Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2024-yil 18-oktabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2025-yil 24-yanvarda maʼqullangan
Senat tomonidan 2025-yil 24-yanvarda maʼqullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi jismoniy shaxslarning, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlarning, shuningdek yuridik shaxslarning banklardagi omonatlarini kafolatlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari toʻgʻrisidagi qonunchilik
Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
agent-bank — kafolatlangan omonatlar boʻyicha kompensatsiya toʻlash uchun Omonatlarni kafolatlash agentligi tomonidan tanlab olingan bank;
badallar — bir yoʻla toʻlanadigan, kalendar va maxsus badallar tarzida banklar tomonidan Omonatlarni kafolatlash jamgʻarmasiga toʻlanishi lozim boʻlgan pul mablagʻlari;
kafolatlash obyekti — omonatchining bankdagi ushbu Qonunga muvofiq kafolatlanadigan pul mablagʻlari;
kafolatlangan omonat — kafolatlangan omonatlar boʻyicha kompensatsiya toʻlanadigan kafolatlash obyekti yoki uning bir qismi;
kafolatlangan omonatlar boʻyicha kompensatsiya (bundan buyon matnda kompensatsiya deb yuritiladi) — kafolatlash hodisasi yuzaga kelganda Omonatlarni kafolatlash agentligi tomonidan toʻlanadigan pul mablagʻlari;
Oldingi tahrirga qarang.
kafolatlash hodisasi — bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyani va (yoki) islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyani chaqirib olish va bankni majburiy tugatish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki (bundan buyon matnda Markaziy bank deb yuritiladi) tomonidan qaror qabul qilinishi natijasida yuzaga keladigan holat;
(3-moddaning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi OʻRQ-1126-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
Omonatlarni kafolatlash jamgʻarmasi (bundan buyon matnda Jamgʻarma deb yuritiladi) — ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartibda Omonatlarni kafolatlash agentligi tomonidan boshqariladigan, alohida ajratilgan mablagʻlar yigʻindisi;
Oldingi tahrirga qarang.
omonatchi — bank bilan bank omonati shartnomasini yoki bank hisobvaragʻi shartnomasini yoxud investitsiyaviy omonat shartnomasini tuzgan jismoniy yoki yuridik shaxs yoxud omonat uning foydasiga qoʻyilgan shaxs.
(3-moddaning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi OʻRQ-1126-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
2-bob. Omonatlarni kafolatlash agentligining huquqiy maqomi, faoliyati va uni boshqarish
4-modda. Omonatlarni kafolatlash agentligining faoliyati toʻgʻrisida umumiy qoidalar
Omonatlarni kafolatlash agentligi (bundan buyon matnda Agentlik deb yuritiladi) davlat muassasasi boʻlib, u banklardagi omonatlarning himoya qilinishini kafolatlash sohasidagi vakolatli organ hisoblanadi.
Agentlikning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
Jamgʻarmani boshqarish;
Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan ushbu Qonunga muvofiq kompensatsiyalar toʻlash;
bankni sanatsiya qilishda Jamgʻarma va sanatsiya jamgʻarmasi mablagʻlaridan foydalanish;
kafolatlash obyektlarining egalari boʻlgan omonatchilarning manfaatlarini himoya qilish;
jamoatchilikning bank tizimiga boʻlgan ishonchini oshirish va bank tizimi barqarorligini taʼminlash.
Agentlik oʻz vakolatlarini amalga oshirishda mustaqildir.
Agentlik Jamgʻarma mablagʻlarini va sanatsiya jamgʻarmasi mablagʻlarini saqlash uchun Markaziy bankda, shuningdek Agentlikning operatsion faoliyatini amalga oshirish uchun tijorat bankida hisobvaraqlar ochadi.
Agentlik moliyaviy yordam koʻrsatishi va xayriya faoliyati bilan shugʻullanishi, shuningdek yuridik shaxslarning muassisi boʻlishi mumkin emas, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno.
Davlat organlariga va ularning mansabdor shaxslariga, shuningdek yuridik shaxslarga, shu jumladan banklarga Agentlikning faoliyatiga aralashish taqiqlanadi, bundan ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno.
Davlat muassasalarining tashkil etilishi (qayta tashkil etilishi), faoliyat yuritishi va tugatilishi tartibini belgilaydigan qonunchilik hujjatlari Agentlikning faoliyatiga nisbatan ushbu Qonunga zid boʻlmagan qism boʻyicha tatbiq etiladi.
5-modda. Agentlikning huquqlari
Agentlik:
banklardan ushbu Qonun 17-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan badallarning oʻz vaqtida va toʻliq miqdorda toʻlanishini talab qilishga;
banklardan istalgan vaqtda kafolatlash obyektlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni egasizlantirilgan tarzda, shu jumladan Agentlik oʻz majburiyatlarini bajarishi uchun kafolatlash obyektlari va kafolatlangan omonat summalarini aniqlashi uchun zarur boʻlgan axborotni soʻrab olishga, shuningdek olingan axborot boʻyicha tushuntirish berilishini talab qilishga;
Markaziy bankdan Agentlik oʻz majburiyatlarini bajarishi uchun zarur boʻlgan maʼlumotlar va axborotni soʻrab olishga;
maxsus badallar toʻlanishini belgilashga;
Jamgʻarma mablagʻlarini toʻldirish maqsadida yuridik shaxslardan qarzlar, shuningdek grantlar va ushbu Qonunda nazarda tutilgan boshqa qarz mablagʻlarini olishga;
ushbu Qonunga muvofiq investitsiya faoliyatini amalga oshirishga;
Oldingi tahrirga qarang.
Jamgʻarma mablagʻlari yetarli boʻlmagan taqdirda, likvidlilikni taʼminlash uchun Markaziy bank tomonidan maqbul deb topilgan taʼminot asosida Markaziy bank bilan kredit va (yoki) islomiy moliya shartnomalarini tuzishga;
(5-modda birinchi qismining sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi OʻRQ-1126-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
jamoatchilikni omonatlarni kafolatlash tizimi toʻgʻrisida xabardor etishni banklardan talab qilishga;
banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari toʻgʻrisidagi qonunchilik talablarining aniqlangan buzilishlarini bartaraf etish toʻgʻrisida banklarga koʻrsatmalar yuborishga;
Markaziy bank tomonidan banklarda oʻtkaziladigan inspeksiyada (tekshiruvlarda) banklar tomonidan omonatlarni himoya qilish kafolatlari toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga banklar rioya etishga oid qismida ishtirok etishga;
kompensatsiyalar toʻlash jarayonini amalga oshirish chogʻida agent-bank vazifalarini bajarish uchun bir yoki bir nechta bankni tanlashga;
agar kafolatlash hodisasi yuzaga kelgan bankning tugatuvchisi (bundan buyon matnda tugatuvchi deb yuritiladi) tomonidan taqdim etilgan axborot va maʼlumotlar kompensatsiyalarni toʻlash boʻyicha tadbirlarni amalga oshirish uchun yetarli boʻlmasa, tugatuvchidan qoʻshimcha axborot va maʼlumotlarni, shu jumladan hujjatlarning koʻchirma nusxalarini soʻrab olishga haqli.
Agentlik qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
6-modda. Agentlikning majburiyatlari
Agentlik:
omonatlarni kafolatlash tizimida ishtirok etayotgan banklarning reyestrini yuritishi;
kalendar badal stavkasini belgilashi;
ushbu Qonunga muvofiq banklar tomonidan Jamgʻarmaga toʻlanishi lozim boʻlgan badallarning toʻgʻri hisoblab chiqilganligi, oʻz vaqtida va toʻliq oʻtkazilganligi ustidan nazoratni amalga oshirishi;
Jamgʻarma mablagʻlaridan va sanatsiya jamgʻarmasi mablagʻlaridan banklarni sanatsiya qilishda foydalanishi;
muntazam ravishda, biroq uch yilda kamida bir marta kafolatlangan omonat miqdorini va Jamgʻarma mablagʻlarining maqsadli miqdorini baholashi;
kafolatlash hodisasi yuzaga kelganda kompensatsiyani ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartibda, shartlarda va miqdorlarda toʻlashi;
kafolatlash obyektlari egalariga kompensatsiyalar toʻlash uchun Agentlikka taqdim etilgan reyestrdagi oʻzlariga taalluqli maʼlumotlar bilan tanishish imkoniyatini berishi;
kafolatlash hodisasi yuzaga kelganda kompensatsiyalar toʻlash jarayoni toʻgʻrisidagi dolzarb axborotni oʻz rasmiy veb-saytida eʼlon qilishi, shuningdek omonatchilarning soʻrovlariga koʻra ularning talablari toʻgʻrisidagi axborotni taqdim etishi;
ushbu Qonun talablariga muvofiq jamoatchilikni omonatlarni kafolatlash tizimi toʻgʻrisida xabardor qilishi;
ushbu Qonunning 15-moddasida nazarda tutilgan majburiyatlar banklar tomonidan buzilganligi toʻgʻrisida Markaziy bankni xabardor qilishi;
oʻz vazifalarini bajarish jarayonida banklar va ularning omonatchilari toʻgʻrisida maʼlum boʻlib qolgan axborotdan faqat Agentlik zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish maqsadlarida foydalanishi;
oʻz vazifalarini bajarish jarayonida oʻziga maʼlum boʻlib qolgan yoki ushbu Qonunga muvofiq taqdim etilgan maʼlumotlarning, shu jumladan bank yoki tijorat sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarning yoxud qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirning but saqlanishi va maxfiyligini taʼminlashi;
Jamgʻarma mablagʻlarining va sanatsiya jamgʻarmasi mablagʻlarining hisobini alohida-alohida yuritishi shart.
Agentlik zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
7-modda. Agentlikning boshqaruv organlari
Agentlikning kuzatuv kengashi (bundan buyon matnda Kengash deb yuritiladi) va Agentlikning bosh direktori (bundan buyon matnda bosh direktor deb yuritiladi) Agentlikning boshqaruv organlaridir.
8-modda. Kengash
Kengash Agentlikning yuqori boshqaruv organidir.
Kengash besh nafar aʼzodan iborat boʻlib, uning tarkibiga Markaziy bank raisi, Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining oʻrinbosari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hamda Oʻzbekiston banklar assotsiatsiyasining tegishincha mazkur davlat organi va tashkilot tomonidan tayinlangan bittadan vakili hamda Markaziy bank tomonidan tayinlanadigan mustaqil aʼzo kiradi.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan davlat organlari va tashkilot Kengash aʼzolari tayinlangan kundan eʼtiboran besh ish kuni ichida Agentlikni xabardor qiladi.
Markaziy bank raisi Kengash raisi hisoblanadi. Rais oʻrinbosari Kengash aʼzolari orasidan saylanadi.
Kengash aʼzolarining vakolatlari muddati ular tayinlangan kundan eʼtiboran besh yilni tashkil etadi, bundan Kengash raisi mustasno. Kengash aʼzolari takroran tayinlanishi mumkin.
Kengash aʼzolariga qonunchilikka muvofiq haq toʻlanadi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 15-bobi.
Vakolatlari muddati tugagan Kengash aʼzosi oʻz vazifalarini Kengashning yangi aʼzosi tayinlanguniga qadar bajarib turadi.
Kengash aʼzolari ularning nomzodini Kengashda vakil sifatida koʻrsatgan davlat organlarining yoki tashkilotning manfaatlaridan qatʼi nazar, oʻz vazifalarini xolisona bajarishi shart.
9-modda. Kengash aʼzolariga qoʻyiladigan talablar
Quyidagi shaxs Kengash aʼzosi etib tayinlanishi mumkin:
Oʻzbekiston Respublikasida yashayotgan;
ishchanlik obroʻsiga doir talablarga mos boʻlgan;
oliy iqtisodiy yoki yuridik maʼlumotga, moliya-bank yoki huquq sohasida kamida besh yil rahbarlik lavozimlarida ish tajribasiga ega boʻlgan shaxs.
Ishchanlik obroʻsiga doir talablar quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
iqtisodiy sohadagi jinoyati yoki boshqaruv tartibiga qarshi jinoyati yoxud jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirish bilan bogʻliq jinoyati uchun tugallanmagan yoxud olib tashlanmagan sudlanganlik holati mavjud emasligini;
moliya (kredit) tashkilotining moliyaviy ahvoli yomonlashishiga yoki bankrot deb topilishiga yoki amalga oshirayotgan faoliyati tugatilishiga olib kelgan harakatlarni va (yoki) harakatsizlikni sodir etishga aloqadorligini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emasligini.
Quyidagi shaxs Kengash aʼzosi boʻlishi mumkin emas:
bank xodimi;
bankning ustav kapitalida besh foizdan yuqori ulushga bevosita yoki bilvosita ega boʻlgan shaxs yoki shunday ulushning benefitsiar mulkdori;
bank boshqaruvi aʼzosining, muhim ahamiyatga ega xodimning va ushbu qismning uchinchi xatboshisida koʻrsatilgan shaxslarning yaqin qarindoshi;
Kengash aʼzolarining va bosh direktorning yaqin qarindoshi;
egallab turgan lavozimi Kengash aʼzosi sifatidagi vazifalarini bajarish chogʻida manfaatlar toʻqnashuviga olib kelishi mumkin boʻlgan shaxs.
10-modda. Kengashning vakolatlari
Kengash:
Agentlik faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi;
Agentlikning ustavini, odob-axloq kodeksini, Agentlikning faoliyatini tartibga soluvchi normativ hujjatlarni, shuningdek ularga kiritiladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalarni tasdiqlaydi;
tovarlar va xizmatlarni xarid qilish, favqulodda vaziyatlarda harakatlarni rejalashtirish qoidalarini, shuningdek ularga kiritiladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalarni tasdiqlaydi;
Agentlikning strategik va yillik rejalarini tasdiqlaydi hamda ularning ijrosi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
Agentlikning tashkiliy tuzilmasini va shtatlar jadvalini tasdiqlaydi;
Agentlikning yillik budjetini va unga oʻzgartirishlarni, moliyaviy hisobotlarni, yillik hisobotni va boshqa hisobotlarni tasdiqlaydi;
bosh direktorni lavozimga tayinlaydi va lavozimidan ozod etadi, uning faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradi;
Agentlik xodimlarining, shu jumladan bosh direktorning mehnatiga haq toʻlash tizimini tasdiqlaydi;
kalendar badal stavkasini barcha banklar uchun yagona boʻlgan stavkani va (yoki) banklarning tavakkalchilik darajasidan kelib chiqqan holda aniqlanadigan stavkalarni tasdiqlash orqali belgilaydi;
maxsus badalni belgilash toʻgʻrisida qaror qabul qiladi, shu jumladan maxsus badal miqdorini va uni toʻlash shartlarini belgilaydi;
Jamgʻarma mablagʻlarining maqsadli miqdorining, kafolatlangan omonat miqdorining yetarliligini baholash va bankning depozit bazasini aniqlash uslubiyatini tasdiqlaydi, shuningdek unga muvofiq Jamgʻarma mablagʻlarining maqsadli miqdorini va kafolatlangan omonat miqdorini muntazam ravishda baholaydi;
kafolatlash hodisasi yuzaga kelganda ushbu Qonunda nazarda tutilgan shartlarda va miqdorlarda kompensatsiyalar toʻlash toʻgʻrisida qaror qabul qiladi hamda ularning toʻlanishini tashkil etadi;
Jamgʻarma mablagʻlaridan va sanatsiya jamgʻarmasi mablagʻlaridan banklarni sanatsiya qilishda foydalanish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
Agentlikning ichki nazorat hamda ichki audit xizmati ishini tashkil etadi;
har yilgi majburiy auditorlik tekshiruvini oʻtkazish uchun auditorlik tashkilotini tanlash mezonlarini tasdiqlaydi va auditorlik tashkilotini belgilash toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
Jamgʻarma mablagʻlarining haqiqatdagi yoki ehtimoliy taqchilligi mavjudligi toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
Jamgʻarma mablagʻlarini investitsiya qilish siyosatini tasdiqlaydi;
jamoatchilikni omonatlarni kafolatlash tizimi toʻgʻrisida xabardor etish strategiyasini tasdiqlaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
Jamgʻarma mablagʻlari taqchilligi yuzaga kelganda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan budjet ssudasini yoki Markaziy bankdan kredit va (yoki) islomiy moliya vositalarini, shuningdek ushbu Qonunda nazarda tutilgan yuridik shaxslardan qarz mablagʻlarini jalb etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
(10-modda birinchi qismining yigirmanchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi OʻRQ-1126-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
Agentlikning faoliyati bilan bogʻliq xalqaro tashkilotlarda ishtirok etish va ularga aʼzo boʻlish, ular bilan omonatlarni kafolatlash sohasida axborot almashish boʻyicha hamkorlik qilish toʻgʻrisida bitimlar tuzish haqida qaror qabul qiladi;
Kengash aʼzosining vakolatlarini tugatish uchun asoslar yuzaga kelganda Kengash aʼzosini tayinlagan davlat organini yoki tashkilotni Kengash aʼzosining vakolatlari tugatilganligi toʻgʻrisida xabardor etadi.
Kengash qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
11-modda. Kengashning majlislari
Kengashning navbatdagi majlislari yillik jadvalga muvofiq har chorakda kamida bir marta oʻtkaziladi. Yillik jadval Kengash raisi tomonidan har yilning 31-dekabridan kechiktirmay tasdiqlanadi.
Kengashning navbatdagi majlislari Kengash raisi tomonidan chaqiriladi.
Kengashning navbatdan tashqari majlislari Kengash raisi, Kengashning ikki nafar aʼzosi yoki bosh direktor tomonidan istalgan vaqtda chaqirilishi mumkin.
Kengash majlisi unda Kengashning kamida uch nafar aʼzosi ishtirok etgan taqdirda vakolatli boʻladi.
Kengashning qarorlari Kengash majlisida ishtirok etayotgan Kengash aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlib qolgan taqdirda, raislik qiluvchining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Kengash majlislarida Kengash raisi, u yoʻq boʻlganda esa — Kengash raisining oʻrinbosari raislik qiladi. Kengash raisi va uning oʻrinbosari yoʻq boʻlgan taqdirda Kengash majlisida ishtirok etayotgan Kengash aʼzolari Kengash aʼzolaridan birini Kengash majlisida raislik qiluvchi vazifasini bajarish uchun saylaydi.
Kengash majlislari Kengash aʼzolarining bevosita ishtirokida, alohida hollarda videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda oʻtkaziladi.
Kengash majlislarining bayonnomalari Kengash majlisida hozir boʻlgan barcha aʼzolar tomonidan imzolanadi.
Ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi mavjud boʻlmagan taqdirda, Bosh direktor Kengash majlislarida ovoz berish huquqisiz ishtirok etishi mumkin.
Kengash koʻrilayotgan masalalar boʻyicha fikr bildirish uchun Kengash majlislariga uchinchi shaxslarni, shu jumladan banklarning vakillarini ovoz berish huquqisiz va maxfiy axborotni himoya qilish boʻyicha choralar koʻrish sharti bilan taklif etishi mumkin.
Kengash majlislarini oʻtkazish tartibi Kengash tomonidan belgilanadi.
12-modda. Kengash aʼzolarining vakolatlarini tugatish
Kengash aʼzolarining vakolatlarini tugatish uchun quyidagilar asos boʻladi:
Kengash aʼzosining vakolatlari muddati tugaganligi;
Kengash aʼzosi uni tayinlagan davlat organi yoki tashkilot tomonidan chaqirib olinganligi;
Kengashning aʼzosi oʻn ikki oy davomida kamida uchta majlisda uzrli sabablarsiz yoʻq boʻlganligi;
sudning Kengash aʼzosini jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topish haqidagi qonuniy kuchga kirgan ayblov hukmi mavjudligi;
Kengash aʼzosining ushbu Qonunning 9-moddasida belgilangan talablarga javob bermasligini tasdiqlovchi asoslar yuzaga kelganligi;
davlat tibbiy komissiyasining xulosasiga asosan Kengash aʼzosi sogʻligʻining holatiga koʻra oʻz vazifalarini bajara olmasligi;
odob-axloq kodeksi normalarini jiddiy tarzda buzganligi, shu jumladan manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida xabardor qilmaganligi;
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida”gi Qonuni.
Kengash aʼzosi vafot etganligi yoki sudning qarori bilan vafot etgan deb eʼlon qilinganligi.
Kengash raisi ushbu Qonun 8-moddasining ikkinchi qismida koʻrsatilgan davlat organlaridan va tashkilotdan Kengash aʼzosini tayinlashni, shu jumladan vakolatlari tugatilgan Kengash aʼzosining oʻrniga Kengash aʼzosini tayinlashni talab qilishga haqli. Bunda Kengash aʼzolarini tayinlovchi davlat organlari va tashkilot mazkur talab olingan kundan eʼtiboran yetti ish kuni ichida Kengash aʼzosini tayinlashi shart.
13-modda. Bosh direktor
Bosh direktor Agentlikning joriy faoliyati uchun javobgar boʻladi va uni boshqaradi.
Bosh direktor Kengash tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Bosh direktor ushbu Qonunning 9-moddasida belgilangan talablarga muvofiq boʻlishi kerak.
Bosh direktor besh yil muddatga tayinlanadi. Ishining samaradorligi koʻrsatkichlaridan kelib chiqib, ayni bir shaxs bosh direktor lavozimiga keyingi muddatlarga tayinlanishi mumkin.
Bosh direktor Kengashga hisobdordir.
Bosh direktorning huquq va majburiyatlari Agentlikning ichki hujjatlari hamda mehnat shartnomasi bilan tartibga solinadi.
Bosh direktor:
ushbu Qonun bilan oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun javobgar boʻladi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi hududida va xorijda Agentlik nomidan ishonchnomasiz ish yuritadi;
Kengash qarorlarining ijrosini taʼminlaydi;
ushbu Qonunda nazarda tutilgan badallarning banklar tomonidan oʻz vaqtida va toʻliq oʻtkazilganligi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
kompensatsiyalar toʻlanishini tashkil etadi;
Agentlikning mol-mulkini boshqaradi;
Agentlikning yillik hisoboti va boshqa hisobotlari tayyorlanishini taʼminlaydi;
Agentlikning nomidan bitimlar, shu jumladan mehnat shartnomalari tuzadi;
Agentlikning har yilgi majburiy auditorlik tekshiruvidan oʻtkazilishini taʼminlaydi;
banklar tomonidan banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari toʻgʻrisidagi qonunchilikning buzilishi hollari toʻgʻrisida Markaziy bankni xabardor etadi;
Kengashning vakolatiga kiradigan masalalarni Kengash muhokamasiga kiritadi.
Bosh direktorning zimmasida Kengash qarorlariga va mehnat shartnomasiga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
3-bob. Omonatlarni kafolatlash tizimi. Jamgʻarma mablagʻlarini boshqarish
14-modda. Omonatlarni kafolatlash tizimi va uning ishtirokchilari
Omonatlarni kafolatlash tizimi (bundan buyon matnda kafolatlash tizimi deb yuritiladi) kafolatlash hodisasi yuzaga kelganda Agentlik tomonidan omonatchilarga kompensatsiyalarni toʻlash orqali omonatchilarning huquqlarini va qonuniy manfaatlarini davlat tomonidan himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlar majmuidir.
Kafolatlash tizimida Agentlik, banklar va kafolatlash obyektlarining egalari ishtirok etadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga va (yoki) islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga (bundan buyon matnda bank faoliyatiga doir tegishli litsenziya (litsenziyalar) deb yuritiladi) ega boʻlgan bankning kafolatlash tizimida ishtirok etishi shart.
(14-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi OʻRQ-1126-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
Oldingi tahrirga qarang.
Bank, shu jumladan mikromoliya banki va qonunchilikka muvofiq tashkil etilgan oraliq bank faoliyatiga doir tegishli litsenziya (litsenziyalar) berilgan paytdan eʼtiboran kafolatlash tizimining ishtirokchisiga aylanadi.
(14-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi OʻRQ-1126-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
Oldingi tahrirga qarang.
Bankning kafolatlash tizimidagi ishtiroki bank faoliyatiga doir tegishli litsenziya (litsenziyalar) Markaziy bank tomonidan chaqirib olingan taqdirda tugatiladi.
(14-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi OʻRQ-1126-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
15-modda. Kafolatlash tizimida ishtirok etayotgan bankning majburiyatlari
Kafolatlash tizimida ishtirok etayotgan bank:
ushbu Qonunda nazarda tutilgan badallarni oʻz vaqtida va toʻliq miqdorda toʻlashi, bundan ushbu Qonun 17-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno;
toʻlangan badallar toʻgʻri hisoblanganligini tasdiqlovchi maʼlumotlarni Markaziy bank tomonidan belgilangan shaklda Agentlikka taqdim etishi;
omonatchining soʻroviga koʻra bankning kafolatlash tizimidagi ishtiroki, qonunchilikka muvofiq toʻlanadigan kompensatsiya miqdorlari va uni toʻlash tartibi toʻgʻrisida axborot berishi;
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 43-bobi.
omonatchilar va kafolatlash obyektlari toʻgʻrisida aniq va toʻgʻri maʼlumotlarga ega boʻlishi;
kafolatlash obyektlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Markaziy bank tomonidan belgilangan tartibga muvofiq egasizlantirilgan tarzda, Agentlikning soʻroviga koʻra taqdim etishi;
Agentlik oʻz majburiyatlarini bajarishi uchun unga boshqa axborot resurslaridan, shuningdek bankning boshlangʻich hisob hujjatlaridan qonunchilikka muvofiq foydalanish imkoniyatini berishi;
kafolatlash tizimi toʻgʻrisida jamoatchilikni xabardor etishi;
aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi tomonidan bankni ixtiyoriy ravishda tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganligi haqida omonatchilarni xabardor etishi shart.
Bankning zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni.
16-modda. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish
Jamgʻarma mablagʻlarining manbalari quyidagilardan iborat:
banklarning bir yoʻla toʻlanadigan, kalendar va maxsus badallari;
badallar oʻz vaqtida va (yoki) toʻliq toʻlanmaganligi uchun penyalar;
Agentlikning tugatilayotgan bankka nisbatan talab qilish huquqini qanoatlantirishdan olingan mablagʻlar;
Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh mablagʻlarini investitsiya qilishdan olingan daromadlar;
yuridik shaxslardan, shu jumladan xalqaro moliya tashkilotlaridan jalb etilgan qarzlar, grantlar, xayriya mablagʻlari, shuningdek ushbu Qonunga muvofiq jalb etilgan boshqa qarz mablagʻlari;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Jamgʻarma mablagʻlarining maqsadli miqdori banklardagi kafolatlash obyektlari umumiy summasining besh foizi darajasida belgilanadi. Mazkur miqdor Jamgʻarma mablagʻlarining, shu jumladan investitsiya qilingan mablagʻlarning har chorakning oxirgi kunidagi holatga koʻra barcha banklarning depozit bazasiga boʻlgan nisbati sifatida hisob-kitob qilinadi. Bunda Agentlik tomonidan jalb etilgan kredit va qarz mablagʻlarining summasi Jamgʻarmaning mablagʻlarida hisobga olinmaydi.
Jamgʻarma mablagʻlarining miqdori ushbu moddaning ikkinchi qismida belgilangan maqsadli miqdordan oshgan hamda ketma-ket ikki yil davomida Jamgʻarma mablagʻlarining maqsadli miqdoridan yuqori darajada saqlanib turgan taqdirda, Kengash kalendar badalning stavkasini Agentlikning maʼmuriy va operatsion xarajatlari oʻrnini toʻliq qoplash uchun yetarli boʻlgan darajagacha pasaytirish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin.
Jamgʻarma mablagʻlarining miqdori ushbu moddaning ikkinchi qismida belgilangan maqsadli miqdordan kamayib ketgan taqdirda, Kengash kalendar badal stavkasini qayta koʻrib chiqishi kerak.
Jamgʻarmaning mablagʻlarini xatlash, undiruvni ushbu mablagʻlarga qaratish yoki ularni ushlab qolish mumkin emas.
17-modda. Jamgʻarmaga toʻlanadigan badallar
Banklar Jamgʻarmaga bir yoʻla toʻlanadigan, kalendar va maxsus badallar toʻlaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Oraliq bank bir yoʻla toʻlanadigan badalni, shuningdek unga bank faoliyatiga doir tegishli litsenziya (litsenziyalar) berilgan kundan eʼtiboran olti oy davomida kalendar va maxsus badallarni toʻlashdan ozod etiladi. Mazkur badallarni toʻlashdan ozod etilganlik oraliq bankning ushbu Qonunda nazarda tutilgan talablarga rioya etish majburiyatini, shu jumladan Agentlikka maʼlumotlarni taqdim etish majburiyatini, shuningdek kafolatlash hodisasi yuzaga kelganda oraliq bankdagi kafolatlangan omonatlar boʻyicha kompensatsiyalar toʻlash boʻyicha Agentlikning majburiyatini bekor qilmaydi.
(17-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi OʻRQ-1126-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
Jamgʻarmaga badallar Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasida toʻlanadi. Toʻlangan badallar summasi banklarning xarajatlari jumlasiga kiritiladi va soliq bazasini aniqlashda chegirib tashlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Bank tomonidan ushbu Qonunga muvofiq toʻlanadigan badallar va boshqa toʻlovlar bankning bank faoliyatiga doir tegishli litsenziyasi (litsenziyalari) chaqirib olingan kunga qadar hisoblanadi va mazkur bank omonatlarni kafolatlash tizimida ishtirok etayotgan banklarning reyestridan chiqarilganligidan qatʼi nazar, Agentlikka toʻlanishi kerak.
(17-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi OʻRQ-1126-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
18-modda. Bir yoʻla toʻlanadigan badal
Bir yoʻla toʻlanadigan badal deganda yangidan tashkil etilgan bank tomonidan, bundan oraliq bank va qayta tashkil etish yoʻli bilan tashkil etilgan bank mustasno, Jamgʻarmaga dastlabki toʻlanadigan pul mablagʻlari tushuniladi.
Bankning bir yoʻla toʻlanadigan badali miqdori qonunchilikda belgilangan bank ustav kapitali eng kam miqdorining 0,1 foizini tashkil etadi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni.
Oldingi tahrirga qarang.
Bank tomonidan bir yoʻla toʻlanadigan badal bank faoliyatiga doir tegishli litsenziya (litsenziyalar) berilgan kundan eʼtiboran oʻn ish kuni ichida toʻlanishi kerak.
(18-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi OʻRQ-1126-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
19-modda. Kalendar badal
Kalendar badal deganda bank tomonidan Jamgʻarmaga har chorakda toʻlanadigan pul mablagʻlari tushuniladi.
Kalendar badal hisobot choragidan keyingi oyning 15 sanasidan kechiktirmay toʻlanishi kerak.
Kalendar badal summasini hisob-kitob qilish Kengash tomonidan belgilangan kalendar badal stavkasini bankning depozit bazasi summasiga koʻpaytirish orqali amalga oshiriladi.
Kalendar badal stavkasi chorak uchun 0,5 foizdan oshishi mumkin emas. Kalendar badalning stavkasi har yil 30-oktabrdan kechiktirmasdan belgilanadi.
Bankning depozit bazasini aniqlash tartibi Kengash tomonidan belgilanadi.
Agar Kengash kalendar badal stavkasini banklarning tavakkalchiliklari darajasidan kelib chiqib tasdiqlagan boʻlsa, banklarning tavakkalchiliklari darajasini baholash Kengash tomonidan tasdiqlangan uslubiyat asosida yoki Markaziy bank tomonidan taqdim etilgan tavakkalchiliklar tasnifi asosida amalga oshiriladi. Mazkur qismda nazarda tutilgan banklarning tavakkalchiliklari darajasi bahosi oshkor etilmaydi, bundan tavakkalchiliklar darajasi guruhlari toʻgʻrisidagi axborot mustasno. Agentlik bankning tavakkalchiliklari darajasi bahosi haqida mazkur bankka hamda Markaziy bankka xabar beradi.
Kalendar badalning tasdiqlangan stavkasi toʻgʻrisidagi axborot Agentlik tomonidan banklarga va Markaziy bankka stavka tasdiqlangan kundan eʼtiboran besh ish kuni ichida taqdim etiladi. Kengash tomonidan kalendar badal stavkasi ushbu moddaning toʻrtinchi qismida belgilangan muddatda tasdiqlanmagan taqdirda, keyingi moliyaviy yil uchun amalda boʻlgan kalendar badal stavkasi qoʻllaniladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Markaziy bank tomonidan omonatlarga pul mablagʻlari jalb qilinishining toʻxtatib turilishi yoki bank faoliyatiga doir tegishli litsenziyaning (litsenziyalarning) chaqirib olinishi bankni tegishli chorak uchun kalendar badalni toʻlashdan ozod etmaydi.
(19-moddaning sakkizinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi OʻRQ-1126-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
Oldingi tahrirga qarang.
Bank faoliyatiga doir tegishli litsenziya (litsenziyalar) chaqirib olingan taqdirda joriy chorak uchun kalendar badal mazkur chorak boshidan bank faoliyatiga doir tegishli litsenziya (litsenziyalar) chaqirib olingan sanaga qadar oʻtgan kunlar soniga mutanosib ravishda hisoblanadi.
(19-moddaning toʻqqizinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi OʻRQ-1126-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
Kalendar badal belgilangan muddatlarda toʻlanmagan yoki toʻliq toʻlanmagan taqdirda, Markaziy bank tomonidan qonunchilikka muvofiq qoʻllanilishi mumkin boʻlgan boshqa choralar va sanksiyalardan qatʼi nazar, toʻlanmagan summaga har bir muddati oʻtgan kun uchun Markaziy bank asosiy stavkasining ikki baravari miqdorida penya hisoblanadi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2006-yil 22-dekabrdagi 13/150-son “Kredit shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlar bajarilishini taʼminlash toʻgʻrisidagi fuqarolik qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi qarori.
Oldingi tahrirga qarang.
Hisobot choragi uchun toʻlangan kalendar badalning ortiqcha summasi kelgusi kalendar badal hisobida hisobga olinadi. Bank faoliyatiga doir tegishli litsenziya (litsenziyalar) chaqirib olingan taqdirda, ushbu Qonunga muvofiq omonatchilardan Agentlikka oʻtgan tugatilayotgan bankka nisbatan talablar ortiqcha toʻlangan badallar summasiga kamayadi.
(19-moddaning oʻn birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi OʻRQ-1126-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
20-modda. Maxsus badal
Maxsus badal deganda kalendar badalga qoʻshimcha ravishda Jamgʻarmaga toʻlanadigan pul mablagʻlari tushuniladi.
Maxsus badal Jamgʻarma mablagʻlarining haqiqatdagi yoki ehtimoldagi taqchilligini bartaraf etish va (yoki) kompensatsiyalar toʻlash yoki sanatsiya vositalarini qoʻllash uchun jalb etilgan qarz mablagʻlarini toʻlash, shuningdek Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanilganidan keyin Jamgʻarma mablagʻlarini belgilangan muddatlarda maqsadli miqdorga yetkazish uchun belgilanadi.
Maxsus badallardan Agentlikning maʼmuriy xarajatlarini moliyalashtirish uchun foydalanilishi mumkin emas.
Maxsus badallar quyidagi shartlarga rioya etgan holda belgilanishi mumkin:
maxsus badalni belgilash toʻgʻrisida qaror qabul qilingan sanadan avvalgi oʻn ikki oy davomida mazkur badallar undirilmagan boʻlishi;
Oldingi tahrirga qarang.
faoliyatini bank faoliyatiga doir tegishli litsenziya (litsenziyalar) olingan kundan eʼtiboran bir yildan ortiq amalga oshirayotgan bankning maxsus badali miqdori maxsus badalni belgilash toʻgʻrisida qaror qabul qilingan sanadan oldingi chorakning oxirgi kuni holatiga koʻra bankning shunday banklarning jami depozit bazasidagi ulushiga mutanosib boʻlishi hamda maxsus badalni belgilash toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan sanadan avvalgi oʻn ikki oy davomida bank toʻlashi lozim boʻlgan kalendar badallar miqdoridan oshmasligi;
(20-modda toʻrtinchi qismining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi OʻRQ-1126-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
Oldingi tahrirga qarang.
faoliyatini bank faoliyatiga doir tegishli litsenziya (litsenziyalar) olingan kundan eʼtiboran bir yildan kam amalga oshirayotgan bankning maxsus badali miqdori maxsus badalni belgilash toʻgʻrisida qaror qabul qilingan sanaga qadar bank toʻlashi lozim boʻlgan kalendar badallar miqdoridan oshmasligi.
(20-modda toʻrtinchi qismining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi OʻRQ-1126-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
Kengashning maxsus badalni belgilash toʻgʻrisidagi qarori Markaziy bank bilan kelishilishi lozim. Mazkur qarorni kelishishda Markaziy bank maxsus badal toʻlanishining Oʻzbekiston Respublikasi moliyaviy barqarorligiga va banklarning moliyaviy holatiga taʼsirini hisobga oladi.
Agar Markaziy bank maxsus badalni toʻlash bir bankning yoki bir nechta bankning toʻlov qobiliyatiga tahdid solishi mumkin degan qarorga kelsa, Markaziy bank Agentlikdan mazkur bankka (banklarga) maxsus badalni toʻlashi uchun olti oydan ortiq boʻlmagan boshqa muddat belgilanishini talab qilishi mumkin. Bunda Markaziy bank Agentlikning maxsus badalni belgilash toʻgʻrisidagi qarori kelib tushgan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida Agentlikka qabul qilgan qarori toʻgʻrisida xabar berishi kerak.
Agentlik Kengashning maxsus badalni belgilash toʻgʻrisidagi qarori Markaziy bank bilan kelishilgan kundan eʼtiboran bir ish kunidan kechiktirmay banklarni va moliyaviy barqarorlik boʻyicha tuziladigan maxsus kengashni quyidagilarni koʻrsatgan holda xabardor qiladi:
maxsus badalni belgilash asoslarini;
bank tomonidan toʻlanishi lozim boʻlgan summalarni;
bank xabardor qilingan kundan eʼtiboran oʻn kundan kam boʻlmagan toʻlov muddatini (ushbu modda oltinchi qismining talablarini inobatga olgan holda).
Maxsus badalni toʻlash bankni kalendar badalni toʻlash majburiyatidan ozod etmaydi.
21-modda. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish
Jamgʻarmaning mablagʻlaridan quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:
ushbu Qonunga muvofiq kompensatsiyalar toʻlash;
banklarning sanatsiya vositalarini qoʻllashni moliyalashtirish;
ushbu qismning ikkinchi va uchinchi xatboshilarida nazarda tutilgan tartib-taomillarni amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlgan operatsion xarajatlarni, shuningdek Agentlikning budjetida nazarda tutilgan boshqa operatsion xarajatlarni moliyalashtirish;
Agentlik tomonidan ushbu Qonunga muvofiq jalb etilgan kreditlarni va boshqa qarz mablagʻlarini toʻlash;
Agentlikning budjetida nazarda tutilgan maʼmuriy xarajatlarni moliyalashtirish.
Agentlik banklarning sanatsiya vositalarini qoʻllashni moliyalashtirish uchun Jamgʻarma mablagʻlaridan quyidagi eng kam miqdorlarning biridan foydalanishga haqli:
sanatsiya qilinayotgan bankning kafolatlangan omonatlari jami summasidan oshmagan miqdorda;
banklarni sanatsiya qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan sanaga Jamgʻarma mablagʻlari qoldigʻining qirq foizidan oshmagan miqdorda.
Agentlikning aktivlari hamda kelgusida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan mulkiy huquqlari (talablari) Jamgʻarmaga jalb etiladigan mablagʻlar boʻyicha majburiyatlarning bajarilish taʼminoti sifatida garovga kiritilishi mumkin.
Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan aktivlardan hamda kelgusida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan mulkiy huquqlardan (talablardan) Agentlikning kompensatsiyalar toʻlash bilan bogʻliq boʻlmagan majburiyatlarining, shuningdek uning xodimlari va boshqa shaxslar majburiyatlarining bajarilish taʼminoti sifatida foydalanilishi mumkin emas.
22-modda. Jamgʻarma mablagʻlarini investitsiya qilish
Jamgʻarmaning mablagʻlarini investitsiya qilish investitsiya siyosatiga muvofiq amalga oshiriladi.
Jamgʻarma mablagʻlari ular qiymatining bir qismini biroz yoʻqotish yoki yoʻqotishlarsiz pul mablagʻlari tarzida yetti ish kuni ichida qaytarilishi mumkin boʻlgan, tavakkalchilik darajasi past boʻlgan quyidagi aktivlarga investitsiya qilinishi mumkin:
pul mablagʻlarga va ularning ekvivalentlariga;
Oʻzbekiston Respublikasi nomidan chiqarilgan davlat qimmatli qogʻozlariga, shuningdek Markaziy bankning obligatsiyalariga;
roʻyxati va baholari Kengash tomonidan aniqlanadigan hamda Markaziy bank bilan kelishiladigan xalqaro reyting kompaniyalarining kredit reytingiga ega boʻlgan chet davlatlarning yoki markaziy (milliy) banklarning qimmatli qogʻozlariga;
xalqaro moliya institutlari tomonidan chiqarilgan qimmatli qogʻozlarga;
Markaziy bankning Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasida va chet el valyutalarida ochilgan depozitlariga;
roʻyxati va baholari Kengash tomonidan aniqlanadigan hamda Markaziy bank bilan kelishiladigan reyting kompaniyalari reytingiga ega boʻlgan banklarning qisqa muddatli depozitlariga, bunda mazkur investitsiyalarning miqdori jami investitsiya qilingan mablagʻlarning yigirma foizidan oshmasligi kerak;
ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari tomonidan chiqarilgan qimmatli qogʻozlarga;
ushbu qismning uchinchi va toʻrtinchi xatboshilarida koʻrsatilgan emitentlar tomonidan toʻliq kafolatlangan boshqa likvidli qimmatli qogʻozlarga;
banklarning likvidliligini boshqarishga doir talablar doirasida Markaziy bank tomonidan belgilangan boshqa yuqori likvidli aktivlarga.
Oldingi tahrirga qarang.
Jamgʻarma mablagʻlari ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan aktivlarga islomiy moliya standartlariga muvofiq investitsiya qilinishi mumkin.
(22-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi OʻRQ-1126-sonli Qonuniga asosan uchinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
Oldingi tahrirga qarang.
Agentlik ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan aktivlardan Markaziy bankdan jalb etilgan kredit va (yoki) islomiy moliya vositalari boʻyicha majburiyatlarning bajarilish taʼminoti sifatida foydalanishga haqli.
(22-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi OʻRQ-1126-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
Kengash investitsiya siyosatini ishlab chiqishda Agentlikning likvidlilikka boʻlgan ehtiyojini inobatga olishi, likvidlilikni saqlab turishi, Jamgʻarmaning joylashtiriladigan mablagʻlariga investitsiya qilinishi mumkin boʻlgan aktivlarning xavfsizligini, shuningdek investitsiya faoliyatidan foyda olish Agentlikning birlamchi maqsadi boʻlmasligini inobatga olishi kerak.
Agentlikning investitsiya siyosatida Jamgʻarma mablagʻlarini ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan investitsiya qilinishi mumkin boʻlgan aktivlarga joylashtirish tartibi, mezonlari, limitlari, konsentratsiyasi va qaytarish muddatlari belgilanadi.
Agentlik chet el shaxslaridan olingan qarz mablagʻlarini yoki Agentlik tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqariga investitsiya qilishdan olingan chet el valyutasidagi mablagʻlarni Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasiga konvertatsiya qilishni taʼminlash uchun Markaziy bankda chet el valyutasida hisobvaraqlar ochishga haqli.
Agentlikning Jamgʻarma mablagʻlarini investitsiya qilishdan olingan daromadlari foyda soligʻidan ozod etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
23-modda. Jamgʻarma mablagʻlarining taqchilligini budjet ssudasi va (yoki) Markaziy bankning krediti va (yoki) islomiy moliya vositalari hisobidan qoplash
(23-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi OʻRQ-1126-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
Oldingi tahrirga qarang.
Jamgʻarma mablagʻlarining taqchilligini maxsus badal, shuningdek jalb qilingan mablagʻlar hisobidan qoplash uchun mablagʻlar yetarli boʻlmagan taqdirda, Agentlik Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan budjet ssudasini va (yoki) Markaziy bankdan kredit va (yoki) islomiy moliya vositalarini jalb etishi mumkin.
(23-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi OʻRQ-1126-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
Oldingi tahrirga qarang.
Markaziy bank likvidlilikni taʼminlash uchun Agentlikka Markaziy bank tomonidan maqbul deb topilgan majburiyatlarning bajarilish taʼminoti sharti bilan kredit va (yoki) islomiy moliya vositalarini berishga haqli.
(23-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi OʻRQ-1126-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratiladigan budjet ssudasi shartlari Agentlik hamda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi (bundan buyon matnda Iqtisodiyot va moliya vazirligi deb yuritiladi) oʻrtasida kelishiladi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori kuchga kirganidan keyin budjet ssudasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga Agentlikning yozma soʻrovi kelib tushgan kundan eʼtiboran besh ish kuni ichida Agentlikka ajratilishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
Jamgʻarma mablagʻlarining taqchilligini qoplash uchun Agentlikka Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratilgan budjet ssudasi va (yoki) Markaziy bank kreditlari boʻyicha foiz stavkasi yoki boshqa daromadlar miqdori Oʻzbekiston Respublikasi nomidan chiqarilgan va Oʻzbekiston Respublikasida muomalada boʻlgan, oʻxshash toʻlash muddatiga ega boʻlgan qarz vositalari boʻyicha foiz stavkasidan yoki boshqa daromadlardan yuqori boʻlishi mumkin emas.
(23-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi OʻRQ-1126-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
Oldingi tahrirga qarang.
Bozor konyunkturasi yaxshilanishi bilanoq Kengash ushbu Qonunning 19 va 20-moddalari talablariga muvofiq kalendar badal stavkasini oshirish va maxsus badalni belgilash orqali banklardan mablagʻlar yigʻish hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratilgan budjet ssudasi va (yoki) Markaziy bank kreditini va (yoki) islomiy moliya vositalarini qaytarish boʻyicha zarur boʻlgan choralarni koʻrishi kerak.
(23-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi OʻRQ-1126-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
Agentlik hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ushbu moddada nazarda tutilgan budjet ssudasini jalb etish tartibi va shartlarini belgilovchi bitim tuzishi kerak.
24-modda. Jamgʻarma mablagʻlari maqsadli miqdorining va kafolatlangan omonat miqdorining yetarliligini baholash
Agentlik Jamgʻarma mablagʻlarining maqsadli miqdori va kafolatlangan omonat miqdori yetarliligini baholashni uch yilda kamida bir marta amalga oshirishi shart.
Agar Agentlik ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan baholash natijalari asosida Jamgʻarma mablagʻlarining maqsadli miqdorini va (yoki) kafolatlangan omonat miqdorini oʻzgartirish zarurligi toʻgʻrisida xulosaga kelsa, Kengash ularni oʻzgartirish haqidagi taklifni koʻrib chiqish uchun Markaziy bankka kiritadi.
Markaziy bank Kengash tomonidan taqdim etilgan baholash natijalariga rozilik bildirgan taqdirda, ushbu Qonunga tegishli oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi.
Agentlik tomonidan ishlab chiqilgan va Markaziy bank bilan kelishilgan Jamgʻarma mablagʻlari maqsadli miqdorining, kafolatlangan omonat miqdorining yetarliligini baholash hamda bankning depozit bazasini aniqlash uslubiyati Kengash tomonidan tasdiqlanadi.
4-bob. Kafolatlash obyektlari, kompensatsiyalar toʻlash tartibi. Omonatchilarning huquqlari
25-modda. Kafolatlash obyektlari
Jismoniy shaxslarning, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlarning, shuningdek yuridik shaxslarning banklardagi Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasi va chet el valyutasidagi omonatlari kafolatlash obyektlaridir, bundan ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan omonatlar mustasno.
Kafolatlash obyektini aniqlashda quyidagilar omonat deb hisoblanadi:
bank omonati shartnomasiga yoki bank hisobvaragʻi shartnomasiga muvofiq bankka qoʻyilgan, shu jumladan shartnomaning tegishli shartlari bajarilguniga qadar alohida hisobvaraqlarda saqlanadigan (“eskrou” xizmati), shuningdek omonat (depozit) sertifikatlari bilan tasdiqlangan pul mablagʻlarining qoldigʻi;
bank omonati shartnomasi yoki bank hisobvaragʻi shartnomasi boʻyicha hisoblangan, biroq kafolatlash hodisasi yuzaga kelguniga qadar toʻlanmagan foizlarning qoldigʻi, agar ularni hisoblash mazkur shartnomalarda nazarda tutilgan boʻlsa, shuningdek omonat (depozit) sertifikatida belgilangan foizlarning hisoblangan, biroq toʻlanmagan qoldigʻi.
Quyidagilar kafolatlash obyekti boʻlmaydi:
banklarning, nobank kredit tashkilotlarining, lizing tashkilotlarining, sugʻurta tashkilotlarining, investitsiya va pay fondlarining, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining yoki chet davlat vakolatli organining tegishli litsenziyasiga yoki ruxsatiga asosan faoliyat yuritayotgan yoxud faoliyatini vakolatli organlarni xabardor qilish tartibida amalga oshirayotgan boshqa moliya tashkilotlarining omonatlari;
davlat tashkilotlari va korxonalarining, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining yoki chet davlatning davlat organlari omonatlari;
bankka aloqador shaxslarning omonatlari, bundan bankning boshqaruv aʼzolari va muhim ahamiyatga ega xodimlarining oxirgi uch oylik ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlari miqdoridan oshmaydigan omonatlari mustasno;
chet elda ochilgan shuʼba banklardagi yoki bank filiallaridagi omonatlar;
shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaraqlarida jamgʻarilgan pul mablagʻlari;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirish bilan bogʻliq faoliyatdan olinganligi sudning qonuniy kuchga kirgan qarori bilan tasdiqlangan pul mablagʻlari;
Oldingi tahrirga qarang.
islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklardagi investitsiyaviy omonatlar.
(25-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi OʻRQ-1126-sonli Qonuniga asosan sakkizinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
Quyidagilar omonat hisoblanmaydi:
aksiyalar hamda banklar va bank faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq bankning regulyativ kapitali tarkibiga kiritilgan boshqa vositalar;
bank tomonidan chiqarilgan qarz qimmatli qogʻozlari (taʼminlangan va taʼminlanmagan obligatsiyalar, oddiy veksellar);
bankning subordinar qarz majburiyatlari;
bankning seyflarida saqlanayotgan pul mablagʻlari;
hosila moliyaviy vositalar, jumladan bank tomonidan chiqarilgan fyucherslar, forvard kontraktlari, svoplar va opsionlar boʻyicha yuzaga keladigan talab qilish huquqi;
bankning mol-mulkni ishonchli boshqarish faoliyati bilan bogʻliq holda yuzaga keladigan talab qilish huquqi.
26-modda. Kompensatsiya miqdori
Bir bankda bir omonatchiga toʻlanadigan kompensatsiya quyidagi miqdorni tashkil etadi:
kafolatlash obyekti qoldigʻining toʻliq hajmini, agar uning miqdori ikki yuz million soʻm yoki undan kam boʻlsa;
ikki yuz million soʻmni, agar kafolatlash obyektining qoldigʻi ikki yuz million soʻmdan koʻp boʻlsa.
Omonatchi bitta bankda bir nechta kafolatlash obyektlariga ega boʻlgan taqdirda, mazkur kafolatlash obyektlari boʻyicha toʻlanadigan kompensatsiyaning umumiy miqdori kafolatlash obyektining miqdori va valyutasidan qatʼi nazar, ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan miqdordan oshmasligi kerak, bundan ushbu Qonun 28-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
27-modda. Kompensatsiya toʻlashning umumiy prinsiplari
Kafolatlash obyekti egasi boʻlgan omonatchilarda kafolatlash hodisasi yuz bergan sanadan eʼtiboran Agentlikdan kafolatlangan omonat miqdoridan oshmagan summada kompensatsiyalar toʻlashni talab qilish huquqi, Agentlikda esa kafolatlash obyekti egasi boʻlgan omonatchilar oldida kompensatsiyalarni toʻlash majburiyati yuzaga keladi.
Kompensatsiyaning summasi kafolatlash hodisasi yuz bergan sanaga hisob-kitob qilinadi va tugatuvchi tomonidan ushbu Qonun 29-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq taqdim etiladigan reyestr asosida Agentlik tomonidan toʻlanadi. Bunda, agar omonatchining bank oldida majburiyati mavjud boʻlsa, kompensatsiya summasi kafolatlangan omonat (kafolatlangan omonatlar) va omonatchining bunday bank oldidagi ijro muddati yetib kelgan majburiyati (majburiyatlari) summasi oʻrtasidagi farq sifatida aniqlanadi.
Agar bank omonati shartnomasida yoki bank hisobvaragʻi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, kompensatsiya quyidagi shaxslarga toʻlanadi:
omonatchilarga, shu jumladan oʻn toʻrt yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan voyaga yetmaganlarga;
uchinchi shaxslarga, agar omonat uchinchi shaxslar, shu jumladan oʻn toʻrt yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan voyaga yetmaganlar foydasiga qoʻyilgan boʻlsa;
qonuniy vakillarga yoki qonuniy vakillarning roziligi bilan voyaga yetmagan shaxslarga, agar omonat oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan voyaga yetmagan uchinchi shaxslar foydasiga qoʻyilgan boʻlsa.
Agar kafolatlash obyekti omonatchining yoki uchinchi shaxsning tugatilayotgan bank yoki uchinchi shaxs oldidagi majburiyatlarining bajarilishi taʼminoti sifatida garovga qoʻyilgan boʻlsa, kompensatsiya:
kafolatlash hodisasi yuzaga kelgan sanada yoki agent-bank tomonidan kompensatsiya toʻlash uchun belgilangan muddat davomida qarzdor tomonidan olingan majburiyat bekor boʻlgan (bajarilgan) taqdirda, omonatchiga toʻlanadi;
majburiyat bekor boʻlmagan (bajarilmagan) taqdirda, majburiyatning bajarilish taʼminoti sifatida omonatchining boshqa bankda ochilgan hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
Agar kafolatlash hodisasi yuzaga kelgan sanada kafolatlash obyekti omonatchining tugatilayotgan bank oldidagi majburiyatining bajarilishi taʼminoti sifatida garovga qoʻyilgan boʻlsa hamda uning miqdori faqat mazkur majburiyatni bajarish uchun yetarli boʻlsa, kafolatlash obyekti majburiyatni bajarishga yoʻnaltiriladi.
Chet el valyutasidagi kafolatlangan omonat boʻyicha kompensatsiya Markaziy bankning kafolatlash hodisasi yuzaga kelgan sanadagi kursi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasida toʻlanadi.
Omonatchiga umumiy summasi ushbu Qonun 26-moddasining birinchi qismida koʻrsatilgan miqdordan oshadigan bir nechta kafolatlangan omonatlar boʻyicha kompensatsiya toʻlangan taqdirda, kompensatsiya har bir omonatning tugatilayotgan bankdagi umumiy omonatlar miqdoridagi ulushiga mutanosib ravishda toʻlangan deb hisoblanadi.
Qonunchilikka muvofiq meros huquqini yoki huquqiy vorislikni tasdiqlovchi barcha zarur hujjatlar taqdim etilganda kompensatsiya merosxoʻrlar va huquqiy vorislar yoki ularning vakolatli vakillariga toʻlanadi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 71-bob 7-paragrafi (“Vorislik huquqi”).
Ushbu Qonunga asosan toʻlanadigan kompensatsiyalar tugatish jarayonidagi bankdan bank omonati va (yoki) bank hisobvaragʻi shartnomasi boʻyicha qaytarilayotgan pul mablagʻlari deb hisoblanadi.
28-modda. Qoʻshimcha kompensatsiya
Ushbu moddada nazarda tutilgan hollarda, kafolatlash obyekti egasi boʻlgan omonatchi qoʻshimcha kompensatsiya olish huquqiga ega boʻladi.
Kafolatlash obyekti merosga boʻlgan huquq boʻyicha olinganda yoki bank qoʻshib yuborish yoki qoʻshib olish shaklida qayta tashkil etilgan kundan eʼtiboran olti oy davomida kafolatlash hodisasi yuzaga kelsa, kafolatlash obyekti egasi boʻlgan omonatchiga qoʻshimcha ravishda toʻlanadigan pul mablagʻlari qoʻshimcha kompensatsiyadir.
Bank qoʻshib yuborish yoki qoʻshib olish shaklida qayta tashkil etilgan taqdirda, qoʻshimcha kompensatsiya qayta tashkil etishda ishtirok etgan har bir bankdagi kafolatlash obyektlari boʻyicha toʻlanadi. Bunda qayta tashkil etishda ishtirok etgan bankda bir nechta kafolatlash obyekti mavjud boʻlsa, ular boʻyicha toʻlanadigan qoʻshimcha kompensatsiyaga nisbatan ushbu Qonun 27-moddasining yettinchi qismida nazarda tutilgan usul qoʻllaniladi.
Qoʻshib olish va qoʻshib yuborish shaklida qayta tashkil etish natijasida huquqiy voris boʻlgan bank qayta tashkil etish jarayoni tugagan kundan eʼtiboran besh kun ichida qoʻshimcha kompensatsiya olish huquqiga ega boʻlgan omonatchilarni va Agentlikni qoʻshimcha kompensatsiya olish huquqi amal qilish muddati tugashi sanasi toʻgʻrisida xabardor etadi.
Qoʻshimcha kompensatsiya olish huquqiga ega boʻlgan omonatchilar olti oy muddatda kafolatlash obyektining kafolatlangan omonat miqdoridan oshadigan qismini hamda hisoblangan, lekin toʻlanmagan foizlarni muddatidan oldin olishga haqli. Bunda omonat va foizlarni muddatidan oldin olganlik uchun toʻlov undirilmaydi.
29-modda. Kompensatsiyalar toʻlash tartibi
Tugatuvchi Agentlikka kompensatsiya toʻlash jarayoniga tayyorgarlik koʻrishga koʻmaklashishi, Agentlik oʻz vazifalarini bajarishi uchun zarur boʻlgan va soʻralgan axborot va maʼlumotlarni unga taqdim etishi shart.
Tugatuvchi kafolatlash hodisasi yuzaga kelgan sanadan eʼtiboran oʻn ish kuni ichida Agentlikka:
omonatchilarning va kafolatlash obyektlarining reyestrini hamda tugatilayotgan bankning omonatchilarga boʻlgan talablari toʻgʻrisidagi axborotni;
kafolatlash obyektlari egalariga toʻlanishi lozim boʻlgan summalar haqidagi, shu jumladan taʼminot sifatida berilgan, xatlangan, sud nizosi predmeti boʻlgan yoki uchinchi shaxslar foydasiga qoʻyilgan kafolatlash obyektlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
tugatilayotgan bankning filial tarmogʻi toʻgʻrisidagi axborotni taqdim etishi shart. Ushbu qismga muvofiq taqdim etiladigan reyestrning, maʼlumotlarning va axborotning shakli Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan reyestr, maʼlumotlar yoki axborot oʻzgargan taqdirda, tugatuvchi oʻzgarishlarni inobatga olgan holda uni (ularni) qaytadan taqdim etadi.
Agentlik tugatuvchidan ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan reyestr, maʼlumotlar va axborot olingan kundan eʼtiboran ikki ish kuni ichida:
1) ommaviy axborot vositalarida va oʻz rasmiy veb-saytida kafolatlash hodisasi yuz berganligi toʻgʻrisidagi axborotni eʼlon qiladi, axborot quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak:
kompensatsiyalarni toʻlash muddatini, joyini va usulini;
kompensatsiyalarni olish uchun omonatchilar tomonidan bajarilishi kerak boʻlgan shartlarni;
2) omonatchilarga kompensatsiyalarni toʻlash uchun Agentlikka taqdim etilgan reyestrdagi oʻzlariga taalluqli maʼlumotlar bilan tanishish imkoniyatini beradi.
Agentlik tugatilayotgan bank omonatchilarining kamida toʻrtdan uch qismiga kompensatsiyalarni olish imkoniyatini:
2025-yil 1-yanvardan boshlab — kafolatlash hodisasi yuzaga kelgan sanadan eʼtiboran yigirma ish kuni ichida;
2026-yil 1-yanvardan boshlab — kafolatlash hodisasi yuzaga kelgan sanadan eʼtiboran oʻn besh ish kuni ichida;
2027-yil 1-yanvardan boshlab — kafolatlash hodisasi yuzaga kelgan sanadan eʼtiboran yetti ish kunida taʼminlashi shart.
Ushbu modda beshinchi qismining uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan holda tugatuvchi Agentlikka ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan reyestrni, maʼlumotlarni va axborotni sakkiz ish kuni ichida taqdim etadi, Agentlik esa ushbu moddaning toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan tadbirlarni ikki ish kuni ichida amalga oshiradi.
Ushbu modda beshinchi qismining toʻrtinchi xatboshisida nazarda tutilgan holda tugatuvchi Agentlikka ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan reyestrni, maʼlumotlarni va axborotni uch ish kuni ichida taqdim etadi, Agentlik esa ushbu moddaning toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan tadbirlarni bir ish kuni ichida amalga oshiradi.
Kompensatsiyalar agent-bank orqali toʻlanishi, omonatchining (oluvchining) boshqa bankda ochilgan hisobvaragʻiga oʻtkazilishi yoki Kengash tomonidan belgilangan boshqa usullarda toʻlanishi mumkin.
Agent-bank vazifalarini bajarish uchun Agentlik Markaziy bank bilan kelishilgan holda Kengash tomonidan tasdiqlangan mezonlarga muvofiq boʻlgan bitta yoki bir nechta bankni tanlashi mumkin.
Agent-bank Agentlik bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq Agentlik nomidan ish yuritadi va kompensatsiyalarni toʻlash jarayonini amalga oshiradi, omonatchilarni identifikatsiyalaydi. Agent-bank kompensatsiyalarni toʻlash tartibini belgilovchi normativ-huquqiy hujjat asosida zarur hujjatlarni talab qilishga ham haqli. Agent-bank tomonidan kompensatsiyalarni toʻlash uchun belgilanadigan muddat bir yildan oshmasligi kerak.
Agentlik tomonidan omonatchiga toʻlanishi zarur boʻlganidan ortiq miqdorda kompensatsiya toʻlangan taqdirda, omonatchi ortiqcha toʻlangan summani Agentlikning talabi boʻyicha talab bildirilgan kundan eʼtiboran oʻn ish kuni ichida qaytarishi shart. Bunda ortiqcha toʻlangan summa qaytarilmagan taqdirda, Agentlik mazkur summani undirish uchun sudga murojaat qilishga haqli.
Kompensatsiyani toʻlash yengib boʻlmas kuch (fors-major) tufayli kechiktirilganligi uchun Agentlik javobgar boʻlmaydi.
Agentlik kompensatsiyalarni toʻlash jarayoni haqidagi, shu jumladan omonatchilarga toʻlangan summalar toʻgʻrisidagi axborotni Markaziy bank tomonidan belgilangan davriy oraliqda oʻz rasmiy veb-saytida eʼlon qiladi.
Kompensatsiyalarni toʻlash tartibi va shartlari, shu jumladan kompensatsiyalarni olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar roʻyxati hamda ularni rasmiylashtirishga doir talablar Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
Ushbu Qonunga muvofiq Agentlikka va agent-bankka maʼlumotlarni taqdim etish tijorat yoki bank sirining yoxud qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirning oshkor qilinishi deb hisoblanmaydi.
30-modda. Kompensatsiya toʻlashni toʻxtatib turish yoki rad etish
Agentlik tomonidan kompensatsiya toʻlashni toʻxtatib turish uchun quyidagilar asos boʻladi:
kompensatsiya olish uchun taqdim etilgan hujjatlardagi maʼlumotlarning ishonchliligiga va (yoki) haqiqiyligiga Agentlikda yoki agent-bankda shubha paydo boʻlganligi;
omonatchining talablari va tugatuvchi tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar oʻrtasida nomuvofiqlik mavjudligi;
kafolatlash obyektiga nisbatan cheklov choralari mavjudligi, shu jumladan hisobvaraqdagi pul mablagʻlari xatlanganligi yoki toʻxtatib qoʻyilganligi, hisobvaraq boʻyicha operatsiyalar toʻxtatib turilganligi;
kafolatlash obyekti sud nizosi predmeti boʻlgan hollar toʻgʻrisida Agentlik kompensatsiyalar toʻlanguniga qadar xabardor etilganligi.
Ushbu modda birinchi qismining ikkinchi va uchinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hollarda kompensatsiyalar toʻlashni toʻxtatib turish muddati shubha paydo boʻlgan yoki nomuvofiqliklar aniqlangan kundan eʼtiboran toʻqson kundan koʻp boʻlishi mumkin emas, ushbu modda birinchi qismining toʻrtinchi va beshinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hollarda esa toʻxtatib turish tegishli qaror qabul qilishga vakolatli boʻlgan organning qarori qabul qilinguniga qadar amalga oshiriladi.
Agentlik omonatchini va tugatuvchini kompensatsiya toʻlashni toʻxtatib turish sabablari toʻgʻrisida toʻlovni toʻxtatib turish uchun asos boʻlgan maʼlumotlar va hujjatlarni ilova qilgan holda xabardor etadi.
Omonatchi va tugatuvchi kompensatsiyalar toʻlashni toʻxtatib turish uchun asos boʻlgan sabablarni bartaraf etish boʻyicha choralar koʻrishi, shu jumladan kompensatsiyalar toʻlanishi uchun taqdim etilgan hujjatlar va maʼlumotlarning haqiqiyligini va (yoki) ishonchliligi faktini aniqlash uchun sudga murojaat etishi shart.
Kompensatsiya toʻlashni rad etish yoki toʻlangan kompensatsiyani qaytarishni talab qilish uchun quyidagilar asos boʻladi:
kompensatsiya toʻlanishi uchun soxta hujjatlar taqdim etilganligi fakti aniqlanganligi;
omonatga qoʻyilgan pul mablagʻlarning jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirish bilan bogʻliq faoliyatdan olinganligini tasdiqlovchi qonuniy kuchga kirgan sud qarorining mavjudligi.
31-modda. Talab qilish huquqining Agentlikka oʻtishi
Kafolatlash hodisasi yuzaga kelgan sanada Agentlik kompensatsiyalarni haqiqatda toʻlaganligidan qatʼi nazar, kafolatlash obyektlarining egalari boʻlgan omonatchilarning tugatilayotgan bankka boʻlgan talablari kafolatlangan omonatlar summasiga teng miqdorda Agentlikka oʻtadi. Agentlikning tugatilayotgan bankka boʻlgan talablari qonunchilikda belgilangan navbatga muvofiq qanoatlantiriladi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni.
Omonatchilar talablarining Agentlikka oʻtishi omonatchilarning tugatilayotgan bankka boʻlgan kafolatlash obyektining kafolatlangan omonat miqdoridan oshadigan qismidagi huquqlarini bekor qilmaydi.
Omonatchilar kafolatlash obyektining kafolatlangan omonat miqdoridan oshadigan qismini bevosita tugatilayotgan bankdan talab qilishga haqli va Agentlik ushbu summalarning toʻlanishiga javobgar boʻlmaydi.
Agar tugatuvchining harakatlari (harakatsizligi) Agentlikning kompensatsiyalar toʻlash boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarishiga toʻsqinlik qilayotgan boʻlsa, Agentlik tugatuvchining harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilishga haqli.
32-modda. Toʻlanmagan kompensatsiyalar summalari
Toʻlanmagan kafolatlangan omonatlar tegishli omonatchilarning egaligida qoladi va istalgan vaqtda Agentlikdan talab qilib olinishi mumkin.
Agent-bank tomonidan toʻlanmagan, shu jumladan ushbu Qonunning 29-moddasi oʻninchi qismida belgilangan muddatda talab qilib olinmagan kompensatsiyalar summalari agent-bank bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq Agentlikka oʻtkazib berilishi kerak.
33-modda. Omonatchining huquqlari
Kafolatlash hodisasi yuzaga kelgan taqdirda omonatchilar:
Agentlikdan kompensatsiya toʻlash tartibi toʻgʻrisida axborot soʻrab olishga;
ushbu Qonunga muvofiq kompensatsiya toʻlanishini talab qilishga;
kompensatsiyalar toʻlanishi uchun Agentlikka taqdim etilgan reyestrda oʻzlari toʻgʻrisidagi maʼlumot mavjud boʻlmagan taqdirda yoki oʻz talablarini tasdiqlovchi maʼlumotlar va hujjatlarni olish uchun tugatuvchiga murojaat etishga;
agent-bank tomonidan kompensatsiyalarni toʻlash asossiz kechiktirilganligi faktlari toʻgʻrisida Agentlikka xabar berishga;
kafolatlash obyektining kafolatlangan omonat miqdoridan oshadigan qismini qonunchilikda belgilangan tartibda bankdan talab qilishga;
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 43-bobi.
omonatchilarning ushbu Qonunda belgilangan huquqlari buzilishi, shu jumladan bank siriga oid maʼlumotlarning oshkor etilishi oqibatida yetkazilgan zararning oʻrni qoplanishini aybdor shaxslardan talab qilishga;
Agentlikning va (yoki) tugatuvchining harakatlari ustidan qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda shikoyat qilishga haqli.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 55-moddasi, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 14-moddasi, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni.
Kafolatlash hodisasi yuzaga kelgan taqdirda omonatchilar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 43-bobi.
34-modda. Bankka aloqador shaxslar
Ushbu Qonun maqsadlarida quyidagilar bankka aloqador shaxslar hisoblanadi:
bank kuzatuv kengashining aʼzolari;
bank boshqaruvining aʼzolari, shuningdek bankning muhim ahamiyatga ega xodimlari;
bankning hal qiluvchi egalikka ega boʻlgan aksiyadorlari;
Oldingi tahrirga qarang.
islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi bankning islomiy moliya masalalarini muvofiqlashtiruvchi islomiy moliya kengashi aʼzolari;
(34-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi OʻRQ-1126-sonli Qonuniga asosan beshinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
bankning oxirgi benefitsiar mulkdorlari;
ushbu qismning ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi xatboshilarida nazarda tutilgan jismoniy shaxslarning yaqin qarindoshlari.
“Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan shaxslar oxirgi benefitsiar mulkdor hamda ushbu modda birinchi qismining ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi xatboshilarida nazarda tutilgan jismoniy shaxslarning yaqin qarindoshlaridir.
5-bob. Banklardagi omonatlarni kafolatlash sohasidagi hamkorlik va jamoatchilikni xabardor etish
35-modda. Agentlikning Markaziy bank bilan hamkorligi
Kafolatlash tizimining ishlashi bilan bogʻliq chora-tadbirlarni amalga oshirish masalalari yuzasidan Agentlik va Markaziy bank:
banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi qismida birgalikdagi inspeksiyani (tekshiruvlarni) amalga oshirish;
bankni sanatsiya qilish tartib-taomillarini amalga oshirish;
kafolatlash tizimi toʻgʻrisida jamoatchilikni xabardor qilish boʻyicha chora-tadbirlarni birgalikda amalga oshirish;
maxsus badal miqdorining, Jamgʻarma mablagʻlari maqsadli miqdorining, kafolatlangan omonat miqdorining yetarliligini baholash va bankning depozit bazasini aniqlash uslubiyatini, shuningdek agent-bankni tanlash mezonlarini kelishish doirasida hamkorlik qiladi.
Markaziy bank tegishli qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch ish kunidan kechiktirmay Agentlikka:
Oldingi tahrirga qarang.
bankka bank faoliyatiga doir tegishli litsenziya (litsenziyalar) berish yoki uni chaqirib olish;
(35-modda ikkinchi qismining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi OʻRQ-1126-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
bankni qayta tashkil etish uchun ruxsat berish;
vaqtinchalik boshqaruvchini (vaqtinchalik boshqaruvchilarni) tayinlash;
bankni sanatsiya qilish toʻgʻrisidagi qarorlardan koʻchirmalar beradi.
Agentlik ushbu Qonunda nazarda tutilgan badallarni toʻlamagan banklar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ikki ish kunidan kechiktirmay Markaziy bankka taqdim etadi.
Agentlik va Markaziy bank ushbu Qonunda nazarda tutilgan hamkorlikni amalga oshirishni, shuningdek axborot almashishni, shu jumladan egasizlantirilgan tarzda bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni, kafolatlash hodisasi yuzaga kelishi ehtimoli toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni almashishni tartibga soluvchi anglashuv memorandumini tuzadi.
36-modda. Agentlikning Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan hamkorligi
Agentlik hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamkorlik shartlarini tartibga soluvchi, shuningdek Agentlikni shoshilinch vaziyatlarda moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisida bitim tuzadi hamda kafolatlash tizimi lozim darajada ishlashi maqsadida mazkur bitimga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritadi.
37-modda. Agentlikning boshqa tashkilotlar va muassasalar bilan hamkorligi
Agentlik ushbu Qonunda nazarda tutilgan vazifalarni bajarish uchun boshqa tashkilotlar va muassasalar bilan hamkorlik qilishi mumkin.
Jinoiy faoliyat bilan bogʻliq bitimlarni amalga oshirish uchun kafolatlash obyektidan foydalanish hollari aniqlangan taqdirda, Agentlik va jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi qonunchilikda nazarda tutilgan tegishli choralarni koʻrish uchun bir-birini xabardor qiladi. Agentlik va maxsus vakolatli davlat organi zarur hollarda oʻzaro anglashuv memorandumini tuzadi.
Agentlik chet davlatlarning moliya sohasini tartibga soluvchi (nazorat qiluvchi) organlari va omonatlarni (depozitlarni) kafolatlovchi (sugʻurtalovchi) tashkilotlari bilan axborot almashishi, basharti bunday axborot almashish omonatchilarning qonun bilan qoʻriqlanadigan sirlarini, huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik normalariga muvofiq boʻlsa, ular bilan hamkorlik toʻgʻrisida bitimlar tuzishi mumkin.
Agentlik hamkorlik qilish va omonatlarni (depozitlarni) kafolatlash (sugʻurtalash) tizimini rivojlantirish boʻyicha xalqaro tashkilotlarga aʼzo boʻlishi mumkin.
38-modda. Agentlik tomonidan kompensatsiyalarni toʻlash tizimini stress-testdan oʻtkazish va ssenariy boʻyicha modellashtirish tadbirlari
Agentlik zaruratga qarab, lekin ikki yilda kamida bir marta:
oʻz tizimlarini stress-testdan oʻtkazishi;
Agentlikning moliyaviy imkoniyatlarini baholashdan oʻtkazishi, shuningdek Markaziy bank va kafolatlash tizimida ishtirok etayotgan banklar bilan birgalikda kafolatlash tizimining amaliy jihatdan shayligini taʼminlash maqsadida kompensatsiyalar toʻlash jarayonini ssenariy boʻyicha modellashtirish tadbirlarini oʻtkazishi kerak.
Banklar kompensatsiya toʻlash jarayonini ssenariy boʻyicha modellashtirish tadbirlarida ishtirok etishi shart.
Birinchi stress-testni oʻtkazish va ssenariy boʻyicha modellashtirish tadbirlari ushbu Qonun kuchga kirgan kundan eʼtiboran bir yil ichida amalga oshirilishi kerak.
39-modda. Jamoatchilikni xabardor qilish
Agentlik ommaviy axborot vositalari va (yoki) oʻz rasmiy veb-sayti orqali jamoatchilikni kafolatlash tizimi faoliyati toʻgʻrisida, shu jumladan:
kafolatlash tizimida ishtirok etayotgan banklar haqida;
kafolatlash obyektlari, kafolatlangan omonatlar hamda kafolatlanmaydigan mablagʻlar haqida;
kompensatsiyalar toʻlash tartibi, shu jumladan qonunchilikka muvofiq ularni toʻlash usullari va muddatlari haqida muntazam ravishda xabardor qilib borishi shart.
Banklar ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan axborotni xizmat koʻrsatish joylarida hamda banklar tomonidan oʻz mijozlariga yuboriladigan xabarlarda, mazkur talab ular uchun ortiqcha xarajatlarni keltirib chiqarmasligi sharti bilan tarqatish choralarini koʻrishi shart.
Jamoatchilikni xabardor qilish tartibi va shartlari Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
6-bob. Agentlikning budjeti, buxgalteriya va moliyaviy hisoboti
40-modda. Agentlikning budjeti
Agentlikning faoliyatini va uning ushbu Qonunda belgilangan vazifalarining bajarilishini taʼminlash maqsadida, Agentlik joriy moliyaviy yilning 30-noyabridan kechiktirmay keyingi moliyaviy yil uchun operatsion va maʼmuriy xarajatlar, shuningdek kapital qoʻyilmalar toʻgʻrisidagi axborotni oʻz ichiga oluvchi Agentlik budjetini tasdiqlaydi hamda eʼlon qiladi.
Agentlikning operatsion xarajatlari quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
kompensatsiyalarni toʻlash va banklarning sanatsiya vositalarini qoʻllash bilan bogʻliq xarajatlarni;
qarz mablagʻlari boʻyicha hisoblangan foizlarni;
aktivlarni boshqarish va kompensatsiyalar toʻlashni tashkil etish uchun Agentlik tomonidan toʻlanadigan vositachilik haqini;
aktivlarni qayta baholash va aktivlarni balans qiymatidan past narxda realizatsiya qilishdan koʻrilgan zararni;
auditorlik va konsalting xizmatlari uchun toʻlovni;
kafolatlash tizimi haqida jamoatchilikni xabardor qilish bilan bogʻliq xarajatlarni.
Agentlikning maʼmuriy xarajatlari quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
Agentlik xodimlarining ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, shuningdek Agentlik xodimlariga toʻlanadigan boshqa toʻlovlar boʻyicha xarajatlarni;
xizmat aloqa vositalarini oʻrnatish va ulardan foydalanish bilan bogʻliq xarajatlarni;
axborot nashrlarini va kasbiy adabiyotlarni sotib olish bilan bogʻliq xarajatlarni;
past baholi va tez eskiruvchi buyumlarga oid xarajatlarni;
asosiy vositalar (mulk) va binolarning amortizatsiyasi xarajatlarini, ularni taʼmirlash, saqlash va sugʻurtalash yoki ularning ijarasiga doir xarajatlarni;
soliqlar, yigʻimlar va boshqa majburiy toʻlovlar, ijara (lizing) toʻlovlari, bank xizmatlari uchun toʻlovlar, kommunal xizmatlar uchun toʻlovlar bilan bogʻliq xarajatlarni.
Agentlikning yillik maʼmuriy xarajatlari miqdori kafolatlash tizimida ishtirok etayotgan barcha banklar depozit bazasining budjetni tasdiqlashdan avvalgi hisobot choragining oxirgi kunidagi qoldigʻining 0,03 foizidan oshmasligi kerak.
Agentlikning operatsion xarajatlari oshishiga olib keladigan kutilmagan holatlar yuzaga kelgan taqdirda, Kengash tegishli moliyaviy yil uchun tasdiqlangan budjetni qayta koʻrib chiqish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqli.
41-modda. Agentlikning buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisoboti
Agentlikda buxgalteriya hisobi buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq yuritiladi va u Agentlikning haqiqiy moliyaviy ahvolini aks ettiruvchi ishonchli hisobotlar shakllantirilishini taʼminlashi kerak. Agentlik qonunchilikda belgilangan tartibda moliyaviy hisobotning xalqaro standartlarini qoʻllashi mumkin.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Qonuni.
Agentlikning yillik hisoboti Kengash tomonidan tasdiqlanadi va yillik moliyaviy hisobotni hamda Agentlikning hisobot yilidagi faoliyati tahlilini oʻz ichiga oladi.
Agentlikning yillik moliyaviy hisoboti majburiy auditorlik tekshiruvidan oʻtkaziladi va moliyaviy yil tugaganidan keyin toʻrt oy ichida Agentlikning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
Agentlikning yillik hisoboti Markaziy bankning yillik hisoboti tarkibiga kiritiladi.
42-modda. Ichki audit
Bosh direktorning qonunchilikka, taʼsis hujjatlariga va boshqa hujjatlarga, faoliyatni amalga oshirish boʻyicha belgilangan qoidalarga hamda tartib-taomillarga rioya etishini, buxgalteriya hisobida hamda hisobotlarda aks ettirilgan maʼlumotlarning toʻliqligi va ishonchliligini hamda aktivlarning but saqlanishini tekshirish va monitoring qilish orqali uning faoliyatini nazorat qilish hamda baholash maqsadida Agentlikda ichki audit xizmati tashkil etiladi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni.
Agentlikning ichki audit xizmati Kengashga hisobdordir. Ichki auditni oʻtkazish tartibi Kengash tomonidan belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
7-bob. Manfaatlar toʻqnashuvi hamda Agentlikning mansabdor shaxslarini va xodimlarini oʻz vazifalarini bajarishi chogʻida huquqiy jihatdan himoya qilish
(7-bobning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi OʻRQ-1126-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
43-modda. Manfaatlar toʻqnashuvi
Kengashi aʼzolari, bosh direktor va Agentlikning xodimlari Agentlik manfaatlarini koʻzlab harakat qilishi hamda “Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablaridan kelib chiqqan holda manfaatlar toʻqnashuvining oldini olishi shart.
44-modda. Mansabdor shaxslarni va xodimlarni oʻz vazifalarini bajarishi chogʻida huquqiy jihatdan himoya qilish
Oldingi tahrirga qarang.
Kengash aʼzolari, bosh direktor, Agentlik xodimlari, shuningdek ushbu Qonunga yoki Markaziy bankning normativ-huquqiy hujjatlariga muvofiq oʻz vakolatlarini amalga oshirish uchun Agentlik tomonidan jalb etilgan boshqa shaxslar, shu jumladan ularning vakolatlari tugatilganidan keyin yoki ular Agentlikda ishlashini yakunlaganidan keyin faqat oʻz vazifalarini bajarishi chogʻida insofsizlik bilan sodir etilgan harakatlari (harakatsizligi) uchun javobgar boʻladi.
(44-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi OʻRQ-1126-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
Agentlik ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslarning manfaatlarini ular ushbu Qonunga muvofiq oʻz vazifalarini bajarganligi munosabati bilan qoʻzgʻatilgan sud ishi va maʼmuriy ish yuritilishi doirasida, shu jumladan mazkur shaxslarning vakolatlari tugatilgan yoki Agentlikda ishlashi yakunlangan hollarda ifodalashga doir xarajatlarni toʻlaydi.
8-bob. Yakunlovchi qoidalar
45-modda. Nizolarni hal etish
Omonatchi kompensatsiyalar toʻlanishi jarayonida sudga Agentlikning va (yoki) tugatuvchining xatti-harakatlari ustidan shikoyat qilishga haqli.
Agentlik omonatchilarning murojaatlarini koʻrib chiqish tartib-taomilini belgilovchi tartibga ega boʻlishi shart.
Agar omonatchi tugatuvchi tomonidan taqdim etilgan omonatchilar va kafolatlash obyektlari reyestriga kiritilmagan boʻlsa yoki u oʻziga toʻlangan kompensatsiya miqdoridan rozi boʻlmasa, u tugatuvchiga oʻz talablarining asosliligini tasdiqlovchi hujjatlarning asl nusxalarini taqdim etgan holda, murojaat etishga haqli.
Tugatuvchi omonatchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlar olingan kundan eʼtiboran uch ish kunida ularni koʻrib chiqishi shart. Uning talablari asosli boʻlgan taqdirda, tugatuvchi omonatchilar va kafolatlangan obyektlar reyestriga tegishli oʻzgartirishlar kiritishi, mazkur reyestrni Agentlikka taqdim etishi, shuningdek omonatchining talablarini koʻrib chiqish natijalari haqida Agentlikni, Markaziy bankni va omonatchini xabardor qilishi shart. Omonatchining talablari asossiz boʻlgan taqdirda, uning talablarini qanoatlantirish rad etiladi.
Omonatchining talablarini qanoatlantirish rad etilgan taqdirda, u Kengashga yoki sudga murojaat qilishga haqli.
46-modda. Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 766-moddasi.
47-modda. Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish
1. Oʻzbekiston Respublikasining 1995-yil 21-dekabrda qabul qilingan 163-I-sonli va 1996-yil 29-avgustda qabul qilingan 256-I-sonli qonunlari bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-yil, 2-songa ilova, № 11-12; 1997-yil, № 2, 56-modda, № 9, 241-modda; 1998-yil, № 5-6, 102-modda; 1999-yil, № 1, 20-modda, № 9, 229-modda; 2001-yil, № 1-2, 23-modda, № 9-10, 182-modda; 2002-yil, № 1, 20-modda, № 9, 165-modda; 2003-yil, № 1, 8-modda, № 5, 67-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda, № 5, 90-modda, № 9, 171-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 4, 154-modda, № 9, 494, 498-moddalar; 2007-yil, № 1, 3, 5-moddalar, № 4, 156, 164-moddalar, № 8, 367-modda, № 9, 416-modda, № 12, 598, 608-moddalar; 2008-yil, № 4, 192-modda, № 12, 640-modda; 2009-yil, № 9, 337-modda; 2010-yil, № 9, 335, 337, 340-moddalar; 2011-yil, № 12/2, 363, 364, 365-moddalar; 2012-yil, № 4, 106, 109-moddalar, № 12, 336-modda; 2013-yil, № 10, 263-modda; 2014-yil, № 5, 130-modda, № 12, 343-modda; 2015-yil, № 8, 310, 312-moddalar; 2016-yil, № 4, 125-modda; 2017-yil, № 4, 137-modda, № 9, 510-modda, № 12, 773-modda; 2018-yil, № 1, 4-modda, № 4, 224-modda, № 7, 433-modda, № 10, 673-modda; 2019-yil, № 3, 161, 166-moddalar, № 5, 267-modda, № 10, 671-modda, № 12, 880, 886-moddalar; 2020-yil, № 1, 3, 4-moddalar, № 10, 593-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 8, 801-modda, № 10, 968-modda; 2022-yil, № 2, 79-modda, № 3, 217, 218-moddalar, № 4, 340-modda, № 5, 464-modda, № 6, 570, 577-moddalar, № 11, 1061, 1062-moddalar; 2023-yil, № 10, 795-modda, № 11, 921-modda; 2024-yil, № 2, 111, 114-moddalar, № 6, 530-modda, № 9, 960-modda) 163-moddasining uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“omonatchilarning oʻz omonatlarini berish toʻgʻrisida bankka qoʻyadigan talablariga, shuningdek Omonatlarni kafolatlash agentligiga kafolatlangan omonatlar boʻyicha kompensatsiyalar toʻlanishiga doir talablariga”.
2. Oʻzbekiston Respublikasining 1995-yil 21-dekabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi 154-I-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 11-noyabrda qabul qilingan OʻRQ-582-sonli Qonuni tahririda) (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, № 11, 790-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 10, 968-modda; 2022-yil, № 3, 217-modda, № 4, 340-modda; 2023-yil, № 11, 923-modda; 2024-yil, № 9, 965-modda) quyidagi oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin:
1) 25-modda ikkinchi qismining uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“banklar va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning kuzatuv kengashlari tarkibiga kirish, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno”;
2) 61-modda ikkinchi qismining oltinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Omonatlarni kafolatlash jamgʻarmasiga banklar tomonidan har chorakda toʻlanadigan kalendar badalga qoʻshimcha ajratmalar miqdorini belgilashga”;
3) quyidagi mazmundagi 672-modda bilan toʻldirilsin:
“672-modda. Banklardagi omonatlarni kafolatlash tizimining ishlashiga doir Markaziy bankning vazifalari va vakolatlari
Markaziy bank banklardagi omonatlarni kafolatlash tizimi ishlashi yuzasidan quyidagilarni belgilaydi:
banklar tomonidan Omonatlarni kafolatlash jamgʻarmasiga badallar toʻlash tartibini;
Omonatlarni kafolatlash agentligi tomonidan kafolatlangan omonatlar boʻyicha kompensatsiyalar toʻlash tartibi va shartlarini, shu jumladan kafolatlangan omonatlar boʻyicha kompensatsiya olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar roʻyxatini, shuningdek ularni rasmiylashtirishga qoʻyiladigan talablarni;
omonatlarni kafolatlash tizimi toʻgʻrisida jamoatchilikni xabardor qilish tartibi va shartlarini.
Omonatlarni kafolatlash jamgʻarmasi mablagʻlarining taqchilligi yuzaga kelganda Markaziy bank likvidlilikni taʼminlash uchun Omonatlarni kafolatlash agentligiga uch oygacha boʻlgan muddatga kredit berishi mumkin”.
3. Oʻzbekiston Respublikasining 1996-yil 25-aprelda qabul qilingan “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi 216-I-sonli Qonunning (Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 5-noyabrda qabul qilingan OʻRQ-580-sonli Qonuni tahririda) (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, № 11, 788-modda; 2020-yil, № 1, 1-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 10, 968-modda; 2023-yil, № 4, 267-modda, № 11, 923-modda; 2024-yil, № 2, 105, 111-moddalar, № 9, 965-modda) 55-moddasi quyidagi mazmundagi oʻninchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari toʻgʻrisidagi qonunchilik talablari buzilganligi”;
oʻninchi xatboshi oʻn birinchi xatboshi deb hisoblansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 30-avgustda qabul qilingan “Bank siri toʻgʻrisida”gi 530-II-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003-yil, № 9-10, 144-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 9, 312-modda; 2009-yil, № 9, 337-modda; 2012-yil, № 4, 105-modda; 2016-yil, № 4, 125-modda; 2017-yil, № 9, 510-modda; 2019-yil, № 1, 5-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 6, 524-modda; 2022-yil, № 4, 337-modda; 2024-yil, № 9, 965-modda) 14-moddasining ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlar Omonatlarni kafolatlash agentligiga, shuningdek kafolatlangan omonatlar boʻyicha kompensatsiya toʻlash uchun agent-banklarga taqdim etiladi”.
5. Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 30-dekabrda qabul qilingan OʻRQ-599-sonli Qonuni bilan yangi tahrirda tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, 12-songa 1-ilova; 2020-yil, № 3, 198-modda, № 10, 593-modda, № 11, 652-modda, № 12, 690, 691-moddalar; 2021-yil, № 1, 6-modda, № 4, 294-modda, 4-songa ilova, № 8, 800-modda, № 9, 901-modda, № 10, 968, 969, 972, 973-moddalar, № 12, 1199-modda; 2022-yil, № 2, 79-modda, № 3, 215, 216-moddalar, № 5, 461, 464, 467-moddalar, № 6, 570-modda, № 7, 664, 666-moddalar, № 12, 1190-modda; 2023-yil, № 6, 444, 446-moddalar, № 7, 540-modda, № 12, 1011-modda; 2024-yil, № 2, 106, 110, 111-moddalar, № 4, 346-modda, № 5, 458, 459-moddalar, № 8, 822, 831-moddalar, № 9, 958-modda) 75-moddasining toʻqqizinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki, uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi bosh boshqarmalari, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining muassasalari, shuningdek Omonatlarni kafolatlash agentligi ushbu Kodeksda nazarda tutilgan soliqlarni toʻlashdan ozod etiladi, bundan ijtimoiy soliq va Oʻzbekiston Respublikasining hududiga tovarlarni olib kirishda (importida) toʻlanadigan qoʻshilgan qiymat soligʻi mustasno”.
6. Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 12-aprelda qabul qilingan “Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida”gi OʻRQ-763-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2022-yil, № 4, 338-modda; 2023-yil, № 11, 923-modda; 2024-yil, № 1, 5-modda, № 8, 823-modda) 181-moddasining uchinchi qismidagi “Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi” degan soʻzlar “Omonatlarni kafolatlash agentligi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
48-modda. Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish
Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin:
1) Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 5-aprelda qabul qilingan “Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari toʻgʻrisida”gi 360-II-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-yil, № 4-5, 70-modda);
2) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2002-yil 5-aprelda qabul qilingan “Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida”gi 361-II-sonli Qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-yil, № 4-5, 71-modda);
3) Oʻzbekiston Respublikasining 2009-yil 6-aprelda qabul qilingan “Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasiga oʻzgartishlar kiritish haqida”gi OʻRQ-203-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2009-yil, № 4, 130-modda);
4) Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 9-noyabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-646-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2020-yil, № 11, 652-modda) 5-moddasi;
5) Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-683-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, 4-songa ilova) 138-moddasi.
49-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash
Markaziy bank va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati, shu jumladan omonatlarning kafolatlangan omonat miqdoridan oshadigan qismini boshqa banklarga joylashtirishning afzalliklari aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
Markaziy bank:
ushbu Qonun 29-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan reyestr, maʼlumotlar va axborot shaklini belgilasin;
ushbu Qonun 29-moddasining oʻn toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan kompensatsiyalarni toʻlash tartibi va shartlarini, shu jumladan kompensatsiyalarni olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar roʻyxatini belgilasin;
ushbu Qonun 39-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan jamoatchilikni xabardor qilish tartibi va shartlarini belgilasin.
50-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
51-modda. Oʻtish qoidalari
Agentlik Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondining huquqiy vorisidir. Agentlikni davlat roʻyxatidan oʻtkazish davlat xizmatlari markazi tomonidan amalga oshiriladi.
Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondining ishtirokchi-banklari, shuningdek omonatlari davlat tomonidan kafolatlangan banklar kafolatlash tizimida ishtirok etadigan banklarga aylanadi.
Ushbu Qonunga muvofiq kalendar badallarning stavkalarini belgilashda Kengash ushbu Qonun kuchga kirgan kundan eʼtiboran besh yil ichida ularning ushbu Qonun 16-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan Jamgʻarma mablagʻlarining maqsadli miqdoriga erishish imkoniga taʼsirini hisobga olishi kerak.
Ushbu Qonunda belgilangan kompensatsiya miqdori fuqarolarning ushbu Qonun kuchga kirgan sanadan oldin qoʻyilgan omonatlariga nisbatan tatbiq etilmaydi, bundan quyidagilar mustasno:
ushbu Qonun kuchga kirganidan keyin summalari kompensatsiya miqdoridan ortiq miqdorda oshirilgan va qaytarish muddati uzaytirilgan omonatlar;
qaytarilishi birinchi talab boʻyicha amalga oshiriladigan omonatlar va boshqa talablar.
Ushbu Qonun kuchga kirgan sanada litsenziyasi chaqirib olingan banklarda kafolatlash obyektlari boʻyicha haq toʻlash litsenziya chaqirib olingan paytda amalda boʻlgan qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
52-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Ushbu Qonunning 20-moddasi ushbu Qonun kuchga kirgan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach amalga kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 18-fevral,
OʻRQ-1031-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.02.2025-y., 03/25/1031/0160-son; 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son)