Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2023-yil 15-dekabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2024-yil 9-fevralda maʼqullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) faoliyatini tartibga solishdan iborat.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani)
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) (bundan buyon matnda Bola huquqlari boʻyicha vakil deb yuritiladi) mansabdor shaxs boʻlib, u davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar, shuningdek korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hamda mansabdor shaxslar tomonidan bola huquqlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshiradi.
Bola huquqlari boʻyicha vakil oʻz faoliyati bilan bola huquqlarini himoya qilishning mavjud shakllarini va vositalarini toʻldiradi. Bola huquqlari boʻyicha vakil Oʻzbekiston Respublikasining bola huquqlari toʻgʻrisidagi qonunchiligini takomillashtirishga va uni xalqaro huquq normalariga muvofiqlashtirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashadi, fuqarolarning bola huquqlari sohasidagi huquqiy madaniyatini oshirishga yordamlashadi.
Bola huquqlari boʻyicha vakil oʻz vakolatlarini mustaqil ravishda hamda davlat organlariga va ularning mansabdor shaxslariga tobe boʻlmagan tarzda amalga oshiradi hamda oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalariga hisobdordir.
 LexUZ sharhi
Qarang:Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-avgustdagi PF-6275-son Bola huquqlarining kafolatlarini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi Farmonining 2-bandi.
Bola huquqlari boʻyicha vakilga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi tomonidan imzolanadigan guvohnoma beriladi. Bola huquqlari boʻyicha vakil guvohnomadan oʻz vakolatlari muddati mobaynida foydalanadi.
3-modda. Bola huquqlari boʻyicha vakil faoliyatining huquqiy asoslari
Bola huquqlari boʻyicha vakil oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, ushbu Qonunga va boshqa qonunchilik hujjatlariga, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq amalga oshiradi.
4-modda. Bola huquqlari boʻyicha vakil faoliyatining asosiy prinsiplari
Bola huquqlari boʻyicha vakil faoliyatining asosiy prinsiplari qonuniylik, mustaqillik, adolatlilik, insonparvarlik, kamsitishga yoʻl qoʻymaslik, xolislik, ochiqlik, bola huquqlarining ustuvorligidan iboratdir.
5-modda. Bola huquqlari boʻyicha vakil lavozimiga nomzodga qoʻyiladigan talablar
Saylanish kuni yigirma besh yoshga toʻlgan, kamida besh yil Oʻzbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi Bola huquqlari boʻyicha vakil lavozimiga saylanishi mumkin.
6-modda. Bola huquqlari boʻyicha vakilni saylash
Bola huquqlari boʻyicha vakil Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan besh yil muddatga saylanadi.
Bola huquqlari boʻyicha vakil lavozimiga nomzod Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari koʻrib chiqishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining va Senatining Bola huquqlari boʻyicha vakilni saylash toʻgʻrisidagi qarori palatalarning majlislarida tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari hamda Senati aʼzolari umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Bola huquqlari boʻyicha vakil nomzodi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining majlislarida koʻrib chiqilganidan keyin palatalarning ushbu masala yuzasidan qabul qilingan qarorlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga qonunda belgilangan tartibda yuboriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2022-yil 9-avgustdagi 2406-IV-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining reglamenti.
Bola huquqlari boʻyicha vakil oʻzining vakolatlari muddati tugagach, yangi Bola huquqlari boʻyicha vakil saylanguniga qadar oʻz vazifalarini bajarishni davom ettirib turadi.
7-modda. Bola huquqlari boʻyicha vakilni lavozimidan muddatidan ilgari ozod qilish
Bola huquqlari boʻyicha vakil lavozimidan quyidagi hollarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tomonidan muddatidan ilgari ozod qilinishi mumkin:
u oʻz vakolatlarini zimmasidan soqit qilish toʻgʻrisida ariza bergan taqdirda;
uning sogʻligʻi holati barqaror tarzda buzilgan va bu tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan xulosa bilan tasdiqlangan taqdirda;
unga nisbatan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan taqdirda;
u qonunga koʻra Bola huquqlari boʻyicha vakil faoliyatiga nomuvofiq boʻlgan lavozimga saylangan yoki tayinlangan taqdirda;
u sudning qonuniy kuchga kirgan qarori asosida bedarak yoʻqolgan deb topilgan yoki vafot etgan deb eʼlon qilingan taqdirda;
u Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini yoʻqotgan taqdirda;
u vafot etgan taqdirda.
8-modda. Bola huquqlari boʻyicha vakil lavozimiga nomuvofiq boʻlgan faoliyat
Bola huquqlari boʻyicha vakil siyosiy partiyaga aʼzolikni yoki unda ishtirok etishni oʻz vakolatlari muddatiga toʻxtatib turishi yoxud tugatishi shart. Bola huquqlari boʻyicha vakil ilmiy, ijodiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq toʻlanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shugʻullanishi mumkin emas.
9-modda. Bola huquqlari boʻyicha vakilning huquqlarini, shaʼni va qadr-qimmatini muhofaza qilish
Bola huquqlari boʻyicha vakilga oʻz vakolatlarini moneliksiz hamda samarali amalga oshirishi uchun shart-sharoitlar kafolatlanadi, uning huquqlari, shaʼni va qadr-qimmati muhofaza qilinadi.
Bola huquqlari boʻyicha vakilning shaʼni va qadr-qimmatiga tajovuz qilish qonunga muvofiq maʼmuriy, jinoiy yoki boshqa tarzdagi javobgarlikka sabab boʻladi.
Bola huquqlari boʻyicha vakilning vakolatlarini amalga oshirishiga toʻsqinlik qilish maqsadida Bola huquqlari boʻyicha vakilga hech bir tarzda taʼsir koʻrsatishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Bola huquqlari boʻyicha vakil oldidagi oʻz vazifalarini bajarmaydigan, uning ishiga toʻsqinlik qiladigan, bila turib unga yolgʻon axborot beradigan, Bola huquqlari boʻyicha vakil faoliyatining kafolatlarini buzadigan mansabdor shaxslar qonunchilikka muvofiq javobgar boʻladi.
2-bob. Bola huquqlari boʻyicha vakilning asosiy vazifalari, huquqlari va majburiyatlari
10-modda. Bola huquqlari boʻyicha vakilning asosiy vazifalari
Bola huquqlari boʻyicha vakilning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga oid davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etish;
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasini bajarish strategiyasini va bola huquqlari masalalari boʻyicha boshqa hujjatlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etish;
bolalar hamda ularning qonuniy vakillari oʻrtasida bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni tushuntirish;
bola huquqlari va Bola huquqlari boʻyicha vakil faoliyati haqidagi xalqaro hamda milliy normalar qoidalarini targʻib qilish;
aholining bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari masalalari boʻyicha huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga koʻmaklashish;
jismoniy va yuridik shaxslarning, shu jumladan bolalar hamda ular qonuniy vakillarining bola huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishi toʻgʻrisidagi murojaatlarini koʻrib chiqish orqali bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini taʼminlash;
bola huquqlari toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarining ijrosi holatini oʻrganish;
bola huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarni Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga tatbiq etish masalalarini oʻz vakolatlari doirasida oʻrganish;
davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslar faoliyatida bola huquqlarining taʼminlanishini hamda himoya qilinishini monitoring qilish;
bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilishining oldini olish, bolaning buzilgan huquqlari va qonuniy manfaatlari tiklanishiga koʻmaklashish;
bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish va ularning himoya qilinish holati toʻgʻrisida jamoatchilikni xabardor etish;
nogironligi boʻlgan bolalar, shuningdek yetim bolalar va ota-onasi qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar tarbiya muassasalarini tamomlaganidan keyin ularning ijtimoiy moslashuviga koʻmaklashish;
tarbiya muassasalarini tamomlagan, uy-joyga muhtoj boʻlgan yetim bolalarning, ota-onasi qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning aniq maqsadli kommunal turar joy fondidagi sanitariya, texnik normalarga hamda qonunchilikning boshqa talablariga javob beradigan turar joylar bilan taʼminlanishiga koʻmaklashish;
bola huquqlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni takomillashtirishga koʻmaklashish, bolaning manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan normalarni qabul qilish, shu jumladan bola huquqlari va erkinliklari masalalariga oid xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qilish toʻgʻrisida takliflar kiritish;
voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasiga doir faoliyatda ishtirok etish;
davlat hokimiyati organlarining va respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining, fuqarolik jamiyati institutlarining bola huquqlarini taʼminlash sohasidagi faoliyatini takomillashtirishga tavsiyalar va xulosalar berish orqali koʻmaklashish;
bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.
Bola huquqlari boʻyicha vakil qonunchilikka muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-maydagi PQ-4736-sonli “Bola huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori.
11-modda. Bola huquqlari boʻyicha vakilning daxlsizlik huquqi
Bola huquqlari boʻyicha vakil daxlsizlik huquqidan foydalanadi va u Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi yoki sud tartibida beriladigan maʼmuriy jazoga tortilishi mumkin emas.
Bola huquqlari boʻyicha vakilga nisbatan jinoyat ishi faqat Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan qoʻzgʻatilishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-maydagi PQ-4736-sonli “Bola huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorining 3-bandi.
Bola huquqlari boʻyicha vakilni majburiy keltirishga, ushlab turishga, shuningdek uning shaxsiy buyumlarini, yukini, transportini, turar joyini va xizmat xonasini koʻzdan kechirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
12-modda. Bola huquqlari boʻyicha vakilning huquqlari
Bola huquqlari boʻyicha vakil quyidagi huquqlarga ega:
bola huquqlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hamda mansabdor shaxslar tomonidan rioya etilishini oʻrganish;
davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hamda mansabdor shaxslardan oʻz vakolatlari jumlasiga kiradigan masalalar yuzasidan statistik, tahliliy va boshqa axborotni hamda materiallarni soʻrab olish;
davlat organlarining maʼlumotlar bazalaridan belgilangan tartibda foydalanish;
bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi haqidagi xabarlarni vakolatli davlat organlari, mansabdor shaxslar va fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari bilan birgalikda tekshirish;
davlat organlarining, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning mansabdor shaxslariga bola huquqlari toʻgʻrisidagi qonunchilikning buzilishiga yoʻl qoʻyilmasligi haqida ogohlantirishlar yuborish;
davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning rahbarlariga bola huquqlari toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishlari, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish haqida koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritish;
harakatlari yoki harakatsizligida bola huquqlari buzilganligi aniqlangan shaxslarni javobgarlikka tortish toʻgʻrisida tegishli organlarga iltimosnomalar kiritish;
bolaning buzilgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi arizalar va daʼvolar bilan sudlarga murojaat etish;
bolaning buzilgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda tiklash maqsadida sud jarayonlarida, shu jumladan yopiq sud majlislarida qonunda belgilangan hollarda va shakllarda ishtirok etish;
aholi oʻrtasida bola huquqlari bilan bogʻliq masalalar boʻyicha ijtimoiy soʻrovlar oʻtkazish;
bola huquqlari masalalari boʻyicha oʻquv dasturlari tayyorlashda ishtirok etish;
bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalari yuzasidan tadbirlar tashkil etish;
bola huquqlarini himoya qilishga doir ilmiy-amaliy, tahliliy ishlarni amalga oshirish uchun ilmiy va boshqa tashkilotlarni, olimlar hamda mutaxassislarni belgilangan tartibda, shu jumladan shartnoma asosida jalb qilish;
bolalar haqida gʻamxoʻrlik qilish va ularni himoya qilish uchun masʼul boʻlgan davlat organlariga va boshqa tashkilotlarga, shu jumladan taʼlim, tarbiya, tibbiyot muassasalariga, voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazlariga, ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalariga, tergov hibsxonalariga va tarbiya koloniyalariga moneliksiz kirish;
xorijiy davlatlarning huquqni muhofaza qiluvchi va sud organlariga, inson huquqlari boʻyicha milliy institutlariga Oʻzbekiston fuqarosi boʻlgan va xorijiy davlat hududida turgan bolaning huquqlarini himoya qilish haqida oʻzaro huquqiy yordam toʻgʻrisidagi xalqaro kelishuvlarga hamda boshqa shartnomalarga muvofiq soʻrovlar yuborish;
oʻz vakolatlari doirasida xalqaro tashkilotlar bilan aloqalar oʻrnatish va ularning aʼzoligiga kirish, shuningdek xorijiy davlatlarning inson huquqlari boʻyicha milliy institutlari bilan hamkorlik qilish;
inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar hamda boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro anglashuv va hamkorlik toʻgʻrisida memorandumlar, kelishuvlar tuzish, qoʻshma dasturlar va loyihalarni amalga oshirish;
bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari masalalari yuzasidan oʻtkaziladigan tadbirlarda, shu jumladan xalqaro tadbirlarda ishtirok etish.
Bola huquqlari boʻyicha vakil qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
13-modda. Bola huquqlari boʻyicha vakilning majburiyatlari
Bola huquqlari boʻyicha vakil oʻz faoliyatini amalga oshirishda:
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonun hujjatlariga rioya etishi, oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishi;
bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga taalluqli masalalarni hal etishda bolaning manfaatlari ustuvorligini inobatga olgan holda harakat qilishi;
davlat organlari, boshqa tashkilotlar va mansabdor shaxslarning oʻz vakolatlari doirasida amalga oshirayotgan faoliyatiga aralashmasligi;
davlat sirlarini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi maʼlumotlarni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etishi shart.
Bola huquqlari boʻyicha vakilning zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
14-modda. Ogohlantirish
Bola huquqlari toʻgʻrisidagi qonunchilikning buzilishiga yoʻl qoʻyilmasligi haqidagi ogohlantirish Bola huquqlari boʻyicha vakil tomonidan davlat organlari va boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslariga yozma shaklda eʼlon qilinadi.
Bola huquqlari boʻyicha vakil mansabdor shaxsga ogohlantirish eʼlon qilinganligi toʻgʻrisida uning yuqori turuvchi organiga (mansabdor shaxsiga) xabar qilishga haqli.
15-modda. Taqdimnoma
Bola huquqlari toʻgʻrisidagi qonunchilikning aniqlangan buzilishlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish haqidagi taqdimnoma Bola huquqlari boʻyicha vakil tomonidan davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning qonunchilik buzilishlarini bartaraf etish yuzasidan vakolat berilgan rahbarlariga kiritiladi.
Taqdimnoma kechiktirmay koʻrib chiqilishi va koʻrilgan choralar toʻgʻrisida Bola huquqlari boʻyicha vakilga, agar boshqa muddat belgilanmagan boʻlsa, oʻn besh kundan kechiktirmay yozma shaklda xabar qilinishi lozim.
16-modda. Bola huquqlari boʻyicha vakilning maʼruzasi
Bola huquqlari boʻyicha vakil har yili, hisobot yilidan keyingi yilning 15-fevralidan kechiktirmay Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalariga bola huquqlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan rioya etilishi holati haqida maʼruza (bundan buyon matnda Bola huquqlari boʻyicha vakilning maʼruzasi deb yuritiladi) taqdim etadi.
Bola huquqlari boʻyicha vakilning maʼruzasini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining va Senatining majlislarida koʻrib chiqish qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
Bola huquqlari boʻyicha vakilning maʼruzasini koʻrib chiqish yakunlari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tomonidan qarorlar qabul qilingan taqdirda, mazkur qarorlar Bola huquqlari boʻyicha vakilga yuboriladi.
3-bob. Bola huquqlari boʻyicha vakilning faoliyati
17-modda. Bola huquqlari boʻyicha vakil faoliyatining ochiqligi
Bola huquqlari boʻyicha vakil oʻz faoliyati toʻgʻrisidagi axborotdan manfaatdor shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi Qonuni.
Bola huquqlari boʻyicha vakil oʻz faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni oʻzining rasmiy veb-saytiga joylashtiradi va yangilab turadi, Bola huquqlari boʻyicha vakilning maʼruzasini hamda boshqa materiallarni ommaviy axborot vositalarida eʼlon qiladi.
Bola huquqlari boʻyicha vakil oʻz matbuot organini taʼsis etishi va boshqa matbuot nashrlarining hammuassisi boʻlishi mumkin.
18-modda. Bola huquqlari boʻyicha vakilning qonunchilikni takomillashtirishga doir faoliyati
Bola huquqlari boʻyicha vakil oʻzining faoliyati bilan bogʻliq masalalarga doir qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan tegishli davlat organlariga takliflar kiritishga haqli.
Bola huquqlari boʻyicha vakil qonunchilik hujjatlari loyihalarini tayyorlash boʻyicha ishchi guruhlar faoliyatida ishtirok etishi mumkin.
Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga taalluqli masalalarga doir qonunchilik hujjatlari loyihalari majburiy tartibda Bola huquqlari boʻyicha vakil bilan kelishiladi.
19-modda. Bola huquqlari boʻyicha vakilning bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari sohasida aholining huquqiy madaniyatini oshirishga doir faoliyati
Bola huquqlari boʻyicha vakil aholining bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari sohasidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, boshqa normativ-huquqiy hujjatlari va xalqaro shartnomalari, xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplari hamda normalari toʻgʻrisidagi xabardorligini oshirish choralarini koʻradi.
Bola huquqlari boʻyicha vakil bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish vositalarini, usullarini va mexanizmlarini oʻrgatishga qaratilgan maʼrifiy hamda taʼlim dasturlarini, ilmiy-amaliy tadbirlar va seminarlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi.
20-modda. Bola huquqlari boʻyicha vakilning bolaga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olishga doir faoliyati
Bola huquqlari boʻyicha vakil bola oʻz ixtiyori bilan chiqib keta olmaydigan taʼlim, tarbiya, tibbiyot muassasalariga, voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazlariga, ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalariga, tergov hibsxonalariga va tarbiya koloniyalariga (bundan buyon matnda bola oʻz ixtiyori bilan chiqib keta olmaydigan joylar deb yuritiladi) muntazam kirib turish orqali bolaga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olish boʻyicha choralar koʻradi.
Bola huquqlari boʻyicha vakil bola oʻz ixtiyori bilan chiqib keta olmaydigan joylarga kirganida:
bolalarning soni haqida axborot oladi;
bolalarni saqlash va ular bilan muomalada boʻlish shart-sharoitlarini oʻrganadi;
bolalar bilan, shuningdek bola oʻz ixtiyori bilan chiqib keta olmaydigan joylar maʼmuriyatining xodimlari bilan uchrashuvlar va suhbatlar, shu jumladan xoli uchrashuvlar va suhbatlar oʻtkazadi. Bunda mazkur uchrashuvlar va suhbatlar jarayonining bayonnomasi yuritiladi, zarur boʻlganda texnik vositalardan foydalaniladi;
bola oʻz ixtiyori bilan chiqib keta olmaydigan joylarda bolaning turishi qonuniy ekanligini tasdiqlovchi hujjatlar bilan tanishadi va ularning koʻchirma nusxalarini oladi;
bola oʻz ixtiyori bilan chiqib keta olmaydigan joylarning maʼmuriyatidan bola, zarur boʻlgan hollarda, tibbiy tekshiruvdan oʻtkazilishini, unga tibbiy, psixologik va boshqa yordam koʻrsatilishini talab qiladi, mazkur tadbirlar oʻtkazilayotganda bolaning roziligi bilan hozir boʻladi;
bola oʻz ixtiyori bilan chiqib keta olmaydigan joylarning maʼmuriyati rahbarlaridan mazkur joylarda turgan bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash masalalari yuzasidan tushuntirishlar oladi;
bola oʻz ixtiyori bilan chiqib keta olmaydigan joylar maʼmuriyatining qonunga xilof harakatlariga (harakatsizligiga) chek qoʻyish uchun zudlik bilan choralar koʻradi;
bola oʻz ixtiyori bilan chiqib keta olmaydigan joylar maʼmuriyatining qonunga xilof harakatlari toʻgʻrisida huquqni muhofaza qiluvchi organlarni tegishli tartibda xabardor etadi va bu holatlar yuzasidan koʻrilgan aniq choralar haqida bir oydan kechiktirmay oʻziga axborot berilishini talab qiladi;
bolalarni saqlash shart-sharoitlari toʻgʻrisida xulosa tuzadi va uni tegishli tashkilotlarga yoki mansabdor shaxslarga yuboradi;
tegishli davlat organlariga ularning bolaga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olishga doir faoliyatini takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar va takliflar kiritadi.
Bola huquqlari boʻyicha vakilning bolaga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olishga doir faoliyatiga koʻmaklashish uchun Bola huquqlari boʻyicha vakil tomonidan maxsus ekspert guruhi tuziladi. Maxsus ekspert guruhi toʻgʻrisidagi nizom Bola huquqlari boʻyicha vakil tomonidan tasdiqlanadi.
Maxsus ekspert guruhining tarkibi, qoida tariqasida, fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari, yurisprudensiya, tibbiyot, psixologiya, pedagogika sohasida, shuningdek boshqa sohalarda kasbiy hamda amaliy bilimlarga ega boʻlgan mutaxassislar orasidan shakllantiriladi.
Bola huquqlari boʻyicha vakil maxsus ekspert guruhi aʼzolarining bolaga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olishga doir vazifalarini belgilaydi, shuningdek ularni bola oʻz ixtiyori bilan chiqib keta olmaydigan joylarga moneliksiz kirish huquqini beruvchi maxsus yoʻllanmalar bilan taʼminlash choralarini koʻradi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining Voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi toʻgʻrisida”gi Qonuni.
21-modda. Bola huquqlari boʻyicha vakilning bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga doir faoliyati
Bola huquqlari boʻyicha vakil bola huquqlarini himoya qiluvchi xalqaro tashkilotlarga aʼzo boʻlib kirishga, bola huquqlarini himoya qilish boʻyicha xorijiy institutlar bilan hamkorlikni rivojlantirishga haqli.
Bola huquqlari boʻyicha vakil Oʻzbekiston Respublikasining bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari sohasidagi xalqaro shartnomalari bajarilishi toʻgʻrisida bola huquqlarini himoya qilish boʻyicha xalqaro tashkilotlar hamda xorijiy institutlarning xabardorligini oshirishga koʻmaklashadi.
Bola huquqlari boʻyicha vakil Oʻzbekiston Respublikasining bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari sohasidagi xalqaro shartnomalarning bajarilishiga doir maʼruzalarini tayyorlashda ishtirok etadi.
22-modda. Bola huquqlari boʻyicha vakilning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi mintaqaviy vakili
Bola huquqlari boʻyicha vakil oʻzining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi vakilini (bundan buyon matnda Bola huquqlari boʻyicha vakilning mintaqaviy vakili deb yuritiladi) tayinlaydi.
Bola huquqlari boʻyicha vakilning mintaqaviy vakiliga Bola huquqlari boʻyicha vakil tomonidan imzolanadigan guvohnoma beriladi.
Bola huquqlari boʻyicha vakilning mintaqaviy vakili jamoatchilik asosida faoliyat yuritadi.
Bola huquqlari boʻyicha vakilning mintaqaviy vakili faoliyati Bola huquqlari boʻyicha vakil tomonidan tasdiqlanadigan nizom bilan tartibga solinadi.
Bola huquqlari boʻyicha vakilning mintaqaviy vakili quyidagi huquqlarga ega:
tegishli hududda yashovchi jismoniy shaxslarning yoki tegishli hududda joylashgan yuridik shaxslarning, fuqarolik jamiyati institutlarining bola huquqlariga taalluqli murojaatlarini qabul qilish va koʻrib chiqish, bolalarning buzilgan huquqlarini tiklashda koʻmaklashish;
mahalliy davlat hokimiyati organlariga, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga, korxonalarga, muassasalarga, tashkilotlarga va ularning mansabdor shaxslariga aniqlashtirilishi lozim boʻlgan holatlar yuzasidan tekshiruvlar oʻtkazishda koʻmaklashishni soʻrab murojaat qilish, shuningdek ulardan koʻrib chiqilayotgan masalalar boʻyicha hujjatlarni, materiallarni va boshqa maʼlumotlarni soʻrash hamda olish;
bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ularni himoya qilish sohasidagi axborot-maʼrifiy ishlarni amalga oshirish, shu jumladan mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikda amalga oshirish.
Bola huquqlari boʻyicha vakilning mintaqaviy vakili:
oʻz faoliyati toʻgʻrisida har chorakda Bola huquqlari boʻyicha vakilga axborot taqdim etishi;
arz qiluvchiga va boshqa shaxslarga tegishli maʼlumotlarni ularning roziligisiz, murojaatlarni koʻrib chiqish haqidagi axborotni Bola huquqlari boʻyicha vakilning ruxsatisiz oshkor etmasligi shart.
Bola huquqlari boʻyicha vakilning mintaqaviy vakili qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi va uning zimmasida boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
Bola huquqlari boʻyicha vakilning mintaqaviy vakili tegishli hududda bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining himoya qilinishi holati toʻgʻrisida har yili tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga maʼruza taqdim etadi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari Bola huquqlari boʻyicha vakilning mintaqaviy vakili faoliyatiga koʻmaklashadi.
23-modda. Bola huquqlari boʻyicha vakilning faoliyatiga koʻmaklashish
Davlat organlari, boshqa tashkilotlar va mansabdor shaxslar Bola huquqlari boʻyicha vakilning faoliyatiga koʻmaklashish yuzasidan zarur choralarni koʻradi.
Davlat organlari, boshqa tashkilotlar va mansabdor shaxslar bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga taalluqli boʻlgan, Bola huquqlari boʻyicha vakil soʻragan hujjatlar, materiallar hamda boshqa maʼlumotlarni taqdim etishi shart.
Davlat organlari, boshqa tashkilotlar va mansabdor shaxslar Bola huquqlari boʻyicha vakilning bolaning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalariga doir soʻrovlari, xulosalari, takliflari va tavsiyalarini koʻrib chiqishi hamda koʻrib chiqish natijalari va koʻrilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida uni belgilangan muddatlarda xabardor qilishi, shuningdek Bola huquqlari boʻyicha vakilning qonuniy talablarini bajarishi shart.
Bola huquqlari boʻyicha vakil oʻz faoliyatiga taalluqli masalalar yuzasidan davlat organlarining, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning rahbarlari va boshqa mansabdor shaxslari tomonidan darhol qabul qilinish huquqidan foydalanadi.
Faoliyati davlat siri va qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sir bilan bogʻliq boʻlgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga Bola huquqlari boʻyicha vakilning kirishi tartibi, shuningdek davlat sirini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi axborotni Bola huquqlari boʻyicha vakilga taqdim etish Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
4-bob. Bola huquqlari boʻyicha vakil tomonidan murojaatlarni koʻrib chiqish tartibi
24-modda. Bola huquqlari boʻyicha vakil tomonidan murojaatlarni koʻrib chiqish
Bola huquqlari boʻyicha vakil arizalar, takliflar va shikoyatlar tarzida kelib tushgan murojaatlarni koʻrib chiqadi. Bola huquqlari boʻyicha vakil shikoyatlarni ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartibda, arizalar hamda takliflarni “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan tartibda koʻrib chiqadi.
Bola huquqlari boʻyicha vakil Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining, Oʻzbekiston Respublikasi hududida turgan chet el fuqarolarining va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning, yuridik shaxslarning bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini buzayotgan tashkilotlarning yoki mansabdor shaxslarning harakatlari yoki harakatsizligi ustidan bergan shikoyatlarini koʻrib chiqadi hamda oʻz tekshiruvini oʻtkazish huquqiga ega.
Shikoyatlar ogʻzaki, yozma yoki elektron shaklda berilishi mumkin.
Bola huquqlari boʻyicha vakil qabul jadvallariga muvofiq jismoniy shaxslarning va yuridik shaxslar vakillarining shaxsiy qabulini, shuningdek jismoniy shaxslarning va yuridik shaxslar vakillarining sayyor shaxsiy qabullarini tashkil etadi.
Jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish jadvallari, qabulni oʻtkazish vaqti, joyi hamda qabulga oldindan yozilish toʻgʻrisidagi axborot, jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish tartibi Bola huquqlari boʻyicha vakilning rasmiy veb-saytida eʼlon qilish, shuningdek uning maʼmuriy binosida hamma kirishi mumkin boʻlgan joylardagi stendlarga yoki boshqa texnik vositalarga joylashtirish orqali manfaatdor shaxslar eʼtiboriga yetkaziladi.
Bola huquqlari boʻyicha vakil sudning vakolatlari jumlasiga kiradigan masalalarni koʻrib chiqmaydi.
Anonim murojaatlar Bola huquqlari boʻyicha vakil tomonidan koʻrib chiqilmaydi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 11-sentabrdagi OʻRQ-445-son “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonunining IV bobi.
25-modda. Bola huquqlari boʻyicha vakil tomonidan shikoyatlarni koʻrib chiqish shartlari
Bola huquqlari boʻyicha vakil arz qiluvchiga bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi toʻgʻrisida maʼlum boʻlib qolgan paytdan eʼtiboran yoki, agar arz qiluvchi bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning boshqa vositalaridan foydalangan hamda qabul qilingan qarorlardan qanoatlanmagan boʻlsa, oʻz shikoyati boʻyicha oxirgi qaror qabul qilingan paytdan eʼtiboran bir yil ichida berilgan shikoyatlarni koʻrib chiqadi.
Shikoyat berishning uzrli sabablarga koʻra oʻtkazib yuborilgan muddati Bola huquqlari boʻyicha vakil tomonidan tiklanishi mumkin.
26-modda. Bola huquqlari boʻyicha vakilga beriladigan shikoyatlarga qoʻyiladigan talablar
Bola huquqlari boʻyicha vakilga berilgan shikoyatda arz qiluvchining familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash joyi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shikoyat yuridik shaxs tomonidan berilgan taqdirda esa uning toʻliq nomi, joylashgan yeri (pochta manzili) haqidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
Shikoyatda qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi ustidan shikoyat qilinayotgan tashkilotning nomi, mansabdor shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi) koʻrsatiladi, arz qiluvchining fikricha, uning huquqlarini (bolaning huquqlarini) buzgan qarorlarning, harakatlarning yoki harakatsizlikning mohiyati bayon etiladi.
Shikoyatlar davlat tilida yoki boshqa tillarda berilishi mumkin.
Yozma shikoyat arz qiluvchining imzosi yoki yuridik shaxs vakolatli shaxsining imzosi bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak. Yozma shikoyatni arz qiluvchining imzosi bilan tasdiqlash imkoni boʻlmagan taqdirda, shikoyat uni yozib bergan shaxsning imzosi bilan tasdiqlanib, uning familiyasi (ismi, otasining ismi) ham qoʻshimcha ravishda yozib qoʻyilishi kerak.
Elektron shaklda berilgan shikoyat qonunchilikda belgilangan talablarga muvofiq boʻlishi kerak.
Bolaning manfaatlarini koʻzlab shikoyatlar qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda uning qonuniy vakillari tomonidan berilishi mumkin.
Bolalar oʻz huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi masalalari yuzasidan shikoyat berishi mumkin. Bola huquqlari boʻyicha vakil bolalarning shikoyatlarini koʻrib chiqishi shart.
Bola toʻliq muomala layoqatiga ega boʻlmaganligi sababli uning shikoyatini koʻrib chiqmasdan qoldirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Bola huquqlari boʻyicha vakil bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi toʻgʻrisida axborot mavjud boʻlganda yoxud himoyaning huquqiy vositalaridan mustaqil ravishda foydalanishga layoqatsiz shaxslarni himoya qilish uchun oʻz tashabbusi bilan faktlar tekshiruvini oʻtkazishga haqlidir.
Shikoyat boʻyicha ilgari qabul qilingan mavjud qarorlar yoki ularning koʻchirma nusxalari, shuningdek shikoyatni koʻrib chiqish uchun zarur boʻlgan boshqa hujjatlar shikoyatga ilova qilinishi mumkin, mazkur hujjatlar qaytarilmaydi, bundan arz qiluvchi ularni qaytarish haqida yozma ariza bergan hollar mustasno.
Arz qiluvchilar va ularning vakillari shikoyatni u koʻrib chiqilguniga qadar va koʻrib chiqilayotgan paytda shikoyat yuzasidan qaror qabul qilinguniga qadar yozma yoki elektron shaklda ariza berish yoʻli bilan chaqirib olishi mumkin. Shikoyatni chaqirib olish toʻgʻrisidagi ariza qonun buzilishlarini aniqlash va bartaraf etish yuzasidan Bola huquqlari boʻyicha vakil tomonidan choralar koʻrilishini istisno etmaydi.
Bola huquqlari boʻyicha vakilga berilgan shikoyat uchun davlat boji undirilmaydi.
27-modda. Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazlarida hamda ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalarida, tergov hibsxonalarida va tarbiya koloniyalarida turgan bolalarning Bola huquqlari boʻyicha vakilga murojaat etishi
Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazlarida hamda ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalarida, tergov hibsxonalarida va tarbiya koloniyalarida turgan bolalar yozma shakldagi murojaatlarni (xatlar va telegrammalarni) ularning soni cheklanmagan holda Bola huquqlari boʻyicha vakilning nomiga yuborish huquqiga ega. Bola huquqlari boʻyicha vakil nomiga yuboriladigan murojaatlar senzura qilinmaydi.
Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazlarining hamda ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalarining, tergov hibsxonalarining va tarbiya koloniyalarining maʼmuriyati bolaning murojaatini Bola huquqlari boʻyicha vakilga yigirma toʻrt soatdan kechiktirmay, muhrlangan tarzda yuboradi, telegrammalarni esa darhol yuboradi. Bola huquqlari boʻyicha vakilning javobi koʻzdan kechirilishi mumkin emas va arz qiluvchiga zudlik bilan yetkazib beriladi.
Bola huquqlari boʻyicha vakil shikoyatlar koʻrib chiqilayotganda, shuningdek bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi hollarini oʻz tashabbusi bilan tekshirayotganda voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazlariga hamda ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalariga, tergov hibsxonalariga va tarbiya koloniyalariga moneliksiz kirish huquqiga ega. Mazkur muassasalarning maʼmuriyati Bola huquqlari boʻyicha vakilning xavfsizligini taʼminlaydi.
Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazlarining hamda ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalarining, tergov hibsxonalarining va tarbiya koloniyalarining maʼmuriyati Bola huquqlari boʻyicha vakilga u yerda turgan bola bilan moneliksiz va xoli uchrashish hamda suhbatlashish uchun zarur shart-sharoitlarni taʼminlashi shart, uchrashuvlar va suhbatlar ushbu muassasalar xodimlari ularni koʻrib turadigan, lekin eshitmaydigan sharoitlarda xoli oʻtkaziladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-avgustdagi 490-son Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori.
28-modda. Bola huquqlari boʻyicha vakilning shikoyatlarni koʻrib chiqish, shuningdek bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi hollarini oʻz tashabbusi bilan tekshirish chogʻidagi huquqlari
Bola huquqlari boʻyicha vakil shikoyatlarni koʻrib chiqish, shuningdek bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi hollarini oʻz tashabbusi bilan tekshirish chogʻida quyidagi huquqlarga ega:
aniqlanishi lozim boʻlgan holatlarni tekshirishda koʻmaklashishni soʻrab tashkilotlarga va mansabdor shaxslarga murojaat qilish;
aniqlanishi lozim boʻlgan holatlarni tekshirish uchun tashkilotlarning vakillarini va mansabdor shaxslarni taklif etish. Tekshirishni harakatlari yoki harakatsizligi ustidan shikoyat berilgan tashkilotga yoki mansabdor shaxsga topshirish mumkin emas;
tashkilotlarga va mansabdor shaxslar huzuriga moneliksiz kirish;
tashkilotlar va mansabdor shaxslardan hujjatlarni, materiallarni va boshqa maʼlumotlarni soʻrash hamda olish;
mansabdor shaxslardan tushuntirishlar olish;
aniqlanishi lozim boʻlgan masalalar yuzasidan tashkilotlarga va mutaxassislarga xulosalar tayyorlashni topshirish;
bola huquqlariga daxldor boʻlgan masalalar yuzasidan tashkilotlar hamda mansabdor shaxslar tomonidan oʻtkazilayotgan tekshirishlarda ishtirok etish;
ushlab turilgan, tergov hibsxonasida saqlanayotgan voyaga yetmagan shaxs yoki ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni oʻtayotgan voyaga yetmagan shaxs bilan uchrashuvlar va suhbatlar oʻtkazish;
bola huquqlari toʻgʻrisidagi qonunchilikning aniqlangan buzilishlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish haqida davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning rahbarlariga taqdimnomalar kiritish;
harakatlarida yoki harakatsizligida bola huquqlari buzilganligi aniqlangan shaxslarni javobgarlikka tortish toʻgʻrisida tegishli organlarga iltimosnomalar kiritish;
bola manfaatlarini koʻzlab arizalar va daʼvolar bilan sudlarga davlat bojini toʻlamasdan murojaat etish.
29-modda. Bola huquqlari boʻyicha vakilning shikoyatni koʻrib chiqish natijalari yuzasidan majburiyatlari
Bola huquqlari boʻyicha vakil shikoyatni koʻrib chiqish natijalari yuzasidan:
arz qiluvchini koʻrib chiqish natijalari toʻgʻrisida xabardor etishi;
harakatlarida yoki harakatsizligida bola huquqlari buzilganligi aniqlangan tashkilotga yoki mansabdor shaxsga bolaning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan tavsiyalar mavjud boʻlgan oʻz xulosasini yuborishi shart. Bunda Bola huquqlari boʻyicha vakilning xulosasini olgan tashkilot yoki mansabdor shaxs uni koʻrib chiqishi va bir oydan kechiktirmay asoslantirilgan javob yuborishi shart.
30-modda. Bola huquqlari boʻyicha vakilning xulosasi
Bola huquqlari boʻyicha vakilning xulosasida quyidagi tavsiyalar nazarda tutilishi mumkin:
ishning tashkilot yoki mansabdor shaxs tomonidan oxiriga yetkazilishi zarurligi;
tashkilotning yoki mansabdor shaxsning qarori oʻzgartirilishi yoxud bekor qilinishi kerakligi;
tashkilotning yoki mansabdor shaxsning qarori asoslanishi zarurligi;
tashkilot yoki mansabdor shaxs qoʻshimcha qaror qabul qilishi kerakligi.
Bola huquqlari boʻyicha vakilning xulosasida boshqa tavsiyalar ham boʻlishi mumkin.
5-bob. Bola huquqlari boʻyicha vakilning davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorligi
31-modda. Bola huquqlari boʻyicha vakilning parlament nazoratining boshqa subyektlari bilan hamkorligi
Bola huquqlari boʻyicha vakil jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish, bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi hollarini oʻz tashabbusiga koʻra tekshirish bilan bogʻliq materiallarni har chorakda umumlashtirib boradi.
Bola huquqlari boʻyicha vakil jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish bilan bogʻliq materiallarni umumlashtirish hamda bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari, shuningdek jamiyat va davlatning manfaatlari buzilishiga olib keluvchi sabablar hamda shart-sharoitlarni aniqlash natijalariga koʻra davlat organlari rahbarlarining axborotini eshitish masalasini koʻrib chiqish toʻgʻrisidagi taklif bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qoʻmitalariga murojaat qilishi mumkin.
Bola huquqlari boʻyicha vakil Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining parlament nazoratini amalga oshirishga doir tadbirlarida ishtirok etishga, ularga koʻrib chiqilayotgan masalalar yuzasidan materiallar taqdim etishga haqlidir.
Bola huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning ayrim jihatlariga eʼtiborni kuchaytirish zarur boʻlganda Bola huquqlari boʻyicha vakil Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga huquqiy, tashkiliy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa chora-tadbirlar koʻrishga qaratilgan maxsus maʼruzalar kiritishi mumkin.
Bola huquqlari boʻyicha vakil tomonidan kiritilgan maxsus maʼruzalarni koʻrib chiqish yakunlari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari qarorlar qabul qiladi, qarorlar Bola huquqlari boʻyicha vakilga yuboriladi.
32-modda. Bola huquqlari boʻyicha vakilning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi bilan hamkorligi
Bola huquqlari boʻyicha vakil Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudiga murojaat qilish huquqiga ega.
Bola huquqlari boʻyicha vakil Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining majlislarida ishtirok etishga hamda bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga taalluqli koʻrib chiqilayotgan barcha masalalar yuzasidan oʻz nuqtai nazarini bayon etishga haqli.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Qonunining 27-moddasi.
33-modda. Bola huquqlari boʻyicha vakilning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi bilan hamkorligi
Bola huquqlari boʻyicha vakil Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining majlislarida ishtirok etishga haqli.
Bola huquqlari boʻyicha vakil Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining majlislarida koʻrib chiqilayotgan bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga taalluqli masalalar yuzasidan oʻz nuqtai nazarini bayon etishga haqli.
34-modda. Bola huquqlari boʻyicha vakilning Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan hamkorligi
Bola huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning ayrim jihatlariga eʼtiborni kuchaytirish zarur boʻlganda Bola huquqlari boʻyicha vakil Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga huquqiy, tashkiliy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa chora-tadbirlar koʻrishga qaratilgan maʼruzalar kiritishi mumkin.
Bola huquqlari boʻyicha vakil bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash bilan bogʻliq masalalar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritishga haqli.
35-modda. Bola huquqlari boʻyicha vakilning Bolalar masalalari boʻyicha milliy komissiya bilan hamkorligi
Bola huquqlari boʻyicha vakil Bolalar masalalari boʻyicha milliy komissiyaga masalalar kiritishga haqli.
Bola huquqlari boʻyicha vakil Bolalar masalalari boʻyicha milliy komissiyaning majlislarida ishtirok etishi mumkin va koʻrib chiqilayotgan barcha masalalar yuzasidan oʻz nuqtai nazarini bayon etishga haqli.
Bola huquqlari boʻyicha vakil Bolalar masalalari boʻyicha milliy komissiyaga bola huquqlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka davlat organlari tomonidan rioya etilishi holati haqida maʼruza, shuningdek maxsus maʼruzalar kiritishga haqli.
Bola huquqlari boʻyicha vakil tomonidan kiritilgan maʼruzalarni koʻrib chiqish yakunlari yuzasidan Bolalar masalalari boʻyicha milliy komissiya qarorlar qabul qiladi, qarorlar Bola huquqlari boʻyicha vakilga yuboriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 6-iyuldagi 363-son qarori bilan tasdiqlangan Bolalar masalalari boʻyicha milliy komissiya toʻgʻrisidagi nizom.
36-modda. Bola huquqlari boʻyicha vakilning huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sud bilan hamkorligi
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar bolalarning hayotiga, sogʻligʻiga yoki jinsiy erkinligiga qarshi jinoyatlar, shu jumladan oʻn olti yoshga toʻlmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish yoki jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirish yoxud unga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish, voyaga yetmagan shaxsni pornografik xususiyatga ega harakatlarning ijrochisi sifatida jalb etish, voyaga yetmagan shaxsni jalb etgan holda qoʻshmachilik qilish, fohishaxonalar tashkil etish bilan bogʻliq jinoyatlar (bundan buyon matnda bolaga qarshi jinoyatlar deb yuritiladi) toʻgʻrisida maʼlumotlar olingan taqdirda jinoyat ishini qoʻzgʻatish haqida yoki jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilganda bu haqda Bola huquqlari boʻyicha vakilni uch kun ichida yozma shaklda xabardor qiladi.
Sud bolaga qarshi jinoyatlar toʻgʻrisidagi ish yuzasidan sud muhokamasining vaqti va joyi haqida Bola huquqlari boʻyicha vakilni xabardor qiladi.
Bola huquqlari boʻyicha vakil bolaga qarshi jinoyatlar toʻgʻrisidagi jinoyat ishlarining, shuningdek voyaga yetmagan shaxs gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi tariqasida jalb etilgan jinoyat ishlarining materiallari bilan qonunda belgilangan tartibda tanishishga hamda ularning koʻchirma nusxalarini olishga haqli.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi.
Sud bolaga qarshi jinoyatlar toʻgʻrisidagi ish boʻyicha chiqarilgan hukm (ajrim) haqida Bola huquqlari boʻyicha vakilni besh kun ichida yozma shaklda xabardor qiladi.
Bola huquqlari boʻyicha vakil hukm (ajrim) bilan tanishib chiqqach, voyaga yetmagan shaxs manfaatlarini koʻzlab, sudning hukmi (ajrimi) ustidan protest (xususiy protest) keltirish haqidagi iltimosnoma bilan prokurorga murojaat qilishga haqli.
37-modda. Bola huquqlari boʻyicha vakilning fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorligi
Bola huquqlari boʻyicha vakil mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari va boshqa dasturlarni, shuningdek bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni oʻz vakolatlari doirasida amalga oshiradi.
Bola huquqlari boʻyicha vakil oʻzi tomonidan shakllantiriladigan ishchi guruhlar va ekspertlar guruhlari, komissiyalar hamda boshqa jamoatchilik-maslahat organlari faoliyatida fuqarolik jamiyati institutlari vakillarining ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi.
Bola huquqlari boʻyicha vakil bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga taalluqli masalalar yuzasidan fuqarolik jamiyati institutlari bilan axborot almashinuvini qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiradi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Elektron hukumat toʻgʻrisida”gi Qonuni.
Bola huquqlari boʻyicha vakil fuqarolik jamiyati institutlari bilan birgalikda tadbirlar, maslahatlashuvlar va muzokaralar oʻtkazishi, shuningdek ular bilan bitimlar tuzishi mumkin.
6-bob. Bola huquqlari boʻyicha vakil hamda uning kotibiyati faoliyatining moddiy va boshqa taʼminoti
38-modda. Bola huquqlari boʻyicha vakilning kotibiyati
Bola huquqlari boʻyicha vakilning faoliyatini taʼminlash uchun Bola huquqlari boʻyicha vakilning kotibiyati tashkil etiladi, kotibiyat haqidagi nizom Bola huquqlari boʻyicha vakil tomonidan tasdiqlanadi. Bola huquqlari boʻyicha vakilning kotibiyati davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi.
Bola huquqlari boʻyicha vakilning kotibiyati tuzilmasida Bola huquqlari boʻyicha vakilning faoliyatiga koʻmaklashuvchi boʻlinmalar tashkil etiladi.
Bola huquqlari boʻyicha vakilning kotibiyati Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan oʻz muhriga ega boʻladi.
39-modda. Bola huquqlari boʻyicha vakil faoliyatining moliyaviy, moddiy-texnika va boshqa taʼminoti
Bola huquqlari boʻyicha vakil, Bola huquqlari boʻyicha vakil kotibiyati faoliyatining moliyaviy, moddiy-texnika va boshqa taʼminoti Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi hamda unda alohida satrda nazarda tutiladi.
40-modda. Bola huquqlari boʻyicha vakilning transportda imtiyozli yurish huquqi
Bola huquqlari boʻyicha vakil qonunchilikda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi hududida havo, temir yoʻl, avtomobil yoʻlovchilar transportida (bundan taksi va shahar yoʻlovchilar transporti mustasno) imtiyozli yurish huquqiga ega.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
41-modda. Bola huquqlari boʻyicha vakil toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Bola huquqlari boʻyicha vakil toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 312 –– 315-moddalari.
42-modda. Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish
1. Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 27-aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi OʻRQ-687-sonli Konstitutsiyaviy Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, № 4, 292-modda) quyidagi oʻzgartirishlar kiritilsin:
1) 27-modda birinchi qismining oltinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani)”;
2) 40-moddaning ikkinchi qismidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) oʻrinbosari — Bola huquqlari boʻyicha vakil” degan soʻzlar “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani)” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 28-iyulda qabul qilingan “Sudlar toʻgʻrisida”gi OʻRQ-703-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, № 7, 663-modda) 20-moddasining ikkinchi qismidagi “sudyalar” degan soʻz “sudyalar, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman), Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
43-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani), Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
44-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
45-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 29-fevral,
OʻRQ-917-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.03.2024-y., 03/24/917/0170-son)