Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Sport kurashlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida
Mamlakatimizda sport kurashini yanada rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni erkin va yunon-rum kurashi bilan muntazam shugʻullanishga faol jalb etish va shu asosda milliy terma jamoalar uchun sportchilar zaxirasini shakllantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 24 centyabrdagi PQ-1822-sonli “Sport kurashlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori.
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Sport kurashlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabiga oʻquvchi-sportchilarni qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Sport kurashlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabi oʻquvchi-sportchilarini zarur anjomlar, sport ekipirovkasi va formali kiyim-bosh bilan taʼminlash normativlari 2-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Sport kurashlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabini jihozlash uchun zarur sport oʻquv-mashq va tibbiyot anjomlari, shuningdek, texnika va transport vositalari roʻyxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
Sport kurashlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabi (keyingi oʻrinlarda — sport maktabi) xodimlarining cheklangan umumiy soni 115 nafardan (shu jumladan 60 nafar sportchi shtati) iborat boʻlib, uning tuzilmasi Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan tasdiqlanadi;
Oldingi tahrirga qarang.
sport maktabi oʻz faoliyatini Vazirlar Mahkamasining “Sport maktablari faoliyatini hamda sport maktablari trenerlari va mutaxassislari mehnatini moddiy ragʻbatlantirish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” 2010-yil 23-sentabrdagi 211-son qarori asosida tashkil etadi hamda mehnat shartnomasi asosida ishlovchi instruktor-metodistlar, trener-oʻqituvchilar, raqamlashtirishni joriy qilish boʻyicha mutaxassislar, buxgalterlar, kadrlar boʻyicha (xodimlar bilan ishlash boʻlimi) inspektorlar, tibbiyot xodimlari va xoʻjalik mudirlarining bazaviy tarif stavkasiga (lavozim maoshi) ushbu qaror talablari asosida qoʻshimcha haq va ustamalar toʻlanadi;
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 24-fevraldagi 76-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
sport maktabining mehnat shartnomasi asosida ishlovchi direktor oʻrinbosari, trener-oʻqituvchilari va instruktor-metodistlarining bazaviy tarif stavkalari Vazirlar Mahkamasining “Xalq taʼlimi xodimlari mehnatiga haq toʻlashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2005-yil 21-dekabrdagi 275-son qaroriga muvofiq belgilanadi. Bunda direktor oʻrinbosarining bazaviy tarif stavkasi Oliy sport mahorati maktabi direktorining oʻrinbosariga tenglashtiriladi;
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 24-fevraldagi 76-sonli qaroriga asosan toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilgan)
sport maktabida oʻquvchi-sportchilar kontingenti ularning vazn toifalarini hisobga olgan holda, 60 nafardan iborat etib belgilanadi hamda taʼlim olish muddati oʻquvchi-sportchi Oʻzbekiston Respublikasi terma jamoasining asosiy (yoki zaxira) tarkibida boʻlgan davr mobaynida davom etadi;
sportchi lavozimiga sport maktabi oʻquvchi-sportchilari kontingenti orasidan qabul qilinadi;
sport maktabiga oʻquvchi-sportchilar umumiy kontingentdan kelib chiqqan holda yil davomida qabul qilinadi;
sport maktabida oʻquv-mashq jarayonining davomiyligi va davriyligi sport musobaqalari taqvimi va oʻquvchi-sportchilarning har bir guruhi uchun yakka tartibda sport tayyorgarligi davrlari hisobga olingan holda sport maktabi rahbariyati tomonidan belgilanadi;
sport maktabining oʻquvchi-sportchilari toʻrt mahal ovqat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “Dinamo” jismoniy tarbiya-sport jamiyati kengashi huzuridagi turgʻun ovqatlanish shoxobchasini belgilangan tartibda ijara olgan ijaraga oluvchi tomonidan taʼminlanadi;
sport maktabi oʻquvchi-sportchilarini toʻrt mahal ovqat bilan taʼminlash xarajatlarining har kunlik normasi amalda boʻlgan bazaviy hisoblash miqdoriga nisbatan foizlarda, lekin Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “Dinamo” jismoniy tarbiya-sport jamiyati kengashi huzuridagi turgʻun ovqatlanish shoxobchasining qoʻshimcha xarajatlarini qoplashni hisobga olgan holda 30 foizdan ortiq boʻlmagan miqdorda belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Sport vazirligi bilan birgalikda:
(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 8-maydagi 272-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.05.2024-y., 09/24/272/0337-son)
sport maktabi belgilangan kontingentining vazn toifalarini hisobga olgan holda nomzodlarni tanlab olish va ularning oʻquvchi-sportchilar safiga qabul qilinishini;
sport maktabining turli darajadagi musobaqalar va oʻquv-mashq yigʻinlari sport tadbirlari taqvim rejasi belgilangan muddatlarda tasdiqlanishini;
sport maktabining oʻquv-mashq jarayonida sport kurashlari boʻyicha yuqori malakali kadrlardan hamda ularning ilmiy-metodik salohiyatidan unumli foydalanilishini;
trenerlar tarkibi va oʻquvchi-sportchilarning sport kurashlari boʻyicha yetakchi xorijiy markazlar va maktablarda stajirovkadan oʻtishi tizimli asosda tashkil etilishini;
erkin va yunon-rum kurashi boʻyicha yosh kurashchilarni tayyorlashda ilgʻor xalqaro tajribalarning hisobga olinishini;
oʻquv-mashq jarayonini yuqori darajada tashkil etish maqsadida sport maktabini malakali mutaxassislar bilan toʻldirish, oʻquv xonalarini zarur oʻquv-metodik adabiyotlar bilan jihozlash choralari koʻrilishini;
sport maktabi oʻquvchi-sportchilari tayyorgarligining sifati muntazam ravishda monitoring qilib borilishini va zarur hollarda tayyorgarlik jarayoniga tegishli oʻzgartirishlar kiritilishini taʼminlasin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 29-iyuldagi PQ-336-sonli “Sport kurashlarining olimpiya turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori.
4. Sport maktabiga belgilangan tartibda tasdiqlanadigan sport maktabi sport tadbirlarining taqvim rejasi hamda ushbu maqsadlar uchun nazarda tutilgan mablagʻlar doirasida oʻquvchi-sportchilar va trenerlarni xalqaro musobaqalarda va xorijda oʻtkaziladigan oʻquv-mashq yigʻinlariga yuborish huquqi berilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bir oy muddatda sport maktabining yangilangan ustavi va tuzilmasini belgilangan tartibda tasdiqlasin.
6. Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 23-sentabrdagi 211-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan sport maktablari toʻgʻrisidagi nizomga 4-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 5-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 11-avgust,
356-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 11-avgustdagi 356-son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Sport kurashlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabiga oʻquvchi-sportchilarni qabul qilish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Sport kurashlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabiga (keyingi oʻrinlarda — sport maktabi) oʻquvchi-sportchilarni qabul qilish tartibini belgilaydi.
2. Sport maktabida oʻquvchi-sportchilarning kontingenti, ularning vazn toifalarini hisobga olgan holda, 60 nafardan iborat boʻladi hamda taʼlim olish muddati oʻquvchi-sportchi Oʻzbekiston Respublikasi terma jamoasining asosiy (yoki zaxira) tarkibida boʻlgan davr mobaynida davom etadi.
3. Sport maktabiga 18 yosh va undan katta boʻlgan sportchilar qabul qilinadi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Sport kurashlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabiga nomzodlarni tanlab olish va oʻqishga qabul qilish ushbu Nizomga 1-ilovadagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
5. Oʻquvchi-sportchilarni sifatli tanlab olishni taʼminlash maqsadida sport maktabi Oʻzbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi bilan birgalikda sport maktabida qabul oʻrinlari boʻshagan kundan boshlab bir oy muddat davomida tanlov va uni oʻtkazish shartlari toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalari orqali eʼlon beradi.
2-bob. Nomzodlardan hujjatlarni qabul qilish
6. Nomzodlarning hujjatlari sport maktabida har bir qabul oʻrni boʻshagan muddatdan boshlab qabul qilinadi.
7. Sport maktabiga oʻqish uchun nomzodlar tomonidan quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
sport maktabiga qabul qilish toʻgʻrisida direktor nomiga nomzodning arizasi;
F-086-u shaklidagi tibbiy maʼlumotnoma;
nomzodning sport toifasini (unvonini) tasdiqlaydigan sportchi klassifikatsiya daftarchasi (guvohnomasi);
umurtqa pogʻonasi koʻkrak va bel qismlarining ikki proyeksiyadagi rentgen rasmi va travmatolog xulosasi;
koʻkrak qafasi flyurografiyasi rasmi va shifokor (vrach) xulosasi.
Nomzodning fuqarolik pasporti yoki identifikatsiya ID-kartasi “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali sport maktabining masʼul xodimlari tomonidan mustaqil ravishda olinadi.
Mazkur bandda koʻrsatilmagan hujjatlarni talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
8. Sport maktabiga oʻqishga kiradigan nomzodlarga quyidagi minimal talablar qoʻyiladi:
sport ustaligiga nomzoddan past boʻlmagan sport toifasining mavjudligi;
kurashning tegishli yosh guruhlari va uslublari boʻyicha sportchilar oʻrtasida Oʻzbekiston, Osiyo va jahon chempionatlarida egallangan sovrinli oʻrinlarning (1 — 3-oʻrinlar) mavjudligi.
3-bob. Tanlovni oʻtkazish va oʻqishga qabul qilish
9. Sport maktabiga oʻquvchi-sportchilarni tanlovdan oʻtkazish va qabul qilish Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining buyrugʻi bilan tasdiqlangan, yetti kishidan iborat (komissiya raisi, kotibi va aʼzolari) tarkibdagi doimiy faoliyat koʻrsatuvchi qabul komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Qabul komissiyasining raisi va kotibi nomzodlarni qabul qilish, ularning hujjatlarini rasmiylashtirish va saqlash yuzasidan masʼul shaxslar hisoblanadi.
10. Sport maktabi direktori komissiyaning raisi hisoblanadi. Komissiya raisi etib, sport maktabining tajribali, malakali mutaxassislaridan biri ham tayinlanishi mumkin.
11. Komissiya tarkibiga psixolog, tibbiyot xodimi, Oʻzbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi, shuningdek, boshqa manfaatdor sport tashkilotlari vakillari kiritiladi.
12. Qabul komissiyasi:
sport maktabida oʻqishga kiradigan nomzodlar, ularning ota-onalari va jamoatchilik oʻrtasida sport maktabiga qabul qilish tartibi, shuningdek, sport maktabining faoliyati toʻgʻrisida tushuntirish ishlarini amalga oshiradi;
nomzodlar va ularning ota-onalari uchun maslahatlar berilishini tashkil etadi;
nomzodlarning hujjatlarini qabul qiladi va rasmiylashtiradi;
tanlovni tashkil etadi;
qabul jarayoni yakunlarini umumlashtiradi.
13. Sport maktabiga oʻqishga kirish uchun umumiy jismoniy tayyorgarlik hamda maxsus jismoniy tayyorgarlik boʻyicha tanlovlar nomzodlarning hujjatlari rasmiylashtirilgandan soʻng 10 kun mobaynida oʻtkaziladi.
14. Sport maktabiga oʻqishga kirishga nomzodlarning koʻnikmalari, layoqati, bilimlari 100 balli tizim (eng yuqori ball) boʻyicha baholanadi, shundan 30 ball umumiy jismoniy tayyorgarlikka va 70 ball maxsus jismoniy tayyorgarlikka ajratiladi.
15. Umumiy jismoniy tayyorgarlik boʻyicha tanlov sinovlari mazkur Nizomga 2-ilovaga muvofiq Umumiy jismoniy tayyorgarlik boʻyicha normativlarni bajarish metodikasi asosida, maxsus jismoniy tayyorgarlik boʻyicha tanlov sinovlari esa mazkur Nizomga 3-ilovaga muvofiq Maxsus jismoniy tayyorgarlik boʻyicha normativlarni bajarish metodikasi asosida oʻtkaziladi hamda baholanadi.
16. Sport maktabidagi boʻsh oʻrinlarga tanlovlardan eng yuqori ball toʻplagan nomzodlar ketma-ketlik asosida qabul komissiyasi bayonnomasi asosida qabul qilinadi.
Qabul komissiyasining bayonnomasini kotib rasmiylashtiradi va komissiya raisi hamda aʼzolari tomonidan imzolanadi.
17. Tanlov natijalari qabul komissiyasi tomonidan bayonnoma rasmiylashtirilganidan soʻng bir kun mobaynida eʼlon qilinadi.
18. Sport maktabi direktorining nomzodlarni oʻquvchi-sportchilar safiga qabul qilish toʻgʻrisidagi buyrugʻi bayonnoma rasmiylashtirilganidan soʻng uch kun ichida chiqariladi.
19. Tanlov natijalariga koʻra nomzodlarning oʻtish ballari teng boʻlib qolgan taqdirda, sport musobaqalarida erishgan natijalari yuqori boʻlgan nomzodlar sport maktabiga oʻqishga qabul qilinadi.
4-bob. Tanlov natijalari yuzasidan berilgan murojaatlarni koʻrib chiqish
20. Tanlov natijalari boʻyicha berilgan murojaatlarni koʻrib chiqish uchun sport maktabi direktorining buyrugʻi bilan apellyatsiya komissiyasi tashkil etiladi va kamida 3 kishidan iborat tarkibda tasdiqlanadi.
Apellyatsiya komissiyasi qabul komissiyasi tarkibida boʻlmagan sport maktabi mutaxassislaridan shakllantiriladi.
21. Murojaatlar kelib tushgan paytdan boshlab uch ish kuni ichida apellyatsiya komissiyasi tomonidan koʻrib chiqiladi va tegishli qaror qabul qilinadi. Murojaatni koʻrib chiqish vaqtida murojaat qilgan shaxs apellyatsiya komissiyasi ishida oʻzining iltimosiga asosan ishtirok etishi mumkin.
22. Qabul qilingan qaror natijasi boʻyicha murojaat qilgan shaxsga bir ish kuni ichida apellyatsiya komissiyasi tomonidan yozma ravishda maʼlum qilinadi.
23. Apellyatsiya komissiyasi murojaatni koʻrib chiqish natijalariga koʻra quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
nomzodning shikoyatini qanoatlantirish toʻgʻrisida;
tanlov natijalarini oʻzgarishsiz qoldirish va nomzodning shikoyatini qanoatlantirishni rad qilish toʻgʻrisida
24. Apellyatsiya komissiyasining murojaatni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha qabul qilgan qarori yuzasidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda yuqori turuvchi organga yoki sudga murojaat qilinishi mumkin.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
25. Sport maktabining barcha oʻquvchi-sportchilari oʻquv yili mobaynida har oyda ixtisosi boʻyicha, shuningdek, umumiy va jismoniy tayyorgarlik boʻyicha nazorat sinovlari topshiradilar.
26. Yil mobaynida ixtisosi boʻyicha oʻquv dasturlari talablarini bajarmagan va nazorat sinovlaridan oʻtmagan, ichki tartib-qoidalarni buzgan, tibbiy tekshiruv yoki koʻrik natijalariga asosan sogʻligining holatiga koʻra oʻqishga noloyiq boʻlgan oʻquvchi-sportchilar sport maktabi oʻquvchi-sportchilari safidan chetlatiladi.
27. Sport maktabidan turli sabablarga koʻra oʻquvchi-sportchilar safidan chetlatilganlar oʻrni mazkur Nizomda belgilangan tartibda yil davomida toʻldirilib boriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Sport kurashlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabiga oʻquvchi-sportchilarni qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Sport kurashlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabiga nomzodlarni tanlab olish va oʻqishga qabul qilish
SXEMASI

Bosqichlar

Ijrochilar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Sport maktabi

Tanlov va uni oʻtkazish shartlari toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalari orqali eʼlon beradi

Oʻrinlar boʻshagan kundan boshlab bir oy muddatda

2-bosqich

Sport maktabi qabul komissiyasi

Nomzodlarning hujjatlarini qabul qiladi va rasmiylashtiradi

Belgilangan muddatda

3-bosqich

Sport maktabi qabul komissiyasi

Tanlov sinovlarini oʻtkazadi

Hujjatlar rasmiylashtirilgandan soʻng 10 kun muddatda

4-bosqich

Sport maktabi qabul komissiyasi

Kirish imtihonlarining yakuniy natijalarini eʼlon qiladi

Qabul qilish toʻgʻrisida komissiya bayonnomasi chiqqandan soʻng 1 kun ichida

5-bosqich

Sport maktabi direktori

Nomzodni sport maktabining oʻquvchi-sportchilari safiga qabul qilish toʻgʻrisida buyruq chiqaradi

Qabul qilish toʻgʻrisida komissiya bayonnomasi chiqqanidan soʻng 3 kun ichida

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Sport kurashlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabiga oʻquvchi-sportchilarni qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
Umumiy jismoniy tayyorgarlik boʻyicha normativlarni bajarish
METODIKASI
1. Umumiy jismoniy tayyorgarlik boʻyicha sinovga qoʻyiladigan eng yuqori ball — 30 ballni tashkil qiladi.
2. Umumiy jismoniy tayyorgarlik boʻyicha sinovlarda nomzod mazkur metodikaga ilovada koʻrsatilgan normativlarni bajaradi. Bunda:
100 metrga yugurish — mashq past startda belgilangan chiziqdan “Startga!”, “Diqqat!”, “Yugur!” buyruqlari bilan bajariladi. Mashq “start”dan “marra” chizigʻigacha boʻlgan masofa boʻylab yugurish orqali bajariladi. Ushbu mashq uch urinishda bajariladi va eng yaxshi natija hisobga olinadi. Natija 0,1 soniyagacha aniqlanadi;
1500 metrga yugurish — mashq yuqori startda belgilangan chiziqdan “Startga!”, “Diqqat!”, “Yugur!” buyruqlari bilan bajariladi. Mashq “start”dan “marra” chizigʻigacha boʻlgan masofa boʻylab yugurish orqali bajariladi. Ushbu mashq bir urinishda bajariladi va natija hisobga olinadi. Natija 0,1 soniyagacha aniqlanadi;
“mokisimon” yugurish (3x10 metr) — mashq yuqori startda belgilangan chiziqdan “Startga!”, “Diqqat!”, “Yugur!” buyruqlari bilan oraligi 120 sm boʻlgan ikki tomonidan chizilgan, 10 metr masofali yoʻlakcha ichida yugurish orqali bajariladi. Yugurish jarayonida burilishlarda oyoq uchlari chiziqdan tashqariga chiqmagan holda bajarilgan mashq hisobga olinmaydi. Ushbu mashq uch urinishda bajariladi va eng yaxshi natija hisobga olinadi. Natija 0,1 soniyagacha aniqlanadi;
turnikda tortilish — mashq turnikka ikki qoʻlda toʻgʻri osilib turgan hamda oyoqlar yerga tegmagan holatda, iyak turnik poyasidan oʻtgunga qadar qoʻllarni bukish orqali bajariladi. Mashq bajarish jarayonida oyoqlarni kerish yoki bukish, tanani harakatsiz holatda egish, oyoqlar bilan siltanma harakatlar qilish hamda iyak turnik poyasidan oʻtmagunga qadar tortilish orqali bajarilgan harakatlar hisobga olinmaydi;
arqonga tirmashib chiqish-mashq arqonga tirmashib, oyoqlar yordamisiz qoʻllarda yuqoriga chiqib bajariladi. Mashq jarayonida oyoq yordamida bajarilgan chiqish hisobga olinmaydi. Ushbu mashq besh marta bajariladi va toʻgʻri bajarilgan mashq hisobga olinadi. Mashq bajarib boʻlingandan soʻng yerga (dastlabki holatga) tushiladi va yana bajariladi.
oʻz vazniga teng ogʻirlikdagi shtanga bilan oʻtirib turish — mashq “Boshla!” buyrugʻi bilan bajariladi. Dastlabki holat: oyoqlar yelka kengligida tik turgan holatda, “Boshla!” buyrugʻidan soʻng, belgilangan ogʻirlikdagi shtanga yelkaga olinadi va shu holatda shtanga bilan oʻtirib turiladi. Mashq bajarilgandan soʻng dastlabki holatga qaytiladi.
Umumiy jismoniy tayyorgarlik boʻyicha normativlarni bajarish metodikasiga
ILOVA
Umumiy jismoniy tayyorgarlik boʻyicha
NORMATIVLAR

T/r

Normativlar

Baholash

5 ball

4 ball

3 ball

2 ball

0 ball

1.

100 metrga yugurish

12,5 soniya

12,7 soniya

12,9 soniya

13,1 soniya

13,3 soniya va undan yuqori

2.

1500 metrga yugurish

5,22 daqiqa

5,32 daqiqa

5,42 daqiqa

5,52 daqiqa

6,02 soniya va undan yuqori

3.

“Mokisimon” yugurish (3x10 metr)

6,4 soniya

6,5 soniya

6,6 soniya

6,7 soniya

6,8 soniya va undan yuqori

4.

Turnikda tortilish

18-marta

14-marta

12-marta

10-marta

10-martadan kam

5.

Arqonga tirmashib chiqish

5-marta

4-marta

3-marta

2-marta

2-martadan kam

6.

Uz vazniga teng ogʻirlikdagi shtanga bilan oʻtirib turish

5-marta

4-marta

3-marta

2-marta

2-martadan kam

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Sport kurashlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabiga oʻquvchi-sportchilarni qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA
Maxsus jismoniy tayyorgarlik boʻyicha normativlarni bajarish
METODIKASI
1. Maxsus jismoniy tayyorgarlik boʻyicha sinovga qoʻyiladigan eng yuqori ball — 70 ballni tashkil qiladi.
2. Maxsus jismoniy tayyorgarlik boʻyicha sinovda nomzod mazkur metodikaga ilovada koʻrsatilgan normativlarni bajaradi. Bunda:
a) boshni gilamga tirab aylana yugurish — mashq “koʻprik” holatida boshni kurash gilamiga qoʻyib, bir nuqta boʻylab aylanish orqali bajariladi. Bosh kurash gilamiga qoʻyilib, qoʻllar yordamisiz nuqta boʻylab oʻng yoki chap tomonga aylaniladi. Oʻng yoki chap tomonga aylanish nomzodning xohishiga koʻra tanlanadi.
Natija mashq harakatlarining 30 soniya davomidagi soni va sifat koʻrsatkichlari asosida baholanadi;
b) “koʻprik” holatida qoʻlda aylanish — mashq “koʻprik” holatida qoʻllar bilan kurash gilamiga tayanib, oʻng va chap tomonga oyoq harakatlari bilan aylanish orqali bajariladi. Qoʻllar kurash gilamiga qoʻyilib, tananing qoʻldan boshqa aʼzolari kurash gilamiga tegmagan holda doirasimon shaklda oʻng va chap tomonlarga aylaniladi. Oʻng yoki chap tomonga aylanish nomzodning xohishiga koʻra tanlanadi.
Natija mashq harakatlarining 30 soniya davomidagi soni va sifat koʻrsatkichlari asosida baholanadi;
v) “koʻprik” holatida tik turish — mashq “koʻprik” holatida qoʻllar bilan kurash gilamiga tayanib, muvozanatni saqlagan holda qayta tik turish orqali bajariladi. Mashqni bajarish uchun qoʻllar tepaga koʻtarilgan, oyoqlar yelka kengligida tik turgan holatda oyoqlar tizzadan bukilib, tovonlar kurash gilamiga tayanadi hamda bosh orqaga tashlanadi. Beldan orqa tomonga egilgan holda qoʻllar kurash gilamiga tayanib, “koʻprik” holatiga tushiladi. 2-3 soniya muvozanat ushlab turilgandan soʻng qayta tik turish holatiga qaytiladi.
Natija mashq harakatlarining soni va sifat koʻrsatkichlari asosida baholanadi;
g) “koʻprik” holatida oyoqlarni old va orqaga tashlash — mashq “koʻprik” holatida qoʻllarga tayanib, oyoqlarni old va orqa tomonga tashlash orqali bajariladi. Mashqni bajarish uchun qoʻllar tepaga koʻtarilgan, oyoqlar yelka kengligida tik turgan holatda oyoqlar tizzadan bukilib, tovonlar kurash gilamiga tayanadi hamda bosh orqaga tashlanadi.
Beldan orqa tomonga egilgan holda qoʻllar kurash gilamiga tayanib, “koʻprik” holatiga tushiladi. Qoʻllar kurash gilamiga qoʻyilib, old va orqa tomonga tananing qoʻldan boshqa aʼzolari gilamga tegmagan holda umbaloq oshiladi.
Natija mashq harakatlarining 30 soniya davomidagi soni va sifat koʻrsatkichlari asosida baholanadi;
d) “beldan oshirib tashlash” usulini bajarish — mashq tik turgan holda raqibni oʻng yoki chap yon tomondan (yoki boshidan) ushlagan holda raqibga orqasi bilan buriladi va keyin oldinga egilish yoki oldinga yiqilish hisobiga raqibini gilamga yiqitish orqali bajariladi. Mashqni oʻng yoki chap tomondan boshlab bajarish nomzodning xohishiga koʻra tanlanadi. Natija mashq harakatlarining 30 soniya davomidagi soni va sifat koʻrsatkichlari asosida baholanadi;
3. Maxsus jismoniy tayyorgarlik boʻyicha sinovda nomzod oʻz vazn toifasidagi “raqib” bilan oʻzaro bellashadi.
Bellashuv — nomzodning sport turi (erkin, yunon-rum, ayollar kurashi) boʻyicha musobaqa qoidalariga binoan ikki raqib oʻrtasida 3 daqiqa davomida oʻtkaziladi. Belgilangan vaqt mobaynida koʻproq ball toʻplagan yoki ogohlantirish olmagan yoxud nisbatan kam ogohlantirish olgan nomzod gʻolib hisoblanadi.
Maxsus jismoniy tayyorgarlik boʻyicha normativlarni bajarish metodikasiga
ILOVA
Maxsus jismoniy tayyorgarlik boʻyicha
NORMATIVLAR

T/r

Normativlar

Baholash

1.

Mashqlarni bajarish

25 ball

20 ball

15 ball

0 ball

Boshni gilamga tirab aylana yugurish (30 soniya davomida)

7-marta — 5 ball

6-marta — 4 ball

5-marta — 3 ball

4-0-marta — 0 ball

“Koʻprik” holatida qoʻlda aylanish (30 soniya davomida)

7-marta — 5 ball

6-marta — 4 ball

3-marta — 3 ball

2-0-marta — 0 ball

“Koʻprik” holatida tik turish

7-marta — 5 ball

6-marta — 4 ball

3-marta — 3 ball

2-0-marta — 0 ball

“Koʻprik” holatida oyoqlarni old va orqaga tashlash (30 soniya davomida)

6-marta — 5 ball

5-marta — 4 ball

2-marta — 3 ball

1-0-marta — 0 ball

“Beldan oshirib tashlash” usulini bajarish (30 soniya davomida)

15-16-marta — 5 ball

13-14-marta — 4 ball

11-12-marta — 3 ball

10 — 0-marta — 0 ball

2.

Bellashuv

sof gʻalaba — 45 ball

texnik gʻalaba — 30 ball

ochkolar hisobida gʻalaba — 15 ball

0

Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 11-avgustdagi 356-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Sport kurashlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabi oʻquvchi-sportchilari uchun zarur anjomlar, sport ekipirovkasi va formali kiyim-bosh bilan taʼminlash
NORMATIVLARI

T/r

Anjomlar nomi

Oʻlchov birligi

1 oʻquvchi-sportchi uchun normativ

Foydalanish muddati*

I. Yashash uchun anjomlar

1.

Toʻshak

dona

1

5 yil

2.

Paxta odeyalo

dona

1

3 yil

3.

Jun odeyalo

dona

1

3 yil

4.

Yostiq

dona

1

3 yil

5.

Yopingʻich

dona

1

5 yil

6.

Sochiq

dona

2

1 yil

7.

Yostiq jild

dona

2

1 yil

8.

Choyshab

dona

2

1 yil

9.

Koʻrpa jild

dona

2

1 yil

10.

Kiyim shkafi

dona

1

5 yil

11.

Javoncha

dona

1

5 yil

12.

Karavot

dona

1

5 yil

13.

Stol

dona

1

5 yil

14.

Stul

dona

1

5 yil

15.

Karavotoldi gilamchasi

dona

1

3 yil

16.

Grafin va stakan

toʻplam

1

3 yil

II. Sport ekipirovkasi va formali kiyim-bosh

17.

Kurash trikosi

dona

2

1 yil

18.

Kurash poyabzali

juft

1

1 yil

19.

Sport maykasi

dona

2

1 yil

20.

Sport shortlari

dona

2

1 yil

21.

Mashq qilish uchun sport kostumi

toʻplam

1

2 yil

22.

Vaznni kamaytirish kostumi

toʻplam

1

2 yil

23.

Sport poyabzali

juft

1

1 yil

24.

Shippak

juft

1

1 yil

25.

Sport sumkasi

dona

1

3 yil

26.

Tizzaband

juft

1

1 yil

* Yashash uchun anjomlar, sport ekipirovkasi va formali kiyim-bosh ularning haqiqiy holati va foydalanishga yaroqliligi hisobga olingan holda almashtirilishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 11-avgustdagi 356-son qaroriga
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Sport kurashlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabini jihozlash uchun zarur sport oʻquv-mashq va tibbiyot anjomlari, shuningdek, texnika va transport vositalari
ROʻYXATI*

T/r

Buyumlar nomi

Oʻlchov birligi

Soni

I. Sport oʻquv-mashq anjomlari

1.

Kurash gilami

toʻplam

8

2.

Elektron tarozi

dona

8

3.

Yoʻgʻon arqon

dona

10

4.

Kurash manekeni

dona

18

5.

Mashq shtangasi

dona

4

6.

Gimnastika turnigi

toʻplam

2

7.

Gimnastika bruslari

toʻplam

2

8.

Gimnastika skameykasi

dona

12

9.

Gimnastika stenkasi

dona

9

10.

Futbol toʻpi

dona

10

11.

Basketbol toʻpi

dona

10

12.

Tibbiyot toʻpi (medbol)

dona

10

13.

Hakam hushtagi

dona

10

14.

Ochkolar hisoblagich (qoʻl hisoblagichi)

dona

12

15.

Ogʻirlashtiruvchi jilet

dona

20

16.

Turli ogʻirlikdagi toshlar

dona

9

17.

Elektron qoʻl sekundomeri

dona

15

18.

Sakrash argʻamchisi

dona

15

19.

Rezina espander

dona

30

20.

Kabinet toʻplami

toʻplam

3

21.

Yumshoq mebel toʻplami

toʻplam

4

22.

Ikki javonchali stol

dona

10

23.

Bir javonchali stol

dona

29

24.

Yarim yumshoq yogʻoch stullar

dona

44

25.

Yarim yumshoq metall karkasli stullar

dona

72

26.

Suv ichish anjomlari uchun stol

dona

21

27.

Sinf doskasi

dona

2

28.

Kitob javoni

dona

16

29.

Rahbar kreslosi

dona

3

30.

Ikki seksiyali metall javon

dona

35

31.

Universal stellaj

dona

7

32.

Kompyuter stoli

dona

15

33.

Ikki seksiyali poʻlat sandiq

dona

1

II. Tibbiyot anjomlari

34.

Shiftga qoʻyiladigan bakteritsid nurlatgich

dona

1

35.

Shifokor stoli

dona

2

36.

Tibbiyot shkafi

dona

2

37.

Anjomlar stolchasi

dona

2

38.

Temir seyf

dona

6

39.

Tibbiy kushetka

dona

2

40.

Uqalash kushetkasi

dona

3

41.

Aylanma-koʻtarma stul

dona

2

42.

Yordamchi stol

dona

1

43.

Uzoq muddat dori quyish shtativi

dona

1

44.

Yara bogʻlash stoli

dona

1

45.

Elektrokardiograf

dona

1

46.

Tibbiyot javonchasi

dona

1

47.

Boʻy oʻlchagich

dona

1

48.

Tibbiyot tarozilari

dona

4

49.

Taglik-zinacha

dona

1

III. Elektr maishiy texnikalar

50.

Maishiy sovitgich

dona

6

51.

Sharbat ezgich

dona

1

52.

Mikrotoʻlqinli pech

dona

2

53.

Elektr choynak

dona

2

IV. Texnika vositalari

54.

16 juft abonent uchun mini-ATS

toʻplam

1

55.

“Motorolla” radiostansiyasi

toʻplam

2

56.

Ovozga joʻr boʻladigan apparatlar

toʻplam

1

57.

LCD 32 televizori

dona

8

58.

LCD 40 televizori

dona

4

59.

DVD pleyer

dona

5

60.

Videokamera

dona

3

61.

Fotoapparat

dona

2

62.

Videoproyektor

dona

2

63.

Noutbuk

dona

3

64.

Kompyuter

dona

12

65.

Printer

dona

12

66.

Kseroks

dona

3

67.

Skaner

dona

2

68.

Faks

dona

3

69.

Konditsioner

dona

10

70.

SWITCN NUB tarmoq uskunasi

dona

10

71.

Musiqa eshittirish markazi

dona

4

72.

Kabel

metr

300

73.

Ut oʻchirgich (OP-5)

dona

64

74.

51 mm diametrli oʻt oʻchirish yengi (1,0 MPa)

dona

64

V. Transport vositalari

75.

Yengil avtomobil

dona

2

76.

Avtobus

dona

1

* Oʻzbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi mablagʻlari va homiylik mablagʻlari hisobiga sotib olinadi.
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 11-avgustdagi 356-son qaroriga
4-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 23-sentabrdagi 211-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan sport maktablari toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimcha
quyidagi mazmundagi beshinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Sport kurashlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabi”;
beshinchi — toʻqqizinchi xatboshilar tegishlicha oltinchi — oʻninchi xatboshilar deb hisoblansin.
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 11-avgustdagi 356-son qaroriga
5-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan ayrim qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining sport kurashlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2019-yil 16-yanvardagi 38-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “Kambagʻal va ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga oʻqitish tizimini takomillashtirish hamda mehnat organlari faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 5-apreldagi 183-son qaroriga 6-ilovaning 22-bandi.
3. Vazirlar Mahkamasining “Faoliyatni boshlash yoki tugatish uchun vakolatli organni xabardor qilish tartibi toʻgʻrisidagi yagona nizomni tasdiqlash haqida” 2022-yil 25-fevraldagi 88-son qaroriga 3-ilovaning 20-bandi.
4. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida” 2021-yil 20-apreldagi OʻRQ-682-son qonuni)” 2022-yil 4-apreldagi 153-son qaroriga ilovaning 556-bandi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.08.2023-y., 09/23/356/0619-son; 10.05.2024-y., 09/24/272/0337-son)