|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 09.11.2024
|
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
Energiyadan oqilona foydalanish toʻgʻrisida
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 7-avgustdagi OʻRQ-940-sonli “Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan 2024-yil 9-noyabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
I. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi milliy energetika resurslari saqlanishini, energiyadan va ishlab chiqarish imkoniyatlaridan samarali foydalanishni taʼminlaydigan umumiy huquqiy asoslarni shakllantirishdan iboratdir.
2-modda. Energiyadan oqilona foydalanish toʻgʻrisidagi qonunchilik
Energiyadan oqilona foydalanish sohasidagi munosabatlar ushbu Qonun va Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida energiyadan oqilona foydalanish sohasidagi munosabatlar Qoraqalpogʻiston Respublikasining qonunchiligi bilan ham tartibga solinadi.
(2-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Ushbu Qonun amal qiladigan soha
Yuridik va jismoniy shaxslarning yoqilgʻi qazib olish, yoqilgʻi, issiqlik va elektr energiyasi (matnda bundan buyon energiya deb yuritiladi) hosil qilish, ularni qayta ishlash, saqlash, tashish, taqsimlash va sarflash (matnda bundan buyon energiya hosil qilish va uni sarflash deb yuritiladi) bilan bogʻliq faoliyati ushbu Qonun amal qiladigan soha hisoblanadi.
Energiyadan oqilona foydalanish sohasida huquqiy tartibga solish:
energiya hosil qilish va uni sarflash chogʻida energiyadan samarali va ekologik jihatdan xavfsiz foydalanilishini taʼminlashga;
energiya jihatidan samarali texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etishni, arzonroq neft mahsulotlari, tabiiy gaz, koʻmir va boshqa turdagi tabiiy yoqilgʻilarni (matnda bundan buyon yoqilgʻi deb yuritiladi) qazib olish va hosil qilishni ragʻbatlantirishga;
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-yanvardagi 22-sonli “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori.
energiya hosil qilish va uni sarflash miqdori hamda sifatini oʻlchash va hisobga olishning aniq, toʻgʻri, bir xil boʻlishini taʼminlashga;
energiyaning samarali hosil qilinishi va sarflanishi hamda uning sifati ustidan, energetika asbob-uskunalarining, energiya bilan taʼminlash va energiyani sarflash tizimlarining texnikaviy holati ustidan davlat tekshiruvi hamda nazoratini amalga oshirishga qaratilgandir.
4-modda. Standartlash
Energiya hosil qiladigan va energiya sarflaydigan asbob-uskunalar hamda mahsulotga qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda energiya jihatidan samaradorlik koʻrsatkichlari belgilab qoʻyiladi.
(4-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Elektr energetikada nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasining 2018-yil 29-martdagi 5, 7-son qarori bilan tasdiqlangan Qoʻllaniladigan texnologiyalar va asbob-uskunalarning energiya jihatdan samaradorlik koʻrsatkichlariga muvofiqligi, shuningdek yoqilgʻining muqobil turlaridan foydalanish toʻgʻrisida xulosalar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
Normativ hujjatlarda energiya hosil qilish va uni sarflash chogʻida energiyadan samarali foydalanish koʻrsatkichlari, shuningdek ishlab chiqarish jarayonlarida energiya sarflanishi, hududlar, binolar va inshootlarni isitish, harorati va namligini bir xilda saqlab turish, havosini almashtirish, issiqlik, suv, gaz va elektr bilan taʼminlash, elektr bilan yoritish uchun energiya sarflash koʻrsatkichlari belgilab qoʻyiladi.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-yanvardagi 22-sonli “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori.
Energiyadan oqilona foydalanishga doir normativ hujjatlar, texnikaviy qoidalar va normalar energiya hosil qiluvchilar va uni sarflovchilarning barchasi uchun majburiydir.
Energiyaning sifati tegishli normativ hujjatlarda belgilangan talablarga muvofiq boʻlishi lozim.
5-modda. Standartlash obyektlari
Energiya, energiya hosil qiladigan va uni sarflaydigan yoki energiyani bir turdan boshqa turga aylantirib beradigan asbob-uskunalar va mahsulotlar, transport vositalari, qurilish, yoʻlsozlik va qishloq xoʻjalik mashinalari, yoritish texnikasi qurilmalari, isitish, harorat va namlikni bir xilda saqlab turish hamda havoni almashtirish tizimlari, xalq isteʼmoli mollari, issiqlik oʻtkazmaydigan materiallar va qurilish konstruksiyalari, texnologiya jarayonlari, shuningdek energiya hosil qilish va mahsulot ishlab chiqarish uchun energiya sarfi koʻrsatkichlarining majmui hamda qiymati energiyadan oqilona foydalanish sohasidagi standartlash obyektlaridir.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Standartlashtirish toʻgʻrisida”gi Qonuni.
(5-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 26-sentabrdagi OʻRQ-116-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 39-son, 402-modda)
6-modda. Energiya jihatidan samaradorlik hamda energiya sifati koʻrsatkichlariga rioya etilishi ustidan davlat tekshiruvi va nazorati
Energiya jihatidan samaradorlik hamda energiya sifatining normativ hujjatlarda belgilangan koʻrsatkichlariga rioya etilishi ustidan davlat tekshiruvi va nazorati Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi (bundan buyon matnda “Oʻzstandart” agentligi deb yuritiladi) hamda boshqa organlar zimmasiga qonunchilikda belgilangan tartibda yuklanadi.
(6-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
7-modda. Energiya sarflash normativlari
Ushbu Qonun 5-moddasida sanab oʻtilgan obyektlar uchun energiya sarflash normativlarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yoki u vakolat bergan organlar belgilaydi.
(7-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 14-iyuldagi OʻRQ-628-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.07.2020-y., 03/20/628/1068-son)
Energiya sarflash normativlari energiya hosil qiluvchi va uni ishlatuvchi asbob-uskunalar hamda mahsulotlarning texnika pasportlariga, tuzatish-taʼmirlash va rejim varaqalariga, ulardan foydalanish yoʻriqnomalariga kiritiladi. Binolar va inshootlarni isitish, ularning havosini almashtirish, harorati va namligini bir xilda saqlab turish uchun energiya sarflash normativlari qurilish normalari va qoidalarida belgilab qoʻyiladi. Energiya sarflash normativlari har besh yilda qayta koʻrib chiqiladi va ilgʻor texnologiya yutuqlarini hisobga olgan holda oʻzgartirilishi lozim.
8-modda. Sertifikatlash
Oldingi tahrirga qarang.
Quyidagilar normativ hujjatlarda koʻrsatilgan energiya jihatidan samaradorlik koʻrsatkichlariga muvofiqlik boʻyicha majburiy sertifikatlashtiriladi:
(8-modda birinchi qism birinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 26-sentabrdagi OʻRQ-116-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 39-son, 402-modda)
energetika resurslari;
ommabop mahsulotlar ishlab chiqarish, ishlar bajarish va xizmatlar koʻrsatish;
energiya hosil qiluvchi va uni ishlatuvchi asbob-uskunalar hamda mahsulotlar;
energiya jihatidan samarador va energiyani tejaydigan texnologiyalarni joriy etish boʻyicha tovarlar (ishlar, xizmatlar).
(8-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 14-iyuldagi OʻRQ-628-sonli Qonuniga asosan beshinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.07.2020-y., 03/20/628/1068-son)
Majburiy sertifikatlash qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(8-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 6-iyuldagi 318-son qarori bilan tasdiqlangan Mahsulotlarni sertifikatlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom, Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlash agentligi bosh direktoriing 2005-yil 25-fevraldagi 59-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan Mahsulotlarni sertifikatlash qoidalari.
Oldingi tahrirga qarang.
Ishlab chiqaruvchi asbob-uskunalarni, shu jumladan roʻzgʻorda foydalanish uchun moʻljallangan asbob-anjomlarni energiya jihatidan samaradorlik koʻrsatkichlariga doir qismida tamgʻalashni normativ hujjatlarda koʻrsatilgan talablarga muvofiq amalga oshiradi.
(8-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 26-sentabrdagi OʻRQ-116-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 39-son, 402-modda)
9-modda. Metrologiya
Oldingi tahrirga qarang.
Energiya hosil qilish va uni sarflash chogʻida, majburiy davlat metrologiya tekshiruvi va nazorati amalga oshiriladi.
(9-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 26-sentabrdagi OʻRQ-116-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 39-son, 402-modda)
Energiyadan oqilona foydalanishni davlat tomonidan metrologik taʼminlash energiya hosil qilish va uni sarflash chogʻida oʻlchashning bir xilligini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar normativ hujjatlar majmuini nazarda tutadi.
Quyidagilar energiya hosil qilish va uni sarflash ustidan davlat metrologiya tekshiruvi va nazorati obyektlaridir:
oʻlchov vositalari;
axborot-oʻlchov tizimlari;
moddalar va materiallar tarkibi hamda xossalarining standart namunalari;
energiyani va energiya manbalarini hisobga olish majmui hamda tarmoqlari;
oʻlchash uslublari;
metrologiya normalari va qoidalarida nazarda tutilgan boshqa obyektlar.
Oldingi tahrirga qarang.
Energiyadan oqilona foydalanish tizimini taʼminlash ustidan davlat metrologiya tekshiruvi va nazorati “Oʻzstandart” agentligi zimmasiga yuklatiladi.
(9-moddaning toʻrtinchi qismi 2003-yil 25-apreldagi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 5-son, 67-modda)
II. ENERGIYADAN OQILONA FOYDALANISHNING DAVLAT BOSHQARUVI ASOSLARI
10-modda. Energiyadan oqilona foydalanish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari
Energiyadan oqilona foydalanish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
davlat, tarmoq va hududiy dasturlar hamda loyihalarni amalga oshirish;
iqtisodiyotni jadal rivojlantirish uchun zarur boʻlgan energiyaning hosil qilinishini va sarflanishini barqarorlashtirish;
energiyaning hosil qilinishi va sarflanishi rejimlarini maqbullashtirish, uning hisobga olinishini tashkil etish;
energiya jihatidan samarador va energiyani tejaydigan asbob-uskunalar hamda energiya sarfi miqdori eng kam boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarilishini ragʻbatlantirish;
energiya hosil qiluvchi va energiyani ishlatuvchi asbob-uskunalar hamda mahsulotga doir normativ hujjatlarga energiya jihatidan samaradorlik va energiya jihatidan tejamkorlik koʻrsatkichlarini kiritish;
energiyaning sifati, ishlab chiqarishning energiya jihatidan samaradorligi va energiya tejamkorligi hamda mahsulotga energiya sarfi miqdori ustidan davlat tekshiruvi va nazoratini tashkil etish;
korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda energiya jihatidan samaradorlik va energiya tejamkorligi tekshiruvlarini tashkil etish;
mahsulotning, ishlab turgan va rekonstruksiya qilinayotgan obyektlarning, texnologiyalar va asbob-uskunalarning energetika ekspertizasini oʻtkazish;
energetika jihatidan samarador boʻlgan loyihalarni amalga oshirish uchun energiya jihatidan samaradorlik va energiya jihatidan tejamkorlik namoyish etiladigan zonalarni barpo etish;
energiya jihatidan samarador, energiya jihatidan tejamkor va ekologik xavfsiz texnologiyalarni hamda ishlab chiqarishlarni rivojlantirishni pagʻbatlantirish;
energiyaning hosil qilinishi va sarflanishi yuzasidan statistika kuzatuvlarini tashkil etish.
(10-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 14-iyuldagi OʻRQ-628-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.07.2020-y., 03/20/628/1068-son)
11-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining energiyadan oqilona foydalanish sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
energiyadan oqilona foydalanishga qaratilgan davlat dasturlari va loyihalarini ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi;
energiyani tejash va energiya jihatidan samaradorlikni oshirish sohasida davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashni amalga oshirish shakllari va usullarini belgilaydi;
energiya jihatidan samarador va energiya tejaladigan dasturlar va loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda vazirliklar, idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar ijro etuvchi hokimiyat organlarining, shuningdek korxonalar, muassasalar hamda tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtiradi;
(11-moddaning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi OʻRQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
energiya jihatidan samarador va energiya jihatidan tejamkor texnika hamda mahsulotni, ilgʻor texnologiyani, ushbu sohadagi boshqaruv usullarini va ilmiy tadqiqotlarni joriy etish, ikkilamchi energiya resurslarini hamda chiqindilarni utilizatsiya qilish, shuningdek atrof-muhitda tabiiy holda tiklanuvchi quyosh, shamol energiyasidan, yer haroratidan (geotermal), suv oqimlarining tabiiy harakatidan, biomassa energiyasidan (bundan buyon matnda qayta tiklanuvchi energiya manbalari deb yuritiladi) foydalaniladigan texnologiyalarni joriy etish boʻyicha loyihalarning amalga oshirilishiga koʻmaklashadi;
energiyani hisobga olish, uni nazorat qilish va boshqarish asboblarini, energiya jihatidan samarador, energiya jihatidan tejamkor hamda ekologik xavfsiz energetika qurilmalarini ishlab chiqarish boʻyicha sanoat bazasini rivojlantirishga yordam beradi;
iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlari boʻyicha energiya jihatidan samaradorlikni, energiya tejamkorligini oshirish hamda energetika resurslarini tejash koʻrsatkichlarini aniqlash uslubiyotini, shuningdek maqsadli koʻrsatkichlarini tasdiqlaydi;
korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning energetik tekshiruvlarini oʻtkazish, shuningdek energiyani ishlab chiqaradigan hamda sarflaydigan uskunalarni hamda ishlab chiqarilayotganda energetika resurslaridan foydalaniladigan mahsulotni ekspertizadan oʻtkazish qoidalarini tasdiqlaydi;
energiya sarflashning maxsus rejimini oʻrnatishga rozilik beradi;
energiyadan oqilona foydalanish va energetika asbob-uskunalarini ishlatish masalalari boʻyicha kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yaratishga koʻmaklashadi;
jamoatchilikni energiyadan foydalanish samaradorligi toʻgʻrisida xabardor qiladi;
energiyadan oqilona foydalanish toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi ustidan davlat tekshiruvi va nazoratini amalga oshirish tartibini belgilaydi.
(11-modda birinchi qismining oʻn ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
111-modda. Energiyadan oqilona foydalanish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi
Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi energiyadan oqilona foydalanish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organidir (bundan buyon matnda maxsus vakolatli davlat organi deb yuritiladi).
Maxsus vakolatli davlat organi:
energiyadan oqilona foydalanish sohasida, shu jumladan energiyaning ishlatilishini kamaytirish, energiyani tejaydigan ilgʻor texnologiyalarni joriy etish hamda iqtisodiyot tarmoqlaridagi va ijtimoiy sohadagi qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;
davlat organlarida va tashkilotlarida, iqtisodiyot tarmoqlari korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining ishlab chiqarish jarayonlariga hamda ijtimoiy soha obyektlariga energiya jihatidan samarador va energiyani tejaydigan texnologiyalar joriy etilishini ragʻbatlantiruvchi tashkiliy-huquqiy va iqtisodiy mexanizmlarni ishlab chiqadi, shuningdek energiya resurslaridan foydalanishdagi energiya jihatidan samaradorlik va energiya tejamkorligi yuzasidan monitoringni amalga oshiradi;
iqtisodiyot tarmoqlarida va ijtimoiy soha obyektlarida energiya jihatidan samaradorlikni va energiya tejamkorligini oshirishga doir ilmiy tadqiqot ishlarini tashkil etadi, investitsiya loyihalari boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
energiyadan oqilona foydalanish sohasida yagona normativ-huquqiy va texnik jihatdan tartibga solishni amalga oshiradi;
tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) energiya jihatidan samaradorligi va energiya tejamkorligi boʻyicha toifalarini aniqlash qoidalarini belgilaydi;
binolar va inshootlarning, shu jumladan koʻp kvartirali uylarning energiya jihatidan samaradorligi va energiya tejamkorligi boʻyicha toifalarini aniqlash qoidalarini belgilaydi;
tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga), binolar va inshootlarga, qurilmalarga, shu jumladan koʻp kvartirali uy-joylarga nisbatan energiya jihatidan samaradorlik va energiya tejamkorligi talablarini belgilaydi;
energiya samaradorligi past boʻlgan mahsulotning mamlakatimizda ishlab chiqarilishini yoki mamlakatimizga import qilinishini cheklash boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
foydalanilayotgan energiya resurslarining hisobini yuritadi;
energiya auditorlari faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi, energiya resurslari isteʼmolchilari majburiy energetika tekshiruvlaridan oʻtkazilishi va tegishli tavsiyalarning bajarilishi yuzasidan monitoringni, shuningdek energiya servis kompaniyalari faoliyati monitoringini amalga oshiradi;
koʻp kvartirali uy-joy mulkdorlarining umumiy foydalanishdagi mol-mulkka nisbatan energiya jihatidan samaradorlikni va energiya jihatidan tejamkorlikni oshirish yuzasidan tadbirlar oʻtkazadi;
energiya jihatidan samaradorlikni va energiya tejamkorligi boʻyicha hududiy dasturlarga doir talablarni ishlab chiqadi;
energiya jihatidan samaradorlik va energiya tejamkorligini oshirish boʻyicha ishlarni yuritishga doir maʼlumotlar bazasini shakllantiradi;
energiya jihatidan samaradorlikni va energiya tejamkorligini oshirish boʻyicha oʻquv dasturlariga doir talablarni ishlab chiqadi;
energetika auditi sohasidagi mutaxassislarning va energetika xizmatlarini yetkazib beruvchilarning malakasini oshirish uchun treninglar tashkil etadi.
(111-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 14-iyuldagi OʻRQ-628-sonli Qonuniga asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.07.2020-y., 03/20/628/1068-son)
112-modda. Energiyadan oqilona foydalanish sohasidagi davlat tekshiruvi va nazorati organlarining vakolatlari
Energiyadan oqilona foydalanish sohasidagi davlat tekshiruvi va nazorati organlari oʻz vakolatlari doirasida:
energiyadan oqilona foydalanish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etadi;
binolar va inshootlarni, shu jumladan koʻp kvartirali uy-joy fondini loyihalashtirish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash, qurish va foydalanishga topshirishda ularda energiya jihatidan samarador va energiya jihatidan tejamkor texnologiyalardan foydalanishning shaharsozlik normalari hamda qoidalariga muvofiqligini tekshiradi;
binolar va inshootlarni, shu jumladan koʻp kvartirali uy-joy fondini loyihalashtirish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash, qurishda issiqlik saqlovchi qurilish materiallarini, shuningdek konstruksiyalarni qoʻllash hamda muqobil energiya manbalari vositalarini, energiyani tejaydigan lampalarni majburiy oʻrnatish talablariga rioya etilishini nazorat qiladi, bundan yakka tartibdagi uy-joy qurilishi mustasno;
tovarlar (ishlar, xizmatlar), inshootlar, binolar va qurilmalarning energiya jihatidan samaradorligi va energiya tejamkorligi normalariga, shuningdek energiyaning sifat koʻrsatkichlariga rioya etilishi ustidan tekshiruv va nazoratni amalga oshiradi;
energetika resurslaridan samarasiz foydalanganligi uchun yuridik shaxslarga nisbatan iqtisodiy jazo choralarini qoʻllaydi.
(112-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 14-iyuldagi OʻRQ-628-sonli Qonuniga asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.07.2020-y., 03/20/628/1068-son)
113-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining energiyadan oqilona foydalanish sohasidagi vakolatlari
Mahalliy davlat hokimiyati organlari oʻz hududi doirasida:
energiyadan oqilona foydalanish boʻyicha yagona davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etadi;
energiyadan oqilona foydalanishni rivojlantirish davlat dasturlari va loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etadi;
energiyadan oqilona foydalanishni rivojlantirish boʻyicha hududiy dasturlarni va loyihalarni ishlab chiqadi, tasdiqlaydi hamda amalga oshiradi;
energiyadan oqilona foydalanishga doir dasturlari va loyihalarining ijrosi yuzasidan tegishli mahalliy davlat hokimiyati organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtiradi;
energiya jihatidan samarador va energiya jihatidan tejamkor texnologiyalarni joriy etish boʻyicha oʻz vakolatlari doirasida qarorlar qabul qiladi.
(113-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 14-iyuldagi OʻRQ-628-sonli Qonuniga asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.07.2020-y., 03/20/628/1068-son)
12-modda. Davlat, tarmoq va hududiy dasturlar hamda loyihalar
Energiyadan oqilona foydalanish sohasidagi davlat, tarmoq va hududiy dasturlar hamda loyihalar energiyadan oqilona foydalanish boʻyicha yagona davlat siyosatini amalga oshirishda majburiydir.
Quyidagilar tegishincha davlat, tarmoq va hududiy dasturlar hamda loyihalarni ishlab chiqish tashabbuskori boʻladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi;
vazirliklar va idoralar;
(12-modda ikkinchi qismining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi OʻRQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat hokimiyati organlari.
Davlat, tarmoq va hududiy dasturlar hamda loyihalar qisqa (bir yildan ikki yilga qadar davrga), oʻrta (ikki yildan besh yilga qadar davrga) va uzoq (besh yil va undan ortiq davrga) muddatga ishlab chiqiladi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi hamda ustuvor hisoblanadi. Ularni amalga oshirish uchun javobgarlik tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari zimmasiga yuklatiladi.
(12-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi OʻRQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
13-modda. Energetika tekshiruvlari
Energetika tekshiruvlari energiya hosil qilish va uni sarflash samaradorligini baholash maqsadida oʻtkaziladi.
Har yili umumiy hajmi ikki ming tonnadan ortiq shartli yoqilgʻi yoki bir ming tonnadan ortiq motor yoqilgʻisiga teng energiya resurslarini sarflaydigan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar majburiy energetika tekshiruvlaridan oʻtkaziladi.
(13-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yil 29-dekabrdagi OʻRQ-396-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 52-son, 645-modda)
Energetika tekshiruvlarini oʻtkazish tartibi va muddatlarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.
(13-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 14-iyuldagi OʻRQ-628-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.07.2020-y., 03/20/628/1068-son)
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 7-avgustdagi 164-son qarori bilan tasdiqlangan Yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmolchilarini energetika tekshiruvidan va ekspertizadan oʻtkazish qoidalari.
14-modda. Energetika ekspertizasi
Energiya hosil qiluvchi va uni ishlatuvchi asbob-uskunalar, shuningdek ishlab chiqarilishida energiyadan foydalaniladigan mahsulotlar energiya jihatidan samaradorligi, energiya tejamkorligi va energiya sarflanishi miqdorini baholash uchun energetika ekspertizasidan oʻtkaziladi.
(14-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 14-iyuldagi OʻRQ-628-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.07.2020-y., 03/20/628/1068-son)
Yangi va rekonstruksiya qilinayotgan obyektlarning, texnologiyalar va asbob-uskunalarning loyiha hujjatlarini energetika ekspertizasidan oʻtkazish majburiydir.
Energetika ekspertizasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan tartibda oʻtkaziladi.
(14-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 14-iyuldagi OʻRQ-628-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.07.2020-y., 03/20/628/1068-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil avgustdagi 164-son qarori bilan tasdiqlangan “Yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmolchilarini energetika tekshiruvidan va ekspertizadan oʻtkazish qoidalari”.
15-modda. Energiyani hisobga olish
Hosil qilinadigan va sarflanadigan energiya jami hajmi albatta hisobga olinadi.
Energiyani hisobga olish tartibi va uni asboblar bilan taʼminlash qoidalari, elektr va issiqlik energiyasidan, tabiiy gazdan, neftni qayta ishlash mahsulotlaridan foydalanish qoidalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
(15-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 14-iyuldagi OʻRQ-628-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.07.2020-y., 03/20/628/1068-son)
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qaralsin: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 26-maydagi 185-sonli “Uy-joy fondida va ijtimoiy-madaniy maqsadlardagi obyektlarda suv va gazni hisobga olish asboblarini oʻrnatish va ulardan foydalanish haqidagi nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi, 1999-yil 21-sentabrdagi 439-sonli “Tabiiy gaz yetkazib berish va uning uchun hisob-kitob qilish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi, 2002-yil 28-martdagi 99-sonli “2002 — 2004-yillarda uy-joy fondini gazni hisobga olish priborlari bilan jihozlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi, 2009-yil 22-avgustdagi 245-sonli “Elektr va issiqlik energiyasidan foydalanish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi, 2014-yil 23-iyundagi 164-sonli “Neftni qayta ishlash mahsulotlaridan foydalanish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi va 2018-yil 12-yanvardagi 22-sonli “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorlari.
Energiyani hisobga olish normativ hujjatlarda belgilangan qoidalarga muvofiq amalga oshiriladi.
Energiya hisobi toʻgʻri yuritilishi uchun javobgarlik korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining yoki shunga vakolat berilgan boshqa shaxslarning zimmasiga yuklatiladi.
16-modda. Energiya hosil qilish va uni sarflash ustidan statistika kuzatuvi
Energiyaning hosil qilinishi va sarflanishi hajmi hamda uning tuzilmasi, energiyadan oqilona foydalanilishi ustidan statistika kuzatuvini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda tashkil etadi va amalga oshiradi.
(16-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 14-iyuldagi OʻRQ-628-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.07.2020-y., 03/20/628/1068-son)
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 2-sentabrdagi 690-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizom.
III. ENERGIYADAN OQILONA FOYDALANISHNING IQTISODIY MEXANIZMLARI
17-modda. Aniq maqsadga qaratilgan dasturlar va loyihalarni moliyalash
Energiyadan oqilona foydalanish sohasidagi aniq maqsadga qaratilgan milliy, tarmoq va mintaqaviy dasturlar va loyihalarni moliyalash energiya jihatidan samarali dasturlar va loyihalarni roʻyobga chiqarishdan foyda oladigan korxonalarning ishlab chiqarish faoliyatidan keladigan daromadlari, budjetdan tashqari aniq maqsadga qaratilgan fondlar, ichki va chet el investitsiyalari, budjet manbalari va boshqa manbalar hisobidan qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(17-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi PQ-436-son qarori bilan tasdiqlangan 2030-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga oʻtish va “yashil” oʻsishni taʼminlash dasturi.
18-modda. Tarmoqlararo energiyani tejash fondi
Energiyadan oqilona foydalanish sohasidagi davlat siyosatini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan budjetdan tashqari tarmoqlararo energiyani tejash fondi (matnda bundan buyon energiyani tejash fondi deb yuritiladi) tashkil etiladi.
(18-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 14-iyuldagi OʻRQ-628-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.07.2020-y., 03/20/628/1068-son)
Quyidagilar energiyani tejash fondini shakllantirish manbalari boʻlishi mumkin:
kreditlar berganlik uchun va fondning boshqa moliya-xoʻjalik faoliyatidan olinadigan foyda;
energiyadan oqilona foydalanish sohasidagi davlat, tarmoq va hududiy dasturlar hamda loyihalarni amalga oshirishdan olinadigan foydaning ulushi;
(18-modda ikkinchi qismining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 14-iyuldagi OʻRQ-628-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.07.2020-y., 03/20/628/1068-son)
yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan chet ellik yuridik va jismoniy shaxslarning aniq maqsadga qaratilgan ixtiyoriy badallari;
Oldingi tahrirga qarang.
(18-moddaning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 7-oktabrdagi OʻRQ-355-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — OʻR QHT, 2013-y., 41-son, 543-modda)
amaldagi qonunchilikka zid boʻlmagan boshqa tushumlar.
(18-modda ikkinchi qismining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
19-modda. Energiya hosil qiluvchilar va uning isteʼmolchilariga beriladigan imtiyozlar
Energiyadan oqilona foydalanish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yuridik va jismoniy shaxslarga:
energiyadan foydalanish samaradorligini ancha oshiradigan maxsus asbob-uskunalar, asboblar va materiallarni import qilishda bojxona bojlari va soliqlar boʻyicha;
oʻz vakolatiga muvofiq boshqa masalalar boʻyicha imtiyozlar beradi.
Energiyadan oqilona foydalanish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yuridik va jismoniy shaxslarga:
(19-modda ikkinchi qismining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 14-iyuldagi OʻRQ-628-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.07.2020-y., 03/20/628/1068-son)
energiyadan oqilona foydalanish sohasidagi davlat, tarmoq va hududiy dasturlar hamda loyihalarni davlat imtiyozli krediti hisobidan moliyalashtirish boʻyicha;
(19-modda ikkinchi qismining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 14-iyuldagi OʻRQ-628-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.07.2020-y., 03/20/628/1068-son)
tarmoqlararo ilmiy tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini moliyalashtirish, energiya jihatidan samarador va energiya jihatidan tejamkor asbob-uskunalarning tajriba turkumlarini ishlab chiqarish boʻyicha;
(19-modda ikkinchi qismining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 14-iyuldagi OʻRQ-628-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.07.2020-y., 03/20/628/1068-son)
oʻz vakolatiga muvofiq boshqa masalalar boʻyicha imtiyozlar beradi.
(19-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 20-yanvardagi OʻRQ-401-sonli Qonuniga asosan birinchi va ikkinchi qismlar bilan almashtirilgan — OʻR QHT, 2016-y., 3(I)-son, 32-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
(19-modda uchinchi qismining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 14-iyuldagi OʻRQ-628-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.07.2020-y., 03/20/628/1068-son)
belgilangan normativlarga nisbatan energiya sarfi kamayishini taʼminlagan;
energiya sarfi miqdori belgilangan normativlardagidan kam boʻlgan raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarayotgan;
yoqilgʻidan ommabop mahsulotlar ishlab chiqarish uchun xom ashyo sifatida foydalanayotgan yuridik va jismoniy shaxslarga energiya uchun imtiyozli tariflar belgilashi mumkin.
Energiyani tejaydigan texnologiyalarga sarflangan xarajatlar va kapital mablagʻlar qoplanishini jadallashtirish maqsadida asbob-uskunalar, asboblar, qurilish materiallari va konstruksiyalar, koʻplab ishlab chiqariladigan energiya jihatidan samarali va energiyani tejaydigan mahsulotlarni chiqarayotgan, tegishli ishlarni bajarayotgan va xizmatlar koʻrsatayotgan ishlab chiqaruvchilarga, shuningdek mazkur asbob-uskuna, asbob, material konstruksiya, mahsulotlarning joriy etilishini va ulardan foydalanilishini taʼminlayotgan yuridik va jismoniy shaxslarga qonunchilikka muvofiq soliq boʻyicha imtiyozlar belgilanadi.
(19-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksiningyo 428-moddasi.
Energiya va issiqlik taʼminotini takomillashtirish, uy-joylar, kvartiralar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarni energiya sarfini hisobga oladigan, nazorat qiladigan va boshqarib turadigan asboblar bilan taʼminlash ishlarini amalga oshirayotgan, issiqlik yoʻqolishiga yoʻl qoʻymaslik va energiya sarflashni kamaytirishga, isitish uchun ikkilamchi energiya resurslaridan, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan, mahalliy yoqilgʻi turlari va ishlab chiqarish chiqindilaridan foydalanishga qaratilgan boshqa chora-tadbirlarni qoʻshimcha ravishda amalga oshirayotgan yuridik va jismoniy shaxslarga energiyani tejash fondi mablagʻlaridan dotatsiya berilishi mumkin.
20-modda. Qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish
Energiya taʼminoti tashkilotlari jumlasiga kirmaydigan elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqaruvchilar ana shu tashkilotlarning tarmoqlariga energiya taʼminoti tashkilotlari bilan kelishilgan, markazlashtirilgan energiya taʼminoti tarmoqlari va manbalarining eng oqilona ish rejimini taʼminlaydigan miqdorlarda va rejimlarda energiya berish huquqiga ega. Energiya taʼminoti tashkilotlari mazkur ishlab chiqaruvchilardan energiyani belgilangan tartibda chiqariladigan narxlar boʻyicha oʻz tarmoqlariga qabul qilib olishni taʼminlashlari shart.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-yanvardagi 22-son qarori bilan tasdiqlangan Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari.
Energiyadan oqilona foydalanish sohasidagi loyihalar va dasturlarga muvofiq bunyod etilayotgan, qayta tiklanadigan energiya manbalardan foydalanadigan, ikkilamchi resurslar va chiqindilarni ishlatadigan energetika qurilmalari uchun belgilanadigan elektr va issiqlik energiyasining narxlari ana shu qurilmalar qurilishiga ketgan kapital mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan muddatlarda jadal qoplanishini taʼminlashi lozim.
(20-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 14-iyuldagi OʻRQ-628-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.07.2020-y., 03/20/628/1068-son)
Energetika resurslaridan samarali foydalanilishini ragʻbatlantirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda neft mahsulotlari, qozon-pech yoqilgʻisi uchun mavsumiy narxlar hamda elektr va issiqlik energiyasi uchun mavsumiy tariflar, shuningdek elektr energiyasi uchun sutkaning turli vaqtlari boʻyicha tabaqalashtirilgan tariflar joriy etiladi.
(20-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 14-iyuldagi OʻRQ-628-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.07.2020-y., 03/20/628/1068-son)
21-modda. Energiyadan nooqilona foydalanganlik uchun javobgarlik
Energiya hosil qilish va uni sarflash sohasida shugʻullanayotgan yuridik va jismoniy shaxslar bevosita energiya nobudgarchiligini va energetika jihatidan samarasiz mahsulot ishlab chiqarilishini istisno etadigan mahsulot ishlab chiqarish, ishlar bajarish va xizmatlar koʻrsatishning belgilangan energiya jihatidan samaradorligini taʼminlashi shart. Bu talablar buzilganda mansabdor shaxslar:
energiyaning sifat koʻrsatkichlari buzilgan;
energiyaning bevosita nobudgarchiligi asboblar yordamida yoki normativ usul bilan aniqlangan;
energiya jihatidan samaradorlik koʻrsatkichlari normativ hujjatlar talablariga mos kelmaydigan mahsulot ishlab chiqarilgan;
energiya sarflanishini asbob yordamida hisobga olish buzilgan;
sertifikatlashtirilmagan energetika asbob-uskunalaridan, energiya taʼminoti tarmoqlari va tizimlarining elementlaridan foydalanilgan;
mavjud ikkilamchi energiya resurslaridan foydalanishning belgilangan ulushi taʼminlanmagan taqdirda maʼmuriy javobgarlikka tortiladi.
(21-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 7-oktabrdagi OʻRQ-355-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 41-son, 543-modda)
Maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganligi energiya hosil qilish va uni sarflash sohasida shugʻullanayotgan yuridik shaxslarni oʻzlari yetkazgan zararning oʻrnini qoplash majburiyatidan ozod etmaydi.
(21-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 7-oktabrdagi OʻRQ-355-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 41-son, 543-modda)
Energiyadan nooqilona foydalanganlik uchun jismoniy shaxslarning javobgarligi qonunchilikda belgilanadi.
(21-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 477-moddasi va Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 100 va 101-moddalari.
Energiya yetkazib beruvchilarning kelishmasdan energiya taʼminotini toʻxtatib qoʻyishi natijasida energiyadan foydalanuvchilarga yetkazilgan zarar qonunchilikda belgilangan tartibda qoplanadi.
(21-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qaralsin: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 57-bobi.
IV. YAKUNLOVCHI QOIDALAR
22-modda. Energiyadan oqilona foydalanish sohasidagi xalqaro hamkorlik
Quyidagilar xalqaro hamkorlikning asosiy yoʻnalishlaridir:
energiya jihatidan samarali texnologiyalarni chet el va xalqaro tashkilotlar bilan oʻzaro manfaatli ayirboshlash;
energiyadan oqilona foydalanishni taʼminlovchi qoʻshma davlatlararo loyihalarni respublikada roʻyobga chiqarish;
energiyadan oqilona foydalanish sohasidagi xalqaro loyihalarda ishtirok etish;
energiya jihatidan samaradorlik koʻrsatkichlarini xalqaro standartlarning talablariga moslash, shuningdek sertifikatlash natijalarini oʻzaro eʼtirof etish.
23-modda. Xalqaro shartnomalar
Agar Oʻzbekiston Respublikasi qatnashgan xalqaro shartnomada ushbu Qonunda nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
24-modda. Energiyadan oqilona foydalanish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Energiyadan oqilona foydalanish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzgan shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
(24-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 100 – 103-moddalari, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 1852-moddasi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 25-aprel,
412-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 4-5-son, 118-modda; 2003-y., 5-son, 67-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 39-son, 402-modda; 2013-y., 18-son, 233-modda, 41-son, 543-modda; 2015-y., 52-son, 645-modda; 2016-y., 3(I)-son, 32-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.07.2020-y., 03/20/628/1068-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)