Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish toʻgʻrisida

Qonunchilik palatasi tomonidan 2024-yil 9-iyulda qabul qilingan

Senat tomonidan 2024-yil 10-iyulda maʼqullangan

1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish toʻgʻrisidagi qonunchilik

Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun hamda boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.

Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
birlamchi energiya resurslari — bevosita yoqilgʻi sifatida ishlatilishi mumkin boʻlgan tabiiy resurslar (neft, tabiiy gaz, koʻmir);
Davlat energetika reyestri — energiya subyektlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mavjud boʻlgan maʼlumotlar bazasi;
Davlat energetika reyestriga kiritilgan subyektlar — yiliga besh yuz hamda undan ortiq tonna shartli yoqilgʻini va (yoki) ikki yuz ellik va undan ortiq tonna motor yoqilgʻisini isteʼmol qiladigan yuridik shaxslar;
yoqilgʻi — xom neft, uchuvchan neft, ogʻir neft va boshqa neft mahsulotlari, tabiiy gaz, shuningdek yoqilgʻi sifatida foydalaniladigan koʻmir, koks va boshqa mahsulotlar;
yoqilgʻi-energetika resurslari — tabiiy va boshqa manbalardan ishlab chiqariladigan yoqilgʻi va energiyaning barcha turlari yigʻindisi;
yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmolchilari — yoqilgʻi-energetika resurslarining bir yoki bir nechta turlarini isteʼmol qiluvchi yuridik va jismoniy shaxslar;
yoqilgʻi-energetika resurslarini ishlab chiqaruvchilar — yoqilgʻi-energetika resurslarining bir yoki bir nechta turlarini ishlab chiqaruvchi yuridik va jismoniy shaxslar;
yoqilgʻi-energetika resurslarining isteʼmol normasi — shartli yoki natural birliklarda oʻlchanadigan, maʼlum bir sifatdagi mahsulot (ishlar, xizmatlar) birligini ishlab chiqarish uchun sarflanadigan yoqilgʻi, issiqlik va elektr energiyasining miqdori;
yoqilgʻi-energetika resurslarini isteʼmol qilishning yoʻl qoʻyiladigan eng yuqori hajmi — bir yilgacha boʻlgan muddatga talab qilinadigan yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmolining yoʻl qoʻyiladigan hajmi;
yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmolining progressiv normalari — bir yildan besh yilgacha boʻlgan muddatga shakllantiriladigan va yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmoli normalarini kamaytirish boʻyicha asoslantirilgan takliflarga mos keladigan yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmoli normalarining kamayib boruvchi qiymati;
yoqilgʻi-energetika resurslaridan oqilona foydalanish — yoqilgʻi-energetika resurslarining asossiz sarflanishini bartaraf etishga va ularning eng maqbul turlaridan foydalanishga qaratilgan tadbirlar;
yoqilgʻi-energetika resurslarini isteʼmol qilishning amaldagi normalari — yoqilgʻi-energetika resurslarining mahsulotini (ishlarini, xizmatlarini) ishlab chiqarish chogʻidagi resurslar isteʼmolining yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmolini minimallashtirishni hisobga olgan holda bir yilgacha boʻlgan muddatga shakllantiriladigan normalari qiymatlarining toifasi;
ikkilamchi energiya resurslari — birlamchi energiya resurslarini texnologik jarayonlarda oʻzgartirish orqali olinadigan yoqilgʻi-energetika resurslari;
mahalliy yoqilgʻi-energetika resurslari — tabiatda mavjud boʻlgan va Oʻzbekiston Respublikasi hududida barcha tabiiy hamda boshqa manbalardan ishlab chiqariladigan yoqilgʻi va energiya turlarining yigʻindisi;
tartibga solinadigan faoliyat turlari — issiq suv taʼminoti, sovuq suv taʼminoti va (yoki) suv taʼminoti bilan shugʻullanadigan, oʻziga nisbatan qonunchilik hujjatlariga muvofiq narxlar (tariflar) tartibga solinadigan tabiiy monopoliyalar subyektlari, tashkilotlar, kommunal xoʻjaligi korxonalari tomonidan amalga oshiriladigan faoliyat turlari;
shartli yoqilgʻi — texnik-iqtisodiy hisob-kitoblarda qabul qilingan, normativ hujjatlar va standartlar bilan tartibga solinadigan, har xil turdagi organik yoqilgʻining issiqlik qiymatini solishtirish uchun xizmat qiladigan birlik;
energiya auditi — foydalanilgan yoqilgʻi-energetika resurslari va energiya samaradorligi koʻrsatkichlari toʻgʻrisidagi ishonchli maʼlumotlarni toʻplashga, ularga ishlov berishga hamda ularni tahlil qilishga, shuningdek xulosa tayyorlashga qaratilgan faoliyat;
energiya samaradorligi — yoqilgʻi-energetika resurslaridan foydalanish natijasida olingan samaraning unga sarflangan yoqilgʻi-energetika resurslari xarajatlariga nisbatini aks ettiruvchi koʻrsatkich;

energiyani tejash va energiya samaradorligi koʻrsatkichlari — yuridik va jismoniy shaxslarning energiyani tejash va energiya samaradorligiga doir tadbirlarni amalga oshirish chogʻidagi faoliyati natijalarini tavsiflovchi koʻrsatkichlar;

energiyani tejash — yoqilgʻi-energetika resurslaridan foydalanish chogʻidagi energiya sarfini mahsulot ishlab chiqarish, ishlar va xizmatlar koʻrsatish hajmini qisqartirmagan holda kamaytirishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy, texnik, texnologik, iqtisodiy va boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish.
4-modda. Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirishning asosiy prinsiplari
Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
qonuniylik;
hisobdorlik;

ochiqlik;

shaffoflik.
5-modda. Energiya samaradorligini oshirishga doir standartlarni ishlab chiqish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi maxsus vakolatli davlat organi hamda boshqa masʼul vazirliklar va idoralar bilan birgalikda energiyani tejovchi texnologiyalar va asbob-uskunalarga doir talablarni belgilovchi milliy standartlarni xatlovdan oʻtkazadi, shuningdek energiyani tejovchi texnologiyalarga, mahsulotlar, asbob-uskunalar, maishiy texnika vositalariga va ularda energiya samaradorligini oshirish jarayonlariga oid zarur talablarni nazarda tutuvchi xalqaro standartlarni koʻrib chiqadi hamda quyidagi tadbirlarni oʻz vakolatlari doirasida amalga oshiradi:
sanoat obyektlarida va binolarda energiya isteʼmoli yuqori boʻlgan qurilmalar, asbob-uskunalar, mahsulotlar, jarayonlarning va texnologiyalarning energiya samaradorligini oshirishning milliy standartlari tasdiqlanishini taʼminlaydi;

asbob-anjomlar, uskunalar, mahsulotlar, mashinalar va texnologiyalarning energetik xususiyatlariga doir eng kam va eng koʻp talablarni belgilaydi;

import qiluvchilar, ishlab chiqaruvchilar va sotuvchilarga energiya samaradorligining milliy standartlariga mos boʻlmagan har qanday qurilmalar, uskunalar, mahsulotlarni va texnologiyalarni sotishni taqiqlaydi;
import qiluvchilar, ishlab chiqaruvchilar va sotuvchilarga nisbatan ularning qurilmalari, asbob-uskunalari, mahsulotlari va texnologiyalari energiya samaradorligining milliy standartlariga muvofiqligi toʻgʻrisida sertifikat olish uchun sinovlar va oʻlchovlarni amalga oshirish talablarini belgilaydi.

Sinovlar, oʻlchovlar va sertifikatlashtirishga doir ishlar belgilangan tartibda Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan akkreditatsiya qilingan muassasalar tomonidan amalga oshiriladi.

 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni.
Qurilmalar, asbob-uskunalar, mahsulotlar va texnologiyalar uchun energiya samaradorligi milliy standartlari eʼlon qilinganidan keyin bir yil oʻtgach majburiydir.
2-bob. Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasini davlat tomonidan tartibga solish
6-modda. Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari
Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
energiyani ishlab chiqarish va isteʼmol qilishda energiyadan samarali hamda xavfsiz foydalanishni taʼminlash;
energiyani tejovchi texnologiyalarni ishlab chiqarish va joriy etishni ragʻbatlantirish;

yoqilgʻi-energetika resurslaridan samarali foydalanilishini yoʻlga qoʻyish hamda yoqilgʻi-energetika resurslarini isteʼmol qilishning maqbul yoʻllari va usullarini belgilash;

yoqilgʻi-energetika resurslarini ishlab chiqarish va isteʼmol qilishni taʼminlashda zamonaviy boshqaruv usullarini qoʻllash;
energiyani tejovchi zamonaviy asbob-uskunalar, texnologiyalar, oʻlchov vositalari hamda samarali nazorat tizimlari joriy etilishini ragʻbatlantirish;
energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi fundamental, ilmiy va amaliy tadqiqotlarni rivojlantirish;
yoqilgʻi-energetika resurslarini ishlab chiqaruvchilar, yetkazib beruvchilar va isteʼmol qiluvchilar oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash;
qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ishlab chiqarish va isteʼmolga keng joriy etish boʻyicha mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining masʼuliyatini oshirish;

energetika xizmatlari bozorini rivojlantirish, mazkur yoʻnalishda davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sektorning ishtirokini yanada kengaytirish;

hududlarda energiya samaradorligini va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish darajasini oshirish uchun moliyaviy va fiskal mexanizmlarni hamda ragʻbatlantirish shakllarini joriy etish.
7-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi davlat dasturlarining ishlab chiqilishini hamda amalga oshirilishini tashkil etadi;
energiya samaradorligining maqsadli koʻrsatkichlarini, shuningdek energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi boshqa koʻrsatkichlarni tasdiqlaydi hamda ularga erishish tartibini belgilaydi;

yoqilgʻi-energetika resurslarini isteʼmol qilish normalarini ishlab chiqish va qayta koʻrib chiqish tartibini belgilaydi;

energiya samaradorligini davlat ekspertizasidan oʻtkazish tartibini va shartlarini belgilaydi;
yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmolchilarini energiya auditidan oʻtkazish tartibini belgilaydi;
malakali energetika menejerini tayyorlashni tashkil etish, energetika menejerini sertifikatlashtirish va sertifikatga ega boʻlgan shaxslar orasidan energetika menejerini tanlab olish tartibini belgilaydi;

energiya samaradorligi sertifikatlarini (oq sertifikatlarni) joriy etish tartibini belgilaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
8-modda. Maxsus vakolatli davlat organining energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organidir (bundan buyon matnda maxsus vakolatli davlat organi deb yuritiladi).
Maxsus vakolatli davlat organi:

energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;

davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni, strategiyalarni ishlab chiqadi, amalga oshiradi hamda nazorat qiladi;
energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini oʻz vakolatlari doirasida ishlab chiqadi hamda qabul qiladi;
energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi davlat axborot tizimini yuritadi;
energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi davlat dasturlarining maqsadli koʻrsatkichlariga erishishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshiradi;
energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish tadbirlarining rejalari bajarilishini oʻz vakolatlari doirasida nazorat qiladi hamda muvofiqlashtiradi;

energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi maqsadli koʻrsatkichlarni hisob-kitob qilish uslubiyotini ishlab chiqadi;

energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi uslubiy va axborot taʼminotini amalga oshiradi;
Davlat energetika reyestriga kiritilgan subyektlar tomonidan energiya auditi natijalarining bajarilishi monitoringini yuritadi va tahlil qiladi, shuningdek ushbu subyektlar energetika pasportlarining elektron reyestrini yuritadi;
energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasida kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash boʻyicha belgilangan tartibda akkreditatsiyadan oʻtgan oʻquv markazlarining reyestrini yuritadi;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni.
energiyani tejashni, undan oqilona foydalanishni va energiya samaradorligini oshirishni ragʻbatlantirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirishda oʻz vakolatlari doirasida ishtirok etadi;
energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish toʻgʻrisidagi yillik hisobotni tayyorlaydi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi;
energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish, shuningdek qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi ilgʻor jahon tajribasini oʻrganish va amaliyotga tatbiq etish ishlarini amalga oshiradi;

yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmolchilari tomonidan energiyani tejaydigan texnologiyalardan va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishning afzalliklari toʻgʻrisida jamoatchilikni xabardor qiladi hamda tushuntirish ishlarini tashkil etadi.

Maxsus vakolatli davlat organi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
9-modda. Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasining energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi vakolatlari
Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi (bundan buyon matnda Oʻzenergoinspeksiya deb yuritiladi) oʻz vakolatlari doirasida:
energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasida davlat nazoratini amalga oshiradi;
energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etadi;
binolar va inshootlarni, shu jumladan koʻp kvartirali uylarni loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va foydalanishga topshirishda ularda energiyani tejaydigan va energiya jihatidan samarador texnologiyalardan foydalanishning shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiqligini tekshiradi;
binolar va inshootlarni, shu jumladan koʻp kvartirali uylarni loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlashda issiqlik saqlovchi qurilish materiallarini, shuningdek konstruksiyalarni qoʻllashga hamda muqobil energiya manbalarini va energiyani tejaydigan qurilmalarni majburiy tarzda oʻrnatish talablariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi, bundan yakka tartibdagi uylar qurilishi mustasno;

tovarlar (ishlar, xizmatlar), binolar va inshootlarning energiya samaradorligi va energiyani tejash, shuningdek energiyadan oqilona foydalanish normalariga hamda uning sifat koʻrsatkichlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;

ushbu Qonunda belgilangan hollarda yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qoʻllash choralarini koʻradi.
10-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi vakolatlari
Oldingi tahrirga qarang.
Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi hududiy dasturlarni tasdiqlaydi va ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
(10-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari:
(10-modda ikkinchi qismining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
Oldingi tahrirga qarang.
energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi hududiy dasturlarni ishlab chiqadi, tasdiqlash uchun mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga kiritadi hamda amalga oshiradi;
(10-modda ikkinchi qismining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi xalqaro hamkorlikni amalga oshirishda oʻz vakolatlari doirasida ishtirok etadi;

energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish masalalarini ommaviy axborot vositalari yordamida keng targʻib etadi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
3-bob. Energiya servis kompaniyalari va energiya servis shartnomasi
11-modda. Energiya servis kompaniyalari
Energiya servis kompaniyasi energetika xizmatlarini koʻrsatish shartnomasiga muvofiq energiya tejamkorligi va energiya samaradorligini oshirish maqsadida qurilish, qurilish-montaj va sozlash ishlarini bajarish, energiya qurilmalarini ishga tushirish hamda bunday qurilmalar mavjud boʻlgan obyektlarda energiya auditini oʻtkazish, shu jumladan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini oʻrnatish va ekspluatatsiya qilish bilan kompleks ravishda shugʻullanadigan yuridik shaxsdir.
Maxsus vakolatli davlat organi energiya servis kompaniyalari faoliyatini rivojlantirishning strategik rejasini ishlab chiqadi va kelishadi, mazkur reja quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
iqtisodiyot tarmoqlarining hamda ijtimoiy soha obyektlarining binolari va inshootlarida energiya samaradorligini oshirish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish boʻyicha talablarni belgilashni;

energiya servis kompaniyalarini moliyalashtirish va rivojlantirishga koʻmaklashishni.

Maxsus vakolatli davlat organi energiya servis kompaniyalarini akkreditatsiya qilish jarayonini (arizalarni koʻrib chiqish, baholash, energiya servis kompaniyalarini akkreditatsiya qilish va ularning roʻyxatini yuritish) qonunchilikda belgilangan tartibda tashkil etadi va amalga oshiradi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni.
Maxsus vakolatli davlat organi energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish masalalari boʻyicha energiya servis shartnomalariga doir talablarni ishlab chiqadi. Unda quyidagilar koʻrsatiladi:
energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar hamda energiya servis kompaniyalarining ularni amalga oshirish borasidagi majburiyatlari;
energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish boʻyicha ishlar rejasi, shu jumladan maqsadli dasturni amalga oshirish bosqichlari;
har bir chora-tadbirga doir investitsiyalar qiymatini baholash hamda energiya hajmlari va xarajatlarini aniqlash;
qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlarini baholash;
shartnomani tuzish va bekor qilish shartlarini koʻrsatgan holda, shartnomaning mezonlarini, shuningdek boshqa qoidalarini belgilash;
energiya servis kompaniyalariga rejadagi ishlarni bajarishda koʻmaklashadigan pudrat va yordamchi pudrat tashkilotlarining yoki boshqa servis tashkilotlarining ishtirokini baholash;
bajarilgan ishlarni baholash va sinovlardan oʻtkazish rejasi;

shartnomaning moliyaviy shartlari;

shartnomaga oʻzgartirishlar kiritish tartibi.
12-modda. Energiya servis shartnomasi
Energiya servis shartnomasi energiya servis kompaniyasi va isteʼmolchi oʻrtasidagi kelishuv boʻlib, u energiya servis kompaniyasining energiya tejamkorligi va energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan xizmatlari (ishlari) yuzasidan taraflarning huquq va majburiyatlarini belgilaydi.
Energiya servis shartnomasida quyidagilar belgilanadi:
energiya servis kompaniyasi tomonidan energiya servis shartnomasini bajarish natijasida energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan xizmatlar (ishlar) koʻrsatish shartlari hamda ushbu xizmatlarning (ishlarning) hajmi;
energiya servis shartnomasining amal qilish muddati;
qonunchilikda belgilangan boshqa shartlar.
Energiya servis shartnomasiga qoʻshimcha ravishda quyidagilar kiritilishi mumkin:
shartnomaning amal qilish davrida yoqilgʻi-energetika resurslaridan foydalanishning boshqa shartlari;
foydalaniladigan yoqilgʻi-energetika resurslarini oʻlchash vositalarini oʻrnatish va ishga tushirish yuzasidan energiya servis kompaniyasining majburiyatlari;

energiya servis shartnomasini amalga oshirish natijasida tejalgan yoqilgʻi-energetika resurslarining miqdoridan kelib chiqib, energiya servis xizmati uchun mukofot pullarini toʻlash.

Davlat organlari va tashkilotlari bilan energiya servis shartnomalari qonunchilikka muvofiq tuziladi.
4-bob. Energetika menejmenti, energiya auditi va energetika ekspertizasi
13-modda. Energetika menejmenti
Energetika menejmenti yoqilgʻi-energetika resurslari sarfini kamaytirish va maqbullashtirish, isteʼmolchilar uchun zarur miqdordagi yoqilgʻi-energetika resurslarini ishlab chiqarish, tashish va ulardan foydalanish jarayonlarini doimiy boshqarish tizimidir.
Energetika menejmenti Davlat energetika reyestriga kiritilgan subyektlarda amalga oshiriladi.
Energetika menejmenti joriy etilgan subyektlar:
yoqilgʻi-energetika resurslari sarfini kamaytirish va maqbullashtirishga oid tadbirlarni amalga oshiradi;

energetika menejmenti sohasidagi xodimlarni (energetika menejerlarini) oʻqitish va ularni attestatsiyadan oʻtkazish ishlarini tashkil etadi.

Xalqaro standartlar talablariga muvofiq energetika menejmenti tizimi joriy etiladigan vazirliklar va idoralarning roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
14-modda. Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasini uslubiy va axborot jihatdan qoʻllab-quvvatlash
Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasida maxsus vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladigan uslubiy va axborot jihatdan qoʻllab-quvvatlash quyidagi tadbirlarni oʻz ichiga oladi:
energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish boʻyicha uslubiy va axborotga oid hujjatlarni tayyorlash, davlat organlari va tashkilotlariga yetkazib berish hamda ularning qoʻllanilishini monitoring qilishga;
energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi eng samarali loyihalarni tanlab olishni va amalga oshirishni taʼminlashga;

monitoring tizimini joriy etish va uni takomillashtirishga;

energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasida rivojlangan davlatlarning uslubiy, axborot, texnik va tashkiliy jihatdan qoʻllab-quvvatlash borasidagi tajribasini amaliyotga joriy etish boʻyicha tavsiyalarni amalga oshirishga.
15-modda. Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasida xodimlarning malakasini oshirish
Davlat organlari va tashkilotlari energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish boʻyicha masʼul xodimlarni tayinlaydi, shuningdek ushbu yoʻnalishdagi mutaxassislarning malakasini oshiradi.
Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarida, shu jumladan Davlat energetika reyestriga kiritilgan subyektlarda energiya menejmenti boʻyicha oʻquv dasturlari ishlab chiqiladi va maxsus vakolatli davlat organi bilan kelishiladi.
Maxsus vakolatli davlat organi energiya auditorlari va energetika menejerlarining attestatsiyasini amalga oshiradi.

Maxsus vakolatli davlat organi energiya auditorlari va energetika menejerlariga sertifikatlashtirish imtihonlariga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha oʻquv dasturlarini ishlab chiqadi va belgilangan tartibda eʼlon qiladi.

Energiya auditorlari va energetika menejerlari akkreditatsiyadan oʻtkazilgan oʻquv markazlarida, shu jumladan oliy taʼlim tashkilotlarida malaka oshiradi. Oʻquv markazlarining roʻyxati maxsus vakolatli davlat organi tomonidan yuritiladi va belgilangan tartibda eʼlon qilinadi.
16-modda. Energiya auditini tashkil etish
Energiya auditi majburiy va ixtiyoriy tarzda tashkil etiladi.
Majburiy energiya auditi Davlat energetika reyestriga kiritilgan subyektlarda dastlabki, davriy, navbatdan tashqari va ekspress energiya auditi shaklida oʻtkaziladi.
Dastlabki energiya auditi energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirishni baholash maqsadida oʻtkaziladi.
Davriy energiya auditi besh yilda kamida bir marta majburiy tartibda oʻtkaziladi.

Navbatdan tashqari energiya auditi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq oʻtkaziladi.

Ekspress energiya auditi energiya samaradorligini oshirish imkoniyatlarini aniqlash, shuningdek texnik va texnologik modernizatsiya ishlarini amalga oshirish natijasida erishilgan energiya samaradorligi koʻrsatkichlarini tezkor aniqlash maqsadida oʻtkaziladi.

Ixtiyoriy energiya auditi Davlat energetika reyestriga kiritilmagan isteʼmolchilarda energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish maqsadida oʻtkaziladi.

Ichki energiya auditi yoqilgʻi-energetika resurslarining aniq turi, ikkilamchi energiya resurslaridan foydalanish, alohida agregat (agregatlar guruhi) yoki energiya samaradorligining alohida koʻrsatkichlari boʻyicha oʻtkaziladigan energiya auditidir.
17-modda. Energiya auditini oʻtkazish
Yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmolchilarining energiya auditi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda oʻtkaziladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 19-oktabrdagi 690-sonli “Yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmolchilarini hamda bino va inshootlarni energiya isteʼmolini energiya auditidan oʻtkazish tartiblarini belgilash toʻgʻrisida”gi qarori.
Energiya auditi energiya auditi xizmatlarini koʻrsatuvchi va isteʼmolchi oʻrtasida tuzilgan shartnomaga asosan oʻtkaziladi.
Energiya auditining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
yoqilgʻi-energetika resurslarini tejash, ulardan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish salohiyatini baholash;
yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmolining progressiv normalariga oʻtish boʻyicha asoslantirilgan takliflarni ishlab chiqish;
energiyani tejashga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
energetika pasportini ishlab chiqish.
Energiya auditi natijalari boʻyicha ishlab chiqilgan energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar maqsadli, hududiy va tarmoq dasturlariga hamda audit oʻtkazilayotgan yuridik shaxslarning energiyani tejash dasturlariga kiritiladi.
Davriy energiya auditi Oʻzenergoinspeksiya bilan kelishilgan holda, har yili belgilangan tartibda tasdiqlanadigan jadvallarga asosan besh yilda kamida bir marta oʻtkaziladi.
Majburiy energiya auditi yuqori texnologiyali ishlab chiqarish uskunalarini uch yildan kam boʻlgan davr ichida oʻrnatgan va asosiy texnologik uskunalarni shu davr ichida modernizatsiya qilgan hamda Davlat energetika reyestriga kiritilgan subyektlarda ekspress energiya audit shaklida oʻtkaziladi.
Majburiy energiya auditini oʻtkazish Oʻzenergoinspeksiyaning hududiy boshqarmalari bilan kelishilgan texnik topshiriqqa asosan amalga oshiriladi.
Ixtiyoriy energiya auditi energiya auditini oʻtkazish uchun ishlab chiqilgan texnik topshiriqqa asosan oʻtkaziladi.
Ichki energiya auditi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibga muvofiq korxonalar va tashkilotlarning energetika menejmenti boʻlimlari (guruhlari) tomonidan oʻtkaziladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 19-oktabrdagi 690-sonli “Yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmolchilarini hamda bino va inshootlarni energiya isteʼmolini energiya auditidan oʻtkazish tartiblarini belgilash toʻgʻrisida”gi qarori.
Ichki energiya auditini oʻtkazuvchi shaxslar:

ichki energiya auditini oʻtkazish va uning natijalarini koʻrib chiqish uchun malakali mutaxassislarni jalb etish;

ichki audit oʻtkazishda yuzaga kelgan masalalar yuzasidan energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish uchun masʼul boʻlgan shaxslardan tushuntirishlar va boshqa qoʻshimcha axborot olish huquqiga ega.
18-modda. Energiya auditi natijalari boʻyicha energetika pasportini yuritish tartibi
Oʻzenergoinspeksiyaning hududiy boshqarmalari:
energiya auditi natijalari boʻyicha tuzilgan energetika pasportlarini umumlashtiradi, tahlil qiladi, ularga ishlov beradi, ularni tizimlashtiradi va tegishli qaror qabul qilish uchun maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etadi;

energiya auditi natijalari boʻyicha tuzilgan energetika pasportlarining Davlat energetika reyestriga kiritilishini taʼminlaydi.

Energetika pasportlarini yuritish jarayonida olingan axborot isteʼmolchilarning (bundan jismoniy shaxslar mustasno) yoqilgʻi-energetika resurslaridan foydalanishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar monitoringini yuritish uchun asos boʻladi.

Oʻzenergoinspeksiyaning hududiy boshqarmalari energiya auditorlari tashkilotlaridan energetika pasportlari toʻgʻrisidagi axborotni energiya auditidan ixtiyoriy ravishda oʻtkazilgan isteʼmolchilarning roziligi bilan olishga haqli.

Maxsus vakolatli davlat organi davlat energetika reyestrining, davlat organlari va tashkilotlarining maʼlumotlari asosida respublika yalpi ichki mahsulotining energiya sigʻimini hamda yoqilgʻi-energetika resurslaridan foydalanish samaradorligini hisoblaydi va tahlil qiladi.
19-modda. Energetika ekspertizasi
Energetika ekspertizasi akkreditatsiya qilingan ekspert tashkiloti tomonidan yangi qurilayotgan va (yoki) rekonstruksiya qilinayotgan obyektlarning loyiha-smeta hujjatlarini energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi qonunchilik hujjatlariga, shu jumladan texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini tekshirish uchun oʻtkaziladi.
Energetika ekspertizasini oʻtkazish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilandi.
Energetika ekspertizasini oʻtkazishning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
loyiha-smeta hujjatlarining energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi qonunchilik hujjatlari, shu jumladan majburiy texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini baholash;
loyiha-smeta hujjatlarida nazarda tutilgan energiya samaradorligini oshirishga doir chora-tadbirlarning yetarliligi va asoslantirilganligini baholash.

Energetika ekspertizasi yoqilgʻi-energetika resurslarini qazib olish, ishlab chiqarish, qayta ishlash, tashish, saqlash, yetkazib berish (taqsimlash, sotish) va isteʼmol qilish bilan bogʻliq texnologik jarayonlarda foydalaniladigan asbob-uskunalar va qurilmalarning energiya samaradorligini baholash uchun oʻtkaziladi.

Yangi quriladigan va rekonstruksiya qilinadigan obyektlar, texnologiyalar va asbob-uskunalar loyiha-smeta hujjatlarining energiya samaradorligini oshirish normalariga muvofiqligi yuzasidan energetika ekspertizasidan majburiy tartibda oʻtkazilishi kerak.
5-bob. Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirishning iqtisodiy mexanizmlari
20-modda. Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi dasturlar va loyihalarni moliyalashtirish
Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi milliy, tarmoq va hududiy dasturlar hamda loyihalar Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari, budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
21-modda. Tarmoqlararo energiyani tejash jamgʻarmasi
Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Tarmoqlararo energiyani tejash jamgʻarmasi (bundan buyon matnda Jamgʻarma deb yuritiladi) mablagʻlarini shakllantirish manbalari quyidagilardan iborat:
kreditlashdan va jamgʻarmaning boshqa moliya-xoʻjalik faoliyatidan olingan foyda;
energiyadan oqilona foydalanish sohasidagi milliy, tarmoq va hududiy dasturlarni hamda loyihalarni amalga oshirishdan olingan foydaning ulushi;
xalqaro moliya institutlari hamda donor tashkilotlar tomonidan ajratiladigan grantlar va kreditlar;
davlat ulushi boʻyicha dividendlar hisobidan neft-gaz va elektr energetikasi tarmoqlari korxonalarining sof foydasidan ajratiladigan transfertlar;

yoqilgʻi-energetika resurslarini shartnomada belgilangan normalardan ortiq isteʼmol qilganlik uchun qoʻshimcha toʻlovlardan olingan tushumlar;

qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa tushumlar.
22-modda. Energiya isteʼmolchilariga beriladigan imtiyozlar
Energiya isteʼmolchilariga imtiyozlar qonunga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlariga muvofiq berilishi mumkin.
6-bob. Iqtisodiyot tarmoqlarida va ijtimoiy soha obyektlarida energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish yoʻnalishlari
23-modda. Iqtisodiyot tarmoqlarida va ijtimoiy soha obyektlarida energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish
Iqtisodiyot tarmoqlarida va ijtimoiy soha obyektlarida energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish yoʻnalishlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasida monitoring tizimini joriy etish;
energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasida uslubiy va axborot jihatdan taʼminlashni amalga oshirish;
rahbarlar va mutaxassislarning energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi bilimlari hamda koʻnikmalarini oshirib borish;
energiya auditi muntazam ravishda oʻtkazilishini taʼminlash;
yoqilgʻi-energetika resurslari sarfining belgilangan normalariga qatʼiy rioya etish;
ishlab chiqarilayotgan mahsulot (ishlar, xizmatlar) birligi uchun sarflanayotgan yoqilgʻi-energetika resurslari yoʻqotishlarini qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilash;

energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi xalqaro standartlarni qoʻllash;

barcha turdagi binolarni isitish va sovutish, yoritish, issiq va sovuq suv taʼminoti chogʻidagi energiya sarfini tartibga soluvchi avtomatlashtirilgan tizimlarni joriy etish.
24-modda. Sanoat korxonalarida energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish
Sanoat korxonalarida energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish yoʻnalishlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
yangi zamonaviy, innovatsion, energiyani tejaydigan texnologiyalarni, shu jumladan energiyani tejaydigan xorijiy texnologiyalarini jalb etish orqali sanoat korxonalarini bosqichma-bosqich modernizatsiya va rekonstruksiya qilish;
texnik jihatdan qayta jihozlashga qaratilgan istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish;
sexlarning alohida uchastkalarida yoqilgʻi-energetika resurslari hisobini yuritish;
ichki energiya auditi natijalari boʻyicha tashkiliy-texnik tadbirlarni ishlab chiqish hamda ularning bajarilishini taʼminlash;
rahbarlar va mutaxassislarning energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi bilimlari hamda koʻnikmalarini oshirib borish;
foydalanilayotgan ayrim asbob-uskunalar uchun yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmolining eng yuqori normalarini belgilash;
korxonalarda ishlab chiqarilayotgan mahsulot birligi uchun sarflanadigan yoqilgʻi-energetika resurslari normalarini belgilash;

xalqaro standartlarga muvofiq energetika menejmenti tizimini bosqichma-bosqich joriy etish;

energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlarining, xorijiy va mahalliy investorlarning mablagʻlarini jalb etish.
25-modda. Qurilish sohasida energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish
Qurilish sohasida energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish yoʻnalishlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
binolar, inshootlar qurilishida hamda turar joylarda energiya samaradorligini oshirishga va energiyani tejashga oid normativ koʻrsatkichlarni belgilash;
rahbarlar va mutaxassislarning energiyani tejash, undan oqilona foydalanish hamda energiya samaradorligini oshirish borasidagi bilim va koʻnikmalarini oshirib borish;
tarmoqdagi korxonalar va tashkilotlarda foydalanishda boʻlgan asbob-anjomlar hamda uskunalar uchun yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmolining eng yuqori normalarini belgilash;
foydalanish maydoni 200 kvadrat metrdan ortiq boʻlgan binolar va inshootlarning energiya samaradorligi toifasini belgilash;
binolar va inshootlar uchun yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmolining eng kam normalarini belgilash hamda ushbu normalarni har besh yilda qayta koʻrib chiqish;
energiya sarfi past boʻlgan binolar qurilishini ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlash;
xalqaro standartlarni hisobga olgan holda yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmolining oʻrtacha yillik koʻrsatkichlarini aniqlash;
markaziy yoki lokal isitish tizimiga ulangan koʻp kvartirali uylarda va yashash uchun moʻljallanmagan joylarda individual hisoblagichlarni oʻrnatish;

koʻp kvartirali uylarni va yashash uchun moʻljallanmagan joylarni isitish (sovitish) tizimlarida energiya sarfi shaffofligini taʼminlash maqsadida hisob-kitobni har bir isteʼmolchiga alohida oʻrnatilgan hisoblagichlar orqali amalga oshirish;

energiya auditi natijalari boʻyicha tashkiliy-texnik tadbirlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish;
energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlarining, xorijiy hamda mahalliy investorlarning mablagʻlarini jalb etish.
Binolar va inshootlarni qurishda hamda rekonstruksiya qilishda issiqlik izolyatsiyasi koʻrsatkichlarini taʼminlashning asosiy yoʻnalishlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
issiqlik izolyatsiyasi boʻyicha xalqaro standartlar talablariga rioya etish;
issiqlikni izolyatsiya qiladigan materiallardan foydalanish;
ikki kamerali derazalar oʻrnatilishini ragʻbatlantirish;

quyosh suv isitkichlaridan, energiya sarflanishi jihatidan samarador qurilish materiallari va konstruksiyalardan foydalanish;

mukammal taʼmirlanadigan binolar va inshootlarga nisbatan yangi binolar hamda inshootlarga qoʻyiladigan talablarni qoʻllash.
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining qarori bilan quyidagi toifadagi binolar hamda inshootlarga nisbatan ushbu moddada nazarda tutilgan talablar qoʻllanilmasligi mumkin:
moddiy madaniy meros obyektlari, davlat muzeylari va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, agar energiya samaradorligi boʻyicha belgilangan minimal talablarga rioya etish binolar va inshootlarning tashqi koʻrinishi, tarixiy ahamiyati oʻzgarishiga olib kelishi yoki ularga boshqacha tarzda taʼsir etishi mumkin boʻlsa;
diniy tashkilotlarning binolari;

ekspluatatsiya muddati ikki yildan oshmagan vaqtinchalik imoratlar, energiya samaradorligi past boʻlgan sanoat obyektlari, yashash uchun moʻljallanmagan qishloq xoʻjaligi binolari.

Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi har uch yilda bir marta binolar hamda inshootlarning energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish, “energiya sarfi nol” boʻlgan binolar hamda inshootlar sonini koʻpaytirish toʻgʻrisidagi ishlar yuzasidan hisobot eʼlon qilib boradi.
26-modda. Transport sohasida energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish
Transport sohasida energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
barcha turdagi transport vositalari uchun yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmolining eng yuqori normalarini belgilash;
energiya auditi natijalari boʻyicha tashkiliy-texnik tadbirlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish;

respublikada elektromobillar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish va uni rivojlantirish choralarini koʻrish;

elektromobillarni quvvatlash stansiyalari, avtomobil zavodlarida elektromobillar ishlab chiqarish liniyalarini oʻrnatish va elektromobillarga oʻtishni ragʻbatlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish.
27-modda. Maishiy texnikadan foydalanishda energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish
Maishiy texnikadan foydalanishda energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
energiya samaradorligi past boʻlgan maishiy texnika mahsulotlarini sotishga cheklovlar oʻrnatish;
energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirishga oid xalqaro standartlarni qoʻllash;
maishiy texnika asbob-anjomlarining energiya samaradorligi toifalarini belgilash (tamgʻalash);

yoqilgʻi-energetika resurslarini isteʼmol qiladigan maishiy texnika asbob-anjomlarini belgilangan tartibda sertifikatlashtirish;

 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”gi Qonuni.
sinov laboratoriyalarini joriy etish va rivojlantirish.
28-modda. Issiqlik taʼminoti hamda kommunal xizmat koʻrsatish korxonalarida energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish
Issiqlik taʼminoti hamda kommunal xizmat koʻrsatish korxonalarida energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
kommunal xizmat koʻrsatish korxonalarida foydalanishda boʻlgan asbob-anjomlar hamda uskunalar uchun yoqilgʻi-energetika resurslari sarfining eng yuqori normalarini belgilash;
Yagona issiqlik dispetcherlik markazi orqali markazlashtirilgan issiqlik taʼminoti tizimlarini boshqarish;
issiqlik taʼminoti korxonalari va isteʼmolchilar tomonidan isteʼmol rejimlariga rioya etilishini monitoring qilish;
issiqlik energiyasining sifat koʻrsatkichlarini joriy etish;
sovitish, ventilyatsiya va issiqlik taʼminoti sifatini yaxshilash;

issiqlik taʼminoti tarmoqlarida, shuningdek binolar va inshootlarda issiqlik himoya qilinishini yaxshilash;

issiqlik taʼminoti quvurlarini izolyatsiya qilish;
yondirgichlarni yangilash, havo va yoqilgʻi nisbatini maqbullashtirish;
issiqlik taʼminoti miqdorining oʻzgarishiga nisbatan issiq suv miqdori oʻzgarishini joriy etish;
markazlashtirilgan issiqlik taʼminoti tizimlarida gidravlik rejimlarni sozlash va avtomatlashtirish;
issiqlik taʼminoti sohasida tarif siyosatini takomillashtirish, shu jumladan issiqlik energiyasi isteʼmolchilarining hisob-kitoblarini ikki bosqichli kommunal toʻlovlar tariflariga oʻtkazish;

isteʼmolchilarda issiqlik energiyasi (issiq suv) sarfini oʻlchash asboblarini toʻliq oʻrnatish;

energiya auditi natijalari boʻyicha tashkiliy-texnik tadbirlar ishlab chiqilishi va bajarilishini taʼminlash;
qozonxonalarni modernizatsiya va rekonstruksiya qilishga, energiya samaradorligi past boʻlgan qozonxonalarni bosqichma-bosqich foydalanishdan chiqarishga, issiqlik energiyasini ishlab chiqarish uchun yoqilgʻi sarfini kamaytirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish;
issiqlik taʼminoti va kommunal xizmat koʻrsatish korxonalarida ishlab chiqarilayotgan mahsulot birligiga nisbatan sarf qilinadigan yoqilgʻi-energetika resurslari normalarini belgilash;

xalqaro moliya institutlarining hamda xorijiy va mahalliy investorlarning mablagʻlarini jalb etish;

rahbarlar va mutaxassislarni qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish.
29-modda. Markazlashtirilgan issiqlik taʼminoti tizimlarida energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish
Markazlashtirilgan issiqlik taʼminoti tizimlarida energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish yoʻnalishlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
issiqlik taʼminoti markazlariga ulangan ijtimoiy soha obyektlari, xususiy sektor binolari va yangi qurilgan turar joy majmualarini issiqlik taʼminoti tizimlaridan ajratish;
konditsioner yoki issiqlik nasosi va issiq suv taʼminoti uchun mustaqil sovitish (isitish) tizimini joriy etish;
ijtimoiy soha obyektlarida, xususiy sektor binolarida va yangi qurilgan uylarda lokal qozonxonalardan foydalanish hisobiga tabiiy gaz isteʼmolini tejash;
ijtimoiy soha obyektlaridan, xususiy sektor binolaridan va yangi qurilgan uylardan iborat yangi majmuani qurishda binolar hamda inshootlar uchun maxsus issiqlik taʼminoti tizimini oʻrnatish;

mavjud binolar va inshootlarni mukammal taʼmirlashda ularni yangi binolar va inshootlarga nisbatan qoʻllaniladigan talablarga muvofiq markazlashtirilgan issiqlik taʼminoti tizimidan ajratish.

Yoqilgʻi-energetika resurslarining boshqa manbalariga ulanish imkoniyati mavjud boʻlmagan hollarda issiqlik qabul qiluvchi va issiqlik taʼminoti tizimida issiqlik yoʻqotilishining oldini olish boʻyicha barcha chora-tadbirlar koʻrilganidan keyin markazlashtirilgan issiqlik taʼminotiga ulanishga ruxsat beriladi.
30-modda. Qishloq va suv xoʻjaligida energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish
Qishloq xoʻjaligi tizimida energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
qishloq xoʻjaligi ehtiyojlari uchun suv resurslaridan foydalanuvchi isteʼmolchilarning mavjud nasos stansiyalarini har yili bir marta tekshiruvdan oʻtkazish;
energiya auditi natijalari boʻyicha tashkiliy-texnik tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
energiya jihatidan samarador nasoslarda reaktiv quvvatni kompensatsiya qilish va ularda quyosh fotoelektr tizimlarini joylashtirish imkoniyatlarini belgilash.
Suv xoʻjaligi tizimida energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:

energiya auditi natijalari boʻyicha tashkiliy-texnik tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash, saqlash va tashishda uskunalarning energiya samaradorligini oshirish uchun ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish hamda takomillashtirilgan texnologiyalarni qoʻllash.
31-modda. Tashqi yoritish tizimlarida energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish
Tashqi yoritish tizimlarida energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
loyihalash ishlarini xalqaro standartlarga muvofiq amalga oshirish;
energiya jihatidan tejamkor va yuqori samarali yoritish uskunalaridan foydalanish;
qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish;

energiya auditi natijalari boʻyicha tashkiliy-texnik tadbirlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish;

hududlarda yoritish tizimlaridan vaqt oraliqlariga muvofiq tarzda foydalanish.
32-modda. Energiya taʼminoti va boshqa yoqilgʻi-energetika tarmogʻi tashkilotlarining energiya samaradorligini oshirish boʻyicha majburiyatlari
Oʻzbekiston Respublikasi hududida faoliyat yurituvchi neft mahsulotlari, elektr va issiqlik energiyasi hamda tabiiy gazni yetkazib beruvchi energiya taʼminoti tashkilotlari, energiyaning chakana savdosi bilan shugʻullanuvchi tashkilotlar, suyuq yoqilgʻining chakana sotuvchilari va yakuniy isteʼmolchilarga yoqilgʻini toʻgʻridan-toʻgʻri yetkazib beruvchilar energiya samaradorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlarni bajarishi shart.
7-bob. Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi davlat nazorati hamda monitoringi
33-modda. Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi monitoring
Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi monitoringni maxsus vakolatli davlat organi amalga oshiradi.
Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish monitoringi quyidagilardan iborat:
energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish obyektlarining texnik koʻrsatkichlarini, yoqilgʻi-energetika resurslarining sarflanishi, shuningdek ishlab chiqarish hajmlari (tannarx) va moliyaviy koʻrsatkichlarni oʻz ichiga olgan maʼlumotlar bazasini yuritish;
maʼlumotlar bazasi asosida yagona axborot-tahlil tizimini yaratish;

integratsiyalashgan axborot-tahlil tizimi maʼlumotlari asosida iqtisodiyot tarmoqlari hamda faoliyat turlari boʻyicha energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish yuzasidan muntazam monitoring olib borish;

yuqori malakali ekspertlarni jalb etgan holda korxonalarga energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish boʻyicha tegishli tavsiyalar berish.
34-modda. Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi davlat nazorati
Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish, shuningdek energiya sifatining normativ hujjatlarda belgilangan koʻrsatkichlariga rioya etilishi sohasidagi davlat nazorati Oʻzenergoinspeksiya hamda uning hududiy boshqarmalari tomonidan qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
35-modda. Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirishga oid statistikani yuritish
Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirishga oid statistikani yuritish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi tomonidan amalga oshiriladi.
Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirishga oid statistika maʼlumotlarini shakllantirish yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:

maxsus vakolatli davlat organi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirishga doir maqsadli koʻrsatkichlarni (indikatorlarni) sohalar boʻyicha shakllantirish;

maxsus vakolatli davlat organi tomonidan yoqilgʻi-energetika resurslarining isteʼmoli miqdori va tarkibi hamda ulardan oqilona foydalanishni tashkil etish toʻgʻrisidagi axborotni shakllantirish.
36-modda. Yoqilgʻi-energetika resurslarini hisobga olish
Qazib olinayotgan, ishlab chiqarilayotgan, qayta ishlanayotgan, uzatilayotgan, saqlanayotgan, yetkazib berilayotgan (taqsimlanayotgan, sotilayotgan) va isteʼmol qilinayotgan yoqilgʻi-energetika resurslarini hisobga olish belgilangan standartlar va normalarga muvofiq amalga oshiriladi.
Yoqilgʻi-energetika resurslarini ishlab chiqarish va isteʼmol qilish toʻgʻrisidagi axborotning ishonchliligi uchun javobgarlik tegishli korxonalar va tashkilotlarning rahbarlari zimmasiga yuklatiladi.

Normativ darajadan yuqori boʻlgan energetika resurslarini talab qiladigan hamda hisobga olish, nazorat qilish va tartibga solish qurilmalari rejalashtirilmagan sanoat, jamoat hamda turar joy binolarini qurish loyihalarini tasdiqlashga yoʻl qoʻyilmaydi.

Foydalanishga topshirilayotgan sanoat, jamoat va turar joy binolarida qurilmalar hamda oʻlchash tizimlari orqali energiya isteʼmoli normalariga rioya etilishini nazorat qilish tartibi maxsus vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi.
8-bob. Yoqilgʻi-energetika resurslarining isteʼmoli normalari
37-modda. Yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmoli normalarini belgilashning maqsad va vazifalari
Yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmoli normalarini belgilash mahsulot (ishlar, xizmatlar) ishlab chiqarishni rejalashtirishda yoqilgʻi-energetika resurslarining texnik-iqtisodiy jihatdan asoslangan sarflanishidan foydalanishni taʼminlash maqsadida amalga oshiriladi.
Yoqilgʻi-energetika resurslarining energiya taʼminoti manbalaridan qatʼi nazar, yuridik shaxslar tomonidan asosiy va yordamchi ishlab chiqarish hamda ekspluatatsiya ehtiyojlari uchun sarflangan yoqilgʻi, issiqlik va elektr energiyasi isteʼmol qilish normasiga kiritiladi.
Yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmoli normalarini belgilash energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi fan va texnikaning zamonaviy yutuqlariga, yoqilgʻi-energetika resurslaridan samarali hamda oqilona foydalanish talablarini inobatga oluvchi yagona uslubiy va tashkiliy prinsiplarga asoslanadi.

Yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmoli normalarini belgilashning yagona uslubiy va tashkiliy prinsiplarini ishlab chiqish maxsus vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.

Yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmoli normalarini belgilash quyidagi vazifalarni oʻz ichiga oladi:
yagona uslubiy asosda mahsulotlarning (ishlarning, xizmatlarning) tegishli turlariga muvofiq normalarini ishlab chiqish;
normalarni belgilashda ishlab chiqarish sharoitlarini, fan-texnika taraqqiyoti yutuqlarini joriy etish, energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish choralarini hisobga olish;

yoqilgʻi-energetika resurslaridan samarali foydalanish, mehnat jamoalarining energiyani tejash va energiya samaradorligini oshirishga qiziqishini kuchaytirish choralarini koʻrish;

mahsulot (ishlar, xizmatlar) ishlab chiqarishda yoqilgʻi-energetika resurslaridan foydalanishning eng tejamkor koʻrsatkichlariga erishish.
38-modda. Yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmolining normalarini belgilash
Yoqilgʻi-energetika resurslarining umumiy yillik isteʼmol normasi besh yuz hamda undan ortiq tonna shartli yoqilgʻi va (yoki) ikki yuz ellik hamda undan ortiq tonna motor yoqilgʻisi sarflaydigan jismoniy va yuridik shaxslar uchun belgilanadi.
39-modda. Yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmolining amaldagi va progressiv normalari
Besh yuz hamda undan ortiq tonna shartli yoqilgʻi va (yoki) ikki yuz ellik va undan ortiq tonna motor yoqilgʻisi hajmida yoqilgʻi-energetika resurslarini isteʼmol qilishning amaldagi normalari energiya auditi natijalariga koʻra yoki eng yaxshi mavjud texnologiyalardan foydalangan holda taqqoslash usullarini qoʻllash asosida bir yilgacha boʻlgan muddatga belgilanadi.
Yoqilgʻi-energetika resurslari yillik isteʼmolining progressiv normativlari yoqilgʻi-energetika resurslarining umumiy yillik isteʼmolidan kelib chiqib besh yil muddatga belgilanadi.
40-modda. Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish koʻrsatkichlarining normalarini belgilash
Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasida maqsadli koʻrsatkichlar hamda yoqilgʻi-energetika resurslaridan foydalanishning rejali va amaldagi qiymatlari, energiya sigʻimliligi, shu jumladan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish koʻrsatkichlari hamda energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq boshqa koʻrsatkichlar normalari belgilanadi.
9-bob. Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi davlat axborot tizimi
41-modda. Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirishga oid axborot taʼminoti
Tarmoqlar va sohalarda energiya sigʻimi, energiyani tejash imkoniyatlari toʻgʻrisida axborot olish maqsadida energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirishga oid davlat axborot tizimi yuritiladi.
Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirishga oid davlat axborot tizimini yuritish maxsus vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.
Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirishga oid davlat axborot tizimi quyidagi axborotni oʻz ichiga oladi:
energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi hududlar va tashkilotlarning dasturlarini;
tashkilotlar tomonidan isteʼmol qilinadigan yoqilgʻi-energetika resurslarini qisqartirish hajmlarini;
iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha va uy-joy kommunal xoʻjaligi obyektlariga taalluqli umumlashtirilgan yoqilgʻi-energetika resurslaridan foydalanish hajmini;
yoqilgʻi-energetika resurslarini hisobga olish oʻlchov vositalari bilan jihozlanganlikni;

energetika pasportlarida mavjud boʻlgan axborotga ishlov berish, uni qayta ishlash tizimlashtirish va tahlil qilish jarayonida olingan maʼlumotlarni;

energetika xizmatlarini koʻrsatish uchun shartnomalar tuzish va ularni amalga oshirish jarayonida yoqilgʻi-energetika resurslarini rejalashtirilgan tejash hajmlari (shu jumladan qiymat ifodasida) toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
yoqilgʻi-energetika resurslaridan foydalanish bilan bogʻliq va yuqori energiya samaradorligiga ega boʻlgan mahsulotlar, texnologik jarayonlar, energiyani tejashning eng samarali chora-tadbirlarini;
davlat tomonidan energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirishni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan koʻrsatkichlarni;

energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirishga doir normativ huquqiy hujjatlarni;

energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan boshqa axborotni.

Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi davlat axborot tizimiga kiritilgan maʼlumotlar maxsus vakolatli davlat organining Internet jahon axborot tarmogʻidagi rasmiy veb-saytiga majburiy tartibda joylashtiriladi hamda har chorakda bir marta Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibga muvofiq yangilanadi.

 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 31-yanvardagi 54-sonli “Davlat organlari va tashkilotlarining rasmiy veb-saytlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori.
Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirishga oid davlat axborot tizimiga kiritilgan maʼlumotlar qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etgan holda oshkor qilinadi.
42-modda. Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish toʻgʻrisidagi axborotni ommalashtirish
Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish toʻgʻrisidagi axborotni ommalashtirish boʻyicha yoqilgʻi-energetika resurslarini ishlab chiqaruvchilar hamda yetkazib beruvchilar quyidagilarni amalga oshiradi:
energiya jihatidan samarador ilgʻor texnologiyalar hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalarining afzalliklari toʻgʻrisida axborot tayyorlash va barcha isteʼmolchilarga tarqatish;
maxsus vakolatli davlat organiga aniq tadbirlar boʻyicha va energiyani tejash, undan oqilona foydalanish hamda energiya samaradorligini oshirishda erishilgan natijalar toʻgʻrisida yillik hisobotlarni taqdim etish;
yiliga kamida bir marta isteʼmolchilarni energiya sarfi va isteʼmoli hamda xarajatlar tendensiyalari va parametrlari toʻgʻrisida xabardor qilish;

energiya isteʼmolchilarini yetkazib beriladigan energiyadan, shu jumladan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan oqilona foydalanganda ragʻbatlantirilishi toʻgʻrisida xabardor qilish dasturini ishlab chiqish;

energiya tejamkorligi yuqori boʻlgan maishiy elektr jihozlari va asbob-anjomlardan, birinchi navbatda, energiya jihatidan samarador sovutkichlar, muzlatkichlar, suv isitkichlari va yoritish lampalaridan foydalanishni ommaviy axborot vositalari orqali targʻib qilishni tashkil etish.
10-bob. Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi javobgarlik
43-modda. Neft, gaz kondensati, neft mahsulotlari va suyultirilgan uglevodorod gazidan foydalanishdagi qoidabuzarliklar

Ishlab chiqaruvchi, yetkazib beruvchi hamda sotuvchilar tomonidan sifati belgilangan talablarga muvofiq boʻlmagan neft, gaz kondensati, neft mahsulotlari va suyultirilgan uglevodorod gazini realizatsiya qilish — sifati belgilangan talablarga javob bermaydigan realizatsiya qilingan tovar qiymatining ellik foizi miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.

Neft mahsulotlari va suyultirilgan uglevodorod gazini qonunchilikda belgilangan tartibda sertifikatlashtirishdan oʻtkazilmagan hamda belgilangan tartibda tamgʻalanmagan nazorat oʻlchov asboblari va yoqilgʻi tarqatish uskunalari orqali isteʼmolchilarga yetkazib berish, shuningdek nazorat oʻlchov asboblariga tashqaridan bevosita taʼsir koʻrsatish — nazorat oʻlchov asboblari va yoqilgʻi tarqatish uskunalarining oxirgi tekshiruvi oʻtkazilgan kundan eʼtiboran realizatsiya qilingan tovar qiymatining ellik foizi miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”gi Qonuni.
44-modda. Tabiiy gazdan foydalanishdagi qoidabuzarliklar

Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi davlat nazorati organlarining tegishli ruxsatnomasi va xulosasisiz tabiiy gazdan foydalanish qurilmalarida sinov-sozlash ishlarini amalga oshirish — ishlarni amalga oshirgan yuridik shaxslarga ishga tushirish-sozlash ishlari hisoblangan hajmining oʻn foizi miqdorida jarima solishga hamda barcha ishlarni toʻxtatib, isteʼmolchini (qurilmani) gaz tarmogʻidan uzishga sabab boʻladi.

Magistral gaz quvurlari va gaz taqsimlash tarmoqlari orqali tabiiy gazni qabul qilish, tashish va yetkazib berishda belgilangan normadan ortiqcha texnologik yoʻqotishlarga yoʻl qoʻyish, mazkur holat ularning harakatsizligi natijasida yuzaga kelgan boʻlsa — gaz taʼminoti korxonalariga ortiqcha yoʻqotilgan gazning ellik foizi miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.
45-modda. Elektr energiyasidan foydalanishdagi qoidabuzarliklar
Reaktiv quvvat kompensatsiyasi boʻyicha ishlarni tashkil etish tartibini buzish yoki unga rioya etmaslik — asbob-uskunalar yoki normativ usullar bilan aniqlangan isrof boʻlgan elektr energiyasi miqdori qiymatining ellik foizi miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.

Yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmolchilari tomonidan elektr yoritgichlardan qonunchilikda belgilangan normalardan ortiqcha, ishlab chiqarish zaruriyati boʻlmagan holda foydalanish, shuningdek hududlarni kunning yorugʻ davri davomida maqsadsiz yoritish — normadan ortiqcha yoki kunning yorugʻ davrida foydalanilgan elektr energiyasi qiymatining ellik foizi miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.

Energiya isteʼmolchilariga sifat koʻrsatkichlari davlat standarti talablariga javob bermaydigan elektr energiyasi yetkazib berish — sifatsiz yetkazib berilgan elektr energiyasi qiymatining bir foizi miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.
46-modda. Issiqlik energiyasidan foydalanishdagi qoidabuzarliklar
Yiliga besh yuz hamda undan ortiq tonna shartli yoqilgʻini va (yoki) ikki yuz ellik hamda undan ortiq tonna motor yoqilgʻisini isteʼmol qiladigan yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmolchilari tomonidan isitish tarmoqlaridan issiq suv, bugʻ va bugʻ kondensatining asossiz ravishda sarflanishi, xususan, issiq suvning sirqib toʻkilishi, issiqlik va bugʻ quvurlaridan, issiqlikdan foydalanuvchi uskunalardan, issiqlik tarmoqlaridan issiqlik izolyatsiyasisiz foydalanish — oʻlchov asbob-anjomlari orqali yoki normativ usullar bilan aniqlangan yoʻqotilgan issiqlik energiyasi qiymatining uch baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.

Yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmolchilari tomonidan issiqlikdan foydalanuvchi uskunalardan va issiqlik tarmoqlaridan texnik jihatdan foydalanish qoidalarida belgilangan talablarga javob bermaydigan texnik holatda foydalanish — mazkur uskuna tomonidan isteʼmol qilinadigan, uzatiladigan yoki oʻzgartiriladigan issiqlik energiyasining oʻrtacha oylik miqdori qiymatining besh foizi miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.

 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 22-avgustdagi 245-sonli “Elektr va issiqlik energiyasidan foydalanish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori.
Issiqlik taʼminoti tashkiloti tomonidan normativ hujjatlarda yoki issiqlik taʼminoti shartnomasida nazarda tutilgan issiqlik energiyasi sifat koʻrsatkichlaridan chetga chiqish — sifat koʻrsatkichlari buzilgan holda isteʼmolchiga berilgan issiqlik energiyasi qiymatining bir foizi miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.
47-modda. Sertifikatlashtirilmagan energetika uskunalaridan, energiya taʼminoti tarmoqlari va tizimlarining elementlaridan foydalanish
Yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmolchilari tomonidan sertifikatlashtirilmagan energetika uskunalaridan, energiya taʼminoti tarmoqlari va tizimlarining elementlaridan foydalanish — sertifikatlashtirilmagan energetika uskunalari, energiya taʼminoti tarmoqlari va tizimlarining elementlari yordamida sarflangan yoki uzatilgan energiya qiymatining oʻn foizi miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.
48-modda. Yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmolchilari tomonidan energetika tekshiruvlari va ekspertizalarini oʻtkazish qoidalarini buzish
Yiliga besh yuz va undan ortiq tonna shartli yoqilgʻini va (yoki) ikki yuz ellik va undan ortiq tonna motor yoqilgʻisini sarflaydigan yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmolchilari tomonidan belgilangan muddatlarda majburiy energetika tekshiruvlarini oʻtkazmaslik yoki ular tomonidan majburiy energetika tekshiruvlari natijasida belgilangan chora-tadbirlarni bajarmaslik — oʻrtacha oylik energiya isteʼmoli qiymatining uch foizi miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.
49-modda. Moliyaviy sanksiyalarni qoʻllash tartibi
Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun moliyaviy sanksiyalar sud tartibida qoʻllaniladi, bundan xoʻjalik yurituvchi subyekt sodir etilgan huquqbuzarlikdagi aybini tan olgan va moliyaviy sanksiyaning summasini ixtiyoriy tarzda toʻlagan hollar mustasno.
Moliyaviy sanksiyalar energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi davlat nazoratini amalga oshirish doirasida oʻtkaziladigan nazorat tadbirlari asosida qoʻllaniladi. Bunda energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi davlat nazorati organlarining vakolatli shaxslari tomonidan nazorat tadbirlarini oʻtkazish davomida aniqlangan huquqbuzarlik toʻgʻrisida dalolatnoma tuziladi.

Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi davlat nazorati organlarining vakolatli shaxslari tomonidan ushbu moddaning ikkinchi qismiga muvofiq tuzilgan dalolatnoma hamda ushbu shaxslarning harakatlari (harakatsizligi) ustidan belgilangan tartibda yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilinishi mumkin.

 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni.
Agar undirilishi lozim boʻlgan moliyaviy sanksiya miqdori xoʻjalik yurituvchi subyektning oxirgi hisobot kunidagi joriy aktivlarining yigirma foizidan oshsa, moliyaviy sanksiya summasini moliyaviy sanksiya qoʻllash toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran olti oy davomida boʻlib-boʻlib toʻlashga yoʻl qoʻyiladi.

Agar energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasida birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan xoʻjalik yurituvchi subyekt yoʻl qoʻyilgan huquqbuzarlikni ixtiyoriy ravishda bartaraf etgan va yetkazilgan zararning oʻrnini toʻliq qoplagan boʻlsa, moliyaviy sanksiya qoʻllanilmaydi.

Agar yoqilgʻi-energetika resurslaridan samarasiz foydalanish, ularning normadan ortiqcha sarflanishi va yoʻqotilishi tabiiy ofatlar, avariyalar va boshqa favqulodda vaziyatlar oqibatlarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yoki mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qarorlariga muvofiq bartaraf etish jarayonida yuzaga kelgan boʻlsa, moliyaviy sanksiya qoʻllanilmaydi.
11-bob. Yakunlovchi qoidalar
50-modda. Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi xalqaro hamkorlik
Quyidagilar xalqaro hamkorlikning asosiy yoʻnalishlaridir:
energiya jihatidan samarali texnologiyalarni xorijiy va xalqaro tashkilotlar bilan oʻzaro manfaatli ayirboshlash;
energiyadan oqilona foydalanishni taʼminlovchi qoʻshma davlatlararo loyihalarni respublikada roʻyobga chiqarish;

energiyadan oqilona foydalanish sohasidagi xalqaro loyihalarda ishtirok etish;

energiya jihatidan samaradorlik koʻrsatkichlarini xalqaro standartlarning talablariga moslash, shuningdek sertifikatlashtirish natijalarini oʻzaro eʼtirof etish.
51-modda. Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining IX bobi.
52-modda. Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish
Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin:
1) Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 25-aprelda qabul qilingan “Energiyadan oqilona foydalanish toʻgʻrisida”gi 412-I-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-yil, № 4-5, 118-modda);
2) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1997-yil 25-aprelda qabul qilingan “Energiyadan oqilona foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida”gi 413-I-sonli Qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-yil, № 4-5, 119-modda);
3) Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 25-aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi 482-II-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003-yil, № 5, 67-modda) XX boʻlimi;
4) Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 26-sentabrda qabul qilingan “Energiyadan oqilona foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonuniga oʻzgartishlar kiritish haqida”gi OʻRQ-116-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, № 9, 423-modda);
5) Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 30-aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-352-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2013-yil, № 4, 98-modda) 20-moddasi;
6) Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 7-oktabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-355-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2013-yil, № 10, 263-modda) 14-moddasi;
7) Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yil 29-dekabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-396-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2015-yil, № 12, 452-modda) 13-moddasi;
8) Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 20-yanvarda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-401-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2016-yil, № 1, 2-modda) 3-moddasi;
9) Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 14-iyulda qabul qilingan “Energiyadan oqilona foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi OʻRQ-628-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2020-yil, № 7, 448-modda);
10) Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-683-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, 4-songa ilova) 78-moddasi;
11) Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrda qabul qilingan “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining yaxlit tizimi shakllantirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-880-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2023-yil, № 11, 923-modda) 18-moddasi.
53-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
54-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
55-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 7-avgust,
OʻRQ-940-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.08.2024-y., 03/24/940/0596-son; 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)