O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrug‘i
O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining hududiy boshqarmalari huzuridagi malaka komissiyalari to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 7-iyulda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 3637]
O‘zbekiston Respublikasining “Advokatura to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq buyuraman:
1. O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining hududiy boshqarmalari huzuridagi malaka komissiyalari to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar 2-ilovaga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin.
3. Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi bilan kelishilgan.
4. Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oydan keyin kuchga kiradi.
Vazir A. TASHKULOV
Toshkent sh.,
2025-yil 3-iyul,
15-mh-son
Kelishildi:
Advokatlar palatasi raisi Sh. SADIKOV
2025-yil 1-iyul
O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2025-yil 3-iyuldagi 15-mh-son buyrug‘iga
1-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining hududiy boshqarmalari huzuridagi malaka komissiyalari to‘g‘risidagi
NIZOM
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining hududiy boshqarmalari huzuridagi malaka komissiyalari (bundan buyon matnda malaka komissiyalari deb yuritiladi) vakolatlarini va ularning faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
murojaat — advokatning noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning taqdimnomalari va xat-xabarlari, advokatlarning xatti-harakatlariga oid boshqa murojaatlar;
malaka imtihoni — advokatlik faoliyati uchun litsenziya olish istagidagi shaxsning tanlangan ixtisoslik bo‘yicha bilim va malakasini aniqlash jarayoni;
intizomiy ish yuritish — advokat tomonidan advokatura to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari, Advokatning kasb etikasi qoidalari, advokatlik siri va advokat qasamyodining buzilishi O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining hududiy boshqarmasi (bundan buyon matnda hududiy boshqarma deb yuritiladi) yoki Qoraqalpog‘iston Respublikasi adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari (bundan buyon matnda adliya organi deb yuritiladi) tomonidan aniqlanganligi, advokatning noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan murojaatlar, sudning advokatga nisbatan chiqargan xususiy ajrimi bo‘yicha malaka komissiyasi tomonidan o‘tkaziladigan o‘rganish;
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Advokatura to‘g‘risida”gi Qonuni.
mas’ul kotib — malaka komissiyasining ishini yuritish uchun hududiy boshqarma rahbari tomonidan tayinlanadigan yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan mas’ul shaxs;
talabgor — advokatlik faoliyati uchun litsenziya olish bo‘yicha malaka imtihonida ishtirok etish uchun murojaat qilgan jismoniy shaxs.
2. Malaka komissiyalari:
malaka imtihonini qabul qilish;
advokat qasamyodini qabul qilish;
advokat maqomini to‘xtatib turish va tiklash;
advokatga malaka darajasi berish;
murojaatlarni ko‘rib chiqish;
intizomiy ish yuritishni ko‘rib chiqish uchun tuziladi.
3. Malaka komissiyalari o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlariga, Advokatning kasb etikasi qoidalariga va O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining (bundan buyon matnda Advokatlar palatasi deb yuritiladi) qarorlariga va mazkur Nizomga amal qiladi.
4. Malaka komissiyalari mazkur Nizomda belgilangan masalalarni ko‘rib chiqish va ular bo‘yicha qarorlar qabul qilishda Advokatlar palatasi va uning hududiy boshqarmalari, adliya organlari, boshqa tashkilotlar, shuningdek, mansabdor shaxslar hamda fuqarolardan mustaqildir.
5. Malaka komissiyalarining moddiy-texnika va moliyaviy ta’minoti Advokatlar palatasining tegishli hududiy boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.
2-bob. Malaka komissiyalarining huquq va majburiyatlari
6. Malaka komissiyasi o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
mazkur Nizomda nazarda tutilgan murojaatlarni ko‘rib chiqish;
zarur bo‘lganda, manfaatdor shaxslar va tegishli tashkilotlardan qo‘shimcha hujjatlarni so‘rab olish;
malaka imtihonlari natijalari bo‘yicha qarorlar qabul qilish;
advokat qasamyodi qabul qilinishi natijalari bo‘yicha qarorlar qabul qilish;
advokat maqomini to‘xtatib turish va tiklash to‘g‘risida qarorlar qabul qilish;
advokatga malaka darajasi berish va uni bekor qilish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish;
intizomiy ish yuritishni qo‘zg‘atish yoki intizomiy ish yuritishni qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qarorlar qabul qilish;
intizomiy ish yuritishni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha qarorlar qabul qilish.
7. Malaka komissiyalari o‘z zimmalariga yuklatilgan vazifalarni bajarishda quyidagilarga majbur:
malaka komissiyasiga ko‘rib chiqishi uchun kiritilgan masalalarni har tomonlama va xolisona ko‘rib chiqish;
qonunchilik hujjatlariga, advokatlik faoliyatining asosiy prinsiplariga qat’iy rioya etish;
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Advokatura to‘g‘risida”gi Qonunining 4-moddasi.
advokatlik faoliyatining kafolatlari va himoyasini, advokatning daxlsizligini, advokatning faoliyatiga aralashmaslikni ta’minlash;
O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi huzuridagi Oliy malaka komissiyasining (bundan buyon matnda Oliy malaka komissiyasi deb yuritiladi) qarorlarini ijro etish.
3-bob. Malaka komissiyalarining faoliyatini tashkil etish
8. Malaka komissiyalarining tarkibi hududiy boshqarmalar va adliya organi rahbarlarining qo‘shma qarorlari bilan advokatlar, shuningdek huquq sohasidagi tajribali mutaxassislar orasidan yetti kishidan iborat tarkibda ikki yil muddatga tasdiqlanadi. Bunda komissiya a’zolarining kamida to‘rt nafari advokat bo‘lishi lozim. Malaka komissiyalari tarkibiga kelishuv asosida sud, adliya organlari hamda boshqa tashkilotlarning huquq sohasidagi tajribali xodimlari jalb etiladi.
Malaka komissiyasining a’zoligiga advokatlardan nomzodlar advokatlik faoliyati bo‘yicha kamida uch yillik ish stajiga ega bo‘lgan va so‘nggi uch yil ichida intizomiy javobgarlikka tortilmagan advokatlar orasidan taqdim etiladi.
9. Malaka komissiyasi raisi va o‘rinbosari komissiyaning birinchi yig‘ilishida a’zolar umumiy sonining oddiy ko‘pchilik ochiq ovoz berishi orqali malaka komissiyasi a’zolari orasidan saylanadi. Malaka komissiyasi raisligi va uning o‘rinbosarligiga nomzodlar ovoz berishda qatnashmaydilar.
Malaka komissiyasi raisining o‘rinbosari malaka komissiyasining majlisida rais hozir bo‘lmagan hollarda raislik qiladi.
10. Bir shaxs bir vaqtning o‘zida malaka komissiyasining va Oliy malaka komissiyasining a’zosi bo‘lishi mumkin emas.
Advokatlar palatasi va uning hududiy boshqarmalari xodimlari ularning yaqin qarindoshlari malaka komissiyasining a’zosi bo‘lishi mumkin emas.
11. Quyidagi holatlarda komissiya a’zosi malaka komissiyasi tarkibidan chiqariladi:
o‘z arizasiga binoan;
advokat maqomi to‘xtatilganda yoki tugatilganda;
malaka komissiyasi a’zosi bo‘lgan sud, adliya organlari va boshqa tashkilotlar xodimining ish joyi o‘zgarganda yoki xodim ishdan bo‘shatilganda;
malaka komissiyasi a’zosi tomonidan mazkur Nizom talablari qo‘pol ravishda buzilganda;
malaka komissiyasi a’zosi sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra vazifalarini bajarish imkoni bo‘lmaganda;
malaka komissiyasi a’zosi komissiya yig‘ilishlarida surunkali uch marta uzrli sabablarsiz ishtirok etmagan taqdirda.
Ushbu bandning beshinchi — yettinchi xatboshilarida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha malaka komissiyasi a’zosini komissiya tarkibidan chiqarish masalasi komissiya raisi yoki uning o‘rinbosari tomonidan kiritiladi.
Malaka komissiyasi a’zosini komissiya tarkibidan chiqarish to‘g‘risidagi qaror komissiya a’zolarining uchdan ikki qismi ovozlari bilan qabul qilinadi. Qaror qabul qilingan kundan e’tiboran uch ish kuni ichida komissiya tarkibidan chiqarilgan komissiya a’zosiga yozma ravishda ma’lum qilinadi.
Malaka komissiyasi a’zosi komissiya tarkibidan chiqarilganligi to‘g‘risidagi qarorni olgan kundan e’tiboran bir oy muddatda Oliy malaka komissiyasiga yoki qonunchilikda belgilangan muddatlarda sudga shikoyat qilishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi va “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunlari.
Malaka komissiyasi a’zosini ushbu bandda nazarda tutilmagan asoslar bo‘yicha komissiya tarkibidan chiqarilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Malaka komissiya tarkibidan chiqarilgan a’zo o‘rniga mazkur Nizomda nazarda tutilgan tartibda komissiya tasdiqlangan muddat doirasida yangi komissiya a’zosi kiritiladi.
12. Malaka komissiyasining a’zosi bo‘lgan advokatga nisbatan intizomiy ish yuritish ko‘rib chiqilayotganda yoki malaka komissiyasi a’zosidan malaka imtihoni qabul qilinayotganda ular tegishli malaka komissiyasi majlisida qatnashishga haqli emas.
Malaka komissiyasi a’zosi, agar u:
malaka komissiyasi majlisida ko‘rilayotgan masalalar bo‘yicha talabgor, advokat va boshqa manfaatdor shaxs ushbu komissiya a’zosining yaqin qarindoshi bo‘lsa;
malaka komissiyasi majlisining natijasidan va unda qabul qilinadigan qarordan bevosita yoki bilvosita manfaatdor bo‘lsa yoxud uning beg‘arazligiga shubha tug‘diradigan boshqa holatlar mavjud bo‘lsa, malaka komissiyasi majlisida ishtirok etishi mumkin emas va u rad etilishi kerak.
Mazkur bandda ko‘rsatilgan holatlar mavjud bo‘lgan taqdirda, malaka komissiyasi a’zosi o‘zini o‘zi rad etishi shart. Agar u bunday qilmasa, ayni shu asoslar bo‘yicha malaka komissiyaning boshqa a’zolari tomonidan, shuningdek masalasi ko‘rilayotgan talabgorlar, advokatlar va boshqa manfaatdor shaxslar tomonidan rad etilishi mumkin.
Rad etish haqidagi bayonot asoslantirilgan bo‘lishi kerak.
Rad etish bildirilgan malaka komissiyasi a’zosi rad etish to‘g‘risidagi masala ko‘rilishidan oldin o‘z tushuntirishlarini berishga haqli.
Rad etish to‘g‘risidagi masala rad qilinayotgan shaxsning yo‘qligida malaka komissiyalari qolgan a’zolari tomonidan oddiy ko‘pchilik ovoz bilan hal etiladi. Ovozlar teng bo‘lib qolgan taqdirda, mazkur komissiya a’zosi rad etilgan hisoblanadi.
13. Malaka komissiyasi majlisi, agar unda tegishli komissiya a’zolarining kamida uchdan ikki qismi qatnashsa, komissiya vakolatli (kvorumga ega) hisoblanadi.
Kvorum bo‘lmagan holda tegishli komissiyaning majlisda hozir bo‘lgan a’zolari tomonidan majlisni keyinga qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi, majlis o‘tkaziladigan sana, vaqt va joy haqida qo‘shimcha ravishda xabar qilinadi.
14. Oliy malaka komissiyasining qaroriga binoan malaka komissiyasining majlislarida Oliy malaka komissiyasining a’zolari kuzatuvchi sifatida ishtirok etishga haqli.
15. Malaka komissiyasining majlislari zaruratga qarab, lekin bir oyda kamida bir marta o‘tkaziladi.
Malaka komissiyasi raisi komissiya majlisi o‘tkazilishidan kamida yetti ish kuni oldin majlisning kun tartibi, sanasi, vaqti va joyini belgilaydi.
Mas’ul kotib komissiya majlisi o‘tkazilishidan kamida besh ish kuni oldin majlis o‘tkaziladigan sana, vaqt va joy haqida komissiya majlisida ishtirok etadigan manfaatdor shaxslarni yozma yoki elektron shaklda xabardor qiladi.
16. Malaka komissiyasining qarorlari uning majlisida qatnashayotgan komissiya a’zolarining oddiy ko‘pchilik ovozi bilan, ochiq ovoz berish orqali manfaatdor shaxslar ishtirokisiz qabul qilinadi. Ovozlar teng bo‘lganda, raislik qiluvchining ovozi hal qiluvchi ovoz hisoblanadi.
Malaka komissiyasining qarorlari ular qaysi majlisda qabul qilingan bo‘lsa, o‘sha majlisda raislik qiluvchi tomonidan e’lon qilinadi.
17. Malaka komissiyasining ishini yuritish mas’ul kotib tomonidan amalga oshiriladi.
Mas’ul kotib malaka komissiyasi yoki Oliy malaka komissiyasi a’zosi bo‘lishi mumkin emas.
18. Mas’ul kotib:
talabgorlardan “Yuridik yordam” axborot tizimi (bundan buyon matnda Tizim deb yuritiladi) orqali malaka imtihonini topshirish bo‘yicha ariza va hujjatlarni qabul qiladi;
intizomiy ish yuritishga taalluqli hujjatlarni qabul qiladi;
malaka komissiyasi majlisida ko‘rib chiqish uchun materiallarni tayyorlashni amalga oshiradi va ularning saqlanishini ta’minlaydi;
malaka komissiyasi a’zolarini, shuningdek, qaysi advokatga nisbatan intizomiy ish yuritish olib borilayotgan bo‘lsa, o‘sha advokatni va boshqa manfaatdor shaxslarni komissiya majlisining o‘tkaziladigan sana, vaqt va joy to‘g‘risida xabardor qiladi;
malaka komissiyasi a’zolari va manfaatdor shaxslarning majlisda hozir bo‘lganligini tekshiradi, hozir bo‘lmaganlik sabablarini aniqlaydi va bu haqda malaka komissiyasiga axborot berib, Tizimga ma’lumot kiritadi;
intizomiy ish yuritish bilan bog‘liq ma’lumot olish uchun tegishli organlarga so‘rovnoma yuborilishini tashkil etadi;
malaka komissiyasi majlislarining bayonnomalarini yuritadi;
malaka imtihonini topshirgan va topshirmagan talabgorlarning hisobini yuritadi;
raislik qiluvchining malaka komissiyasi majlisiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq boshqa topshiriqlarini, shuningdek, mazkur Nizomga muvofiq boshqa vazifalarni ham bajaradi.
19. Malaka komissiyasi majlislarida manfaatdor shaxslar videokonferensaloqa tizimida ishtirok etishi mumkin, talabgordan malaka imtihonini qabul qilish bundan mustasno.
20. Malaka komissiyasining majlislarida bayonnoma yuritiladi, u majlisda raislik etuvchi va mas’ul kotib tomonidan imzolanadi. Malaka komissiyasining qaroridan rozi bo‘lmagan malaka komissiyasining a’zosi komissiya majlisining bayonnomasiga kiritiladigan o‘zining nuqtai nazarini yozma shaklda bayon etishga haqli.
Malaka komissiyasi majlislari bayonnomasi yozma yoki Tizim orqali elektron shaklda rasmiylashtirilishi mumkin.
21. Malaka komissiyasi majlisining kun tartibiga kiritilgan masalalarga qarab, bayonnomada:
majlis o‘tkaziladigan sana va joy;
majlisda qatnashgan malaka komissiyasi a’zolarining ro‘yxati;
majlisning kun tartibi;
talabgorlar to‘g‘risidagi axborot;
talabgorning Tizim orqali tanlangan savollari mazmuni va javoblari;
malaka komissiyasi a’zolari tomonidan berilgan qo‘shimcha savollar va talabgorning javoblari;
baholash byulletenlaridagi ballarni hisoblash natijalari, shu jumladan talabgor tomonidan to‘plangan ballar;
advokat qasamyodini qabul qilayotgan talabgorga berilgan advokatlik faoliyati uchun litsenziya to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
advokat maqomini to‘xtatib turish va tiklash haqida murojaat qilgan advokatlar haqida ma’lumotlar;
malaka darajasi berish masalasi ko‘rib chiqilayotgan advokatlar haqida ma’lumotlar;
murojaatlar mazmuni;
intizomiy ish yuritishga oid holatlar, malaka komissiyasi a’zolarining, manfaatdor shaxslarning so‘zga chiqishlari hamda tegishli tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarning asosiy mazmuni;
intizomiy ish yuritishni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha ovoz berish yakunlari;
malaka komissiyasi a’zolari tomonidan bildirilgan fikrlar;
majlisning kun tartibiga kiritilgan har bir masala bo‘yicha qarorlar;
malaka komissiyasi qarorlari ustidan shikoyat qilish tartibi;
qaror qabul qilish uchun zarur bo‘lgan boshqa ma’lumotlar aks ettiriladi.
Baholash byulletenlari va malaka komissiyasi a’zolari ro‘yxati elektron shaklda majlis bayonnomasiga ilova qilinadi.
22. Malaka komissiyasi majlisi bayonnomasi bir haftalik muddatda Oliy malaka komissiyasiga va tegishli adliya organiga elektron shaklda yuboriladi.
23. Malaka komissiyasi majlisining bayonnomasidan ko‘chirmalar qaror qabul qilingan kundan e’tiboran uch ish kunidan kechiktirmay mas’ul kotibning elektron raqamli imzosi bilan manfaatdor shaxslarga elektron yoki chop etilgan shaklda yuboriladi yoxud tilxat olingan holda topshiriladi.
Malaka komissiyasi majlisi bayonnomasidan ko‘chirmalarda komissiya majlisi o‘tkazilgan sana va joy to‘g‘risidagi ma’lumotlar, komissiya majlisining kun tartibiga kiritilgan qismidagi, tegishli manfaatdor shaxslarga taalluqli bo‘lgan masala bo‘yicha qaror va ushbu qaror ustidan shikoyat qilish tartibi bayon etiladi.
4-bob. Malaka imtihonida ishtirok etish uchun taqdim qilingan hujjatlarni ko‘rib chiqish
Oldingi tahrirga qarang.
24. Talabgor malaka imtihonini topshirish uchun Tizim orqali ro‘yxatdan o‘tib, yashash joyidagi hududiy boshqarmaga malaka imtihonida ishtirok etish haqida so‘rovnoma yuboradi.
(24-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2026-yil 14-avgustdagi 28-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3926, 14.08.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 17.08.2026-y., 10/26/3926/0850-son)
So‘rovnomaga talabgor stajirovka o‘taganligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma va talabgor to‘g‘risidagi ma’lumotlardan iborat bo‘lgan shaxsiy varaqa ilova qilinadi.
Stajirovka o‘tashdan ozod qilingan shaxslar stajirovka o‘taganligini tasdiqlovchi ma’lumotnomani taqdim etishi talab etilmaydi.
So‘rovnoma yuborishda talabgorning quyidagi hujjatlari Tizim orqali avtomatik ravishda olinadi:
oliy yuridik ma’lumot to‘g‘risidagi diplom ma’lumotlari;
elektron mehnat daftarchasidan ko‘chirma;
sudlanmaganligi va muomalaga layoqatliligi haqidagi ma’lumotlar.
Mazkur bandning uchinchi xatboshisidagi hujjatlarni Tizim orqali olish imkoni bo‘lmagan hollarda, ushbu hujjatlar so‘rovnomaga ilova qilinishi mumkin.
So‘rovnomaga ilova qilingan hujjatlar pdf, jpg, jpeg formatda va rangli tasvirda taqdim etilishi kerak.
Talabgorning ish stajini tasdiqlovchi mehnat daftarchasi yoki elektron mehnat daftarchasidan ko‘chirma orqali tasdiqlash imkoni bo‘lmagan hollarda ish stajini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar talab etilishi mumkin.
25. Mas’ul kotib tomonidan talabgorning hujjatlari Tizim orqali qabul qilib olingan sanadan e’tiboran bir oy ichida ko‘rib chiqiladi.
26. Talabgorning hujjatlarini ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra, mas’ul kotib tomonidan talabgorning Tizimdagi shaxsiy kabinetiga hamda telefon raqamiga malaka imtihoni o‘tkaziladigan vaqt va joy haqida yoki rad etish sabablarini ko‘rsatgan holda malaka imtihonida ishtirok etish rad etilganligi haqida mazkur Nizomning 15-bandida belgilangan muddatda xabarnoma yuboriladi.
27. Quyidagi hollarda talabgorning malaka imtihonida ishtirok etishi rad etiladi:
talabgor tomonidan mazkur Nizomning 24-bandida belgilangan hujjatlar to‘liq etilmagan bo‘lsa;
talabgor malaka imtihonini topshira olmagan kundan e’tiboran ixtisosligidan qat’iy nazar olti oy o‘tmasdan takroran malaka imtihonini topshirish uchun murojaat qilgan bo‘lsa;
advokatlik tuzilmasida kamida uch oylik stajirovkadan o‘tmagan bo‘lsa, stajirovka o‘tashdan ozod qilingan shaxslar bundan mustasno;
talabgor taqdim etgan hujjatlarda noto‘g‘ri yoki buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlar mavjudligi aniqlansa;
agar litsenziyasining amal qilishi tugatilgan shaxsning O‘zbekiston Respublikasining “Advokatura to‘g‘risida”gi Qonuniga (bundan buyon matnda Qonun deb yuritiladi) muvofiq talabgor bo‘lishga haqli bo‘lmagan uch yillik muddat o‘tmagan bo‘lsa;
talabgor belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan, shuningdek, uning sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan bo‘lsa.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 31-bobi.
Boshqa asoslarga ko‘ra, shu jumladan advokat maqomini olish maqsadga muvofiq emas degan vaj bilan malaka imtihonida ishtirok etishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Malaka imtihonida ishtirok etish rad etilgan talabgor rad etish sabablarini bartaraf etgandan so‘ng takroran so‘rovnoma yuborishi mumkin.
5-bob. Talabgordan malaka imtihonini qabul qilish
28. Malaka imtihoni talabgor Tizim orqali hujjat topshirgan kundan e’tiboran bir oy ichida o‘tkaziladi.
29. Talabgor malaka komissiyasining majlisiga uzrli sabablarga ko‘ra hozir bo‘la olmasa, bu haqda Tizim orqali malaka komissiyasi majlisi boshlanishidan avval, uzrli sabablarni bayon qilgan holda xabar berishi shart. Bunda, mas’ul kotib talabgorga navbatdagi malaka komissiyasida mazkur Nizomning 15-bandida belgilangan muddatda majlis o‘tkaziladigan sana, vaqt va joy to‘g‘risida Tizim orqali xabardor qiladi.
30. Agar talabgor malaka komissiyasi majlisida hozir bo‘lmagan va bu haqda mazkur Nizomning 29-bandida belgilangan tartibda xabar bermagan bo‘lsa, uch oy davomida keyingi malaka imtihonlariga qo‘yilmaydi. Bu haqda malaka komissiyasining qarorida qayd etiladi.
31. Mas’ul kotib malaka imtihonida ishtirok etadigan talabgorlar ro‘yxatini va talabgorlar haqidagi ma’lumotlarni malaka komissiyasi a’zolariga malaka imtihoni o‘tkaziladigan kundan kamida yetti ish kuni oldin taqdim etadi.
Malaka imtihonida ishtirok etadigan talabgorlar ro‘yxatiga avvalgi malaka imtihoniga uzrli sabablarga ko‘ra kelmagan talabgorlar ham kiritiladi.
32. Malaka imtihoni barcha talabgorlar uchun bitta xonada, og‘zaki suhbat tarzida o‘tkaziladi.
Malaka imtihoni o‘tkazilayotgan xonada begona shaxslarning bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Malaka imtihoni jarayoni audio va videoyozuvlarda qayd etib boriladi hamda Advokatlar palatasi yoki hududiy boshqarmalarning rasmiy veb-saytida real vaqt rejimida translyatsiya qilinadi.
33. Fuqarolik va iqtisodiy sud ishlarini yuritish ixtisosligi bo‘yicha malaka imtihoni savollari quyidagi sohalar bo‘yicha tuziladi:
advokatura;
fuqarolik huquqi;
fuqarolik protsessual huquqi;
iqtisodiy protsessual huquqi;
ma’muriy sud ishlarini yuritish.
Ma’muriy va jinoiy sud ishlarini yuritish ixtisosligi bo‘yicha malaka imtihoni savollari quyidagi sohalar bo‘yicha tuziladi:
advokatura;
jinoyat huquqi;
jinoyat-protsessual huquqi;
ma’muriy javobgarlik.
Har bir ixtisoslik bo‘yicha o‘rtacha 150 — 200 ta savoldan iborat bo‘lgan savollar ro‘yxati tuziladi va Advokatlar palatasi raisi tomonidan tasdiqlanadi.
Savollar ro‘yxati Advokatlar palatasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinib, qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga asosan doimiy ravishda yangilab boriladi.
34. Malaka imtihoni beshta savoldan iborat bo‘lib, Tizim orqali tasodifiy tarzda tanlanadi. Tanlangan savollar ro‘yxati mas’ul kotib tomonidan talabgorga chop etish qurilmasi (printerdan) chiqarib beriladi.
Talabgorga imtihon savollariga tayyorlanish uchun 30 daqiqa vaqt beriladi.
35. Imtihon savollariga javob berishga tayyorlanishda talabgorga:
boshqa talabgorlar bilan suhbatlashish;
axborot manbai sifatida xizmat qilishi mumkin bo‘lgan qonunchilik hujjatlaridan, adabiyotlardan, har qanday turdagi texnika vositalari yoki boshqa hujjatlar va vositalardan foydalanish;
imtihon savollariga javob bermasdan oldin xonani tark etish taqiqlanadi.
36. Agar talabgor savollarga javob bera olmasa yoki berilgan javoblar asosida talabgorning bilim darajasini aniqlashning imkoniyati bo‘lmasa, malaka komissiyasi a’zolari tomonidan qo‘shimcha savollar berilishi mumkin.
Qo‘shimcha beriladigan savollar oldingi savollarga berilgan javoblarni aniqlashtirish maqsadida berilishi va oldingi savollar doirasidan chetga chiqmasligi lozim.
37. Talabgor tomonidan beriladigan javoblar aniq, lo‘nda va aynan savol mazmuni bilan mos bo‘lishi hamda bitta savolga javob berish davomiyligi uch daqiqadan oshmasligi lozim. Qo‘shimcha savollar beriladigan holatlarda suhbat davomiyligi yana o‘n daqiqagacha uzaytirilishi mumkin.
38. Malaka imtihoni natijasi ball tizimi bo‘yicha baholanadi (har bir savolning javobi uchun eng yuqori 10 ball, eng past 0 ball), bunda malaka komissiyasi majlisida ishtirok etgan a’zolarning har biri malaka imtihoni natijasi bo‘yicha, har bir savol yuzasidan talabgorning bergan javoblariga Tizim orqali ball qo‘yadi.
39. Talabgor imtihon savollariga javob berib bo‘lgandan keyin malaka imtihoni o‘tkazilgan xonani tark etishi kerak.
40. Malaka imtihoni yakunlari bo‘yicha malaka komissiyasi a’zolari tomonidan talabgorga qo‘yilgan ballar Tizim orqali avtomatik tarzda hisoblab chiqariladi. Malaka komissiyasi a’zolari tomonidan Tizim orqali qo‘yilgan ballarni o‘zgartirish imkoniyati mavjud emas.
41. Talabgor to‘plagan ball to‘planishi mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 60 foizidan kam bo‘lmagan taqdirda, talabgorni malaka imtihonini topshirgan deb topish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.
Talabgor to‘plagan ball to‘planishi mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 60 foizidan kam bo‘lgan taqdirda, talabgorni malaka imtihonini topshirmagan deb topish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.
42. Malaka imtihoni natijalari talabgorlar ishtirokida malaka komissiyasi raisi tomonidan o‘qib eshittiriladi.
43. Malaka imtihoniga oid hujjatlar Tizimda qayd etib boriladi va uch yil mobaynida saqlanadi.
44. Malaka komissiyasining talabgorni malaka imtihonini topshirgan deb topish to‘g‘risidagi qarori mas’ul kotib tomonidan Tizim orqali “Litsenziya” axborot tizimiga litsenziya berish uchun kiritiladi.
Agar talabgor malaka imtihonida ishtirok etish haqidagi so‘rovnoma litsenziya olish haqida belgi qo‘ygan holda topshirgan bo‘lsa, litsenziya talabgor ariza berishidan qat’iy nazar, tegishli davlat boji to‘langandan so‘ng “Litsenziya” axborot tizimi orqali avtomatik tarzda beriladi.
6-bob. Advokat maqomini to‘xtatib turish va tiklash
45. Advokat maqomini to‘xtatib turish advokatlik guvohnomasi berilgan joydagi malaka komissiyasi qarori bilan Qonunning 131-moddasida belgilangan asoslar bo‘yicha amalga oshiriladi.
Advokat maqomini to‘xtatib turish uchun advokat Tizim orqali advokatlik guvohnomasi berilgan joydagi hududiy boshqarmaga sababini ko‘rsatgan holda advokat maqomini to‘xtatib turish haqida xabarnoma va advokat maqomini to‘xtatib turishga asoslardan birini tasdiqlovchi hujjatni yuboradi.
Advokat maqomini uning og‘ir kasalligi sababli, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik tufayli to‘xtatib turish uchun advokatning yaqin qarindoshlari yoki advokatlik tuzilmasining rahbari asoslovchi hujjatlarni taqdim qilgan holda yozma ravishda advokatlik guvohnomasi berilgan joydagi hududiy boshqarmaga murojaat qilishi mumkin.
Advokat maqomini uning yaqin qarindoshi og‘ir kasalligi sababli to‘xtatib turishga yaqin qarindoshni parvarish qilish advokatlik faoliyatini amalga oshirishga to‘sqinlik qilgan taqdirda yo‘l qo‘yiladi.
Advokat maqomining to‘xtatib turilishi advokatning Advokatlar palatasiga a’zoligi to‘xtatib turilishiga sabab bo‘ladi.
Advokat maqomining to‘xtatib turilishi mazkur advokatga nisbatan Qonunda nazarda tutilgan kafolatlarning amal qilishi to‘xtatilishiga olib keladi, Qonunning 10-moddasi uchinchi va to‘rtinchi qismlarida hamda O‘zbekiston Respublikasi “Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to‘g‘risida”gi Qonunining 6-moddasi to‘rtinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan kafolatlar bundan mustasno.
Shaxs advokat maqomini to‘xtatib turish uchun asos bo‘lgan hollar tugatilganidan keyin uch oy ichida advokatlik faoliyatiga kirishishi kerak. Mazkur talabni bajarmaslik litsenziyaning amal qilishi Qonunning 16-moddasida belgilangan tartibda tugatilishiga sabab bo‘ladi.
46. Advokat advokatlik tuzilmasining tugatilayotganligi yoki advokat undan chiqqanligi haqida advokatlik guvohnomasi berilgan joydagi hududiy boshqarmaga Tizim orqali advokat maqomini to‘xtatib turish haqida murojaat qilishi shart. Bunda, advokat maqomi advokat advokatlik tuzilmasi tugatilishi yoki undan chiqqanidan so‘ng keyingi ish kunidan kechiktirmasdan boshqa mavjud advokatlik tuzilmasiga kirgan taqdirda to‘xtatilmaydi.
47. Advokat maqomini tiklash malaka komissiyasi qarori bilan advokat maqomini to‘xtatib turish uchun asos bo‘lgan hollar tugatilganidan keyin amalga oshiriladi.
Advokat maqomi to‘xtatib turilgan shaxs advokat maqomini to‘xtatib turish uchun Qonunning 131-moddasining birinchi qismida belgilangan muddatlar o‘tishiga kamida o‘n kun qolganida hududiy boshqarmaga advokat maqomini tiklash to‘g‘risida Tizim orqali xabarnoma yuboradi. Xabarnomaga advokat maqomini to‘xtatib turish uchun asos bo‘lgan hollar tugatilganligini tasdiqlovchi tegishli hujjatlar ilova qilinadi.
Malaka komissiyasi navbatdagi komissiya majlisida advokat maqomini tiklash masalasini ko‘rib chiqib, tegishli qaror qabul qiladi. Malaka komissiyasining advokat maqomini tiklash haqidagi qarori u qabul qilingan kunning ertasidan kechiktirmasdan Tizim orqali adliya organiga yuboriladi.
7-bob. Advokatga nisbatan intizomiy ish yuritish
48. Intizomiy ish yuritishni qo‘zg‘atish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:
advokatura to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarining, Advokatlarning kasb etikasi qoidalarining advokat tomonidan buzilishi adliya organi yoki hududiy boshqarma tomonidan aniqlanganligi;
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Advokatura to‘g‘risida”gi Qonuni.
murojaatlar;
sudning advokatga nisbatan chiqargan xususiy ajrimi.
49. Mazkur Nizomning 48-bandi ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan asoslarni Advokatlar palatasi va uning hududiy boshqarmalari, shuningdek adliya organlari o‘z vakolatlari doirasida amalga oshirayotgan nazorat faoliyati jarayonida aniqlagan taqdirda, tegishli hududiy boshqarmaning yoki adliya organining rahbari malaka komissiyasiga vajlarni bayon etgan holda advokatga nisbatan intizomiy ish yuritishni qo‘zg‘atish masalasini ko‘rib chiqish to‘g‘risida murojaat qiladi. Murojaatda u bilan bog‘liq barcha hujjatlar va materiallar ilova qilinadi.
Hududiy boshqarma yoki adliya organiga kelib tushgan advokatning noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan murojaatlar, sudning advokatga nisbatan chiqargan xususiy ajrimi malaka komissiyasiga ko‘rib chiqish uchun kiritiladi.
50. Hududiy boshqarma yoki adliya organiga kelib tushgan murojaatlarda ko‘rsatilgan masalalarni hal etish malaka komissiyasi vakolati doirasiga kirmagan taqdirda, murojaatlar besh kunlik muddatdan kechiktirmay tegishli davlat organlariga, boshqa tashkilotlarga va mansabdor shaxslarga yuborilib, bu haqda murojaat etuvchiga yozma yoxud elektron shaklda xabar qilinadi.
Hududiy boshqarma yoki adliya organiga kelib tushgan murojaatda jinoyat to‘g‘risidagi xabar mavjudligi haqida yetarli asoslar mavjud bo‘lsa, tegishli hududiy boshqarma yoki adliya organi rahbari murojaat kelib tushgan kunning ertasidan kechiktirmay murojaatni tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organga yuborishni ta’minlaydi va murojaat nusxasini malaka komissiyaga taqdim qiladi.
51. Intizomiy ish yuritishni qo‘zg‘atish masalasini ko‘rib chiqish to‘g‘risidagi va advokatning noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan murojaatlar hududiy boshqarma tomonidan ro‘yxatga olinadi va barcha xujjatlar bilan birga mas’ul kotibga topshiriladi. Mas’ul kotib ularni qabul qilib olgan kunning ertasidan kechiktirmay advokatni bu haqida xabardor qiladi va intizomiy ish bilan bog‘liq xujjatlarni malaka komissiyasiga kiritish uchun tayyorlaydi.
52. Advokat yoki boshqa manfaatdor shaxslar malaka komissiyasi majlisining o‘tkaziladigan sanasi, vaqti va joyi to‘g‘risida belgilangan tartibda xabardor qilinganligiga qaramasdan malaka komissiyasining majlisiga kelmagan taqdirda, malaka komissiyasining qarori bilan murojaatni ko‘rib chiqish keyingi majlisga qoldirilishi yoki uning ishtirokisiz ko‘rib chiqilishi mumkin.
Murojaatni ko‘rib chiqishni ikki martadan ortiq keyingi majlisga qoldirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Advokatning noqonuniy harakatlari yuzasidan murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha malaka komissiyasi intizomiy ish yuritishni qo‘zg‘atish yoki intizomiy ish yuritishni qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qaror qabul qiladi.
Malaka komissiyasi intizomiy ish yuritishni qo‘zg‘atish haqida qaror qabul qilgan taqdirda intizomiy ish yuritish komissiyaning mazkur majlisida ko‘rib chiqadi.
Agar intizomiy ish yuritishni ko‘rib chiqishda malaka komissiyasi intizomiy ish yuritish bilan bog‘liq ayrim masalalar hududiy boshqarma tomonidan to‘liq o‘rganilmagan va qo‘shimcha o‘rganish talab qilinadi degan xulosaga kelsa, komissiya qarori bilan intizomiy ish yuritish qo‘zg‘atilib, qo‘shimcha o‘rganish uchun hududiy boshqarmaga topshiriladi.
Qo‘shimcha o‘rganish o‘tkazish muddati navbatdagi malaka komissiyasi o‘tkazilishidan besh ish kuni oldin yakunlanishi va malaka komissiyasiga qo‘shimcha xulosa taqdim etilishi kerak.
Malaka komissiya tomonidan qo‘zg‘atilgan intizomiy ish yuritish bo‘yicha o‘rganish Advokatlar palatasi Boshqaruvi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
O‘rganish natijalari bo‘yicha to‘plangan hujjatlar mas’ul xodim tomonidan imzolangan va hududiy boshqarma boshlig‘i tomonidan tasdiqlangan xulosa bilan malaka komissiyasiga taqdim etiladi.
Xulosada murojaatda keltirilgan vajlarni o‘rganishda aniqlangan holatlar va advokatura to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari, Advokatning kasb etikasi qoidalari, advokatlik siri va qasamyodi buzilishi holatlari batafsil yoritilishi lozim. Bunda advokatning javobgarligi va intizomiy ta’sir choralari qo‘llanilishiga oid taklif va izohlar bayon etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Advokatura to‘g‘risida”gi Qonuni.
53. Mas’ul kotib qaysi advokatga nisbatan intizomiy ish yuritish qo‘zg‘atilgan bo‘lsa, advokatning so‘roviga ko‘ra, o‘sha advokatni ish materiallari bilan tanishtirishi kerak.
Advokatga nisbatan intizomiy ish qo‘zg‘atilishiga asos bo‘lgan murojaat muallifini intizomiy ish yuritish materiallari bilan tanishtirish va undan nusxa berish advokatlik siriga qat’iy rioya etilgan holda amalga oshiriladi.
54. O‘ziga nisbatan intizomiy ish yuritish qo‘zg‘atilgan advokat:
intizomiy ish yuritish qo‘zg‘atilishiga asos bo‘lgan barcha materiallar bilan tanishib chiqishga va o‘z hisobidan qog‘oz yoki elektron shaklda nusxa olishga;
intizomiy ish yuritish holatlari bo‘yicha yozma yoki elektron shaklda Tizim orqali tushuntirishlar berishga, qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etishga;
malaka komissiyasiga holat yuzasidan aniqlik kiritish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslarni komissiya yig‘ilishiga taklif qilish va tushuntirishlarini eshitish to‘g‘risida iltimosnoma kiritishga;
malaka komissiyasi yoki Oliy malaka komissiyasi qaror qabul qilguniga qadar (agar bu uning ko‘rib chiqish predmeti bo‘lsa), intizomiy ish qo‘zg‘atilishiga sabab bo‘lgan shikoyatni bergan shaxs bilan yarashuv choralarini ko‘rishga;
intizomiy ish yuritish jarayonida advokat xizmatidan foydalanishga haqli.
Advokatga nisbatan intizomiy ish yuritish qo‘zg‘atish uchun asos bo‘lgan murojaat muallifi:
mazkur Nizomning 53-bandida nazarda tutilgan talablarga rioya qilgan holda intizomiy ish yuritish qo‘zg‘atilishiga asos bo‘lgan barcha materiallar bilan tanishib chiqishga va qog‘oz yoki elektron shaklda o‘z hisobidan nusxa olishga;
intizomiy ish yuritish holatlari bo‘yicha yozma shaklda tushuntirishlar berishga, qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etishga;
malaka komissiyasiga holat yuzasidan aniqlik kiritish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslarni komissiya yig‘ilishiga taklif qilish va tushuntirishlarini eshitish to‘g‘risida iltimosnoma kiritishga;
intizomiy ish yuritish jarayonida advokat xizmatidan foydalanishga haqli.
55. Malaka komissiyasi tomonidan advokat advokatura to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablari, Advokatning kasb etikasi qoidalari, advokatlik siri va advokat qasamyodi muntazam ravishda yoki bir marta qo‘pol ravishda buzgan, advokatning sha’ni va qadr-qimmatiga dog‘ tushiradigan hamda advokaturaning obro‘sini tushiradigan qilmish sodir etgan deb topilgan taqdirda, yarashuv qabul qilinmasdan, intizomiy ish yuritish mazmunan ko‘rib chiqiladi.
56. Advokatning noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan murojaatlarni ko‘rib chiqishda, shuningdek intizomiy ish yuritish jarayonida quyidagi holatlar aniqlangan taqdirda, intizomiy ish yuritishni qo‘zg‘atish rad etiladi, qo‘zg‘atilgan intizomiy ish yuritish tugatiladi:
ko‘rib chiqilayotgan yoki intizomiy ish yuritishni qo‘zg‘atish uchun asos bo‘lgan murojaat anonim ekanligi yoki unda ko‘rsatilgan muallif haqidagi ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi;
ko‘rib chiqilayotgan holat yuzasidan advokatni intizomiy javobgarlikka tortish muddati o‘tib ketganligi;
aynan shu advokatga nisbatan aynan shu holatlar bo‘yicha muqaddam tegishli qaror qabul qilinganligi;
ko‘rib chiqilayotgan holat advokatlik faoliyatiga taalluqli emasligi;
murojaatda ko‘rsatilgan advokat advokatlar va advokatlik tuzilmalari reyestrida mavjud emasligi.
Advokat maqomi yoki litsenziyasi to‘xtatib turilganligi intizomiy ish yuritishni tugatishga asos bo‘lmaydi.
57. Intizomiy ish yuritishni qo‘zg‘atish masalasini ko‘rib chiqish yoki intizomiy ish yuritish jarayonida ko‘rib chiqilayotgan murojaatda jinoyat to‘g‘risidagi xabar mavjudligi aniqlansa, malaka komissiya qarori bilan intizomiy ish yuritishni to‘xtatadi va materiallarni tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organga yuboradi, natijasi bo‘yicha ma’lumot olish choralarini ko‘radi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organ tomonidan advokatga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etilgan taqdirda intizomiy ish yuritish tiklanadi va umumiy tartibda ko‘rib chiqiladi.
58. Malaka komissiyasi tomonidan advokatga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilinishida, sodir etilgan huquqbuzarlikning og‘irligi, uning sodir etilgan holatlari, advokatning oldingi faoliyati va xulq-atvori e’tiborga olinadi.
Intizomiy javobgarlikka tortilgan kundan e’tiboran bir yil ichida advokat tomonidan takroran advokatura to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablari va Advokatning kasb etikasi qoidalari buzilganligi aniqlanganligi muntazam ravishda sodir etilgan qoidabuzarlik deb hisoblanadi.
Quyidagi qoidabuzarliklar advokatning bir marta qo‘pol ravishda qoidabuzarlik sodir etganligi deb hisoblanadi:
advokatlik sirini ishonch bildiruvchi (himoya ostidagi) shaxsning roziligisiz oshkor etganligi;
intizomiy ishni ko‘rib chiqishda bir nechta qonun yoki Advokatning kasb etikasi qoidalarini buzishda ifodalangan huquqbuzarlikni sodir etganligi;
advokat va ishonch bildiruvchi (himoya ostidagi) shaxs bilan tuzilgan shartnomani soxtalashtirganligi.
59. Advokatga nisbatan intizomiy ish yuritishni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha malaka komissiyasi quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
ogohlantirish to‘g‘risida;
litsenziyaning amal qilishini olti oygacha muddatga to‘xtatib turish to‘g‘risida ma’muriy sudga murojaat qilish haqida;
litsenziyaning amal qilishini tugatish masalasini ko‘rib chiqish to‘g‘risida Oliy malaka komissiyasiga murojaat qilish haqida;
qo‘shimcha o‘rganishni hududiy boshqarmaga yuklash haqida;
intizomiy jazo choralari qo‘llashni rad etish va intizomiy ish yuritishni tugatish to‘g‘risida.
60. Advokatga nisbatan intizomiy jazo nojo‘ya xatti-harakat sodir etilgan kundan e’tiboran olti oy o‘tganidan keyin, moliya-xo‘jalik faoliyatini taftish etish yoki tekshirish natijalari bo‘yicha esa, advokat tomonidan nojo‘ya xatti-harakat sodir etilgan kundan e’tiboran ikki yil o‘tganidan keyin qo‘llanilishi mumkin emas.
61. Malaka komissiyasining litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risida ma’muriy sudga murojaat qilish haqidagi qarori, u qabul qilingan kundan e’tiboran uch kundan kechiktirmay hududiy boshqarma tomonidan tegishli adliya organiga Tizim orqali yuboriladi.
Adliya organi mazkur qaror kelib tushgan kundan yetti kun ichida litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risida tegishli ma’muriy sudga murojaat qiladi.
Malaka komissiyasining litsenziyaning amal qilishini tugatish masalasini ko‘rib chiqish to‘g‘risida Oliy malaka komissiyasiga murojaat qilish haqidagi qarori, u qabul qilingan kundan e’tiboran uch kundan kechiktirmay qaror bilan bog‘liq barcha hujjatlar va materiallarni ilova qilgan holda Tizim orqali Oliy malaka komissiyasiga yuboriladi va bu haqida manfaatdor shaxslar yozma yoki elektron tartibda xabardor qilinadi.
62. Intizomiy jazo choralari qo‘llashni rad etish va intizomiy ish yuritishni tugatish to‘g‘risidagi qaror malaka komissiyasi tomonidan, agar intizomiy ish yuritishni ko‘rib chiqish vaqtida u advokatga nisbatan intizomiy ish yuritishni ko‘rib chiqish to‘g‘risidagi taqdimnomada bayon etilgan vajlar tasdiqlanmadi, degan xulosaga kelsa, shuningdek, qilmishning kam ahamiyatliligi va advokatning intizomiy ish qo‘zg‘atilishiga sabab bo‘lgan shikoyatni bergan shaxs bilan yarashuvga erishganligi munosabati bilan qabul qilinadi.
8-bob. Talabgordan advokatlik qasamyodini qabul qilish
63. Qonunining 31-moddasiga muvofiq belgilangan tartibda litsenziya olgan talabgor uch oy ichida advokat qasamyodini qabul qilishi va yakka tartibda yoki litsenziyaga ega bo‘lgan boshqa shaxslar bilan birgalikda advokatlik tuzilmasini tuzishi yoki faoliyat ko‘rsatayotgan advokatlik tuzilmalarining biriga kirishi shart.
64. Talabgor advokat qasamyodini qabul qilish uchun litsenziya berilgan joydagi hududiy boshqarmaga Tizim orqali murojaat etadi.
65. Talabgor tegishli malaka komissiyasining majlisida quyidagi mazmunda qasamyod qabul qiladi:
“O‘z kasbiy burchimni halol va vijdonan bajarishga, inson huquqlari va erkinliklarini hamisha himoya qilishga, advokatlik sirini saqlashga, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga qat’iy rioya etishga tantanali qasamyod qilaman”.
66. Talabgor advokat qasamyodi matnini ovoz chiqarib o‘qiydi va talabgor to‘g‘risidagi ma’lumotlar, litsenziya berilgan sana va uning raqami, qasamyod qabul qilingan sana va joy bayon etilgan tegishli hujjatni imzolaydi.
Mazkur hujjat malaka komissiyasi majlisining bayonnomasiga ilova qilinadi.
67. Talabgor advokat qasamyodini qabul qilganligi natijalari bo‘yicha malaka komissiyasi talabgor tomonidan advokat qasamyodi qabul qilinganligini tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
9-bob. Yakunlovchi qoidalar
68. Manfaatdor shaxslar yoki adliya organi tomonidan malaka komissiyalarining qarorlari ustidan malaka komissiyasi majlisining bayonnomasidan ko‘chirma olingan kundan e’tiboran bir oy ichida Oliy malaka komissiyasiga shikoyat berilishi mumkin, litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish va tugatish bilan bog‘liq malaka komissiyasi qarorlari bundan mustasno. Shikoyat Oliy malaka komissiyasi nomiga yoziladi va Advokatlar palatasiga bevosita yoki tegishli hududiy boshqarmalar orqali yuboriladi.
Malaka komissiyasining qarori ustidan shikoyat hududiy boshqarma orqali berilgan holda, hududiy boshqarma uch kun ichida shikoyatni u bilan bog‘liq barcha hujjatlar va materiallarni ilova qilgan holda Oliy malaka komissiyasiga yuborishi shart.
69. Malaka komissiyalarining qarorlari ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi va “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunlari.
70. Mazkur Nizomni buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladilar.
 LexUZ sharhi
Qarang: Mehnat kodeksining 18-bobi, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 1931, 1932, 1971-moddalari.
O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2025-yil 3-iyuldagi 15-mh-son buyrug‘iga
2-ILOVA
O‘z kuchini yo‘qotgan deb topilayotgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar
RO‘YXATI
1. O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2009-yil 14-martdagi 69-mh-son “O‘zbekiston Respublikasi advokatlar palatasining hududiy boshqarmalari huzuridagi malaka komissiyalari to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyrug‘i (ro‘yxat raqami 1921, 2009-yil 14-mart) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2009-y., 12-son, 134-modda).
2. O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2018-yil 6-yanvardagi 7-mh-son “O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi hududiy boshqarmalari huzuridagi malaka komissiyalari to‘g‘risidagi nizomning 18-bandiga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi buyrug‘i (ro‘yxat raqami 1921-1, 2018-yil 6-yanvar) (Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 08.01.2018-y., 10/18/1921-1/0519-son).
3. O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2018-yil 25-sentabrdagi 466-mh-son “O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining hududiy boshqarmalari huzuridagi malaka komissiyalari to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi buyrug‘i (ro‘yxat raqami 1921-2, 2018-yil 25-sentabr) (Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 25.09.2018-y., 10/18/1921-2/1956-son).
4. O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2019-yil 9-yanvardagi 11-mh-son “O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining hududiy boshqarmalari huzuridagi malaka komissiyalari to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi buyrug‘i (ro‘yxat raqami 1921-3, 2019-yil 9-yanvar) (Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.01.2019-y., 10/19/1921-3/2447-son).
5. O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2023-yil 16-sentabrdagi 10-mh-son “O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining hududiy boshqarmalari huzuridagi malaka komissiyalari to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyruqqa o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi buyrug‘i (ro‘yxat raqami 1921-4, 2023-yil 18-sentabr) (Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.09.2023-y., 10/23/1921-4/0709-son).
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.07.2025-y., 10/25/3637/0595-son; 17.08.2026-y., 10/26/3926/0850-son)