari va kasalliklari oʻchoqlarini, sanoat va kommunal-maishiy ifloslanishlar hamda boshqa omillarning salbiy taʼsir doiralarini hisobga olish va oldindan aytib berish;
oʻrmon zararkunandalarining ommaviy koʻpayish va oʻrmon kasalliklarining tarqalish oʻchoqlarining yuzaga kelishi va kengayishining oldini olish, oʻrmonlarning biologik jihatdan chidamliligini oshirish tadbirlarini oʻtkazish.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻrmonlarni muhofaza qilish chora-tadbirlarini amalga oshirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi oʻrmon xoʻjaligi bosh boshqarmasi tomonidan belgilanadi.
(33-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 26-maydagi 82-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 153-modda)
34-modda. Oʻrmonlarni tiklash
Oʻrmonlarni tiklash quyidagi talablarga rioya qilingan holda amalga oshiriladi:
daraxt kesilgan joylarda va oʻrmon bilan qoplanmagan boshqa yerlarda xoʻjalik jihatidan qimmatli navli daraxtlarni majburiy ravishda qayta ekishni taʼminlash;
oʻrmonlarning nav tarkibini yaxshilash, ularning mahsuldorligini va muhofaza xususiyatlarini oshirish;
oʻrmonlarning genetik fondi va biologik xilma-xilligini saqlab qolish.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻrmonlarni tiklash tartibi va muddatlari Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi oʻrmon xoʻjaligi bosh boshqarmasi tomonidan belgilanadi.
(34-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 26-maydagi 82-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 153-modda)
35-modda. Oʻrmonlarni koʻpaytirish
Oʻrmonlarni koʻpaytirish oʻrmonlardan doimiy foydalanuvchilar tomonidan hududlarning serdaraxtliligini oshirish, oʻrmonlarning nav tarkibini yaxshilash, qimmatli navli daraxtlarni koʻpaytirish va eroziya jarayonlarining oldini olish maqsadida maxsus dasturlar asosida olib boriladi.
Oʻrmonlarni koʻpaytirish uchun berib qoʻyilgan qishloq xoʻjaligiga va boshqa maqsadlarga moʻljallangan yerlar qonun hujjatlariga muvofiq oʻrmon fondi yerlari toifasiga oʻtkaziladi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 9-moddasi.
36-modda. Oʻrmonlarning mahsuldorligini oshirish
Oʻrmonlarning mahsuldorligini oshirish oʻrmonlarni takroriy koʻpaytirish, ularning nav tarkibini yaxshilash, oʻrmon melioratsiyasi va oʻrmonlarni plantatsiya usulida etishtirish natijasida amalga oshiriladi.
37-modda. Qonunga xilof ravishda qoʻlga kiritilgan oʻrmon mahsulotini olib qoʻyish
Qonunga xilof ravishda qoʻlga kiritilgan oʻrmon mahsuloti olib qoʻyilishi lozim. Qonunga xilof ravishda qoʻlga kiritilgan oʻrmon mahsulotini olib qoʻyishning imkoni boʻlmagan taqdirda, uning qiymati qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va miqdorlarda undirib olinadi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 20-oktabrdagi 290-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oʻsimlik dunyosi obyektlaridan foydalanish va oʻsimlik dunyosi obyektlaridan foydalanish sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomning 75-bandi.
38-modda. Oʻrmonlarning holatiga va ularni takroriy koʻpaytirishga taʼsir etadigan korxonalar, inshootlar va boshqa obyektlarni joylashtirish, loyihalash, qurish va ishga tushirish
Oʻrmonlarning holatiga va ularni takroriy koʻpaytirishga taʼsir etadigan yangi va qayta tiklanayotgan korxonalar, inshootlar va boshqa obyektlarni joylashtirish, loyihalash, qurish va ishga tushirish, shuningdek yangi texnologiyalarni joriy etish oʻrmonlarni muhofaza qilish va takroriy koʻpaytirish tadbirlari taʼminlangan holda amalga oshiriladi.
Oʻrmonlarning holatiga va ularni takroriy koʻpaytirishga taʼsir etadigan korxonalar, inshootlar va boshqa obyektlarni joylashtirish, loyihalash, qurish, shuningdek navli daraxtlarni kesish zarurligi qonun hujjatlarida belgilangan hollarda va tartibda majburiy davlat ekologik ekspertizasidan oʻtkazilib davlat oʻrmon xoʻjaligi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan kelishiladi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Ekologik ekspertiza toʻgʻrisida”gi Qonuni.
39-modda. Oʻrmon xoʻjaligini yuritish bilan bogʻliq boʻlmagan ishlarni amalga oshirish tartibi
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻrmon fondi yerlarida oʻrmon xoʻjaligini yuritish va oʻrmondan foydalanish bilan bogʻliq boʻlmagan qurilish va portlatish ishlari, foydali qazilmalarni qazib olish, kabellar, quvurlar va boshqa kommunikatsiyalarni oʻtkazish, parmalash va boshqa ishlar davlat oʻrmon xoʻjaligi organlari bilan kelishilgan holda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(39-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 30-apreldagi OʻRQ-352-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 18-son, 233-modda)
40-modda. Oʻrmondan foydalanish huquqini cheklash, toʻxtatib qoʻyish yoki taqiqlash
Oʻrmondan foydalanish huquqi oʻrmon toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining talablari buzilgan taqdirda, shuningdek oʻrmonlarni va boshqa tabiiy obyektlarni muhofaza qilish, qoʻriqlash va takroriy koʻpaytirish maqsadida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda cheklanishi, toʻxtatilishi yoki taqiqlanishi mumkin.
41-modda. Oʻrmonlarni muhofaza qilish, qoʻriqlash, ulardan oqilona foydalanish va ularni takroriy koʻpaytirishni moliyalashtirish hamda iqtisodiy ragʻbatlantirish
Oʻrmonlarni muhofaza qilish, qoʻriqlash, ulardan oqilona foydalanish va ularni takroriy koʻpaytirishni moliyalashtirish davlat budjeti mablagʻlari va boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Oʻrmonlarni muhofaza qilish, qoʻriqlash, ulardan oqilona foydalanish va ularni takroriy koʻpaytirishni iqtisodiy ragʻbatlantirish tadbirlarini amalga oshirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
42-modda. Nizolarni hal etish
Oʻrmonlarni qoʻriqlash va ulardan foydalanish masalalariga oid nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
43-modda. Oʻrmon toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Oʻrmon toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor boʻlgan shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 78—81 va 84-moddalari, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 198 va 202-moddalari.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 15-aprel,
770-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-y., 5-son, 122-modda; 2000-y., 5-6-son, 153-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 41-son, 405-modda; 2009-y., 52-son, 553-modda; 2011-y., 1-2-son, 1-modda; 2013-y., 18-son, 233-modda; 2017-y., 37-son, 978-modda)