Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish va ularga malaka toifalari berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat xizmatlari koʻrsatish infratuzilmasini takomillashtirish va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 24-iyuldagi PF-6269-son Farmoniga muvofiq tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish va ularga malaka toifalari berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2014-yil 18-dekabrdagi 21-sonli buyrugʻi bilan tasdiqlangan Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish va ularga malaka toifalari berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 2649, 2015-yil 19-yanvar).
1. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish va ularga malaka toifalari berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilansinki, talabgorlar ushbu qaror bilan tasdiqlangan maʼmuriy reglamentga muvofiq tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish va ularga malaka toifalari berish boʻyicha koʻrsatiladigan davlat xizmatlaridan foydalanish uchun Davlat xizmatlari markazlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali elektron shaklda murojaat qiladilar.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-sentabrdagi 728-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali toʻgʻrisidagi nizom.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:
a) Raqamli texnologiyalar vazirligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda:
ushbu qaror bilan tasdiqlangan maʼmuriy reglamentga muvofiq davlat xizmatlarini koʻrsatish YIDXP orqali joriy etilishini taʼminlasin;
YIDXPda davlat xizmatlarini koʻrsatishning har bir bosqichida murojaatlar koʻrib chiqilishini kuzatib borish tartibini joriy etsin;
b) tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga tegishli malaka toifasi berilganligi toʻgʻrisidagi sertifikatlarning navbatdagi malaka toifalarini berishda hamda amaldagi malaka toifasining muddati tugagunga qadar hisobga olinishini taʼminlasin;
v) manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Tizimida davolash-profilaktika tashkilotlari boʻlgan vazirliklar va idoralar:
boʻysunuvidagi tibbiyot va farmatsevtika faoliyati bilan shugʻullanuvchi tashkilotlar tomonidan navbatdagi attestatsiyadan oʻtadigan hamda navbatdan tashqari attestatsiyadan oʻtish xohishini bildirgan;
attestatsiyadan oʻtganiga besh yil toʻlgan va besh yil davomida amaldagi malaka toifasini himoya qilmagan yoki malakasini oshirmagan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini navbatdagi attestatsiyaga jalb etish choralarini koʻrsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Maʼmuriy islohotlar doirasida sogʻliqni saqlash sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 20-iyundagi PQ-197-son qaroriga muvofiq tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining nazariy bilimlari, amaliy koʻnikmalari, kasbiy mahoratini attestatsiyadan oʻtkazish va ularga malaka toifalari berish funksiyalarini amalga oshiruvchi davlat muassasasi shaklidagi Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markazi tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
6. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markaziga aholining dekretirlangan guruhlari, shu jumladan, faoliyati oziq-ovqat xom ashyosi, oziq-ovqat mahsulotlari va ichimlik suvini ishlab chiqarish, saqlash, tashish va sotish, bolalarni oʻqitish va tarbiyalash, aholiga kommunal va maishiy xizmatlar koʻrsatish bilan bogʻliq boʻlgan shaxslar uchun ishlab chiqarish sanitariyasi va gigiyenik oʻqitish boʻyicha pulli kurslar tashkil qilish huquqi berilsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri A.Sh. Inoyatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 18-sentabr,
477-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 18-sentabrdagi 477-son qaroriga
ILOVA
Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish va ularga malaka toifalari berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning
MAʼMURIY REGLAMENTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur maʼmuriy reglament (keyingi oʻrinlarda — Reglament) tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini (keyingi oʻrinlarda — talabgor) attestatsiyadan oʻtkazish va ularga malaka toifalari berish boʻyicha davlat xizmatlarini (keyingi oʻrinlarda — davlat xizmati) koʻrsatish tartibini belgilaydi.
2. Malaka toifalari Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimidagi Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markazi (keyingi oʻrinlarda — vakolatli organ) tomonidan tashkiliy-huquqiy shaklidan va idoraviy boʻysunuvidan qatʼi nazar, tibbiyot va farmatsevtika faoliyati bilan shugʻullanuvchi barcha tashkilotlarda faoliyat yuritadigan shifokorlar, farmatsevtlar, “Oliy hamshiralik ishi” mutaxassisligiga ega boʻlgan hamshiralar, oʻrta tibbiyot va oʻrta farmatsevtika xodimlariga, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi tibbiyot va farmatsevtika tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga (keyingi oʻrinlarda — tibbiyot va farmatsevtika xodimlari) beriladi.
3. Ushbu Reglamentda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
malaka toifasi — attestatsiya natijalariga koʻra berilgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining nazariy bilimi, amaliy koʻnikmalari, kasbiy malakasi darajasini tasdiqlovchi hamda ularni moddiy ragʻbatlantirish uchun asos boʻladigan daraja;
malaka toifasi berilganligi toʻgʻrisidagi sertifikat (keyingi oʻrinlarda — sertifikat) — tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga malaka toifasi berilganligini tasdiqlovchi hujjat;
talabgor — tashkiliy-huquqiy shaklidan va idoraviy boʻysunuvidan qatʼi nazar, barcha tashkilotlarda mehnat qiladigan tibbiyot va farmatsevtika xodimlari.
4. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari har besh yilda bir marta malaka toifasini berish boʻyicha navbatdagi majburiy attestatsiyadan oʻtkaziladi (“Oliy hamshiralik ishi” mutaxassisligiga ega boʻlgan hamshiralar, oʻrta tibbiyot yoki farmatsevtika xodimlari bundan mustasno).
Ilgari attestatsiyadan oʻtmagan va ishga yangi qabul qilingan shifokorlar hamda farmatsevtlar yoki oliy taʼlim tashkilotlarini bitirib, birinchi bor ishga kirgan shifokor va farmatsevtlar mutaxassisligi boʻyicha uch yil ish stajiga ega boʻlgandan soʻng malaka toifasini berish maqsadida majburiy attestatsiyadan oʻtkaziladi.
Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari oʻz xohishiga koʻra navbatdan tashqari malaka toifasini berish boʻyicha attestatsiyadan oʻtkazilishi mumkin.
Navbatdagi malaka toifasini berish boʻyicha majburiy attestatsiyadan, shuningdek, navbatdan tashqari attestatsiyadan oʻtgan shifokor va farmatsevtlar navbatdagi majburiy attestatsiyaga besh yildan soʻng jalb etiladi.
Shifokor va farmatsevtlar malaka toifasini berish boʻyicha majburiy attestatsiyaga oʻz muddatida jalb etilishi uchun shifokor va farmatsevtlar faoliyat koʻrsatayotgan tashkilot rahbari shaxsan javobgar hisoblanadi.
5. Quyidagilar navbatdagi malaka toifasini berish boʻyicha majburiy attestatsiyaga jalb etilmaydi:
fan nomzodi, falsafa doktori (Doctor of Philosophy (PhD) yoki fan doktori (Doctor of Science (DSc) darajasiga hamda Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan berilgan katta ilmiy xodim, dotsent va professor ilmiy unvoniga ega boʻlgan oliy tibbiy taʼlim tashkilotlarining shifokor va farmatsevtlari;
tibbiyot yoki farmatsevtika faoliyati bilan shugʻullanayotgan va qonunchilikka muvofiq pensiya yoshiga toʻlgan shifokor va farmatsevtlar;
tibbiyot yoki farmatsevtika faoliyati boʻyicha uch yildan kam boʻlgan ish stajiga ega shifokor va farmatsevtlar;
homilador ayollar, ular homilador boʻlgan davrda hamda ishga chiqqanidan keyin bir yil davomida;
homiladorlik va tugʻish hamda bolani parvarish qilish taʼtillarida boʻlgan ayollar, ular taʼtilda boʻlgan davrda hamda ishga chiqqanidan keyin bir yil davomida;
tibbiyot yoki farmatsevtika faoliyati bilan shugʻullanayotgan uch yoshgacha bolalari bor ayollar;
uzoq vaqt (uch oydan ortiq vaqt mobaynida) davolanayotgan shifokor va farmatsevtlar, ular davolanayotgan davrda hamda ishga chiqqanidan keyin olti oy davomida;
chet el davlatlariga oʻqishga, qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslariga yuborilgan (rasmiy hujjatlar bilan asoslanishi lozim) shifokor va farmatsevtlar.
6. Oʻz xohishiga koʻra navbatdan tashqari attestatsiyada qatnashib, malaka toifasini oshirgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga oshirilgan malaka toifasi boʻyicha haq toʻlanadi.
Bunda navbatdan tashqari attestatsiyada qatnashib, attestatsiyadan oʻta olmagan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malaka toifasi tushirilmaydi.
7. Davolash-profilaktika tashkilotlari rahbarlari:
navbatdagi majburiy attestatsiyadan oʻtish muddati tugashidan olti oy oldin shifokor va farmatsevtlarni attestatsiyadan oʻtishi lozimligi toʻgʻrisida yozma ravishda xabardor qilishi;
tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibi bilan tanishtirishi hamda attestatsiyadan oʻtish uchun hujjat topshirish boshlangunga qadar ularning malaka oshirishini tashkil etishi lozim.
8. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga uchinchi, ikkinchi, birinchi va oliy malaka toifalari beriladi.
Malaka toifasi 5 yil muddatga beriladi.
9. Uchinchi malaka toifasi — kerakli nazariy bilimga ega boʻlgan, lekin ikkinchi malaka toifasini olish uchun zarur ish stajiga ega boʻlmagan quyidagi shifokorlarga beriladi:
umumiy stomatologiya mutaxassisligi boʻyicha oliy maʼlumotga ega boʻlgan shifokorlarga — faqat umumiy stomatologiya mutaxassisligi boʻyicha;
magistraturani tamomlagan yoki qayta tayyorlashdan oʻtgan shifokorlarga — olgan tor mutaxassisligi boʻyicha.
Uchinchi malaka toifasi shifokorlarning xususiy tibbiyot va farmatsevtika tashkilotlariga ishga kirishi uchun va ushbu tashkilotlar faoliyatini litsenziyalashga sharoit yaratish maqsadida beriladi. Davlat tibbiyot va farmatsevtika tashkilotlarining uchinchi malaka toifasiga ega shifokorlari uchun malaka toifasiga ega boʻlmagan shifokorlar mehnatiga haq toʻlash tartibi va shartlari qoʻllaniladi.
10. Ikkinchi malaka toifasi — mutaxassisligi boʻyicha kamida uch yil ish stajiga hamda zarur nazariy bilim va amaliy koʻnikmalarga ega boʻlgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga beriladi. Ikkinchi malaka toifasini olish uchun uchinchi malaka toifasining boʻlishi talab qilinmaydi.
11. Birinchi malaka toifasi — mutaxassisligi boʻyicha kamida besh yil ish stajiga, yaxshi nazariy bilim va amaliy koʻnikmalarga hamda ikkinchi malaka toifasiga ega boʻlgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga beriladi.
12. Oliy malaka toifasi — mutaxassisligi boʻyicha kamida yetti yil ish stajiga, yuqori nazariy bilim va amaliy koʻnikmalarga hamda birinchi malaka toifasiga ega boʻlgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga beriladi.
Magistratura va klinik ordinaturani tugatgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining oʻqish davridagi va egallagan mutaxassisligi boʻyicha asosiy hamda oʻrindosh ish joyidagi ish staji inobatga olinadi.
13. Malaka toifasini olish uchun murojaat qilgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining mutaxassislik boʻyicha ish staji qonunchilik hujjatlariga muvofiq aniqlanadi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining buyrugʻi bilan tasdiqlanadigan turdosh mutaxassisliklar boʻyicha ish staji ham hisobga olinadi.
Tibbiyot va farmatsevtika xodimi mutaxassisligining nomlanishi oʻzgarganda, uning oldingi mutaxassisligi boʻyicha olgan malaka toifasi boʻyicha mehnatga haq toʻlash shartlari saqlanadi, keyinchalik yangi nomdagi mutaxassislik boʻyicha malaka toifasini olish uchun murojaat qilganda oldingi mutaxassisligi boʻyicha ish staji va olgan malaka toifasi inobatga olinadi.
Davolash-profilaktika tashkilotlarining birinchi rahbarlari, ularning oʻrinbosarlari hamda sogʻliqni saqlashning boshqaruv tizimida faoliyat yuritayotgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlari sogʻliqni saqlashni boshqarish va jamoat sogʻligʻini saqlash mutaxassisligi boʻyicha, tibbiyot va farmatsevtika taʼlimi sohasida faoliyat yuritayotgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlari tibbiy ixtisosligiga mos ravishda tegishli mutaxassisligi boʻyicha malaka toifasi olish uchun murojaat qilishlari mumkin. Bunda malaka toifasi mavjudligi uchun mehnatga haq toʻlashning qoʻshimcha toʻlovlari tatbiq etiladi.
Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malaka toifasi mavjudligi uchun mehnatga haq toʻlashning qoʻshimcha toʻlovlari sertifikatda koʻrsatilgan sanadan boshlab uning amal qilish muddati davomida amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Nizomning 1-bobi.
14. Malaka toifasi “Oliy hamshiralik ishi” mutaxassisligiga ega boʻlgan hamshiralar, oʻrta tibbiyot yoki farmatsevtika xodimining murojaatiga koʻra asosiy va oʻrindosh ish joyidagi mutaxassisliklardan bittasi boʻyicha yoki ularning har biri boʻyicha alohida berilishi mumkin.
Shifokorlar malaka toifasini olish boʻyicha asosiy va oʻrindosh ish joyidagi mutaxassisliklarning har biri boʻyicha malaka toifasini olishi lozim. Bunda tibbiyot yoki farmatsevtika xodimlari tegishli mutaxassislik boʻyicha mazkur Reglamentda belgilangan talablarga javob berishi kerak.
Tibbiyot yoki farmatsevtika xodimlariga oʻrindoshlik asosidagi ish joyida mutaxassisligi boʻyicha olgan malaka toifasi uchun ham belgilangan tartibda toʻlov amalga oshiriladi.
15. Zarur ish stajiga ega boʻlgan tibbiyot yoki farmatsevtika xodimlariga muddatidan oldin, biroq oxirgi malaka toifasi berilgan kundan kamida bir yildan keyin navbatdagi malaka toifasi berilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi tibbiyot tashkilotlarida bevosita davolash-profilaktika faoliyati bilan shugʻullanayotgan, shuningdek, mazkur Reglamentning 10 — 12-bandlarida koʻrsatilgan ish stajiga, ilmiy darajasi boʻlgan yoki istisno tariqasida, Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining taqdimnomasiga koʻra ilmiy darajasi boʻlmasada, yuqori nazariy bilim va amaliy koʻnikmalarga ega boʻlgan mutaxassislarga bir pogʻona yuqori malaka toifasi beriladi.
16. Davlat xizmatlari markazlari va vakolatli davlat organlari oʻrtasidagi axborot almashinuvi elektron raqamli imzoni (keyingi oʻrinlarda — ERI) majburiy tartibda qoʻllash orqali faqat idoralararo elektron oʻzaro bogʻlanish yordamida amalga oshiriladi.
17. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga malaka toifasi berish boʻyicha davlat xizmatlari ushbu Reglamentga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq koʻrsatiladi.
2-bob. Hujjatlarni topshirish tartibi
18. Talabgor davlat xizmatlaridan foydalanish uchun Davlat xizmatlari markaziga oʻzi kelib murojaat etadi yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) roʻyxatdan oʻtadi.
Arizalar YIDXP orqali dam olish va bayram kunlaridan qatʼi nazar, har kuni 24 soat davomida yuborilishi mumkin.
Bunda arizalar ish vaqtidan keyin yoki dam olish va bayram kunlari tushganda, navbatdagi ish kuni arizalarning vakolatli organga tushgan va vakolatli organ tomonidan qabul qilingan kun hisoblanadi.
19. Talabgor yoki uning nomidan ariza berish huquqiga ega boʻlgan shaxs oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda, Davlat xizmatlari markazi xodimi ariza beruvchi nomidan, YIDXP orqali murojaat etganda esa, mustaqil ravishda ushbu Reglamentga 2-ilovaga muvofiq elektron shakldagi soʻrovnomani toʻldiradi. Uchinchi shaxslar manfaati uchun harakat qilayotganda, soʻrovnomaga notarial tasdiqlangan ishonchnoma ilova qilinadi.
Soʻrovnomaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
mutaxassislik boʻyicha malaka oshirganligi toʻgʻrisidagi hujjatning nusxasi;
ilmiy seminarlar, syezdlar, konferensiyalarda qatnashganligi hamda xorijiy davlatlarda malaka oshirganligini tasdiqlovchi hujjatlarning (diplom, guvohnoma, sertifikat va boshqalar) nusxasi (mavjud boʻlganda).
Talabgorning soʻrovnomasida uning elektron manzili koʻrsatilishi mumkin. Soʻrovnomada talabgor elektron manzilining hamda SMS-xabarlar olish uchun mobil telefon raqamining koʻrsatilganligi uning soʻrovnoma boʻyicha qabul qilingan qaror haqida axborot tizimi orqali xabarnoma olishga roziligini anglatadi.
Talabgorning ish stajini, oliy va oʻrta maxsus, professional taʼlim tashkilotlarida oʻqiganligini tasdiqlovchi arxiv maʼlumotnomalari tibbiy yoki farmatsevtik maʼlumoti (oliy, oʻrta maxsus, internatura, klinik ordinatura, magistratura, ilmiy daraja, qayta tayyorlash) toʻgʻrisidagi diplom (hujjat) va/yoki xorijiy taʼlim tashkilotida olingan oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi diplom yoxud oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjat (Oʻzbekiston Respublikasida tan olinganligi toʻgʻrisidagi) maʼlumotlari, shuningdek, xodimning mehnat faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlari elektron hamkorlik yoʻli bilan “Elektron hukumat”ning idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali olinadi (“Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi orqali xodimning mehnat faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarini olish imkoniyati mavjud boʻlmagan hollarda, talabgordan mazkur maʼlumotlarni soʻrashga yoʻl qoʻyiladi).
Taqdim etilgan hujjatlardagi maʼlumotlarning haqqoniyligiga talabgor masʼul hisoblanadi.
20. Soʻrovnoma toʻldirilganidan soʻng talabgor maʼlumotlarning toʻgʻriligini tekshiradi va uni imzolarni identifikatsiya qilishning tegishli vositalari (daktiloskopiya, elektron imzo, mobil-ID va boshqalar) bilan tasdiqlaydi.
Talabgor YIDXP orqali murojaat etgan taqdirda, soʻrovnomani ERI bilan tasdiqlash talab etilmaydi.
21. Davlat xizmatlari koʻrsatilganligi uchun quyidagi miqdorlarda toʻlov undiriladi:
shifokor va farmatsevtlardan — bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida, bunda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarining (mahalla tibbiy punkti, oilaviy shifokor punkti, oilaviy poliklinika, tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinika va shifoxona) shifokor va farmatsevtlaridan — bazaviy hisoblash miqdorining ellik foizi miqdorida;
“Oliy hamshiralik ishi” mutaxassisligiga ega boʻlgan hamshiralar, oʻrta tibbiyot va oʻrta farmatsevtika xodimlaridan — bazaviy hisoblash miqdorining yigirma foizi miqdorida.
22. Davlat xizmatlari koʻrsatilishi uchun YIDXP orqali murojaat etilganda, belgilangan toʻlov summasining 90 foizi undiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Ijtimoiy reyestrning “kambagʻal oila” toifasiga kiritilgan oilalarning aʼzolariga, shuningdek, I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga mazkur bandning birinchi xatboshisida belgilangan toʻlovning 50 foizi miqdorida, Ijtimoiy reyestrning “davlat taʼminotidagi oila” toifasiga kiritilgan oilalarning aʼzolariga 75 foizi miqdorida chegirma qoʻllaniladi. Bunda chegirma Ijtimoiy reyestrning:
“davlat taʼminotidagi oila” yoki “kambagʻal oila” toifasidan “kambagʻallik chegarasidagi oila” toifasiga oʻtkazilgan oilalarga, ularning ilgari belgilangan toifasiga muvofiq miqdorda;
ogʻir hayotiy vaziyatga tushgan oila sifatida “kambagʻallik chegarasidagi oila” toifasiga kiritilgan oilalarga “kambagʻal oila” toifasidagi oila uchun belgilangan miqdorda qoʻllaniladi;
(22-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qaroriga asosan ikkinchi — toʻrtinchi xatboshilar bilan almashtirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
Davlat xizmatlari koʻrsatilgani uchun toʻlovlar Yagona billing tizimi orqali amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
221. Taʼlim tashkilotida qonunchilik hujjatlariga muvofiq tuzilgan mehnat shartnomasi asosida taʼlim va tarbiya sohasida kasbiy faoliyatni amalga oshiruvchi pedagog shaxslardan mazkur Reglamentning 21-bandida belgilangan toʻlov summasining 50 foizi undiriladi.
(221-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 16-apreldagi 175-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.04.2026-y., 09/26/175/0373-son)
23. Toʻlovlar summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:
a) Davlat xizmatlari markazlariga oʻzi kelib murojaat etganda:
18 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga;
0,5 foizi — Yagona billing tizimi orqali davlat xizmatlarini koʻrsatganlik uchun Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasining Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasidagi maxsus hisobvaragʻiga;
qolgan mablagʻlar — vakolatli organning Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasidagi maxsus hisobvaragʻiga;
b) YIDXP orqali murojaat etilganda:
11,75 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasining Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasidagi maxsus hisobvaragʻiga (shu jumladan, 0,5 foizi yigʻim toʻlanganligi Yagona billing tizimi orqali tasdiqlanganligi uchun);
qolgan mablagʻlar — vakolatli organning Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasidagi maxsus hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
24. Talabgor davlat xizmatlaridan foydalanishda ularni koʻrsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega. Talabgor davlat xizmatlaridan foydalanishdan bosh tortganda, uning soʻrovnomasi koʻrib chiqilmasdan qoldiriladi va toʻlangan toʻlov summasi qaytarilmaydi.
25. Talabgor davlat xizmatlari markaziga kelib murojaat etganda, uning soʻrovnomasi markaz xodimi tomonidan toʻldirilib, talabgor tomonidan tasdiqlangandan soʻng mazkur Reglamentning 19-bandiga muvofiq hujjatlar ilova qilingan holda, oʻn daqiqada vakolatli organga elektron shaklda yuboriladi. YIDXP orqali murojaat qilinganda esa, soʻrovnoma avtomatik tarzda vakolatli organga yuboriladi.
26. Vakolatli organ soʻrovnoma kelib tushgan kundan boshlab 5 ish kuni ichida uni oʻrganib chiqadi va talabgorni attestatsiyaga qoʻyish yoki qoʻymaslik toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
27. Attestatsiyaga qoʻyilgan talabgorlar roʻyxati vakolatli organning rasmiy veb-saytida attestatsiya oʻtkazish sanasidan oʻn besh kun oldin joylashtiriladi.
28. Talabgorga davlat xizmatlari koʻrsatilishi rad etilgan taqdirda, vakolatli organ tomonidan ushbu Reglamentga muvofiq rad etish toʻgʻrisidagi bildirishnoma rad etish sabablari va talabgor ushbu sabablarni bartaraf etib, takroran koʻrib chiqish uchun hujjatlarni taqdim etishi mumkin boʻlgan muddat (20 ish kun ichida) koʻrsatilgan holda, Davlat xizmatlari markaziga yoki YIDXP orqali uning shaxsiy kabinetiga elektron shaklda yuboriladi.
Talabgorga rad etish sabablari bartaraf etilishi uchun taqdim etilgan muddat davomida qayta taqdim etilgan hujjatlar koʻrib chiqilganligi uchun toʻlov undirilmaydi.
Rad etish toʻgʻrisidagi bildirishnomada koʻrsatilgan muddat tugagandan soʻng berilgan soʻrovnoma yangidan berilgan hisoblanadi.
29. Quyidagilar talabgorning attestatsiyaga qoʻyilmasligi uchun asos hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tibbiy-sanitariya sohasida kadrlarni tayyorlash va uzluksiz kasbiy rivojlantirishning mutlaqo yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 7-apreldagi PQ-4666-son qaroriga 4-ilovaga hamda Vazirlar Mahkamasining “Tibbiyot xodimlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2009-yil 18-dekabrdagi 319-son qaroriga muvofiq malaka oshirganligi toʻgʻrisidagi hujjat taqdim etilmaganda;
Ushbu Reglamentning 28-bandiga muvofiq rad etish toʻgʻrisidagi bildirishnomada koʻrsatilgan muddat tugaganda.
Davlat xizmatlari koʻrsatishni mazkur bandda koʻrsatilgan asoslardan boshqa holatlar boʻyicha rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
30. Talabgordan hujjatlarni qabul qilish zaruratga koʻra maʼlumotlarni umumlashtirish va texnik muvofiqlikni taʼminlash maqsadida har yili yanvar va avgust oylarida rasmiy eʼlon berilgan holda toʻxtatilishi mumkin.
3-bob. Talabgorni attestatsiyadan oʻtkazish tartibi
31. Vakolatli organ tomonidan talabgorni attestatsiyadan oʻtkazish shakli va jadvali har yili 1-fevralga qadar tasdiqlanadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
Mazkur jadvalga vakolatli organ tomonidan hujjat topshirgan talabgorlar sonidan kelib chiqqan holda, oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin. Bunda uch kun ichida ushbu oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinishi lozim.
32. Talabgor amaldagi malaka toifasi muddati tugashidan kamida olti oy oldin attestatsiyadan oʻtish toʻgʻrisida murojaat qilishi lozim.
Talabgor amaldagi malaka toifasi muddati tugagandan keyin olti oy davomida malaka toifasi olish uchun murojaat qilishga haqli. Talabgorning harakatsizligi (mazkur Reglamentning 5-bandida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno) tufayli malaka toifasi olish uchun murojaat etish muddati oʻtkazib yuborilganda, mavjud malaka toifasidan bir pogʻona tushiriladi.
33. Talabgorga malaka toifasi berish boʻyicha attestatsiya ikki bosqichda oʻtkaziladi:
birinchi bosqich — onlayn test sinovi (keyingi oʻrinlarda — test sinovi);
ikkinchi bosqich — amaliy sinovlarga tegishli boʻlgan malaka toifalariga mos ravishda tabaqalashtirilgan savollar asosida suhbat.
34. Test sinovlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida vakolatli organ tomonidan tashkil etilgan test sinovini oʻtkazishga moslashtirilgan hamda maxsus kameralar oʻrnatilgan xonalarda vakolatli organ tomonidan tasdiqlangan jadval asosida oʻtkaziladi.
35. Test sinovini topshirishda talabgor shaxsini tasdiqlovchi hujjatning asl nusxasi (fuqarolik pasporti, identifikatsiya ID-kartasi, fuqaroning xorijga chiqish biometrik pasporti yoki haydovchilik guvohnomasi kabilar) taqdim etadi.
Shaxsni tasdiqlovchi hujjatga ega boʻlmagan yoki test sinoviga kechikkan talabgorlar attestatsiyaga kelmagan hisoblanadi va navbatdagi test sinovidan oʻtadigan talabgorlar roʻyxatiga kiritiladi, bu haqda talabgor Davlat xizmatlari markazi (oʻzi kelib murojaat qilgan taqdirda) yoki YIDXP orqali (elektron tarzda murojaat etgan taqdirda) uch ish kunidan kechiktirmay xabardor qilinadi.
36. Agar talabgor tegishli tarzda xabardor qilinganidan keyin ikkinchi marta test sinovini topshirish uchun kelmasa, talabgorga davlat xizmatini koʻrsatish rad qilingan hisoblanadi. Bunda davlat xizmatidan foydalanish uchun toʻlangan toʻlov summasi qaytarib berilmaydi.
Hujjatlar mazkur Reglamentda belgilangan umumiy tartibda yangidan ariza berish orqali qayta topshiriladi.
37. Attestatsiyaning ochiq va oshkora oʻtkazilishini taʼminlash uchun attestatsiya jarayoni audio va videoyozuvlarda qayd etib boriladi va videotasvir vakolatli organda kamida bir yil saqlanadi.
Attestatsiya jarayonini uzluksiz ravishda audio va videotasvirga tushirish hamda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining rasmiy veb-saytida onlayn translyatsiya qilish uchun alohida imtihon xonalari ajratiladi. Mazkur xonalar zamonaviy texnik asbob-uskunalar (kompyuter, ovozli videokamera, Internet jahon axborot tarmogʻi va boshqalar) bilan taʼminlab, talabgorlar uchun tegishli shart-sharoitlar yaratiladi.
38. Test sinovi savollari qonunchilik hujjatlariga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarni hisobga olgan holda yangilab boriladi.
39. Test sinovi uchun 50 daqiqa vaqt ajratiladi. Test sinovi davrida har bir testdan oʻtuvchiga 50 ta savol beriladi. Har bir savol bir balli tizimda baholanadi. Maksimal ball 50 ballni tashkil etadi.
Test sinovlari bosqichida maksimal ballning 56 foizidan (28 ball) kam toʻplagan talabgor keyingi bosqich sinovlariga kiritilmaydi va malaka toifasi berishga noloyiq deb eʼtirof etiladi.
Attestatsiyaning test sinovi bosqichida malaka toifasi berishga noloyiq deb topilgan talabgor umumiy asoslarda attestatsiyadan oʻtish uchun hujjatlarini topshirishi mumkin.
40. Test sinovining natijalari shu vaqtning oʻzida eʼlon qilinadi. Talabgor test sinovini muvaffaqiyatli topshirgan taqdirda, attestatsiyaning ikkinchi bosqichiga qoʻyiladi.
41. Test sinovlari yakunida uni oʻtkazishga masʼul shaxs tomonidan bayonnoma tuziladi.
Bayonnomada quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi:
test sinovi oʻtkazilgan joy va sana;
test sinovi boshlangan va tugallangan vaqt;
test sinovida hozir boʻlgan va kelmagan talabgorlar roʻyxati;
har bir talabgorning familiyasi, ismi va otasining ismi, mutaxassisligi va boshqa maʼlumotlar, shuningdek, test sinovi natijasida olingan ballar koʻrsatiladi.
Bayonnoma test sinovini oʻtkazishga masʼul shaxs tomonidan imzolanadi.
42. Attestatsiyaning ikkinchi bosqichi amaliy sinovlarga tegishli boʻlgan malaka toifalariga mos ravishda tabaqalashtirilgan savollar asosida suhbat shaklida oʻtkaziladi.
Attestatsiyaning suhbat bosqichi vakolatli organ huzurida yoki vakolatli organning Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda tashkil etiladigan ixtisoslashtirilgan attestatsiya komissiyalari (keyingi oʻrinlarda — attestatsiya komissiyasi) tomonidan oʻtkaziladi.
Attestatsiya komissiyasini tashkil etish uchun tegishliligi boʻyicha vakolatli organ tomonidan kamida besh nafar aʼzodan, shu jumladan, attestatsiya komissiyasi raisi, rais oʻrinbosari va kotibidan iborat tarkibda nomzodlar roʻyxati shakllantiriladi.
Attestatsiyada komissiya raisi ishtirok etmagan taqdirda, komissiya aʼzolarining taklifiga koʻra komissiya aʼzolaridan biri raislik vazifasini bajaradi.
Attestatsiya komissiyasining tarkibi vakolatli organ tomonidan tasdiqlanadi.
Attestatsiya komissiyasi tarkibi har yili qayta tasdiqlanadi. Bunda attestatsiya komissiyasi tarkibining kamida 20 foizi yangilanishi kerak.
Attestatsiya komissiyasining aʼzolari attestatsiya komissiyasi tarkibiga shartnoma asosida jalb etilishi mumkin.
43. Attestatsiya komissiyasi aʼzolarining soni, har bir attestatsiya komissiyasining ixtisosligi va ular tomonidan attestatsiyadan oʻtkaziladigan mutaxassisliklar tegishli hududda faoliyat yuritayotgan talabgorlarning sonidan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Attestatsiya komissiyasining ixtisosligi attestatsiya komissiyalari aʼzolarining mutaxassisligiga muvofiq boʻlishi zarur.
44. Attestatsiya komissiyasi tarkibiga Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi, oliy tibbiy taʼlim tashkilotlari, ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, ilmiy-tadqiqot institutlari, davolash-profilaktika tashkilotlarida hamda xususiy tibbiyot tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan ilmiy darajaga yoki mutaxassisligi boʻyicha oliy malaka toifasiga ega boʻlgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlari, shuningdek, tarmoq kasaba uyushmasi kengashi vakillari hamda boshqa mutaxassislar jalb etiladi.
45. Attestatsiya komissiyasi:
talabgorning mutaxassisligi va faoliyati boʻyicha qisqacha axborotni tinglaydi;
attestatsiyadan oʻtadigan talabgorga savollar yoki simulyatsion yoxud situatsion topshiriq beradi, uning javoblari natijalari boʻyicha ochiq ovoz berishni oʻtkazadi;
attestatsiya natijasi boʻyicha talabgorga baho beradi;
attestatsiyadan oʻtgan talabgor faoliyatini yaxshilash boʻyicha tavsiyalar beradi;
malaka toifalarining turlaridan kelib chiqib, ularning darajalariga mos ravishda tabaqalashtirilgan attestatsiya savollarini tuzadi va yangilab boradi;
attestatsiya oʻtkazish bilan bogʻliq boshqa masalalarni koʻrib chiqadi.
Attestatsiya komissiyasi yigʻilishi uning ishida attestatsiya komissiyasi aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirda, vakolatli hisoblanadi.
Attestatsiya jarayoni audio va videoyozuvlarda qayd etib boriladi. Bunda talabgorga mutaxassisligi boʻyicha oʻn balli tizimda baholanadigan 5 ta savol beriladi va 15 daqiqa vaqt ajratiladi.
Talabgorning har bir savolga javobi attestatsiya komissiyasi aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan oʻn balli tizimda baholanadi.
Attestatsiyaning ikkinchi bosqichida toʻplanadigan maksimal ball 50 ballni tashkil etadi. Attestatsiya yakunida talabgorlarga attestatsiya natijalari eʼlon qilinadi.
46. Attestatsiyani topshirish jarayonida talabgorga quyidagilar taqiqlanadi:
qonunchilik hujjatlari va yoʻriqnoma materiallar, axborotnomalar va maxsus adabiyotlardan foydalanish;
mobil aloqa vositasi va boshqa aloqa vositalaridan foydalanish;
boshqa talabgorlar bilan suhbatlashish;
attestatsiya xonasidan tashqariga chiqish.
Ushbu talablarni buzgan talabgorlar imtihon oʻtayotgan xonadan chiqarib yuboriladi va attestatsiyadan oʻtmagan hisoblanadi.
47. Vakolatli organning kuzatuvchi sifatida ishtirok etadigan xodimlaridan boshqa begona shaxslarga attestatsiyada ishtirok etishga ruxsat berilmaydi.
48. Attestatsiyaning ikkinchi bosqichida olingan umumiy ballar yigʻindisi har bir talabgor boʻyicha attestatsiya komissiyasi tomonidan quyidagicha qaror qabul qilinishi uchun asos boʻladi:
toʻplanishi mumkin boʻlgan eng yuqori (50) ballning 60 foizi yoki 30 ball va undan yuqorisi uchun — talabgorlik qilayotgan malaka toifasiga loyiq deb topish haqida;
toʻplanishi mumkin boʻlgan eng yuqori ballning 50 foizi (25 ball)dan 60 foizi (30 ball)gacha — talabgorlik qilayotgan malaka toifasidan bir pogʻona past malaka toifasi berish haqida;
toʻplanishi mumkin boʻlgan eng yuqori ballning 45 foizi (22,5 ball)dan 50 foizi (25 ball)gacha — talabgorlik qilayotgan malaka toifasidan ikki pogʻona past malaka toifasi berish haqida;
toʻplanishi mumkin boʻlgan eng yuqori ballning 45 foizi (22,5 ball)dan kam ball uchun yoki mazkur bandning uchinchi, toʻrtinchi xatboshilariga muvofiq tegishli past pogʻonadagi malaka toifasi mavjud boʻlmagan hollarda — malaka toifasi berishga noloyiq deb topish haqida.
Attestatsiyaning ikkinchi bosqichida toʻplangan umumiy ballar yigʻindisi maksimal 50 ballning 45 foizidan kam boʻlgani uchun malaka toifasi berishga noloyiq deb topilgan talabgor attestatsiya oʻtkazilgan kundan boshlab uch oy oʻtgach, umumiy asoslarda attestatsiyadan oʻtish uchun hujjatlarini topshirishi mumkin.
49. Attestatsiyaning ikkinchi bosqichiga kelmagan talabgorlar navbatdagi ikkinchi bosqich attestatsiyadan oʻtadigan talabgorlar roʻyxatiga kiritiladi, bu haqda talabgor Davlat xizmatlari markazi (oʻzi kelib murojaat qilgan taqdirda) yoki YIDXP orqali (elektron tarzda murojaat etgan taqdirda) uch ish kunidan kechiktirmay xabardor qilinadi.
Agar talabgor tegishli tarzda xabardor qilinganidan keyin ikkinchi marta ham attestatsiyada ishtirok etmasa, talabgorga davlat xizmatini koʻrsatish rad qilingan hisoblanadi. Bunda davlat xizmatidan foydalanish uchun toʻlangan toʻlov summasi qaytarib berilmaydi.
Hujjatlar mazkur Reglamentda belgilangan umumiy tartibda yangidan ariza berish orqali qayta topshiriladi.
4-bob. Malaka toifasini berish tartibi
50. Talabgorning attestatsiya natijalari attestatsiya komissiyasi qarori bilan mazkur Reglamentning 41-bandiga muvofiq rasmiylashtiriladigan bayonnomaga asosan tasdiqlanadi hamda vakolatli organda saqlanadi.
51. Attestatsiya tugagandan boshlab oʻn ish kuni ichida attestatsiya yakunlari boʻyicha vakolatli organning tegishli buyrugʻi qabul qilinadi va mazkur Reglamentga 3-ilovaga muvofiq shaklda QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan sertifikatni rasmiylashtiradi.
Vakolatli organ sertifikatni Davlat xizmatlari markazi yoki YIDXP orqali talabgorga yuboradi, ushbu sertifikat Oʻzbekiston Respublikasining barcha hududlarida yuridik kuchga ega boʻladi.
52. Vakolatli organ sertifikatni rasmiylashtiradi va Malaka toifasi sertifikatlarining reyestrini (keyingi oʻrinlarda — reyestr) shakllantiradi.
Reyestr elektron shaklda yuritiladi.
Reyestr shakli vakolatli organ tomonidan tasdiqlanadi.
53. Reyestrga kiritilgan talabgorga taalluqli shaxsini tasdiqlovchi hujjat maʼlumotlari va yashash manzili kabi shaxsiy maʼlumotlardan tashqari barcha maʼlumotlar bilan tanishib chiqish uchun ochiq boʻlib, vakolatli organning rasmiy veb-saytida chop etiladi.
54. Davlat xizmatlari markazi sertifikat olingandan soʻng oʻn daqiqa mobaynida uni talabgorning elektron manziliga yuboradi va talabgorni bu haqda axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi. Talabgorning soʻroviga koʻra Davlat xizmatlari markazi sertifikatni elektron yoki qogʻoz shaklda taqdim etishi mumkin.
55. Attestatsiyadan oʻta olmagan talabgor attestatsiya oʻtkazilgan kundan boshlab oʻttiz ish kuni ichida vakolatli organga apellyatsiya berish huquqiga ega. Apellyatsiya yozma ravishda taqdim etiladi.
Apellyatsiya komissiyasi apellyatsiya shikoyatini koʻrib chiqishda zarur hollarda, talabgor yoki attestatsiya komissiyasi aʼzolari yoxud betaraf mutaxassislarni taklif qilishi mumkin.
Apellyatsiya komissiyasi tarkibi vakolatli organ tomonidan kamida besh nafar aʼzodan, shu jumladan, komissiya raisi, rais oʻrinbosari va kotibidan iborat tarkibda tasdiqlanadi. Attestatsiya komissiyasi aʼzolari apellyatsiya komissiyasi tarkibiga kiritilmaydi.
Apellyatsiya komissiyasi 10 ish kuni ichida kiritilgan apellyatsiyani koʻrib chiqadi va talabgorga qabul qilingan qaror haqida yozma ravishda xabar beradi.
56. Apellyatsiyani koʻrib chiqish natijalari yuzasidan apellyatsiya komissiyasi tomonidan quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:
attestatsiya natijalarini (yozma ravishda asoslangan xat asosida) oʻzgarishsiz qoldirish va apellyatsiyani qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisida;
apellyatsiyani qanoatlantirish va talabgor attestatsiyani topshirgan deb hisoblash toʻgʻrisida;
talabgorni takroran attestatsiyaga qoʻyish toʻgʻrisida.
57. Attestatsiya natijalarini oʻzgarishsiz qoldirish va apellyatsiyani qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror quyidagi hollarda qabul qilinadi:
apellyatsiya mazkur Reglament talablarini buzgan holda taqdim etilgan boʻlsa;
apellyatsiyada koʻrsatilgan vajlar oʻz tasdigʻini topmasa.
58. Attestatsiyani takroran oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror apellyatsiya bergan talabgorning attestatsiya mazkur Reglament talablariga zid ravishda oʻtkazilganligi holatlari aniqlangan taqdirda qabul qilinadi.
59. Vakolatli organ tomonidan apellyatsiya bergan talabgor uchun attestatsiyani takroran oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, takroriy attestatsiya mazkur Reglamentda belgilangan tartibda oʻtkaziladi.
Bunda attestatsiya Reglament talablariga zid ravishda oʻtkazilganligi holatlari aniqlangan taqdirda, apellyatsiya bergan talabgor uchun attestatsiya takroran oʻtkazilishini inobatga olgan holda, attestatsiya takroran bepul oʻtkaziladi.
60. Oʻtkazilgan bitta attestatsiya yuzasidan takroran apellyatsiya berilmaydi.
61. Vakolatli organning qarori ustidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibga sudga shikoyat qilinishi mumkin.
62. Sertifikatda koʻrsatilgan maʼlumotlar oʻzgargan taqdirda, talabgor sertifikatni qayta rasmiylashtirish uchun vakolatli organga oʻn ish kuni ichida Davlat xizmatlari markaziga bevosita oʻzi yoki ishonchli vakili orqali murojaat etadi yoxud YIDXPda ushbu Reglamentning 19-bandiga muvofiq soʻrovnomani toʻldiradi.
Soʻrovnoma toʻldirilganidan soʻng talabgor maʼlumotlarning toʻgʻriligini tekshiradi va imzolarni identifikatsiya qilishning tegishli vositalari (daktiloskopiya, elektron imzo, mobil-ID va boshqalar) bilan tasdiqlaydi.
63. Sertifikatni qayta rasmiylashtirganlik uchun toʻlov undirilmaydi.
64. Vakolatli organ talabgorning soʻrovnomasi kelib tushgan kundan boshlab uch ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatda sertifikatni qayta rasmiylashtiradi va ushbu Reglamentning 54-bandiga muvofiq belgilangan tartibda talabgorga yuboradi, shuningdek, bu toʻgʻrisidagi maʼlumotni vakolatli organning rasmiy veb-saytiga joylashtiradi.
65. Vakolatli organ sertifikatni qayta rasmiylashtirishda reyestrga tegishli oʻzgartirishlar kiritadi.
Sertifikatni qayta rasmiylashtirishda ilgari berilgan sertifikatning seriyasi, raqami va amal qilish muddati oʻzgarmaydi.
66. Sertifikatni qayta rasmiylashtirish uchun talabgordan qayta imtihondan oʻtish talab qilinmaydi.
67. Sertifikatning amal qilishi quyidagi hollarda vakolatli organning qaroriga binoan bekor qilinadi:
talabgor sertifikatning amal qilishini bekor qilish boʻyicha murojaat qilganda;
sertifikatni berish tartibi bekor qilinganda;
sertifikatning amal qilish muddati tamom boʻlganda;
talabgorning muomalaga layoqatliligi belgilangan tartibda cheklanganda, u muomalaga layoqatsiz deb topilganda;
talabgor vafot etganda.
68. Vakolatli organ quyidagi hollarda sertifikatning amal qilishini bekor qilish toʻgʻrisida sudga murojaat qiladi:
vakolatli organning sertifikat berish toʻgʻrisidagi qarorining qonunga xilofligi aniqlanganda;
sertifikatning qalbaki hujjatlardan foydalangan holda olinganligi aniqlanganda;
talabgor sertifikat yoki unga oid qonunchilik hujjatlari talablarini bir yil davomida muntazam ravishda (ikki va undan ortiq marotaba) yoki bir marotaba qoʻpol ravishda buzganda.
Tibbiyot yoki farmatsevtika xodimlarining faoliyatida bemorning oʻlimiga sabab boʻluvchi qoʻpol xato va buzilishlarga yoʻl qoʻyilgan yoxud nogironlik tayinlanishiga olib keluvchi ogʻir tan jarohatlari yetkazilganligi sudning qarori bilan aniqlanganligi sertifikat talablarini bir yil davomida muntazam ravishda (ikki va undan ortiq marotaba) yoki bir marotaba qoʻpol ravishda buzish deb hisoblanadi.
69. Vakolatli organning sertifikatning amal qilishini bekor qilish toʻgʻrisidagi qarori haqida bir ish kuni ichida talabgor xabardor qilinadi va sertifikatning amal qilishi bekor qilinganligi haqida reyestrga tegishli yozuv kiritiladi.
Sertifikat bekor qilinganda, talabgor sertifikatni olish boʻyicha ushbu Reglamentga asosan umumiy tartibda murojaat qilishi mumkin.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
70. Davlat xizmatlari markazlari va vakolatli organ oʻz faoliyatini amalga oshirishi natijasida olingan maʼlumotlarning sir saqlanishini taʼminlaydi.
71. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, uning hududiy boshqarmalari va Davlat xizmatlari markazlari Reglament talablari ijrosi boʻyicha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyati ustidan, shu jumladan, YIDXP orqali doimiy nazoratni va monitoringni amalga oshiradi.
72. Talabgor davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining xatti-harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat qilishlari mumkin.
73. Mazkur Reglament talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksining 2155-moddasi.
Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish va ularga malaka toifalari berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
1-ILOVA
Tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga malaka toifasi berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatish
SXEMASI

Bosqichlar

Masʼullar

Chora-tadbirlar

Muddatlar

I. Hujjatlarni topshirish

1-bosqich

Talabgor

Malaka toifasi berish boʻyicha davlat xizmatidan foydalanish uchun davlat xizmatlari markaziga murojaat etadi yoki YIDXPda roʻyxatdan oʻtadi.

Navbatdagi majburiy attestatsiya muddati kelganda yoki navbatdan tashqari oʻz xohishiga koʻra

2-bosqich

1. Talabgor

2. Davlat xizmatlari markazi

3. YIDXP

Talabgor yoki uning nomidan ariza berish huquqiga ega boʻlgan shaxs davlat xizmatlari markazi yoki YIDXP orqali soʻrovnomani toʻldiradi va belgilangan toʻlovni toʻlaydi hamda soʻrovnomani vakolatli organga yuboradi.

1. Soʻrovnoma toʻldirilgandan keyin oʻn daqiqada (davlat xizmatlari markazi orqali)

2. Avtomatik tarzda (YIDXP orqali)

II. Hujjatlarni koʻrib chiqish

3-bosqich

Vakolatli organ

(Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markazi)

Soʻrovnomani oʻrganib chiqadi va talabgorni attestatsiyaga qoʻyish yoki qoʻymaslik toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.

Bunda hujjatlar toʻliq boʻlmaganda, soʻrovnomani qabul qilmasdan davlat xizmatlari markaziga yoki YIDXP orqali talabgorga asoslantirilgan xabarnoma yuboradi.

Besh ish kuni ichida

4-bosqich

Vakolatli organ

Attestatsiyaga qoʻyilgan talabgorlar roʻyxati vakolatli organning rasmiy veb-saytida joylashtiriladi.

Attestatsiya sanasidan oʻn besh kun oldin

III. Attestatsiyadan oʻtkazish va malaka toifasi berish

5-bosqich

Vakolatli organ

Talabgorni attestatsiyadan (test sinovi, suhbat) oʻtkazadi.

Tasdiqlangan jadval asosida

6-bosqich

Vakolatli organ

Attestatsiya yakunlari boʻyicha malaka toifasi sertifikatini rasmiylashtiradi va tasdiqlaydi hamda davlat xizmatlari markaziga yoki YIDXP orqali talabgorga yuboradi.

Attestatsiya tugagandan boshlab oʻn ish kuni ichida

7-bosqich

Vakolatli organ

Attestatsiyaga qatnashmagan talabgor navbatdagi attestatsiyadan oʻtadigan talabgorlar roʻyxatiga kiritiladi va bu haqda davlat xizmatlari markaziga yoki talabgorga YIDXP orqali xabardor qilinadi.

Uch ish kuni ichida

8-bosqich

Davlat xizmatlari markazi

1. Malaka toifasi sertifikati olingandan soʻng uni talabgorning elektron manziliga yuboradi va talabgorni bu haqda axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi.

1. Un daqiqada

2. Talabgor oʻzi kelib murojaat qilganda, sertifikatni elektron yoki qogʻoz shaklida unga taqdim etadi.

2. Talabgorning soʻroviga koʻra

Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish va ularga malaka toifalari berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
2-ILOVA
Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish va ularga malaka toifalari berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatish uchun
SOʻROVNOMA

I. Talabgor toʻgʻrisida maʼlumot

1.

F.I.O.:

2.

Pasport seriyasi, raqami, uni bergan organ va berilgan vaqti:

3.

JSHSHIR raqami:

4.

Yashash manzili:

5.

Telefon raqami:

6.

Elektron pochta manzili (mavjud boʻlsa):

II. Malakasiga oid maʼlumotlar

1.

Ish joyi:

2.

Lavozimi:

3.

Mutaxassisligi (malaka toifasi oladigan mutaxassisligi):

4.

Umumiy ish staji:

5.

Malaka toifasi oladigan mutaxassisligi boʻyicha ish staji:

6.

Qaysi malaka toifasiga daʼvogarligi (oliy, birinchi, ikkinchi yoki uchinchi):

7.

“Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida avtomatik tarzda shakllantiriladigan elektron mehnat daftariga oid maʼlumotlar:

III. Malaka toifasi oladigan mutaxassisligi

1.

Egallagan mutaxassisligi va yili:

2.

Taʼlim olgan tibbiyot yoki taʼlim tashkiloti nomi:

IV. Malaka toifasi: (agar mavjud boʻlsa)

1.

Malaka toifasi (oliy, birinchi, ikkinchi yoki uchinchi)

2.

Berilgan vaqti

3.

Malaka toifasi bergan vakolatli organ nomi

4.

Malaka toifasi berilganligi toʻgʻrisidagi sertifikat raqami va sanasi

V. Keyingi 5 yil davomida malaka oshirganligi

1.

Malaka oshirish mavzusi

2.

Toʻplangan kredit soatlari hajmi

3.

Malaka oshirganligi toʻgʻrisidagi sertifikatlar raqami va sanasi

Soʻrovnoma toʻldirilgan sana va raqam

_________________________

_________________________

(sana)

(raqam)

Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish va ularga malaka toifalari berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
3-ILOVA


‎_____________________
(Vazirlik yoki tashkilot nomi)

MALAKA TOIFASI BERILGANLIGI TOʻGʻRISIDA
SERTIFIKAT‎

(seriyasi va raqami)

Ushbu sertifikat __________________________________________________________ ga

(familiyasi, ismi, otasining ismi)

_____________________________________________________________________ ning

(vakolatli organ nomi)

20___-yil “___” ___________dagi ___________________-son buyrugʻi bilan


‎______________________________________________________ mutaxassisligi boʻyicha

(mutaxassislik nomi)

‎__________________________________________ malaka toifasi berilganligini tasdiqlaydi.

(malaka toifasi turi)

Berilgan sana:

Amal qilish muddati:

20___-yil “___” ___________

20___-yil “___” ___________

Mazkur hujjat Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-sentabrdagi 728-son qaroriga muvofiq Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida shakllantirilgan elektron hujjatning nusxasi boʻlib, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ushbu hujjatni qabul qilishni rad etishlari qatʼiyan taqiqlanadi. Hujjat haqiqiyligini repo.gov.uz veb-saytida hujjatning noyob raqamini kiritib yoki mobil telefon yordamida QR-kodni skaner qilish orqali tekshirish mumkin.

QR-kod

(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.09.2023-y., 09/23/477/0713-son; 19.06.2025-y., 09/25/378/0518-son; 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son; 17.04.2026-y., 09/26/175/0373-son)