|
Hujjat yangi tahrirda qabul qilingan
|
O‘zbekiston Respublikasining qonuni
“BANKROTLIK TO‘G‘RISIDA”GI O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNIGA O‘ZGARTIShLAR VA QO‘ShIMChALAR KIRITISh HAQIDA
Mazkur Qonun O‘zbekistan Respublikasining 2022-yil 12-apreldagi O‘RQ-763-sonli “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Ushbu Qonun O‘zbekiston Respublikasining 2003-yil 24-apreldagi 474-II-sonli “Bankrotlik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonuniga muvofiq yangi tahrirda qabul qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qaror qiladi:
O‘zbekiston Respublikasining 1994-yil 5-mayda qabul qilingan “Bankrotlik to‘g‘risida”gi Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1994-yil, № 5, 130-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-yil, № 9, 144-modda; 1997-yil, № 9, 241-modda; 1998-yil, № 5-6, 102-modda) o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritilib, uning yangi tahriri tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 28-avgust,
668-I-son
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI
BANKROTLIK TO‘G‘RISIDA
(yangi tahrirda)
I BOB. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Bankrotlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari
Yuridik va jismoniy shaxslarning bankrot bo‘lishi jarayonida yuzaga keladigan munosabatlar ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Ushbu Qonun o‘z faoliyatini davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiradigan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining bankrotlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
2-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llanilmoqda:
bankrotlik (iqtisodiy nochorlik) — xo‘jalik sudi tomonidan e’tirof etilgan yoki qarzdor ixtiyoriy ravishda tugatilayotganida uning o‘zi e’lon qilgan qarzdorning pul majburiyatlari bo‘yicha kreditorlar talablarini to‘la hajmda qondirishga qodir emasligi, shu jumladan budjetga va budjetdan tashqari fondlarga soliqlar, yig‘imlar va boshqa majburiy to‘lovlarni ta’minlashga qodir emasligi;
qarzdor — pul majburiyatlari bo‘yicha kreditorlarning talablarini qondirishga va (yoki) majburiy to‘lovlarni ushbu Qonunda belgilangan muddat ichida to‘lash bo‘yicha majburiyatlarni bajarishga qodir bo‘lmagan yuridik shaxs yoki tadbirkorlik faoliyatini yuridik shaxs tashkil etmagan holda amalga oshirayotgan jismoniy shaxs;
pul majburiyatlari bo‘yicha kreditorlar (bundan buyon matnda kreditorlar deb yuritiladi) — shunday yuridik yoki jismoniy shaxslarni, qarzdor ularning oldida majburiyatlar bo‘yicha javobgar bo‘ladi, hayoti yoki sog‘lig‘iga zarar yetkazganlik uchun qarzdor javobgar bo‘lgan fuqarolar, shuningdek o‘z ishtirokidan kelib chiqadigan majburiyatlar bo‘yicha qarzdor-yuridik shaxsning muassislari (ishtirokchilari) bundan mustasno;
pul majburiyatlari — qarzdorning fuqarolik-huquqiy shartnoma bo‘yicha hamda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa asoslarga ko‘ra kreditorga muayyan pul summasini to‘lash majburiyatlari;
majburiy to‘lovlar — budjetga hamda budjetdan tashqari fondlarga to‘lanadigan soliqlar, yig‘imlar va boshqa majburiy to‘lovlar;
sudgacha sanatsiya qilish — qarzdorning mol-mulki egalari, qarzdor-yuridik shaxsning muassislari (ishtirokchilari), qarzdorning kreditorlari va boshqa shaxslar tomonidan bankrotlikning oldini olish maqsadida, qarzdorning to‘lov qobiliyatini tiklash bo‘yicha ko‘riladigan chora-tadbirlar;
tashqi boshqaruv — xo‘jalik sudi tomonidan bankrotlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqish chog‘ida tayinlanadigan hamda qarzdorning mol-mulkini boshqarish vakolatlarini tashqi boshqaruvchiga o‘tkazgan holda qarzdorning to‘lov qobiliyatini tiklash maqsadida qo‘llaniladigan bankrotlik taomili;
moratoriy — qarzdor tomonidan pul majburiyatlari ijrosini hamda majburiy to‘lovlar to‘lanishini to‘xtatib qo‘yish;
tashqi boshqaruvchi — tashqi boshqaruvni hamda ushbu Qonunda belgilangan boshqa vakolatlarni amalga oshirish maqsadida xo‘jalik sudi tomonidan tayinlanadigan shaxs;
tugatishga doir ish yuritish — kreditorlarning talablarini mutanosib ravishda qondirish hamda qarzdorni qarzlardan qutulgan deb e’lon qilish, taraflarni bir-biriga munosabatda g‘ayriqonuniy xatti-harakatlardan himoyalash maqsadida bankrot deb topilgan qarzdorga nisbatan qo‘llaniladigan bankrotlik taomili;
ishonchli shaxs — tugatishga doir ish yuritish hamda ushbu Qonunda belgilangan boshqa vakolatlarni amalga oshirish uchun xo‘jalik sudi tomonidan tasdiqlanadigan shaxs;
kelishuv bitimi — taraflar o‘rtasida sud nizosini o‘zaro yon berish yo‘li bilan tugatishga asos bo‘ladigan bitim;
qarzdorning xodimlari vakili — bankrotlik taomili o‘tkazilayotganda o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun qarzdorning xodimlari vakolat bergan shaxs;
shaharni tashkil etuvchi korxona — xodimlari ularning oila a’zolarini ham qo‘shib hisoblaganda tegishli aholi punkti aholisining kamida yarmini tashkil etuvchi yuridik shaxs;
qishloq xo‘jaligi korxonalari — qishloq xo‘jaligi kooperativlari (shirkat xo‘jaliklari) va fermer xo‘jaliklari.
3-modda. Bankrotlik alomatlari
Yuridik shaxsning pul majburiyatlari bo‘yicha kreditorlar talablarini qondirishga va (yoki) majburiy to‘lovlarni to‘lash majburiyatini bajarishga qodir emasligi, agar tegishli majburiyatlar va (yoki) to‘lov majburiyati yuzaga kelgan kundan e’tiboran olti oy davomida qarzdor tomonidan bajarilmagan bo‘lsa, uning bankrotlik alomati deb e’tirof etiladi.
Jismoniy shaxsning (tadbirkorlik faoliyatini yuridik shaxs tashkil etmagan holda amalga oshirayotgan shaxsning) pul mablag‘lari bo‘yicha kreditorlar talablarini qondirishga va (yoki) majburiy to‘lovlarni to‘lash majburiyatini bajarishga qodir emasligi, agar tegishli majburiyatlar va (yoki) to‘lov majburiyati ularni bajarish sanasi boshlangan paytdan e’tiboran uch oy davomida qarzdor tomonidan bajarilmagan bo‘lsa, agar majburiyatlarning summasi unga tegishli mol-mulkning qiymatidan oshib ketgan bo‘lsa, uning bankrotlik alomati deb e’tirof etiladi.
4-modda. Bankrotlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish
Bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar xo‘jalik sudi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Bankrotlik to‘g‘risidagi ish ushbu Qonunning 3-moddasida nazarda tutilgan holatlar mavjud bo‘lgan taqdirda xo‘jalik sudi tomonidan qo‘zg‘atiladi.
Bankrotlik to‘g‘risidagi ish ko‘rilayotganda qarzdor-yuridik shaxsga tegishli mol-mulkning qiymati undirilishini umid qilib bo‘lmaydigan debitorlik qarziga aylangan aylanma mablag‘larni qaytarmay boshqa maqsadlarga ishlatish hisobga olinmagan holda belgilanadi.
5-modda. Xo‘jalik sudiga murojaat qilish huquqi
Pul majburiyatlarini bajarmaganligi munosabati bilan qarzdorni bankrot deb topish to‘g‘risidagi ariza bilan xo‘jalik sudiga murojaat etish huquqiga qarzdor, kreditor, prokuror ega.
Majburiy to‘lovlarni to‘lash majburiyatini bajarmaganligi munosabati bilan qarzdorni bankrot deb topish to‘g‘risidagi ariza bilan xo‘jalik sudiga murojaat etish huquqiga qarzdor, prokuror, soliq organlari va boshqa vakolatli organlar ega.
Qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda qarzdorni bankrot deb topish to‘g‘risidagi ariza xo‘jalik sudiga bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha davlat organi hamda o‘zga shaxslar tomonidan ham berilishi mumkin.
6-modda. Qarzdorning xo‘jalik sudiga murojaat etishi asoslari
Qarzdor pul majburiyatlarini bajarish va (yoki) majburiy to‘lovlarni to‘lash majburiyatini belgilangan muddatda bajarishga qodir bo‘lmasligidan dalolat beruvchi holatlar mavjud bo‘lgan taqdirda qarzdorni bankrot deb topish to‘g‘risidagi ariza bilan xo‘jalik sudiga murojaat etishga haqli.
Agar ushbu Qonunda boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, qarzdor-yuridik shaxs qarzdor mol-mulki egasining (egalarining) yuridik shaxsni tugatish to‘g‘risidagi qarori yoki qarzdorning mol-mulki egasi tomonidan vakil qilingan organning yuridik shaxsni tugatish to‘g‘risidagi qarori asosida qarzdorni bankrot deb topish to‘g‘risidagi ariza bilan xo‘jalik sudiga murojaat etadi.
Qarzdor o‘zining mol-mulki sud xarajatlarini qoplashga yetarli darajada bo‘lgan taqdirda, agar ushbu Qonunda boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, qarzdorni bankrot deb topish to‘g‘risida xo‘jalik sudiga ariza berishi mumkin.
7-modda. Kreditorlar yig‘ilishi
Bankrotlik taomili qo‘llanilayotganda barcha kreditorlarning manfaatlarini ushbu Qonunga muvofiq tashkil etiladigan kreditorlar yig‘ilishi (qo‘mitasi) himoya qiladi. Xo‘jalik sudi qarzdorni bankrot deb topish to‘g‘risidagi arizani ish yuritish uchun qabul qilib olgan paytdan e’tiboran kreditorlar qarzdorga o‘z talablarini qondirish maqsadida yakka tartibda murojaat etishga haqli emas.
Qarzdorga nisbatan barcha xatti-harakatlar hamma kreditorlar nomidan kreditorlar yig‘ilishi (qo‘mitasi) tomonidan amalga oshiriladi.
Kreditorlar, ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollarda esa, majburiy to‘lovlar talablari qismi bo‘yicha — soliq organlari va boshqa vakolatli organlar kreditorlar yig‘ilishining ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan qatnashchilaridir. Kreditorlar yig‘ilishida qarzdorning xodimlari vakili ishtirok etadi.
Quyidagilarni qabul qilish kreditorlar yig‘ilishi vakolati doirasiga kiradi:
kelishuv bitimi tuzish to‘g‘risidagi qaror;
kreditorlar qo‘mitasi a’zolarini saylash, uning son tarkibini belgilash va a’zolarning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish to‘g‘risidagi qaror;
tashqi boshqaruvni joriy etish va uning muddatini uzaytirish hamda tegishli iltimosnoma bilan xo‘jalik sudiga murojaat etish to‘g‘risidagi qaror;
qarzdorni bankrot deb topish to‘g‘risidagi hamda tugatishga doir ish yuritishni boshlash to‘g‘risidagi iltimosnoma bilan xo‘jalik sudiga murojaat etish haqidagi qaror;
ushbu Qonunda nazarda tutilgan boshqa masalalarga doir qaror.
Kreditorlar yig‘ilishini tashkil etish va o‘tkazish tashqi boshqaruvchi yoki ishonchli shaxs tomonidan amalga oshiriladi, kreditorlarning birinchi yig‘ilishi bundan mustasno.
Kreditor yoki soliq organlari va boshqa vakolatli organlar kreditorlar yig‘ilishida kreditor, soliq organi yoki boshqa vakolatli organning pul majburiyatlari va (yoki) majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzdorga nisbatan kreditorlar yig‘ilishini o‘tkazish sanasida belgilangan talablari jami summasiga mutanosib tarzdagi qog‘ozlarga ega bo‘ladilar.
Oldingi tahrirga qarang.
Agar ushbu Qonunda boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, kreditorlar yig‘ilishida qarzdor majburiyatlari umumiy summasining kamida uchdan ikki qismi miqdorida talabnomalar bildirayotgan, ovoz berish huquqi bor kreditorlar hozir bo‘lgan taqdirda, yig‘ilish vakolatli hisoblanadi. Kreditorlarning manfaatlarini yig‘ilishda ishonchli shaxs ifodalashi mumkin. Kreditorlar yig‘ilishida kvorum bo‘lmasa, o‘n kunlik muddat ichida kreditorlarning takroriy yig‘ilishi chaqiriladi, bu yig‘ilish o‘tkaziladigan joy va vaqt to‘g‘risida kreditorlar tegishli ravishda xabardor etilgan taqdirda, hozir bo‘lgan kreditorlar ovozidan qat’i nazar, yig‘ilish vakolatli hisoblanadi.
(7-moddaning yettinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustdagi 832-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 229-modda)
Agar kreditor qarzdorning e’tirof etilgan talablariga ega bo‘lsa va mazkur ishda uning boshqa manfaatlari bo‘lmasa, bunday kreditor kreditorlar yig‘ilishida ovoz berish huquqiga ega bo‘ladi.
8-modda. Kreditorlar yig‘ilishini chaqirish tartibi
Oldingi tahrirga qarang.
Ariza ko‘rib chiqish uchun qabul qilinganligi to‘g‘risida xo‘jalik sudi tomonidan ajrim chiqarilgan paytdan e’tiboran uch kun ichida kreditorlar yig‘ilishi o‘tkaziladigan joy va vaqt haqidagi xabar matbuotda e’lon qilinadi. Kreditorlarning birinchi yig‘ilishi ariza ko‘rib chiqish uchun qabul qilinganligi to‘g‘risidagi ajrim asosida xo‘jalik sudi tomonidan chaqiriladi hamda kreditorlar yig‘ilishi o‘tkaziladigan joy va vaqt haqidagi xabar matbuotda e’lon qilingan paytdan e’tiboran bir hafta ichida bo‘lib o‘tishi kerak. E’lon qilish xarajatlari qarzdor hisobidan qoplanadi.
(8-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustdagi 832-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 229-modda)
Kreditorlarning keyingi yig‘ilishlari tashqi boshqaruvchi, ishonchli shaxs tashabbusi bilan, pul majburiyatlari va (yoki) qarzdorning majburiy to‘lovlari bo‘yicha talablari kreditorlarning talablari reyestriga kiritilgan talablar umumiy summasining kamida uchdan bir qismini tashkil etadigan kreditorlar qo‘mitasining, kreditorning (kreditorlarning) va (yoki) soliq organlari hamda boshqa vakolatli organlarning talablariga binoan yoxud kreditorlarning uchdan bir qismi tashabbusi bilan chaqiriladi.
Kreditorlar yig‘ilishi kreditorlar qo‘mitasining yoki kreditorning (kreditorlarning) tashabbusi bilan tashqi boshqaruvchi, ishonchli shaxs tomonidan tashqi boshqaruvchiga, ishonchli shaxsga tegishli ariza bilan murojaat etilgan paytdan boshlab ikki haftalik muddat ichida chaqiriladi.
Agar kreditorlar yig‘ilishi yoki kreditorlar qo‘mitasi tomonidan boshqacha qoida belgilangan bo‘lmasa, kreditorlar yig‘ilishi qarzdor joylashgan manzilda o‘tkaziladi.
9-modda. Kreditorlar yig‘ilishi tomonidan qaror qabul qilish tartibi
Ovozga qo‘yilgan masalalar yuzasidan kreditorlar yig‘ilishi qarori, agar ushbu Qonunda boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, yig‘ilishda hozir bo‘lgan kreditorlarning ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Har bir kreditor umumiy kreditorlik qarzidagi o‘z ulushiga mutanosib ovoz soniga ega bo‘ladi.
Kreditorlar yig‘ilishi tomonidan barcha kreditorlar umumiy soniga nisbatan ko‘pchilik ovoz bilan quyidagilar qabul qilinadi:
tashqi boshqaruvni joriy etish va (yoki) uning muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi qaror;
qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ishni yuritishni boshlash to‘g‘risidagi iltimosnoma bilan xo‘jalik sudiga murojaat etish haqidagi qaror;
tashqi boshqaruvchining, ishonchli shaxsning o‘zgartirilishi yoki vakolatlarini bekor qilish to‘g‘risidagi iltimosnoma bilan xo‘jalik sudiga murojaat etish haqidagi qaror.
Oldingi tahrirga qarang.
Agar kreditorlarning yig‘ilishida ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan qarorlarni qabul qilish uchun zarur kreditorlar ovozi soni yetarlicha hozir bo‘lmagan bo‘lsa, kreditorlarning takroriy yig‘ilishi chaqiriladi, bu yig‘ilish o‘tkaziladigan joy va vaqt to‘g‘risida kreditorlar tegishli ravishda xabardor etilgan taqdirda bunday qarorlarni yig‘ilish hozir bo‘lgan kreditorlar ovozi soniga nisbatan ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilishga vakolatlidir.
(9-modda O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustdagi 832-I-son Qonuniga muvofiq qism bilan to‘ldirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 229-modda).
10-modda. Kreditorlarning talablari reyestri
Kreditorlarning talablari reyestrini tashqi boshqaruvchi, ishonchli shaxs yuritadi.
Kreditorlarning talablari reyestrida har bir kreditor, pul majburiyatlari va (yoki) majburiy to‘lovlar bo‘yicha kreditor talablarining miqdori, har bir talabning qondirilish navbati to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi.
Kreditorlarga talablar reyestri bilan tanishish imkoniyati ta’minlanishi lozim.
11-modda. Kreditorlar qo‘mitasi
Kreditorlar qo‘mitasi kreditorlarning manfaatlarini himoya qiladi hamda tashqi boshqaruvchi va ishonchli shaxsning xatti-harakatlari ustidan ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartibda nazorat olib boradi.
Kreditorlar qo‘mitasi tarkibiga kreditorlar vakillari kreditorlar yig‘ilishi tomonidan belgilanadigan miqdorda kiritiladi.
Agar qarzdorning kreditorlari soni yigirmatadan kam bo‘lsa, kreditorlar yig‘ilishining qaroriga binoan kreditorlar qo‘mitasining vazifalari kreditorlar yig‘ilishi zimmasiga yuklanishi mumkin.
Kreditorlar qo‘mitasi o‘z zimmasiga yuklangan vazifalarni amalga oshirishda quyidagilarga haqlidir:
tashqi boshqaruvchidan qarzdorning moliyaviy ahvoli va tashqi boshqaruvning borishi to‘g‘risidagi axborotni taqdim etishni talab qilish;
ishonchli shaxsdan tugatishga doir ish yuritishning borishi to‘g‘risidagi axborotni taqdim etishni talab qilish;
ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollarda tashqi boshqaruvchi va ishonchli shaxsning harakatlari (harakatsizligi) ustidan xo‘jalik sudiga shikoyat qilish.
Kreditorlar qo‘mitasi quyidagilarni qabul qilishga haqlidir:
kreditorlar yig‘ilishini chaqirish to‘g‘risidagi qaror;
kreditorlar yig‘ilishining tashqi boshqaruvchini vazifasidan ozod etish haqidagi tavsiyasi to‘g‘risidagi qaror;
qarzdorning yirik bitimlarini hamda amalga oshirilishidan qarzdor manfaatdor bo‘lgan bitimlarni tasdiqlash yoki tasdiqlashni rad etish to‘g‘risidagi qaror.
Kreditorlar qo‘mitasining qarori kreditorlar qo‘mitasi a’zolari umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
12-modda. Kreditorlar qo‘mitasini saylash
Kreditorlar qo‘mitasining a’zolari kreditorlar yig‘ilishi tomonidan tashqi boshqaruv va tugatishga doir ish yuritish amalga oshiriladigan davr uchun saylanadi. Kreditorlar yig‘ilishining qaroriga binoan kreditorlar qo‘mitasi barcha a’zolarining vakolatlari muddatidan ilgari bekor qilinishi mumkin. Bunday qaror kreditorlar qo‘mitasi barcha a’zolariga nisbatan faqat bir paytning o‘zida qabul qilinishi mumkin. Kreditorlar qo‘mitasi saylovi kreditorlar yig‘ilishida ovoz berish orqali amalga oshiriladi.
Eng ko‘p ovoz olgan nomzodlar kreditorlar qo‘mitasi tarkibiga saylangan deb hisoblanadi.
Kreditorlar qo‘mitasining a’zolari o‘z tarkibidan kreditorlar qo‘mitasining raisini saylashi mumkin.
Agar kreditorlar qo‘mitasi a’zosi besh kishidan ortiq bo‘lsa, albatta kreditorlar qo‘mitasining raisi saylanadi.
13-modda. Manfaatdor shaxslar
Quyidagilar qarzdorga nisbatan manfaatdor shaxslar deb e’tirof etiladi:
qonun hujjatlariga muvofiq qarzdorga nisbatan bosh yoki tobe hisoblanmish yuridik shaxs;
qarzdorning rahbari, shuningdek kuzatuvchi kengash tarkibiga kiruvchi shaxslar, kollegial ijroiya organi, bosh buxgalter (buxgalter), shu jumladan bankrotlik to‘g‘risidagi ish yuritish qo‘zg‘atilgunga qadar bir yil davomida o‘z vazifasidan ozod etilgan shunday shaxslar;
yuridik shaxsning muassislari (ishtirokchilari).
Ushbu Qonunda jismoniy shaxsga nisbatan manfaatdor shaxs deyilganda uning xotini (eri), ota-onasi, buva-buvilari, aka-ukalari, opa-singillari hamda bolasi, nevarasi, chevarasi, evarasi, opa-singil va aka-ukalarining bolasi, nevarasi, chevarasi, evarasi, xotinining (erining) opa-singillari va aka-ukalari tushuniladi.
Ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollarda tashqi boshqaruvchi, ishonchli shaxs, kreditorlarga nisbatan manfaatdor shaxslar ushbu moddada nazarda tutilgan tartibda belgilanadi.
14-modda. Tashqi boshqaruvchi, ishonchli shaxsning javobgarligi
Ushbu Qonunga muvofiq tashqi boshqaruvchi, ishonchli shaxs zimmasiga yuklangan majburiyatlarning qarzdorga yoki kreditorlarga zarar yetkazilishiga olib kelgan tarzda bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi tashqi boshqaruvchini, ishonchli shaxsni o‘z vazifalarini bajarishdan chetlashtirish uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Qarzdor va uning kreditorlari tashqi boshqaruvchidan, ishonchli shaxsdan tashqi boshqaruvchi, ishonchli shaxsning harakatlari (harakatsizligi) tufayli yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishini talab qilishga haqlidir.
Boshqa shaxslarning ishlarini boshqarish va (yoki) mol-mulkini boshqarishga doir faoliyatni amalga oshirish huquqi cheklangan shaxslar (diskvalifikatsiya qilingan shaxslar), shuningdek ushbu Qonunning 13-moddasida ko‘rsatilgan manfaatdor shaxslar tashqi boshqaruvchi, ishonchli shaxs bo‘lishi mumkin emas.
15-modda. Tashqi boshqaruvchiga, ishonchli shaxsga haq to‘lash
O‘z vazifasini bajarganligi uchun tashqi boshqaruvchiga, ishonchli shaxsga to‘lanadigan oylik haq miqdori kreditorlar yig‘ilishi tomonidan belgilanadi hamda xo‘jalik sudi tomonidan tasdiqlanadi.
Tashqi boshqaruvchiga, ishonchli shaxsga, shuningdek ular faoliyat ko‘rsata olishini ta’minlash uchun jalb etiladigan shaxslarga haq, agar kreditor bilan kelishuvda boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, qarzdor mol-mulki hisobidan to‘lanadi.
16-modda. Bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha davlat organi
Mol-mulkining tarkibida davlat mulki ulushi bo‘lgan qarzdorning iqtisodiy nochorligi to‘g‘risidagi masala hal etilayotganda davlat manfaatlarini korxonalarning iqtisodiy nochorligi to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha vakolatli organ (bundan buyon matnda bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha davlat organi deb yuritiladi) himoya qiladi.
Bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha davlat organi:
ushbu Qonunga muvofiq bankrotlik taomillarining amalga oshirilishini ta’minlaydi;
to‘lovga qobiliyatsiz va zarar ko‘rib ishlayotgan korxonalar hisobini yuritadi;
Oldingi tahrirga qarang.
xo‘jalik yurituvchi subyektlarning (kichik va o‘rta korxonalar, mikrofirmalar bundan mustasno) rahbarlariga yoki boshqa mansabdor shaxslarga korxonaning moliya-xo‘jalik faoliyati to‘g‘risidagi materiallarni taqdim etmaganlik yoxud o‘z vaqtida taqdim etmaganlik uchun jarima soladi;
(16-modda ikkinchi qismining to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2000-yil 26-maydagi 82-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 153-modda)
tashqi boshqaruvchilar va ishonchli shaxslar tariqasida faoliyat olib borayotgan jismoniy shaxslarga nisbatan malaka va kasbga oid talablarni belgilaydi;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi
(16-modda ikkinchi qismining beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustdagi 832-I-son Qonuniga muvofiq beshinchi va oltinchi xatboshilar bilan almashtirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 229-modda)
17-modda. Korxonalarning iqtisodiy qodirligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etish majburiyati
Bankrotlik alomatlari aniqlangan taqdirda soliq organlari, iqtisodiyot va statistika organlari bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha davlat organiga mol-mulkida davlat mulki ulushi bo‘lgan korxonalar to‘g‘risida ma’lumotlar taqdim etishlari, shuningdek bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha davlat organining so‘roviga binoan korxonalarning iqtisodiy qodirligi to‘g‘risidagi boshqa ma’lumotlarni taqdim etishlari shart.
18-modda. Bankrotlik taomillari
Qarzdor-yuridik shaxsning bankrotligi to‘g‘risidagi ish ko‘rilayotganda quyidagi taomillar qo‘llaniladi:
kelishuv bitimi;
tashqi boshqaruv;
tugatishga doir ish yuritish;
bankrotlikning qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa taomillari.
Qarzdor-jismoniy shaxsning bankrotligi to‘g‘risidagi ish ko‘rilayotganda quyidagi taomillar qo‘llaniladi:
kelishuv bitimi;
tugatishga doir ish yuritish;
bankrotlikning qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa taomillari.
19-modda. Suddan tashqari bajariladigan taomillar
Suddan tashqari bajariladigan taomillar sudgacha sanatsiya qilish yoki ixtiyoriy tugatilish bo‘lishi mumkin.
II BOB. SUDGAChA SANATSIYA QILISh
20-modda. Sudgacha sanatsiya qilish asosi
Sudgacha sanatsiya qilish qarzdorning bankrotligi to‘g‘risidagi ish yuritish qo‘zg‘atilgunga qadar amalga oshiriladi hamda qarzdorning to‘lov qobiliyatini, iqtisodiy jihatdan qodirligini tiklash hamda kelgusida samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun sharoitlar yaratib berishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi.
Bankrotlikning oldini olish maqsadida qarzdorning muassislari (qatnashchilari), mol-mulk egasi bankrot deb e’lon qilish to‘g‘risidagi ariza xo‘jalik sudiga taqdim etilgunga qadar qarzdorni moliyaviy jihatdan sog‘lomlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ko‘radi. Qarzdorni moliyaviy jihatdan sog‘lomlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar qarzdor bilan tuzilgan kelishuvga asosan kreditorlar yoki boshqa shaxslar tomonidan ham ko‘rilishi mumkin.
21-modda. Sudgacha sanatsiya qilishning obyekti va subyektlari
Sudgacha sanatsiya qilishning obyekti qarzdor shaxsdir.
Sudgacha sanatsiya qilishning subyektlari qarzdor-yuridik shaxsning muassislari (ishtirokchilari), qarzdorning mol-mulki egasi, davlat organlari va boshqa shaxslar bo‘lishi mumkin.
22-modda. Sudgacha sanatsiya qilishning asosiy chora-tadbirlari
Sudgacha sanatsiya qilishning asosiy chora-tadbirlari quyidagilardan iborat:
qarzdorlikni o‘zaro hisobga olishni tashkil etish;
to‘lash muddati o‘tkazib yuborilgan qarzlarni to‘liq yoki qisman sotib olish;
ishlab chiqarishni raqobatbardosh mahsulot chiqarishga moslab qayta ixtisoslashtirish;
chetdan yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish;
xodimlarni tayyorlash va qayta tayyorlash;
qarzdorning to‘lov qobiliyati tiklanishi va faoliyatini davom ettirishidan manfaatdor bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan moliyaviy yordam ko‘rsatish;
qarzdorning faoliyatni davom ettirishi uchun qarzdor bilan kreditor (kreditorlar) o‘rtasida kreditorlarga to‘lanadigan to‘lovlar muddatini kechiktirish va (yoki) uni bo‘lib-bo‘lib to‘lash yoki qarzlardan siylov berish to‘g‘risidagi ahdlashuvga erishishga qaratilgan kelishuv;
majburiy to‘lovlarni to‘lash va davlat kreditlarini qaytarishni sanatsiya muddatiga kechiktirish;
qarzdor-yuridik shaxsni qayta tashkil etish.
Sudgacha sanatsiya qilish taomili boshqa chora-tadbirlarni ham qamrab olishi mumkin.
Sudgacha sanatsiya qilishni davlat mablag‘larini jalb etgan holda o‘tkazishni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan vakolat berilgan organ amalga oshiradi.
Sudgacha sanatsiya qilish chog‘ida davlat tomonidan yordam ko‘rsatish qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
23-modda. Sudgacha sanatsiya qilishni o‘tkazish muddati
Qarzdorni sudgacha sanatsiya qilish o‘n ikki oydan yigirma to‘rt oygacha muddatga joriy etiladi.
24-modda. Sudgacha sanatsiya qilishni bekor qilish
Sudgacha sanatsiya qilish uni o‘tkazishning belgilangan muddati tugaganligi yoki uning samarasizligi aniqlanganligi munosabati bilan bekor qilinishi mumkin.
III BOB. QARZDORNI IXTIYORIY RAVIShDA BANKROT DEB E’LON QILISh
25-modda. Qarzdorni ixtiyoriy ravishda bankrot deb e’lon qilish asoslari va shartlari
Qarzdorning bankrotlik alomatlari mavjud bo‘lgan taqdirda qarzdor-yuridik shaxsning rahbari, qarzdor-jismoniy shaxs kreditorlar hamda qarzdorning mol-mulki egasi roziligi bilan, shuningdek qarzdorning mol-mulkida davlat mulkining ulushi bo‘lgan hollarda esa bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha davlat organining ruxsati bilan qarzdorni bankrot deb e’lon qilishi va uning tugatilishini ma’lum qilishi mumkin.
Bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha davlat organining yoki mazkur qarzdorning kreditorlaridan birortasining qarzdorni ixtiyoriy ravishda tugatish to‘g‘risidagi qarorga rozi bo‘lmaganligi xo‘jalik sudida bankrotlik to‘g‘risidagi ish yuritish qo‘zg‘atilishiga olib keladi.
Qarzdorni ixtiyoriy ravishda tugatish to‘g‘risidagi qarorni qarzdorning mol-mulki egasi, qarzdor mol-mulkida davlat mulkining ulushi bo‘lgan hollarda esa, shuningdek bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha davlat organi tasdiqlagan paytdan boshlab qarzdor tugatilish jarayonida deb hisoblanadi.
26-modda. Bankrot deb e’lon qilish hamda qarzdorning ixtiyoriy ravishda tugatilish tartibi
Oldingi tahrirga qarang.
Ushbu Qonun 25-moddasining birinchi qismida belgilangan shartlarga rioya etgan holda qarzdor-yuridik shaxsning rahbari, qarzdor-jismoniy shaxs matbuotda qarzdorning bankrotligi to‘g‘risidagi yoki uning ixtiyoriy ravishda tugatilishi haqidagi e’lonni chop etadi.
(26-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustdagi 832-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 229-modda)
E’londa kreditorlar tomonidan talablar taqdim etish hamda qarzdorning ixtiyoriy ravishda tugatilishiga qarshi kreditorlarning e’tirozlarini bildirish muddati ko‘rsatiladi, bu muddat e’lon chiqqan paytdan e’tiboran ikki oydan kam bo‘lmasligi kerak.
Qarzdor-yuridik shaxsning rahbari, qarzdor-jismoniy shaxs kreditorlarning talablarini ko‘rib chiqishi, ularni kreditorlar talablarining reyestriga kiritishi hamda ushbu Qonunning VI-bobida nazarda tutilgan tartibda kreditorlar bilan hisob-kitob qilishga kirishishi shart, ushbu bobning xo‘jalik sudlarining tugatishga doir ish yuritishdagi faoliyatini tartibga solib turuvchi qoidalari bundan mustasno.
Qarzdor ixtiyoriy ravishda tugatilayotganda ishonchli shaxsning majburiyatlarini qarzdorning mol-mulki egasi (egalari) tomonidan tayinlanadigan tugatish komissiyasining raisi (tugatuvchi) bajaradi.
27-modda. Qarzdorning tugatilishiga qarshi kreditorlar tomonidan e’tiroz bildirilishi
Qarzdorning ixtiyoriy ravishda tugatilishiga qarshi aqalli bitta kreditorning yozma e’tirozi mavjud bo‘lgan taqdirda ham qarzdor-yuridik shaxsning rahbari, qarzdor-jismoniy shaxs kreditorlar talablarini hamda qarzdorning ixtiyoriy ravishda tugatilishiga qarshi kreditorlar e’tirozlarini bildirish muddati tugagan paytdan boshlab ikki haftalik muddat ichida qarzdorni bankrot deb topish to‘g‘risidagi ariza bilan xo‘jalik sudiga murojaat etishi shart.
Kreditorlarning har biri qarzdorning ixtiyoriy ravishda tugatilishi yakunlangunga qadar qarzdorni bankrot deb topish to‘g‘risidagi ariza bilan xo‘jalik sudiga murojaat etishi mumkin.
Xo‘jalik sudi tomonidan bankrotlik to‘g‘risidagi ish yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risida ajrim chiqarilgan taqdirda tugatish jarayoni to‘xtatilishi kerak.
28-modda. Ixtiyoriy ravishda tugatish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik
Ushbu Qonunning 25—27-moddalarida nazarda tutilgan talablar buzilgan hollarda, qarzdor o‘z mol-mulkini yashirganda, uchinchi shaxslarga noqonuniy tarzda o‘tkazganda qarzdor-yuridik shaxsning rahbari, qarzdor-jismoniy shaxs, qarzdorning muassislari (ishtirokchilari), qarzdorning mol-mulki egasi qondirilmagan talablar miqdorida kreditorlar oldida javobgar bo‘ladilar. Bunday talablar qarzdor tugatilgan paytdan boshlab uch yil davomida taqdim etilishi mumkin.
IV BOB. BANKROTLIK TO‘G‘RISIDAGI IShLARNI XO‘JALIK SUDIDA KO‘RISh
29-modda. Bankrotlik to‘g‘risidagi ish yuritishni qo‘zg‘atish asoslari
Bankrotlik to‘g‘risidagi ish yuritish ushbu Qonunning 5-moddasiga muvofiq xo‘jalik sudiga murojaat etish huquqiga ega bo‘lgan shaxsning arizasi asosida xo‘jalik sudi tomonidan qo‘zg‘atiladi.
30-modda. Qarzdorning arizasi
Qarzdorning arizasi xo‘jalik sudiga yozma ravishda beriladi va tegishincha qarzdor-yuridik shaxsning rahbari yoki uning o‘rnini bosuvchi shaxs yoxud qarzdor-jismoniy shaxs tomonidan imzolanadi.
Qarzdorning arizasida quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:
ariza berilayotgan xo‘jalik sudining nomi;
pul majburiyatlari bo‘yicha kreditorlar talablarining qarzdor tomonidan e’tiroz bildirilmayotgan miqdordagi summasi;
qarzdorning xodimlariga to‘lanishi kerak bo‘lgan, ularning hayoti yoki sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni qoplash, mehnatiga haq to‘lash va ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘lash bo‘yicha qarz summasi;
mualliflik shartnomasi bo‘yicha to‘lanishi kerak bo‘lgan haq summasi;
majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzdorlik miqdori;
kreditorlarning talablarini to‘la hajmda qondirish imkoniyati yo‘qligining asoslari;
umumiy sudlar, xo‘jalik sudlari ko‘rish uchun qabul qilgan qarzdorga nisbatan da’vo arizalari to‘g‘risidagi, shuningdek so‘zsiz (akseptsiz) hisobdan chiqarish uchun taqdim etilgan ijro hujjatlari va boshqa hujjatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
qarzdordagi bor mol-mulk, shu jumladan debitorlik qarzining pul mablag‘lari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
qarzdorning bankdagi hisobvarag‘i raqamlari, bankning pochta manzili;
bankrotlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha sud xarajatlarini to‘lash uchun yetarli mol-mulk borligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
ilova qilinayotgan hujjatlar ro‘yxati.
Qarzdorning arizasida bankrotlik to‘g‘risidagi ishni to‘g‘ri hal etish uchun zarur bo‘lgan boshqa ma’lumotlar, shuningdek qarzdorda iltimosnomalar bo‘lsa, ular ham ko‘rsatiladi.
Qarzdor-jismoniy shaxsning arizasida tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan uning majburiyatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham ko‘rsatiladi.
Kreditorlarga hamda ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga qarzdor o‘z arizasidan nusxalar yuborishi shart.
31-modda. Qarzdorning arizasiga ilova qilinadigan hujjatlar
Qarzdorning o‘zini bankrot deb topish to‘g‘risidagi arizasiga O‘zbekiston Respublikasining Xo‘jalik protsessual kodeksida nazarda tutilgan hujjatlardan tashqari quyidagilar ham ilova qilinadi:
qarz borligini, shuningdek kreditorlarning talabini qarzdor to‘la hajmda qondirishga qodir emasligini tasdiqlovchi hujjatlar;
qarzdorning arizasiga asos bo‘lgan boshqa holatlarni tasdiqlovchi hujjatlar.
Qarzdorning arizasiga quyidagilar ham ilova qilinadi:
kreditorlik va debitorlik qarzlarini izohlagan hamda kreditorlar va arizachining qarzdorlari pochta manzilini ko‘rsatgan holda tuzilgan kreditorlar va arizachi qarzdorlarining ro‘yxati;
so‘nggi hisobot sanasigacha bo‘lgan davrga taalluqli buxgalterlik balansi yoki uning o‘rnini bosuvchi hujjatlar;
qarzdor-jismoniy shaxsning mol-mulki tarkibi va qiymati to‘g‘risidagi hujjatlar;
qarzdorning mol-mulki egasi yoki qarzdor muassislarining (ishtirokchilarining) qarzdorni bankrot deb topish to‘g‘risidagi ariza bilan xo‘jalik sudiga murojaat qilish haqidagi qarori;
agar yig‘ilish qarzdorni bankrot deb topish to‘g‘risidagi ariza berilgunga qadar o‘tkazilgan bo‘lsa, bankrotlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rishda ishtirok etish uchun qarzdorning xodimlari vakili saylangan yig‘ilish bayonnomasi.
32-modda. Kreditorning arizasi
Kreditorning arizasi xo‘jalik sudiga yozma shaklda beriladi. Kreditor-yuridik shaxsning arizasi uning rahbari yoki vakili tomonidan, kreditor-jismoniy shaxsning arizasi esa shu jismoniy shaxsning o‘zi yoki uning vakili tomonidan imzolanadi.
Kreditorning arizasida quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:
ariza berilayotgan xo‘jalik sudining nomi;
arizachining nomi (familiyasi, ism-sharifi) va uning pochta manzili;
qarzdorning nomi (familiyasi, ism-sharifi) va uning pochta manzili;
to‘lanishi kerak bo‘lgan foizlar va neustoykalar (jarimalar, penyalar) miqdori ko‘rsatilgan holda qarzdorga arizachi qo‘yayotgan talablarning miqdori;
qarzdorning talab kelib chiqishiga sabab bo‘lgan kreditor oldidagi pul majburiyati, shuningdek uni bajarish muddati;
kreditor talablarining asosliligini tasdiqlovchi dalillar, shu jumladan sudning qonuniy kuchga kirgan qarori, ko‘rsatilgan talablar qarzdor tomonidan tan olinganligini tasdiqlovchi dalillar, notariusning ijro xati;
ilova qilinayotgan hujjatlar ro‘yxati.
Kreditorning arizasida bankrotlik to‘g‘risidagi ishni to‘g‘ri hal qilish uchun zarur bo‘lgan boshqa ma’lumotlar ham ko‘rsatiladi, shuningdek kreditorda iltimosnomalar bo‘lsa, ular ham aks ettirilishi mumkin.
Kreditor arizaning nusxasini qarzdorga yuborishi shart.
33-modda. Kreditorlar talablarini birlashtirish
Qarzdorni bankrot deb topish to‘g‘risidagi kreditorning arizasi turli majburiyatlar bo‘yicha birlashtirilgan qarzdorlikka asoslangan bo‘lishi mumkin.
Kreditorlar qarzdorga nisbatan o‘z talablarini birlashtirishga hamda sudga bitta ariza bilan murojaat etishga haqlidirlar. Bunday ariza o‘z talablarini birlashtirgan kreditorlar tomonidan imzolanadi.
34-modda. Kreditorning arizasiga ilova qilinadigan hujjatlar
Kreditorning qarzdorni bankrot deb topish to‘g‘risidagi arizasiga O‘zbekiston Respublikasining Xo‘jalik protsessual kodeksida nazarda tutilgan hujjatlardan tashqari quyidagilar ham ilova qilinadi:
qarzdorning kreditor oldidagi pul majburiyatlari, shuningdek bu majburiyatlar bo‘yicha qarz mavjudligini va uning miqdorini tasdiqlovchi hujjatlar;
kreditorning arizasiga asos bo‘lgan boshqa holatlarni tasdiqlovchi hujjatlar.
Kreditorning vakili tomonidan imzolangan arizaga arizani imzolagan shaxsning ariza berishga vakolati borligini tasdiqlovchi ishonchnoma ham ilova qilinadi.
Kreditorning arizasiga, agar bor bo‘lsa, quyidagilar ham ilova qilinadi:
kreditorning qarzdorga nisbatan talablarini ko‘rgan umumiy sud yoki xo‘jalik sudining qarori;
ijro hujjati (ijro varaqasi, qarzdor tomonidan akseptlangan to‘lov talablari, notariusning ijro xati va boshqalar) yoki kreditorning talablari qarzdor tomonidan tan olinganligini tasdiqlovchi dalillar.
35-modda. Bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha davlat organining arizasi
Mol-mulkida davlat mulkining ulushi bo‘lgan qarzdorning bankrotligi to‘g‘risidagi ish yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi ariza xo‘jalik sudiga bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha davlat organi tomonidan yozma shaklda, ushbu qarzdor-subyektning iqtisodiy nochorligini tasdiqlovchi zarur hujjatlar ilova etilgan holda beriladi.
36-modda. Soliq organining va boshqa vakolatli organlarning arizasi
Soliq organi va boshqa vakolatli organlar qarzdorni bankrot deb topish to‘g‘risida xo‘jalik sudiga beradigan ariza kreditorning arizasi uchun nazarda tutilgan talablarga javob berishi kerak.
Soliq organi va boshqa vakolatli organlarning qarzdor-yuridik shaxsni bankrot deb topish to‘g‘risidagi arizasiga qonun hujjatlariga muvofiq majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzni olishga doir chora-tadbirlar ko‘rilganligi dalillari ilova qilinishi kerak.
37-modda. Prokurorning arizasi
Prokuror qarzdorni bankrot deb topish to‘g‘risidagi ariza bilan xo‘jalik sudiga quyidagi hollarda murojaat etishga haqlidir:
u bankrotlik yashirilgan holatlarni aniqlaganda;
majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzdorning qarzi bo‘lganda yoki aylanma mablag‘lari qaytarilmay boshqa maqsadlarga ishlatilganda;
O‘zbekiston Respublikasi oldidagi pul majburiyatlari bo‘yicha kreditor manfaatlarini ko‘zlab;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan o‘zga hollarda.
Prokurorning arizasi xo‘jalik sudiga, agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, ushbu Qonunda kreditorning arizasiga nisbatan nazarda tutilgan talablarga rioya etilgan holda beriladi.
38-modda. Kreditorlarning talablarini ta’minlashga doir chora-tadbirlar
Xo‘jalik sudi bankrotlik to‘g‘risidagi ishda ishtirok etayotgan shaxsning arizasiga binoan O‘zbekiston Respublikasining Xo‘jalik protsessual kodeksiga muvofiq kreditorlarning talablarini qondirish chora-tadbirlarini ko‘rishga haqlidir.
O‘zbekiston Respublikasining Xo‘jalik protsessual kodeksida nazarda tutilgan chora-tadbirlardan tashqari xo‘jalik sudi tashqi boshqaruvchi, ishonchli shaxs roziligisiz bitimlarni amalga oshirishni taqiqlab qo‘yishi, qarzdorga qimmatli qog‘ozlarni, valyuta qimmatliklarini va boshqa mol-mulkni uchinchi shaxslarga saqlash uchun topshirishni yuklashi hamda qarzdorning mol-mulki saqlanishini ta’minlashga qaratilgan boshqa chora-tadbirlarni ko‘rishi mumkin.
Kreditorlarning talablarini ta’minlashga doir chora-tadbirlar tegishincha tashqi boshqaruv joriy etilgunga va tashqi boshqaruvchi tayinlangunga qadar yoki xo‘jalik sudi tomonidan qarzdorni bankrot deb topish to‘g‘risida, tugatishga doir ish yuritishni boshlash va ishonchli shaxs tayinlash to‘g‘risida qaror qabul qilingunga qadar yoki xo‘jalik sudi tomonidan kelishuv bitimi tasdiqlangunga qadar yoxud xo‘jalik sudi tomonidan qarzdorni bankrot deb topishni rad etish haqida qaror qabul qilingunga qadar amal qiladi.
Xo‘jalik sudi ushbu modda uchinchi qismida nazarda tutilgan holatlar yuzaga kelgunga qadar kreditorlarning talablarini ta’minlashga doir chora-tadbirlarni bekor qilishga haqlidir.
39-modda. Qarzdorni bankrot deb topish to‘g‘risidagi ariza yuzasidan qarzdor tomonidan bildirilgan yozma fikr
Kreditor, prokuror, soliq organi yoki boshqa vakolatli organning arizasi qabul qilinganligi to‘g‘risidagi ajrimni olgan kundan e’tiboran qarzdor besh kunlik muddat ichida xo‘jalik sudiga, arizachiga, ishda ishtirok etayotgan boshqa shaxslarga ariza yuzasidan yozma fikrini yo‘llashi, shuningdek arizada ko‘rsatilmagan barcha kreditorlarni o‘ziga nisbatan uni bankrot deb topish to‘g‘risidagi ish yuritish qo‘zg‘atilganligidan xabardor qilishi shart. Qarzdorning xo‘jalik sudiga yuborilayotgan yozma fikriga ariza yuzasidan bildirilayotgan yozma fikrning nusxasi, ko‘rsatib o‘tilgan hujjatlar arizachiga hamda ishda ishtirok etayotgan boshqa shaxslarga yuborilganligini tasdiqlovchi dalillar ilova qilinishi kerak.
O‘zbekiston Respublikasining Xo‘jalik protsessual kodeksida nazarda tutilgan ma’lumotlardan tashqari quyidagilar ham qarzdorning yozma fikrida ko‘rsatiladi:
arizachining talabiga qarshi qarzdordagi mavjud e’tirozlar;
pul majburiyatlari bo‘yicha kreditorlar oldidagi, qarzdorning xodimlari mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha, majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzning umumiy summasi;
qarzdordagi bor mol-mulk, shu jumladan uning bank hisobvarag‘ida turgan pul mablag‘lari to‘g‘risidagi ma’lumotlar, bankdagi hisobvaraqlarining tartib raqamlari va bankning pochta manzili;
arizachining qarzdor tan olgan talablarini qondirish dalillari.
Qarzdorning yozma fikri yo‘qligi bankrotlik to‘g‘risidagi ish ko‘rilishiga monelik qilmaydi.
40-modda. Bankrotlik to‘g‘risidagi ishni sudda ko‘rishga tayyorlash
Bankrotlik to‘g‘risidagi ishni sudda ko‘rishga tayyorlash sudya tomonidan, O‘zbekiston Respublikasining Xo‘jalik protsessual kodeksida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Bankrotlik to‘g‘risidagi ishni sudda ko‘rishga tayyorlash paytida, shuningdek bankrotlik to‘g‘risidagi ish ko‘rilayotganda xo‘jalik sudi qarzdorning moliyaviy ahvolini aniqlash uchun ekspertiza tayinlashga haqli.
(40-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustdagi 832-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 229-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
401-modda. Bankrotlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqish muddati
Xo‘jalik sudining majlisida bankrotlik to‘g‘risidagi ish ariza ko‘rib chiqishga qabul qilinganligi haqida ajrim chiqarilgan kundan e’tiboran bir oydan ortiq bo‘lmagan muddatda ko‘rib chiqilishi lozim.
(401-modda O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustdagi 832-I-son Qonuniga muvofiq kiritilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 229-modda)
41-modda. Qarzdorni bankrot deb topish hamda tugatishga doir ish yuritishni boshlash to‘g‘risidagi yoki kreditorlarning talablarini rad etish to‘g‘risidagi qaror
Xo‘jalik sudining qarzdorni bankrot deb topish hamda tugatishga doir ish yuritishni boshlash to‘g‘risidagi qarori ushbu Qonunning 3-moddasida nazarda tutilgan bankrotlik alomatlari aniqlangan hollarda qabul qilinadi. Qarzdor-yuridik shaxsni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash to‘g‘risidagi xo‘jalik sudining qarorida qarzdorni bankrot deb topish to‘g‘risidagi hamda tugatishga doir ish yuritishni boshlash haqidagi ko‘rsatma aks ettirilishi lozim.
Xo‘jalik sudining qarzdor-jismoniy shaxsni bankrot deb topish to‘g‘risidagi qarorida qarzdorning yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tganligi o‘z kuchini yo‘qotganligi ko‘rsatiladi.
Xo‘jalik sudining qarzdorni bankrot deb topish hamda tugatishga doir ish yuritishni boshlash to‘g‘risidagi qarori, agar xo‘jalik sudi tomonidan boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, darhol ijro etilishi kerak.
Kreditorlarning qarzdorga nisbatan taqdim etgan talablari rad etilgan taqdirda xo‘jalik sudi ma’naviy ziyon va moddiy zarar kompensatsiyasi miqdorini belgilashga hamda uni qarzdorning foydasiga undirib olishga haqli.
42-modda. Qarzdor bankrot deb topilganligi to‘g‘risidagi xabarning xo‘jalik sudi tomonidan e’lon qilinishi
Oldingi tahrirga qarang.
Qarzdorni bankrot deb topish to‘g‘risidagi xabar qarzdorni bankrot deb topish hamda tugatishga doir ish yuritishni boshlash to‘g‘risidagi qarorni qabul qilgan xo‘jalik sudi tomonidan o‘n kunlik muddat ichida matbuotda e’lon qilinadi.
(42-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustdagi 832-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 229-modda)
E’londa quyidagi ma’lumotlar bo‘lishi kerak:
bankrot deb topilgan qarzdorning nomi va boshqa rekvizitlari;
qarzdorning bankrotligi to‘g‘risidagi ishni yuritayotgan xo‘jalik sudining nomi;
xo‘jalik sudining qarzdorni bankrot deb topish hamda tugatishga doir ish yuritishni boshlash to‘g‘risidagi qarori qabul qilingan sana;
kreditorlarning talablari bildirilishi uchun belgilangan muddat, bu muddat e’lon berilgan sanadan e’tiboran ikki oydan kam bo‘lmasligi kerak;
ishonchli shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlar.
Xo‘jalik sudining qarzdorni bankrot deb topish to‘g‘risidagi qarori bekor qilinganligi haqidagi xabar ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan tartibda e’lon qilinadi.
43-modda. Xo‘jalik sudining qarzdorni bankrot deb topishni rad etish to‘g‘risidagi qarori
Xo‘jalik sudining qarzdorni bankrot deb topishni rad etish to‘g‘risidagi qarori quyidagi hollarda qabul qilinadi:
bankrotlik alomatlari aniqlanmaganda;
xo‘jalik sudi bankrotlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha qaror qabul qilgunga qadar kreditorlarning arz qilgan talablari qanoatlantirilganda;
soxta bankrotlik aniqlanganda;
ushbu Qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda.
Qarzdorda yetarli miqdorda likvid mol-mulk borligidan shohidlik beruvchi dalillar bo‘lgan taqdirda xo‘jalik sudi qarzdorning iltimosnomasiga binoan bankrotlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rishni keyinga qoldirishga, qarzdorga kreditorlarning talablarini sud tomonidan belgilangan muddatda qondirishni taklif etishga haqli, bu muddat o‘ttiz kundan oshmasligi kerak.
44-modda. Qarzdorni bankrot deb topishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilish oqibatlari
Xo‘jalik sudi tomonidan qarzdorni bankrot deb topishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilinishi qarzdorni bankrot deb topish to‘g‘risidagi arizaning qabul qilinishi oqibati bo‘lgan harakatlarning tugatilishi uchun asos bo‘ladi.
45-modda. Bankrotlik to‘g‘risidagi ish yuritishni tugatish asoslari
Qarzdorning to‘lov qobiliyati tiklangan yoki kelishuv bitimi tuzilgan hollarda xo‘jalik sudi bankrotlik to‘g‘risidagi ish yuritishni tugatadi.
46-modda. Mol-mulkida davlat mulkining ulushi bo‘lgan qarzdorning bankrotligi to‘g‘risidagi ish yuritishning xususiyatlari
Qarzdorning mol-mulkida davlat mulkining ulushi bo‘lgan taqdirda xo‘jalik sudi ish yuritish qo‘zg‘atilganligi haqida bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha davlat organini belgilangan muddatda xabardor qiladi.
Bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha davlat organi xabarni olgan kundan e’tiboran ikki haftalik muddat ichida xo‘jalik sudiga sanatsiyani o‘tkazish maqsadga muvofiq ekanligi yoki muvofiq emasligi xususidagi o‘z qarorini ma’lum qiladi.
Kreditorlar sanatsiya qilishga rozi bo‘lgan taqdirda bankrotlik to‘g‘risidagi ish tugatiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Kreditorlar sanatsiya qilishga rozi bo‘lmagan taqdirda ishni ko‘rish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(46-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustdagi 832-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 229-modda)
V BOB. TAShQI BOShQARUV
47-modda. Tashqi boshqaruvni joriy etish tartibi
Tashqi boshqaruv xo‘jalik sudi tomonidan kreditorlar yig‘ilishining qarori, qarzdorning mol-mulki egasi yoki bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha davlat organining arizasi asosida joriy etiladi, ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Xo‘jalik sudining tashqi boshqaruvni joriy etish to‘g‘risidagi ajrimi darhol ijro etilishi kerak hamda uning ustidan qonun hujjatlarida belgilangan muddatda shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
Tashqi boshqaruv, agar ushbu Qonunda boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, o‘n ikki oydan yigirma to‘rt oygacha muddatga joriy etiladi.
Kreditorlar yig‘ilishining iltimosnomasiga, bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha davlat organining qaroriga yoki tashqi boshqaruvchining arizasiga binoan tashqi boshqaruv uchun belgilangan muddat xo‘jalik sudi tomonidan ushbu moddaning uchinchi qismida belgilangan muddatlar doirasida qisqartirilishi yoki uzaytirilishi mumkin.
48-modda. Tashqi boshqaruvni joriy etish oqibatlari
Tashqi boshqaruv joriy etilgan paytdan e’tiboran:
qarzdorning rahbari o‘z vazifalarini bajarishdan chetlashtiriladi, qarzdorning ishlarini boshqarish tashqi boshqaruvchi zimmasiga yuklanadi;
qarzdorning boshqaruv organlari vakolatlari bekor qilinadi. Qarzdorning rahbari va qarzdorning boshqa boshqaruv organlari vakolatlari tashqi boshqaruvchiga o‘tadi, ushbu Qonunga muvofiq boshqa shaxslarga (organlarga) o‘tadigan vakolatlar bundan mustasno. Qarzdorning boshqaruv organlari tashqi boshqaruvchi tayinlangan paytdan e’tiboran uch kunlik muddat ichida yuridik shaxsning buxgalteriya hujjatlari va boshqa hujjatlari, muhr va shtamplari, moddiy va boshqa qimmatli ashyolari tashqi boshqaruvchiga topshirilishini ta’minlashi shart;
kreditorlarning talablarini ta’minlash yuzasidan ilgari ko‘rilgan chora-tadbirlar bekor qilinadi;
qarzdorning mol-mulkini xatlash va o‘ziga tegishli mol-mulkni tasarruf etish yuzasidan qarzdorga nisbatan barcha cheklashlar faqat bankrotlik jarayoni doirasida qo‘llanilishi mumkin;
ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollarni istisno etganda, pul majburiyatlari va qarzdorning majburiy to‘lovlari bo‘yicha kreditorlar talablari qondirilishiga nisbatan moratoriy joriy etiladi.
Tashqi boshqaruv tugaganidan keyin qarzdor pul majburiyatlari va majburiy to‘lovlar bo‘yicha kreditorlarga to‘lashi shart bo‘lgan neustoykalar (jarimalar, penyalar), shuningdek yetkazilgan zarar summalarini tashqi boshqaruvni joriy etish paytidagi miqdorlarda to‘lash talab qilinishi mumkin.
49-modda. Kreditorlarning talablarini qondirishga nisbatan moratoriy joriy etish
Kreditorlarning talablarini qondirishga nisbatan moratoriy tashqi boshqaruv joriy etilgunga qadar bajarilish muddati kelgan pul majburiyatlariga va majburiy to‘lovlarga tatbiq etiladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan pul majburiyatlari va majburiy to‘lovlar yuzasidan moratoriyning amal qilish muddati mobaynida:
undiruv so‘zsiz (akseptsiz) tarzda sodir etiladigan ijro hujjatlari va boshqa hujjatlar bo‘yicha undiruvni amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi;
pul majburiyatlari va majburiy to‘lovlar bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi uchun, shuningdek to‘lanishi lozim bo‘lgan foizlar uchun neustoykalar (jarimalar, penyalar) va boshqa moliyaviy (iqtisodiy) sanksiyalar qo‘llanilmaydi.
Tashqi boshqaruv joriy etilgan paytdagi pul majburiyatlari va majburiy to‘lovlar bo‘yicha kreditorlar talablarining summasiga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda va miqdorda foizlar hisoblab qo‘shiladi.
Tashqi boshqaruvchi shartnomani bajarishdan ushbu Qonunning 56-moddasiga muvofiq bosh tortganligi natijasida yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi kreditorlarning talablariga ham moratoriy tatbiq etiladi.
Moratoriyning amal qilishi fuqarolarning mehnatga oid huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan, alimentlar undirish hamda mualliflik shartnomalari asosida haq to‘lash bo‘yicha talablariga, shuningdek hayoti yoki sog‘lig‘iga zarar yetkazilganligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qarzdor javobgar bo‘lgan fuqarolarning talablariga tatbiq etilmaydi.
50-modda. Tashqi boshqaruvchi nomzodini taqdim etish tartibi
Tashqi boshqaruvchining nomzodi tashqi boshqaruvni joriy etish to‘g‘risida qaror qabul qilgan kreditorlar yig‘ilishi tomonidan ma’qullanadi.
Tashqi boshqaruvchining nomzodi kreditorlar yig‘ilishiga kreditorlarning har biri tomonidan, soliq organi yoki boshqa vakolatli organ, qarzdor yoki qarzdorning mol-mulki egasi tomonidan taklif etilishi mumkin.
Kreditorlar yig‘ilishi tomonidan qaror qabul qilishning ushbu Qonunning 9-moddasida nazarda tutilgan tartibiga muvofiq kreditorlar ovozini eng ko‘p olgan shaxsning nomzodi xo‘jalik sudiga taklif etiladi.
Tashqi boshqaruv xo‘jalik sudi tomonidan kreditorlar yig‘ilishining qarori bo‘lmagan holda joriy etilayotgan bo‘lsa, xo‘jalik sudi tashqi boshqaruvni joriy etish to‘g‘risida ajrim chiqargan paytdan e’tiboran bir haftalik muddat ichida kreditorlar yig‘ilishi tashqi boshqaruvchi nomzodini ko‘rib chiqish, ma’qullash va uni xo‘jalik sudiga taqdim etishga haqlidir.
Tashqi boshqaruvchining nomzodi taqdim etilmagan taqdirda, xo‘jalik sudi tashqi boshqaruvchini bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha davlat organi tomonidan taklif etilgan nomzodlar orasidan tayinlaydi.
51-modda. Tashqi boshqaruvchini tayinlash
Tashqi boshqaruvchi xo‘jalik sudi tomonidan tashqi boshqaruvni joriy etish bilan bir paytda tayinlanadi.
Tashqi boshqaruvchini tashqi boshqaruvni joriy etish bilan bir paytda tayinlashning imkoni bo‘lmasa, xo‘jalik sudi tashqi boshqaruvchini tashqi boshqaruv joriy etilgan paytdan e’tiboran o‘n kunlik muddat ichida tayinlaydi.
Tashqi boshqaruvchini tayinlash to‘g‘risida xo‘jalik sudi ajrim chiqaradi.
Tashqi boshqaruvchini tayinlash to‘g‘risidagi ajrim darhol ijro etilishi kerak va uning ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
52-modda. Tashqi boshqaruvchini vakolatlaridan ozod etish
Tashqi boshqaruvchini vakolatlaridan xo‘jalik sudi quyidagi hollarda ozod etishi mumkin:
zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda kreditorlar yig‘ilishining qarori asosida. Bunday holda kreditorlar yig‘ilishining qarorida yangi tashqi boshqaruvchi nomzodi to‘g‘risida ma’lumotlar bo‘lishi kerak;
bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha davlat organining qarori asosida;
uning o‘z arizasiga binoan;
uning tashqi boshqaruvchi etib tayinlanishiga monelik qiladigan holatlar aniqlangan taqdirda;
ushbu Qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda.
Tashqi boshqaruvchini vakolatlaridan ozod etish to‘g‘risidagi ajrim darhol ijro etilishi kerak va uning ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
53-modda. Tashqi boshqaruvchining huquq va majburiyatlari
Tashqi boshqaruvchi rahbar vakolatlarini amalga oshiradi.
Tashqi boshqaruvchi quyidagilarga haqli:
kreditorlar yig‘ilishini hamda kreditorlar qo‘mitasini chaqirish;
ushbu Qonunda nazarda tutilgan cheklashlarni hisobga olgan holda qarzdorning mol-mulkini tasarruf etish;
qarzdor nomidan kelishuv bitimi tuzish;
ushbu Qonunda nazarda tutilgan miqdorda va tartibda haq olish;
agar ushbu Qonunda yoki kreditorlar bilan kelishuvda boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, o‘z vazifalarini amalga oshirishni ta’minlash uchun boshqa shaxslarni ularning faoliyatiga qarzdor mablag‘laridan haq to‘lagan holda shartnoma asosida ishga jalb etish;
o‘z majburiyatlarini bajarishni muddatidan ilgari tugatish to‘g‘risida xo‘jalik sudiga ariza taqdim etish;
ushbu Qonunning 56-moddasida belgilangan tartibda qarzdorning shartnomalarini bajarishdan bosh tortganligini bildirish.
O‘z vakolatlarini amalga oshirish chog‘ida tashqi boshqaruvchi qarzdorni bankrotlikka olib borganligi munosabati bilan uning pul majburiyatlari bo‘yicha qonun hujjatlariga muvofiq subsidiar javobgar bo‘lgan uchinchi shaxslarga nisbatan talablar qo‘yishga haqlidir.
Tashqi boshqaruvchi:
qarzdorning mol-mulkini o‘z tasarrufiga qabul qilishi va uni inventarizatsiya qilishi;
qarzdorning uchinchi shaxslarda turgan mol-mulkini qidirishga, aniqlashga va qaytarib olishga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘rishi;
tashqi boshqaruvni yuritish hamda kreditorlar bilan hisob-kitob qilish uchun maxsus hisobvaraq ochishi;
tashqi boshqaruv rejasini ishlab chiqishi va uni tasdiq uchun kreditorlar yig‘ilishiga (qo‘mitasiga) taqdim etishi;
buxgalterlik, statistika hisobini va hisobotini yuritishi;
qarzdorga kreditorlar qo‘ygan talablar yuzasidan belgilangan tartibda e’tirozlar bildirishi;
qarzdorning qarzini undirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rishi;
kreditorlar talablarining reyestrini yuritishi;
tashqi boshqaruv rejasini amalga oshirish yakunlari bo‘yicha kreditorlar yig‘ilishiga hisobot taqdim etishi;
ushbu Qonunda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirishi shart.
O‘z huquq va majburiyatlarini amalga oshirish chog‘ida tashqi boshqaruvchi qarzdor hamda uning kreditorlari manfaatlarini hisobga olgan holda harakat qilishi shart.
54-modda. Kreditorlarning talablari
Kreditorlar qarzdorga nisbatan o‘z talablarini tashqi boshqaruv amal qilayotgan muddatning istalgan vaqtida taqdim etishga haqlidir. Mazkur talablar tashqi boshqaruvchiga qarzdorning pochta manzili bo‘yicha yuboriladi. Kreditorlarning ushbu modda to‘rtinchi qismiga muvofiq belgilangan deb e’tirof etiladigan talablari bu talablarni belgilangan deb bilish imkonini beruvchi hujjatlar ilova etilgan holda tashqi boshqaruvchiga yuboriladi.
Tashqi boshqaruvchi kreditorlarning taqdim etilgan talablarini ko‘rib chiqadi va ularni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha tegishli talab olinganidan keyin uzog‘i bilan ikki hafta ichida kreditorlar talablarining reyestriga tegishli yozuv kiritadi. Ko‘rib chiqish natijalarini tashqi boshqaruvchi tegishli kreditorga kreditor talabi olingan paytdan e’tiboran uzog‘i bilan bir oylik muddat ichida ma’lum qiladi.
Tashqi boshqaruvchining kreditorlar talablarini ko‘rib chiqishi natijalari yuzasidan e’tirozlar bu e’tirozlar olingan paytdan e’tiboran bir oylik muddat ichida kreditor tomonidan bankrotlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rayotgan xo‘jalik sudiga bildirilishi mumkin.
Kreditorlarning ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan muddatda e’tirozlar bildirilmagan talablari qondirilish miqdori, tarkibi va navbati tashqi boshqaruvchi tomonidan aniqlanadigan belgilangan talablar deb hisoblanadi.
55-modda. Qarzdorning mol-mulkini tasarruf etish
Qarzdorning mol-mulki egasi yoki ta’sis hujjatlarida vakolat berilgan organlar qarzdorning mol-mulkini tasarruf etish bo‘yicha qaror qabul qilishga yoki tashqi boshqaruvchining vakolatlarini boshqacha tarzda cheklashga haqli emas, ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Agar ushbu Qonunda yoki tashqi boshqaruv rejasida boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, yirik bitimlar va manfaatdorlik nazarda tutilgan bitimlar tashqi boshqaruvchi tomonidan faqat kreditorlar yig‘ilishining (qo‘mitasining) roziligi bilan amalga oshiriladi.
Yirik bitimlar jumlasiga balans qiymati qarzdorning ko‘chmas mol-mulkini yoki bitim tuzish paytidagi aktivlari balans qiymatining 10 foizidan ko‘prog‘ini tashkil etuvchi boshqa mol-mulkini tasarruf etishga olib keluvchi bitimlar kiradi.
Tashqi boshqaruvchiga yoki kreditorga nisbatan manfaatdor shaxslar taraf bo‘lgan bitimlar manfaatdorlik nazarda tutilgan bitimlar deb e’tirof etiladi.
56-modda. Qarzdorning shartnomalarini bajarishdan bosh tortish
Tashqi boshqaruvchi tashqi boshqaruv joriy etilgan paytdan e’tiboran uch oylik muddat ichida qarzdorning tashqi boshqaruv joriy etilgunga qadar tuzilgan shartnomalarini bajarishdan bosh tortishga haqlidir.
Qarzdorning shartnomalarni bajarishdan bosh tortish faqat barcha taraflar tomonidan to‘liq yoki qisman bajarilmagan shartnomalarga nisbatan, quyidagi holatlardan biri mavjud bo‘lgan taqdirda bildirilishi mumkin:
qarzdorning shartnomasini bajarish o‘xshash holatlarda tuziladigan ayni shunday shartnomalarga solishtirganda qarzdor uchun zarar keltiradigan bo‘lsa;
shartnoma uzoq muddatli (bir yildan ortiq muddatga tuzilgan) yoki faqat uzoq istiqbolda qarzdor uchun ijobiy natijalar olishga mo‘ljallangan bo‘lsa;
qarzdorning to‘lov qobiliyatini tiklashga monelik qiluvchi boshqa holatlar mavjud bo‘lsa.
Qarzdorning kontragenti qarzdordan shartnomalarni bajarishdan bosh tortganlik oqibatida kelib chiqqan real zararning o‘rnini qoplashni talab qilishga haqlidir.
57-modda. Qarzdor tuzgan bitimlarning haqiqiy emasligi
Qarzdor tuzgan bitim, shu jumladan qarzdor tomonidan tashqi boshqaruv joriy etilgunga qadar tuzilgan bitim qonun hujjatlarida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha tashqi boshqaruvchining arizasiga binoan xo‘jalik sudi tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Qarzdor bilan manfaatdor shaxs o‘rtasida tuzilgan bitim, agar mazkur bitimning bajarilishi natijasida kreditorlarga zarar yetkazilgan yoki yetkaziladigan bo‘lsa, tashqi boshqaruvchining arizasiga binoan xo‘jalik sudi tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Qarzdorni bankrot deb topish to‘g‘risidagi ariza qabul qilinganidan keyin qarzdor bilan muayyan kreditor yoki o‘zga shaxs o‘rtasida tuzilgan bitim, agar mazkur bitim qarzdorning pul majburiyatlari bo‘yicha ayrim kreditorlarning talablarini boshqalarinikiga nisbatan afzalroq qondirilishiga olib kelsa, tashqi boshqaruvchining yoki kreditorning arizasiga binoan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Bankrotlik to‘g‘risidagi ish yuritish qo‘zg‘atilgandan keyin yoki qarzdorni bankrot deb topish to‘g‘risida ariza berishdan oldin, qarzdorning ishtirokchisi qarzdorning ishtirokchilari tarkibidan chiqqanligi munosabati bilan unga mol-mulkdagi ulushini to‘lash (ajratib berish) bilan bog‘liq bo‘lgan olti oylik muddat ichida qarzdor-yuridik shaxs tomonidan tuzilgan bitim tashqi boshqaruvchining yoki kreditorning arizasiga binoan haqiqiy emas deb topilishi mumkin, shunday bitim bo‘yicha olingan barcha narsalar qarzdorga qaytariladi. Bunday holda ushbu Qonunning 83-moddasiga muvofiq ishtirokchi oltinchi navbatdagi kreditor deb e’tirof etiladi.
58-modda. Qarzdorning tashqi boshqaruv chog‘ida yuzaga kelgan pul majburiyatlari
Qarzdorning tashqi boshqaruv joriy etilganidan keyin yuzaga kelgan pul majburiyatlari miqdori kreditorlar talablarining reyestriga muvofiq kreditorlar talablari summasining 20 foizidan ortiqroqni tashkil etgan hollarda qarzdorning yangi pul majburiyatlarini keltirib chiqaruvchi bitimlar, tashqi boshqaruv rejasida nazarda tutilgan bitimlarni istisno etganda, tashqi boshqaruvchi tomonidan faqat qarzdorning mol-mulki egasi va kreditorlar yig‘ilishining (qo‘mitasining) roziligi bo‘lganda tuzilishi mumkin.
59-modda. Qarzdorning xarajatlarini tartibga solish
Qarzdorning iste’molga, shu jumladan qarzdor xodimlarining mehnatiga haq to‘lashga sarflanadigan xarajatlarining ko‘payishiga olib keluvchi qarorlar tashqi boshqaruvchi tomonidan kreditorlar yig‘ilishining (qo‘mitasining) roziligi bilangina qabul qilinishi mumkin, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
60-modda. Tashqi boshqaruv rejasi
Tashqi boshqaruvchi bu ishga tayinlanganidan keyin bir oylik muddat ichida tashqi boshqaruv rejasini ishlab chiqib, tasdiq uchun qarzdorning mol-mulki egasiga va kreditorlar yig‘ilishiga (qo‘mitasiga) taqdim etishi kerak.
Tashqi boshqaruv rejasida qarzdorning to‘lov qobiliyatini tiklash chora-tadbirlari nazarda tutilishi kerak.
Qarzdorning to‘lov qobiliyati ushbu Qonunning 3-moddasida belgilangan bankrotlik alomatlari bo‘lmagan taqdirda tiklangan deb e’tirof etiladi. Tashqi boshqaruv rejasida qarzdorning to‘lov qobiliyatini tiklash muddati nazarda tutilishi kerak.
Tashqi boshqaruvchi kreditorlar yig‘ilishining (qo‘mitasining) talabiga binoan tashqi boshqaruvning borishi haqida kreditorlar oldida hisobot beradi.
61-modda. Tashqi boshqaruv rejasini ko‘rib chiqish
Tashqi boshqaruv rejasi kreditorlarning yig‘ilishi (qo‘mitasi) tomonidan ko‘rib chiqiladi, yig‘ilish tashqi boshqaruvchi tomonidan tashqi boshqaruv joriy etilgan paytdan e’tiboran ikki oydan kechiktirmay chaqiriladi. Tashqi boshqaruvchi barcha kreditorlarga kreditorlar yig‘ilishi o‘tkaziladigan sana va joyni yozma ravishda xabar qiladi hamda mazkur yig‘ilish o‘tkaziladigan kundan kamida bir hafta oldin ularga tashqi boshqaruv rejasi bilan tanishib chiqish imkoniyatini beradi.
Kreditorlar yig‘ilishining ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan ishtirokchilari qarzni undirib olish huquqiga ega bo‘lgan kreditorlardir.
Kreditorlar yig‘ilishida tashqi boshqaruvchi hamda qarzdorning xodimlari vakili ovoz berish huquqisiz ishtirok etish huquqiga ega.
Tashqi boshqaruv rejasi yig‘ilishda ishtirok etayotgan kreditorlarning yarmidan ko‘proq ovozini olgan bo‘lsa, tasdiqlangan deb hisoblanadi.
Kreditorlar yig‘ilishi quyidagilardan birini qabul qilishga haqli:
tashqi boshqaruv rejasini tasdiqlash to‘g‘risidagi qaror;
tashqi boshqaruv rejasini rad etish hamda qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash to‘g‘risidagi iltimosnoma bilan xo‘jalik sudiga murojaat etish haqidagi qaror;
tashqi boshqaruv rejasini rad etish hamda tashqi boshqaruvchini chetlashtirib, ayni bir paytning o‘zida yangi tashqi boshqaruvchining nomzodini tasdiqlash hamda tegishli iltimosnoma bilan xo‘jalik sudiga murojaat etish to‘g‘risidagi qaror. Ushbu qaror tashqi boshqaruvning yangi rejasini ko‘rib chiqish uchun kreditorlarning navbatdagi yig‘ilishi chaqiriladigan muddatni nazarda tutgan bo‘lishi va bu muddat Kreditorlar yig‘ilishi ushbu qarorni chiqargan kundan e’tiboran bir oydan oshib ketmasligi kerak.
Kreditorlar yig‘ilishi (qo‘mitasi) tomonidan tasdiqlangan tashqi boshqaruv rejasi va kreditorlar yig‘ilishining (qo‘mitasining) bayonnomasi kreditorlar yig‘ilishi (qo‘mitasi) o‘tkazilgan kundan so‘ng besh kundan kechiktirmay tashqi boshqaruvchi tomonidan xo‘jalik sudiga taqdim etiladi.
62-modda. Tashqi boshqaruv muddatini uzaytirish
Kreditorlarning yig‘ilishi tashqi boshqaruv rejasini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarorni qabul qilgan bo‘lsa va unda nazarda tutilgan tashqi boshqaruv muddati belgilangan dastlabki muddatdan ortiq bo‘lsa, agar tashqi boshqaruv muddatini uzaytirish yoki tashqi boshqaruvning tasdiqlangan rejasini amalga oshirish qarzdorning to‘lov qobiliyati tiklanishiga olib keladi dyeyish uchun yetarli asoslar bo‘lsa, xo‘jalik sudi tashqi boshqaruv muddatini uzaytiradi. Bunday holda umumiy muddat yigirma to‘rt oydan oshib ketmasligi lozim.
63-modda. Qarzdorning to‘lov qobiliyatini tiklash chora-tadbirlari
Qarzdorning to‘lov qobiliyatini tiklash uchun quyidagi chora-tadbirlar ko‘rilishi mumkin:
ishlab chiqarishni qayta ixtisoslashtirish;
norentabel ishlab chiqarishlarni yopish;
debitorlik qarzlarini undirish;
qarzdor mol-mulkining bir qismini sotish;
qarzdorning talabidan o‘zganing foydasiga voz kechish;
qarzdor majburiyatlarining uchinchi shaxslar tomonidan bajarilishi;
qarzdorning to‘lov qobiliyatini tiklashning boshqa usullari.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan chora-tadbirlardan tashqari bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha davlat organining taqdimnomasiga binoan xo‘jalik sudi mol-mulkida davlat mulkining ulushi bo‘lgan qarzdorning faoliyat ko‘rsatmayotgan obyektlarini konservatsiya qilish to‘g‘risida ajrim chiqarishi mumkin.
64-modda. Qarzdorning korxonasini (biznesini) mulkiy majmua sifatida sotish
Kreditorlarning talablarini qondirish maqsadida tashqi boshqaruv rejasida qarzdorning korxonasini (biznesini) sotish nazarda tutilishi mumkin.
Qarzdorning korxonasi (biznesi) sotilayotganida qarzdorning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga mo‘ljallangan barcha turdagi mol-mulki, shu jumladan yer uchastkalari, imoratlari, binolari, uskunalari, inventari, xomashyosi, mahsuloti, talab qilish huquqi, shuningdek qarzdorning, uning tovarlari, ishi va xizmatining o‘ziga xosligini ko‘rsatuvchi vositalari (firma nomi, tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari), qarzdorga tegishli bo‘lgan boshqa mutlaq huquqlari uning tasarrufidan chiqariladi, o‘zga shaxslarga o‘tkazilishi mumkin bo‘lmagan huquq va majburiyatlar bundan mustasno.
Oldingi tahrirga qarang.
Tashqi boshqaruvchi korxonani kreditorlar yig‘ilishining roziligi bilan, xaridor o‘ziga xizmat ko‘rsatuvchi bankning tegishli kafolatini taqdim etgan taqdirda, bir yildan ortiq bo‘lmagan muddatga bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan realizatsiya qilishga haqli
(64-modda O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustdagi 832-I-son Qonuniga muvofiq uchinchi qism bilan to‘ldirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 229-modda)
Ushbu moddaga muvofiq qarzdorning korxonasi (biznesi) sotilayotganida qarzdorni bankrot deb topish to‘g‘risidagi ariza xo‘jalik sudi tomonidan qabul qilingan sanagacha bo‘lgan qarzdorning pul majburiyatlari va majburiy to‘lovlari korxona (biznes) tarkibiga kiritilmaydi.
Korxona (biznes) sotilayotganda korxona (biznes) sotilayotgan paytda amal qilib turgan barcha mehnat shartnomalari o‘z kuchini saqlab qoladi; ish beruvchining huquq va majburiyatlari korxonani (biznesni) sotib oluvchi ixtiyoriga o‘tadi.
Korxonani (biznesni) sotishdan kelgan tushum summasi qarzdor mol-mulkining tarkibiga kiritiladi.
Korxonani (biznesni) sotish, agar tashqi boshqaruv rejasida boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, ochiq kimoshdi savdosi o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Tashqi boshqaruvchi kimoshdi savdosini tashkil etuvchi sifatida ish ko‘radi yoki ushbu maqsad uchun ixtisoslashtirilgan tashkilotni jalb etib, uning xizmatiga qarzdorning mol-mulki hisobidan haq to‘laydi.
Tashqi boshqaruvchi korxona (biznes) ochiq kimoshdi savdosida sotilishi to‘g‘risidagi e’lonni rasmiy nashrlarda, kimoshdi savdosi o‘tkaziladigan sanadan kamida o‘ttiz kun oldin e’lon qilishi shart. E’londa savdo obyekti to‘g‘risidagi ma’lumotlar hamda savdo obyekti bilan tanishish tartibi, korxonani (biznesni) sotib olish uchun ariza berishning e’lon chiqqan kundan e’tiboran ikki haftadan kam va bir oydan ortiq bo‘lishi haqiqiy hisoblanmaydigan muddat chegarasi va qonun hujjatlarida belgilangan boshqa ma’lumotlar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.
Agar e’londa ko‘rsatilgan muddat davomida bir qatnashchidan ariza tushgan bo‘lsa, korxonani (biznesni) sotish bo‘yicha kimoshdi savdosi o‘tkazilmaydi. Kreditorlar yig‘ilishining (qo‘mitasining) roziligi bo‘lgan taqdirda korxona (biznes) kimoshdi savdosi o‘tkazilmagan holda sotilishi mumkin.
Kimoshdi savdosi auksion shaklida o‘tkaziladi, ushbu Qonunda belgilangan hollar bundan mustasno.
Kimoshdi savdosi tanlov asosida o‘tkazilgan taqdirda esa, tanlov shartlari kreditorlar yig‘ilishi (qo‘mitasi) tomonidan ma’qullanishi lozim.
Auksion g‘olibi bo‘lgan shaxs hamda kimoshdi savdosi tashkilotchisi auksion o‘tkazilgan kuni bayonnomani imzolaydilar, bu bayonnoma shartnoma kuchiga ega bo‘ladi.
Agar kimoshdi savdosi tanlov shaklida o‘tkazilgan bo‘lsa, tanlov g‘olibi va kimoshdi savdosi tashkilotchisi tanlov o‘tkazilgan kuni imzolagan bayonnoma asosida, ushbu sanadan e’tiboran yigirma kundan kechiktirmay shartnoma imzolanadi.
Kimoshdi savdosida g‘olib chiqqan shaxs va kimoshdi savdosi tashkilotchisi auksion yoki tanlov o‘tkazilgan kuni kimoshdi savdosi natijalari to‘g‘risida shartnoma kuchiga ega bo‘lgan bayonnomani imzolaydilar. Kimoshdi savdosida g‘olib chiqqan shaxs bayonnomani imzolashdan bosh tortgan taqdirda to‘lagan zakalatidan mahrum bo‘ladi.
Kimoshdi savdosida g‘olib chiqqan shaxsning bayonnomani yoki shartnomani imzolashdan bosh tortganligi munosabati bilan mazkur shaxs mahrum bo‘lgan zakalat summasi kimoshdi savdosi tashkilotchisining ushbu tadbirni o‘tkazishga ketgan chiqimlari chegirib tashlangan holda qarzdor mol-mulkining tarkibiga kiritiladi.
Korxonani (biznesni) sotishdan kelgan tushum summasi hisobidan kreditorlarning talablarini qarzdor to‘la hajmda qondirish imkoniyatiga ega bo‘lgan hollarda tashqi boshqaruvchining arizasiga binoan xo‘jalik sudi tomonidan bankrotlik to‘g‘risidagi ish yuritish tugatilishi lozim.
Agar korxonani (biznesni) sotishdan kelgan tushum summasi kreditorlar talablarini to‘la hajmda qondirishga yetarli bo‘lmasa, tashqi boshqaruvchi kreditorlarga kelishuv bitimi tuzishni taklif etadi.
Korxonani (biznesni) mulkiy majmua sifatida sotishdan kelgan tushum summasi tugatish massasini tashkil etadi hamda ushbu Qonunda nazarda tutilgan navbat tartibida taqsimlanishi kerak.
65-modda. Qarzdor mol-mulkining bir qismini sotish
Qarzdorning mol-mulki inventarizatsiya qilinganidan va baholanganidan keyin tashqi boshqaruvchi, agar tashqi boshqaruv rejasida boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, mol-mulkni ochiq kimoshdi savdosida sotishga kirishishga haqli.
Oldingi tahrirga qarang.
(65-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustdagi 832-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 229-modda)
Muomala qobiliyati cheklangan mol-mulk faqat yopiq kimoshdi savdosida sotilishi mumkin. Yopiq kimoshdi savdosida qonun hujjatlariga muvofiq mulk huquqida yoki boshqa ashyoviy huquqlarda mazkur mol-mulkka ega bo‘la oladigan shaxslar ishtirok etadilar.
Tashqi boshqaruvchi kimoshdi savdosi tashkilotchisi sifatida ish ko‘rishi yoki kimoshdi savdosini o‘tkazishni ixtisoslashtirilgan tashkilotga shartnoma asosida topshirishi mumkin. Kimoshdi savdosini o‘tkazayotgan ixtisoslashtirilgan tashkilot qarzdorga va tashqi boshqaruvchiga nisbatan manfaatdor shaxs bo‘lishi mumkin emas.
Kimoshdi savdosiga qo‘yilgan mol-mulkning boshlang‘ich bahosi tashqi boshqaruvchi tomonidan belgilanadi va u balans (qoldiq) qiymatidan kam bo‘lishi mumkin emas.
Kimoshdi savdosi g‘olibi sotish narxini tanlov yakunlari bo‘yicha tuzilgan bayonnoma yoki oldi-sotdi shartnomasida nazarda tutilgan muddatda, lekin kimoshdi savdosi o‘tkazilgan kundan boshlab bir oydan kechiktirmay to‘lashi shart.
Qarzdorning birinchi kimoshdi savdosida sotilmay qolgan mol-mulki takroriy kimoshdi savdosiga qo‘yiladi.
Qarzdorning takroriy kimoshdi savdosida sotilmay qolgan mol-mulki kimoshdi savdosi o‘tkazmay tuzilgan oldi-sotdi shartnomasi asosida tashqi boshqaruvchi tomonidan realizatsiya qilinishi mumkin.
Tashqi boshqaruvchi mol-mulkning bir qismini kreditorlar yig‘ilishining roziligi bilan, xaridor o‘ziga xizmat ko‘rsatuvchi bankning tegishli kafolatini taqdim etgan taqdirda, bir yildan ortiq bo‘lmagan muddatga bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan realizatsiya qilishga haqli.
Tashqi boshqaruvchi arzonbaho va tez ishdan chiqadigan mol-mulkni, shuningdek xomashyo va tayyor mahsulot qoldiqlarini tashqi boshqaruv jarayonida kreditorlar yig‘ilishining roziligi bilan, auksion savdosi o‘tkazmasdanoq oldi-sotdi shartnomalari asosida sotishga haqli.
(65-modda O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustdagi 832-I-son Qonuniga muvofiq to‘qqizinchi va o‘ninchi qismlar bilan to‘ldirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 229-modda).
66-modda. Qarzdorning talabidan o‘zganing foydasiga voz kechish
Qarzdorning talabidan o‘zganing foidasiga voz kechish tashqi boshqaruvchi tomonidan kreditorlar yig‘ilishining (qo‘mitasining) roziligi bilan talab qilish huquqlarini ochiq kimoshdi savdosida sotish orqali amalga oshirilishi mumkin.
67-modda. Qarzdor pul majburiyatlarining Qarzdorning mol-mulki egasi yoki uchinchi shaxs tomonidan bajarilishi
Qarzdorning mol-mulki egasi tashqi boshqaruv tugagunga qadar istalgan vaqtda kreditorlar talablarining reyestriga muvofiq barcha kreditorlarning talablarini bir yo‘la qondirishga haqlidir.
Qarzdorning pul majburiyatlari uchinchi shaxs (uchinchi shaxslar) tomonidan bajarilishiga, bunday bajarish kreditorlar talablarining reyestriga muvofiq barcha kreditorlarning talablarini bir yo‘la qoplangan taqdirda, yo‘l qo‘yiladi.
68-modda. Tashqi boshqaruv yakunlari bo‘yicha tashqi boshqaruvchining hisoboti
Tashqi boshqaruvning belgilangan muddati tugashidan kamida o‘n besh kun oldin, shuningdek tashqi boshqaruvni muddatidan ilgari tugatish uchun asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda tashqi boshqaruvchi kreditorlar yig‘ilishiga hisobot taqdim etishi shart.
Hisobotda quyidagilar bo‘lishi kerak:
qarzdorning so‘nggi hisobot davri uchun balansi;
qarzdor foyda va zararlarining hisobi;
qarzdorning pul majburiyatlari va majburiy to‘lovlari bo‘yicha kreditorlarning talablarini qondirishga qaratilishi mumkin bo‘lgan erkin pul mablag‘lari mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumot;
qarzdorning qolgan debitorlik qarzi tafsiloti hamda qarzdorning amalga oshirilmay qolgan talab qilish huquqlari to‘g‘risidagi ma’lumot;
qarzdorning qolgan kreditorlik qarzini to‘lash imkoniyati to‘g‘risidagi boshqa ma’lumotlar.
Tashqi boshqaruvchining hisobotiga kreditorlar talablarining reyestri ilova qilingan bo‘lishi kerak.
Tashqi boshqaruvchi hisobotni taqdim etish bilan bir vaqtda kreditorlar yig‘ilishiga quyidagi takliflardan birini kiritadi:
qarzdorning to‘lov qobiliyati tiklanganligi munosabati bilan tashqi boshqaruvni tugatish to‘g‘risidagi taklif;
kelishuv bitimi tuzish to‘g‘risidagi taklif;
tashqi boshqaruv muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi taklif;
tashqi boshqaruvni tugatish hamda qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash to‘g‘risidagi iltimosnoma bilan xo‘jalik sudiga murojaat etish haqidagi taklif.
69-modda. Tashqi boshqaruvchining hisobotini ko‘rib chiqish
Tashqi boshqaruvchining hisoboti tashqi boshqaruvning belgilangan muddati tugagandan so‘ng o‘n kundan kechiktirmay yoki tashqi boshqaruvni muddatidan ilgari tugatish uchun asoslar yuzaga kelganidan keyin o‘n besh kundan kechiktirmay chaqiriladigan kreditorlar yig‘ilishi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Tashqi boshqaruvchi tashqi boshqaruvning belgilangan muddati tugashiga kamida o‘n besh kun qolganda barcha kreditorlarga kreditorlar yig‘ilishi o‘tkazilishi to‘g‘risidagi xabarni yuborishi shart.
Kreditorlar yig‘ilishi o‘tkazilishi to‘g‘risidagi xabarda kreditorlar yig‘ilishini o‘tkazish vaqti, joyi, shuningdek tashqi boshqaruvchining hisoboti bilan tanishish tartibi haqidagi ma’lumotlar bo‘lishi kerak.
Tashqi boshqaruvchining hisobotini ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha kreditorlar yig‘ilishi quyidagi qarorlardan birini qabul qilishga haqli:
qarzdorning to‘lov qobiliyati tiklanganligi va u kreditorlar bilan hisob-kitob qilishga kirishganligi munosabati bilan tashqi boshqaruvni tugatish to‘g‘risidagi qaror;
tashqi boshqaruvning belgilangan muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnoma bilan xo‘jalik sudiga murojaat etish haqidagi qaror;
qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash to‘g‘risidagi iltimosnoma bilan xo‘jalik sudiga murojaat etish haqidagi qaror;
kelishuv bitimi tuzish to‘g‘risidagi qaror.
70-modda. Tashqi boshqaruvchi hisobotining xo‘jalik sudi tomonidan tasdiqlanishi
Tashqi boshqaruvchining kreditorlar yig‘ilishi tomonidan ko‘rib chiqilgan hisoboti va kreditorlar yig‘ilishining bayonnomasi kreditorlar yig‘ilishi o‘tkazilgan sanadan keyin besh kundan kechiktirmay xo‘jalik sudiga yuboriladi.
Tashqi boshqaruvchining hisobotiga kreditorlar talablarining reyestri va kreditorlar yig‘ilishi qabul qilgan qarorga qarshi ovoz bergan yoki ovoz berishda ishtirok etmagan kreditorlarning shikoyatlari ilova qilingan bo‘lishi kerak.
Tashqi boshqaruvchining hisoboti hamda kreditorlarning shikoyatlari xo‘jalik sudi tomonidan majlisda ko‘rib chiqiladi.
Majlis o‘tkaziladigan vaqt va joy to‘g‘risida tashqi boshqaruvchi hamda shikoyat bergan kreditorlar xabardor qilinadilar.
Agar kreditorlar yig‘ilishi qarzdorning to‘lov qobiliyati tiklanganligi va u kreditorlar bilan hisob-kitob qilishga kirishganligi munosabati bilan tashqi boshqaruvni tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilgan bo‘lsa, tashqi boshqaruvchining hisoboti xo‘jalik sudi tomonidan tasdiqlanishi kerak, ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Agar xo‘jalik sudi tomonidan kreditorlarning shikoyatlari asosliligi yoki qarzdorning to‘lov qobiliyati tiklanganligi alomatlari yo‘qligi aniqlansa, xo‘jalik sudi tashqi boshqaruvchining hisobotini tasdiqlashni rad etadi.
Tashqi boshqaruvchining hisobotini tasdiqlash yoki tasdiqlashni rad etish yoxud tashqi boshqaruv muddatini uzaytirish yoki kelishuv bitimi tuzish to‘g‘risida ajrim chiqariladi.
Kreditorlar yig‘ilishining qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash to‘g‘risida iltimosnomasi bo‘lganda, shuningdek tashqi boshqaruvchining hisobotini tasdiqlashni xo‘jalik sudi rad etgan yoki bu hisobot tashqi boshqaruvning belgilangan muddati tugagandan so‘ng bir oy muddat ichida taqdim etilmagan taqdirda xo‘jalik sudi qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
71-modda. Tashqi boshqaruvchi hisobotining xo‘jalik sudi tomonidan tasdiqlanishi oqibatlari
Tashqi boshqaruvchi hisobotining xo‘jalik sudi tomonidan tasdiqlanishi bankrotlik to‘g‘risidagi ish yuritishni tugatish uchun asos bo‘ladi.
Kreditorlar yig‘ilishi tomonidan qabul qilingan iltimosnoma bo‘lganda xo‘jalik sudi kreditorlar bilan hisob-kitob qilish tugallanadigan muddatni belgilashga haqlidir.
Xo‘jalik sudi tashqi boshqaruvchining hisobotini tasdiqlash to‘g‘risida ajrim chiqaradi hamda kreditorlar bilan hisob-kitob qilish tugallanadigan muddatni belgilaydi, bu muddat ajrim chiqarilgan kundan boshlab olti oydan oshmasligi kerak. Bunday holda bankrotlik to‘g‘risidagi ishni yuritish kreditorlar bilan hisob-kitob qilib bo‘linganidan keyin tugatiladi.
Agar xo‘jalik sudi tomonidan belgilangan muddatda kreditorlar bilan hisob-kitob qilinmagan bo‘lsa, xo‘jalik sudi qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
72-modda. Kreditorlar bilan hisob-kitob
Ushbu Qonun 70-moddasining beshinchi qismida nazarda tutilgan hollarda kreditorlar bilan hisob-kitoblar tashqi boshqaruvchi tomonidan kreditorlar talablarining reyestriga muvofiq, xo‘jalik sudi tashqi boshqaruvchining hisobotini tasdiqlagan kundan boshlab amalga oshiriladi.
Kreditorlar bilan hisob-kitoblar ushbu Qonunning 83-moddasida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
Qarzdorning pul majburiyatlarini bajargan paytdan boshlab tashqi boshqaruvchi kreditorlar talablarining reyestriga tegishli yozuvni kiritadi.
73-modda. Kreditorlar talablarining qondirilishi
Kreditorlarning qondirilgan talablari, shuningdek voz kechish haqi yoki majburiyatning yangilanishi yoxud pul majburiyatlari o‘zgacha tarzda tugatilganligi to‘g‘risida kelishuvga erishilgan talablar, shuningdek ushbu Qonun bo‘yicha qondirilgan deb e’tirof etiladigan boshqa talablar qondirilgan deb hisoblanadi.
74-modda. Tashqi boshqaruvchining vakolatlarini tugatish tartibi
Tashqi boshqaruvning tugatilishi tashqi boshqaruvchining vakolatlari tugatilib, qarzdorning va qarzdor mol-mulki egasining boshqa boshqaruv organlari vakolatlari qayta tiklanishiga olib keladi.
Agar tashqi boshqaruv kelishuv bitimi qabul qilinishi yoki kreditorlarning talablari tugallanishi orqali tugallansa, tashqi boshqaruvchi yangi rahbar tayinlangunga (saylangunga) qadar o‘z vazifalarini qarzdorning rahbari vakolatlari doirasida bajarishni davom ettirib turadi.
Agar xo‘jalik sudi tomonidan qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash to‘g‘risida qaror qabul qilingan hamda boshqa shaxs ishonchli shaxs etib tayinlangan bo‘lsa, tashqi boshqaruvchi ishlarni ishonchli shaxsga topshirgunga qadar o‘z vazifalarini bajarishni davom ettirib turadi.
VI BOB. TUGATIShGA DOIR ISh YURITISh
75-modda. Tugatishga doir ish yuritishni boshlash
Xo‘jalik sudi tomonidan qarzdorni bankrot deb topish to‘g‘risida qaror qabul qilinishi tugatishga doir ish yuritishning boshlanishiga olib keladi.
Qarzdor bankrot deb e’lon qilingan paytdan boshlab qarzdorning o‘z mol-mulkini tasarrufidan chiqarishi, o‘zga shaxsga berishi va pul majburiyatlarini to‘lashi taqiqlanadi, hisob-kitob hisobvarag‘i bo‘yicha operatsiyalar, dividendlar va majburiy to‘lovlar to‘lash to‘xtatib qo‘yiladi. Qarzdorning barcha qarz majburiyatlari muddati o‘tib ketgan deb hisoblanadi, unga yangi talablarni taqdim etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Qarzdor qarzlarining barcha turlari bo‘yicha penyalar va foizlar hisoblash bekor qilinadi. Qarzdorning mol-mulkiga undiruvni qaratishga nisbatan barcha cheklashlar olib tashlanadi. Agar qabul qilingan qarorlar qonuniy kuchga kirmagan bo‘lsa, xo‘jalik sudida ko‘rilayotgan qarzdor ishtirokidagi barcha mulkiy nizolar tugatiladi. Shu paytdan boshlab mulkiy yoki moliyaviy tusdagi barcha talablar qarzdorga faqat tugatishga doir ish yuritish doirasida qo‘yilishi mumkin.
76-modda. Tugatishga doir ish yuritish ishtirokchilari
Ishonchli shaxs, kreditorlar yig‘ilishi (qo‘mitasi), qarzdor va boshqa manfaatdor taraflar tugatishga doir ish yuritishning ishtirokchilaridir.
77-modda. Tugatish komissiyasi
Oldingi tahrirga qarang.
Xo‘jalik sudi bankrotlik to‘g‘risida qaror qabul qilgan taqdirda ayni shu sud tomonidan ishonchli shaxs boshchiligida tugatish komissiyasi tuziladi. Mol-mulkida davlat mulkining ulushi bo‘lgan qarzdor bankrot deb e’lon qilingan taqdirda, ishonchli shaxs boshchiligidagi tugatish komissiyasini bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha davlat organi tuzadi. Ishonchli shaxsni xo‘jalik sudi tomonidan tasdiqlash tashqi boshqaruvchini tayinlash uchun nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
(77-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustdagi 832-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 229-modda)
Tugatish komissiyasi:
qarzdor-bankrot joylashgan erdagi rasmiy matbuotda uning tugatilishi to‘g‘risidagi hamda kreditorlarning talabnomalar bildirish tartibi xususidagi e’lonni chop etishi;
qarzdor-bankrotning tugatilishini kreditorlarga va manfaatdor taraflarga ma’lum qilishi;
qarzdor-bankrotning pul mablag‘larini bitta bankda yagona so‘m va yagona valyuta hisobvaraqlarida jamlashi;
qarzdor-bankrotning mol-mulki, shu jumladan garovdagi mol-mulki to‘g‘risidagi hisobotni tuzishi;
tugatish balansini tuzishi va uni xo‘jalik sudiga taqdim etishi;
qarzdor-bankrotni tugatish rejasini tayyorlashi;
joriy ishlarni tugallashi;
qarzdor-bankrotni tugatishni manfaatdor taraflar foydasini ko‘zlab bosqichma-bosqich amalga oshirishi;
kreditorlarga, xo‘jalik sudiga, soliq organlari va boshqa vakolatli organlarga, o‘zga manfaatdor tashkilotlarga va shaxslarga qarzdorning mol-mulki hamda qarzdorni tugatish jarayonining berishi haqidagi zarur axborotni berib turishi;
qarzdor-bankrotni tugatish o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi yakunlovchi hisobotni tayyorlashi va uni xo‘jalik sudiga taqdim etishi shart.
Mol-mulkida davlat mulkining ulushi bo‘lgan qarzdor-bankrot tugatish komissiyasining eng ko‘p ish muddati, qoida tariqasida, bir yildan oshishi mumkin emas. Tugatish komissiyasining ish muddati alohida hollarda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ko‘pi bilan yana olti oyga uzaytirilishi mumkin.
Qarzdor-bankrotni tugatish bilan bog‘liq ishlar tugatish komissiyasi tomonidan belgilangan muddatda tugallanmagan va kreditorlar mol-mulkning bir qismini qarzni qoplash hisobiga olishdan bosh tortgan taqdirda mol-mulkning realizatsiya qilinmagan qismi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat mulkiga o‘tadi.
Tugatish komissiyasining xatti-harakatlari ustidan xo‘jalik sudiga shikoyat qilish mumkin.
(77-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustdagi 832-I-son Qonuniga muvofiq uchinchi, to‘rtinchi va beshinchi qismlar bilan almashtirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 229-modda)
78-modda. Ishonchli shaxsning vakolatlari
Ishonchli shaxs tasdiqlangan paytdan boshlab qarzdorning ishlarini boshqarish bo‘yicha barcha vakolatlar, shu jumladan qarzdorning mol-mulkini tasarruf etish vakolatlari uning ixtiyoriga o‘tadi.
Qarzdorning boshqaruv organlari (tashqi boshqaruvchi) ishonchli shaxs tasdiqlangan paytdan boshlab uch kun ichida qarzdorning buxgalterlik va boshqa hujjatlari, muhr va shtamplari, moddiy va boshqa qimmatli narsalari ishonchli shaxsga berilishini ta’minlaydi. Ko‘rsatib o‘tilgan majburiyatni bajarishdan bosh tortilgan taqdirda qarzdorning boshqaruv organlari (tashqi boshqaruvchi), shu jumladan qarzdor-yuridik shaxsning rahbari, qarzdor-jismoniy shaxs qonun hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladi.
Ishonchli shaxs:
qarzdorning mol-mulkini o‘z tasarrufiga qabul qilib oladi, uni inventarizatsiya qiladi va baholaydi hamda uni saqlash chora-tadbirlarini ko‘radi;
kreditorlar yig‘ilishi va kreditorlar qo‘mitasini chaqiradi;
kreditorlar talablarining reyestrini yuritadi va bu talablarni ko‘rib chiqadi;
qarzdorning qarzini undirish chora-tadbirlarini ko‘radi;
qarzdor tugatilganda qarzdorning xodimlari huquqlari va manfaatlarini himoya qiladi;
kreditorlarning qarzdorga nisbatan bildirgan talablari bo‘yicha belgilangan tartibda e’tirozlar bildiradi;
qarzdorning shartnomalarini bajarishni ushbu Qonunning 56-moddasida belgilangan tartibda rad etadi;
qarzdorning uchinchi shaxslarda turgan mol-mulkini qidirish, aniqlash va qaytarishga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘radi;
qonun hujjatlariga muvofiq qarzdorning saqlanishi shart bo‘lgan hujjatlarini saqlash uchun topshiradi;
ushbu Qonunda belgilangan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
O‘z vakolatlarini amalga oshirish chog‘ida ishonchli shaxs qarzdorni bankrotlikka olib kelganligi munosabati bilan qonun hujjatlariga muvofiq uning majburiyatlari bo‘yicha subsidiar javobgar bo‘lgan uchinchi shaxslarga talablar taqdim etishga haqli.
Undirilgan summalar tugatish massasiga kiritiladi va ular ushbu Qonunda belgilangan navbat tartibida faqat kreditorlarning talablarini qondirish uchun ishlatilishi mumkin.
O‘z vakolatlarini amalga oshirish chog‘ida ishonchli shaxs qarzdorning hamda uning kreditorlarining manfaatlarini hisobga olgan holda harakat qilishi shart.
79-modda. Bankrotni tugatish rejasi
Qarzdor-bankrotni tugatish rejasida quyidagilar aks ettirilishi lozim:
qarzdor-bankrotning moliyaviy ahvoli to‘g‘risidagi ma’lumot;
kreditorlarning talabnomalarini qondirish shartlari, tartibi, navbati va mutanosibligi;
qarzdor-bankrot mol-mulki egasining, mehnat jamoasining manfaatlari hisobi;
sotilishi kerak bo‘lgan mol-mulkning ro‘yxati;
mol-mulkni sotish usuli, joyi va vaqti;
sud xarajatlarini to‘lash, ekspertlar, tugatish komissiyasi a’zolari, ishonchli shaxs va boshqa shaxslarning faoliyatiga haq to‘lash shartlari.
Qarzdor-bankrotni tugatish rejasi kreditorlar bilan kelishib olinishi kerak va u, agar talablar jami summasining kamida uchdan ikki qismini ifoda etuvchi kreditorlar tomonidan qo‘llab-quvvatlansa, ma’qullangan deb hisoblanadi. Agar tugatish rejasi ma’qullanmasa, kreditorlar esa qarzdor-bankrotni tugatishga doir o‘z rejalarini belgilangan muddatda taqdim etmasalar, ishonchli shaxs tugatish komissiyasi taklif etgan rejani tasdiqlaydi.
Qarzdorning o‘zi ish qo‘zg‘atish tashabbuskori bo‘lgan taqdirda, u o‘z tugatish rejasini taqdim etishga haqli.
Tasdiqlangan tugatish rejasi asosida mol-mulk sotiladi hamda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qarzdorga bildirilgan talabnomalar qondiriladi.
80-modda. Tugatish massasi. Qarzdorning mol-mulkini baholash
Qarzdor-bankrotning barcha aktivlari, balanslarda ko‘rsatilgan yoki ko‘rsatilmaganligidan qat’i nazar, tugatish massasini shakllantiruvchi asosni tashkil etadi.
Auksionda sotilayotgan mol-mulk uchun balans (qoldiq) qiymat boshlang‘ich baho bo‘ladi.
Quyidagilar tugatish massasiga kirmaydi:
qarzdor xodimlarining xususiy mulkidagi mol-mulk;
ishonchli (trast) boshqaruvdagi, qarzdor ijara huquqi asosida foydalanayotgan mol-mulk;
garov narsasi, ushbu Qonunning 82-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
qarzdorga javobgarlik asosida saqlash uchun berilgan tovarlar;
qonun hujjatlariga muvofiq qarzdorning mulki bo‘lmagan boshqa mol-mulk.
Oldingi tahrirga qarang.
Qarzdorning balansida belgilanganidan boshqa maqsadda yoki tijorat maqsadlarida foydalanish mumkin bo‘lmagan ijtimoiy va kommunal infratuzilma obyektlari bo‘lgan taqdirda, qarzdor bankrot deb e’lon qilingan paytdan e’tiboran bir oylik muddat ichida tugatish komissiyasining qarori bilan ular qoldiq qiymati bo‘yicha mahalliy hokimiyat organlariga beriladi. Mazkur obyektlarni realizatsiya qilishdan tushgan mablag‘lar tugatish massasiga kiritiladi
(80-modda O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustdagi 832-I-son Qonuniga muvofiq qism bilan to‘ldirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 229-modda).
81-modda. Tugatishga doir ish yuritish davomida qarzdorning hisobvaraqlari
Ishonchli shaxs tugatishga doir ish yuritish davomida qarzdorning bitta bankdagi faqat yagona so‘m va yagona valyuta hisobvaraqlaridan foydalanishi shart.
Qarzdorning tugatishga doir ish yuritish ochilayotgan paytda ma’lum bo‘lgan, shuningdek tugatishga doir ish yuritish jarayonida aniqlangan bankdagi boshqa hisobvaraqlari aniqlanishi bilanoq ishonchli shaxs tomonidan yopilishi lozim. Ana shu hisobvaraqlardagi qarzdorga tegishli pul mablag‘larining qoldig‘i qarzdorning asosiy hisobvarag‘iga o‘tkazilishi lozim.
Tugatishga doir ish yuritish davomida kelib tushgan pul mablag‘lari ham qarzdorning asosiy hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
Asosiy hisobvaraqdan ushbu Qonunning 83-moddasida nazarda tutilgan tartibda kreditorlarga qarzlar hamda ushbu moddaning beshinchi qismida ko‘rsatilgan xarajatlar to‘lanadi.
Quyidagilar qarzdorning asosiy hisobvarag‘idan to‘lanadi:
ishonchli shaxsga haq to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar;
qarzdorning joriy kommunal va foydalanish to‘lovlari;
qarzdorni bankrot deb topish hamda tugatishga doir ish yuritish boshlanganligi haqidagi ma’lumotni e’lon qilish, shuningdek qarzdorning kreditorlarini bundan xabardor qilish bilan bog‘liq xarajatlar;
tugatishga doir ish yuritishni amalga oshirish bilan bog‘liq boshqa xarajatlar.
Ishonchli shaxs kreditorlar yig‘ilishiga va kreditorlar qo‘mitasiga ularning talabiga binoan qarzdorning pul mablag‘laridan foydalanganlik to‘g‘risida hisobot taqdim etadi.
82-modda. Kreditorlarning garov bilan ta’minlangan talablarini qondirish
Kreditorlarning garov bilan ta’minlangan talablarini qondirish qarzdorning garovga qo‘yilgan mol-mulki (garov narsasi) sotilganidan keyin tushgan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi. Bu mablag‘larning kreditorlarning talablarini ushbu Qonunning 83-moddasida belgilangan navbat bo‘yicha qondirishga mo‘ljallanadi.
Agar garovga qo‘yilgan mol-mulkni (garov narsasini) sotishdan tushgan summa kreditorlarning garov bilan ta’minlangan barcha talablarini to‘la qondirish uchun yetarli bo‘lmasa, unda talablarning qolgan qismi ushbu Qonunning 83-moddasida belgilangan navbat bo‘yicha to‘lanishi kerak.
83-modda. Kreditorlarning talablarini qondirish navbati
Sud xarajatlarini, tashqi boshqaruvchiga, ishonchli shaxsga haq to‘lash bilan bog‘liq xarajatlarni, joriy kommunal va foydalanish to‘lovlarini qoplash, shuningdek qarzdorning tashqi boshqaruv va tugatishga doir ish yuritish jarayonida yuzaga kelgan majburiyatlariga doir talablarni qondirish navbatdan tashqari tarzda amalga oshiriladi.
Budjetga, budjetdan tashqari fondlarga to‘lovlarni hamda ish haqi to‘lash uchun pul mablag‘lari berilishini nazarda tutuvchi to‘lov (ijro) hujjatlari bo‘yicha, alimentlarni undirishga doir talablarni qondirish uchun hisobvaraqdan pul mablag‘larini o‘tkazish yoki berishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari bo‘yicha, mualliflik shartnomalari asosida haq to‘lash, shuningdek hayoti yoki sog‘lig‘iga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi, xo‘jalik subyektlarining budjetga to‘lovlar bo‘yicha hamda mehnatga oid va unga tenglashtirilgan huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan talablar bo‘yicha majburiyatlari teng darajada bajarilishini ta’minlovchi talablar birinchi navbatda qondiriladi. Mazkur talablar to‘liq qondirilganidan so‘ng ijtimoiy sug‘urta bo‘yicha talablar hamda fuqarolarning ularning mol-mulkiga jinoyat yoki ma’muriy huquqbuzarlik oqibatida yetkazilgan zararni qoplashga doir talablari qondiriladi.
Majburiy sug‘urta bo‘yicha talablar, shuningdek banklarning kreditlari va bank kreditlari sug‘urtasi bo‘yicha talablar ikkinchi navbatda qondiriladi.
Kreditorlarning garov bilan ta’minlangan talablari uchinchi navbatda qondiriladi.
Kreditorlarning garov bilan ta’minlanmagan talablari to‘rtinchi navbatda qondiriladi.
Aksiyalar egalarining talablari beshinchi navbatda qondiriladi.
Qolgan barcha talablar oltinchi navbatda qondiriladi.
Har qaysi navbat bo‘yicha talablar oldingi navbat talablari to‘la-to‘kis bajarilganidan keyin qondiriladi.
Undirib olinayotgan summa bir navbatning barcha talablarini to‘la-to‘kis qondirishga yetarli bo‘lmagan taqdirda bu talablar har bir undiruvchi olishi lozim bo‘lgan summaga mutanosib ravishda qondiriladi.
Oxirgi to‘lov to‘langanligi to‘g‘risida rasmiy matbuotda maxsus xabar e’lon qilinadi.
Mol-mulk qiymatining kreditorlar talablari qondirilganidan va ish yuritish xarajatlari to‘langanidan keyingi qoldig‘ini tugatilayotgan qarzdor mol-mulkining egasi (egalari) oladi.
Tugatish jarayonida qarzdorning sotilmay qolgan mol-mulkidan mol-mulkning egasi (egalari) ko‘rsatmasi bo‘yicha foydalaniladi.
Mol-mulk yetarli emasligi sababli qondirilmay qolgan qarz majburiyatlari uzilgan deb hisoblanadi.
84-modda. Qarzdorning mol-mulkini sotish
Qarzdorning mol-mulki inventarizatsiya qilinganidan va baholanganidan keyin ishonchli shaxs, agar kreditorlar yig‘ilishi (qo‘mitasi) tomonidan qarzdorning mol-mulkini sotishning boshqacha tartibi belgilangan bo‘lmasa, ushbu mol-mulkni ochiq kimoshdi savdosida sotishga kirishadi.
Qarzdorning mol-mulkini sotish tartibi va muddatlari kreditorlar yig‘ilishi (qo‘mitasi) tomonidan ma’qullangan bo‘lishi kerak.
Qarzdorning muomala qobiliyati cheklangan mol-mulki faqat yopiq kimoshdi savdosida sotilishi mumkin. Yopiq kimoshdi savdosida qonunga muvofiq mulk huquqida yoki boshqa ashyoviy huquqda mazkur mol-mulkka ega bo‘la oladigan shaxslar ishtirok etadilar.
Ishonchli shaxs kimoshdi savdosi tashkilotchisi sifatida ish olib borishi yoki kimoshdi savdosini o‘tkazishni ixtisoslashtirilgan tashkilotga shartnoma asosida topshirishi mumkin. Kimoshdi savdosini o‘tkazayotgan ixtisoslashtirilgan tashkilot qarzdorning yoki ishonchli shaxsning manfaatdor shaxsi bo‘lishi mumkin emas.
Birinchi kimoshdi savdosida sotilmay qolgan mol-mulk takroriy kimoshdi savdosiga qo‘yiladi yoki kimoshdi savdosi o‘tkazmay tuzilgan oldi-sotdi shartnomasi asosida ishonchli shaxs tomonidan realizatsiya qilinadi.
Qarzdorning korxonasini sotish ushbu Qonunning 64-moddasida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
85-modda. Tugatish jarayonida qarzdorning talab qilish huquqlaridan o‘zganing foydasiga voz kechish
Ishonchli shaxs, agar kreditorlar yig‘ilishi (qo‘mitasi) tomonidan qarzdorning talab qilish huquqlarini sotishning (o‘zganing foydasiga voz kechishning) boshqacha tartibi belgilangan bo‘lmasa, qarzdorning talab qilish huquqlarini ochiq kimoshdi savdosiga qo‘yishga haqli.
Qarzdorning talab qilish huquqlarini ochiq kimoshdi savdosida sotish (o‘zganing foydasiga voz kechish) ushbu Qonunning 66-moddasida nazarda tutilgan normalarga rioya etilgan holda amalga oshiriladi.
86-modda. Ishonchli shaxsning faoliyatini nazorat qilish
Ishonchli shaxs har oyda kamida bir marta kreditorlar qo‘mitasiga (yig‘ilishiga) o‘z faoliyati to‘g‘risida hisobot, qarzdorning moliyaviy ahvoli hamda tugatishga doir ish yuritish boshlangan paytdagi va ish yuritish jarayonidagi mol-mulki to‘g‘risidagi, shuningdek boshqa axborot taqdim etadi.
Ishonchli shaxs xo‘jalik sudining talabiga binoan tugatishga doir ish yuritish taomilini o‘tkazishga taalluqli barcha ma’lumotlarni taqdim etishi shart.
87-modda. Ishonchli shaxsni chetlashtirish
Ishonchli shaxs o‘z zimmasiga yuklangan majburiyatlarni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda kreditorlar yig‘ilishining (qo‘mitasining) iltimosnomasiga yoki bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha davlat organining taqdimnomasiga binoan xo‘jalik sudi uni o‘z vazifalarini bajarishdan chetlashtiradi hamda yangi ishonchli shaxsni tayinlaydi.
88-modda. Ishonchli shaxsning hisoboti
Kreditorlar bilan hisob-kitoblar qilib bo‘linganidan keyin ishonchli shaxs xo‘jalik sudiga tugatishga doir ish yuritishni o‘tkazish natijalari to‘g‘risida hisobot taqdim etishi shart.
Hisobotga quyidagilar ilova qilinadi:
qarzdorning mol-mulki sotilganligini tasdiqlovchi hujjatlar;
kreditorlar talablarining qondirilgan qismini ko‘rsatgan holda kreditorlar talablarining reyestri;
kreditorlar talablari qondirilganligini tasdiqlovchi hujjatlar.
89-modda. Qarzdorning kreditorlar talablari qondirilganidan keyin qolgan mol-mulki
Oldingi tahrirga qarang.
Tugatishga doir ish yuritishni o‘tkazish natijalari to‘g‘risida xo‘jalik sudiga ishonchli shaxs tomonidan hisobot taqdim etilganidan so‘ng agar mol-mulk egasi ikki haftalik muddat ichida kreditorlarning talablari qondirilganidan keyin qolgan mol-mulkka bo‘lgan huquqlari to‘g‘risida ariza bermagan bo‘lsa, ishonchli shaxs bu xususda mahalliy davlat hokimiyati organlarini xabardor qiladi
(89-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustdagi 832-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 229-modda).
Mahalliy davlat hokimiyati organlari bunday xabarni olgan paytdan e’tiboran bir oylik muddat ichida mol-mulkni balansga oladi va uni saqlab turishga doir barcha xarajatlarni ko‘taradi.
90-modda. Tugatishga doir ish yuritish taomilini yakunlash
Tugatishga doir ish yuritish taomilini o‘tkazish natijalari to‘g‘risida ishonchli shaxs tomonidan taqdim etilgan hisobot ko‘rib chiqilganidan keyin xo‘jalik sudi tugatishga doir ish yuritish yakunlanganligi to‘g‘risida ajrim chiqaradi va uni yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatiga oluvchi organga o‘n kun ichida yuboradi.
Xo‘jalik sudining ajrimi yuridik shaxslarning yagona davlat reyestriga qarzdor tugatilganligi to‘g‘risida yozuv kiritilishi uchun asosdir.
Yuridik shaxslarning yagona davlat reyestriga qarzdor tugatilganligi to‘g‘risidagi yozuv kiritilgan paytdan boshlab ishonchli shaxsning vakolatlari bekor qilinadi, tugatishga doir ish yuritish yakunlangan, qarzdor esa tugatilgan deb hisoblanadi.
VII BOB. KELIShUV BITIMI
91-modda. Kelishuv bitimini tuzish tartibi
Xo‘jalik sudi tomonidan bankrotlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqishning har qanday bosqichida qarzdor va kreditorlar kelishuv bitimini tuzishga haqlidir.
Kelishuv bitimi tuzish to‘g‘risidagi qarorni kreditorlar nomidan kreditorlar yig‘ilishi qabul qiladi. Kreditorlar yig‘ilishining kelishuv bitimi tuzish to‘g‘risidagi qarori kreditorlar umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi va qaror, agar ushbu Qonunning 83-moddasida belgilangan birinchi, ikkinchi va uchinchi navbat majburiyatlari bo‘yicha barcha kreditorlar uni yoqlab ovoz bergan bo‘lsa, qabul qilingan deb hisoblanadi.
Kelishuv bitimi tuzish to‘g‘risidagi qaror qarzdor nomidan tegishincha qarzdor-jismoniy shaxs yoki qarzdor-yuridik shaxsning rahbari, tashqi boshqaruvchi yoki ishonchli shaxs tomonidan qabul qilinadi.
Kelishuv bitimida nazarda tutilgan huquq va majburiyatlarni o‘z zimmasiga oladigan uchinchi shaxslarning kelishuv bitimida ishtirok etishiga yo‘l qo‘yiladi.
Kelishuv bitimi xo‘jalik sudi tomonidan tasdiqlanishi kerak, bu haqda bankrotlik to‘g‘risidagi ish yuritishni tugatish to‘g‘risidagi ajrimda ko‘rsatib o‘tiladi. Agar kelishuv bitimi tugatishga doir ish yuritish jarayonida tuzilsa, xo‘jalik sudi kelishuv bitimini tasdiqlash to‘g‘risida ajrim chiqaradi.
Kelishuv bitimi xo‘jalik sudi tomonidan tasdiqlangan kundan e’tiboran qarzdor va kreditorlar uchun kuchga kiradi va ular uchun majburiy hisoblanadi. Kuchga kirgan kelishuv bitimini bajarishdan bir tomonlama bosh tortishga yo‘l qo‘yilmaydi.
92-modda. Kelishuv bitimining shakli
Kelishuv bitimi yozma shaklda tuziladi.
Qarzdor nomidan kelishuv bitimini tegishincha qarzdor-jismoniy shaxs yoki qarzdor-yuridik shaxsning rahbari, tashqi boshqaruvchi yoki ishonchli shaxs imzolaydi. Kreditorlar nomidan kelishuv bitimini kreditorlar yig‘ilishi tomonidan vakil qilingan shaxs imzolaydi.
Agar kelishuv bitimida uchinchi shaxslar ishtirok etayotgan bo‘lsa, ular nomidan kelishuv bitimini tegishincha jismoniy shaxs, yuridik shaxsning rahbari yoki ularning vakillari imzolaydi.
93-modda. Kelishuv bitimining mazmuni
Kelishuv bitimida qarzdor pul majburiyatlarining miqdori, ularni bajarish tartibi va muddatlari to‘g‘risidagi va (yoki) qarzdorning pul majburiyatlarini voz kechish haqini berish, majburiyatlarni yangilash, qarzni kechish yo‘li bilan yoxud qonun hujjatlarida nazarda tutilgan o‘zga usullar bilan tugatish to‘g‘risidagi qoidalar bo‘lishi kerak.
Kelishuv bitimida quyidagilar bo‘lishi mumkin:
pul majburiyatlarining to‘lanishi kechiktirilganligi yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lanishi to‘g‘risidagi shartlar;
qarzdorning talabidan o‘zganing foydasiga voz kechish to‘g‘risidagi shartlar;
qarzdorning pul majburiyatlarini uchinchi shaxslar tomonidan bajarish to‘g‘risidagi shartlar;
qarzdan siylov qilish to‘g‘risidagi shartlar;
kreditorlarning talablarini qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa usullar bilan qondirish to‘g‘risidagi shartlar.
Kelishuv bitimi tuzish to‘g‘risidagi masala bo‘yicha ovoz berishda ishtirok etmagan, shuningdek uni tuzishga qarshi ovoz bergan kreditorlar uchun kelishuv bitimining shartlari uni tuzishni yoqlab ovoz bergan, shu navbatdagi kreditorlar uchun belgilangan shartlardan yomon bo‘lishi mumkin emas.
94-modda. Kelishuv bitimining xo‘jalik sudi tomonidan tasdiqlanishi shartlari
Kelishuv bitimi hayoti yoki sog‘lig‘iga yetkazilgan zarar uchun qarzdor javobgar bo‘lgan fuqarolarning qarzlari to‘lab bo‘lingandan keyin tuzilishi mumkin.
Qarzdor, tashqi boshqaruvchi yoki ishonchli shaxs kelishuv bitimi imzolangan paytdan e’tiboran besh kun ichida xo‘jalik sudiga kelishuv bitimi tuzilganligini tasdiqlovchi ariza taqdim etishi kerak.
Kelishuv bitimini tasdiqlash to‘g‘risidagi arizaga quyidagilar ilova qilinishi lozim:
kelishuv bitimining matni;
kelishuv bitimini tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilgan kreditorlar yig‘ilishining bayonnomasi;
barcha kreditorlarning ularning manzili va qarz summasini ko‘rsatgan holda tuzilgan ro‘yxati;
ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan fuqarolarning qarzlari to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatlar;
kelishuv bitimi tuzish to‘g‘risidagi masala bo‘yicha ovoz berishda ishtirok etmagan yoki kelishuv bitimini tuzishga qarshi ovoz bergan kreditorlarning yozma e’tirozlari.
Kelishuv bitimi ko‘riladigan sana haqida xo‘jalik sudi manfaatdor taraflarni xabardor qiladi. Xabardor qilingan shaxslarning hozir bo‘lmasligi ishni ko‘rishga monelik qilmaydi.
95-modda. Kelishuv bitimining xo‘jalik sudi tomonidan tasdiqlanishi oqibatlari
Tashqi boshqaruv jarayonida xo‘jalik sudi tomonidan kelishuv bitimining tasdiqlanishi kreditorlar talablarining qondirilishiga joriy etilgan moratoriy hamda bankrotlik to‘g‘risidagi ish yuritishning tugatilishi uchun asosdir. Agar kelishuv bitimi xo‘jalik sudi tomonidan tugatishga doir ish yuritish davrida tasdiqlangan bo‘lsa, xo‘jalik sudining qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash to‘g‘risidagi qarori ijro etilmasligi kerak.
Kelishuv bitimi xo‘jalik sudi tomonidan tasdiqlangan paytdan boshlab tashqi boshqaruvchi va ishonchli shaxsning vakolatlari bekor qilinadi. Tashqi boshqaruvchi va qarzdor-yuridik shaxsning ishonchli shaxsi qarzdorning rahbari tayinlangunga (saylangunga) qadar o‘z vakolatlarini bajarishni davom ettirib turadilar.
Kelishuv bitimi tasdiqlangan paytdan e’tiboran tegishincha qarzdor-jismoniy shaxs yoki qarzdor-yuridik shaxsning rahbari, tashqi boshqaruvchi yoki ishonchli shaxs kreditorlarning qarzini to‘lashga kirishadilar.
96-modda. Kelishuv bitimini tasdiqlashning xo‘jalik sudi tomonidan rad etilishi
Ushbu Qonunning 94-moddasi birinchi qismida ko‘rsatilgan fuqarolarning qarzlarini to‘lashga doir majburiyatlar bajarilmagan taqdirda xo‘jalik sudi kelishuv bitimini tasdiqlashni rad etadi.
Xo‘jalik sudi kelishuv bitimini tasdiqlashni quyidagi hollarda rad etishga haqlidir:
kelishuv bitimini tuzishning ushbu Qonunda belgilangan tartibi buzilganda;
kelishuv bitimining shakliga rioya etilmaganda;
uchinchi shaxslarning huquqlari buzilganda;
kelishuv bitimining shartlari qonun hujjatlariga zid bo‘lganda.
Kelishuv bitimini tasdiqlash rad etilganligi to‘g‘risida xo‘jalik sudi ajrim chiqaradi va uning ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
97-modda. Kelishuv bitimini tasdiqlashning rad etilishi oqibatlari
Xo‘jalik sudi tomonidan kelishuv bitimini tasdiqlashning rad etilishi to‘g‘risida ajrim chiqarilgan taqdirda bitim tuzilmagan deb hisoblanadi.
Xo‘jalik sudi tomonidan kelishuv bitimini tasdiqlashni rad etish to‘g‘risida ajrim chiqarilishi yangi kelishuv bitimi tuzilishiga monelik qilmaydi.
98-modda. Kelishuv bitimining haqiqiy emasligi
Qarzdor, kreditor yoki prokurorning arizasiga binoan kelishuv bitimi xo‘jalik sudi tomonidan quyidagi hollarda haqiqiy emas deb topilishi mumkin:
kelishuv bitimi ayrim kreditorlar uchun afzallik berilishini yoki ayrim kreditorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari kamsitilishini nazarda tutuvchi shartlarga ega bo‘lsa;
bitimni haqiqiy emas deb topish uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa asoslar mavjud bo‘lsa.
99-modda. Kelishuv bitimini haqiqiy emas deb topishning oqibatlari
Kelishuv bitimining haqiqiy emas deb topilishi bankrotlik to‘g‘risidagi ish yuritishni qayta tiklash uchun asosdir. Bankrotlik to‘g‘risidagi ish yuritishni qayta tiklash to‘g‘risida xo‘jalik sudi ajrim chiqaradi va uning ustidan shikoyat qilinishi mumkin.
Kelishuv bitimi haqiqiy emas deb topilgan taqdirda kreditorlarga to‘lanishi lozim bo‘lgan, lekin kechiktirilgan va (yoki) bo‘lib-bo‘lib to‘lanishi belgilangan talablari yoki qarzlarning siylovi ularning qondirilmagan qismi miqdorida tiklanadi.
Kelishuv bitimining haqiqiy emas deb topilishi ushbu Qonunning 94-moddasi birinchi qismida ko‘rsatilgan fuqarolarning qarzni to‘lash hisobidan olgan narsalarini qarzdorga qaytarish majburiyatini keltirib chiqarmaydi.
Bitimni haqiqiy emas deb topishning ushbu modda bilan tartibga solinmagan qismida bitimni haqiqiy emas deb topishning qonun hujjatlarida nazarda tutilgan oqibatlari kelib chiqadi.
Kelishuv bitimi haqiqiy emas deb topilganda qarzdorning bankrotligi to‘g‘risidagi ish yuritishni qayta tiklash haqidagi xabar xo‘jalik sudi tomonidan rasmiy nashrda qarzdor hisobidan e’lon qilinadi.
Kreditorlarning kelishuv bitimi shartlari asosida hisob-kitob qilib bo‘lingan talablari, agar ushbu Qonunga zid kelmasa, qondirilgan deb hisoblanadi. Kelishuv bitimining muayyan kreditorlar ustunligini yoki boshqa kreditorlar huquqlari va qonuniy manfaatlari kamsitilishini nazarda tutuvchi shartlariga muvofiq talablari qondirilgan kreditorlar kelishuv bitimini bajarish tartibida olgan barcha narsalarini qaytarishlari shart.
100-modda. Kelishuv bitimini bajarmaslik oqibatlari
Kelishuv bitimi qarzdor tomonidan bajarilmagan taqdirda kreditorlar kelishuv bitimida nazarda tutilgan hajmdagi talablarni taqdim etishga haqli.
Bankrotlik to‘g‘risidagi ish yuritish qo‘zg‘atilgan taqdirda kelishuv bitimi tuzgan kreditorlar talablarining hajmi kelishuv bitimida nazarda tutilgan shartlar asosida belgilanadi.
VIII BOB. QARZDOR-YuRIDIK ShAXSLAR AYRIM TOIFALARINING BANKROTLIGI XUSUSIYATLARI
§ 1. Shaharni tashkil etuvchi korxonalarning bankrotligi
101-modda. Shaharni tashkil etuvchi korxonaning bankrotligi to‘g‘risidagi ishni ko‘rish
Shaharni tashkil etuvchi korxonaning bankrotligi to‘g‘risidagi ish ko‘rilayotganda tegishli mahalliy davlat hokimiyati organi ishda ishtirokchi shaxs sifatida e’tirof etiladi.
Ishda ishtirok etayotgan shaxslar sifatida xo‘jalik sudi tomonidan davlat boshqaruv organlari ham jalb etilishi mumkin.
Shaharni tashkil etuvchi korxona maqomini tasdiqlovchi dalillar xo‘jalik sudiga qarzdor tomonidan taqdim etilishi kerak.
102-modda. Tashqi boshqaruv muddatini uzaytirish
Tashqi boshqaruv mahalliy davlat hokimiyati organining iltimosnomasi bo‘lgan taqdirda xo‘jalik sudi tomonidan uzog‘i bilan bir yil muddatga uzaytirilishi mumkin.
Shaharni tashkil etuvchi korxonaning moliyaviy ahvolini uning faoliyatiga investitsiya kiritish, xodimlarni ishga joylashtirish, yangi ish joylarini yaratish yo‘li bilan hamda qarzdorning to‘lov qobiliyatini tiklashning boshqa usullari bilan yaxshilash rejasi tashqi boshqaruvni ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan muddatdan ko‘proq muddatga uzaytirish uchun asos bo‘la oladi.
Mahalliy davlat hokimiyati organi yoki davlat boshqaruv organining iltimosnomasiga binoan qarzdorning majburiyatlari yuzasidan kafillik berish sharti bilan shaharni tashkil etuvchi korxonani tashqi boshqaruv muddati besh yilgacha uzaytirilishi mumkin. Bunday holda qarzdor va uning kafili kreditorlar bilan hisob-kitob qilishga ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan muddatlardan kechikmay kirishishlari shart.
Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan talablarga rioya qilinmasligi qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash uchun asos bo‘ladi.
103-modda. Shaharni tashkil etuvchi korxonani sotish
Shaharni tashkil etuvchi korxona kreditorlarning talablarini qondirish maqsadida tashqi boshqaruv chog‘ida sotilishi mumkin. Qarzdor-shaharni tashkil etuvchi korxonani sotish tanlov o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Quyidagilar tanlovning majburiy shartlari hisoblanadi:
shaharni tashkil etuvchi korxona sotilayotgan paytda unda ishlab turgan xodimlarning kamida 70 foizi uchun ish joylarini saqlab qolish;
shaharni tashkil etuvchi korxonaning faoliyat sohasi o‘zgartirilgan taqdirda mazkur xodimlarni qayta o‘qitish yoki ishga joylashtirish borasida xaridorning majburiyatlari.
Tanlovning boshqa shartlari faqat kreditorlar yig‘ilishining roziligi bilan, ushbu Qonunning 9-moddasida nazarda tutilgan tartibda belgilanishi mumkin.
Agar shaharni tashkil etuvchi korxona tanlov shartlarida sotilmagan bo‘lsa, u auksionda sotiladi.
104-modda. Bankrot deb topilgan qarzdor-shaharni tashkil etuvchi korxonaning mol-mulkini sotish
Bankrot deb topilgan qarzdor-shaharni tashkil etuvchi korxonaning mol-mulki sotilayotganda ishonchli shaxs birinchi kimoshdi savdosida sotish uchun korxonani yagona mulkiy majmua sifatida taklif etmog‘i lozim.
Agar qarzdor-shaharni tashkil etuvchi korxonaning mol-mulki yagona mulkiy majmua sifatida sotilmagan bo‘lsa, qarzdorning mol-mulkini sotish ushbu Qonunning 65-moddasiga muvofiq amalga oshiriladi.
§ 2. Qishloq xo‘jaligi korxonalarining bankrotligi
105-modda. Qishloq xo‘jaligi korxonalari bankrotligining xususiyatlari
Qishloq xo‘jaligi korxonalarining bankrotligi to‘g‘risida ish yuritish qo‘zg‘atilgunga qadar ularga nisbatan “Qishloq xo‘jaligi korxonalarini sanatsiya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan tartibda sudgacha sanatsiya qilish qo‘llanilishi mumkin.
Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi maqsadlarida ishlatilayotgan va bankrot deb topilgan qishloq xo‘jaligi korxonasiga tegishli bo‘lgan ko‘chmas mol-mulk obyektlari sotilayotganda ushbu obyektlarni sotib olishda boshqa shartlar teng bo‘lgani holda aynan shu hududda joylashgan qishloq xo‘jaligi korxonalari ustun huquqdan foydalanadilar.
Qishloq xo‘jaligi korxonasi bankrotlik oqibatida tugatilgan taqdirda unga berilgan yer uchastkalari yer to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda uning tasarrufidan chiqarilishi yoki boshqa shaxsga berilishi mumkin.
106-modda. Tashqi boshqaruv
Qishloq xo‘jaligi korxonasiga tashqi boshqaruv yetishtirilgan (ishlab chiqarilgan, ishlab chiqarilib qayta ishlangan) qishloq xo‘jaligi mahsulotini realizatsiya qilish uchun zarur vaqtni hisobga olgan holda qishloq xo‘jaligi ishlarining tegishli davri tugagunga qadar bo‘lgan muddatga joriy etiladi. Mazkur muddat ushbu Qonun 47-moddasining uchinchi qismida belgilangan muddatlardan uch oydan ko‘proqqa oshib ketmasligi lozim.
Tashqi boshqaruv muddati mobaynida tabiiy ofatlar va boshqa fors-major vaziyatlar tufayli qishloq xo‘jaligi korxonasining ishlab chiqarishida pasayish va moliyaviy holatida yomonlashish sodir bo‘lgan bo‘lsa, tashqi boshqaruv muddati bir yilga uzaytirilishi mumkin.
§ 3. Banklarning bankrotligi
107-modda. Banklarni bankrot deb topish asosi
Bankni bankrot deb topish to‘g‘risidagi ariza xo‘jalik sudi tomonidan ko‘rish uchun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya qaytarib olinganidan keyingina qabul qilinadi.
Qarzdor-bankning ixtiyoriy ravishda o‘zini bankrot deb e’lon qilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
108-modda. Bankning bankrotligi to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqishning xususiyatlari
Qarzdor-bank kreditorlarning talablarini qondirishga qodir bo‘lmagan taqdirda yuzaga keladigan munosabatlar hamda banklarning bankrotligi to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishning xususiyatlari qonunlarda belgilangan tarzda tartibga solinadi.
Bankka tashqi boshqaruv joriy etilmaydi.
Ishda ishtirokchi shaxslar ushbu Qonunda nazarda tutilganlardan tashqari O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, shuningdek fuqarolarning omonatlarini kafolatlovchi (sug‘urtalovchi) tashkilotdir.
§ 4. Sug‘urta tashkilotlarining bankrotligi
109-modda. Sug‘urta tashkilotining bankrotligi to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqish
Qarzdor-sug‘urta tashkilotining bankrotligi to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqilayotganda xo‘jalik sudlov ishida ishtirokchi shaxs sug‘urta faoliyati ustidan nazorat qiluvchi davlat organidir.
110-modda. Sug‘urta tashkilotining mulkiy majmuasini sotish
Sug‘urta tashkilotining mulkiy majmuasini sotish tashqi boshqaruv jarayonida ushbu Qonunning 64-moddasiga muvofiq amalga oshirilishi mumkin.
Sug‘urta tashkilotining mulkiy majmuasini sotib oluvchi faqat sug‘urta tashkiloti bo‘lishi mumkin.
Sug‘urta tashkilotining mulkiy majmuasi tashqi boshqaruv jarayonida sotilgan taqdirda sug‘urta tashkilotining mol-mulki sotilgan sanagacha sug‘urta hodisasi boshlanmagan sug‘urta shartnomalari bo‘yicha barcha huquq va majburiyatlar majmuani sotib olgan shaxsga o‘tadi.
Tugatishga doir ish yuritish o‘tkazilayotganida sotib oluvchi qarzdor-sug‘urta tashkiloti bankrot deb topilgan sanaga qadar sug‘urta hodisasi boshlanmagan shartnomalarni zimmaga olishga rozi bo‘lgandagina sug‘urta tashkilotining mulkiy majmuasi sotilishi mumkin.
111-modda. Sug‘urta tashkilotlari bankrot bo‘lgan taqdirda sug‘urta qildiruvchilarning talab qilish huquqlari
Xo‘jalik sudi sug‘urta tashkilotini bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash to‘g‘risida qaror qabul qilgan taqdirda bunday tashkilot sug‘urtalovchi sifatida tuzgan, mazkur qaror qabul qilingan sanaga qadar sug‘urta hodisasi boshlanmagan barcha shartnomalar bekor qilinadi, ushbu Qonun 110-moddasining uchinchi va to‘rtinchi qismlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Sug‘urta qildiruvchilar (naf oluvchilar) ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan asoslarga binoan bekor qilingan shartnomalar bo‘yicha sug‘urtalovchiga to‘langan sug‘urta mukofotining sug‘urta shartnomasining amal qilish muddati bilan bu shartnoma amal qilgan muddat o‘rtasidagi farqqa mutanosib tarzdagi qismi, agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, qaytarilishini talab qilishga haqlidir.
Sug‘urta qildiruvchilar (naf oluvchilar) xo‘jalik sudi sug‘urta tashkilotini bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash to‘g‘risida qaror qabul qilgunga qadar sug‘urta hodisasi boshlangan sug‘urta shartnomalari bo‘yicha sug‘urta summasi to‘lanishini tugatish komissiyasidan talab qilishga haqlidir.
112-modda. Kreditorlarning talablarini qondirish
Xo‘jalik sudi sug‘urta tashkilotini bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash to‘g‘risida qaror qabul qilgan taqdirda birinchi va ikkinchi navbatdagi kreditorlarning talablari quyidagi tartibda qondirilishi kerak:
birinchi navbatda — kreditorlarning shaxsiy majburiy sug‘urta shartnomalari bo‘yicha talablari;
ikkinchi navbatda — kreditorlarning boshqa majburiy sug‘urta shartnomalari bo‘yicha talablari;
uchinchi navbatda — boshqa kreditorlarning — sug‘urta qildiruvchilarning (naf oluvchilarning) talablari, shu jumladan ushbu Qonun 111-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan shaxslarning talablari;
to‘rtinchi navbatda — boshqa kreditorlarning talablari.
§ 5. Qimmatli qog‘ozlar bozori professional ishtirokchilarining bankrotligi
113-modda. Qimmatli qog‘ozlar bozori professional ishtirokchilarining bankrotligi xususiyatlari
Qimmatli qog‘ozlar bozorining professional ishtirokchisi bo‘lmish yuridik yoki jismoniy shaxsning bankrotligi to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqilayotganida xo‘jalik sudlov ishida ishtirokchi shaxs qimmatli qog‘ozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtiruvchi va nazorat qiluvchi vakolatli davlat organidir.
Qimmatli qog‘ozlar bozori professional ishtirokchilarining bankrotligi taomillarining ushbu Qonun bilan tartibga solinmagan xususiyatlari, shuningdek qimmatli qog‘ozlar bozori professional ishtirokchilari mijozlarining huquq va manfaatlarini himoya qilishga doir chora-tadbirlar qonunlarda belgilab qo‘yilishi mumkin.
Qimmatli qog‘ozlar bozori professional ishtirokchilari bankrotligining oldini olish va ularning to‘lov qobiliyatini tiklashning sudgacha taomillarini o‘tkazish tartibi qonun hujjatlari bilan belgilab qo‘yiladi.
114-modda. Tashqi boshqaruvchiga va ishonchli shaxsga taalluqli talablar
Qimmatli qog‘ozlar bozori professional ishtirokchisining bankrotligi to‘g‘risidagi ish bo‘yicha tashqi boshqaruvchi yoki ishonchli shaxsda qimmatli qog‘ozlar bozorining faoliyatini muvofiqlashtiruvchi va nazorat qiluvchi vakolatli davlat organi tomonidan beriladigan litsenziya bo‘lishi kerak.
115-modda. Tashqi boshqaruv va tugatishga doir ish yuritish xususiyatlari
Mijozlarning qimmatli qog‘ozlar bozori professional ishtirokchisining tasarrufida bo‘lgan qimmatli qog‘ozlari va boshqa mol-mulki tugatish massasiga kiritilmaydi.
Tashqi boshqaruv yoki tugatishga doir ish yuritish joriy etilgan paytdan boshlab mijozlarning qolgan qimmatli qog‘ozlari, agar tashqi boshqaruvchi yoki ishonchli shaxsning mijozlar bilan kelishuvida boshqacha qoidalar nazarda tutilgan bo‘lmasa, mijozlarga qaytarilishi lozim.
Qimmatli qog‘ozlar bozorining professional ishtirokchisi bo‘lmish tashkilotning tashqi boshqaruvi chog‘ida tashqi boshqaruvchi ushbu tashkilotga mijozlar tomonidan boshqarish uchun berilgan qimmatli qog‘ozlarni mijozlarning roziligi bilan va ularning nomidan qimmatli qog‘ozlar bozori professional ishtirokchisining tegishli litsenziyasiga ega bo‘lgan boshqa tashkilotga berishi mumkin.
IX BOB. JISMONIY ShAXSNING BANKROTLIGI
116-modda. Jismoniy shaxsning bankrotligini tartibga solish
Jismoniy shaxsning (tadbirkorlik faoliyatini yuridik shaxs tashkil etmagan holda amalga oshirayotgan shaxsning) bankrotligi bilan bog‘liq munosabatlarga nisbatan, agar mazkur bobda boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, ushbu Qonunning I—IV boblari qoidalari qo‘llaniladi.
117-modda. Qarzdor-jismoniy shaxsni bankrot deb topish to‘g‘risidagi ariza
Jismoniy shaxsni bankrot deb topish to‘g‘risidagi ariza xo‘jalik sudiga qarzdor-jismoniy shaxs, kreditor, prokuror, shuningdek soliq organlari va boshqa vakolatli organlar tomonidan berilishi mumkin.
Jismoniy shaxsni bankrot deb topish to‘g‘risida ariza berish huquqiga kreditorlar ham ega, hayoti yoki sog‘lig‘iga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash, alimentlarni undirish to‘g‘risidagi talablar bo‘yicha, shuningdek shaxsiy tusdagi boshqa talablar bilan chiquvchi kreditorlar bundan mustasno.
Jismoniy shaxsni bankrot deb topish taomili amalga oshirilayotgan paytda hayoti yoki sog‘lig‘iga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash, alimentlarni undirish to‘g‘risidagi, shuningdek shaxsiy tusdagi boshqa talablarni qo‘yayotgan kreditorlar o‘z talablarini taqdim etishga haqlidir. Mazkur kreditorlarning talablari, agar ular bankrotlik taomili qo‘llanilayotganda bildirilmagan bo‘lsa, jismoniy shaxsning bankrotligi taomili tugaganidan keyin ham o‘z kuchini saqlab qoladi.
118-modda. Qarzlarni to‘lash rejasi
Jismoniy shaxsning arizasiga qarzlarni to‘lash rejasi ilova qilinishi mumkin, rejaning nusxalari kreditorlarga va ishda ishtirok etayotgan boshqa shaxslarga jo‘natiladi.
Kreditorlarning e’tirozi bo‘lmasa, xo‘jalik sudi qarzlarni to‘lash rejasini tasdiqlashi mumkin, bu esa bankrotlik to‘g‘risidagi ish yuritilishini uzog‘i bilan ikki oygacha bo‘lgan muddatga to‘xtatib turish uchun asos bo‘ladi.
Qarzlarni to‘lash rejasi quyidagilarni o‘z ichiga olishi kerak:
uni amalga oshirish muddati;
qarzdorga yoki uning oila a’zolariga iste’mol uchun har oyda qoldiriladigan summaning miqdori;
kreditorlarning talablarini qondirishga har oyda jo‘natish mo‘ljallanayotgan summaning miqdori.
Xo‘jalik sudi bankrotlik to‘g‘risidagi ishda ishtirok etayotgan shaxslarning asoslantirilgan iltimosnomasiga binoan qarzlarni to‘lash rejasini o‘zgartirishi, shu jumladan uni amalga oshirish muddatini uzaytirishi yoki qisqartirishi, qarzdorga yoki uning oila a’zolariga iste’mol uchun har oyda qoldiriladigan summa miqdorini ko‘paytirishi yoki kamaytirishi mumkin.
Agar qarzdor qarzlarni to‘lash rejasini bajarishi natijasida kreditorlarning talablari to‘la hajmda qoplansa, bankrotlik to‘g‘risidagi ishni yuritish tugatilishi kerak.
119-modda. Jismoniy shaxslarning tugatish massasiga kirmaydigan mol-mulki
Qonun hujjatlariga muvofiq undiruvni qaratish mumkin bo‘lmagan mol-mulk tugatish massasiga kirmaydi.
Xo‘jalik sudi qarzdorning hamda bankrotlik to‘g‘risidagi ishda ishtirok etayotgan boshqa shaxslarning asoslantirilgan iltimosnomasiga binoan jismoniy shaxsning qonun hujjatlariga muvofiq undiruvni qaratish mumkin bo‘lgan, nolikvid mol-mulkini yoxud realizatsiya qilinganda tushgan daromad kreditorlarning talablarini qondirishga mohiyatan ta’sir etmaydigan mol-mulkini tugatish massasidan chiqarishga haqli.
Jismoniy shaxsning ushbu modda ikkinchi qismining qoidalariga muvofiq tugatish massasidan chiqariladigan mol-mulkining umumiy qiymati eng kam ish haqining ellik baravaridan ortiq bo‘lmasligi kerak. Bunday mol-mulkning ro‘yxati xo‘jalik sudi tomonidan tasdiqlanib, bu haqda ajrim chiqariladi.
120-modda. Jismoniy shaxs bitimlarining haqiqiy emasligi
Qarzdorni bankrot deb topish to‘g‘risidagi ariza xo‘jalik sudiga berilganidan keyin jismoniy shaxsning o‘z mol-mulkini tasarrufdan chiqarish yoki manfaatdor shaxslarga boshqa usullar bilan berish bilan bog‘liq bitimlari o‘z-o‘zidan haqiqiy bo‘lmagan bitimlardir.
Kreditorning talabiga binoan xo‘jalik sudi o‘z-o‘zidan haqiqiy bo‘lmagan bitim haqiqiy emasligining oqibatini jismoniy shaxsning bitim predmeti bo‘lgan mol-mulkini jismoniy shaxs mol-mulki tarkibiga qaytarish tariqasida yoki undiruvni manfaatdor shaxslarda turgan tegishli mol-mulkka qaratish tariqasida qo‘llanadi.
121-modda. Jismoniy shaxsning bankrotligi to‘g‘risidagi ishning xo‘jalik sudi tomonidan ko‘rilishi
Xo‘jalik sudi jismoniy shaxsni bankrot deb topish to‘g‘risidagi arizani qabul qilish bilan bir paytda jismoniy shaxsning mol-mulkini xatlab qo‘yadi, qonun hujjatlariga muvofiq undiruvni qaratish mumkin bo‘lmagan mol-mulk bundan mustasno. Qarzdorning pul majburiyatlari bajarilishi xususida uchinchi shaxslar tomonidan asoslantirilgan kafillik berilgan yoki boshqa kafolatlangan ta’minot taqdim etilgan taqdirda xo‘jalik sudi jismoniy shaxsning iltimosnomasiga binoan jismoniy shaxsning mol-mulkini (jismoniy shaxs mol-mulkining bir qismini) xatlovdan chiqarishi mumkin.
Jismoniy shaxsning arizasiga binoan xo‘jalik sudi jismoniy shaxs kreditorlar bilan hisob-kitob qilishi yoki kelishuv bitimiga erishishi uchun bankrotlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rishni uzog‘i bilan bir oy muddatga keyinga qoldirishi mumkin.
Jismoniy shaxsga nisbatan meros ochilganligi to‘g‘risida ma’lumot bo‘lgan taqdirda, xo‘jalik sudi jismoniy shaxsni bankrot deb topish to‘g‘risidagi ish yuritishni meros taqdiri to‘g‘risidagi masala qonunda belgilangan tartibda hal qilingunga qadar to‘xtatib turishga haqli.
Agar jismoniy shaxs ushbu moddaning ikkinchi qismida belgilangan muddatda kreditorlarning talablari qondirilganligini ko‘rsatuvchi dalillarni taqdim etmagan va belgilangan muddatda kelishuv bitimi tuzilmagan bo‘lsa, xo‘jalik sudi jismoniy shaxsni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
122-modda. Jismoniy shaxs bankrot deb topilishining oqibatlari
Xo‘jalik sudi jismoniy shaxsni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash to‘g‘risida qaror qabul qilgan paytdan e’tiboran:
qarzdorning pul majburiyatlarini bajarish muddati kelgan deb hisoblanadi;
qarzdorning barcha majburiyatlari bo‘yicha neustoykalar (jarimalar, penyalar), foizlar qo‘shish va boshqa moliyaviy (iqtisodiy) sanksiyalar bekor qilinadi;
qarzdordan barcha ijro hujjatlari bo‘yicha, alimentlar undirish to‘g‘risidagi talablarga doir ijro hujjatlari bundan mustasno, shuningdek hayoti yoki sog‘lig‘iga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi talablar bo‘yicha amalga oshiriladigan undiruvlar bekor qilinadi.
Jismoniy shaxsni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash to‘g‘risidagi qarorni xo‘jalik sudi aniqlangan barcha kreditorlarga ular o‘z talablarini taqdim etadigan muddatni ko‘rsatgan holda jo‘natadi, bu muddat ikki oydan oshmasligi kerak. Xo‘jalik sudining ana shunday qarorini yuborish jismoniy shaxs hisobidan amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Xo‘jalik sudi jismoniy shaxsni bankrot deb topish to‘g‘risida qaror qabul qilgan paytdan boshlab uning yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tganligi o‘z kuchini yo‘qotadi, shuningdek faoliyatning ayrim turlari bilan shug‘ullanish uchun unga berilgan litsenziyaning amal qilishi tugatiladi.
(122-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2000-yil 15-dekabrdagi 175-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2001-y., 1-2-son, 23-modda).
Bankrot deb topilgan jismoniy shaxs uning bankrotligi e’tirof etilgan kundan e’tiboran bir yil ichida yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatga olinishi mumkin emas.
Xo‘jalik sudi jismoniy shaxsni bankrot deb topish to‘g‘risidagi qaror nusxasini ayni shu shaxsni yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatga olgan organga yuboradi.
123-modda. Xo‘jalik sudining qarorini bajarish
Xo‘jalik sudining qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash to‘g‘risidagi qarori hamda undiruvni qarzdorning mol-mulkiga qaratish to‘g‘risidagi ijro varaqasi qarzdorning mol-mulki sotilishini amalga oshirish uchun sud ijrochisiga yuboriladi. Qarzdor-jismoniy shaxsning barcha mol-mulki sotilishi kerak, ushbu Qonunga muvofiq tugatish massasiga kirmaydigan mol-mulk bundan mustasno.
Qarzdor bedarak yo‘qolgan taqdirda jismoniy shaxsning ko‘chmas mol-mulkini yoki qimmatli ko‘char mol-mulkini doimiy boshqaruv zarur bo‘lganda xo‘jalik sudi mazkur maqsadlar uchun ishonchli shaxsni tayinlaydi va unga to‘lanadigan haq miqdorini belgilaydi. Bu holda qarzdor-jismoniy shaxsning mol-mulki ochiq kimoshdi savdosida sotiladi.
Qarzdorning mol-mulkini sotishdan tushgan, shuningdek mavjud naqd pul mablag‘lari jismoniy shaxsni bankrot deb topish to‘g‘risida qaror qabul qilgan xo‘jalik sudining depozitiga kiritiladi.
124-modda. Kreditorlarning talablarini ko‘rish
Xo‘jalik sudi kreditorlar tomonidan ushbu Qonun 122-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan muddatda bildirilgan talablarni ko‘radi. Ko‘rish natijalari asosida xo‘jalik sudi kreditorlarning talablarini qondirish tartibi va miqdori to‘g‘risida ajrim chiqaradi.
125-modda. Kreditorlarning talablarini qondirish tartibi
Kreditorlarning talablari xo‘jalik sudi depozitiga kiritilgan pul mablag‘lari hisobidan qondirilgunga qadar bankrotlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rish va xo‘jalik sudining jismoniy shaxsni bankrot deb topish to‘g‘risidagi qarorini bajarish bilan bog‘liq xarajatlar qoplanadi.
Kreditorlarning talablarini navbat bo‘yicha qondirish quyidagicha amalga oshiriladi:
birinchi navbatda budjetga va budjetdan tashqari fondlarga majburiy to‘lovlar xususidagi talablar, hayoti yoki sog‘lig‘iga zarar yetkazganlik uchun qarzdor javobgar bo‘lgan fuqarolarning talablari tegishli vaqtbay to‘lovlarni kapitallashtirish yo‘li bilan, aliment undirish to‘g‘risidagi talablar, shuningdek mehnat shartnomasi bo‘yicha ishlayotgan shaxslar mehnatiga haq to‘lash va ularga ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘lash bo‘yicha hisob-kitob qilishni nazarda tutuvchi hamda mualliflik shartnomalari bo‘yicha haq to‘lashga doir talablar qondiriladi;
ikkinchi navbatda kreditorlarning pul majburiyatlari bo‘yicha qarzdorning mol-mulki garovi bilan ta’minlangan talablari qondiriladi;
uchinchi navbatda boshqa kreditorlar bilan hisob-kitob qilinadi.
Har qaysi navbat bo‘yicha talablar oldingi navbat talablari to‘la-to‘kis bajarilganidan keyin qondiriladi.
Xo‘jalik sudining depozitida pul mablag‘lari yetarli bo‘lmagan taqdirda bu mablag‘lar tegishli navbatdagi kreditorlar o‘rtasida ular talablarining summasiga mutanosib tarzda taqsimlanadi.
126-modda. Qarzdorni majburiyatlardan ozod qilish
Bankrot deb topilgan jismoniy shaxs kreditorlar bilan hisob-kitob qilish tugaganidan keyin kreditorlarning jismoniy shaxsni bankrot deb topish taomili amalga oshirilayotganda bildirilgan talablarini kelgusida bajarishdan ozod etiladi, ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan talablar bundan mustasno.
Kreditorlarning hayoti yoki sog‘lig‘iga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi talablari, alimentlarni undirish to‘g‘risidagi talablar, shuningdek shaxsiy tusdagi, xo‘jalik sudining jismoniy shaxsni bankrot deb topish to‘g‘risidagi qarorini ijro etish tartibida bajarilmagan yoki qisman bajarilgan yoxud jismoniy shaxsni bankrot deb topish taomili amalga oshirilayotganida bildirilmagan boshqa talablar o‘z kuchida qoladi va jismoniy shaxsni bankrot deb topish taomili tugallanganidan keyin tegishincha to‘la hajmda yoki qondirilmagan qismi hajmida bildirilishi mumkin.
Qarzdor tomonidan mol-mulkning yashirilganligi yoki uning o‘z mol-mulkini uchinchi shaxslarga g‘ayriqonuniy tarzda berganligi faktlari aniqlangan taqdirda bankrotlik jarayonida talablari qondirilmay qolgan kreditor undiruvni ana shu mol-mulkka qaratish talabini taqdim etishga haqli.
X BOB. BANKROTLIK TAOMILINI SODDALAShTIRISh
§ 1. Tugatilayotgan qarzdor bankrotligining xususiyatlari
127-modda. Tugatilayotgan qarzdorning bankrotligi
Agar qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmaganligi va (yoki) ustav fondini shakllantirmaganligi munosabati bilan uni tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilingan qarzdor-yuridik shaxsning mol-mulki qiymati kreditorlarning talablarini qondirishga yetarli bo‘lmasa, bunday yuridik shaxs ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartibda tugatiladi. Shu bilan birga davlat yuridik shaxsning kreditori bo‘lgan taqdirda, yuridik shaxsni tugatish qonun hujjatlarida ana shu toifadagi yuridik shaxslar uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan holatlar aniqlangan taqdirda tugatish komissiyasi qarzdorni bankrot deb topish to‘g‘risidagi ariza bilan xo‘jalik sudiga yoki qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tegishli choralarni ko‘rishi uchun davlat soliq xizmati organlariga murojaat etishi shart.
(127-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustdagi 832-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 229-modda).
128-modda. Tugatilayotgan qarzdorning bankrotligi to‘g‘risidagi ishni ko‘rish xususiyatlari
Xo‘jalik sudi tugatilayotgan qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash to‘g‘risida qaror qabul qilib, ishonchli shaxsni tasdiqlaydi.
Kreditorlar tugatilayotgan qarzdorga bo‘lgan o‘z talablarini tugatilayotgan qarzdor bankrot deb topilganligi to‘g‘risidagi e’lon chop etilgan paytdan boshlab bir oylik muddat ichida taqdim etishga haqli.
129-modda. Qarzdorni bankrotlik tartibida tugatishdan bosh tortish oqibatlari
Ushbu Qonun 127-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan talablarning buzilishi yuridik shaxslarning davlat reyestriga yuridik shaxs tugatilganligi to‘g‘risidagi yozuvni kiritishni rad etish uchun asos bo‘ladi.
§ 2. Hozir bo‘lmagan qarzdorning bankrotligi
130-modda. Hozir bo‘lmagan qarzdorni bankrot deb topish to‘g‘risida ariza berishning xususiyatlari
Qarzdor-jismoniy shaxs yoki amalda o‘z faoliyatini tugatgan qarzdor-yuridik shaxsning rahbari hozir bo‘lmagan va uning qayerdaligini aniqlashning imkoni bo‘lmagan taqdirda, qarzdorni bankrot deb topish to‘g‘risidagi ariza kreditorlik qarzi miqdoridan qat’i nazar kreditor, bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha davlat organi, soliq organi yoki boshqa vakolatli organ, shuningdek prokuror tomonidan berilishi mumkin.
131-modda. Hozir bo‘lmagan qarzdorning bankrotligi to‘g‘risidagi ishni ko‘rish
Xo‘jalik sudi hozir bo‘lmagan qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash to‘g‘risida qarzdorni bankrot deb topish haqidagi arizani o‘z ish yurituviga qabul qilib olgan kundan e’tiboran ikki haftalik muddat ichida qaror qabul qiladi.
Xo‘jalik sudining qarori bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha davlat organiga yuboriladi, bu organ mazkur qarorni olgan kundan e’tiboran bir haftalik muddat ichida xo‘jalik sudiga ishonchli shaxs nomzodini taqdim etadi. Xo‘jalik sudi ishonchli shaxsni bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha davlat organi xodimlari orasidan tayinlashi mumkin.
Ishonchli shaxs o‘zi aniqlagan barcha kreditorlarni qarzdorning bankrotligi to‘g‘risida yozma ravishda xabardor qiladi, ular bu xabarni olgan kundan e’tiboran bir oylik muddat ichida ishonchli shaxsga o‘z talablarini taqdim etishlari mumkin.
Ishonchli shaxs qarzdorning mol-mulkini topgan taqdirda xo‘jalik sudi uning iltimosnomasiga binoan bankrotlikning soddalashtirilgan taomilini bekor qilish hamda ushbu Qonunda nazarda tutilgan bankrotlikning umumiy taomiliga o‘tish to‘g‘risida ajrim chiqarishi mumkin.
XI BOB. YAKUNLOVChI QOIDALAR
132-modda. Bankrotlikka olib kelgan g‘ayrihuquqiy harakatlar
Bankrotlikka olib kelgan g‘ayrihuquqiy harakatlar deyilganda mansabdor shaxslarning yoki qarzdor mol-mulki egalarining yoxud kreditor (kreditorlar) yoki boshqa shaxslarning qasddan qilgan xatti-harakatlari bilan bog‘liq, qarzdorga yoki kreditorga (kreditorlarga) zarar yetkazgan qoidabuzarliklar tushuniladi.
Quyidagilar ham g‘ayrihuquqiy harakatlar jumlasiga kiradi:
qarzdor mol-mulkining yoki majburiyatlarining hammasini yoki bir qismini yashirish;
qarzdorning xo‘jalik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq hisobga olishning har qanday hujjatini yashirish, yo‘q qilish, soxtalashtirish;
mol-mulkni (shu jumladan pul mablag‘larini) yashirish maqsadida boshqa yuridik va jismoniy shaxslarga berib yuborish;
buxgalterlik hujjatlariga zarur yozuvlarni kiritmaslik;
qarzdorning kreditga olingan va haqi to‘lanmagan mol-mulkining hammasini yoki bir qismini sotish, yo‘q qilish, garov sifatida qo‘yish;
mansabdor shaxslarning yoki qarzdor mol-mulki egalarining shaxsiy manfaatlarini yoxud uchinchi shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab qarzdorning to‘lovga qobiliyatsizligini oshirish;
aylanma mablag‘larni qaytarmay boshqa maqsadlarga ishlatish;
kreditorlarga to‘lanadigan to‘lovlardan siylov olish yoki to‘lovni bo‘lib-bo‘lib to‘lashga erishish uchun kreditorlarni chalg‘itish maqsadida o‘zining nochorligini qasddan yolg‘on (soxta) e’lon qilish;
kreditorga (kreditorlarga) zarar yetkazish maqsadini ko‘zlagan holda boshqa har qanday usul bilan qasddan bankrotlikka olib kelish;
kreditorning talablarini boshqa kreditorlarning zarariga afzalroq qondirish, shunday qondirishga rozilik berish;
soliqlar va qarzlarni to‘lashdan qochish maqsadida qarzdorning qasddan o‘zini o‘zi tugatishi.
Bankrotlikni keltirib chiqargan g‘ayrihuquqiy harakatlar olgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortilishlari mumkin.
133-modda. Tashqi boshqaruvchi, ishonchli shaxsning arizalarini va kreditorlarning shikoyatlarini ko‘rish
Tashqi boshqaruv yoki tugatishga doir ish yuritish jarayonida tashqi boshqaruvchi, ishonchli shaxs bergan arizalar, shu jumladan ular bilan kreditorlar o‘rtasida kelib chiqqan kelishmovchiliklar to‘g‘risidagi arizalar, shuningdek kreditorlarning o‘z huquq va manfaatlari buzilganligi xususidagi shikoyatlari tegishli ariza va shikoyatlar olingan kundan e’tiboran ikki haftalik muddatdan kechiktirmay xo‘jalik sudi tomonidan ko‘riladi. Ularni ko‘rish natijalari bo‘yicha ajrim chiqariladi.
Tashqi boshqaruvchi, ishonchli shaxs va qarzdorning xodimlari vakili o‘rtasidagi kelishmovchiliklar ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan muddatlarda ko‘riladi.
Pul majburiyatlari va (yoki) majburiy to‘lovlar tarkibi, miqdori va ularni to‘lash navbati xususida kreditorlar, soliq organlari va boshqa vakolatli organlar bilan tashqi boshqaruvchi yoxud ishonchli shaxs o‘rtasida kelib chiqadigan kelishmovchiliklar xo‘jalik sudi tomonidan ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartibda ko‘riladi.
Mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan shaxslar mehnatiga haq to‘lash va ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘lashga doir talablarning tarkibi va miqdori xususida qarzdorning xodimlari vakili bilan tashqi boshqaruvchi, ishonchli shaxs o‘rtasida kelib chiqadigan kelishmovchiliklar xo‘jalik sudi tomonidan ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartibda ko‘riladi.
Xo‘jalik sudining ajrimi ustidan ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollarda shikoyat qilinishi mumkin.
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 9-son, 167, 168-moddalar; 1999-y., 9-son, 229-modda; 2000-y., 5-6-son, 153-modda; 2001-y., 1-2-son, 23-modda)