Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Banklarni sanatsiya qilish va tugatish toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2025-yil 13-fevralda qabul qilingan
Senat tomonidan 2025-yil 29-aprelda maʼqullangan
Senat tomonidan 2025-yil 29-aprelda maʼqullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi va qoʻllanilish sohasi
Ushbu Qonunning maqsadi banklarni sanatsiya qilish va tugatish bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Ushbu Qonunning amal qilishi banklarga, banklar guruhlariga va bank aksiyalarining nazorat paketiga egalik qiluvchi xolding kompaniyalariga nisbatan tatbiq etiladi.
Agar ushbu Qonunda boshqacha qoidalar nazarda tutilmagan boʻlsa, ushbu Qonunning banklarga taalluqli qoidalari banklar guruhlariga va bank aksiyalarining nazorat paketiga egalik qiluvchi xolding kompaniyalariga nisbatan ham tatbiq etiladi.
2-modda. Banklarni sanatsiya qilish va tugatish toʻgʻrisidagi qonunchilik
Banklarni sanatsiya qilish va tugatish toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuni bilan maxsus huquqiy rejim oʻrnatilgan hududda banklarni sanatsiya qilish va tugatish bilan bogʻliq munosabatlar ushbu Qonunda belgilanganidan boshqacha qoidalar bilan tartibga solinadi.
(2-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 13-iyuldagi OʻRQ-1158-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.07.2026-y., 03/26/1158/0727-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 25-iyul)
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining banklarni sanatsiya qilish va tugatish toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
bank aksiyalarining nazorat paketiga egalik qiluvchi xolding kompaniyasi (bundan buyon matnda xolding kompaniyasi deb yuritiladi) — bank aksiyalarining nazorat paketi bilan birga boshqa moliya institutlari aksiyalarining (ulushlarining) nazorat paketiga ega yuridik shaxs;
kapital vositalari — sanatsiya qilinayotgan bank regulyativ kapitalining tarkibiy elementlari;
maxsus boshqaruvchi — sanatsiya qilinayotgan bank kuzatuv kengashi va boshqaruvining vakolatlari oʻtkaziladigan jismoniy shaxs;
oluvchi — sanatsiya qilinayotgan bankning aksiyalari oʻziga oʻtkazilayotgan (sotilayotgan) jismoniy yoki yuridik shaxs, shuningdek sanatsiya qilinayotgan bankning aktivlari, talablari va majburiyatlari oʻziga oʻtkazilayotgan (sotilayotgan) bank;
sanatsiya qilish — banklarda toʻlovga qobiliyatsizlik holati yuzaga kelganda ularning oʻta muhim vazifalari uzluksizligini taʼminlashga, omonatchilar va kreditorlar manfaatlarini himoya qilishga hamda moliyaviy barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan sanatsiya qilish tartib-taomillarini amalga oshirish;
sanatsiya qilish tartib-taomillari — sanatsiya qilish vositalarini qoʻllash va sanatsiya qilishga doir vakolatlarni amalga oshirish jarayoni bilan bogʻliq tadbirlar majmui;
subordinar qarz — bankning kreditor talabiga koʻra muddatidan oldin qaytarilmaydigan hamda bank tugatilayotganda omonatchilarning va boshqa kreditorlarning talablari qanoatlantirilganidan keyin qanoatlantiriladigan, taʼminlanmagan qarz majburiyati;
oʻta muhim vazifalar — bank xizmatlari yoki operatsiyalarining shunday turlariki, ularni oʻzga bankning boshqa xizmatlari yoki operatsiyalari bilan almashtirish murakkabligi tufayli ushbu xizmatlarni koʻrsatish va operatsiyalarni amalga oshirish tugatilgan taqdirda, moliyaviy barqarorlikning buzilishiga yoki real iqtisodiyot uchun zarur boʻlgan xizmatlarning koʻrsatilishi cheklanishiga olib kelishi mumkin;
qarz vositalari — qarz munosabatlarini tasdiqlovchi qimmatli qogʻozlar, shu jumladan obligatsiyalar, shuningdek qarz qimmatli qogʻozlarga egalik qilish huquqini beruvchi vositalar.
4-modda. Banklarni sanatsiya qilish va tugatish sohasidagi vakolatli davlat organi
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki (bundan buyon matnda Markaziy bank deb yuritiladi) banklarni sanatsiya qilish va tugatish sohasidagi vakolatli davlat organidir.
Markaziy bank banklarni sanatsiya qilish va tugatish boʻyicha vazifalari va vakolatlari doirasida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlaridan mustaqil ravishda qarorlar qabul qiladi, bundan ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno.
5-modda. Markaziy bankning banklarni sanatsiya qilish boʻyicha vazifalari uning boshqa vazifalaridan ajratilganligi
Markaziy bank banklarni sanatsiya qilish boʻyicha vazifalarini qonunchilikda belgilangan boshqa vazifalaridan, shu jumladan nazoratga doir vazifalaridan alohida tarzda amalga oshiradi.
Qarang: “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonunining 12 va 61-moddalari.
Markaziy bank banklarni sanatsiya qilishni amalga oshiruvchi tarkibiy boʻlinmasining banklar faoliyatini nazorat qilish vazifalarini amalga oshiruvchi tarkibiy boʻlinmalari bilan hamkorlik qilish tartibini belgilaydi.
6-modda. Banklarni sanatsiya qilish va tugatish sohasidagi hamkorlik
Markaziy bank banklarni sanatsiya qilish va tugatish boʻyicha oʻz vakolatlarini amalga oshirishda davlat organlari va tashkilotlar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasida faoliyat yurituvchi bankning faoliyati ustidan konsolidatsiyalashgan nazoratni amalga oshiruvchi chet davlat nazorat organlari (bundan buyon matnda chet el nazorat organlari deb yuritiladi) bilan hamkorlikni hamda axborot almashinuvini ushbu Qonunga muvofiq amalga oshiradi.
Markaziy bank bankni sanatsiya qilish bilan bogʻliq boʻlgan qaror haqida mazkur qaror kuchga kirgan kunning oʻzida Omonatlarni kafolatlash agentligini, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligini (bundan buyon matnda Iqtisodiyot va moliya vazirligi deb yuritiladi), Moliyaviy barqarorlik kengashini, Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysini, shuningdek bank ishtirokchi boʻlgan toʻlov tizimlarini xabardor qiladi.
Markaziy bank chet el bankiga tegishli va Oʻzbekiston Respublikasida faoliyat yurituvchi bankni sanatsiya qilish yoki majburiy tugatish bilan bogʻliq qarorlari toʻgʻrisida chet el nazorat organini xabardor qiladi.
7-modda. Moliyaviy barqarorlik kengashi
Moliyaviy barqarorlik kengashi (bundan buyon matnda Kengash deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasida moliyaviy barqarorlikni taʼminlash, tizimli moliyaviy inqirozlarning kelib chiqish xavflarini oʻrganish (tahlil qilish), ularning yuzaga kelishining oldini olish boʻyicha choralar koʻrish, shuningdek yuzaga kelgan moliyaviy inqirozlarni boshqarish hamda ularning oqibatlarini bartaraf etish maqsadida idoralararo muvofiqlashtirishga doir vakolatlarni amalga oshiradi.
Kengash maslahat organi boʻlib, uning qarorlari Kengash aʼzolarining oʻzaro kelishuvi asosida qabul qilinadi va tavsiyaviy xususiyatga ega boʻladi.
Kengashning navbatdagi majlisi har olti oyda kamida bir marta, navbatdan tashqari majlisi esa Kengash aʼzolarining talabi boʻyicha oʻtkaziladi.
Markaziy bank Kengashning ishchi organi vazifasini bajaradi.
Kengash aʼzolari Kengashga uning faoliyati uchun ahamiyatga ega boʻlgan barcha zarur maʼlumotlarni, shu jumladan qonunchilik bilan muhofaza qilinadigan maʼlumotlarni taqdim etadi. Kengash aʼzolarining va uning majlislariga taklif etilgan shaxslarning, shuningdek Kengash uchun tegishli maʼlumotlarni tayyorlashda ishtirok etadigan boshqa shaxslarning qonunchilik bilan muhofaza qilinadigan maʼlumotlarni oshkor etishi taqiqlanadi.
Kengashning tarkibi, huquq va majburiyatlari, shuningdek Kengash faoliyatini tashkil etish bilan bogʻliq boshqa masalalar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan belgilanadi.
2-bob. Bankni sanatsiya qilish
1-§. Sanatsiya qilish maqsadlari va prinsiplari
8-modda. Bankni sanatsiya qilish maqsadlari
Bankni sanatsiya qilish maqsadlari quyidagilardan iborat:
tizimli moliyaviy inqiroz yuzaga kelishining oldini olish va uning salbiy oqibatlarini minimallashtirish;
bankning oʻta muhim vazifalari uzluksizligini taʼminlash;
omonatchilarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan (bundan buyon matnda Davlat budjeti deb yuritiladi) bankni sanatsiya qilish uchun zarur mablagʻlar ajratilishini minimallashtirish.
Sanatsiya qilish maqsadlari birdek muhim boʻlib, Markaziy bank sanatsiya qilish bilan bogʻliq ayrim hollarda muayyan maqsadlarga ustuvorlik berishga haqli.
9-modda. Bankni sanatsiya qilish prinsiplari
Bankni sanatsiya qilish prinsiplari quyidagilardan iborat:
zararlarning oʻrni birinchi navbatda sanatsiya qilinayotgan bank aksiyadorlari hisobidan qoplanishi;
bank omonatchilari hamda kreditorlari huquqlari va qonuniy manfaatlarining kafolatlanishi;
kafolatlangan omonatlarni va ularning kafolatlash chegarasidan oshadigan qismini toʻliq himoya qilish;
boshqaruv organlari vakolatlarining oʻtishi;
javobgarlikning muqarrarligi;
bank omonatchilari va kreditorlari zararlarining cheklanishi.
10-modda. Zararlarning oʻrni birinchi navbatda sanatsiya qilinayotgan bank aksiyadorlari hisobidan qoplanishi prinsipi
Sanatsiya qilishda zararlarning oʻrni birinchi navbatda sanatsiya qilinayotgan bank aksiyadorlari hisobidan qoplanadi. Bunda har bir aksiyador zararning umumiy miqdoriga nisbatan bank ustav kapitalidagi oʻz ulushi miqdoriga mutanosib ravishda hamda oʻziga tegishli aksiyalar qiymati doirasida javobgar boʻladi.
11-modda. Bank omonatchilari hamda kreditorlari huquqlari va qonuniy manfaatlarining kafolatlanishi prinsipi
Sanatsiya qilinayotgan bank omonatchilari hamda kreditorlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari ushbu Qonunning 64-moddasida belgilangan talablarni qanoatlantirish navbatiga rioya etish orqali kafolatlanadi. Bunda bir turdagi omonatchilar hamda kreditorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari teng darajada kafolatlanadi, bundan ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno.
12-modda. Kafolatlangan omonatlarni va ularning kafolatlash chegarasidan oshadigan qismini toʻliq himoya qilish prinsipi
“Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq kafolatlangan omonatlarga va ularning kafolatlash chegarasidan oshadigan qismiga nisbatan hisobdan chiqarish va (yoki) konvertatsiya qilish vositasi qoʻllanilmaydi.
13-modda. Boshqaruv organlari vakolatlarining oʻtishi prinsipi
Sanatsiya qilinayotgan bank aksiyadorlari umumiy yigʻilishining vakolatlari Markaziy bankka, kuzatuv kengashi va boshqaruvining vakolatlari esa Markaziy bank tomonidan tayinlanadigan bank kuzatuv kengashiga va boshqaruviga yoki maxsus boshqaruvchiga oʻtadi.
14-modda. Javobgarlikning muqarrarligi prinsipi
Bankni toʻlovga qobiliyatsizlik holatiga olib kelgan aybdor shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 1795-moddasi.
15-modda. Bank omonatchilari va kreditorlari zararlarining cheklanishi prinsipi
Bankning sanatsiya qilinishi natijasida omonatchilar yoki kreditorlar mazkur bank majburiy tugatilishi doirasida koʻrishi mumkin boʻlganidan koʻproq zarar koʻrishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
2-§. Sanatsiya qilishga tayyorgarlik koʻrish
16-modda. Bankni sanatsiya qilish rejasi
Markaziy bank tizimli ahamiyatga molik bank uchun sanatsiya qilish rejasini ishlab chiqadi. Sanatsiya qilish rejasi tizimli ahamiyatga molik bankka nisbatan Markaziy bank tomonidan qoʻllanilishi mumkin boʻlgan sanatsiya qilish tartib-taomillarini oʻz ichiga oladi.
Tizimli ahamiyatga molik bank uchun ishlab chiqilgan sanatsiya qilish rejasi bir yilda kamida bir marta qayta koʻrib chiqilishi, shuningdek bankning tashkiliy tuzilishida va (yoki) moliyaviy holatida sezilarli oʻzgarishlar yuzaga kelganda yoki sanatsiya qilish rejasining qoʻllanilishiga yoxud mazmuniga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan boshqa omillar mavjud boʻlganda qayta koʻrib chiqilishi va zarur boʻlganda yangilanishi kerak.
Markaziy bank tizimli ahamiyatga molik boʻlmagan, lekin oʻta muhim vazifalarni bajaruvchi banklar uchun ham sanatsiya qilish rejasini ishlab chiqishi mumkin. Bunda sanatsiya qilish rejasini qayta koʻrib chiqish davriyligi Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
Bank uchun ishlab chiqilgan sanatsiya qilish rejasining qisqacha mazmuni mazkur bankka taqdim etiladi.
Oʻzi uchun sanatsiya qilish rejasi ishlab chiqilgan bank uni qayta koʻrib chiqish yoki yangilash talab etiladigan har qanday holat toʻgʻrisida Markaziy bankni darhol xabardor qiladi.
Bank oʻziga nisbatan sanatsiya qilish rejasini ishlab chiqishda va yangilashda Markaziy bankning talabiga koʻra ishtirok etadi.
Sanatsiya qilish rejasida belgilangan, oʻz dolzarbligini yoʻqotgan tartib-taomillarni amalga oshirish Markaziy bank uchun majburiy ahamiyat kasb etmaydi.
Bankni sanatsiya qilishni boshlash uchun asoslar yuzaga kelganda Markaziy bank uni sanatsiya qilish toʻgʻrisidagi qarorni, agar ushbu bank uchun sanatsiya qilish rejasi ishlab chiqilmagan boʻlsa ham qabul qilishi mumkin.
Sanatsiya qilish rejasini ishlab chiqish tartibi va uning mazmuniga qoʻyiladigan talablar Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
Qarang: “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonuni 61-moddasi birinchi qismining oʻninchi xatboshisi.
17-modda. Bankni sanatsiya qilish mumkinligini baholash va mavjud toʻsiqlarni bartaraf etish
Bankni sanatsiya qilish rejasi mazkur bankni sanatsiya qilish mumkinligini baholashni oʻz ichiga oladi.
Agar sanatsiya qilish maqsadlariga sanatsiya qilish tartib-taomillarini amalga oshirish orqali erishish imkoniyati mavjud boʻlsa, bankni sanatsiya qilish mumkin deb hisoblanadi.
Bankni sanatsiya qilish mumkinligini baholashda Markaziy bank quyidagi omillarning tahlilini oʻtkazadi:
bank faoliyatining asosiy yoʻnalishini va oʻta muhim vazifalarini uchinchi shaxslarga topshirish (oʻtkazish) imkoniyatining;
bank korporativ boshqaruv tizimining bank faoliyatining asosiy yoʻnalishiga va oʻta muhim vazifalariga muvofiqlik darajasining;
bank faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini va oʻta muhim vazifalari bajarilishini qoʻllab-quvvatlash uchun zarur boʻlgan xodimlar, infratuzilma, shuningdek moliyalashtirish, likvidlilikni va kapitalni taʼminlash mexanizmlari mavjudligining;
xizmat koʻrsatish shartnomalari bankni sanatsiya qilishda bank tomonidan toʻliq hajmda bajarilishining;
bankda doimiy ravishda aniq va toʻliq axborot olinishini taʼminlovchi axborot tizimi mavjudligining;
sanatsiya qilish vositalarini sanatsiya qilish maqsadlariga erishish uchun qoʻllash samaradorligi va maqsadga muvofiqligining;
bankni sanatsiya qilishning moliya tizimiga, toʻlov tizimlarining faoliyat koʻrsatishiga, bank tizimiga boʻlgan ishonchga hamda iqtisodiyotga taʼsiri darajasining;
sanatsiya qilish vositalari va vakolatlaridan foydalanish orqali bankning boshqa banklarga yoki moliya bozoriga salbiy taʼsirini kamaytirish imkoniyatining;
chet el nazorat organlari bilan hamkorlik qilish hamda axborot almashishni amalga oshirish imkoniyatining;
Markaziy bank zarur deb hisoblagan boshqa omillarning.
Markaziy bank bankni sanatsiya qilish mumkinligini baholashda quyidagi omillarni inobatga olmaydi:
davlatning moliyaviy yordamini;
taʼminlanganlik, muddatlilik va toʻlovlilik shartlari asosida Markaziy bank tomonidan taqdim etiladigan kredit hisobidan likvidlilik taqchilligini qoplashni, bundan “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 33-moddasiga muvofiq tijorat banklarining likvidliligini favqulodda qoʻllab-quvvatlash mustasno.
Ushbu moddaning toʻrtinchi qismida belgilangan qoida sanatsiya qilishda davlatning moliyaviy yordamidan foydalanishni istisno etmaydi.
Agar bankni sanatsiya qilish mumkinligini baholash natijasida Markaziy bank tomonidan sanatsiya qilishni amalga oshirish uchun muayyan toʻsiqlar mavjudligi aniqlansa, Markaziy bank koʻrsatilgan muddat ichida ushbu toʻsiqlarni bartaraf etish boʻyicha tadbirlar rejasi ishlab chiqilishini bankdan talab qiladi.
Sanatsiya qilish imkoniyatlari uchun toʻsiqlarni bartaraf etish boʻyicha bank tomonidan ishlab chiqilgan tadbirlar rejasi Markaziy bank bilan kelishiladi va uning belgilangan muddatlarda ijro etilishi boʻyicha bank tomonidan choralar koʻriladi.
Agar Markaziy bank ishlab chiqilgan tadbirlar rejasi sanatsiya qilish imkoniyatlari uchun toʻsiqlarni bartaraf etishga qodir emas degan xulosaga kelsa, bankdan quyidagilarni talab qilishga haqli:
tavakkalchiliklarning miqdorini cheklashni;
ayrim aktivlarni sotishni;
bank xizmatlari koʻrsatishni, joriy va (yoki) rejalashtirilgan operatsiyalarni amalga oshirishni cheklashni yoki toʻxtatib turishni;
bank aksiyalariga bevosita egalik qiluvchilarning mulkiy huquqlariga, bankning va (yoki) banklar guruhining tashkiliy tuzilishiga va (yoki) faoliyatiga daxl qilmagan holda, aksiyalarga egalik qiluvchilarning (potensial oluvchidan to benefitsiar mulkdorgacha) uch pogʻonadan koʻp darajaga tabaqalashtirilishini kamaytirish, shuningdek sanatsiya qilishni yengillashtirish va bankning oʻta muhim vazifalari uzluksizligini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi hududida xolding kompaniyasi, asosiy jamiyat yoki shuʼba kompaniya tashkil etishni;
sanatsiya qilish maqsadlarida doimiy ravishda yoki Markaziy bankning talabiga koʻra qoʻshimcha axborot taqdim etishni.
18-modda. Sanatsiya qilish uchun baholashni oʻtkazish
Sanatsiya qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilinguniga qadar Markaziy bank bankning aktivlari va majburiyatlari, shuningdek balansdan tashqari moddalari baholashdan (bundan buyon matnda baholash deb yuritiladi) oʻtkazilishini taʼminlaydi.
Baholash “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 75-moddasida belgilangan talablarga muvofiq boʻlgan auditorlik tashkiloti yoki baholovchi tashkilot (bundan buyon matnda baholovchi deb yuritiladi) tomonidan oʻtkaziladi.
Baholash toʻgʻrisidagi hisobot quyidagi buxgalteriya hujjatlariga va boshqa hujjatlarga asoslanadi:
bankning baholash hisoboti tuzilayotgan sanadagi buxgalteriya balansiga, shuningdek foyda va zararlari toʻgʻrisidagi hisobotiga;
bank aktivlari va majburiyatlarini hisobga olish qiymatining tahliliga va baholanishiga;
bank buxgalteriya hisobotining balansdagi va balansdan tashqari hisobvaraqlarida aks ettirilgan majburiyatlarning roʻyxatiga, ularni bajarish muddati koʻrsatilgan holda;
baholash uchun ahamiyatga ega boʻlgan, Markaziy bank tomonidan talab qilinadigan boshqa maʼlumotlarga.
Baholash toʻgʻrisidagi hisobotda bankning sanatsiya qilish boshlangan paytdagi barcha zararlari aks ettirilishi kerak.
Baholash natijalaridan quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:
bankka nisbatan turli sanatsiya qilish tartib-taomillarini amalga oshirishning moliyaviy oqibatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni olish, shuningdek sanatsiya qilishning maqbul vositalarini tanlash;
ushbu Qonunga muvofiq talablarni qanoatlantirish navbati boʻyicha kreditorlarni tasniflash, shuningdek bank majburiy tugatilganda kreditorlar va aksiyadorlarning har bir toifasi olishi mumkin boʻlgan mablagʻlar miqdori toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni olish;
tegishli kapital vositalarini va (yoki) majburiyatlarni hisobdan chiqarish va (yoki) konvertatsiya qilish darajasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni olish;
oʻtkaziladigan (sotiladigan) aktivlar, huquqlar, majburiyatlar va (yoki) aksiyalar, shuningdek sanatsiya qilinayotgan bankka yoki uning aksiyadorlariga toʻlanadigan pul mablagʻlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni olish.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan baholashning oʻtkazilmaganligi Markaziy bank tomonidan sanatsiya qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilinishiga toʻsqinlik qilmaydi.
Ushbu moddaning ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi qismlarida nazarda tutilgan tartibda toʻliq baholashdan oʻtkazishga toʻsqinlik qiluvchi holatlar hamda sanatsiya qilish maqsadlariga erishishni xavf ostiga qoʻyuvchi boshqa holatlar mavjud boʻlgan taqdirda, Markaziy bank yoki Markaziy bank tomonidan tayinlangan baholovchi bankning aktivlarini, majburiyatlarini va balansdan tashqari moddalarini dastlabki baholashdan oʻtkazadi. Bunda dastlabki baholash imkon qadar ushbu moddaning ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi qismlariga muvofiq oʻtkazilishi kerak.
Agar ushbu moddaning yettinchi qismiga muvofiq dastlabki baholash oʻtkazilgan boʻlsa, ushbu moddaning ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi qismlarida belgilangan talablarga toʻliq muvofiq boʻlgan yakuniy baholash Markaziy bank tayinlagan baholovchi tomonidan quyidagi maqsadlar uchun qisqa muddatlarda oʻtkazilishi kerak:
aksiyadorlarning yoki kreditorlarning talablarini hisobdan chiqarish yoki qanoatlantirish toʻgʻrisidagi qarorni asoslantirish yoxud majburiyatlar boʻyicha amalga oshirilgan toʻlovlar summasini oshirish yoki kamaytirish;
bankning avval oʻtkazilgan aktivlari va majburiyatlariga qoʻshimcha tarzdagi aktivlari va majburiyatlarini oraliq bankka oʻtkazish yoki avval oʻtkazilgan aktivlari va majburiyatlarini qaytarish.
Ushbu moddaning sakkizinchi qismiga muvofiq oʻtkazilgan yakuniy baholash:
aktivlar va majburiyatlarni oʻtkazish (sotish) vositasini qoʻllash chogʻida oluvchilar tomonidan amalga oshirilgan toʻlovlarga;
aktivlar va majburiyatlarni oʻtkazish (sotish) vositasini qoʻllash maqsadida hisobdan chiqarishni va (yoki) konvertatsiya qilishni amalga oshirishda sanatsiya qilinayotgan bank aksiyadorlari va kreditorlari tomonidan olingan mablagʻlarga taʼsir koʻrsatmaydi.
Oʻtkazilgan baholash toʻgʻrisidagi hisobotning qisqacha mazmuni Markaziy bankning rasmiy veb-saytida belgilangan tartibda eʼlon qilinadi.
Baholash ustidan shikoyatlar sanatsiya qilish toʻgʻrisidagi qarordan alohida tarzda koʻrib chiqilishi mumkin emas.
Ushbu moddada nazarda tutilgan baholashdan ushbu Qonunning 42-moddasiga muvofiq kompensatsiya miqdorini aniqlash maqsadida foydalanilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ushbu moddaga muvofiq baholashni oʻtkazish tartibi Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
Qarang: “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonuni 61-moddasi birinchi qismining oʻninchi xatboshisi.
19-modda. Baholovchini tanlash tartibi va shartlari
Markaziy bank bankni sanatsiya qilishga tayyorgarlik koʻrish doirasida va sanatsiya qilish toʻgʻrisida oʻz vaqtida qarorlar qabul qilish maqsadida dastlabki tanlangan baholovchilar roʻyxatini shakllantiradi.
Dastlabki tanlangan baholovchilar roʻyxatiga kiritilgan tashkilotlar Markaziy bank bilan axborot xavfsizligi talablariga rioya etilishini nazarda tutuvchi shartnoma tuzadi. Dastlabki tanlangan baholovchilar roʻyxati Markaziy bankning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
Baholovchilarni dastlabki tanlangan baholovchilar roʻyxatiga kiritish ochiq va shaffof tarzda amalga oshiriladi.
Muayyan bankni sanatsiya qilish uchun baholashdan oʻtkazish maqsadida Markaziy bank dastlabki tanlangan baholovchilar orasidan baholovchini tanlab oladi. Markaziy bank dastlabki tanlangan baholovchilarga tanlovda ishtirok etish toʻgʻrisida xabarnoma yuboradi.
Ikki yoki undan ortiq baholovchi mavjud boʻlmagan taqdirda Markaziy bank dastlabki tanlangan baholovchilar roʻyxatiga kiritilgan bitta baholovchiga xabarnoma yuboradi.
Agar ikki yoki undan ortiq baholovchiga xabarnoma yuborilgan boʻlsa, baholash boʻyicha esa faqat bitta baholovchidan taklif kelib tushsa, ushbu baholovchi baholashni oʻtkazish uchun tayinlanadi.
Dastlabki tanlangan baholovchilar roʻyxatidagi baholovchilar baholashni oʻtkazishni rad etgan yoki Markaziy bank ushbu roʻyxatdagi baholovchilarning hech biri bilan ushbu moddaga muvofiq kelishuvga erishmagan taqdirda, Markaziy bank dastlabki tanlangan baholovchilar roʻyxatiga kiritilmagan, lekin tegishli talablarga javob beradigan boshqa baholovchini baholashni oʻtkazish uchun tanlab olishi mumkin.
Baholovchilar quyidagi mezonlar asosida tanlab olinadi:
baholovchining tajribasi, bilimi va koʻnikmalari;
baholashni oʻtkazish uchun taklif etilayotgan muddat;
baholashni oʻtkazish haqi.
Baholashni oʻtkazish uchun Markaziy bank tanlab olingan baholovchi bilan baholash oʻtkazish toʻgʻrisida shartnoma imzolaydi.
Baholash oʻtkazish toʻgʻrisida shartnomada koʻrsatilgan baholashni oʻtkazish uchun zarur boʻlgan barcha toʻlovlar, agar bankning moliyaviy holati imkon bersa, mazkur bank hisobidan amalga oshiriladi. Aks holda Markaziy bank bunday xarajatlarni oʻz hisobidan qoplaydi.
Baholovchilarni dastlabki tanlangan baholovchilar roʻyxatiga kiritish tartibi, baholovchilarga qoʻyiladigan talablar, shuningdek baholovchilarni baholash qoidalari Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
Qarang: “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonuni 61-moddasi birinchi qismining oʻninchi xatboshisi.
3-§. Sanatsiya qilishning boshlanishi
20-modda. Sanatsiya qilishni boshlash uchun asoslar
Quyida sanab oʻtilgan barcha asoslarning mavjudligi bankni sanatsiya qilishni boshlash uchun asos deb hisoblanadi:
bankning toʻlovga qobiliyatsizligi yoki bankning toʻlovga qobiliyatsizligi yuzaga kelishi ehtimolining yuqoriligi;
bank, banklar guruhi, xolding kompaniyasi va (yoki) bank aksiyadorlari tomonidan koʻrilgan choralarning, shuningdek Markaziy bank tomonidan qoʻllanilgan nazorat choralarining ushbu qismning ikkinchi xatboshisida koʻrsatilgan holatni bartaraf etishga qodir boʻlmaganligi yoxud mazkur choralar orqali olti oy ichida shunday natijani taʼminlash ehtimolining mavjud emasligi;
bankning tizimli ahamiyatga molik ekanligi yoki tizimli ahamiyatga molik boʻlmagan bankni majburiy tugatish orqali ushbu Qonun 8-moddasining birinchi qismida belgilangan bir yoki bir nechta maqsadlarga erishib boʻlmasligi sababli ushbu Qonunga muvofiq sanatsiya qilish zarurligi.
Quyidagi holatlardan biri yuzaga kelganda bank toʻlovga qobiliyatsiz deb hisoblanadi:
bank oʻz mijozlarining talablarini mablagʻlar yetarli emasligi sababli yetti kun ichida qanoatlantirishga qodir boʻlmaganda;
bankning majburiyatlari uning aktivlaridan ortib ketganda;
bank kapitali monandligi koeffitsiyentlari va (yoki) ustav kapitalining miqdori qonunchilikda belgilangan eng kam miqdordan ellik va undan koʻp foizga kamayganda;
bankning moliyaviy holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning hisobotlarda toʻgʻri aks ettirilishi ushbu qismning ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi xatboshilarida koʻrsatilgan asoslarning yuzaga kelishiga olib keladigan hollar Markaziy bank tomonidan aniqlanganda;
omonatchilar va kreditorlar tomonidan bankka ishonib topshirilgan pul mablagʻlarining but saqlanishiga xavf soluvchi holatlar mavjud boʻlganda.
Bankda ushbu modda ikkinchi qismining ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi xatboshilarida koʻrsatilgan asoslarning olti oy ichida yuzaga kelishidan darak beruvchi holatlar mavjud boʻlganda mazkur bankning toʻlovga qobiliyatsizligi yuzaga kelishi ehtimoli yuqori deb hisoblanadi.
Sanatsiya qilish tartib-taomillari “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6-bobida nazarda tutilgan nazorat choralaridan alohida tarzda qoʻllaniladi va mazkur choralarning qoʻllanilishiga toʻsqinlik qilmaydi.
Bank kuzatuv kengashi va (yoki) boshqaruvi ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan holatlar yuzaga kelganda yoki mazkur holatlarning yuzaga kelishi ehtimoli mavjud boʻlganda Markaziy bankni zudlik bilan bu haqda xabardor qilishi shart.
Bankda ushbu modda birinchi qismining ikkinchi va uchinchi xatboshilarida nazarda tutilgan asoslar mavjudligi, biroq ushbu modda birinchi qismining toʻrtinchi xatboshisida belgilangan asos mavjud emasligi aniqlangan taqdirda, Markaziy bank boshqaruvi ushbu bankning bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyasini (bundan buyon matnda litsenziya deb yuritiladi) chaqirib olish hamda uni majburiy tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Quyidagi asoslarning barchasi mavjud boʻlganda Markaziy bank boshqaruvi xolding kompaniyasini sanatsiya qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin:
xolding kompaniyasining toʻlovga qobiliyatsizligi yoki xolding kompaniyasining toʻlovga qobiliyatsizligi yuzaga kelishi ehtimolining yuqoriligi;
xolding kompaniyasi, banklar guruhi va (yoki) xolding kompaniyasi egalari tomonidan koʻrilgan choralarning ushbu qismning ikkinchi xatboshisida koʻrsatilgan holatni bartaraf etishga qodir emasligi yoki mazkur choralar orqali olti oy ichida shunday natijani taʼminlash ehtimolining mavjud emasligi;
xolding kompaniyasi nazorati ostidagi bankni sanatsiya qilish boshlanganligi;
sanatsiya qilishning bir yoki bir nechta maqsadiga xolding kompaniyasini majburiy tugatish orqali erishib boʻlmasligi sababli uni sanatsiya qilish zarurligi.
Xolding kompaniyasi quyidagi holatlardan biri yuzaga kelganda toʻlovga qobiliyatsiz deb hisoblanadi:
xolding kompaniyasining kapital monandligi koeffitsiyentlari va (yoki) ustav kapitali miqdori konsolidatsiyalashgan nazorat asosida Markaziy bank tomonidan belgilangan eng kam miqdordan ellik va undan koʻp foizga kamayganda;
xolding kompaniyasi bajarilishi lozim boʻlgan oʻz majburiyatlarini mablagʻlar yetishmovchiligi sababli yetti kun ichida bajarishga layoqatsiz boʻlganda;
bankning yoki xolding kompaniyasining moliyaviy holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning hisobotlarda toʻgʻri aks ettirilishi ushbu qismning ikkinchi va uchinchi xatboshilarida koʻrsatilgan asoslarning yuzaga kelishiga olib keladigan hollar Markaziy bank tomonidan aniqlanganda.
Xolding kompaniyasida ushbu modda sakkizinchi qismining ikkinchi va uchinchi xatboshilarida koʻrsatilgan asoslarning olti oydan oshmaydigan muddat ichida yuzaga kelishidan darak beruvchi holatlar mavjud boʻlganda xolding kompaniyasining toʻlovga qobiliyatsizligi yuzaga kelishi ehtimoli yuqori deb hisoblanadi.
Markaziy bankning xolding kompaniyasini sanatsiya qilish toʻgʻrisidagi qarori kuchga kirgan paytdan eʼtiboran sanatsiya qilish tugaguniga qadar “Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni normalari mazkur xolding kompaniyasiga nisbatan qoʻllanilmaydi.
Xolding kompaniyasi faoliyatini tartibga soluvchi vakolatli organ va Markaziy bank oʻrtasidagi hamkorlik qilish tartibi sanatsiya qilish boshlanguniga qadar Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
21-modda. Bankni sanatsiya qilishni boshlash toʻgʻrisidagi qaror va uning oqibatlari
Ushbu Qonunning 20-moddasida belgilangan sanatsiya qilish uchun asoslar yuzaga kelgan taqdirda, Markaziy bank boshqaruvi bankni sanatsiya qilish toʻgʻrisida quyidagilarni nazarda tutuvchi qaror qabul qiladi:
sanatsiya qilish uchun asoslarni;
ushbu Qonunning 18-moddasida belgilangan baholash toʻgʻrisidagi hisobotning qisqacha mazmunini;
sanatsiya qilishning aniq boshlanish vaqtini;
bankka nisbatan qoʻllanilishi rejalashtirilayotgan sanatsiya qilish tartib-taomillarini;
zarurat boʻlganda Davlat budjeti mablagʻlaridan foydalanishni.
Bankni sanatsiya qilish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinganidan keyin Markaziy bank mazkur qarorda nazarda tutilgan sanatsiya qilish tartib-taomillariga oʻzgartirish kiritishga haqli.
Bankni sanatsiya qilish toʻgʻrisidagi qaror kuchga kirishi bilan sanatsiya qilinayotgan bank aksiyadorlari umumiy yigʻilishining, kuzatuv kengashining va boshqaruvining vakolatlari Markaziy bankka oʻtadi. Bunda Markaziy bank sanatsiya qilinayotgan bank kuzatuv kengashi aʼzolarining vakolatlarini tugatishga, boshqaruvi aʼzolarini ishdan chetlatishga va (yoki) ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishga haqli.
Sanatsiya qilinayotgan bank kuzatuv kengashining va (yoki) boshqaruvining vazifalari Markaziy bank tomonidan quyidagilardan birining zimmasiga yuklatiladi:
Markaziy bank tomonidan tayinlangan maxsus boshqaruvchining;
Markaziy bank tomonidan tayinlangan bank kuzatuv kengashining va boshqaruvining.
Sanatsiya qilinayotgan bankning ishdan chetlashtirilgan boshqaruvi aʼzolari Markaziy bankka, maxsus boshqaruvchiga hamda Markaziy bank tomonidan tayinlangan bank kuzatuv kengashi va boshqaruviga sanatsiya qilish maqsadlariga erishish uchun zarur yordam koʻrsatadi.
Sanatsiya qilish toʻgʻrisidagi qaror kuchga kirishi bilan Markaziy bank, oʻzi tomonidan tayinlangan bank kuzatuv kengashi va boshqaruvi, maxsus boshqaruvchi bankning barcha aktivlarini, mol-mulkini, avtomatlashtirilgan axborot tizimlarini, buxgalteriya hisobotini va boshqa hisobotlarini, shuningdek bankning barcha hujjatlarini cheklovlarsiz tasarruf etish huquqiga ega boʻladi. Sanatsiya qilinayotgan bankning Markaziy bank tomonidan tayinlangan kuzatuv kengashi va boshqaruvi yoki maxsus boshqaruvchisi sanatsiya qilinayotgan bank xodimlari bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishga haqli.
Sanatsiya qilinayotgan bank bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan boshqaruv aʼzolariga ishdan boʻshatish nafaqasi toʻlanmaydi.
Sanatsiya qilish toʻgʻrisidagi qaror, shuningdek sanatsiya qilish vositalaridan foydalanilishi bankning kontragentlariga mazkur bank bilan tuzilgan amaldagi shartnomaviy majburiyatlarni bajarishni bir tomonlama toʻxtatib turish, shuningdek mazkur shartnomaga oʻzgartirishlar kiritishni talab etish yoki uni bekor qilish, mazkur shartnoma boʻyicha bank oʻz majburiyatlarini bajarib kelayotgan hollarda, garov taʼminotini realizatsiya qilish yoki shartnomaga muvofiq oldindan hisob-kitob qilishni talab etish huquqlarini bermaydi.
Bankni sanatsiya qilish toʻgʻrisidagi qaror masʼul shaxslar tomonidan tegishli reyestrlarga tezkorlik bilan zarur oʻzgartirishlar kiritish uchun asos boʻlib xizmat qiladi.
Sanatsiya qilinayotgan bankning aksiyadorlarini va boshqa manfaatdor shaxslarni xabardor qilish maqsadida Markaziy bank va oʻziga nisbatan sanatsiya qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan bank sanatsiya qilish toʻgʻrisidagi qaror kuchga kirgan kunning oʻzida mazkur qaror haqida oʻz rasmiy veb-saytlarida va ijtimoiy tarmoqlardagi oʻz rasmiy sahifalarida eʼlon qiladi. Mazkur eʼlonning shakli va mazmuni Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
22-modda. Maxsus boshqaruvchi
Markaziy bank sanatsiya qilish toʻgʻrisidagi qarorni qabul qilish bilan bir vaqtda yoki shunday qaror qabul qilinganidan keyin bir yoki bir necha jismoniy shaxslarni sanatsiya qilinayotgan bankning maxsus boshqaruvchisi yoki maxsus boshqaruvchilari (bundan buyon matnda maxsus boshqaruvchi deb yuritiladi) sifatida tayinlash toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqli.
Maxsus boshqaruvchini tayinlash toʻgʻrisidagi qarorda kamida quyidagilar nazarda tutilishi kerak:
maxsus boshqaruvchining familiyasi, ismi va otasining ismi;
maxsus boshqaruvchi vakolatlarining boshlanish va tugash vaqti;
maxsus boshqaruvchining vakolatlari va majburiyatlari, shu jumladan faqat Markaziy bank bilan kelishilgan holda amalga oshiriladigan vakolatlari;
maxsus boshqaruvchining vakolatlari muddati davomida bankka nisbatan qoʻllaniladigan cheklovlar roʻyxati, agar bunday cheklovlar mavjud boʻlsa;
maxsus boshqaruvchiga nisbatan cheklovlar, tavsiyalar va farmoyishlarning tavsifi, agar ular mavjud boʻlsa;
maxsus boshqaruvchiga haq toʻlash bilan bogʻliq masalalar.
Markaziy bank har bir maxsus boshqaruvchi bilan ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan qoidalarni aks ettiruvchi alohida shartnoma tuzadi.
Maxsus boshqaruvchi etib tayinlanadigan shaxs sanatsiya qilinayotgan bankka nisbatan manfaatlar toʻqnashuvidan xoli boʻlishi hamda “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 36-moddasiga muvofiq bankning boshqaruv organlari aʼzolariga va muhim ahamiyatga ega xodimlariga nisbatan qoʻyiladigan talablarga muvofiq boʻlishi kerak. Markaziy bank xodimi maxsus boshqaruvchi etib tayinlanishi mumkin emas.
Agar sanatsiya qilinayotgan bankning moliyaviy holati imkon bersa, maxsus boshqaruvchiga toʻlanishi lozim boʻlgan barcha mablagʻlar mazkur bank hisobidan qoplanadi. Aks holda Markaziy bank bunday xarajatlarni oʻz hisobidan qoplaydi.
Maxsus boshqaruvchi tayinlanganligi toʻgʻrisidagi axborot ushbu moddaning uchinchi qismida koʻrsatilgan shartnoma tuzilganidan keyin bir ish kuni ichida Markaziy bankning rasmiy veb-saytida va ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida eʼlon qilinadi.
Maxsus boshqaruvchi oʻz faoliyatida ushbu Qonunga, boshqa qonunchilik hujjatlariga, shuningdek Markaziy bankning topshiriqlariga amal qiladi.
Markaziy bank maxsus boshqaruvchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasini qonunchilikka muvofiq bekor qilish va ushbu moddaning talablariga asosan boshqa maxsus boshqaruvchini tayinlash huquqiga ega.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi 12-bobining 5-paragrafi, “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonuni 20-moddasining yigirma ikkinchi xatboshisi.
Maxsus boshqaruvchi tayinlangan paytdan eʼtiboran uning faoliyati muddati davomida maxsus boshqaruvchi yoki u tomonidan tayinlangan shaxs bilan kelishilmagan holda, bankning nomidan yoki bankning topshirigʻiga asosan amalga oshiriladigan barcha operatsiyalar yuridik kuchga ega boʻlmaydi va huquqiy oqibatlar keltirib chiqarmaydi.
Maxsus boshqaruvchi faqat Markaziy bankka hisobdor boʻlib, uning vazifalarining bajarilishini nazorat qilish Markaziy bank tomonidan amalga oshiriladi.
Markaziy bank maxsus boshqaruvchining faoliyati ustidan nazorat qilish boʻyicha quyidagi vakolatlarga ega:
maxsus boshqaruvchiga uning faoliyati davrida faoliyatining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha tavsiyalar berish, shu jumladan asosiy tadbirlar rejasini taklif qilish;
maxsus boshqaruvchiga bajarilishi shart boʻlgan yoʻriqnomalar berish;
maxsus boshqaruvchidan uning faoliyati va bankning faoliyati toʻgʻrisidagi har qanday maʼlumotlarni soʻrab olish;
maxsus boshqaruvchining vakolatlari muddatini uzaytirish yoki muddatidan oldin tugatish.
Maxsus boshqaruvchi sanatsiya qilish maqsadlariga erishish hamda Markaziy bankning qarorlarida, shuningdek buyruqlari va koʻrsatmalarida nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan barcha choralarni koʻradi.
Maxsus boshqaruvchi sanatsiya qilish maqsadlariga erishish va sanatsiya qilish tartib-taomillarini amalga oshirishga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan barcha hollar toʻgʻrisida Markaziy bankni darhol xabardor qilishi shart.
Maxsus boshqaruvchi har chorakda kamida bir marta, shuningdek Markaziy bankning soʻroviga koʻra, Markaziy bankka sanatsiya qilinayotgan bankning moliyaviy holati hamda maxsus boshqaruvchi tomonidan oʻz faoliyati davomida amalga oshirilgan harakatlar toʻgʻrisida hisobot taqdim etib boradi.
Sanatsiya qilinayotgan bankka maxsus boshqaruvchini tayinlash tartibi va maxsus boshqaruvchining faoliyati bilan bogʻliq qoidalar Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
4-§. Sanatsiya qilish vositalari
23-modda. Sanatsiya qilish vositalarining turlari
Sanatsiya qilish vositalari quyidagilardan iborat:
aktivlar va majburiyatlarni oʻtkazish (sotish);
oraliq bankni tashkil etish;
hisobdan chiqarish va (yoki) konvertatsiya qilish.
Markaziy bank sanatsiya qilish maqsadlariga erishish uchun sanatsiya qilishning maqbul vositalarini bankning va (yoki) moliya tizimining holatini inobatga olgan holda tanlaydi.
Markaziy bank sanatsiya qilish vositalarini birgalikda yoki alohida-alohida qoʻllashi mumkin.
Agar Markaziy bank sanatsiya qilinayotgan bankning aktivlari, huquqlari va majburiyatlarini qisman oʻtkazish (sotish) uchun faqat ushbu modda birinchi qismining ikkinchi va uchinchi xatboshilarida koʻrsatilgan sanatsiya qilish vositalarini qoʻllasa, Markaziy bank qoldiq aktivlar, huquqlar va majburiyatlarga ega boʻlgan ushbu bankning litsenziyasini chaqirib oladi hamda bankni ushbu Qonunga muvofiq majburiy tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Sanatsiya qilish vositalarini qoʻllashda davlat organlari va tashkilotlar, yuridik va jismoniy shaxslar, shuningdek sanatsiya qilinayotgan bank aksiyadorlari hamda kreditorlari bilan kelishish yoki ularning ruxsatini olish talab etilmaydi.
24-modda. Aktivlar va majburiyatlarni oʻtkazish (sotish) vositasi toʻgʻrisidagi umumiy qoidalar
Aktivlar va majburiyatlarni oʻtkazish (sotish) vositasi sanatsiya qilinayotgan bankning aksiyalari, aktivlari, huquqlari va (yoki) majburiyatlari oluvchiga oʻtkazilishini (sotilishini) nazarda tutadi.
Markaziy bank bir yoki bir necha oluvchiga (bundan oraliq bank mustasno) quyidagilarni oʻtkazish (sotish) toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin:
sanatsiya qilinayotgan bank tomonidan chiqarilgan yangi aksiyalarni;
sanatsiya qilinayotgan bank aktivlari, huquqlari va (yoki) majburiyatlarining barchasini yoki bir qismini.
Aksiyalar, aktivlar, huquqlar va (yoki) majburiyatlarni oʻtkazishda (sotishda):
sanatsiya qilinayotgan bankning majburiyatlari ushbu Qonunning 64-moddasida belgilangan kreditorlarning talablarini qanoatlantirish navbatida oluvchiga oʻtkaziladi;
sanatsiya qilinayotgan bankning aktivlari va huquqlari, shuningdek Omonatlarni kafolatlash agentligining Omonatlarni kafolatlash jamgʻarmasi (bundan buyon matnda Kafolatlash jamgʻarmasi deb yuritiladi), sanatsiya qilish jamgʻarmasi hisobidan taqdim etilgan mablagʻlar bankning bir turdagi kreditorlari oldidagi majburiyatlarini bajarish uchun yetarli boʻlmagan taqdirda, mazkur majburiyatlar ushbu kreditorlarning talablari miqdoriga mutanosib ravishda oʻtkaziladi.
Moliyaviy barqarorlikni taʼminlash yoki aktivlar qiymatining juda past darajaga tushib ketishining oldini olish maqsadida Markaziy bank majburiyatlarning ayrim turlarini ushbu Qonunning 64-moddasida belgilangan bir turdagi kreditorlar doirasida tanlab olib, ushbu modda uchinchi qismning ikkinchi va uchinchi xatboshilarida nazarda tutilgan qoidalardan chetga chiqqan holda oʻtkazishga haqli. Bu holda qoidalardan chetga chiqish sababi Markaziy bank tomonidan asoslab berilishi va tegishli tartibda hujjatlashtirilishi kerak.
Aktivlar, huquqlar va (yoki) majburiyatlarni oʻtkazishda (sotishda) quyidagilar talab etilmaydi:
sanatsiya qilinayotgan bank aksiyadorlari, omonatchilari va kreditorlarining, shuningdek boshqa manfaatdor shaxslarning (xususan, sanatsiya qilinayotgan bankka garov taʼminoti va kafolat taqdim etgan shaxslarning) roziligini olish;
sanatsiya qilinayotgan bank tomonidan omonatchilar va kreditorlar, shuningdek boshqa taraflar (xususan, sanatsiya qilinayotgan bankka garov taʼminoti va kafolat taqdim etgan shaxslar) bilan tuzilgan shartnomalarga shartnomalarning yangi tarafini koʻrsatish maqsadida oʻzgartirishlar kiritish;
sanatsiya qilinayotgan bankning omonatchilari bilan oluvchi bank tomonidan yangi bank hisobvaragʻi shartnomalarini tuzish.
Aksiyalar, aktivlar, huquqlar va (yoki) majburiyatlarning oʻtkazilishi (sotilishi) oʻtkazish (oldi-sotdi) toʻgʻrisidagi shartnomaga binoan amalga oshiriladi. Bunda oʻtkazish toʻgʻrisidagi shartnomaga oʻtkazilayotgan (sotilayotgan) aksiyalar, aktivlar, huquqlar va (yoki) majburiyatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan topshirish-qabul qilish dalolatnomasi ilova qilinadi.
Oluvchi aksiyalarni oʻtkazish (sotish) toʻgʻrisidagi shartnomani qimmatli qogʻozlarga boʻlgan huquqlarni hisobga oluvchi organga tegishli reyestrga oʻzgartirish kiritish uchun topshirish-qabul qilish dalolatnomasi bilan birga taqdim etadi.
Aksiyalar, aktivlar, huquqlar va (yoki) majburiyatlarning oʻtkazilishi (sotilishi) ularga boʻlgan mulk huquqining oluvchiga oʻtishiga olib keladi. Bunda oluvchi shartnoma imzolangan paytdan eʼtiboran mazkur huquqlar va majburiyatlarning huquqiy vorisi boʻladi.
Aksiyalar, aktivlar, huquqlar va (yoki) majburiyatlarni oʻtkazish (sotish) toʻgʻrisidagi shartnoma imzolangan paytdan eʼtiboran kuchga kiradi va sotish bilan bogʻliq barcha huquqiy tartib-taomillarni amalga oshirish uchun asos boʻlib xizmat qiladi.
Aksiyalar, aktivlar, huquqlar va (yoki) majburiyatlarni oʻtkazish (sotish) toʻgʻrisidagi shartnoma tuzilganidan keyin sanatsiya qilinayotgan bankning aksiyadorlari va kreditorlari oʻtkazilayotgan (sotilayotgan) aksiyalar va (yoki) boshqa talablar uchun oluvchidan biror bir kompensatsiya talab qilish huquqiga ega emas.
Aktivlar, huquqlar va (yoki) majburiyatlar oʻtkazilganidan (sotilganidan) keyin oluvchi bilan kelishuvga koʻra Markaziy bank:
oʻtkazilgan (sotilgan) aktivlar, huquqlar va (yoki) majburiyatlarning bir qismini oluvchidan sanatsiya qilinayotgan bankka (shu jumladan majburiy tugatish jarayonida boʻlgan sanatsiya qilinayotgan bankka) qaytarishi. Bunda bank ularni qaytarib olishni rad etishga haqli emas;
sanatsiya qilinayotgan bankdan (shu jumladan majburiy tugatish jarayonida boʻlgan sanatsiya qilinayotgan bankdan) qoʻshimcha aktivlar, huquqlar va (yoki) majburiyatlarni oluvchiga oʻtkazishi (sotishi) mumkin.
Ushbu moddaning oʻn birinchi qismida nazarda tutilgan aktivlar, huquqlar va (yoki) majburiyatlarning oʻtkazilishi (sotilishi) ushbu moddada belgilangan oʻtkazish (sotish) tartibiga rioya etilgan holda amalga oshirilishi kerak.
25-modda. Aktivlar va majburiyatlarni oʻtkazish (sotish) vositasini qoʻllash
Markaziy bank sanatsiya qilinayotgan bankning oʻtkazilishi (sotilishi) rejalashtirilgan aksiyalarini, aktivlarini, huquqlarini va (yoki) majburiyatlarini oʻtkazish (sotish) boʻyicha choralar koʻradi. Aktivlar, huquqlar va (yoki) majburiyatlar alohida-alohida oʻtkazilishi (sotilishi) mumkin. Aktivlar va majburiyatlarni oʻtkazish (sotish) vositasini qoʻllash bilan bogʻliq xarajatlar, agar sanatsiya qilinayotgan bankning moliyaviy holati bunga imkon bersa, mazkur bank tomonidan qoplanadi. Aks holda Markaziy bank bunday xarajatlarni oʻz hisobidan qoplaydi.
Aksiyalar, aktivlar, huquqlar va (yoki) majburiyatlarni oʻtkazish (sotish) quyidagi talablarga rioya etilgan holda amalga oshiriladi:
oʻtkazish (sotish) jarayonining shaffof boʻlishi;
oʻtkazish (sotish) jarayonining manfaatlar toʻqnashuvidan xoli boʻlishi;
oʻtkazish (sotish) jarayonida potensial oluvchilar orasida ustunliklar berilishiga yoʻl qoʻyilmasligi;
sanatsiya qilish boʻyicha tezkor choralar koʻrish zaruriyatining hisobga olinishi;
aksiyalar, aktivlar va huquqlarning yuqori narxda oʻtkazilishi (sotilishi).
Markaziy bank faqat bitta potensial oluvchi murojaat qilgan taqdirda ham aksiyalar, aktivlar, huquqlar va (yoki) majburiyatlarni oʻtkazishga (sotishga) haqli.
Markaziy bank aksiyalar, aktivlar, huquqlar va (yoki) majburiyatlarni quyidagi hollarda potensial oluvchilarga toʻgʻridan-toʻgʻri, ommaviy eʼlon bermasdan oʻtkazishi (sotishi) mumkin:
ommaviy eʼlon berish sanatsiya qilish maqsadlariga erishishga toʻsqinlik qilishi mumkin boʻlganda;
kamida ikkita potensial oluvchi jalb qilinganda.
Markaziy bank sanatsiya qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilinguniga qadar aksiyalar, aktivlar, huquqlar va (yoki) majburiyatlarni oʻtkazish (sotish) boʻyicha zarur tayyorgarlik tadbirlarini amalga oshirishga vakolatlidir. Tayyorgarlik tadbirlari sanatsiya qilinayotgan bankning aksiyalari, aktivlari, huquqlari va majburiyatlari marketingini, potensial oluvchilar bilan bevosita aloqa bogʻlashni, shuningdek aktivlar va majburiyatlarni oʻtkazish (sotish) vositasini samarali qoʻllash uchun zarur boʻlgan boshqa harakatlarni oʻz ichiga oladi.
Aktivlar va majburiyatlarni oʻtkazish (sotish) vositasining qoʻllanilish tartibi Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
Mazkur Qonunning 24 va 26-moddalari.
26-modda. Aktivlar va majburiyatlarni oʻtkazish (sotish) vositasining qoʻllanilish shartlari
Sanatsiya qilinayotgan bankning aktivlari, huquqlari va (yoki) majburiyatlarini oluvchi faqat bank boʻlishi mumkin.
Sanatsiya qilinayotgan bankda hal qiluvchi egalikni oluvchi oldi-sotdi shartnomasi tuzilguniga qadar Markaziy bankning bank aksiyalarini olishga doir dastlabki ruxsatnomasini olishi kerak.
Sanatsiya qilishda Markaziy bank sanatsiya qilinayotgan bank aksiyalarini olishga doir dastlabki ruxsatnomani berishning soddalashtirilgan tartibini belgilashi mumkin.
Sanatsiya qilinayotgan bankning aksiyalarini sotishni kechiktirmasdan amalga oshirish va sanatsiya qilish maqsadlariga erishishga toʻsqinlik qilmaslik maqsadida, sanatsiya qilinayotgan bank aksiyalarining oldi-sotdi shartnomasi bank aksiyalarini olishga doir dastlabki ruxsatnoma berilguniga qadar tuzilishi mumkin. Bunda aksiyalar boʻyicha ovoz berish huquqi Markaziy bankda saqlanib qoladi. Mazkur huquqni amalga oshirish Markaziy bank uchun majburiy boʻlmaydi hamda undan foydalanganlik yoki foydalanmaganlik Markaziy bank uchun huquqiy oqibatlarni keltirib chiqarmaydi.
Bank aksiyalarini olishga doir dastlabki ruxsatnoma olinganidan keyin aksiyalar boʻyicha ovoz berish huquqi oluvchiga oʻtadi.
Markaziy bank bank aksiyalarini olishga doir dastlabki ruxsatnomani berishni rad etgan taqdirda, aksiyalar boʻyicha ovoz berish huquqi Markaziy bank ixtiyorida qoladi hamda Markaziy bank oluvchidan uch oy ichida aksiyalarni boshqa shaxsga sotishni talab qiladi.
Agar aksiyalar uch oy ichida boshqa shaxsga sotilmasa, ushbu moddaning toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan oldi-sotdi shartnomasi bekor qilinadi va Markaziy bank sanatsiya qilinayotgan bankka nisbatan sanatsiya qilishning muayyan tartib-taomillarini amalga oshirish yoki ushbu bankni majburiy tugatish yoxud “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq boshqa choralarni qoʻllash toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Aktivlar va majburiyatlarni oʻtkazish (sotish) vositasini qoʻllash doirasida amalga oshiriladigan oʻtkazishga (sotishga) nisbatan ushbu bobning 7-paragrafida nazarda tutilgan kafolatlar qoʻllaniladi.
Sanatsiya qilinayotgan bank ishtirokchi boʻlgan toʻlov tizimlari va ushbu bank aʼzo boʻlgan fond birjalari ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan oluvchiga, agar oluvchi mazkur toʻlov tizimlari va fond birjalari tomonidan belgilangan talablarga muvofiq boʻlsa, sanatsiya qilinayotgan bank bilan tuzilgan shartnoma boʻyicha barcha huquqlarni amalga oshirish imkoniyatini berishi kerak.
Agar oluvchi ushbu moddaning toʻqqizinchi qismida nazarda tutilgan toʻlov tizimlari va fond birjalari tomonidan belgilangan ishtirok etish yoki aʼzolik talablariga muvofiq boʻlmasa, Markaziy bank oluvchiga toʻlov tizimlariga yoki fond birjalariga olti oydan koʻp boʻlmagan muddat davomida ulanish uchun ruxsat berishi mumkin.
27-modda. Oraliq bank
Oraliq bank sanatsiya qilinayotgan bankning oʻta muhim vazifalarini saqlab qolish maqsadida mazkur bank aktivlari, huquqlari va (yoki) majburiyatlarining barchasini yoki bir qismini oʻtkazish uchun tashkil etiladi. Keyinchalik oraliq bank va (yoki) uning aktivlari, huquqlari va (yoki) majburiyatlari sotiladi.
Markaziy bank bir yoki bir nechta sanatsiya qilinayotgan bank aktivlari, huquqlari va (yoki) majburiyatlarining barchasini yoki bir qismini oʻtkazish uchun bir yoki bir nechta oraliq bankni tashkil etishi mumkin.
Oraliq bankka sanatsiya qilinayotgan bankning aktivlari, huquqlari va (yoki) majburiyatlarini oʻtkazishda quyidagi qoidalar qoʻllaniladi:
sanatsiya qilinayotgan bankning majburiyatlari oraliq bankka ushbu Qonunning 64-moddasida belgilangan kreditorlarning talablarini qanoatlantirish navbatiga rioya etilgan holda oʻtkaziladi;
sanatsiya qilinayotgan bankning aktivlari va huquqlari, shuningdek Kafolatlash jamgʻarmasi, sanatsiya qilish jamgʻarmasi hisobidan taqdim etilgan mablagʻlar bankning bir turdagi kreditorlari oldidagi majburiyatlarini bajarish uchun yetarli boʻlmagan taqdirda, ushbu majburiyatlar mazkur kreditorlarning talablari miqdoriga mutanosib ravishda oʻtkaziladi;
moliyaviy barqarorlikni taʼminlash yoki aktivlar qiymatining juda past darajaga tushib ketishining oldini olish maqsadida, Markaziy bank ushbu qismning ikkinchi va uchinchi xatboshilarida nazarda tutilgan qoidalardan chetga chiqqan holda majburiyatlarning muayyan turlarini tanlov asosida oʻtkazishga haqli. Bunda qoidalardan chetga chiqish sababi Markaziy bank tomonidan asoslab berilishi va tegishli tartibda hujjatlashtirilishi kerak.
Oraliq bankka oʻtkazilgan majburiyatlarning umumiy qiymati sanatsiya qilinayotgan bankning mazkur oraliq bankka oʻtkazilgan aktivlari va huquqlarining baholash natijasida shakllantirilgan umumiy qiymatidan yoki boshqa manbalardan oʻtkazilgan mablagʻlardan oshib ketishi mumkin emas.
Markaziy bank oraliq bankka sanatsiya qilinayotgan bankning aktivlari, huquqlari va (yoki) majburiyatlarini oʻtkazganidan keyin quyidagi huquqlarga ega boʻladi:
sanatsiya qilinayotgan bankning (shu jumladan majburiy tugatish jarayonida boʻlgan sanatsiya qilinayotgan bankning) qoʻshimcha aktivlari, huquqlari va (yoki) majburiyatlarini oraliq bankka oʻtkazish;
oʻtkazilgan aktivlar, huquqlar va (yoki) majburiyatlarning bir qismini ushbu moddaning oltinchi qismiga muvofiq oraliq bankdan sanatsiya qilinayotgan bankka (shu jumladan majburiy tugatish jarayonida boʻlgan sanatsiya qilinayotgan bankka) qaytarish.
Oraliq bankdan sanatsiya qilinayotgan bankka aktivlar, huquqlar va (yoki) majburiyatlarning bir qismini qaytarishga quyidagi shartlarning barchasiga rioya etilganda yoʻl qoʻyiladi:
aktivlar, huquqlar va (yoki) majburiyatlarni qaytarish ular oraliq bankka oʻtkazilgan kundan eʼtiboran 90 kun ichida amalga oshirilishi;
qaytarilayotgan majburiyatlarning ushbu Qonun 33-moddasining ikkinchi qismida belgilangan majburiyatlar emasligi;
qaytarishning sanatsiya qilish maqsadlariga erishish va (yoki) omonatchilar va kreditorlarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari kafolatlanishi prinsipiga rioya etilishini taʼminlash uchun zarurligi.
Oraliq bankka sanatsiya qilinayotgan bankning aktivlari, huquqlari va (yoki) majburiyatlari oʻtkazilayotganda hamda oʻtkazilgan aktivlar, huquqlar va (yoki) majburiyatlar sanatsiya qilinayotgan bankka qaytarilayotganda quyidagilar talab etilmaydi:
sanatsiya qilinayotgan bank aksiyadorlari, omonatchilari va kreditorlarining, shuningdek boshqa manfaatdor shaxslarning (xususan, sanatsiya qilinayotgan bankka garov taʼminoti va kafolat taqdim etgan shaxslarning) roziligini olish;
sanatsiya qilinayotgan bank tomonidan omonatchilar, kreditorlar, shuningdek boshqa taraflar (xususan, sanatsiya qilinayotgan bankka garov taʼminoti va kafolat taqdim etgan shaxslar) bilan tuzilgan shartnomalarga shartnomalarning yangi tarafini koʻrsatish maqsadida oʻzgartirishlar kiritish;
sanatsiya qilinayotgan bankning omonatchilari bilan oraliq bank tomonidan yangi bank hisobvaragʻi shartnomalarini tuzish.
Sanatsiya qilinayotgan bankning aktivlari, huquqlari va (yoki) majburiyatlarini oraliq bankka oʻtkazish toʻgʻrisidagi shartnoma imzolangan paytdan eʼtiboran aktivlar, huquqlar va (yoki) majburiyatlar oʻtkazilgan deb hisoblanadi va oʻtkazish bilan bogʻliq barcha huquqiy tartib-taomillar uchun asos boʻlib xizmat qiladi. Bunda oraliq bank barcha huquqlar va majburiyatlarning huquqiy vorisi boʻladi.
Sanatsiya qilinayotgan bank va oraliq bank oʻrtasida amalga oshirilgan oʻtkazishga nisbatan ushbu bobning 7-paragrafida nazarda tutilgan kafolat choralari qoʻllaniladi.
Sanatsiya qilinayotgan bank ishtirokchi boʻlgan toʻlov tizimlari va ushbu bank aʼzo boʻlgan fond birjalari oraliq bankka, basharti mazkur oraliq bank toʻlov tizimlari va fond birjalari tomonidan qoʻyiladigan talablarga muvofiq boʻlsa, sanatsiya qilinayotgan bank bilan tuzilgan shartnoma boʻyicha barcha huquqlarni amalga oshirish imkoniyatini taʼminlashi kerak.
Agar oraliq bank toʻlov tizimlari va fond birjalari tomonidan belgilangan ishtirok etish yoki aʼzolik talablariga muvofiq boʻlmasa, Markaziy bank oraliq bankka uning faoliyati davomida ushbu toʻlov tizimlarida ishtirok etishga va fond birjalariga aʼzo boʻlishga ruxsat berish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin.
Markaziy bank boshqaruvining qarori bilan:
oraliq bankning barcha aksiyalari, agar Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq oraliq bankning faoliyat yuritishi kafolatlansa, uchinchi shaxslarga sotilishi mumkin. Bunda uchinchi shaxslar tomonidan oraliq bankning aksiyalarini sotib olish “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan tartibda va shartlar asosida amalga oshiriladi. Oraliq bankning aksiyalari uchinchi shaxslar tomonidan sotib olingan paytdan eʼtiboran oraliq bank oʻz oraliq bank maqomini yoʻqotadi va oʻz faoliyatini “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq amalga oshiradi;
oraliq bankning aktivlari, huquqlari va (yoki) majburiyatlari boshqa bankka oʻtkazilishi (sotilishi) mumkin.
Markaziy bank oraliq bankning sotilishi yoki uning aktivlari, huquqlari va (yoki) majburiyatlari oʻtkazilishi (sotilishi) uchun masʼuldir.
Sanatsiya qilinayotgan bankning kreditorlari oraliq bankdan yoki ushbu moddaning oʻn ikkinchi qismida nazarda tutilgan oraliq bank aksiyalarini sotib oluvchidan oʻtkazilgan talablari boʻyicha kompensatsiya talab qilishga haqli emas.
28-modda. Oraliq bank tashkil etilishining va faoliyat yuritishining oʻziga xos xususiyatlari
Oraliq bankni tashkil etish ushbu moddada belgilangan qoidalar inobatga olingan holda, “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan bank faoliyatiga ruxsat berish shartlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Oraliq bankning ustav kapitali Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasida quyidagi manbalar hisobidan shakllantirilishi mumkin:
hisobdan chiqarish va (yoki) konvertatsiya qilish vositasini qoʻllagan holda oraliq bankka oʻtkazilgan majburiyatlarni mazkur oraliq bankning aksiyalariga konvertatsiya qilish;
ushbu Qonunning 37-moddasi talablarini hisobga olgan holda Davlat budjeti mablagʻlari;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Markaziy bank oraliq bank ustav kapitalining eng kam miqdorini “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilanganidan kam miqdorda belgilash toʻgʻrisida qaror qabul qilishga vakolatlidir.
Oraliq bankni litsenziyalash tartib-taomili bir bosqichdan iborat boʻlib, oraliq bankni davlat roʻyxatiga olish litsenziya berish bilan bir vaqtda amalga oshiriladi.
Oraliq bankni davlat roʻyxatiga olish va litsenziyalash bankning ustaviga, bank kuzatuv kengashining va boshqaruvining aʼzolari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga, shuningdek bankning biznes-rejasi haqidagi maʼlumotlarga asosan amalga oshiriladi. Bunda Markaziy bank qonunchilikka muvofiq bankni litsenziyalash uchun zarur boʻlgan boshqa hujjatlarni talab qilishga haqli.
Qarang: “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonunining 691-moddasi, Bank faoliyatiga ruxsat berish tartibi va shartlari toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 3252, 2020-yil 30-iyun), “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunning 15 — 20-moddalari.
Markaziy bank “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablari toʻliq bajarilmagan hollarda ham oraliq bankka litsenziya berishi mumkin. Bunday hollarda, litsenziya berish toʻgʻrisidagi qarorda oraliq bankning zimmasiga “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablarini olti oydan oshmaydigan muddat ichida bajarish majburiyati yuklatiladi.
Oraliq bankni davlat roʻyxatiga olishda va litsenziyalashda “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 16-moddasida, 17-moddasining uchinchi qismida, 20-moddasida, shuningdek oraliq bankning aksiyadorlari bilan bogʻliq munosabatlarga nisbatan 22-moddasida nazarda tutilgan qoidalar qoʻllanilmaydi.
Oraliq bankka litsenziya berish toʻgʻrisidagi qaror Markaziy bankning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
Litsenziya berilganidan keyin oraliq bank “Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq omonatlarni kafolatlash tizimi ishtirokchisiga aylanadi.
Oraliq bank aksiyadorlari umumiy yigʻilishining vakolatlari Markaziy bank tomonidan amalga oshiriladi.
Oraliq bank ustav kapitalining asosiy qismi davlat mablagʻlari hisobidan shakllantirilgan yoki oraliq bank aksiyalari boʻyicha ovoz berish huquqining asosiy qismi davlatga tegishli boʻlgan hollarda, Markaziy bank oraliq bankning ustavini tasdiqlash, kuzatuv kengashi aʼzolarini tayinlash hamda oraliq bankni sotish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilishni qonunchilikka muvofiq davlat aksiyalari paketlari boʻyicha aksiyadorlar huquqlarini amalga oshirishga vakolatli boʻlgan davlat organi bilan oldindan kelishib oladi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 5-noyabrdagi “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi OʻRQ-580-son Qonuni, 2023-yil 9-martdagi “Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-821-son Qonunining 23-moddasi.
29-modda. Oraliq bank faoliyatini tugatish
Oraliq bankning faoliyati unga litsenziya berilgan paytdan eʼtiboran oʻn ikki oydan oshmasligi kerak. Mazkur muddat quyidagi hollarda Markaziy bank tomonidan koʻpi bilan oʻn ikki oyga uzaytirilishi mumkin:
agar muddatning uzaytirilishi sanatsiya qilish maqsadlariga erishish uchun zarur boʻlsa;
agar uzaytirilgan muddat davomida oraliq bankning aksiyalari yoki uning aktivlari, huquqlari va (yoki) majburiyatlarining barchasi yoxud bir qismi sotilishi mumkinligi haqida asosli xulosa mavjud boʻlsa.
Oraliq bankning faoliyati quyidagi holatlarning birida tugatilgan deb hisoblanadi:
oraliq bankning barcha aksiyalari uchinchi shaxslarga sotilganda;
oraliq bankning barcha aktivlari, huquqlari va majburiyatlari uchinchi shaxslarga oʻtkazilganda;
oraliq bankning aktivlari toʻliq qoplanganda va majburiyatlari toʻliq bajarilganda;
ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan muddat tugaganda;
oraliq bankning litsenziyasi “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 77-moddasida nazarda tutilgan asoslarga koʻra chaqirib olinganda.
Markaziy bank ushbu modda ikkinchi qismining uchinchi, toʻrtinchi va beshinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hollarda, shuningdek, agar oraliq bankning aksiyalarini yoki aktivlarini, huquqlarini va majburiyatlarini oʻtkazishni (sotishni) amalga oshirish istiqbollari mavjud emas deb hisoblasa, oraliq bankning litsenziyasini chaqirib oladi hamda uni majburiy tugatish jarayoniga oʻtkazadi.
Oraliq bank faoliyatini ushbu modda ikkinchi qismining ikkinchi va uchinchi xatboshilarida belgilangan asoslarga koʻra tugatish natijasida kelib tushgan mablagʻlar oraliq bank aksiyadorlarining hisobiga oʻtkaziladi.
Oraliq bankni tashkil etish, uning faoliyatini amalga oshirish va uni tugatish tartibi Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
Qarang: “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunning 15 va 20-moddalari.
30-modda. Kapital vositalarini hisobdan chiqarish va (yoki) konvertatsiya qilish
Markaziy bank quyidagilarni qoplash uchun hisobdan chiqarilishi va (yoki) konvertatsiya qilinishi lozim boʻlgan kapital vositalarining umumiy summasini belgilaydi:
ushbu Qonunning 18-moddasiga muvofiq oʻtkazilgan baholash asosida aniqlangan zararlar summasini;
sanatsiya qilinayotgan bank kapitali monandligi koeffitsiyentlari hamda ustav kapitali miqdorining banklar va bank faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq boʻlishini taʼminlash, shuningdek bozor ishtirokchilarining sanatsiya qilinayotgan bankka boʻlgan ishonchini saqlab turish uchun zarur boʻlgan kapital miqdorini;
hisobdan chiqarish va (yoki) konvertatsiya qilish vositasi qoʻllanilganidan keyin oraliq bankka bir yildan kam boʻlmagan muddat davomida faoliyatni amalga oshirishi uchun zarur boʻlgan kapital miqdorini.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan zararlarning oʻrnini qoplash va sanatsiya qilinayotgan bank kapitali monandligi koeffitsiyentlari hamda ustav kapitali miqdorining banklar va bank faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq boʻlishini taʼminlash maqsadida kapital vositalari quyidagi ketma-ketlikda hisobdan chiqariladi va (yoki) aksiyalarga konvertatsiya qilinadi:
Qarang: “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunning 38 va 46-moddalari.
birinchi darajali asosiy kapital vositalarining balans qiymati;
birinchi darajali qoʻshimcha kapital vositalarining balans qiymati;
ikkinchi darajali kapital vositalarining balans qiymati.
Har qaysi keyingi navbatdagi hisobdan chiqarish va (yoki) konvertatsiya qilish oldingi navbatdagi kapital vositalari toʻliq hisobdan chiqarilganidan va (yoki) konvertatsiya qilinganidan keyin amalga oshiriladi.
Sanatsiya qilinayotgan bankning kapital vositalarini hisobdan chiqarish va (yoki) konvertatsiya qilish vakolatlarini amalga oshirishda Markaziy bank ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan summani ushbu kapital vositalarining qiymatiga mutanosib ravishda taqsimlaydi.
Kapital vositalari quyidagi shartlarning barchasiga toʻliq rioya etilgan taqdirda aksiyalarga konvertatsiya qilinadi:
agar kapital vositalarining egalari konvertatsiyani amalga oshirish natijasida sanatsiya qilinayotgan bankda yoki oraliq bankda hal qiluvchi egalikni qoʻlga kiritsa, mazkur shaxslar Markaziy bankning dastlabki ruxsatnomasini olishi kerak;
konvertatsiya amalga oshirilganidan keyin chiqarilgan oddiy aksiyalar ushbu Qonunning 18-moddasiga muvofiq baholash oʻtkazilganidan keyin bir hafta ichida beriladi;
kapitalning har bir tegishli vositasi uchun beriladigan aksiyalar sonini belgilovchi konvertatsiya koeffitsiyenti ushbu Qonunning 32-moddasi qoidalariga muvofiq boʻlishi kerak.
Ushbu moddaga muvofiq hisobdan chiqarish va (yoki) konvertatsiya qilish vositasi qoʻllanilguniga qadar kapital vositasining balans qiymati qisman hisobdan chiqarilgan taqdirda, Markaziy bank kapital vositasining qoldiq balans qiymatiga nisbatan hisobdan chiqarishni va (yoki) konvertatsiya qilishni amalga oshiradi.
31-modda. Majburiyatlarni hisobdan chiqarish va (yoki) konvertatsiya qilish
Ushbu Qonunning 33 va 34-moddalarida nazarda tutilgan majburiyatlar (bundan buyon matnda maqbul majburiyatlar deb yuritiladi) sanatsiya qilinayotgan bankning kapital vositasi tarkibiga kiritilgan majburiyatlarni oʻz ichiga olmaydi. Majburiyatlarni hisobdan chiqarish va (yoki) konvertatsiya qilish:
sanatsiya qilinayotgan bankning ushbu Qonunning 33-moddasida koʻrsatilgan majburiyatlari qiymatini qisman yoki toʻliq hisobdan chiqarishni;
sanatsiya qilinayotgan bankning ushbu Qonunning 33-moddasida koʻrsatilgan majburiyatlarini mazkur sanatsiya qilinayotgan bankning yoki oraliq bankning aksiyalariga qisman yoki toʻliq konvertatsiya qilishni nazarda tutadi.
Markaziy bank ushbu Qonunning 30-moddasiga muvofiq sanatsiya qilinayotgan bankning kapital vositalarini hisobdan chiqarish va (yoki) konvertatsiya qilish boʻyicha vakolatini ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan majburiyatlar hisobdan chiqarilguniga va (yoki) konvertatsiya qilinguniga qadar amalga oshiradi.
Sanatsiya qilinayotgan bankning kapital vositalari hisobdan chiqarilganidan va (yoki) konvertatsiya qilinganidan keyin Markaziy bank hisobdan chiqarilishi va (yoki) konvertatsiya qilinishi lozim boʻlgan majburiyatlarning umumiy summasini quyidagilarning oʻrnini qoplash uchun aniqlaydi:
ushbu Qonunning 18-moddasida belgilangan baholash asosida aniqlangan zararlar summasini;
sanatsiya qilinayotgan bank kapitali monandligi koeffitsiyentlari hamda ustav kapitali miqdorining banklar va bank faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq boʻlishini taʼminlash, shuningdek bozor ishtirokchilarining sanatsiya qilinayotgan bankka boʻlgan ishonchini saqlab turish uchun zarur boʻlgan kapital miqdorini;
hisobdan chiqarish va (yoki) konvertatsiya qilish vositasi qoʻllanilganidan keyin oraliq bank (oraliq bank tashkil etilgan taqdirda) bir yildan kam boʻlmagan muddat davomida faoliyatni amalga oshirishi uchun zarur boʻlgan kapital miqdorini.
Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan zararlarning oʻrnini qoplash va sanatsiya qilinayotgan bank kapitali monandligi koeffitsiyentlari hamda ustav kapitali miqdorining banklar va bank faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq boʻlishini taʼminlash maqsadida maqbul majburiyatlar quyidagi ketma-ketlikda hisobdan chiqariladi va (yoki) oddiy aksiyalarga konvertatsiya qilinadi:
kapital vositasi boʻlmagan subordinar qarzning balans qiymati;
bankka aloqador shaxslar oldidagi majburiyatlarning balans qiymati;
boshqa maqbul majburiyatlarning balans qiymati.
Har qaysi keyingi navbatdagi hisobdan chiqarish va (yoki) konvertatsiya qilish oldingi navbatdagi majburiyatlar toʻliq hisobdan chiqarilganidan va (yoki) konvertatsiya qilinganidan keyin amalga oshiriladi.
Bankning regulyativ kapitalini hisob-kitob qilishda inobatga olinadigan subordinar qarzlarga qoʻyiladigan talablar Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
Sanatsiya qilinayotgan bankning majburiyatlarini hisobdan chiqarish va (yoki) konvertatsiya qilish vakolatlarini amalga oshirishda Markaziy bank ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan summani ushbu majburiyatlarning qiymatiga mutanosib ravishda taqsimlaydi.
Agar sanatsiya qilinayotgan bankning yoki oraliq bankning maqbul majburiyatlarini ularning aksiyalariga konvertatsiya qilish natijasida sanatsiya qilinayotgan bankning yoki oraliq bankning kreditorlari hal qiluvchi egalikni qoʻlga kiritsa, ushbu shaxslar “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 22-moddasiga muvofiq Markaziy bankning dastlabki ruxsatnomasini olishi kerak.
Sanatsiya qilinayotgan bankning yoki oraliq bankning kapital vositalarini va (yoki) maqbul majburiyatlarini hisobdan chiqarish va (yoki) konvertatsiya qilish vakolatlarini amalga oshirish maqsadida Markaziy bank vakolatli organlar va tashkilotlardan quyidagilarni talab qilishga haqli:
barcha tegishli reyestrlardagi yozuvlarga oʻzgartirishlar kiritilishini;
qimmatli qogʻozlar bozorida savdolarning vaqtincha toʻxtatib turilishini, aksiyalar va qarz vositalarining savdolardan yoki kotirovkalash varagʻidan chiqarilishini;
qimmatli qogʻozlar bozoridagi yangi aksiyalarning kotirovkalash varagʻiga kiritilishini;
qimmatli qogʻozlar bozoridagi qarz vositalarining pasaytirilgan qiymat boʻyicha kotirovkalash varagʻiga takroran kiritilishini.
Ushbu moddaning toʻqqizinchi qismida koʻrsatilgan talablar Markaziy bank tomonidan oʻziga yuborilgan vakolatli organlar va tashkilotlar mazkur talablarni oʻz vaqtida bajarishi shart.
Sanatsiya qilinayotgan bankning majburiyatlarini aksiyalarga konvertatsiya qilishda mavjud aksiyadorlarning imtiyozli huquqlari inobatga olinmaydi.
Sanatsiya qilishda qimmatli qogʻozlarni emissiya qilish, sotish, sotib olish hamda bekor qilishda sanatsiya qilinayotgan bank toʻgʻrisidagi maʼlumotlar va tegishli hujjatlar qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organiga vaqtincha taqdim etilmasligi va roʻyxatdan oʻtkazilmasligi, shuningdek qimmatli qogʻozlarning emissiya risolasi eʼlon qilinmasligi mumkin.
32-modda. Kapital vositalarini va (yoki) maqbul majburiyatlarni ulushli vositalarga konvertatsiya qilish koeffitsiyenti
Markaziy bank sanatsiya qilish maqsadlariga erishishni taʼminlash va sanatsiya qilish prinsiplariga rioya etish sharti bilan bir navbatda hisobdan chiqariladigan va (yoki) konvertatsiya qilinadigan kapital vositalari va (yoki) majburiyatlar uchun yagona konvertatsiya qilish koeffitsiyentini qoʻllaydi.
Markaziy bank sanatsiya qilish maqsadlariga erishish uchun turli navbatda hisobdan chiqariladigan va (yoki) konvertatsiya qilinadigan kapital vositalari hamda majburiyatlar uchun turli konvertatsiya qilish koeffitsiyentini quyidagi talablarning barchasiga rioya etgan taqdirda qoʻllashi mumkin:
har bir turdagi aksiyadorlar va kreditorlar uchun konvertatsiya qilish koeffitsiyentlari alohida belgilanishi hamda har bir aksiyador va kreditor olishi kutilayotgan summaning, bank sanatsiya qilingan sanada mazkur bank tugatilgan taqdirda, har bir aksiyador yoki kreditor olishi mumkin boʻlgan summaga teng yoki undan ortiq boʻlishi;
zararlarning oʻrni sanatsiya qilinayotgan bank aksiyadorlari tomonidan birinchi navbatda qoplanishi;
agar ushbu Qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, sanatsiya qilinayotgan bank kreditorlari tomonidan zararlarning oʻrni aksiyadorlardan keyin va bankni majburiy tugatish tartib-taomili doirasida talablarni qanoatlantirish navbatiga muvofiq qoplanishi;
bir turdagi kreditorlarga nisbatan bir xil tartibda yondashuv qoʻllanilishi.
33-modda. Hisobdan chiqarish va (yoki) konvertatsiya qilish uchun maqbul boʻlgan majburiyatlar
Hisobdan chiqarish va (yoki) konvertatsiya qilish vositasi sanatsiya qilinayotgan bankning barcha majburiyatlariga nisbatan qoʻllanilishi mumkin, bundan bankning ushbu moddaning ikkinchi qismida belgilangan majburiyatlari mustasno.
Hisobdan chiqarish va (yoki) konvertatsiya qilish vositasi quyidagi majburiyatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi:
kafolatlangan omonatlarga va ularning kafolatlash chegarasidan oshadigan qismiga;
taʼminlangan majburiyatlarga taʼminot bilan toʻliq qoplangan hajmda;
mijozlarning aktivlarini ishonchli boshqarish hamda investitsiya va pensiya jamgʻarmalariga depozitar xizmatlar koʻrsatish natijasida yuzaga keladigan majburiyatlarga;
boshqa mahalliy va chet el banklari oldidagi dastlabki bajarilish muddati yetti kungacha boʻlgan majburiyatlarga, bundan bank tegishli boʻlgan banklar guruhi ishtirokchilari oldidagi majburiyatlar mustasno;
bankning toʻlov, kliring va hisob-kitob tizimlarida ishtirok etishi bilan bogʻliq boʻlgan, mazkur tizimlar hamda ularning ishtirokchilari oldidagi bajarilish muddati yetti kungacha boʻlgan majburiyatlariga;
sanatsiya qilinayotgan bankning oʻz xodimlariga ish haqi, pensiya va boshqa qatʼiy belgilangan toʻlovlarni toʻlash majburiyatlariga, bundan mukofotlar mustasno;
bankning har kungi faoliyati uchun zarur boʻlgan tovarlar oldi-sotdisiga yoki bankka xizmatlar koʻrsatishga doir shartnomalardan kelib chiqadigan kreditorlar oldidagi majburiyatlariga;
soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha davlat oldidagi majburiyatlarga;
Omonatlarni kafolatlash agentligi oldidagi majburiyatlarga.
34-modda. Majburiyatlarni hisobdan chiqarishni va (yoki) konvertatsiya qilishni istisno etish
Markaziy bank quyidagi shartlardan biri mavjud boʻlganda muayyan majburiyatlarni toʻliq yoki qisman hisobdan chiqarishni va (yoki) konvertatsiya qilishni istisno etish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin, bundan ushbu Qonun 31-moddasi toʻrtinchi qismining ikkinchi va uchinchi xatboshilarida koʻrsatilgan majburiyatlar mustasno:
majburiyatni qisqa muddat ichida hisobdan chiqarishning yoki aksiyalarga konvertatsiya qilishning imkonsizligi;
istisno etishning sanatsiya qilinayotgan bankning yoki oraliq bankning oʻta muhim vazifalari va faoliyat yoʻnalishlarini saqlab qolish uchun zarurligi;
istisno etishning sanatsiya qilinayotgan bankning, oraliq bankning va (yoki) moliya tizimining barqarorligiga salbiy taʼsirlarning oldini olish uchun zarurligi.
Hisobdan chiqarish va (yoki) konvertatsiya qilish vositasini qoʻllash, shu jumladan kapital vositalarining va majburiyatlarning hisobdan chiqarilishi va (yoki) konvertatsiya qilinishi lozim boʻlgan summasini aniqlash, ushbu moddaga muvofiq istisno etiladigan majburiyatlarni aniqlash shartlari va tartibi Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
35-modda. Sanatsiya qilinayotgan bank faoliyatini qayta tashkil etish rejasi
Agar hisobdan chiqarish va (yoki) konvertatsiya qilish vositasidan sanatsiya qilinayotgan bank kapitali monandligi koeffitsiyentlarining hamda ustav kapitali miqdorining banklar va bank faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq boʻlishini taʼminlash, shuningdek bozor ishtirokchilarining sanatsiya qilinayotgan bankka boʻlgan ishonchini saqlab turish maqsadida foydalanilsa, sanatsiya qilinayotgan bank yoki maxsus boshqaruvchi hisobdan chiqarish va (yoki) konvertatsiya qilish vositasi qoʻllanilgan kundan eʼtiboran bir oy ichida ushbu moddaning ikkinchi qismida belgilangan talablarga muvofiq sanatsiya qilinayotgan bank faoliyatini qayta tashkil etish rejasini (bundan buyon matnda qayta tashkil etish rejasi deb yuritiladi) ishlab chiqishi kerak. Zarurat boʻlganda Markaziy bank qayta tashkil etish rejasini ishlab chiqish muddatini koʻpi bilan bir oyga uzaytirishi mumkin.
Qarang: “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunning 38-moddasi.
Qayta tashkil etish rejasi moliya bozoridagi vaziyatdan kelib chiqqan holda ishonchli hisob-kitoblarga asoslangan boʻlishi hamda kamida quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak:
bankni sanatsiya qilish uchun asos boʻlgan omillar, muammolar va holatlarning tahlilini;
bankning uzoq muddat faoliyat yuritishini tiklash uchun amalga oshirilishi zarur boʻlgan chora-tadbirlarni, shuningdek ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish muddatlarini.
Qayta tashkil etish rejasi Markaziy bank tomonidan tasdiqlanadi. Sanatsiya qilinayotgan bank qayta tashkil etish rejasi tasdiqlanganidan keyin mazkur rejani amalga oshirishga kirishadi va amalga oshirish jarayonining borishi toʻgʻrisida Markaziy bankka har chorakda kamida bir marta yoki uning soʻroviga koʻra hisobot taqdim etib boradi.
Agar tasdiqlangan qayta tashkil etish rejasini amalga oshirish jarayonida Markaziy bank uni ushbu modda ikkinchi qismining uchinchi xatboshisida belgilangan maqsadlarga erishish uchun qayta koʻrib chiqishni talab qilsa, sanatsiya qilinayotgan bank mazkur talabni bajarishi kerak.
Qayta tashkil etish rejasini ishlab chiqish va taqdim etish, shuningdek uni baholash tartibi Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
Qarang: “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunning 49-moddasi, Bank faoliyatiga ruxsat berish tartibi va shartlari toʻgʻrisidagi Nizom (roʻyxat raqami 3252, 2020-yil 30-iyun) 6-boʻlimining 1-bobi.
5-§. Sanatsiya qilishni moliyalashtirish mexanizmlari
36-modda. Sanatsiya qilishda Kafolatlash jamgʻarmasi mablagʻlaridan foydalanish
Sanatsiya qilishda Kafolatlash jamgʻarmasi mablagʻlaridan quyidagi maqsadlarda foydalanilishi mumkin:
aktivlar va majburiyatlarni oʻtkazish (sotish) yoki oraliq bankni tashkil etish vositasini qoʻllash doirasida oʻtkaziladigan aktivlar va majburiyatlar oʻrtasidagi farqni qoplash;
aktivlar va (yoki) majburiyatlarni oʻtkazish (sotish) vositasini qoʻllashda yoki oraliq bankni tashkil etishda, shuningdek oraliq bankning Markaziy bank tomonidan taqdim etiladigan likvidlilikni olishida sanatsiya qilinayotgan bankning yoki oraliq bankning aktivlari va (yoki) majburiyatlari boʻyicha kafolatlar taqdim etish;
kreditorlar va aksiyadorlarga ushbu Qonunning 42-moddasiga muvofiq kompensatsiya toʻlash.
Kafolatlash jamgʻarmasi mablagʻlaridan sanatsiya qilinayotgan bankni yoki oraliq bankni qayta kapitallashtirish maqsadida (shu jumladan mazkur banklarning biror bir kapital vositasini sotib olish orqali) foydalanish taqiqlanadi.
Agar aktivlar va majburiyatlarni oʻtkazish (sotish) va (yoki) oraliq bankni tashkil etish vositalaridan foydalanish sanatsiya qilinayotgan bankning aksiyalari oʻtkazilishini nazarda tutsa, sanatsiya qilishda Kafolatlash jamgʻarmasi mablagʻlaridan ushbu Qonunning 30 va 31-moddalariga muvofiq hisobdan chiqarish va konvertatsiya qilish vakolatlari amalga oshirilganidan keyin foydalanilishi mumkin.
Agar aktivlar va majburiyatlarni oʻtkazish (sotish) va (yoki) oraliq bankni tashkil etish vositalarini qoʻllash sanatsiya qilinayotgan bankning aktivlari va majburiyatlarini oʻtkazish (sotish) ni nazarda tutsa, sanatsiya qilishda Kafolatlash jamgʻarmasi mablagʻlaridan faqat, agar ikkinchi darajali kapital vositalari va sanatsiya qilinayotgan bankka aloqador shaxslar oldidagi majburiyatlar oʻtkazilmasa, foydalanilishi mumkin.
Sanatsiya qilishda (shu jumladan kafolat taqdim etish uchun) Kafolatlash jamgʻarmasi mablagʻlaridan quyidagi chegaralardan oshmagan miqdorda foydalanilishi mumkin:
sanatsiya qilinayotgan bankdagi kafolatlangan omonatlar summasidan;
Omonatlarni kafolatlash agentligining ushbu moddaning yettinchi qismida koʻrsatilgan qarori qabul qilingan sanada Kafolatlash jamgʻarmasida mavjud boʻlgan mablagʻlar umumiy summasining 40 foizidan.
Sanatsiya qilishda Kafolatlash jamgʻarmasi mablagʻlaridan foydalanish zarurligi toʻgʻrisidagi qaror Markaziy bank tomonidan qabul qilinib, unda quyidagilar belgilanadi:
sanatsiya qilishda Kafolatlash jamgʻarmasi mablagʻlaridan foydalanish zaruriyati;
Kafolatlash jamgʻarmasi mablagʻlaridan foydalanish miqdori, muddatlari va tartibi;
Markaziy bank tomonidan zarur deb topilgan boshqa masalalar.
Sanatsiya qilishda Kafolatlash jamgʻarmasi mablagʻlaridan foydalanish toʻgʻrisidagi qaror Markaziy bank soʻrovi asosida Omonatlarni kafolatlash agentligi tomonidan qabul qilinadi.
37-modda. Sanatsiya qilishda Davlat budjeti mablagʻlaridan foydalanish
Agar sanatsiya qilish toʻgʻrisidagi qarorda Davlat budjeti mablagʻlaridan foydalanish va (yoki) sanatsiya qilish jamgʻarmasining majburiyatlari yuzasidan kafolat taqdim etish nazarda tutilsa, Markaziy bank mazkur masalani Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishadi. Bunda Davlat budjetidan mablagʻlar ajratish va ajratilgan mablagʻlarni Davlat budjetiga qaytarish bilan bogʻliq masalalar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan belgilanadi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 6-yanvardagi “Davlat boji toʻgʻrisida”gi OʻRQ-600-son Qonunining 18-moddasi, 2023-yil 29-apreldagi “Davlat qarzi toʻgʻrisida”gi OʻRQ-836-son Qonunining 23-moddasi.
Sanatsiya qilishda Davlat budjeti mablagʻlaridan hisobdan chiqarish va (yoki) konvertatsiya qilish vositasi qoʻllanilganidan, shuningdek ushbu Qonunning 36-moddasiga muvofiq Kafolatlash jamgʻarmasi mablagʻlaridan foydalanilganidan keyin foydalaniladi. Bunda Davlat budjeti mablagʻlari sanatsiya qilish jamgʻarmasi orqali ajratiladi.
38-modda. Sanatsiya qilishda taqdim etilgan pul mablagʻlarining va qilingan xarajatlarning oʻrnini qoplash
Sanatsiya qilishda taqdim etilgan pul mablagʻlarining va qilingan xarajatlarning oʻrni quyidagi ketma-ketlikda qoplanadi:
ushbu Qonun 19-moddasining oʻninchi qismiga, 22-moddasining beshinchi qismiga va 25-moddasining birinchi qismiga muvofiq Markaziy bank tomonidan qilingan xarajatlar;
Davlat budjeti hisobidan, shuningdek ushbu Qonunda nazarda tutilgan boshqa manbalar hisobidan sanatsiya qilish jamgʻarmasiga taqdim etilgan mablagʻlar;
Kafolatlash jamgʻarmasi hisobidan taqdim etilgan mablagʻlar.
Sanatsiya qilishda qilingan boshqa xarajatlarning oʻrni ushbu Qonunning 64-moddasiga muvofiq qoplanadi.
Bankka nisbatan ushbu modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan xarajatlarning oʻrnini qoplash haqidagi daʼvo Markaziy bank tomonidan, ushbu modda birinchi qismining uchinchi va toʻrtinchi xatboshilarida nazarda tutilgan mablagʻlarni undirish toʻgʻrisidagi daʼvo esa Omonatlarni kafolatlash agentligi tomonidan taqdim etiladi.
39-modda. Sanatsiya qilish jamgʻarmasi
Sanatsiya qilishni moliyalashtirish maqsadida Markaziy bankning hamda Omonatlarni kafolatlash agentligining qoʻshma qarori asosida sanatsiya qilish jamgʻarmasi tashkil etiladi.
Sanatsiya qilish jamgʻarmasining mablagʻlaridan hisobdan chiqarish va (yoki) konvertatsiya qilish vositasi qoʻllanilganidan, shuningdek Kafolatlash jamgʻarmasi hisobidan mablagʻlar ajratilganidan keyin foydalaniladi.
Sanatsiya qilish jamgʻarmasi tomonidan amalga oshiriladigan moliyalashtirish quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
sanatsiya qilinayotgan bankka yoki oraliq bankka qarz berishni yoxud oraliq bank ustav kapitaliga mablagʻ kiritishni;
sanatsiya qilinayotgan bankning yoki oraliq bankning majburiyatlari boʻyicha kafolat taqdim etishni;
aktivlar va majburiyatlarni oʻtkazish (sotish) vositasini qoʻllash doirasida oluvchiga kafolat taqdim etishni;
ushbu Qonuning 42-moddasiga muvofiq kompensatsiya toʻlashni;
aktivlar va majburiyatlarni oʻtkazish (sotish) yoki oraliq bankni tashkil etish vositasini qoʻllash doirasida oluvchiga oʻtkazilayotgan aktivlar va majburiyatlar oʻrtasidagi farqni qoplashni.
Sanatsiya qilish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish manbalari quyidagilardan iborat:
Davlat budjetidan taqdim etiladigan mablagʻlar;
mahalliy, xalqaro yoki xorijiy donorlarning grantlari va xayriya badallari;
jalb qilingan qarzlar;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Ushbu Qonun 37-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan tartibga muvofiq vakolatli organ sanatsiya qilish jamgʻarmasi majburiyatlari boʻyicha kafolat taqdim etishi mumkin.
Markaziy bankka sanatsiya qilish jamgʻarmasini moliyalashtirish taqiqlanadi.
Sanatsiya qilish jamgʻarmasi mablagʻlaridan ushbu Qonun talablariga muvofiq foydalanilganidan keyin Omonatlarni kafolatlash agentligi Markaziy bank bilan kelishilgan holda, litsenziyaga ega boʻlgan barcha banklar uchun ushbu moddaga muvofiq sanatsiya qilish jamgʻarmasini moliyalashtirish maqsadida vaqtinchalik xususiyatga ega boʻlgan majburiy badallar belgilash vakolatiga ega.
Majburiy badallarning umumiy miqdori sanatsiya qilish jamgʻarmasi tomonidan jalb qilingan mablagʻlar (qarzlar) boʻyicha majburiyatlar doirasida belgilanishi va banklar oʻrtasida ularning depozit bazasiga mutanosib ravishda taqsimlanishi kerak.
Muayyan kalendar yil uchun banklar tomonidan toʻlanadigan majburiy badallar miqdori bankning “Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan depozit bazasining 0,5 foizidan oshmasligi kerak.
Sanatsiya qilish jamgʻarmasi Omonatlarni kafolatlash agentligi tomonidan uning asosiy faoliyatidan alohida tarzda boshqariladi. Sanatsiya qilishni tashkil etish maqsadida Markaziy bankda sanatsiya qilish jamgʻarmasi uchun alohida hisobvaraq ochiladi.
Markaziy bank sanatsiya qilish jamgʻarmasi mablagʻlaridan foydalanish toʻgʻrisida mustaqil ravishda qaror qabul qiladi.
Omonatlarni kafolatlash agentligi sanatsiya qilish jamgʻarmasining majburiyatlari boʻyicha javobgar boʻlmaydi. Sanatsiya qilish jamgʻarmasining mablagʻlariga band solinishi, undiruvning ushbu mablagʻlarga qaratilishi yoki ularning sanatsiya qilish bilan bogʻliq boʻlmagan majburiyatlar boʻyicha ushlab qolinishi mumkin emas.
Omonatlarni kafolatlash agentligi sanatsiya qilish jamgʻarmasining moliyaviy hisobotlarini Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga muvofiq oʻz buxgalteriya hisobidan alohida tarzda tayyorlaydi, shuningdek moliyaviy hisobotlarning mustaqil auditdan oʻtkazilishini taʼminlaydi.
Sanatsiya qilish jamgʻarmasini boshqarish tartibi Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
6-§. Sanatsiya qilish boʻyicha vakolatlar va ularni amalga oshirish
40-modda. Markaziy bankning sanatsiya qilish boʻyicha vakolatlari
Markaziy bank bankni sanatsiya qilish boʻyicha quyidagi vakolatlarni amalga oshiradi:
sanatsiya qilinayotgan bankni oʻz boshqaruviga olish;
sanatsiya qilish ustidan nazorat oʻrnatish;
sanatsiya qilinayotgan bankning aktivlari, huquqlari va majburiyatlarini dastlabki baholashdan oʻtkazish, shuningdek mustaqil baholovchini tayinlash;
sanatsiya qilinayotgan bankning kuzatuv kengashi, boshqaruvi aʼzolarini, muhim ahamiyatga ega xodimlarini, shuningdek maxsus boshqaruvchisini tayinlash va maxsus boshqaruvchiga beriladigan vakolatlarni belgilash;
sanatsiya qilinayotgan bank kuzatuv kengashi aʼzolarining vakolatlarini tugatish, uning boshqaruvi aʼzolari, muhim ahamiyatga ega xodimlari va (yoki) maxsus boshqaruvchisi bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish;
sanatsiya qilinayotgan bankka rahbarlik qilish, uni boshqarish, tarkibiy jihatdan oʻzgartirish, xususan, sanatsiya qilinayotgan bankning barcha yoki ayrim operatsiyalarini, tranzaksiyalarini, joriy va (yoki) rejalashtirilgan faoliyatini zarurat boʻlganda cheklash yoki toʻxtatib turish;
sanatsiya qilinayotgan bankning aktivlarini va mol-mulkini boshqarish, sanatsiya qilinayotgan bank uchun aktivlar sotib olish yoki uning aktivlarini sotish;
sanatsiya qilish vositalarini qoʻllash;
moliyaviy barqarorlikka taʼsirini inobatga olgan holda, sanatsiya qilinayotgan bank tarafi boʻlgan muayyan shartnoma boʻyicha toʻlovlarni amalga oshirishni yoki majburiyatlarni bajarishni toʻxtatib turish;
sanatsiya qilinayotgan bankning qarz vositalari va boshqa majburiyatlarini bekor qilish, ularni toʻlash muddatlarini oʻzgartirish va (yoki) mazkur qarz vositalari va majburiyatlar boʻyicha foizlar toʻlash shartlarini oʻzgartirish;
sanatsiya qilinayotgan bank taraf boʻlgan shartnomani ushbu Qonun talablariga muvofiq bekor qilish yoki uning shartlarini oʻzgartirish;
qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organidan qimmatli qogʻozlar bozorida savdo qilish imkoniyatining yoki kotirovkalash varagʻiga qimmatli qogʻozlar rasmiy ravishda kiritilishining bekor qilinishini yoki toʻxtatib turilishini talab qilish;
sanatsiya qilinayotgan bank va (yoki) banklar guruhi aʼzolarining zimmasiga xizmatlar koʻrsatish majburiyatini yuklatish yoxud oluvchiga yoki oraliq bankka uning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan vositalardan foydalanishga ruxsat berish;
sanatsiya qilish maqsadlariga erishish uchun zarur boʻlgan hollarda, sudga sanatsiya qilinayotgan bank taraf boʻlgan yoki ushbu bank tegishli vaqt davrida tarafga aylanadigan sud amaliyotini yoki muhokamasini toʻxtatib turish toʻgʻrisida iltimosnoma yuborish;
ushbu Qonun talablariga muvofiq bir turdagi kreditorlarga bir xil tarzda yondashish qoidalaridan chetga chiqish;
sanatsiya qilish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinguniga qadar sanatsiya qilinayotgan bank tomonidan bir yil ichida amalga oshirilgan faoliyat yoki tranzaksiyalar yuzasidan sudda nizolashish, shu jumladan, agar sanatsiya qilinayotgan bankka aloqador shaxslar amalga oshirilgan faoliyat yoki tranzaksiya natijasida afzallik yoki imtiyoz olgan boʻlsa, mazkur amalga oshirilgan faoliyatni yoki tranzaksiyani haqiqiy emas deb topishni talab qilish;
oʻzining harakati (harakatsizligi) bankning sanatsiya qilinishiga olib kelgan bank rahbarlaridan yoki boshqa xodimlaridan Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq zararlarning, mukofot pullarining yoki boshqa toʻlovlarning oʻrnini qoplashni talab qilish;
sanatsiya qilinayotgan bank mablagʻlari hisobidan ishonchli vakillarni, buxgalterlarni, auditorlarni, baholovchilarni, maslahatchilarni yoki boshqa mutaxassislarni sanatsiya qilish maqsadlariga erishish uchun jalb etish va ular bilan shartnomalar tuzish;
banklarni sanatsiya qilish va tugatish bilan bogʻliq normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish;
sanatsiya qilinayotgan bankda “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 50-moddasiga muvofiq tekshiruvlar oʻtkazish hamda undan maʼlumotlarni soʻrab olish;
sanatsiya qilish rejasini ishlab chiqish, yangilash va amalga oshirish uchun zarur boʻlgan barcha axborotni hamda maʼlumotlarni bankdan soʻrab olish, shuningdek banklarning axborot tizimlaridan va maʼlumotlar bazasidan foydalanish;
aksiyalarni chiqarish uchun banklardan ular qoʻshimcha ravishda joylashtirishga haqli boʻlgan aksiyalarni oʻz ustavida belgilashni talab qilish. Emitent ustavida emitent joylashtirgan aksiyalarga (eʼlon qilingan aksiyalarga) qoʻshimcha ravishda joylashtirish huquqiga ega boʻlgan aksiyalarning soni, nominal qiymati va turlari koʻrsatilishi mumkin;
hisobdan chiqarish va (yoki) konvertatsiya qilish vositalaridan samarali foydalanilishini taʼminlash maqsadida banklarning kapital monandligi normativlariga nisbatan qoʻshimcha talablar belgilash;
sanatsiya qilish maqsadlariga erishish, shuningdek sanatsiya qilish vositalaridan foydalanish uchun zarur boʻlgan boshqa choralarni amalga oshirish.
Markaziy bank ushbu modda birinchi qismining toʻrtinchi, yigirma ikkinchi, yigirma uchinchi va yigirma toʻrtinchi xatboshilarida nazarda tutilgan vakolatlardan sanatsiya qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilinguniga qadar ham foydalanishi mumkin.
41-modda. Majburiyatlarning bajarilishini toʻxtatib turish
Sanatsiya qilinayotgan bank tomonidan tuzilgan shartnomalar boʻyicha uning toʻlovlarga va oʻtkazmalarga doir (shu jumladan tuzilgan shartnomalarga muvofiq kreditlar ajratishga doir) muayyan majburiyatlarini Markaziy bank sanatsiya qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran olti haftadan koʻp boʻlmagan muddatga toʻxtatib turishga (bundan buyon matnda toʻxtatib turish deb yuritiladi) vakolatlidir.
Agar sanatsiya qilinayotgan bankning toʻlovlar va oʻtkazmalar boʻyicha majburiyatlari ushbu moddaning birinchi qismiga muvofiq toʻxtatib turilsa, sanatsiya qilinayotgan bank kontragentlarining toʻlovlar va oʻtkazmalar boʻyicha majburiyatlari xuddi shunday muddatga toʻxtatib turiladi. Bunda toʻxtatib turilgan muddat davomida toʻlanmagan qoldiq mablagʻlar uchun penya hisoblanmaydi.
Toʻxtatib turish Markaziy bank, toʻlov tizimlari va qimmatli qogʻozlar boʻyicha hisob-kitob tizimlari oldidagi toʻlovlar va oʻtkazmalar boʻyicha majburiyatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Agar toʻxtatib turish kafolatlangan omonatlar boʻyicha toʻlovlarga nisbatan ham tatbiq etilsa, toʻlovlarni toʻxtatib turish muddati bu haqda Markaziy bankning rasmiy veb-saytida va uning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida eʼlon qilingan kundan eʼtiboran keyingi kun soat 24:00 ga qadar amal qiladi.
Ushbu moddaning toʻrtinchi qismida koʻrsatilgan muddat Kengashning asoslantirilgan tavsiyasiga asosan berilgan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining dastlabki ijobiy xulosasiga binoan sanatsiya qilish toʻgʻrisida Markaziy bank tomonidan qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran olti haftagacha uzaytirilishi mumkin.
Kafolatlangan omonatlar boʻyicha toʻlovlarni toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qarorda mazkur omonatlarning tegishli kunlik qismi omonatchilar tomonidan olinishi mumkinligi nazarda tutilishi mumkin.
7-§. Kafolatlar va sanatsiya qilishni yakunlash
42-modda. Sanatsiya qilishda kreditorlarning holati yomonlashishiga yoʻl qoʻymaslik
Agar sanatsiya qilinayotgan bank aksiyadorlari va kreditorlarining sanatsiya qilish natijasida koʻrgan zararlari sanatsiya qilish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan kunda mazkur bank majburiy tugatilgan taqdirda ular koʻrishi mumkin boʻlgan zararlardan oshadigan boʻlsa, sanatsiya qilinayotgan bankning aksiyadorlari va kreditorlari ushbu Qonunning 43-moddasiga muvofiq oʻtkazilgan baholash natijalari boʻyicha kompensatsiya olish huquqiga ega boʻladi. Bunda kompensatsiya sanatsiya qilish natijasida koʻrilgan haqiqiy zararlar summasi va bank majburiy tugatilgan taqdirda ular koʻrishi mumkin boʻlgan zararlar summasi oʻrtasidagi farqqa teng boʻladi.
Kompensatsiya xarajatlarining oʻrni koʻrsatilgan ketma-ketlikda quyidagilar hisobidan qoplanadi:
ushbu Qonunning 36-moddasiga muvofiq Kafolatlash jamgʻarmasi;
Davlat budjetidan va ushbu Qonunda belgilangan boshqa manbalardan mablagʻlar jalb etish orqali sanatsiya qilish jamgʻarmasi.
Kompensatsiyani toʻlash maqsadida Markaziy bank ushbu Qonunning 43-moddasiga muvofiq oʻtkazilgan baholash toʻgʻrisidagi hisobotni olganidan keyin Omonatlarni kafolatlash agentligiga va (yoki) Iqtisodiyot va moliya vazirligiga quyidagi maʼlumotlarni taqdim etadi:
kompensatsiya toʻlash zaruriyatini yuzaga keltirgan shart-sharoitlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
kompensatsiya toʻlanishi zarur boʻlgan aksiyadorlar va kreditorlarning roʻyxatini, ushbu kompensatsiyaning tegishli miqdorlari koʻrsatilgan holda;
ushbu Qonunning 43-moddasiga nazarda tutilgan baholash toʻgʻrisidagi hisobotni.
Markaziy bank oʻz rasmiy veb-saytida va ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida kompensatsiya toʻlanishi kerak boʻlgan aksiyador va kreditorlarni xabardor qilishga qaratilgan xabarnomani eʼlon qiladi.
43-modda. Aksiyadorlar va kreditorlarning zararlarini baholash
Sanatsiya qilish tartib-taomillari amalga oshirilganidan keyin sanatsiya qilinayotgan bank aksiyadorlari va kreditorlarining sanatsiya qilish natijasida koʻrgan zararlari sanatsiya qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kunda mazkur bank majburiy tugatilgan taqdirda ular koʻrishi mumkin boʻlgan zararlardan oshganligini yoki oshmaganligini aniqlash uchun Markaziy bank qisqa muddat ichida baholash oʻtkazilishini taʼminlaydi.
Baholashni oʻtkazish uchun Markaziy bank tomonidan ushbu Qonunning 18-moddasiga muvofiq baholashni oʻtkazgan baholovchi yoki Markaziy bank tomonidan belgilangan talablarga javob beradigan boshqa baholovchi tayinlanishi mumkin.
Baholashni oʻtkazgan baholovchi Markaziy bankka quyidagilarni oʻz ichiga olgan baholash toʻgʻrisidagi xulosani taqdim etadi:
agar bankni sanatsiya qilish boshlangan kunda mazkur bankni majburiy tugatish jarayoni tashabbus qilingan boʻlsa, sanatsiya qilinayotgan bank aksiyadorlari va kreditorlari koʻrishi mumkin boʻlgan zararlarning miqdorini;
sanatsiya qilinayotgan bankning aksiyadorlari va kreditorlari koʻrgan haqiqiy zararlarning miqdorini;
ushbu qismning ikkinchi va uchinchi xatboshilarida koʻrsatilgan zararlar oʻrtasidagi farqni.
Baholash quyidagi shartlarga asoslanadi:
bankni majburiy tugatish jarayoni mazkur bankni sanatsiya qilishni boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran boshlangan deb hisoblanishi;
hech qanday sanatsiya qilish vositalari yoki vakolatlari qoʻllanilmaganligi;
davlat tomonidan bankka moliyaviy yordam koʻrsatilmaganligi.
Ushbu Qonunning 42-moddasiga muvofiq kompensatsiyalar toʻlash tartibi, shuningdek zararlarni baholashni oʻtkazish qoidalari, baholovchiga qoʻyiladigan talablar hamda baholovchilarni tanlab olish shartlari va tartibi Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 18-fevraldagi “Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari toʻgʻrisida”gi OʻRQ-1031-son Qonunining 29-moddasi.
44-modda. Taʼminlangan majburiyatlarni himoya qilish
Bajarilishi Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 259-moddasida nazarda tutilgan usullarda taʼminlanadigan majburiyatlar taʼminlangan majburiyatlardir.
Taʼminlangan majburiyatlarga nisbatan Markaziy bank quyidagi harakatlarni amalga oshirishi mumkin emas:
majburiyatning taʼminoti boʻlgan aktivlarni ushbu majburiyatlardan ajratgan holda uchinchi shaxsga oʻtkazishni, bundan mazkur aktivlar va majburiyatlarni birgalikda oʻtkazish hollari mustasno;
agar taʼminot ham oʻtkazilmasa, taʼminlangan majburiyatni oʻtkazishni;
agar taʼminlangan majburiyat ham oʻtkazilmasa, taʼminotni oʻtkazishni;
agar garov toʻgʻrisidagi shartnomaga kiritiladigan oʻzgartirishlar yoki uning bekor qilinishi majburiyatlar taʼminlanganligining qisman yoki toʻliq bekor boʻlishiga olib kelsa, garov toʻgʻrisidagi shartnomaga oʻzgartirishlar kiritishni yoki uni bekor qilishni.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan qoidalardan qatʼi nazar, Markaziy bank quyidagi huquqlarga ega:
ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan shartnomalar va kelishuvlarning bir qismi boʻlgan kafolatlangan omonatlarni ushbu shartnomalar va kelishuvlarning bir qismi boʻlgan boshqa aktivlar, huquqlar va majburiyatlardan ajratgan holda oʻtkazish;
ushbu qismning ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan aktivlar, huquqlar va majburiyatlarni kafolatlangan omonatlardan mustaqil ravishda oʻtkazish, oʻzgartirish yoki bekor qilish.
45-modda. Sanatsiya qilishda toʻlov va hisob-kitob tizimlarini himoya qilish
Bankni sanatsiya qilish tartib-taomillarini amalga oshirish toʻlov tizimlarida va qimmatli qogʻozlar boʻyicha hisob-kitob tizimlarida hisob-kitoblarning yakuniga yetkazilishiga toʻsqinlik qilmasligi kerak.
46-modda. Sanatsiya qilishni yakunlash
Markaziy bank boshqaruvi bankni sanatsiya qilishni yakunlash toʻgʻrisida quyidagi hollardan birida qaror qabul qiladi:
sanatsiya qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilish uchun asos boʻlib xizmat qilgan hol yakunlanganda;
bankni sanatsiya qilishga doir barcha zarur tartib-taomillar amalga oshirilganda va yakunlanganda.
3-bob. Bankni tugatish
1-§. Bankni tugatishga oid qoidalar
47-modda. Bankni tugatishga oid umumiy qoidalar
Bank faoliyatini tugatish va bankni tugatish ixtiyoriy tugatish yoki majburiy tugatish shaklida amalga oshirilishi mumkin.
Bankni ixtiyoriy tugatish Markaziy bankning ixtiyoriy tugatishga doir roziligiga asosan amalga oshiriladi.
Bankni majburiy tugatish Markaziy bank boshqaruvining litsenziyani chaqirib olish va bankni majburiy tugatish toʻgʻrisidagi qarori (bundan buyon matnda bankni majburiy tugatish toʻgʻrisidagi qaror deb yuritiladi) asosida amalga oshiriladi.
Agar ixtiyoriy tugatish jarayonida bankning toʻlovga qobiliyatsiz ekanligi aniqlansa, tugatuvchi (tugatish komissiyasi yoki jismoniy shaxs) zudlik bilan Markaziy bankni bu haqda xabardor qilishi hamda bankning moliyaviy holatini tasdiqlovchi tegishli hisobotni va hujjatlarni taqdim etishi kerak.
Markaziy bank ushbu moddaning toʻrtinchi qismida koʻrsatilgan hujjatlarni koʻrib chiqadi hamda ushbu Qonun 20-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlarida koʻrsatilgan asoslardan birortasi mavjud boʻlgan taqdirda, bankni majburiy tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Banklarning davlat reyestriga bank tugatilganligi toʻgʻrisidagi yozuv kiritilgan kundan eʼtiboran bankni tugatish tamomlangan, bank esa tugatilgan deb hisoblanadi.
Bankning faoliyatini tugatish va bankni ixtiyoriy yoki majburiy shaklda tugatish tartibi Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 5-noyabrdagi “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi OʻRQ-580-son Qonuni.
48-modda. Bankni tugatish jarayonida ishtirok etuvchi shaxslar
Bank ixtiyoriy tugatilayotganda tugatuvchi aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi tomonidan tayinlanadi. Agar tugatuvchi tayinlanmagan boʻlsa, u Markaziy bank boshqaruvining qarori bilan tayinlanadi.
Bank majburiy tugatilayotganda tugatuvchi Markaziy bank tomonidan tayinlanadi. Markaziy bank tugatish komissiyasi tarkibiga Markaziy bank xodimlarini kiritishga haqli. Tugatuvchi majburiy tugatilayotgan bankning yagona vakilidir.
Tugatuvchi (agar tugatish komissiyasi tayinlansa, uning rahbari va aʼzolari) “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 36-moddasining talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
Markaziy bank bank ixtiyoriy tugatilayotganda Markaziy bankka taqdim etilgan hujjatlar va (yoki) maʼlumotlar auditorlik tashkiloti tomonidan tasdiqlanishini bankdan talab qilishga haqli. Bunda auditorlik tashkiloti “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 75-moddasida belgilangan talablarga muvofiq boʻlishi kerak.
2-§. Bankni ixtiyoriy tugatish
49-modda. Markaziy bankning bankni ixtiyoriy tugatishga doir roziligini olish
Agar bank toʻlovga qobiliyatsiz boʻlmasa yoki uning toʻlovga qobiliyatsizligi yuzaga kelishi ehtimoli yuqori boʻlmasa, u ixtiyoriy tugatilishi mumkin.
Markaziy bankning bankni ixtiyoriy tugatishga doir roziligini olish quyidagi ikki bosqichda amalga oshiriladi:
bankni ixtiyoriy tugatishga doir dastlabki ruxsatnomani (bundan buyon matnda dastlabki ruxsatnoma deb yuritiladi) olish;
bankni ixtiyoriy tugatishga doir yakuniy ruxsatnomani (bundan buyon matnda yakuniy ruxsatnoma deb yuritiladi) olish.
Bank aksiyadorlari umumiy yigʻilishining dastlabki ruxsatnomani olish toʻgʻrisidagi qarorini dastlabki ruxsatnomani olmasdan turib hamda bankni ixtiyoriy tugatish toʻgʻrisidagi qarorini yakuniy ruxsatnomani olmasdan turib uchinchi shaxslarga oshkor etish taqiqlanadi.
50-modda. Dastlabki ruxsatnomani berish
Dastlabki ruxsatnomani olish uchun bank aksiyadorlarining umumiy yigʻilishida ishtirok etayotgan ovoz beruvchi aksiyalar egalari boʻlgan aksiyadorlar ovozlarining toʻrtdan uch qismidan iborat koʻpchilik ovozi bilan dastlabki ruxsatnomani olish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran besh ish kuni ichida bank tomonidan dastlabki ruxsatnomani olish uchun Markaziy bankka quyidagilar ilova qilingan holda ariza taqdim etiladi:
dastlabki ruxsatnomani olish toʻgʻrisidagi qaror;
bank aksiyadorlarining umumiy yigʻilishi tomonidan tasdiqlangan ixtiyoriy tugatish rejasi;
bankning dastlabki ruxsatnomani olish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan sanadagi balans hisoboti.
Bankni ixtiyoriy tugatish rejasi quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak:
auditorlik tashkiloti tomonidan tasdiqlangan, bank aktivlari va majburiyatlarining tugatilish qiymati haqidagi maʼlumotlarni;
bankning kreditorlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
joriy va ehtimoliy sud jarayonlari haqidagi, shuningdek sud xarajatlari va sud qarorlarini ijro etish bilan bogʻliq xarajatlar haqidagi maʼlumotlarni;
operatsion xarajatlar, aktivlarni sotishdan koʻriladigan ehtimoliy zararlar, bank taraflaridan biri boʻlgan shartnomalarni muddatidan ilgari bekor qilish chogʻida yuzaga keladigan zararlar, shuningdek prognoz qilinayotgan har qanday boshqa xarajatlar haqidagi maʼlumotlarni;
bankni ixtiyoriy tugatishni amalga oshirish muddatini;
bankni ixtiyoriy tugatish jarayoni bosqichlarining, shu jumladan har bir bosqich davomiyligining, har bir bosqichda amalga oshiriladigan harakatlarning tavsifini;
bankni ixtiyoriy tugatish jarayonining har bir bosqichi uchun istiqbolli balansni, shuningdek uni tuzishda foydalanilgan farazlar va ehtimolliklar tavsifini.
Agar ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan, bank tomonidan taqdim etilgan hujjatlar va maʼlumotlar dastlabki ruxsatnomani berish toʻgʻrisida qaror qabul qilish uchun yetarli boʻlmasa, Markaziy bank bankdan qoʻshimcha hujjatlar va maʼlumotlarni soʻrab olishga haqli.
Markaziy bank dastlabki ruxsatnomani berish toʻgʻrisidagi yoki dastlabki ruxsatnoma berishni asoslantirilgan holda rad etish haqidagi qarorni dastlabki ruxsatnomani olish uchun zarur boʻlgan barcha hujjatlar taqdim etilgan kundan eʼtiboran ikki oy ichida qabul qiladi.
Dastlabki ruxsatnoma berilganidan keyin bank “Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 25-moddasida nazarda tutilgan kafolatlash obyektlarining (bundan buyon matnda kafolatlash obyektlari deb yuritiladi) toʻliq qaytarilishi va (yoki) boshqa bankka oʻtkazilishi boʻyicha choralar koʻradi.
51-modda. Dastlabki ruxsatnomani berishni rad etish
Dastlabki ruxsatnomani berishni rad etish uchun quyidagilar asos boʻladi:
ushbu Qonun 50-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlarida koʻrsatilgan hujjatlar va maʼlumotlarning toʻliq taqdim etilmaganligi yoki qonunchilik talablariga muvofiq emasligi;
bank kreditorlarning talablarini asosli kechiktirishsiz qanoatlantirishga qodir emasligi;
ixtiyoriy tugatish rejasining ushbu Qonun 50-moddasining uchinchi qismida koʻrsatilgan talablarga muvofiq emasligi;
bankning toʻlovga qobiliyatsizligi yoki toʻlovga qobiliyatsizligining yuzaga kelishi ehtimoli yuqoriligi.
Dastlabki ruxsatnomani berish ushbu modda birinchi qismining ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi xatboshilarida koʻrsatilgan asoslarga koʻra rad etilgan taqdirda, dastlabki ruxsatnomani berishni rad etish toʻgʻrisidagi xabarnoma rad etish asoslari hamda bank rad etish asoslarini bartaraf etib, hujjatlarni takroran koʻrib chiqish uchun taqdim etishi mumkin boʻlgan muddat koʻrsatilgan holda yuboriladi. Mazkur muddat rad etish asoslarini bartaraf etish uchun zarur boʻlgan vaqtga mutanosib boʻlishi, ammo oʻn ish kunidan kam boʻlmasligi kerak.
Dastlabki ruxsatnomani berishni rad etish asoslari bank tomonidan bartaraf etilgan taqdirda, arizani qayta koʻrib chiqish dastlabki ruxsatnomani olish uchun zarur boʻlgan barcha hujjatlar taqdim etilgan kundan eʼtiboran oʻttiz ish kunidan oshmagan muddatda amalga oshiriladi. Dastlabki ruxsatnomani olish toʻgʻrisidagi arizani qayta koʻrib chiqish chogʻida dastlabki ruxsatnomani berishni rad etish haqidagi xabarnomada ilgari koʻrsatilmagan yangi asoslar boʻyicha rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Dastlabki ruxsatnomani berish bankning toʻlovga qobiliyatsizligiga yoki toʻlovga qobiliyatsizligi yuzaga kelishi ehtimolining yuqoriligiga doir asoslarga koʻra Markaziy bank tomonidan rad etilgan taqdirda, Markaziy bank bankni majburiy tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
52-modda. Yakuniy ruxsatnomani berish
Yakuniy ruxsatnomani olish uchun bank aksiyadorlarining umumiy yigʻilishida ishtirok etayotgan ovoz beruvchi aksiyalar egalari boʻlgan aksiyadorlar ovozlarining toʻrtdan uch qismidan iborat koʻpchilik ovozi bilan bankni ixtiyoriy tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida bank tomonidan yakuniy ruxsatnomani olish uchun Markaziy bankka quyidagilar ilova qilingan holda ariza taqdim etiladi:
bankni ixtiyoriy tugatish toʻgʻrisidagi qaror;
kafolatlash obyektlari toʻliq qaytarilganligini va (yoki) boshqa bankka oʻtkazilganligini tasdiqlovchi hujjatlar;
kafolatlash obyektlari toʻliq qaytarilganidan va (yoki) boshqa bankka oʻtkazilganidan keyin bankning zimmasida qolgan majburiyatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
bankning ixtiyoriy tugatish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan sanadagi balans hisoboti;
tugatuvchi toʻgʻrisidagi axborot, shu jumladan tugatuvchining belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlar.
Agar ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan, bank tomonidan taqdim etilgan hujjatlar va maʼlumotlar yakuniy ruxsatnomani berish toʻgʻrisida qaror qabul qilish uchun yetarli boʻlmasa, Markaziy bank bankdan qoʻshimcha hujjatlar va maʼlumotlarni soʻrab olishga haqli.
Markaziy bank yakuniy ruxsatnomani berish toʻgʻrisidagi yoki yakuniy ruxsatnomani berishni asoslantirilgan holda rad etish haqidagi qarorni yakuniy ruxsatnomani olish uchun zarur boʻlgan barcha hujjatlar taqdim etilgan kundan eʼtiboran yigirma ish kuni ichida qabul qiladi.
Aksiyadorlar umumiy yigʻilishining bankni ixtiyoriy tugatish toʻgʻrisidagi qarori yakuniy ruxsatnoma berilganidan keyin kuchga kiradi.
53-modda. Yakuniy ruxsatnomani berishni rad etish
Yakuniy ruxsatnomani berishni rad etish uchun quyidagilar asos boʻladi:
ushbu Qonun 52-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlarida koʻrsatilgan hujjatlar va maʼlumotlarning toʻliq taqdim etilmaganligi yoki qonunchilik talablariga muvofiq emasligi;
kafolatlash obyektlarining toʻliq hajmda qaytarilmaganligi va (yoki) boshqa bankka oʻtkazilmaganligi;
tugatuvchining belgilangan talablarga muvofiq emasligi;
bankning toʻlovga qobiliyatsizligi yoki toʻlovga qobiliyatsizligining yuzaga kelishi ehtimoli yuqoriligi.
Yakuniy ruxsatnomani berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch ish kunidan kechiktirmay bankka rad etish uchun asoslar koʻrsatilgan holda xabarnoma yuboriladi.
Yakuniy ruxsatnomani berish ushbu modda birinchi qismining ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi xatboshilarida koʻrsatilgan asoslarga koʻra rad etilgan taqdirda, yakuniy ruxsatnoma berishni rad etish toʻgʻrisidagi xabarnoma rad etish asoslari hamda bank rad etish asoslarini bartaraf etib, hujjatlarni takroran koʻrib chiqish uchun taqdim etishi mumkin boʻlgan muddat koʻrsatilgan holda yuboriladi. Mazkur muddat rad etish asoslarini bartaraf etish uchun zarur boʻlgan vaqtga mutanosib boʻlishi, ammo oʻn ish kunidan kam boʻlmasligi kerak.
Yakuniy ruxsatnomani berishni rad etish asoslari bank tomonidan bartaraf etilgan taqdirda, arizani qayta koʻrib chiqish yakuniy ruxsatnomani olish uchun zarur boʻlgan barcha hujjatlar taqdim etilgan kundan eʼtiboran oʻn ish kunidan oshmagan muddatda amalga oshiriladi. Yakuniy ruxsatnomani berish toʻgʻrisidagi arizani qayta koʻrib chiqish chogʻida yakuniy ruxsatnomani berishni rad etish haqidagi xabarnomada ilgari koʻrsatilmagan yangi asoslar boʻyicha rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Yakuniy ruxsatnomani berish bankning toʻlovga qobiliyatsizligiga yoki bankning toʻlovga qobiliyatsizligi yuzaga kelishi ehtimolining yuqoriligiga doir asoslarga koʻra Markaziy bank tomonidan rad etilgan taqdirda, Markaziy bank bankni majburiy tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Markaziy bank tomonidan yakuniy ruxsatnomani berish toʻgʻrisidagi qaror bilan bir vaqtda bankning litsenziyasini chaqirib olish haqida qaror qabul qilinadi.
Yakuniy ruxsatnomani berish va bankning litsenziyasini chaqirib olish toʻgʻrisidagi qaror oʻsha kunning oʻzida Markaziy bankning rasmiy veb-saytida va uning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida eʼlon qilinadi.
54-modda. Bankni ixtiyoriy tugatishda tugatuvchining vakolatlari va vazifalari
Ixtiyoriy tugatilayotgan bank kuzatuv kengashining va boshqaruvining vakolatlari yakuniy ruxsatnoma berilgan paytdan eʼtiboran tugatuvchiga oʻtadi.
Tugatuvchining bankni ixtiyoriy tugatish chogʻidagi vazifalari quyidagilardan iborat:
ommaviy axborot vositalarida va bankning rasmiy veb-saytida bankni ixtiyoriy tugatish jarayoni boshlanganligi, shuningdek kreditorlar tomonidan talablarni taqdim etish muddatlari toʻgʻrisida eʼlon qilish;
bankning oraliq tugatish balansini tuzish;
kreditorlar bilan hisob-kitobni amalga oshirish;
bank aktivlarini sotish boʻyicha choralar koʻrish;
bankning yakuniy tugatish balansini tuzish;
Markaziy bankka hisobot va maʼlumotlarni taqdim etish.
Tugatuvchi tomonidan Markaziy bankka taqdim etiladigan hisobot va maʼlumotlar quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
tugatish jarayoni toʻgʻrisidagi, shu jumladan kreditorlarning qanoatlantirilgan talablari, sotilgan va sotilayotgan aktivlar haqidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan batafsil hisobotni;
bankni tugatish rejasini amalga oshirishga yoki bankni tugatishga toʻsqinlik qilishi mumkin boʻlgan har qanday holatlar toʻgʻrisidagi axborotni;
Markaziy bankning soʻroviga koʻra uning tugatish jarayoni ustidan nazoratni amalga oshirishi uchun zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlarni.
Tugatuvchining zimmasiga qonunchilikka muvofiq boshqa vazifalar ham yuklatilishi mumkin.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 5-noyabrdagi “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi OʻRQ-580-son Qonuni.
55-modda. Ixtiyoriy tugatishda Markaziy bank bilan kelishilishi lozim boʻlgan qarorlar
Ixtiyoriy tugatilayotgan bankning tugatuvchini almashtirishni, tugatish rejasiga oʻzgartirishlar kiritishni nazarda tutuvchi qarorlari Markaziy bank bilan kelishilishi kerak.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan qarorlarga tegishincha tugatuvchi va uning belgilangan talablarga muvofiqligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, tugatish rejasiga kiritilayotgan oʻzgartirishlar matni va mazkur oʻzgartirishlarni kiritish asoslari ilova qilinadi.
Markaziy bank ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan qarorlarni ular taqdim etilgan kundan eʼtiboran bir oy ichida kelishadi yoki kelishishni rad etadi.
3-§. Bankni majburiy tugatish
56-modda. Bankni majburiy tugatish toʻgʻrisidagi qaror
Agar bank tizimli ahamiyatga molik deb eʼtirof etilmagan boʻlsa, u “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 77-moddasida nazarda tutilgan hollarda majburiy tugatilishi mumkin.
Bankni majburiy tugatish suddan tashqari tartibda va (yoki) ushbu Qonunning 62-moddasiga muvofiq sud tartibida amalga oshirilishi mumkin.
Bankni majburiy tugatish toʻgʻrisidagi qarorda mazkur qarorning kuchga kirish sanasi hamda aniq vaqti koʻrsatilgan boʻlishi kerak. Bankni majburiy tugatish toʻgʻrisidagi qaror mazkur qaror kuchga kirgan kunda majburiy tugatiladigan bank rahbariyatiga imzo qoʻydirib topshiriladi.
Bankni majburiy tugatish toʻgʻrisidagi qaror kuchga kirgan kunda Markaziy bank bu haqda Omonatlarni kafolatlash agentligini, Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysini, tugatilayotgan bank ishtirokchisi boʻlgan toʻlov tizimlarini, tugatilayotgan bank vakillik hisobvaraqlariga ega boʻlgan chet el banklarini xabardor qiladi.
Bankni majburiy tugatish toʻgʻrisidagi qaror kuchga kirgandan eʼtiboran bank ishtirokchi boʻlgan toʻlov tizimlari pul mablagʻlarining toʻlov tizimlariga oʻtkazilishiga, Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi esa qimmatli qogʻozlarga doir bitimlar roʻyxatdan oʻtkazilishiga yoʻl qoʻymaslik uchun barcha choralarni koʻrishi kerak.
Bankni majburiy tugatish toʻgʻrisidagi qaror tugatilayotgan bankning aksiyadorlarini va manfaatdor taraflarni xabardor qilish maqsadida qaror kuchga kirgan kunning oʻzida Markaziy bankning rasmiy veb-saytida, qaror kuchga kirgan kundan eʼtiboran uch kun ichida ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
57-modda. Bankni majburiy tugatish chogʻidagi ustuvor vazifalar
Kafolatlangan omonatlar boʻyicha kompensatsiyalarning Omonatlarni kafolatlash agentligi tomonidan toʻlanishi va kreditorlarning talablari ushbu Qonunning 65-moddasida belgilangan tartibda qisqa muddatlarda qanoatlantirilishi bankni majburiy tugatish chogʻidagi ustuvor vazifalardir.
58-modda. Bankni majburiy tugatish jarayonida foydalaniladigan vositalar
Bankni majburiy tugatish jarayonida majburiy tugatilayotgan bankning aktivlari hamda majburiyatlarini boshqa bankka oʻtkazish va (yoki) bankning aktivlarini sotish vositalaridan foydalaniladi.
Bankni majburiy tugatish jarayonida foydalaniladigan vositalar quyidagilarni taʼminlashi kerak:
bank aktivlari shaffof tasarruf etilishini;
bank aktivlari kreditorlar talablarining yuqori darajada qanoatlantirilishini taʼminlovchi narxda oʻtkazilishini (sotilishini).
Ushbu Qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, majburiy tugatish vositalaridan foydalanishda aksiyadorlarning, omonatchilar va kreditorlarning, shuningdek boshqa manfaatdor shaxslarning (tugatilayotgan bankka garov taʼminotini va kafolatlar taqdim etgan shaxslarning) roziligi talab etilmaydi. Bankning majburiyatlari boshqa bankka oʻtkazilgan taqdirda, tugatuvchi bu haqda kreditorlarni bankning majburiyatlari oʻtkazilgan kundan eʼtiboran oʻn ish kuni ichida xabardor qilishi shart.
59-modda. Bankni majburiy tugatishni boshlash oqibatlari
Bankni majburiy tugatish toʻgʻrisidagi qaror kuchga kirgan kundan eʼtiboran:
bankning barcha pul majburiyatlarini, shuningdek soliqlar va yigʻimlar boʻyicha kechiktirilgan majburiyatlarini bajarish muddati boshlangan deb hisoblanadi;
bankning barcha turdagi majburiyatlari boʻyicha foizlar va neustoykalar hisoblanishi toʻxtatiladi;
mol-mulk soligʻi, yer soligʻi, shuningdek soliqlar va yigʻimlar boʻyicha avval hisoblangan hamda undirilmagan majburiyatlar yuzasidan penyalar va jarimalarning hisoblanishi toʻxtatib turiladi;
bank mol-mulkini sotishdan tushumlarning kreditorlar talablarini qanoatlantirishga yoʻnaltirilgan qismi qoʻshilgan qiymat soligʻidan va daromad soligʻidan ozod etiladi;
bank aktivlariga nisbatan uchinchi shaxslar tomonidan har qanday harakatlarni amalga oshirish, shu jumladan talablarni qanoatlantirish boʻyicha sudning hal qiluv qarori va ijro ishini yuritish boʻyicha undiruvni amalga oshirish toʻxtatib turiladi, bankning mol-mulki xatlashdan ozod etiladi va bankka nisbatan boshqa cheklovlar olib tashlanadi;
mijozlarning bank hisobvaraqlari boʻyicha kirim va chiqim operatsiyalari toʻxtatib turiladi;
bankning boshqa banklardagi hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalari toʻxtatib turiladi;
agar talab oʻtkazilsa yoki undan boshqa shaxs foydasiga voz kechilsa, oluvchi yoki sertifikat boʻyicha talab qilib olish huquqini olayotgan taraf (sessionariy) mazkur talab boʻyicha dastlabki ustuvorlikni saqlab qoladi;
bank tomonidan berilgan ishonchnomalar bekor qilingan deb hisoblanadi, bundan sudda ish yuritish uchun berilgan ishonchnomalar mustasno;
ijro hujjatlarini ijro etish tugatiladi. Pul majburiyatlari, soliqlar va yigʻimlar boʻyicha barcha talablar, boshqa mulkiy talablar faqat majburiy tugatish doirasida bankka taqdim etilishi mumkin, bundan mulk huquqini eʼtirof etish toʻgʻrisidagi, maʼnaviy ziyonni kompensatsiya qilish haqidagi, mol-mulkni boshqa shaxsning qonunga xilof egaligidan talab qilib olish toʻgʻrisidagi, asossiz orttirilgan boylikni qaytarish haqidagi, bitimlarni haqiqiy emas deb topish va ularning haqiqiy emasligi oqibatlarini qoʻllash toʻgʻrisidagi talablar, shuningdek joriy toʻlovlar boʻyicha talablar mustasno.
Ushbu modda birinchi qismining oltinchi xatboshisiga muvofiq toʻxtatib turilgan jarayonlar, agar jarayonning predmeti boʻlgan talab oraliq tugatish balansiga kiritilgan boʻlsa va mazkur talabga nisbatan eʼtirozlar boʻlmasa, Markaziy bank tomonidan oraliq tugatish balansi tasdiqlanganidan keyin tugatiladi.
Bankni majburiy tugatish toʻgʻrisidagi qaror kuchga kirguniga qadar toʻlov tizimlariga kiritilgan toʻlov topshiriqnomalarining va qimmatli qogʻozlar boʻyicha hisob-kitob tizimlariga uzatilgan qimmatli qogʻozlarni oʻtkazish boʻyicha topshiriqnomalarning ijro etilishiga toʻsqinlik qilinmaydi.
60-modda. Bankni majburiy tugatishda tugatuvchining huquqlari
Bankni majburiy tugatishda tugatuvchi tayinlangan paytdan eʼtiboran bank ishlarini boshqarish boʻyicha vakolatlar, shu jumladan bank aksiyadorlari umumiy yigʻilishining, kuzatuv kengashining va boshqaruvining vakolatlari unga oʻtadi.
Bankni majburiy tugatishda tugatuvchi quyidagi huquqlarga ega boʻladi:
bank nomidan shartnomalar tuzish yoki bank tomonidan tuzilgan har qanday shartnomalarni, shu jumladan mehnat shartnomalarini, koʻchar va koʻchmas mulkni ijaraga berish shartnomalarini, shuningdek boshqa xoʻjalik shartnomalarini qonunchilikka muvofiq bekor qilish;
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 788, 845-moddalari, 2019-yil 5-noyabrdagi “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi OʻRQ-580-son Qonunining 44-moddasi.
bank nomidan operatsiyalarni amalga oshirish, bunda qiymati bankning oraliq tugatish balansidagi sof aktivlarining oʻn besh foizidan koʻprogʻini tashkil etuvchi aktivlarni sotishda yoki boshqacha tartibda oʻtkazishda (hisobdan chiqarishda) va (yoki) mazkur miqdordagi, ammo bankka nisbatan shubhali asosga ega boʻlgan talablarni kamaytirishda yoki bekor qilishda Markaziy bank bilan dastlabki kelishish talab etiladi;
kreditorlarning bankka taqdim etilgan talablariga qarshi eʼtirozlarni shakllantirish;
bankning majburiyatlarini yangilash;
bankning mol-mulkini sotish;
bank nomidan talablar qoʻyish, kreditorlar talablarining qonuniyligini aniqlash, asosli ekanligiga shubha boʻlgan talablarning (daʼvolarning) qanoatlantirilishini rad etish;
bankning mol-mulkini baholash uchun baholovchi tashkilotni yoki boshqa mutaxassislarni jalb etish;
bankni tugatishni amalga oshirish uchun shartnoma asosida xodimlarni (mutaxassislarni), shu jumladan bank xodimlarini yollash, bundan bank kreditorlari mustasno;
ushbu Qonunning 66-moddasida nazarda tutilgan tartibda kreditorlarning talablarini oʻzaro hisobga olish yoʻli bilan qanoatlantirish;
sud muhokamalarida, boshqa davlat organlarida va tashkilotlarda bankning manfaatlarini ifodalash;
bankni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash uchun sudga murojaat qilish.
Tugatuvchi qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 5-noyabrdagi “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi OʻRQ-580-son Qonuni.
61-modda. Bankni majburiy tugatishda tugatuvchining vazifalari
“Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq Omonatlarni kafolatlash agentligi tomonidan kafolatlangan omonatlar boʻyicha kompensatsiyalarni toʻlash yuzasidan qonunchilikda nazarda tutilgan choralarni koʻrish tugatuvchining bankni majburiy tugatish jarayonidagi ustuvor vazifasi deb hisoblanadi.
Tugatuvchi bankni majburiy tugatish toʻgʻrisidagi qaror kuchga kirgan kundan eʼtiboran uch kun ichida ommaviy axborot vositalarida va bankning rasmiy veb-saytida quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan axborotni eʼlon qiladi:
bankni majburiy tugatish boshlanganligi toʻgʻrisidagi;
tugatilayotgan bankning firma nomi va rekvizitlari haqidagi;
bankning tugatuvchisi toʻgʻrisidagi;
kreditorlar tomonidan talablar taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi, shu jumladan kafolatlash obyektlari egalari boʻlgan kreditorlarni (omonatchilarni) Omonatlarni kafolatlash agentligiga kompensatsiyalar toʻlanishi uchun tugatuvchi tomonidan taqdim etilgan reyestrdagi maʼlumotlar bilan tanishtirish haqidagi;
zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlarni.
Kreditorlar tomonidan talablarni taqdim etish muddati bankni majburiy tugatish toʻgʻrisida eʼlon qilingan paytdan eʼtiboran ikki oydan kam boʻlmasligi kerak. Bunda kreditorlarning barcha talablari faqat tugatuvchiga taqdim etilishi mumkin.
Tugatuvchi ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan axborot eʼlon qilingan kundan eʼtiboran ikki oy ichida:
barcha kreditorlarga ularning bankka nisbatan talablarining turi va miqdori toʻgʻrisida xabarnoma yuborishi;
bank seyflarida saqlashga topshirilgan qimmatliklarni oʻz egalariga qaytarish uchun zarur choralar koʻrishi;
bank aktivlarini aniqlashi, ularni talab qilib olish va mazkur aktivlarni baholash boʻyicha choralar koʻrishi kerak.
Tugatuvchi ushbu moddaning birinchi, ikkinchi va toʻrtinchi qismlarida koʻrsatilgan vazifalardan tashqari:
bankning aktivlari va passivlari ustidan nazoratni amalga oshirishi;
bank hujjatlari va mol-mulki, shuningdek garov taʼminoti sifatida berilgan boshqa mol-mulk but saqlanishini taʼminlash choralarini koʻrishi;
Omonatlarni kafolatlash agentligi tomonidan kafolatlangan omonatlar boʻyicha kompensatsiyalar toʻlanishi bilan bogʻliq boʻlgan maʼlumotlarni taqdim etishi;
Ushbu Qonun 54-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan hisobotlar va maʼlumotlarni taqdim etishi;
bankni tugatish jarayoni ustidan nazoratni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni Markaziy bankning soʻroviga koʻra taqdim etishi shart.
Tugatuvchi kreditorlar tomonidan talablar taqdim etish uchun belgilangan muddat tugaganidan keyin ikki oy ichida:
bank mol-mulkining tarkibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni shakllantiradi;
kreditorlarning talablari reyestrini shakllantiradi;
oraliq tugatish balansini tuzadi. Oraliq tugatish balansi Markaziy bank tomonidan tasdiqlanadi.
Tugatuvchining zimmasiga banklar va bank faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq boshqa vazifalar ham yuklatilishi mumkin.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 5-noyabrdagi “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi OʻRQ-580-son Qonuni.
62-modda. Bankni majburiy tugatish bilan bogʻliq ishni sudga oʻtkazish
Tugatuvchi oraliq tugatish balansi Markaziy bank tomonidan tasdiqlanganidan keyin Markaziy bankni xabardor qilgan holda, sudga majburiy tugatilayotgan bankni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish haqidagi ariza bilan quyidagi hollarda murojaat qilishga haqli:
bankni majburiy tugatish toʻgʻrisidagi qaror bankning toʻlovga qobiliyatsizligi munosabati bilan qabul qilinganda;
bankni majburiy tugatish jarayonida ushbu Qonun 20-moddasining ikkinchi qismida koʻrsatilgan toʻlovga qobiliyatsizlik alomatlari yuzaga kelganda.
Bunda sud Markaziy bankning bankni majburiy tugatish toʻgʻrisidagi qaroriga asosan bankni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisida yoki buni rad etish haqida qaror qabul qiladi.
Arizaga tugatuvchi tomonidan quyidagilar ilova qilinadi:
bankni majburiy tugatish toʻgʻrisidagi qaror;
bankning oraliq tugatish balansi;
bank kreditorlarining tan olingan talablari reyestri.
Bankni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritish “Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 11-bobi talablariga muvofiq amalga oshiriladi. Bunda majburiy tugatishni boshlash oqibatlariga nisbatan mazkur Qonunning 59-moddasining qoidalari qoʻllaniladi, kreditorlarning talablarini qanoatlantirish esa ushbu Qonunning 64 va 65-moddalarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
Bankni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisida sud tomonidan qaror qabul qilingan paytdan eʼtiboran tugatuvchining bankni majburiy tugatishga doir vazifalari va Markaziy bankning bu boradagi vakolatlari tugatiladi.
63-modda. Kreditorlarning talablari reyestrini shakllantirish
Tugatuvchiga kreditorlarning talablari yozma shaklda, ariza va mazkur talablarni tasdiqlovchi hujjatlar bilan birga taqdim etiladi.
Kreditor talablar bayon etilgan arizada:
oʻzi haqidagi maʼlumotlarni;
yuridik shaxslar uchun — firmaning toʻliq nomini, joylashgan yerini (pochta manzilini), bank rekvizitlarini;
jismoniy shaxslar uchun — jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini, pochta manzili, bank rekvizitlarini (mavjud boʻlgan taqdirda);
elektron pochta manzilini (mavjud boʻlgan taqdirda) koʻrsatishi shart.
Bunda arizada elektron pochta manzilining koʻrsatilishi kreditorning bankka nisbatan talablarining turi va miqdori toʻgʻrisidagi xabarnomani, uning talablari toʻliq qanoatlantirilishi rad etilgan taqdirda, bu haqdagi xabarnomani elektron shaklda olishga boʻlgan roziligidir.
Kafolatlash obyektining egasi boʻlgan kreditor (omonatchi) tugatuvchidan kafolatlash obyektining faqat kafolatlangan omonatdan oshadigan qismini talab qilishga haqli.
Tugatuvchi bankning buxgalteriya hisobi hujjatlariga, shuningdek kreditorlar tomonidan taqdim etilgan arizalarga asosan kreditorlarning talablari reyestrini shakllantiradi. Bankning aksiyadorlari kreditorlar deb hisoblanmaydi.
Kreditorlarning talablari reyestrida har bir kreditor toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, talablarni qoʻrib chiqish natijalari, yaʼni qanoatlantirish uchun qabul qilingan yoki qanoatlantirish rad etilgan talablar haqidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi.
Bankning buxgalteriya hisobi hujjatlariga koʻra aniqlangan kreditorning talablari va kreditor tomonidan taqdim etilgan talablar muvofiq boʻlmagan taqdirda, bunday talablarning miqdori mazkur talablarni asoslovchi hujjatlarga yoki sud qaroriga asosan belgilanadi.
Kreditorlarga kreditorlarning talablari reyestri bilan tanishish imkoniyati taʼminlanishi kerak.
Tugatuvchi kreditorning yoki uning vakilining talabiga koʻra, bunday talabnoma olingan kundan eʼtiboran besh ish kuni ichida mazkur kreditorga yoki uning vakiliga uning talablarini qanoatlantirish miqdori, tarkibi va navbati toʻgʻrisida kreditorlarning talablari reyestridan koʻchirma yuborishi shart. Bunday koʻchirmani tayyorlashga va yuborishga doir xarajatlar kreditorning zimmasiga yuklatiladi.
Kreditorlarning talablari reyestri shakllantirilganidan keyin tugatuvchi kreditorlar oʻz talablarining koʻrib chiqilishi natijalari toʻgʻrisida, talablarni qanoatlantirishning navbati va boshlanishi haqida axborot olishi mumkin boʻlgan sana va joy toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalarida eʼlon berilishi kerak.
64-modda. Kreditorlarning talablarini qanoatlantirish navbati
Kreditorlarning talablarini qanoatlantirish oraliq tugatish balansi tasdiqlanganidan soʻng keyingi kundan boshlanadi, bundan ushbu Qonun 62-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Kreditorlarning ushbu Qonunning 68-moddasida nazarda tutilgan talablari (bundan buyon matnda bankni majburiy tugatish bilan bogʻliq xarajatlar deb yuritiladi) navbatdan tashqari qanoatlantiriladi.
Kreditorlarning bankni majburiy tugatish bilan bogʻliq xarajatlar deb hisoblanmaydigan talablari quyidagi navbatda qanoatlantiriladi:
birinchi navbatda — sanatsiya qilish vositalarini qoʻllash va bankni tugatish maqsadida berilgan mablagʻlar boʻyicha Markaziy bankning, Iqtisodiyot va moliya vazirligining hamda Omonatlarni kafolatlash agentligining talablari;
ikkinchi navbatda — “Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 150-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan talablar;
uchinchi navbatda — “Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 31-moddasiga muvofiq Omonatlarni kafolatlash agentligiga oʻtgan talablar;
toʻrtinchi navbatda — “Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan kafolatlash obyektlarining kafolatlangan omonat miqdoridan oshadigan qismiga doir talablar;
beshinchi navbatda — ushbu qismning ikkinchi — beshinchi hamda yettinchi — oʻninchi xatboshilarida nazarda tutilgan toifalarga tushmaydigan taʼminlanmagan talablar, shu jumladan bankning majburiyatlari bajarilishining taʼminoti sifatida taqdim etilgan mol-mulkni sotishdan tushgan mablagʻlar yetarli boʻlmaganligi natijasida qanoatlantirilmagan talablar;
oltinchi navbatda — bankka aloqador shaxslarning talablari;
yettinchi navbatda — kapital vositasi boʻlmagan subordinar qarzlarga doir talablar;
sakkizinchi navbatda — ikkinchi darajali kapital vositasi boʻlgan talablar;
toʻqqizinchi navbatda — birinchi darajali qoʻshimcha kapital vositasi boʻlgan talablar.
65-modda. Kreditorlar bilan hisob-kitoblar
Tugatuvchi kreditorlar bilan hisob-kitoblarni tugatish massasi hisobidan, kreditorlarning talablari reyestriga muvofiq amalga oshiradi.
Har bir keyingi navbatning talablari oldingi navbatning talablari toʻliq qanoatlantirilganidan keyin qanoatlantiriladi.
Kreditorlarning bank mol-mulki bilan taʼminlangan talablarini qanoatlantirish ushbu mol-mulkni sotishdan tushgan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi. Bunda garov narsasi boʻlgan bank mol-mulkini baholash baholovchi tashkilot tomonidan majburiy tartibda amalga oshiriladi.
Bank majburiyatlari bajarilishining taʼminoti sifatida taqdim etilgan mol-mulkni sotishdan tushgan mablagʻlar mazkur kreditorlarning talablaridan ortgan taqdirda, ularning qolgan qismi tugatish massasiga yoʻnaltiriladi.
Bank majburiyatlari bajarilishining taʼminoti sifatida taqdim etilgan mol-mulkni sotishdan tushgan mablagʻlar kreditorlarning talablarini qanoatlantirish uchun yetarli boʻlmagan taqdirda, mazkur talablarning qanoatlantirilmagan qismi ushbu Qonun 64-moddasining uchinchi qismida belgilangan navbatga muvofiq qanoatlantiriladi.
Kreditorlarning talablari reyestriga kiritilgan talabni kreditorga qaytarish yoki mablagʻlarni uning hisobvaragʻiga oʻtkazish mumkin boʻlmagan taqdirda, mazkur kreditorga tegishli mablagʻlar boshqa bankda uning foydasiga ochilgan hisobvaraqqa oʻtkaziladi.
Bir turdagi kreditorlarning talablarini toʻliq qanoatlantirish uchun mablagʻlar yetarli boʻlmaganda ushbu talablar har bir kreditorga tegishli boʻlgan summaga mutanosib ravishda qanoatlantiriladi.
Kreditorlarning tugatuvchi tomonidan shakllantirilgan talablar roʻyxatiga kiritilmagan, bankni majburiy tugatishni boshlash toʻgʻrisidagi eʼlonda belgilangan kreditorlar talablarini taqdim etish muddati tugaganidan keyin bildirilgan talablari, shuningdek majburiy tugatish boshlanganidan keyin yuzaga kelgan soliqlar va yigʻimlar boʻyicha talablar ushbu Qonunning 64-moddasida nazarda tutilgan tartibda, ular qaysi muddatda taqdim etilganidan qatʼi nazar, talablar roʻyxatiga kiritilgan kreditorlarning talablari qanoatlantirilganidan keyin qanoatlantiriladi.
Kreditorlarning talablarini qanoatlantirish uchun mablagʻlar yetarli boʻlmagan taqdirda, tugatuvchi bankning aktivlarini, shu jumladan mol-mulkini sotishga haqli. Bunda tugatuvchi oraliq tugatish balansi Markaziy bank tomonidan tasdiqlangan kundan eʼtiboran oʻn ikki oy ichida bank aktivlari sotilishini taʼminlashi kerak. Tugatuvchining asoslantirilgan soʻroviga asosan Markaziy bank aktivlarni sotish muddatini koʻpi bilan oʻn ikki oyga uzaytirishga haqli.
Bankning sotilishi qiyin boʻlgan mol-mulki bir turdagi kreditorlarning talablarini qanoatlantirish uchun ularning roziligi bilan ularga toʻgʻridan-toʻgʻri topshirilishi mumkin.
Kreditorlarning bankning mol-mulki yetarli boʻlmaganligi sababli qanoatlantirilmagan talablari qanoatlantirilgan deb hisoblanadi.
Tugatuvchi kreditorlarning talablari reyestriga kreditorlarning talablari qanoatlantirilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni kiritadi.
Kreditorlar bilan hisob-kitoblar yakunlanganidan keyin tugatuvchi tugatish balansini tuzadi.
Kreditorlar bilan hisob-kitoblar yakunlanganidan keyin qolgan tugatish massasi aksiyadorlar oʻrtasida qonunchilikka muvofiq taqsimlanadi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 226-moddasi, 2014-yil 6-maydagi “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-370-son Qonunining 9-moddasi.
66-modda. Tugatilayotgan bank va kreditor talablarini oʻzaro hisobga olish
Tugatilayotgan bank va kreditor talablarini oʻzaro hisobga olishga quyidagi shartlarga rioya etilgan holda yoʻl qoʻyiladi:
talablar boʻyicha toʻlov muddatining yetib kelgan boʻlishi;
ikkala tarafning qarzni inkasso qilish va toʻlash huquqiga ega boʻlishi;
kreditorning talablarini qanoatlantirish navbati yetib kelgan boʻlishi;
taraflar bir-biriga ariza bilan murojaat qilgan boʻlishi;
turli valyutalardagi talablar oʻzaro hisobga olinishining ularni qanoatlantirish kunidagi Markaziy bank kursi boʻyicha amalga oshirilishi.
Tugatilayotgan bank va kreditor talablarini oʻzaro hisobga olishni amalga oshirish quyidagi hollarda taqiqlanadi:
kreditorning tugatilayotgan bankka nisbatan talablari talab qilish huquqidan boshqa shaxs foydasiga voz kechishga doir shartnoma tufayli yuzaga kelgan boʻlsa;
kreditor bankka aloqador shaxs boʻlsa.
67-modda. Tugatish massasi
Tugatish jarayoni boshlanishi paytida bankning barcha aktivlari hamda tugatish jarayoni davomida aniqlangan mol-mulki tugatish massasini shakllantirish manbasi boʻladi. Bunda tugatish massasiga quyidagilar kirmaydi:
garov narsasi boʻlgan mol-mulk, bundan ushbu Qonun 65-moddasining toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno;
bank seyflarida saqlash uchun topshirilgan qimmatliklar;
bank ijara huquqi asosida foydalanayotgan, ishonchli boshqaruvda boʻlgan mol-mulk;
majburiy tugatish bilan bogʻliq xarajatlarni amalga oshirish uchun Markaziy bankdan jalb etilgan mablagʻlar;
qonunchilikka muvofiq bankning mulki boʻlmagan boshqa mol-mulk.
Qarang: Tijorat banklari tomonidan koʻchmas mulkni va boshqa mol-mulkni sotib olishga hamda unga egalik qilishga, shuningdek yuridik shaxslarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarini yoki aksiyalarini sotib olishga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 3441, 2023-yil 8-iyun)ning 2-bandi.
68-modda. Bankni majburiy tugatish bilan bogʻliq xarajatlar
Bankni majburiy tugatish bilan bogʻliq xarajatlar quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
kommunal xizmatlar uchun toʻlovlarni, ijara haqini va boshqa joriy xizmatlar boʻyicha toʻlovlarni;
tugatuvchini mukofotlash, bankning xodimlariga ishdan boʻshatish nafaqasini toʻlash, tugatuvchining va u bankni tugatishga jalb qilgan shaxslarning mehnatiga haq toʻlash bilan bogʻliq xarajatlarni;
sud xarajatlarini;
eʼlon berish hamda xabarnomalar yuborish bilan bogʻliq xarajatlarni;
bank aktivlarining but saqlanishini taʼminlash, ularni boshqarish, baholash va inventarizatsiya qilish bilan bogʻliq xarajatlarni;
bankni majburiy tugatish bilan bogʻliq boshqa xarajatlarni, shu jumladan soliqlar va yigʻimlarni.
Tugatuvchiga toʻlanadigan mukofot miqdori tugatilayotgan bankning ijro etuvchi organi aʼzolariga majburiy tugatish toʻgʻrisidagi qaror kuchga kirgan sanadan oldingi oʻn ikki oy ichida toʻlangan mukofotning oʻrtacha oylik miqdori inobatga olingan holda Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
Majburiy tugatilayotgan bankda bankni tugatish bilan bogʻliq xarajatlarning oʻrnini qoplash uchun mablagʻlar yetarli boʻlmagan taqdirda, tugatuvchining asoslantirilgan murojaatiga asosan Markaziy bank mazkur xarajatlarning oʻrnini qoplashga haqli.
Markaziy bank bankni majburiy tugatish bilan bogʻliq xarajatlarga nisbatan shartlar va cheklovlar belgilashga haqli.
69-modda. Markaziy bankning bankni tugatishga doir vakolatlari
Markaziy bank tugatuvchining bankni suddan tashqari tartibda tugatish jarayoni, shu jumladan ixtiyoriy tugatish borasidagi ishlari ustidan nazoratni amalga oshiradi. Bunda Markaziy bank:
tugatish rejasining bajarilishi toʻgʻrisidagi hisobotni va tugatish jarayoni haqidagi maʼlumotlarni soʻrab olishga;
bankni majburiy tugatishning har qanday bosqichida tugatuvchini almashtirishga, bunda Markaziy bankning almashtirish toʻgʻrisidagi qarori ushbu Qonun 56-moddasining oltinchi qismida nazarda tutilgan tartibda eʼlon qilinadi;
tugatish jarayonida boʻlgan bankda qonunchilikda belgilangan tartibda tekshiruvlar oʻtkazishga;
Qarang: Banklar va banklar guruhlarining tavakkalchiliklarni boshqarish tizimiga doir talablar toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 3427, 2023-yil 18-aprel)ning 1095 — 1098-bandlari.
tugatuvchi tomonidan sodir etilgan qoidabuzarliklar uchun choralar va sanksiyalar qoʻllashga haqli.
Markaziy bank banklar va bank faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik talablarining bankni tugatishga doir qismini buzganlik, shuningdek Markaziy bank tomonidan soʻralgan hisobotlarni yoki maʼlumotlarni unga taqdim etmaganlik yoki ularni notoʻgʻri taqdim etganlik uchun quyidagi choralar va sanksiyalarni qoʻllashga haqli:
tugatuvchini almashtirish. Agar tugatuvchi bank aksiyadorlari umumiy yigʻilishining qarori bilan tayinlangan boʻlsa, bank aksiyadorlari umumiy yigʻilishining zimmasiga tugatuvchini almashtirish majburiyatini yuklatish;
bank ustav kapitali eng kam miqdorining 0,05 foizi miqdorida jarima undirish.
70-modda. Bankni tugatishni yakunlash
Tugatuvchi ushbu Qonunning 65-moddasida nazarda tutilgan tartib-taomillar yakunlanganidan keyin bank qimmatli qogʻozlari chiqarilishining davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligini bekor qilish uchun zarur boʻlgan chora-tadbirlarni qonunchilikda belgilangan tartibda va muddatlarda amalga oshiradi.
Qarang: Banklarning depozit (omonat) sertifikatlarini chiqarish va muomalada boʻlish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 1859, 2008-yil 24-sentabr)ning VI bobi.
Tugatuvchi bank qimmatli qogʻozlari chiqarilishining davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi bekor qilingan kundan eʼtiboran besh ish kuni ichida Markaziy bankka tugatish yakunlanganligini tasdiqlovchi quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
tugatuvchi tomonidan qilingan ishlar toʻgʻrisidagi hisobotni;
bankni tugatish toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalarida berilgan eʼlonlarning koʻchirma nusxalarini;
bankning oxirgi ish kunidagi balansini;
yakuniy tugatish balansini;
balansdan tashqari hisobvaraqlar boʻyicha yakuniy tugatish balansini;
bank hujjatlarini va yigʻmajildlarini yoʻq qilish uchun ajratish toʻgʻrisidagi dalolatnomani;
bank hujjatlarini va elektron bazasi maʼlumotlarini arxivda saqlash uchun tuzilgan qabul qilish-topshirish toʻgʻrisidagi dalolatnomani;
bankning muhrlari va shtamplari yoʻq qilinganligini tasdiqlovchi hujjatni;
bank qimmatli qogʻozlari chiqarilishining davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi bekor qilinganligini tasdiqlovchi hujjatlarni.
Tugatuvchi tomonidan qilingan ishlar toʻgʻrisidagi hisobotda quyidagilar aks ettirilishi kerak:
tugatilayotgan bankning nomi va manzili;
tugatuvchi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
undirilgan debitorlik qarzlarining umumiy summasi;
shakllantirilgan tugatish massasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shu jumladan bankning mol-mulkini inventarizatsiya qilish jarayoni va natijalari haqidagi, mol-mulkni baholash jarayoni hamda natijalari toʻgʻrisidagi, ularni sotishdan tushgan mablagʻlar haqidagi, bankning mol-mulkini sotib olgan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
yaroqsiz yoki qimmatga ega boʻlmagan deb topilgan aktivlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
tugatuvchining bankning qolgan aktivlari likvidli emasligi yoki ularni sotish murakkabligi haqidagi xulosasining asosi;
kreditorlar tomonidan taqdim etilgan talablarning umumiy summasi, shu jumladan tugatuvchi tomonidan tan olingan va tan olinmagan talablar summasi, har bir navbat kreditorlari talablarining qanoatlantirilgan umumiy summasi, bankning sotilmagan mol-mulki hisobidan toʻgʻridan-toʻgʻri qanoatlantirilgan talablar summasi, bankning mol-mulki yetarli boʻlmaganligi sababli qanoatlantirilgan deb hisoblanadigan talablar summasi;
ushbu Qonunning 68-moddasida nazarda tutilgan xarajatlarning har bir moddasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, mazkur xarajatlarning oʻrnini qoplash uchun Markaziy bankning mablagʻlaridan foydalanilgan hollarda — mazkur mablagʻlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
Markaziy bank hisobotga bankni tugatishga taalluqli boʻlgan boshqa maʼlumotlarni ham kiritishni talab qilishga haqli.
Bank suddan tashqari tartibda majburiy tugatilgan taqdirda, Markaziy bank yakuniy tugatish balansini ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan hujjatlar taqdim etilgan kundan eʼtiboran oʻn ish kuni ichida tasdiqlaydi hamda Banklarning davlat reyestriga bankni tugatish yakunlanganligi va bank tugatilganligi toʻgʻrisidagi yozuvni kiritadi.
4-bob. Axborotning maxfiyligi va axborot almashinuvi
71-modda. Axborotning maxfiyligi
Ushbu Qonunning qoidalarini amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlgan, oshkor qilinmaydigan har qanday axborot maxfiy hisoblanadi.
Axborotning maxfiyligini taʼminlash uchun quyidagi shaxslar masʼul boʻladi:
Markaziy bank, uning boshqaruvi aʼzolari va xodimlari;
Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda uning xodimlari;
Omonatlarni kafolatlash agentligi, uning boshqaruv organi aʼzolari va xodimlari;
maxsus boshqaruvchi;
tugatuvchi;
Markaziy bank tomonidan maxfiy axborot taqdim etilgan, sanatsiya qilinayotgan bankning aksiyalarini, aktivlarini, huquqlarini va (yoki) majburiyatlarini potensial oluvchilar, ularning boshqaruv organlari aʼzolari hamda xodimlari, aksiyalar, aktivlar, huquqlar va (yoki) majburiyatlar oʻtkazilganligidan (sotilganligidan) yoki oʻtkazilmaganligidan (sotilmaganligidan) qatʼi nazar;
sanatsiya qilinayotgan bank, uning boshqaruv organlari aʼzolari va xodimlari;
auditorlik tashkilotlari, yuridik maslahatchilar, baholovchilar, mazkur tashkilotlarning boshqaruv organlari aʼzolari va xodimlari hamda xizmatlar koʻrsatuvchi (xizmatlar koʻrsatgan) boshqa shaxslar;
oraliq bank, uning boshqaruv organlari aʼzolari va xodimlari;
Kengash aʼzolari, shuningdek uning majlislarida hozir boʻlgan boshqa shaxslar;
maxfiy axborotga ega boʻlgan har qanday boshqa shaxs.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan shaxslarning axborot maxfiyligini taʼminlashga doir majburiyati ular mehnat faoliyatini tugatganidan keyin ham, mazkur axborot maxfiyligini yoʻqotgunga qadar amal qiladi.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan yuridik shaxslar maxfiy axborotning va hujjatlarning but saqlanishiga doir ichki qoidalarni qabul qilishi shart.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan maxfiy axborotning oshkor qilinishiga Markaziy bankning oldindan olingan roziligi bilan va quyidagi shartlardan biriga rioya etilganda yoʻl qoʻyiladi:
maxfiy axborotning oshkor qilinishi ushbu Qonunga muvofiq vazifalar va majburiyatlarni bajarish bilan bogʻliq boʻlishi;
maxfiy axborotning alohida jismoniy yoki yuridik shaxslarni identifikatsiya qilish imkoni boʻlmasligi uchun qisqartirilgan yoki umumlashtirilgan shaklda oshkor qilinishi;
maxfiy axborotning egasi boʻlgan jismoniy yoki yuridik shaxsning oldindan rozilik berishi.
Quyidagilar oʻrtasida maxfiy axborotni almashishga toʻsqinlik qilinmaydi:
ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan shaxslar oʻrtasida, agar mazkur shaxslar bir yuridik shaxs tarkibida faoliyatni amalga oshirsa yoki oʻz vazifalarini bajarsa;
ushbu Qonun maqsadlarida Markaziy bank, chet el nazorat organlari, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Omonatlarni kafolatlash agentligi, sud, potensial oluvchilar, oraliq bank, mustaqil baholovchi hamda Kengash oʻrtasida.
72-modda. Axborot almashinuvi
Markaziy bankning sanatsiya qilish toʻgʻrisidagi qarori Davlat budjetidan mablagʻlar ajratilishini nazarda tutgan hollarda, Markaziy bank mazkur qaror yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Kengash hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan axborot almashadi.
Markaziy bank sanatsiya qilish toʻgʻrisidagi qaror ishlab chiqilishini rejalashtirish va uni amalga oshirish boʻyicha Omonatlarni kafolatlash agentligi bilan axborot almashadi.
Quyidagi shartlarga rioya etilganda Markaziy bank chet el nazorat organlari bilan maxfiy axborot almashishi mumkin:
maxfiy axborotni almashish ushbu Qonunning 71-moddasida belgilangan maxfiylik talablari va standartlariga rioya etilgan holda amalga oshirilsa;
maxfiy axborotni almashish Markaziy bankning yoki chet el nazorat organining vakolatlarini samarali amalga oshirish uchun zarur boʻlsa.
Sanatsiya qilish boʻyicha chet el nazorat organlaridan olingan maxfiy axborot quyidagi shartlarga rioya etilganda Markaziy bank tomonidan uchinchi shaxslarga oshkor qilinishi mumkin:
maxfiy axborotni bergan chet el nazorat organi mazkur axborotni oshkor qilishga rozilik berganda;
maxfiy axborot chet el nazorat organining roziligi olingan maqsadlar uchun oshkor qilinsa.
5-bob. Sudga murojaat qilish huquqi, huquqiy jihatdan himoya qilish va bankni toʻlovga qobiliyatsizlikka (bankrotlikka) olib kelganlik uchun javobgarlik
73-modda. Sudga murojaat qilish huquqi
Markaziy bankning bankni sanatsiya qilish yoki majburiy tugatish toʻgʻrisidagi qarori va (yoki) sanatsiya qilish yoki majburiy tugatish tartib-taomillari ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Markaziy bankning sanatsiya qilish yoki majburiy tugatish toʻgʻrisidagi qarori va (yoki) sanatsiya qilish tartib-taomili ustidan ushbu Qonunga muvofiq sudga shikoyat qilinishi mazkur qarorlarning va (yoki) sanatsiya qilish tartib-taomillarining toʻxtatib turilishiga olib kelmaydi.
Markaziy bank tomonidan qabul qilingan sanatsiya qilish yoki majburiy tugatish toʻgʻrisidagi qaror ijrosining toʻxtatib turilishi jamoat manfaatlariga zid ekanligini nazarda tutuvchi raddiya prezumpsiyasi bilan kafolatlanadi.
74-modda. Huquqiy jihatdan himoya qilish
Markaziy bank va uning xodimlari, Markaziy bank tomonidan tayinlangan maxsus boshqaruvchilar, oraliq bank boshqaruvchilari, bankni majburiy tugatishni amalga oshiruvchi shaxslar hamda ushbu Qonunga yoki Markaziy bankning normativ-huquqiy hujjatlariga muvofiq sanatsiya qilish tartib-taomilini amalga oshirishga vakolatli boʻlgan boshqa shaxslar oʻz majburiyatlarini bajarish chogʻida insofsizlik bilan sodir etgan harakatlari (harakatsizligi) uchun javobgar boʻladi, shu jumladan ularning vakolatlari tugatilganidan yoki ular bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganidan keyin ham javobgar boʻladi.
Markaziy bank ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslarning manfaatlarini, mazkur shaxslar ushbu Qonunga muvofiq bajaradigan vazifalar munosabati bilan qoʻzgʻatilgan sud ishini va maʼmuriy ishni yuritishda, shu jumladan ularning vakolatlari tugatilgan yoki ular bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan hollarda, ifodalashga doir xarajatlarni toʻlaydi.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan harakatlarga (harakatsizlikka) nisbatan uchinchi shaxslarning shikoyatlari Markaziy bankka yoki sudga taqdim etiladi.
75-modda. Bankni toʻlovga qobiliyatsizlikka (bankrotlikka) olib kelganlik uchun javobgarlik
Agar bankni sanatsiya qilishda yoki uni majburiy tugatishda quyidagi harakatlari orqali bankni toʻlovga qobiliyatsizlikka (bankrotlikka) olib kelgan shaxslar aniqlansa, mazkur shaxslar zimmasiga bankning majburiyatlari boʻyicha solidar javobgarlik yuklatilishi mumkin:
bank aktivlaridan shaxsiy manfaatlarda foydalanish;
bank hisobidan shaxsiy maqsadlarda tijorat faoliyatini amalga oshirish;
bankdan firibgarlik yoʻli bilan kreditlar olish va (yoki) bankning aktivlarini qonunga xilof ravishda oʻzlashtirish;
bank uchun aktivlarni bozor qiymatidan yuqori narxda sotib olish;
soxta buxgalteriya hisobini yuritish, shuningdek bankning buxgalteriya hujjatlarini, ichki hujjatlarini va muhrini yoʻq qilish;
bankni toʻlovga qobiliyatsizlikka olib kelishi aniq boʻlgan bank faoliyatini amalga oshirish va (yoki) bank faoliyatini davom ettirish toʻgʻrisida farmoyish berish;
majburiyatlar boʻyicha toʻlovlar toʻxtatib turilishidan oldingi bir oy ichida kreditorga imtiyozli ravishda toʻlovni amalga oshirish, agar bu boshqa kreditorlarga zarar yetkazsa;
Markaziy bank tomonidan belgilangan prudensial talablarni, shuningdek ichki talablarni buzgan holda kreditlash;
moliyaviy hisobotlarni qonunchilik talablarini buzgan holda tuzish;
bankning aktivlaridan maqsadsiz ravishda foydalanishga hamda firibgarlikka sabab boʻlgan faktlarni ichki tekshiruvlarni oʻtkazish chogʻida oʻz majburiyatlarini buzgan holda aniqlamaslik;
bankning ustav kapitalida hal qiluvchi egalikka ega boʻlgan, bankning oxirgi benefitsiar mulkdorini aniqlash bilan bogʻliq boʻlgan majburiyatlarni bajarmaslik;
bank aksiyalariga bevosita yoki bilvosita egalik qiluvchilardan yoki bankning oxirgi benefitsiar mulkdorlaridan, shuningdek bankka aloqador boʻlgan shaxslardan ularni identifikatsiya qilish uchun zarur boʻlgan axborotni olishga doir majburiyatlarni bajarmaslik;
ushbu qismning oʻn ikkinchi va oʻn uchinchi xatboshilarida koʻrsatilgan shaxslar bilan bank kapitali monandligi koeffitsiyentlarining Markaziy bankning normativ-huquqiy hujjatlarida belgilangan doiradan kamayishiga olib kelgan bitimlarni tuzish;
bankni toʻlovga qobiliyatsizlikka olib kelgan har qanday boshqa harakatlar.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan javobgarlik chorasining qoʻllanilishi mazkur shaxslarning harakatlarida (harakatsizligida) maʼmuriy huquqbuzarlik yoki jinoyat tarkibi belgilari mavjud boʻlsa, ularni javobgarlikka tortishni istisno etmaydi. Bunda Markaziy bank huquqni muhofaza qiluvchi organlarni tegishli tekshiruv oʻtkazilishi uchun zarur boʻlgan hujjatlar bilan taʼminlashi kerak.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan bir necha shaxs mavjud boʻlgan taqdirda, mazkur shaxslar tomonidan tegishli harakatlar (harakatsizlik) bankda toʻlovga qobiliyatsizlik alomatlari yoki sanatsiya qilish uchun asoslar yuzaga kelguniga qadar yoki shu vaqtda amalga oshirilganligidan qatʼi nazar, mazkur shaxslar solidar javobgar boʻladi.
Bankni toʻlovga qobiliyatsizlik yoki sanatsiya qilish holatiga olib kelishda kollegial organ aybdor deb topilgan taqdirda, kollegial organning aʼzosi, agar u toʻlovga qobiliyatsizlikka yoki sanatsiya qilishga olib keluvchi qarorga qarshi eʼtiroz bildirgan hamda uning tegishli qarorga qarshi eʼtirozi yigʻilish bayonnomasida qayd etilgan boʻlsa yoki u qarorni qabul qilishda hozir boʻlmagan boʻlsa, solidar javobgarlikdan ozod qilinadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan javobgarlik chorasiga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 150-moddasida nazarda tutilgan daʼvo muddati tatbiq etiladi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
76-modda. Nizolarni hal etish
Banklarni sanatsiya qilish va tugatish bilan bogʻliq boʻlgan hamda ushbu Qonun bilan tartibga solinmagan nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
77-modda. Banklarni sanatsiya qilish va tugatish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Banklarni sanatsiya qilish va tugatish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
78-modda. Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish
1. Oʻzbekiston Respublikasining 1995-yil 21-dekabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi 154-I-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 11-noyabrda qabul qilingan OʻRQ-582-sonli Qonuni tahririda) (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, № 11, 790-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 10, 968-modda; 2022-yil, № 3, 217-modda, № 4, 340-modda; 2023-yil, № 11, 923-modda; 2024-yil, № 9, 965-modda) quyidagi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilsin:
1) 12-moddaning birinchi qismi:
quyidagi mazmundagi oʻn toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“banklarni sanatsiya qilishni amalga oshiradi”;
oʻn toʻrtinchi — yigirma toʻrtinchi xatboshilari tegishincha oʻn beshinchi — yigirma beshinchi xatboshilar deb hisoblansin;
2) 20-modda:
quyidagi mazmundagi oʻn ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“bankni sanatsiya qilish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi”;
oʻn ikkinchi — oʻttizinchi xatboshilari tegishincha oʻn uchinchi — oʻttiz birinchi xatboshilar deb hisoblansin;
3) 51-moddaning:
nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“51-modda. Markaziy bankning Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Moliyaviy barqarorlik kengashi bilan hamkorligi”;
toʻrtinchi qismidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati” degan soʻzlar “Moliyaviy barqarorlik kengashi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
4) 60-moddaning birinchi qismi:
quyidagi mazmundagi oʻn beshinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“banklarni sanatsiya qilish va tugatishga oid tartib hamda qoidalarni”;
oʻn beshinchi — yigirma uchinchi xatboshilari tegishincha oʻn oltinchi — yigirma toʻrtinchi xatboshilar deb hisoblansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasining 1995-yil 21-dekabrda qabul qilingan 163-I-sonli va 1996-yil 29-avgustda qabul qilingan 256-I-sonli qonunlari bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-yil, 2-songa ilova, № 11-12; 1997-yil, № 2, 56-modda, № 9, 241-modda; 1998-yil, № 5-6, 102-modda; 1999-yil, № 1, 20-modda, № 9, 229-modda; 2001-yil, № 1-2, 23-modda, № 9-10, 182-modda; 2002-yil, №1, 20-modda, № 9, 165-modda; 2003-yil, № 1, 8-modda, № 5, 67-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda, № 5, 90-modda, № 9, 171-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 4, 154-modda, № 9, 494, 498-moddalar; 2007-yil, № 1, 3, 5-moddalar, № 4, 156, 164-moddalar, № 8, 367-modda, № 9, 416-modda, № 12, 598, 608-moddalar; 2008-yil, № 4, 192-modda, № 12, 640-modda; 2009-yil, № 9, 337-modda; 2010-yil, № 9, 335, 337, 340-moddalar; 2011-yil, № 12/2, 363, 364, 365-moddalar; 2012-yil, № 4, 106, 109-moddalar, № 12, 336-modda; 2013-yil, № 10, 263-modda; 2014-yil, № 5, 130-modda, №12, 343-modda; 2015-yil, № 8, 310, 312-moddalar; 2016-yil, № 4, 125-modda; 2017-yil, № 4, 137-modda, № 9, 510-modda, № 12, 773-modda; 2018-yil, № 1, 4-modda, № 4, 224-modda, № 7, 433-modda, № 10, 673-modda; 2019-yil, № 3, 161, 166-moddalar, № 5, 267-modda, № 10, 671-modda, № 12, 880, 886-moddalar; 2020-yil, № 1, 3, 4-moddalar, № 10, 593-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 8, 801-modda, № 10, 968-modda; 2022-yil, № 2, 79-modda, № 3, 217, 218-moddalar, № 4, 340-modda, № 5, 464-modda, № 6, 570, 577-moddalar, № 11, 1061, 1062-moddalar; 2023-yil, № 10, 795-modda, № 11, 921-modda; 2024-yil, № 2, 111, 114-moddalar, № 6, 530-modda, № 9, 960-modda, № 11, 1193-modda) 2-moddasining beshinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan belgilarga javob beradigan oilaviy munosabatlarga, mehnat munosabatlariga hamda tabiiy resurslardan foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha munosabatlarga, shuningdek banklarni sanatsiya qilish va tugatish bilan bogʻliq munosabatlarga nisbatan fuqarolik qonunchiligi bu munosabatlar maxsus qonun hujjatlari bilan tartibga solinmaydigan hollarda qoʻllaniladi”.
3. Oʻzbekiston Respublikasining 1996-yil 25-aprelda qabul qilingan “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi 216-I-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 5-noyabrda qabul qilingan OʻRQ-580-sonli Qonuni tahririda) (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, № 11, 788-modda; 2020-yil, № 1, 1-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 10, 968-modda; 2023-yil, № 4, 267-modda, № 11, 923-modda; 2024-yil, № 2, 105, 111-moddalar, № 9, 965-modda) quyidagi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilsin:
1) 13-modda:
quyidagi mazmundagi uchinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Markaziy bank oraliq bank ustav kapitalining eng kam miqdorini ushbu moddaning birinchi qismida belgilanganidan kam miqdorda belgilashga haqli”;
uchinchi — sakkizinchi qismlari tegishincha toʻrtinchi — toʻqqizinchi qismlar deb hisoblansin;
2) 15-modda quyidagi mazmundagi toʻqqizinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Oraliq bankning tashkil etilishi va faoliyatni amalga oshirishining oʻziga xos xususiyatlari “Banklarni sanatsiya qilish va tugatish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni bilan belgilanadi”;
3) 54-moddaning yettinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“bank yoki banklar guruhi kapitali monandligi koeffitsiyentlarining va (yoki) ustav kapitali miqdorining qonunchilikda belgilangan eng kam miqdordan ellik foizga yoki undan koʻp foizga kamayganligi”;
4) 55-moddaning:
uchinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;
toʻrtinchi — oʻn birinchi xatboshilari tegishincha uchinchi — oʻninchi xatboshilar deb hisoblansin;
5) 11-bobning nomidagi “va tugatish” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
6) 77-moddaning ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Bankning toʻlovga qobiliyatsizligi deganda quyidagi hollar tushuniladi:
bankning oʻz mijozlari talablarini mablagʻlar yetarli emasligi sababli yetti kun ichida qanoatlantirishga qodir emasligi;
bank majburiyatlari uning aktivlaridan ortib ketganligi;
bank kapitali monandligi koeffitsiyentlarining va (yoki) ustav kapitali miqdorining qonunchilikda belgilangan eng kam miqdordan ellik foizga va undan koʻp foizga kamayganligi;
bankning moliyaviy holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning hisobotlarda toʻgʻri aks ettirilishi ushbu qismning ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi xatboshilarida koʻrsatilgan asoslarning yuzaga kelishiga olib keladigan hollar Markaziy bank tomonidan aniqlanganligi;
omonatchilar va kreditorlar tomonidan bankka ishonib topshirilgan pul mablagʻlarining but saqlanishiga xavf soluvchi holatlarning mavjudligi”;
7) 78 — 81-moddalar chiqarib tashlansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasining 1996-yil 26-aprelda qabul qilingan “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi 223-I-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 6-mayda qabul qilingan OʻRQ-370-sonli Qonuni tahririda) (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2014-yil, № 5, 128-modda; 2015-yil, № 8, 312-modda, № 12, 452-modda; 2016-yil, № 4, 125-modda, № 9, 276-modda; 2018-yil, № 1, 1, 4-moddalar, № 4, 224-modda; 2019-yil, № 3, 166-modda, № 12, 880, 886, 891-moddalar; 2020-yil, № 1, 4-modda, № 7, 449-modda, № 10, 593-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 10, 973-modda; 2022-yil, № 3, 216, 217-moddalar; 2023-yil, № 1, 1-modda; 2024-yil, № 2, 110, 111-moddalar) 2-moddasiga quyidagi qoʻshimcha va oʻzgartirish kiritilsin:
quyidagi mazmundagi uchinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Ushbu Qonun banklarni sanatsiya qilish va tugatishga doir munosabatlarga nisbatan maxsus qonunchilikka zid boʻlmagan hollarda qoʻllaniladi”;
uchinchi qism toʻrtinchi qism deb hisoblansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 30-avgustda qabul qilingan “Bank siri toʻgʻrisida”gi 530-II-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003-yil, № 9-10, 144-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 9, 312-modda; 2009-yil, № 9, 337-modda; 2012-yil, № 4, 105-modda; 2016-yil, № 4, 125-modda; 2017-yil, № 9, 510-modda; 2019-yil, № 1, 5-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 6, 524-modda; 2022-yil, № 4, 337-modda; 2024-yil, № 9, 965-modda) quyidagi qoʻshimchalar va oʻzgartirish kiritilsin:
1) 5-moddaning ikkinchi qismi quyidagi mazmundagi toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“bankni sanatsiya qilish tartib-taomillarini amalga oshirishda bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarning uchinchi shaxslarga maʼlum qilinishi yoki taqdim etilishi”;
2) 13-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“13-modda. Bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni vasiyatnomada koʻrsatilgan shaxslarga, merosxoʻrlarga, vasiyatnomani ijro etuvchiga, huquqiy vorislarga, notarial va konsullik muassasalariga taqdim etish
Jismoniy shaxs vafot etgan taqdirda bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlar vasiyatnomada koʻrsatilgan shaxslarga, merosxoʻrlarga va vasiyatnomani ijro etuvchiga ushbu Qonunda belgilangan tartibda, xizmat koʻrsatuvchi bank tomonidan taqdim etiladi.
Notarial va konsullik muassasalari ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan hollarda, agar bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlar merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisidagi guvohnomani berish chogʻida meros mol-mulkning tarkibi va joylashgan yerini tekshirish uchun zarur boʻlsa, ushbu maʼlumotlarni olish huquqiga ega.
Qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlari uning huquqiy vorislariga huquqiy vorislikni tasdiqlovchi hujjatlarga asosan taqdim etiladi.
Agar ushbu moddaning birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlarida koʻrsatilgan subyektlarning bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni taqdim etish toʻgʻrisidagi murojaatlari qonunchilikka muvofiq taqdim etilmasa, bank kamchiliklarni va murojaatni koʻrib chiqish uchun zarur boʻlgan hujjatlar roʻyxatini koʻrsatgan holda ariza beruvchini bu haqda besh ish kuni ichida xabardor qiladi.
Yuqorida koʻrsatilgan shaxslar tomonidan hujjatlar qonunchilikka muvofiq taqdim etilganda bank murojaat etuvchiga tegishli mijoz toʻgʻrisidagi toʻliq axborotni va barcha hujjatlarni yopiq va muhrlangan konvertda yoki axborot tizimi orqali elektron hujjat tarzida himoyalangan aloqa kanallari vositasida besh ish kuni ichida taqdim etishi shart”;
3) quyidagi mazmundagi 131-modda bilan toʻldirilsin:
“131-modda. Bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni uchinchi shaxslarga taqdim etish
Mijozning bank oldidagi majburiyatlari qonunchilikda belgilangan tartibda uchinchi shaxslar tomonidan bajarilganda yoki bankka tegishli boʻlgan huquq (talab) boshqa shaxsga oʻtganda (talabdan boshqa shaxs foydasiga voz kechilganda) yoki qonunga asosan boshqa shaxsga oʻtganda bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlar uchinchi shaxslarga bajarilgan majburiyat doirasida yoxud oʻtgan huquq (talab) doirasida taqdim etiladi”.
6. Oʻzbekiston Respublikasining 2008-yil 22-iyulda qabul qilingan “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi OʻRQ-163-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yil 3-iyunda qabul qilingan OʻRQ-387-sonli Qonuni tahririda) (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2015-yil, № 6, 227-modda; 2018-yil, № 1, 1-modda; 2019-yil, № 1, 5-modda, № 3, 166-modda, № 4, 199-modda, № 12, 891-modda; 2020-yil, № 7, 449-modda, № 10, 593-modda; 2021-yil, № 1, 13-modda, 4-songa ilova, № 10, 968, 973-moddalar; 2022-yil, № 3, 217-modda; 2023-yil, № 4, 272-modda; 2024-yil, № 2, 111-modda, № 10, 1079-modda) 2-moddasiga quyidagi qoʻshimcha va oʻzgartirish kiritilsin:
quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Ushbu Qonun banklarni sanatsiya qilish va tugatishga doir munosabatlarga nisbatan maxsus qonunchilikka zid boʻlmagan hollarda qoʻllaniladi”;
ikkinchi qism uchinchi qism deb hisoblansin.
7. Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 8-yanvarda qabul qilingan “Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida”gi OʻRQ-457-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018-yil, № 1, 2-modda; 2020-yil, № 1, 1-modda; 2021-yil, 4-songa ilova) 3-moddasining ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ushbu Qonun normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash va qabul qilish, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni undirish, davlat xizmatini oʻtash, referendumlar, saylovlar oʻtkazish, mudofaa, jamoat xavfsizligi va huquq-tartibot sohasida, shuningdek tezkor-qidiruv faoliyati, surishtiruv, dastlabki tergov, jinoiy majburlov choralarini qoʻllash bilan bogʻliq boʻlgan boshqa faoliyat, sud ishini yuritish, maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni yuritish, banklarni sanatsiya qilish va tugatish sohasida yuzaga keladigan munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi”.
8. Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 25-fevralda qabul qilingan “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi OʻRQ-677-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, № 2, 146-modda; 2022-yil, № 3, 216, 217-moddalar, № 4, 340-modda; 2023-yil, № 1, 2-modda, № 11, 923-modda; 2024-yil, № 2, 105-modda) 33-moddasining birinchi qismi quyidagi mazmundagi toʻqqizinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“banklarning aktivlari va majburiyatlarini, shuningdek balansdan tashqari moddalarini baholashdan oʻtkazish”.
9. Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 22-aprelda qabul qilingan “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi OʻRQ-684-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, № 4, 289-modda; 2024-yil, № 2, 111-modda, № 11, 1288-modda) 2-moddasi quyidagi mazmundagi uchinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Ushbu Qonunning amal qilishi banklarni sanatsiya qilish va tugatish bilan bogʻliq munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi”.
10. Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 12-aprelda qabul qilingan “Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida”gi OʻRQ-763-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2022-yil, № 4, 338-modda; 2023-yil, № 11, 923-modda; 2024-yil, № 1, 5-modda, № 8, 823-modda, № 10, 1073-modda) quyidagi oʻzgartirishlar kiritilsin:
1) 180-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Sud majburiy tugatilayotgan bankni toʻlovga qobiliyatsiz deb topish toʻgʻrisidagi ishni Markaziy bank tomonidan tayinlangan tugatuvchi tomonidan ariza taqdim etilganda koʻrib chiqish uchun qabul qiladi”;
2) 181-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Qarzdor bank kreditorlarning talablarini qanoatlantirishga qodir boʻlmagan taqdirda yuzaga keladigan munosabatlar hamda banklarning toʻlovga qobiliyatsizligi bilan bogʻliq masalalar “Banklarni sanatsiya qilish va tugatish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni bilan tartibga solinadi”.
11. Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 28-oktabrda qabul qilingan OʻRQ-798-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2022-yil, 10-songa ilova; 2023-yil, № 4, 265-modda, № 11, 923-modda; 2024-yil, № 2, 111-modda, № 7, 627-modda, № 9, 964-modda) quyidagi oʻzgartirishlar kiritilsin:
1) 100-moddaning ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan kafolatlar tashkilot rahbari, uning oʻrinbosarlari, bosh buxgalter bilan, tashkilotda bosh buxgalter lavozimi mavjud boʻlmagan taqdirda esa bosh buxgalter vazifalarini amalga oshiruvchi xodim (bundan buyon matnda bosh buxgalter deb yuritiladi) bilan tuzilgan mehnat shartnomasi mulkdorning almashishi sababli bekor qilingan hollarga nisbatan ham tatbiq etiladi, bundan banklar sanatsiya qilingan taqdirda mehnat shartnomasining bekor qilinishi mustasno”;
2) 173-modda ikkinchi qismining ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“ish beruvchining tashabbusiga koʻra, bundan shartnoma xodimning aybli harakatlari (harakatsizligi) bilan bogʻliq asoslar boʻyicha hamda bank sanatsiya qilinayotganligi sababli bekor qilinganligi mustasno”.
12. Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 3-iyulda qabul qilingan “Raqobat toʻgʻrisida”gi OʻRQ-850-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2023-yil, № 7, 533-modda; 2024-yil, № 9, 955-modda) 22-moddasining ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Alohida hollarda, tabiiy ofatlar, halokatlarning oqibatlarini tugatish va epidemiyalarning oldini olish maqsadida hamda favqulodda vaziyatlar davrida, shuningdek banklarni sanatsiya qilish tartib-taomillarini amalga oshirishda respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan hujjatlarni qabul qilishi va harakatlarni amalga oshirishi mumkin”.
79-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash
Markaziy bank ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
Markaziy bank ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy ichida:
ushbu Qonun 16-moddasining toʻqqizinchi qismida nazarda tutilgan sanatsiya qilish rejasini ishlab chiqish tartibini va uning mazmuniga doir talablarni belgilasin;
ushbu Qonun 18-moddasining oʻn uchinchi qismida nazarda tutilgan baholashni oʻtkazish tartibini belgilasin;
ushbu Qonun 19-moddasining oʻn birinchi qismida nazarda tutilgan baholovchilarni dastlabki tanlangan baholovchilar roʻyxatiga kiritish tartibini, baholovchilarga qoʻyiladigan talablarni, shuningdek baholovchilarni baholash qoidalarini belgilasin;
ushbu Qonun 22-moddasining oʻn beshinchi qismida nazarda tutilgan sanatsiya qilinayotgan bankka maxsus boshqaruvchini tayinlash tartibini va maxsus boshqaruvchining faoliyati bilan bogʻliq qoidalarni belgilasin;
ushbu Qonun 25-moddasining oltinchi qismida nazarda tutilgan aktivlar va majburiyatlarni oʻtkazish (sotish) vositasining qoʻllanilish tartibini belgilasin;
ushbu Qonun 29-moddasining beshinchi qismida nazarda tutilgan oraliq bankni tashkil etish, uning faoliyatini amalga oshirish va uni tugatish tartibini belgilasin;
ushbu Qonun 34-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan hisobdan chiqarish va (yoki) konvertatsiya qilish vositasini qoʻllash, shu jumladan kapital vositalarining va majburiyatlarning hisobdan chiqarilishi va (yoki) konvertatsiya qilinishi lozim boʻlgan summasini aniqlash, shuningdek istisno etiladigan majburiyatlarni aniqlash shartlari va tartibini belgilasin;
ushbu Qonun 35-moddasining beshinchi qismida nazarda tutilgan qayta tashkil etish rejasini ishlab chiqish va taqdim etish, shuningdek uni baholash tartibini belgilasin;
ushbu Qonun 39-moddasining oʻn toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan sanatsiya qilish jamgʻarmasini boshqarish tartibini belgilasin;
ushbu Qonun 43-moddasining beshinchi qismida nazarda tutilgan kompensatsiyalar toʻlash tartibini, shuningdek zararlarni baholashni oʻtkazish qoidalarini, baholovchiga qoʻyiladigan talablarni hamda baholovchilarni tanlab olish shartlari va tartibini belgilasin;
ushbu Qonun 47-moddasining yettinchi qismida nazarda tutilgan bank faoliyatini tugatish va bankni ixtiyoriy yoki majburiy shaklda tugatish tartibini belgilasin.
80-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
81-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 23-iyun,
OʻRQ-1070-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.06.2025-y., 03/25/1070/0536-son; 14.07.2026-y., 03/26/1158/0727-son)