O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Kapital bozorida investitsiya muhitini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
Kapital bozorini yanada rivojlantirish, yangi investitsiya mahsulotlarini joriy etish, kapital bozoriga qo‘shimcha investitsiyalar, shu jumladan, mahalliy investorlarning xorijiy valyutadagi pul mablag‘larini jalb qilishni rag‘batlantirish, shuningdek, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan investorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vazifalarni amalga oshirish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Quyidagilar 2030-yilga qadar ushbu Farmonning asosiy maqsadlari etib belgilansin:
(a) zamonaviy moliyaviy instrumentlarni joriy etish orqali fond bozoriga 1 mlrd AQSH dollari, shu jumladan, 5 trln so‘mlik korporativ obligatsiyalar chiqarilishi hisobiga qo‘shimcha investitsiyalarni jalb qilishga erishish;
(b) kapital bozori ishtirokchilarining investitsiyalari xavfsizligini kafolatlovchi mexanizmlarni joriy etish hisobiga bartaraf etiladigan huquqbuzarliklar ulushini 85 foizdan oshirish;
(v) kapital bozori ishtirokchilari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash hamda moliyaviy hisobotlar, korporativ harakatlar va muhim faktlarni majburiy oshkor etish darajasini 95 foizga yetkazish.
II. Kapital bozorida yangi moliyaviy instrumentlarni joriy etish
2. Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 2-sentabrdagi PQ-291-son qaroriga muvofiq kapital bozorida joriy etilgan “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi (keyingi o‘rinlarda — Tartibga solish qumdoni) cheklanmagan muddatga amal qiladi.
3. Kapital bozorida Tartibga solish qumdoni doirasida quyidagi huquqlar berilsin:
(a) O‘zbekiston Respublikasining rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan Tartibga solish qumdoni ishtirokchisi maqomini olish. Bunda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) qimmatli qog‘ozlar bozori sohasida so‘nggi ikki yilda qonun hujjatlarini buzgan shaxslarga ushbu maqomni berishni rad etishga haqli;
(b) O‘zbekiston Respublikasi rezident-emitentlarining korporativ obligatsiyalari nominal qiymatini xorijiy valyutada ifodalash hamda ularni O‘zbekiston Respublikasi hududida o‘z faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya olgan fond birjasining (keyingi o‘rinlarda — fond birjasi) tegishli maydonchasida joylashtirish va ularning muomalasi bilan bog‘liq to‘lovlar va hisob-kitoblarni ham xorijiy valyutada amalga oshirish;
(v) chet ellik ishtirokchilarga, O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslarga, shu jumladan, investitsiya fondlariga ular tomonidan chiqarilgan va ularga tegishli bo‘lgan qimmatli qog‘ozlarga nisbatan kastodial va nominal saqlash xizmatlarini ko‘rsatish;
(g) O‘zbekiston Respublikasi hududida o‘z faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya olgan investitsiya vositachilariga (keyingi o‘rinlarda — investitsiya vositachisi) chet el investitsiya vositachilari, banklari, kastodianlari, savdo maydonchalari, litsenziyalangan investitsiya platformalari, tan olingan chet el yurisdiksiyalarining xalqaro va milliy markaziy depozitariylarida chet el qimmatli qog‘ozlari oldi-sotdisi va ular bilan operatsiyalar bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirish maqsadida pul va depozitar hisobvaraqlar ochish;
(d) Agentlik tomonidan belgilanadigan ro‘yxatga asosan xorijiy birja indekslariga kiritilgan aksiyalar, xorijiy kompaniyalarning obligatsiyalari va davlat obligatsiyalari, savdo qilinadigan birja fondlari (ETF), indeks fondlarining qimmatli qog‘ozlari hamda xorijiy kompaniyalarning depozitar tilxatlari bo‘yicha savdolarni tashkil etish. Bunda ushbu moliyaviy instrumentlar bo‘yicha:
(i) savdolar fond birjasi yoki investitsiya vositachisi tomonidan fond birjasining tegishli maydonchasida yoki investitsiya vositachisining elektron platformasida tashkil etiladi;
(ii) ularning hajmlari Markaziy bank bilan kelishgan holda Agentlik tomonidan tasdiqlanadi;
(j) yuridik shaxslarga banklardan nominal qiymati chet el valyutasida ifodalangan qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha daromadlarni to‘lash va majburiyatlarni bajarish uchun Agentlik tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan qimmatli qog‘ozlarni chiqarish hujjatining nusxasiga muvofiq zarur hajmdagi chet el valyutasini sotib olish;
(z) emitentlarga qonun hujjatlarida belgilangan hollarda o‘z kapitali miqdoridan ortiq bo‘lgan korporativ obligatsiyalarni ta’minotsiz chiqarish.
III. Kapital bozorida investitsiya imkoniyatlarini kengaytirish chora-tadbirlari
4. Markaziy bank va Agentlikning birja kotirovkasi varag‘iga kiritilgan qimmatli qog‘ozlarni kredit operatsiyalarini va REPO operatsiyalarini o‘tkazishda ta’minot sifatida qabul qilish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin. Bunda emitent yoki qimmatli qog‘ozning O‘zbekiston Respublikasining suveren kredit reytingidan ko‘pi bilan ikki pog‘ona past bo‘lgan xalqaro kredit reytingi yoki milliy reyting shkalasi bo‘yicha uning ekvivalenti mavjud bo‘lgan taqdirda, ulardan ta’minot sifatida foydalanishga ruxsat etiladi.
5. Belgilansinki, 2026-yil 1-iyuldan boshlab rentabellik, to‘lov qobiliyati, moliyaviy barqarorlik va likvidlikning ijobiy ko‘rsatkichlarini hisobga olmagan holda, shuningdek, qimmatli qog‘ozlarni chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilish paytidagi emitentning barcha majburiyatlarining o‘z kapitaliga nisbati Agentlik tomonidan belgilanadigan normativga muvofiq bo‘lgan taqdirda hamda qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa hollarda ta’minotsiz o‘z kapitali miqdoridan ortiq korporativ obligatsiyalarni chiqarishga ruxsat beriladi.
6. Quyidagilar:
(a) Qimmatli qog‘ozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya talablari va shartlari 1-ilovaga muvofiq;
(b) Fond birjasi va qimmatli qog‘ozlarning birjadan tashqari savdosi tashkilotchisi faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya talablari va shartlari 2-ilovaga muvofiq;
(v) Xabardor qilish tartibida investitsiya maslahatchisi faoliyatini tashkil etish talablari va shartlari 3-ilovaga muvofiq;
(g) “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi doirasida chet el valyutasidagi qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalar bo‘yicha chet el valyutasida hisob-kitoblar va to‘lovlarni amalga oshirish qoidalari 4-ilovaga muvofiq;
(d) Istiqbolli loyihalar milliy agentligi bilan axborot tizimlari orqali elektron ma’lumot almashadigan vazirlik va idoralarning ro‘yxati 5-ilovaga muvofiq;
(j) “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi doirasida fond birjasining tegishli maydonchasida va investitsiya vositachisining elektron platformasida moliyaviy instrumentlar savdosini tashkil etishga ruxsat berish va ularning muomalada bo‘lishini tashkil etishning asosiy qoidalari 6-ilovaga muvofiq;
(z) Davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda hujjatlarni ko‘rib chiqqanlik uchun qimmatli qog‘ozlar emitentlari tomonidan to‘lanadigan yig‘imlar miqdorlari 7-ilovaga muvofiq;
(i) Kapital bozori ishtirokchilari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash maqsadida ularga qo‘yiladigan alohida talablar va qoidalar 8-ilovaga muvofiq;
(k) Kapital bozorini yanada rivojlantirish va investitsiyalar xavfsizligini kafolatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar 9-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
IV. Farmon ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat
7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 10-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
8. Agentlik va Markaziy bank manfaatdor idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda:
(a) qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
(b) qabul qilingan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu Farmonga muvofiqlashtirsin.
9. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktori D.R. Li va Markaziy bank raisi T.A. Ishmetov zimmasiga yuklansin.
10. Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 18-dekabr,
PF-254-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-dekabrdagi PF-254-son Farmoniga
1-ILOVA
Qimmatli qog‘ozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya talablari va shartlari
Qimmatli qog‘ozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshirish uchun quyidagi litsenziya talablari va shartlari amal qiladi:
(a) qimmatli qog‘ozlar bozori sohasidagi, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etish;
(b) litsenziya faoliyatining har bir kichik turi bo‘yicha pul mablag‘i ko‘rinishida shakllantirilgan ustav kapitalining eng kam miqdori to‘g‘risidagi quyidagi talablarga muvofiqligini ta’minlash:
(i) 2026-yil 1-iyuldan boshlab — bazaviy hisoblash miqdorining (keyingi o‘rinlarda — BHM) 3 000 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda;
(ii) 2027-yil 1-iyuldan boshlab — BHMning 4 000 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda;
(iii) 2028-yil 1-iyuldan boshlab — BHMning 6 000 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda.
Bunda litsenziyalanadigan professional faoliyatni birga qo‘shib olib borishda ustav kapitalining eng kam miqdori to‘g‘risidagi talablar jamlangan holda qo‘llaniladi;
(v) litsenziya talabgorining ustav kapitali va boshqa moliyaviy ko‘rsatkichlari yetarliligini, shuningdek, litsenziya beruvchi organ tomonidan belgilangan majburiy normativlarga muvofiqligini ta’minlash;
(g) dasturiy ta’minot va texnik vositalarning investitsiya vositachilarining dasturiy-texnik komplekslariga qo‘yiladigan talablarga muvofiqligi hamda qimmatli qog‘ozlar bozori professional qatnashchilari, fond birjasi va Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi (keyingi o‘rinlarda — Markaziy depozitariy) bilan elektron o‘zaro hamkorlikka tayyorligi to‘g‘risida Markaziy depozitariysining xulosasi;
(d) qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalarning ichki hisobini yuritish vazifasi yuklatilgan kamida bitta xodimning bo‘lishi hamda ichki nazoratni tashkil etish va amalga oshirish vazifasi yuklatilgan kamida bitta xodim (nazoratchi) mavjudligi;
(j) quyidagi shaxslar litsenziatning rahbari bo‘lishi mumkin emas:
(i) moliya-iqtisod, yuridik, matematika yoki axborot texnologiyalari mutaxassisliklaridan kamida bittasi bo‘yicha oliy ma’lumotli bo‘lmagan shaxslar;
(ii) qimmatli qog‘ozlar bozoridagi professional faoliyatni amalga oshiruvchi tashkilotlarda, fond birjalarida yoxud iqtisodiy, moliyaviy va yuridik faoliyat sohalarida, axborot texnologiyalari sohasida yoki ko‘rsatib o‘tilgan yo‘nalishlar bo‘yicha kamida ikki yillik ish stajiga ega bo‘lmagan shaxslar;
(iii) yakka tartibdagi ijro etuvchi organ vazifasini bajargan, kollegial ijro etuvchi organ tarkibiga kirgan, qimmatli qog‘ozlar bozori professional ishtirokchisi, fond birjasi, kredit, sug‘urta yoki auditorlik tashkilotining ta’sischilari bo‘lgan shaxslarning aybi bilan litsenziya talablari va shartlari buzilganligi sababli, mazkur yuridik shaxsning faoliyat turini amalga oshirish uchun berilgan litsenziyasi amal qilishi to‘xtatilgan paytda, agar bunday to‘xtash paytidan boshlab uch yildan kam vaqt o‘tgan bo‘lsa;
Oldingi tahrirga qarang.
(iv) iqtisodiy jinoyatlar, shuningdek, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirish, uyushgan jinoyatchilik, korrupsiya va boshqaruv tartibiga qarshi jinoyatlarni sodir etganlik uchun sudlanganligi olib tashlanmagan yoki o‘talmagan bo‘lsa;
(“j” kichik bandning “iv” xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 17-apreldagi PF-65-sonli Farmoni tahririda)
(z) litsenziatning mutaxassislari, mansabdor shaxslari va nazoratchisining litsenziyalovchi organ tomonidan tasdiqlangan malaka talablariga muvofiqligi;
(i) o‘zining dasturiy vositasi mavjud bo‘lgan taqdirda, mualliflik huquqini tasdiqlaydigan hujjatlarning mavjudligi;
(k) atayin noto‘g‘ri ma’lumotlarni tarqatish (taqdim etish) yo‘li bilan vakolatli organ va investorlarni chalg‘itmaslik, qimmatli qog‘ozlar bozorida narxlarga doir manipulyatsiya qilishga yo‘l qo‘ymaslik;
(l) quyidagi shaxslar litsenziya egasi va (yoki) oxirgi benefitsiar mulkdor sifatida litsenziya egasining ustav kapitalida ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmaydi:
(i) ushbu ilovaning “j” bandida ko‘rsatilganlar;
(ii) jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro hamkorlikda ishtirok etmayotgan davlatlarda doimiy yashovchi, joylashgan yoki ro‘yxatdan o‘tgan shaxslar, shuningdek, shu davlatlarda ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalar;
(m) litsenziya egasining ustav kapitalidagi ulushlarni jismoniy va yuridik shaxslarga, shu jumladan, norezidentlarga realizatsiya qilishni litsenziya beruvchi organ bilan kelishish;
(n) litsenziatning rahbariyati (direktori va uning o‘rinbosarlari) almashishini litsenziya beruvchi organ bilan kelishish.
Izoh:
1. Litsenziya talablari va shartlari 2026-yil 1-iyuldan kuchga kiradi.
2. Amalda faoliyat ko‘rsatayotgan investitsiya vositachilari 2026-yil 1-iyulga qadar mazkur ilovada nazarda tutilgan talablarga, shu jumladan, o‘z mablag‘lari miqdorlari bo‘yicha talablariga rioya etishlari shart.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-dekabrdagi PF-254-son Farmoniga
2-ILOVA
Fond birjasi va qimmatli qog‘ozlarning birjadan tashqari savdosi tashkilotchisi faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya talablari va shartlari
Fond birjasi va qimmatli qog‘ozlarning birjadan tashqari savdolari tashkilotchisining faoliyatini amalga oshirish uchun quyidagi litsenziya talablari va shartlari amal qiladi:
(a) birja faoliyatini amalga oshirish va qimmatli qog‘ozlar bozori sohasidagi qonun hujjatlariga rioya qilish;
(b) ishlab turgan elektron birja savdo tizimi mavjudligi;
(v) tuzilgan birja bitishuvlari bajarilishining kafolatlanishi tizimi mavjudligi;
(g) qonunchilik hujjatlariga muvofiq axborotning maxfiyligini ta’minlash;
(d) quyidagilarni nazarda tutuvchi birja savdosi qoidalarining mavjudligi:
(i) birja a’zolarining birja savdolariga qo‘yilishi;
(ii) qonunchilik hujjatlariga muvofiq qimmatli qog‘ozlar bozorida investitsiya vositachisi yoki investitsiya aktivlarining ishonchli boshqaruvchisi sifatida professional faoliyatni amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega bo‘lgan birja a’zolarining fond birjasida (fond bo‘limlarini tashkil etgan boshqa birjalarning ham) birja savdolariga qo‘yilishi;
(iii) birja tovarlariga narxlar kotirovkasi va ular to‘g‘risidagi axborotni oshkor qilish tartibi;
(iv) narxlar bilan manipulyatsiya qilish va maxfiy axborotdan qonunga xilof ravishda foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik;
(j) ustav fondini bazaviy hisoblash miqdorining 5 800 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda pul mablag‘i ko‘rinishida shakllantirish;
(z) filiallar mavjud bo‘lgan taqdirda, birjaning barcha a’zolariga ushbu savdolarda bir vaqtning o‘zida qatnashish imkoniyatini bergan holda markazlashtirilgan birja savdolarini o‘tkazish;
(i) birja tovarlariga talab va taklif nisbati asosida ularga kotirovkani amalga oshirish;
(k) axborotni qonunchilik hujjatlariga muvofiq oshkor qilish;
(l) litsenziyalovchi organning talabiga ko‘ra birja faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq axborotni beg‘araz asosda taqdim etish;
(m) birja savdolarini faqat O‘zbekiston Respublikasining butun hududida barcha birja a’zolari bir paytda va teng kirishini ta’minlovchi elektron tizimda o‘tkazish;
(n) quyidagi shaxslarning litsenziatga rahbarlik qilishiga yo‘l qo‘ymaslik:
(i) moliya-iqtisod, yuridik, matematika yoki axborot texnologiyalari mutaxassisliklaridan kamida bittasi bo‘yicha oliy ma’lumotli bo‘lmagan shaxslar;
(ii) qimmatli qog‘ozlar bozoridagi professional faoliyatni amalga oshiruvchi tashkilotlarda, fond birjalarida yoxud iqtisodiy, moliyaviy va yuridik faoliyat sohalarida, axborot texnologiyalari sohasida yoki ko‘rsatib o‘tilgan yo‘nalishlar bo‘yicha kamida ikki yillik ish stajiga ega bo‘lmagan shaxslar;
(iii) yakka tartibdagi ijro etuvchi organ vazifasini bajargan, kollegial ijro etuvchi organ tarkibiga kirgan, qimmatli qog‘ozlar bozori professional ishtirokchisi, fond birjasi, kredit, sug‘urta yoki auditorlik tashkilotining ta’sischilari bo‘lgan shaxslarning aybi bilan litsenziya talablari va shartlari buzilganligi sababli, mazkur yuridik shaxsning faoliyat turini amalga oshirish uchun berilgan litsenziyasi amal qilishi to‘xtatilgan paytda, agar bunday to‘xtash paytidan boshlab uch yildan kam vaqt o‘tgan bo‘lsa;
Oldingi tahrirga qarang.
(iv) iqtisodiy jinoyatlar, shuningdek, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirish, uyushgan jinoyatchilik, korrupsiya va boshqaruv tartibiga qarshi jinoyatlarni sodir etganlik uchun sudlanganligi olib tashlanmagan yoki o‘talmagan bo‘lsa;
(“n” kichik bandning “iv” xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 17-apreldagi PF-65-sonli Farmoni tahririda)
(o) fond birjasining ijroiya organi va uning tuzilmaviy bo‘linmalari rahbari I toifali qimmatli qog‘ozlar bozori mutaxassisi malaka guvohnomasiga ega bo‘lishi;
(p) ularning nomidan qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalarni, qimmatli qog‘ozlar bozorida xizmat ko‘rsatish va (yoki) ishlarni amalga oshirish bo‘yicha majburiyatga ega bo‘lgan fond birjasining II toifali xodimlari, qimmatli qog‘ozlar bozori mutaxassisining malaka guvohnomasiga ega bo‘lishi;
(r) litsenziya egasi va (yoki) oxirgi benefitsiar mulkdor sifatida litsenziya egasining ustav kapitalida quyidagi shaxslarning ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmasligi:
(i) ushbu ilovaning “n” bandida ko‘rsatilganlar;
(ii) jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro hamkorlikda ishtirok etmayotgan davlatlarda doimiy yashovchi, joylashgan yoki ro‘yxatdan o‘tgan shaxslar, shuningdek, shu davlatlarda ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalar;
(s) litsenziya egasining ustav kapitalidagi ulushlarni jismoniy va yuridik shaxslarga, shu jumladan, norezidentlarga realizatsiya qilishni litsenziya beruvchi organ bilan kelishish;
(t) litsenziatning rahbariyati (direktor va uning o‘rinbosarlari) almashishini litsenziya beruvchi organ bilan kelishish.
Izoh:
1. Litsenziya talablari va shartlari 2026-yil 1-iyuldan kuchga kiradi.
2. Amaldagi litsenziatlar 2026-yil 1-iyulga qadar mazkur ilovada nazarda tutilgan talablarga rioya etishlari shart.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-dekabrdagi PF-254-son Farmoniga
3-ILOVA
Xabardor qilish tartibida investitsiya maslahatchisi faoliyatini tashkil etish talablari va shartlari
Xabardor qilish tartibida investitsiya maslahatchisi faoliyatini tashkil etish uchun quyidagi talablar va shartlar amal qiladi:
(a) 50 mln so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda o‘z mablag‘lari (kapitali) mavjudligi;
(b) qimmatli qog‘ozlar bozorining professional ishtirokchilari va fond birjalari bilan o‘zaro elektron aloqaga tayyorligi;
(v) xabardor qiluvchida qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalarning ichki hisobini yuritish vazifasini bajaruvchi kamida bitta xodimning bo‘lishi hamda ichki nazoratni tashkil etish va amalga oshirish vazifasini bajaruvchi kamida bitta xodim (nazoratchi) bo‘lishi;
(g) quyidagi shaxslar xabardor qiluvchining rahbari bo‘lishi mumkin emas:
(i) moliya-iqtisod, yuridik, matematika yoki axborot texnologiyalari mutaxassisliklaridan kamida bittasi bo‘yicha oliy ma’lumotli bo‘lmagan shaxslar;
(ii) qimmatli qog‘ozlar bozoridagi professional faoliyatni amalga oshiruvchi tashkilotlarda, fond birjalarida yoxud iqtisodiy, moliyaviy va yuridik faoliyat sohalarida, axborot texnologiyalari sohasida yoki ko‘rsatib o‘tilgan yo‘nalishlar bo‘yicha kamida ikki yillik ish stajiga ega bo‘lmagan shaxslar;
Oldingi tahrirga qarang.
(iii) iqtisodiy jinoyatlar, shuningdek, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirish, uyushgan jinoyatchilik, korrupsiya va boshqaruv tartibiga qarshi jinoyatlarni sodir etganlik uchun sudlanganligi olib tashlanmagan yoki o‘talmagan bo‘lsa;
(“g” kichik bandning “iii” xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 17-apreldagi PF-65-sonli Farmoni tahririda)
(iv) yuridik shaxs bankrot deb e’tirof etilgan paytda va e’tirof etilgan paytdan boshlab ikki yil o‘tmagan bo‘lsa, yakka holda ijro etuvchi organ funksiyalarini bajargan yoki kollegial ijro etuvchi organ tarkibiga kirgan shaxslar;
(d) xabardor qiluvchining mutaxassislari, mansabdor shaxslari va nazoratchisining vakolatli organ tomonidan tasdiqlangan malaka talablariga muvofiqligi;
(j) o‘zining dasturiy vositasi mavjud bo‘lgan taqdirda mualliflik huquqini tasdiqlaydigan hujjatning mavjudligi.
Izoh:
1. Talablar va shartlar 2026-yil 1-iyuldan kuchga kiradi.
2. Amaldagi investitsiya maslahatchilari 2026-yil 1-iyulga qadar mazkur ilovada nazarda tutilgan talablarga rioya etishlari shart.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-dekabrdagi PF-254-son Farmoniga
4-ILOVA
“Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi doirasida chet el valyutasidagi qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalar bo‘yicha chet el valyutasida hisob-kitoblar va to‘lovlarni amalga oshirish qoidalari
Mazkur qoidalar tijorat banklari tomonidan kapital bozori sohasida “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi (keyingi o‘rinlarda — Tartibga solish qumdoni) doirasida chet el valyutasidagi qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalar bo‘yicha chet el valyutasidagi pul mablag‘lari bilan hisob-kitoblarni amalga oshirish tartibini belgilaydi.
1. “Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi” aksiyadorlik jamiyati (keyingi o‘rinlarda — Markaziy depozitariy) Tartibga solish qumdoni ishtirokchilarining quyidagi operatsiyalari bo‘yicha chet el valyutasidagi hisob-kitoblarni agent-bank orqali amalga oshiradi:
a) Tartibga solish qumdoni ishtirokchilari hisoblangan O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan chiqariladigan, qiymati chet el valyutasida ifodalangan korporativ obligatsiyalarining joylashtirilishi, muomalada bo‘lishi va so‘ndirilishi bilan bog‘liq hisob-kitoblarni;
b) Tartibga solish qumdoni ishtirokchilari hisoblangan O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari — emitentlarning qimmatli qog‘ozlari bilan fond birjalarining maxsus maydonchalaridagi bitimlar natijalari bo‘yicha chet el valyutasidagi hisob-kitoblarni.
2. Tartibga solish qumdoni doirasida chet el valyutasidagi qimmatli qog‘ozlarning emitentlari hisoblangan O‘zbekiston Respublikasining yuridik shaxslariga chet el valyutasidagi qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha daromadlarni to‘lash va majburiyatlarni bajarish uchun chet el valyutasini cheklovlarsiz sotib olish huquqi beriladi.
3. Chet el valyutasidagi qimmatli qog‘ozlarni sotib olish uchun jismoniy shaxslar — O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari naqd chet el valyutasini investitsiya vositachisining alohida (segregatsiya qilingan) bank hisobvarag‘iga kiritadi yoki chet el valyutasidagi mablag‘larni o‘z bank hisobvaraqlaridan investitsiya vositachisining alohida (segregatsiya qilingan) bank hisobvarag‘iga o‘tkazadi.
Investitsiya vositachilari tomonidan jismoniy shaxslardan naqd pul mablag‘larini kassalarda yoki notarius orqali qabul qilish taqiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasining yuridik shaxslari chet el valyutasidagi qimmatli qog‘ozlarni sotib olish uchun mablag‘larni faqat bank o‘tkazmalari orqali investitsiya vositachilarining alohida (segregatsiya qilingan) bank hisobvaraqlariga o‘tkazadi. Bunda chet el valyutasidagi qimmatli qog‘ozlarni sotib olish uchun faqat tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) eksport qilishdan va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalardan olingan chet el valyutasidagi o‘z mablag‘laridan foydalanilishi mumkin.
4. Investitsiya vositachilari kelib tushgan chet el valyutasidagi mablag‘larni shartnomalarda belgilangan muddatlarda Markaziy depozitariyning agent-bank ochilgan valyuta hisobvarag‘iga o‘tkazib beradi.
Investitsiya vositachilari chet el valyutasidagi qimmatli qog‘ozlarni sotib olish yoki sotish bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshirish uchun Markaziy depozitariyning agent-bankida alohida bank hisobvarag‘i ochadi.
Markaziy depozitariy fond birjasining maxsus maydonchasida xorijiy valyutadagi qimmatli qog‘ozlar savdolari yakunlari bo‘yicha kliringni va hisob-kitoblarni amalga oshiradi, shuningdek, xorijiy valyutadagi pul mablag‘larini maxsus maydonchadagi bitimlar uchun nazarda tutilgan hisob-kitoblar sanasidan kechiktirmay investitsiya vositachilari, emitentlar yoki qimmatli qog‘ozlarni sotuvchilarning xorijiy valyutadagi hisobvaraqlariga o‘tkazib beradi.
5. Emitentlar — O‘zbekiston Respublikasining yuridik shaxslari xorijiy valyutadagi korporativ obligatsiyalarning qiymatini so‘ndirish va ular bo‘yicha daromadlarni to‘lash uchun xorijiy valyutadagi mablag‘larni Markaziy depozitariyning agent-bankda ochilgan bank hisobvarag‘iga keyinchalik investorlarga daromadlarni markazlashgan holda to‘lash uchun o‘tkazib beradi.
6. Korporativ obligatsiyalar qiymatini so‘ndirish va ular bo‘yicha daromadlarni investor-rezidentlarga to‘lash chet el valyutasida amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-dekabrdagi PF-254-son Farmoniga
5-ILOVA
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi bilan axborot tizimlari orqali elektron ma’lumot almashadigan vazirlik va idoralarning
RO‘YXATI

T/r

Elektron almashinadigan ma’lumotlar

Muddati

Ma’lumotlarni taqdim etadigan idoralar

1.

a) yuridik shaxsning

nomini o‘zgarishi;

qayta tashkil etilishi;

faoliyati tugatilishi;

ro‘yxatdan o‘tkazish sanasi;

ustav fondi miqdori;

manzili (joylashgan joyining o‘zgartirilishi);

b) korxonalar va tashkilotlarning

yagona davlat reyestri;

filiallari, vakolatxonalari, sho‘ba va (yoki) tobe kompaniyalari ro‘yxatidagi o‘zgarishlar;

emitent aksiyalarining (ulushlari, paylari) 10 va undan ortiq foiziga ega bo‘lgan yuridik shaxslar ro‘yxatidagi o‘zgarishlar;

Kuzatuv kengashi va (yoki) ijroiya organi a’zolarining emitent aksiyalariga egalik qilish ulushi o‘zgarishi;

v) aksiyadorlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar (aksiyadorlarning umumiy soni va ro‘yxati, shu jumladan, norezidentlarning mavjudligi);

g) shaxsning yaqin qarindoshlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;

d) faoliyatning ayrim turlarini amalga oshirish uchun berilgan litsenziyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar.

2026-yil yanvar

Adliya vazirligi

2.

Mol-mulk xatlanganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar.

2026-yil yanvar

Majburiy ijro byurosi

3.

Faoliyatni to‘xtatish;

moliyaviy hisobot (BHMS, MHXS);

balans hisobotlari;

bank hisobvaraqlari xatlanishi;

qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha daromadlarni hisoblash;

emitentga nisbatan to‘lovga qobiliyatsizlik tartib-taomilini joriy etish;

yuridik shaxsning rahbari va buxgalteri to‘g‘risidagi ma’lumotlar (JSHSHIR, F.I.O., lavozimi, manzili, telefon raqami);

yuridik shaxs — emitentning bitimlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar.

2026-yil yanvar

Soliq qo‘mitasi

4.

qimmatli qog‘ozlarga bo‘lgan huquqlarning o‘zgarishi;

joylashtirilgan qimmatli qog‘ozlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar (turi, hajmi, emitenti, sanasi).

2026-yil fevral

Markaziy bank,

Markaziy depozitariy

5.

Yuridik shaxslarning mavjud kreditlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;

shaxsning kredit tarixi va mikroqarzlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar.

2026-yil fevral

Markaziy bank,

O‘zbekiston banklar uyushmasi

6.

Jismoniy shaxslar — aksiyadorlarning oldingi davrlardagi ma’muriy huquqbuzarliklari to‘g‘risidagi ma’lumotlar (F.I.O., JSHSHIR, pasport ma’lumotlari, manzili, ishning noyob raqami/ qarorga beriladigan identifikatsiyalash raqami).

2026-yil fevral

Ichki ishlar vazirligi

7.

Shaxsiy ma’lumotlar (F.I.O., JSHSHIR, pasport ma’lumotlari, yashash manzili).

2026-yil fevral

Ichki ishlar vazirligi

8.

Yuridik shaxs rahbari to‘g‘risidagi ma’lumotlar.

2026-yil fevral

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi

9.

Yuridik shaxslar kuzatuv kengashining ishtirokchilari to‘g‘risidagi ma’lumotlar.

2026-yil mart

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi

10.

Ko‘chmas mulk obyektlari va ularga bo‘lgan huquqlar to‘g‘risida ma’lumot.

2026-yil mart

Kadastr agentligi

11.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning ID-kartalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar (1-shakl);

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining vaqtincha va doimiy ro‘yxatga olinganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish biometrik pasportlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;

yuridik va jismoniy shaxslarning avtotransport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish (qayta ro‘yxatdan o‘tkazish) to‘g‘risidagi ma’lumotlari;

jinoyat sodir etganligi uchun hukm qilingan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar.

2026-yil mart

Ichki ishlar vazirligi

12.

Yakka tartibdagi jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi ma’lumotlari (jismoniy shaxslar va ish beruvchilar).

2026-yil mart

AT “Xalq banki”

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-dekabrdagi PF-254-son Farmoniga
6-ILOVA
“Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi doirasida fond birjasining tegishli maydonchasida va investitsiya vositachisining elektron platformasida moliyaviy instrumentlar savdosini tashkil etishga ruxsat berish va ularning muomalada bo‘lishini tashkil etishning
ASOSIY QOIDALARI
1. Xorijiy birja indekslariga kiritilgan aksiyalar, xorijiy kompaniyalarning obligatsiyalari va davlat obligatsiyalari, savdo qilinadigan birja fondlari (ETF), indeks fondlarining qimmatli qog‘ozlari va xorijiy kompaniyalarning depozitar tilxatlari fond birjasining tegishli maydonchasiga va investitsiya vositachisining elektron platformasiga kiritilishi mumkin bo‘lgan vositalar uchun bazaviy aktiv bo‘lishi mumkin.
2. Fond birjasining tegishli maydonchasiga va investitsiya vositachisining elektron platformasiga ruxsatnoma olish uchun ruxsatnoma tashabbuskori (investitsiya vositachisi, bank, shu jumladan, chet ellik nominal saqlovchi) qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish bo‘yicha vakolatli davlat organiga ruxsatnomaga taklif etilayotgan instrumentlar bo‘yicha bazaviy aktivlarning turlari va sonini ko‘rsatgan holda ariza beradi.
3. Ruxsatnoma olish tashabbuskori qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish bo‘yicha vakolatli davlat organi tomonidan ma’qullangan bazaviy aktivlarni Markaziy depozitariyning xorijiy yurisdiksiyalardagi korrespondentlik hisobvarag‘iga o‘tkazishi kerak.
4. Markaziy depozitariy ularni fond birjalarining tegishli maydonchasida joylashtirish va muomalada bo‘lishi uchun ma’qullangan bazaviy aktivlarga mutanosib ravishda maxsus individual identifikatsiya raqamini bergan holda instrumentlarning tegishli sonini yaratadi, shuningdek, ularning egalari reyestrini yuritadi.
5. Fond birjasining tegishli maydonchasida va investitsiya vositachisining elektron platformasida faqat chet el yurisdiksiyalaridagi Markaziy depozitariyning korrespondentlik hisobvarag‘ida bazaviy aktivlari oldindan deponentlangan instrumentlar joylashtirilishi va muomalada bo‘lishi mumkin.
6. Fond birjasining tegishli maydonchasida va investitsiya vositachisining elektron platformasida tuzilgan bitimlar yakunlari bo‘yicha moliyaviy vositalar va pul mablag‘lari bo‘yicha kliring va hisob-kitoblar Markaziy depozitariyning qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
7. Korporativ harakatlar, shu jumladan, dividendlar olish, fond birjasining tegishli maydonchasida va investitsiya vositachisining elektron platformasida muomalada bo‘lgan vositalar bo‘yicha ovoz berish bo‘yicha mijozlarning yo‘riqnomalarini berish Markaziy depozitariy orqali amalga oshiriladi.
8. Fond birjasining tegishli maydonchasida va investitsiya vositachisining elektron platformasida instrumentlarga ruxsatnoma berish tashabbuskorining yoki qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish bo‘yicha vakolatli davlat organining tashabbusiga ko‘ra bekor qilingan taqdirda, Markaziy depozitariy tegishli yaratilgan instrumentlarni bekor qiladi va bazaviy aktivni ruxsatnoma olish tashabbuskorining yoki qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish bo‘yicha vakolatli davlat organining xorijiy yurisdiksiyadagi hisobvarag‘iga qaytaradi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-dekabrdagi PF-254-son Farmoniga
7-ILOVA
Davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda hujjatlarni ko‘rib chiqqanlik uchun qimmatli qog‘ozlar emitentlari tomonidan to‘lanadigan yig‘imlar miqdorlari

T/r

Ko‘rib chiqiladigan hujjatlarning turlari

Yig‘im miqdori

1.

Korporativ obligatsiyalar chiqarilishi

Bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari

2.

Korporativ obligatsiyalardan tashqari boshqa qimmatli qog‘ozlarning chiqarilishi

Bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari

3.

Korporativ obligatsiyalardan tashqari ilgari ro‘yxatdan o‘tkazilgan qimmatli qog‘ozlar chiqarilishiga o‘zgartirishlar va (yoki) qo‘shimchalar kiritish

Bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari

4.

Ilgari ro‘yxatdan o‘tkazilgan korporativ obligatsiyalar chiqarilishiga o‘zgartirishlar va (yoki) qo‘shimchalar kiritish

Bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-dekabrdagi PF-254-son Farmoniga
8-ILOVA
Kapital bozori ishtirokchilari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash maqsadida ularga qo‘yiladigan
ALOHIDA TALABLAR VA QOIDALAR
1. Chet ellik nominal saqlovchilardan (shu jumladan, bank-kastodianlardan), investitsiya vositachilaridan yoki Markaziy depozitariydan chet ellik investor tomonidan fond birjasida qimmatli qog‘ozlarni sotishdan olingan chet el valyutasidagi mablag‘larni, shuningdek, dividendlar, foizlar (kuponlar), obligatsiyalarni so‘ndirish yoki qimmatli qog‘ozlardan olingan boshqa daromadlarni konvertatsiya qilish va repatriatsiya qilish jarayonida har qanday hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi, chet ellik investorning ularga tegishli murojaati (shu jumladan, elektron shaklda olingan murojaati) bundan mustasno.
2. Investitsiya vositachilari mijozlarining mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 2-sentabrdagi PQ-291-son qaroriga 3-ilovaning 1-bandida nazarda tutilgan axborotning maxfiyligini va investitsiya vositachilari mijozlarining mulkiy huquqlari himoya qilinishini ta’minlaydigan alohida bank hisobvarag‘ida saqlanadi.
3. Markaziy depozitariy chet el valyutasidagi qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalar bo‘yicha hisobga olishni va hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun tan olingan chet el yurisdiksiyalarining banklarida, kastodianlarida, xalqaro va milliy markaziy depozitariylarida pul va depozitar hisobvaraqlar ochishga haqli.
Bunda Markaziy depozitariy fond birjasining tegishli maydonchasida yoki investitsiya vositachisining elektron platformasida qimmatli qog‘ozlar bilan amalga oshirilgan bitimlar natijalari bo‘yicha kliringni, shuningdek, xorijiy valyutadagi hisob-kitoblarni O‘zbekiston Respublikasining suveren kredit reytingidan kamida bir pog‘ona past xalqaro kredit reytingga ega bo‘lgan yoki milliy reyting shkalasi bo‘yicha unga tenglashtirilgan, o‘zi o‘tkazgan tanlov natijalariga ko‘ra tanlab olingan agent-bank orqali amalga oshiradi.
4. Investitsiya vositachilari har chorakda, har bir kalendar chorak tugagandan keyin 30 kundan kechiktirmay moliyaviy hisobotni Korporativ axborotning yagona portalida e’lon qilishlari shart.
5. Xalqaro qimmatli qog‘ozlar emitentlari ularni chiqarish to‘g‘risidagi axborotni qimmatli qog‘ozlarni chiqarish uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda oshkor qiladi.
6. Korporativ obligatsiyalar bo‘yicha foizlarni (kuponlarni) to‘lash va ularni so‘ndirish faqat Markaziy depozitariy orqali amalga oshiriladi.
7. Korporativ obligatsiyalarni joylashtirish to‘g‘risidagi axborot 3 ish kuni mobaynida Markaziy depozitariy tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyatni amalga oshirish huquqiga ega bo‘lgan kredit byurosiga majburiy tartibda taqdim etiladi.
8. Istiqbolli loyihalar milliy agentligi qimmatli qog‘ozlar emitentlarining qimmatli qog‘ozlar bozori, aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish sohasidagi ularning shaffofligi va qonun hujjatlariga rioya etilishini baholashni nazarda tutuvchi reytingini yuritadi hamda reyting asosida tegishli ta’sir choralari (chiqarilgan qimmatli qog‘ozlar muomalasini to‘xtatib turish, yangi qimmatli qog‘ozlar chiqarilishini ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish, korporativ obligatsiyalarni muddatidan oldin so‘ndirishni va ular bo‘yicha foizlar (kuponlar) to‘lashni talab qilish hamda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa choralar) qo‘llashi mumkin.
9. Istiqbolli loyihalar milliy agentligi qonun hujjatlari buzilganligi aniqlanganda investitsiya vositachilari tomonidan amalga oshiriladigan brokerlik, anderrayting va depozitar operatsiyalar o‘tkazilishini uch oygacha muddatga cheklovchi majburiy ko‘rsatmalar berish, shuningdek, professional ishtirokchi malaka attestatining amal qilishini to‘xtatib turishga haqli.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-dekabrdagi PF-254-son Farmoniga
9-ILOVA
Kapital bozorini yanada rivojlantirish va investitsiyalar xavfsizligini kafolatlashga oid qo‘shimcha
CHORA-TADBIRLAR
Oldingi tahrirga qarang.

T/r

Chora-tadbirlar mazmuni

Mas’ul ijrochilar

Ijro muddati

1.

Mazkur Farmonning 3-bandi “j” kichik bandi va 8-ilovaning 1-bandi talablarini inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq litsenziya olgan investitsiya vositachilari ishtirokisiz jismoniy shaxslar tomonidan chet el valyutasida investitsiya vositachilarining hisobvaraqlarini to‘ldirish imkoniyati bilan chet eldagi brokerlik yoki investitsiya hisobvaraqlarini to‘ldirish uchun bank hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini o‘tkazishni taqiqlashni nazarda tutuvchi kapital harakati bilan bog‘liq ayrim valyuta operatsiyalarini amalga oshirishning yangilangan tartibini tasdiqlash.

Markaziy bank Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) bilan kelishgan holda

2026-yil aprel

2.

Markaziy depozitariyni obligatsiyalar emitentlari to‘g‘risida kredit byurosi bilan axborot almashishning avtomatlashtirilgan tizimi ishtirokchilari qatoriga kiritish, shuningdek, emitentning kredit tarixini shakllantirish va uning skoringini amalga oshirishda korporativ obligatsiyalar emitentlari to‘g‘risidagi axborotdan foydalanish imkoniyatini ta’minlash.

Markaziy bank, manfaatdor vazirlik va idoralar

2026-yil aprel

3.

Quyidagilarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi tegishli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kirish:

(a) O‘zbekiston Respublikasining “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”gi Qonunida Agentlikka qimmatli qog‘ozlar bozori, aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi, shuningdek, qimmatli qog‘ozlar bozori yo‘nalishida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik uchun jarimalarni mustaqil belgilash va qo‘llash huquqini berish. Bunda:

qimmatli qog‘ozlar bozori ishtirokchilari va malaka sertifikatiga ega bo‘lgan shaxslarga nisbatan tabaqalashtirilgan jarimalarni qo‘llash;

Korporativ axborot yagona portalida (keyingi o‘rinlarda — Portal) axborotni o‘z vaqtida oshkor etmaganlik uchun qimmatli qog‘ozlar bozori ishtirokchilariga har bir kechiktirilgan kun uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida penya hisoblanishi, huquqbuzarlik bartaraf etilgunga va penya to‘langunga qadar Portalga kirishni cheklash;

(b) O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga qimmatli qog‘ozlar bozorida hiyla-nayrang ishlatish va insayder axborotdan foydalanish uchun javobgarlik choralarini joriy etish;

(v) O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun jarima miqdorini oshirish ko‘zda tutiladi.

Agentlik, manfaatdor vazirlik va idoralar

2026-yil iyul

4.

Normativ-huquqiy hujjatlarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shu jumladan, “obligatsiya egalarining vakili”, “malakali investor” va “malakasiz investor” tushunchalarini, shuningdek, qimmatli qog‘ozlar va investitsiya mahsulotlarining ayrim turlarini malakasiz investorlar o‘rtasida joylashtirish bo‘yicha cheklovlarni o‘rnatish.

Agentlik, manfaatdor vazirlik va idoralar

2026-yil may

5.

Investitsiya va pay fondlarini tashkil etish va ularning faoliyat ko‘rsatish tartibini takomillashtirishni (shu jumladan, har xil turdagi aktivlar (qimmatli qog‘ozlar, ulushlar, paylar, ko‘chmas mulk obyektlari va boshqalar) bilan operatsiyalarni amalga oshirish huquqini berishni) nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish.

Agentlik, manfaatdor vazirlik va idoralar

2026-yil may

6.

Markaziy depozitariy orqali obligatsiyalar bo‘yicha foizlarni (kuponlarni) to‘lash va ularni so‘ndirish tartibini ishlab chiqish.

Agentlik Markaziy bank bilan kelishilgan holda

2026-yil aprel

7.

Emitentlar reytingini yuritish va ushbu reyting asosida ta’sir choralarini, shu jumladan, emitentlar faoliyatini cheklash choralarini qo‘llash tartibini ishlab chiqish va joriy etish.

Agentlik

2026-yil iyul

8.

Qimmatli qog‘ozlar bozori, aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishini aniqlash va qonun hujjatlarini buzuvchilarga nisbatan ma’muriy jarimalar tarzidagi javobgarlik choralarini ko‘rish jarayonlarini avtomatlashtirish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rish.

Agentlik, manfaatdor vazirlik va idoralar

2027-yil dekabr

9.

Rentabellik, to‘lov qobiliyati, moliyaviy barqarorlik va likvidlikning ijobiy ko‘rsatkichlarini hisobga olmagan holda, shuningdek, ta’minotsiz o‘z kapitali miqdoridan ortiq korporativ obligatsiyalarni chiqarishga ruxsat beriladigan emitentning barcha majburiyatlarining o‘z kapitaliga nisbatini belgilash bo‘yicha normativini tasdiqlash.

Agentlik

2026-yil dekabr

10.

Quyidagilarni “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi doirasida ishlab chiqish va tasdiqlash:

Agentlik

(a) chet el valyutasidagi obligatsiyalarni chiqarish tartibi to‘g‘risidagi nizom. Nizomda obligatsiyalar chiqarilishiga quyidagi talablar nazarda tutiladi:

emitentning navbatdagi chiqarilishini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida ariza berilgan kunda bunday korporativ obligatsiyalar chiqarilishining hajmi va muomaladagi avvalgi chiqarilishlarining so‘ndirilmagan hajmi summasi 50 million AQSH dollari ekvivalentidan oshmasligi zarur. Emissiyaning umumiy hajmi Agentlik tomonidan Markaziy bank bilan kelishilgan holda belgilanadi;

qimmatli qog‘ozlarni chiqarish shartlari obligatsiyalar egalarida bunday obligatsiyalarni muddatidan oldin so‘ndirishni talab qilish huquqining paydo bo‘lishiga olib keladigan Agentlik tomonidan belgilanadigan moliyaviy va (yoki) operatsion kovenantlarni (cheklangan ko‘rsatkichlar yoki shartlar), shu jumladan, ularning majburiy ro‘yxatini o‘z ichiga oladi;

qimmatli qog‘ozlarni chiqarish shartlarida makroiqtisodiy vaziyat keskin o‘zgargan taqdirda Agentlik, shu jumladan Markaziy bankning murojaatiga ko‘ra, Agentlik tomonidan belgilanadigan tartibga muvofiq obligatsiyalar chiqarilishini uch oydan kam bo‘lmagan muddatda muddatidan oldin so‘ndirishni talab qilish huquqiga ega ekanligi to‘g‘risidagi izoh bo‘ladi;

chet el valyutasidagi obligatsiyalarni “Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi” AJda hisobga qo‘yiladi;

2026-yil aprel

(b) xorijiy birja indekslariga kiritilgan aksiyalar, xorijiy kompaniyalarning obligatsiyalari va davlat obligatsiyalari, sotiladigan birja fondlari (ETF), indeks fondlarining qimmatli qog‘ozlari va xorijiy kompaniyalarning depozitar tilxatlariga ruxsat berish tartibi to‘g‘risidagi nizom.

Bunda Nizomda quyidagi normalar nazarda tutilsin:

mazkur kichik bandda ko‘rsatilgan moliyaviy instrumentlarni qarz mablag‘lari hisobidan sotib olish taqiqlanadi;

qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalar qimmatli qog‘ozlar bozori professional ishtirokchilarining ichki nazorat qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi, shu jumladan, mijozlarning shaxsini tekshirish (KYC) va pul mablag‘lari manbalarini aniqlash;

tuzilgan bitimlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar soliq organlariga va tegishli vakolatli organlarga taqdim etiladi.

2026-yil iyul

11.

Xorijiy valyutadagi obligatsiyalarni joylashtirish va ularning muomalasi, xorijiy qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish va ularning muomalasi uchun ixtisoslashtirilgan maydonchalarni tashkil etish, shuningdek, fond birjasining amaldagi dasturiy ta’minotini umumiy modernizatsiya qilish yoki almashtirish uchun fond birjasining o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish to‘g‘risidagi masalalarni “Toshkent” Respublika fond birjasi Kuzatuv kengashi va aksiyadorlarining umumiy yig‘ilishi muhokamasiga kiritish.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi

2026-yil fevral

12.

Qimmatli qog‘ozlar bozorida professional faoliyatni, fond birjasi va qimmatli qog‘ozlarning birjadan tashqari Savdolari tashkilotchisi faoliyatini, investitsiya maslahatchisi faoliyatini litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash bo‘yicha idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish.

Agentlik, manfaatdor vazirlik va idoralar

2026-yil iyun

13.

Agentlik bilan birgalikda:

“Fond bozorining axborot-resurs markazi” DUKning ishtirokchi sifatidagi huquqlari;

Toshkent shahri Mirobod tumani Buxoro ko‘chasi 10-uyda joylashgan binoni Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga beg‘araz berish masalasini ko‘rib chiqish.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi

2026-yil fevral-mart

14.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi:

“Fond bozorining axborot-resurs markazi” DUKni mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida qayta tashkil etish hamda Toshkent shahri Mirobod tumani Buxoro ko‘chasi 10-uyda joylashgan binoni mazkur mas’uliyati cheklangan jamiyatning ustav kapitalini oshirish hisobiga balans qiymatida o‘tkazish;

“Toshkent” Respublika fond birjasi” AJning aksiyadorlar umumiy yig‘ilishida “Fond bozorining axborot-resurs markazi” MCHJning 100 foiz ulushini balans qiymati bo‘yicha “Toshkent” Respublika fond birjasi” aksiyadorlik jamiyati davlat ulushini oshirish hisobiga o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqilishini ta’minlash.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi

2026-yil mart-aprel

15.

“Davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator — “UZINFOCOM” MCHJni Korporativ axborot yagona portali (openinfo.uz) operatori etib belgilash masalasini ko‘rib chiqish.

Agentlik, Raqamli texnologiyalar vazirligi

2026-yil mart

(9-ilova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 17-apreldagi PF-65-sonli Farmoni tahririda)
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-dekabrdagi PF-254-son Farmoniga
10-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 2-sentabrdagi “Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5177-son Farmoni 3-bandining ikkinchi xatboshisi “xalqaro to‘lov kartalari orqali to‘lovlar” so‘zlaridan keyin “shuningdek, kapital bozori sohasida “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi doirasida chet el valyutasidagi qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalar” so‘zlari bilan to‘ldirilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 9-noyabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-244-son Farmoniga 1-ilovaning izoh qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Izoh: Vazirlar Mahkamasiga mazkur ro‘yxatga kelgusida boshqa yo‘nalishlarni ham kiritish huquqi beriladi, bundan Istiqbolli loyihalar milliy agentligi nazorat qiladigan sohalar mustasno”.
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentabrdagi “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-158-son Farmoniga 1-ilovaning 49-pozitsiyasi “2030-yilgacha erishiladigan maqsadlarning samaradorlik ko‘rsatkichlari” ustunida:
(a) ikkinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
(b) uchinchi — sakkizinchi xatboshilar tegishincha ikkinchi — yettinchi xatboshilar deb hisoblansin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-yanvardagi “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi PF-16-son Farmoniga 6-ilovaning 18-pozitsiyasi chiqarib tashlansin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 27-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-3150-son qarorida:
(a) 3-bandning “b” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“b) Agentlik:
kripto-aktivlar aylanmasini, kapital bozori va sug‘urta bozorini, elektron tijoratni, Internet jahon axborot tarmog‘ida lotereyalar, tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va bukmekerlik faoliyatini, shu jumladan, litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillarini tartibga solish bo‘yicha vakolatli organ hisoblanadi;
litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillarini amalga oshirishda, shuningdek, kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori va sug‘urta bozori, elektron tijorat, lotereyalar, Internet jahon axborot tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va bukmekerlik faoliyati sohasidagi faoliyatni tartibga solish va nazorat qilishda asoslantirilgan mulohazadan foydalanish huquqiga ega”;
(b) ilovaning 10-bandida:
(i) quyidagi mazmundagi to‘rtinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“litsenziyalashda, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillarida, shuningdek, tartibga solinadigan sohalardagi faoliyatni tartibga solishda va nazorat qilishda asoslantirilgan mulohazadan foydalanish”;
(ii) to‘rtinchi — o‘n to‘qqizinchi xatboshilar tegishincha beshinchi — yigirmanchi xatboshilar deb hisoblansin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-noyabrdagi “Korporativ munosabatlarning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-415-son qaroriga ilovaning 10-pozitsiyasi chiqarib tashlansin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 2-sentabrdagi “Kapital bozorini rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-291-son qarorida:
(a) 2-ilovada:
(i) 4-band quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“Depozitar bank (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari asosida xalqaro bozorlarda davlat aksiya paketlarini IPO/SPO orqali sotishda ishtirok etayotgan rezident-emitentlarning aksiyalariga nisbatan huquqlarni tasdiqlovchi global depozitar tilxatlarning xorijiy emitenti) (keyingi o‘rinlarda — depozitar bank deb yuritiladi) Maxsus huquqiy rejim ishtirokchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan kastodian ma’lumotlari asosida o‘z nomidan kastodianda va Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysida rezident-emitentlarning aksiyalari mavjudligini tasdiqlovchi hujjatni berish huquqiga ega”;
(ii) quyidagi mazmundagi 11 — 15-bandlar bilan to‘ldirilsin:
“11. O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslarga, shu jumladan investitsiya fondlariga, ularga tegishli bo‘lgan va ular tomonidan chiqarilgan qimmatli qog‘ozlarga nisbatan Tartibga solish qumdoni xorijiy ishtirokchilari tomonidan kastodial xizmatlar va nominal saqlash xizmatlari ko‘rsatilishiga ruxsat etiladi.
12. Depozitar bank mazkur ilovaning 4-bandi ikkinchi xatboshisida ko‘rsatilgan qimmatli qog‘ozlarga nisbatan quyidagi huquqlarga ega:
Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysida qimmatli qog‘ozlar hisobvaraqlarini ochish;
qimmatli qog‘ozlarni chet el nominal hisobvarag‘idan benefitsiar egasini o‘zgartirmagan holda (yoki xorijiy nominal hisobvaraq) “qimmatli qog‘ozlarni to‘lovsiz yetkazib berish” (Free of Payment transfer of securities) orqali o‘tkazish.
13. Qimmatli qog‘ozlarning chet ellik nominal saqlovchisi va depozitar bank o‘zining nominal saqlashida bo‘lgan aksiyalar bilan berilgan aksiyadorning barcha huquqlarini o‘z mijozlari — chet ellik benefitsiar egalari va (yoki) qimmatli qog‘ozlarning boshqa chet ellik nominal saqlovchilari nomidan va ularning manfaatlarini ko‘zlab, o‘z mijozlarining topshirig‘iga binoan, bunday chet ellik benefitsiar egalari va (yoki) qimmatli qog‘ozlarning boshqa chet ellik nominal saqlovchilari nomidan vakillik qilish huquqini tasdiqlovchi hech qanday ishonchnomalarsiz amalga oshirishga haqli.
Agar chet ellik nominal saqlovchi yoki depozitar bankda bir emitentning bir turdagi aksiyalari bir nechta mijoz uchun nominal saqlanayotgan bo‘lsa, qimmatli qog‘ozlarning chet ellik nominal saqlovchisi yoki depozitar bank aksiyadorning huquqlarini bunday shaxslardan olingan alohida topshiriqlar asosida har bir mijozga tegishli aksiyalar soniga mutanosib ravishda amalga oshiradi. Bunda qimmatli qog‘ozlarning chet ellik nominal saqlovchisi yoki depozitar banki, agar nominal saqlov shartnomasi shartlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, kun tartibidagi ayni bir masala bo‘yicha bunday shaxslarning har biriga tegishli aksiyalar soniga mutanosib ravishda alohida-alohida ovoz berishi mumkin.
14. Aksiyadorlik jamiyati — emitent ustav fondini keyinchalik kamaytirish yoki sotib olingan aksiyalarni qayta sotish maqsadida depozitar bank yoki xorijiy nominal saqlovchidan, depozitar tilxat egalari manfaatida hisobga olinayotgan aksiyalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olish huquqiga ega.
“Emitent-aksiyadorlik jamiyati keyinchalik ustav fondini kamaytirish yoki qayta sotish maqsadida depozitar tilxatlarning xorijiy benefitsiar egalari manfaatlarini ko‘zlab bunday aksiyalar bo‘yicha huquqlarni hisobga oluvchi xorijiy nominal saqlovchi yoki depozitar bankdan hisob-kitoblar va hisobni yuritish sharti bilan, shu jumladan Maxsus huquqiy rejim doirasida faoliyat yuritishga ruxsat berilgan kastodian orqali o‘z aksiyalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olishga haqli. Agar harakatlar Maxsus huquqiy rejim ishtirokchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan kastodian orqali amalga oshirilsa, mazkur operatsiyani amalga oshirish uchun emitent va depozitar bank Maxsus huquqiy rejim ishtirokchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tishi talab etilmaydi.
15. Maxsus huquqiy rejim doirasida korporativ nizolarga taalluqli bo‘lgan hamda emitentning qimmatli qog‘ozlarini depozitar tilxatlardan foydalangan holda xorijiy bozorlarda joylashtirish va muomalada bo‘lishidan, shuningdek emitentning, kastodian, chet ellik nominal saqlovchining, depozitar bankning va depozitar tilxatlar egalarining huquq va majburiyatlarini bajarishdan kelib chiqadigan yoki emitentning boshqaruv organlari qarorlari ustidan shikoyat bildirish bilan bog‘liq nizolar taraflarning kelishuviga ko‘ra xalqaro tijorat arbitrajiga ko‘rib chiqish uchun topshirilishi mumkin”;
(b) 3-ilovaning 4-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“4. Qimmatli qog‘ozlar egalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar chet ellik nominal saqlovchilar tomonidan Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysiga qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish bo‘yicha vakolatli davlat organining, monopoliyaga qarshi kurashish organining, soliq organlarining, sudlarning, tergov va surishtiruv organlarining so‘roviga ko‘ra, Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysiga, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ularning vakolatiga taalluqli masalalar bo‘yicha yuborilgan hollarda va tartibda taqdim etiladi.
Bunda O‘zbekiston Respublikasi Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysida omnibus-hisob raqamiga ega bo‘lgan chet ellik nominal saqlovchilar, shuningdek depozitar banklar boshqa chet ellik nominal saqlovchilar tomonidan qimmatli qog‘ozlarning chet ellik benefitsiar egasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar belgilangan muddatlarda va tegishli tartibda taqdim etilmaganligi uchun javobgar bo‘lmaydi”;
(v) 4-ilovada:
(i) 19-pozitsiya chiqarib tashlansin;
(ii) 32-pozitsiyaning 2-kichik bandi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin;
(g) 2 va 4-ilovalardagi tegishli kelishikdagi “kastodian bank” so‘zlari tegishli kelishikdagi “kastodian” so‘zi bilan almashtirilsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentabrdagi “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini 2023-yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-300-son qaroriga 2a-ilovaning 19-pozitsiyasi chiqarib tashlansin.
9. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi 80-son qarori bilan tasdiqlangan Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi yagona nizomga 16 va 24-ilovalar o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
10. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 25-fevraldagi 88-son qarori bilan tasdiqlangan Faoliyatni boshlash yoki tugatish uchun vakolatli organni xabardor qilish tartibi to‘g‘risidagi yagona nizomga 5-ilova o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
Izoh: mazkur ilovaning 9 va 10-bandlari 2026-yil 1-iyuldan kuchga kiradi.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.12.2025-y., 06/25/254/1195-son)